Fideldan salom

0
63
marta koʻrilgan.

Xabar keldiki, bobomiz chorlayotganmish. Hammani: oʻgʻillarini, qizlarini, nevara-chevarayu boshqa-boshqalarni. (Biz oxirgisiga kiramiz.) Ikki-uch oydan beri shiftga tikilib yotgan banda boshiga odam toʻpladimi, bilavering, masala hal – rozi-rizolik!

Bemor degandek boʻldigu lekin shu choqqacha boboning boshi yostiqqa tegmagan-da. Huv, ishlab yurgan yillari zavod qoshidagi omonat shifoxonada ikki kungina yotib chiqqani bor. Qovun yoqmay qorni ogʻrib qolgan. Oʻshanda yostigʻi ostidan bir hovuch hapdori topilgan ekan. Ana shunday, u kishi na dorining taʼmini biladi, na shilingan bilagiga “zelyonka” surtib koʻrgan. Ukol desa-ku bir chaqirim nariga qochadi. “Yuzga kirmagan – nomard!” deya chapanichasiga kerilardi chol yaqin-yovuqlariga.

Toʻqsonlarni pisand bilmay hatlagan shu odam bugun endi barchani qoshiga chorlayotir. Parvona boʻlib boshida oʻtirgan mehribon kenjasining (hammani xabarlagan shu) aytishicha, “Dunyosidan zerikib ketdim, qizim! – deganmish yota-yota. – Yetmishdan keyingisining qizigʻi yoʻq ekan oʻzi. (Shu gap farzandga andak botibdi, “Oyingdan keyingi umrning” deyilishini kutgan-da u. Bobomiz esa xiyla errayim: umr masalasiga xotin-xalajni aralashtirgisi kelmaydi.) Men-ku men, ana, Fidelday odam ketdi-ku dunyodan!..”

Bobo yaqinda olamdan oʻtgan Fidel Kastroni nazarda tutgan. “Ozodlik oroli”ning umrzoq dohiysini. Buning tarixi bor, albatta. Bobomizning toʻngʻich oʻgʻli bir vaqtlar harbiy xizmatni oʻsha olis orol tomonlarda oʻtagan. Qism komandirining mashinasini haydagan. Oʻsha kezlar cholu kampir televizorning tagida oʻtirib olgancha xalqaro ahvolga doir diydiyolarni tinglayverib, uncha-muncha jaydari sharhgoʻyga “kisht” deydigan boʻlib qolishgan edi. Aksiga deng, urush-janjal ham, toʻfonu toʻzonlar ham negadir oʻsha orolning tevaragida kechardi. “Vremya”dagi vahimalardan soʻng koʻpincha kampirning qon bosimi koʻtarilib ketar, “adelfan” degich arzandani qidirib qolishar edi.

Ul bezovta orolni gird-atrofdagi nodoʻstlardan muhofaza etib yurgan yillari bir kun Baxtiyorni mashinada qoldirib, polkovnik xoʻjayini allaqaysi muassasaga kirib ketadi. Baxtiyorimiz tushib yoʻl chetida sigara tutatib tursa, bir mahal toʻrtta qora mashina qatorlashib kelib yonginasida toʻxtaydi. Ularning biridan kim tushibdi deng? Topolmaysiz, topolmaymiz – komandante Fidelning shaxsan oʻzi! Shoshib qolgan askar yigit sigarasi choʻgʻini boshmaldogʻi bilan ezib oʻchiradiyu choʻntagiga tiqib, tik qotadi. Otashin inqilobchi hamisha harbiy libosda yurmasmidi, yigitimiz beixtiyor kaftini chakkasiga tirab “salom” beradi. Uch-toʻrt mulozimi qurshovida yaqinlashgan Kastro ham salomga “alik” qilib qoʻyadi va yonidagi havaskor tarjimon orqali sovet soldatidan qayerlik ekanini soʻraydi. Ammo javobdan qoniqmay, “Yoʻq, SSSRning qaysi respublikasidansan?” deydi. “Oʻzbekiston”ni eshitgach, kelib uni ikki kiftidan quchadi-da, soʻng qulochini keng yozib, “A-a, Tashkent, Tashkent! Rashidov!” deydi xushvaqtlik ila. Keyin esa Toshkentga kelganida koʻrgan-bilganini taʼriflay ketadi. Bu tafsilotlar dovdirab turgan Baxtiyorimizning qulogʻiga kirmaydi, albatta. Xizmat muddati qachon bitajagigacha qiziqqan dohiy dabdurustdan “Oilada necha farzandsizlar, otang nima ish qiladi, u necha yoshda?” deya savol yogʻdiradi. Otasining tavallud sanasini aytganida, “O! O!” deb taajjubli xitob qiladi. Maʼlum boʻlishicha, otasi u bilan tengdosh, bir yilda tugʻilgan ekan. Ketar chogʻi komandante yonidagilarning biridan olgan sirtida oʻzining dunyoga mashhur sumbati aks etgan zarhal bogʻichli sigara qutisini Baxtiyorga tutqazarkan, “Otangga salom aytib qoʻy! Albatta!” deydiyu mulozimlarini ergashtirib nariroqdagi bino ortiga oʻtib ketadi.

Kutilmagan bu uchrashuvdan taxta boʻlib qolgan Baxtiyor xoʻjayini oldiga kelganini ham sezmaydi.

Chap choʻntagining choʻgʻdan oʻyilgan teshigini-ku amal-taqal koʻklab oldi, biroq kuygan boshmaldogʻi necha kun jizillab azob berdi. Polkovnikniki bulardan oshib tushdi, necha kun tergab yurdi: u nima deb soʻradi, sen nima deb javob berding?

Shu-shu, bobomiz Fidel Kastroga tengdoshgina emas, baayni safdosh boʻldi-qoldi. Uncha-muncha omiroq odam duch kelganida, “Anuv Kubaning podshosi bor-ku, soqolli, zoʻr, oʻsha bilan bir kunda (“bir yilda”si qolib) tugʻilganmiz! – deya shishinib ketardi. – Bizga salom ham yuborib turadi. Ishonmasangiz, ana, Baxtidan soʻrang”. Shu gap bilan yoʻq guvohni topmoqchidek yon-veriga qidirinib ham qarardi.

Bir safar yoʻqlab borsak, ozib-toʻzib qoq suyakka aylangan bemorimiz boshyalang, yoqasiz yengil oq koʻylakda xuddi anovi jonsaraki jahon Mahatma Gandiga oʻxshab oʻtirgan ekan. Aytmoqchi boʻldigu telba oʻqqa uchib qurbon boʻlgan tagʻin bir dohiy qiyofadoshini eslatib, keksa kishining koʻnglini buzgimiz kelmadi.

Xudoligʻini aytganda, chol yomon yashamadi. Oʻsha koʻpirma qon bosimlari kasriga kampiri andak barvaqt qaytish qilganini aytmasa, oʻgʻillar joy-joyida, qizlar joy-joyida. Beshalovidan toʻrtovi allaqachon nafaqa yoshiga yetgan. Ammo koʻtarasavdoni xush koʻradigan bobomiz hali oltmishdan beriroqdagi kenjasini ham qoʻshib, “Beshalasiyam pensioner!” deb yuboraverardi tap tortmay.

Umuman, u kishining maqtovga suyagi yoʻqroq edi. Baobroʻ bir zavodning tomir-tomirlaridan sanalib topgan izzat-eʼtibori kamlik qilib qolarmidi, goh “yoʻldan qoʻshilgan” tengdoshi Fidelning nomini tutib, goh toʻqson yashar moʻysafid, qoʻlida kapgir, nevara-chevaralariga palov yasab berib, evaziga maqtov kutib oʻtirar edi. Nevaralardan birortasi soʻroqsiz Toʻytepaga borib kelganini eshitsa bormi, “Nega buvasidan duo olmay ketadi!” deya besh kun gʻalva qiladigan izzattalab odam tantilikka qolganda tanti, mardlik desangiz chin mard edi. Farzandlar ardogʻida taltayib, yiqqan-terganini duch kelgan joyda sarflab yuboraverardi. Yaqin-atrofda qurdoshi qolmagan, machitga qatnab orttirgan yosh-yalang bilan bab-baravar ulfatchilik qilar, ular bir bor choʻntak kavlaganda cholning hamyoni doim oʻrtada edi. “Zoʻrsiz, otaxon!” deyilsa bas!

Ana shunday davru davron surib yurgan kishi dunyoning narigi burjidagi dohiy tengdoshining abadiyatga qulaganini eshitdiyu dabdurustdan koʻrpa-toʻshak qilib yotib oldi. Yuzni koʻzlab yurgan pirimard! “Ha, qanday burga chaqdi, otaxon?” degudek boʻlsangiz, javobi tayyor: “Fidelday odamki!..”

Chorlangan barcha: oʻgʻillar, qizlar, nevara-chevarayu boshqalar (shu jumladan biz ham) qatorlashib rozi-rizolik marosimiga bordik. Tabiiyki, bunday chogʻda hamma gʻamgin, motamsaro, har holatga tayyor, kiyim-bosh ham shunga mos siporoq – aytib boʻladimi?! Tabiiyki, bunday chogʻda odamning xayoliga bir xil manzara keladi: hovli tumonat, yigʻi-sigʻi…

Kirib borsak – hammayoq suv quygandek jimjit, kimsa koʻrinmaydi. Bunisi battar vahimali tuyular ekan. Haytovur, toʻrdagi imoratdan bemorning boshida oʻtirgan peshonabogʻli mehribon qiz chiqib keldi. Biz bilan xijolatomuz iljayib koʻrishdi.

Iya, nega tinchlik?

Bobomiz haligina machitga chiqib ketganmish!

Mehribonning aytishicha, rozi-rizolikning kattarogʻini olmoq boʻlibmi, hammadan avval toʻngʻich oʻgʻil Baxtiyor kelibdi. Otaning ogʻzidan hamishagi “Fidelday odamki…” degan gap chiqishi bilan dafʼatan boshmaldogʻi choʻqqa tekkandek, lovullab ketibdi u.

“Dada! – deganmish. – Fidel, Fidel deysiz, uni siz emas, men koʻrganman-ku! Fideldan salomni men olib kelganman-ku sizga! Fidel oʻlgan boʻlsa oʻlgandir. U axir inqilob qildi, xalqini ozodlikka olib chiqdi, hammangni baxtli qilaman deb laqillatib ellik yil qimirlamay taxtda oʻtirdi! Oqibati mana – xalqi qaqshab, qashshoqlikda yotibdi! Shuncha savdodan keyin oʻlmay nima qilsin odam?! Lekin sizga nima ekan?!”

Chol yotgan joyida bir nafas unga tikilib qarabdi-da, “He, pad-daringga!..” deya asta toʻshagidan qoʻzgʻalibdi, devordagi qizi dazmollab qoʻygan ohorli yaktakni egniga ilib, chiqib ketibdi. Baxtiyor izidan poylab borsa, machitga kirib ketganmish…

Shundan soʻng bobomiz tagʻin ikki yil sogʻ-omon yurdi.

“Anuv kasofat sersoqol yana uch-toʻrt yil turib berganida dadam aniq yuzga kirardilar-a!” deb qoʻyadi Baxtiyor gohida oʻkinib.

 

Erkin AʼZAM

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.