Yevropa qudratini oʻzimizga koʻchirdik

0
145
marta koʻrilgan.

Tokio OSAHIRO

 

Meni hukumat ilmiy mexanika sirlarini oʻrganib qaytishim uchun Germaniyaning Gamburg universitetiga yubordi.

Men u yerga oʻzimni shu paytgacha bir zum tark etmagan, ruhim, aqlim, qulogʻim, koʻzim va butun borligʻimga oʻrnashib ketgan azaliy orzum bilan yoʻl oldim. U ham boʻlsa, kichikkina boʻlsa-da, dvigatel yasash orzusi edi…

Har bir sanoatning bitta asosiy qoidasi boʻlishini, boshqacha qilib aytganda, modeli borligini bilardim. Demak, oʻsha modelni yasashni oʻrganib olsangiz, bu shu sanoat sirini bilish uchun tashlangan eng muhim qadamdir.

Ustozlarim meni zavod yoki amaliyot xonasiga olib borish oʻrniga doim oʻqib-oʻrganishim uchun kitoblar beraverishardi. Men esa oʻsha kitoblarni oʻqib, mexanika nazariyasini toʻliq oʻzlashtirib oldim. Lekin (qanday kuchga egaligidan qatʼi nazar) biron bir dvigatel qarshisiga borib qolsam, chiroyli, biroq oʻynash qiyin boʻlgan murakkab oʻyinchoqni qoʻliga olgancha, nima qilarini bilmay, hayron qolgan bolakayday hangu mang boʻlib qolaverardim. Men dvigatelni quchoqlab u bilan hazillashishni, ichki qismlarini qoʻlga olib, silab-siypalashni, u bilan gaplashishni, uni toʻyib-toʻyib hidlab, moyi bilan kiyim va qoʻllarimni boʻyashni shunchalar xohlardimki!.. Lekin bularning bari orzuligicha qolib ketaverardi. Bular menga kun sayin tinchlik bermay qoʻygan, tamomila oromimni oʻgʻirlagan barhayot orzular edi…

Kunlarning birida Italiyada ishlab chiqarilgan dvigatellar koʻrgazmasi boʻlishi haqida eshitib qoldim. Hali oyning boshi, stipendiyamni ishlatmagandim. Koʻrgazmani aylanar ekanman, ikki ot kuchiga ega boʻlgan dvigatelni koʻrib qoldim. Narxi mening bir oylik stipendiyamga teng ekan. Pulimni choʻntakdan chiqarib sotuvchiga berdim-da, quvonchim ichimga sigʻmay, dvigatelni koʻtargancha xonam tomon yoʻl oldim. U juda ogʻir boʻlishiga qaramay, men yoʻlda umuman charchoqni his qilmadim. Nihoyat, xonamga kelib, uni oʻrtadagi stol ustiga avaylab qoʻydim-da, goʻyo qimmatbaho toshlardan yasalgan tojga termulganday unga suqlanib qaradim. Keyin oʻzimga-oʻzim “Mana Yevropa kuch-qudratining siri!” deb qoʻydim. Agar men ham xuddi shunday dvigatel yasay olsam, Yaponiyaning taraqqiyot yoʻlini tamomila oʻzgartirib yuborgan boʻlardim…

Xayolimga bu dvigatel otning taqasiga oʻxshagan va gʻildiraksimon magnitli turli shakl hamda xususiyatga ega boʻlgan bir qancha ehtiyot qismlar va simlardan iborat degan fikr keldi. Agar shu ehtiyot qismlarni yechib olib, keyin qanday yechgan boʻlsam, shunday qayta yigʻa olsam va yana u oldingiday ishlasa, men modelni tushunish yoʻlida juda muhim ishni amalga oshirgan boʻlaman, deb oʻyladim.

Oʻzimda mavjud kitoblar ichidan aynan dvigatel rasmi tushirilgan betlarni qidirib topdim. Oldimga koʻpgina oq qogʻozlar va ish qurollarimni olib kelib qoʻydim-da, soʻng jiddiy ishga kirishdim. Dvigatel ustidagi himoya qismini yechgach, uning umumiy koʻrinishini chizib oldim. Keyin asta-sekin boshqa ehtiyot qismlarni yecha boshladim. Har bir yechilgan boʻlakni eʼtibor bilan qogʻozga chizib, raqamlab bordim. Barcha qismlar yechib boʻlingach, oʻzim chizgan rasmlar va belgilangan raqamlar asosida qayta yigʻishni boshladim. Nihoyat ish bitdi.

Shu payt biroz ikkilangancha jim turib qoldim. “Ishim muvaffaqiyatli chiqdimikan? Endi u qayta ishlarmikan?” kabi oʻy-xayollar meni qurshab oldi. Birozdan keyin hamma shubha-gumonlarimni bir chetga surib, dvigatelni oʻt oldirdim. Uning gurullagan ovozini eshitganim hamonoq, yuragim sevinchdan toʻxtab qolayozdi… Uch kun davom etgan bu amaliyot asnosida kuniga bittadan non yedim, ishga kuch yigʻish uchungina biroz uxladim.

Bu xabarni guruh rahbarimizga yetkazdim. U “Zoʻr-ku, unday boʻlsa, biz seni sinash uchun ishdan chiqqan dvigatel beramiz. Sen esa uning buzuq joyini aniqlab, tuzatib, qayta ishga tushirishing kerak boʻladi”, – dedi.

Bu galgi amaliyot oʻn kunga choʻzildi. Ish jarayonida nuqsonli oʻrinlarni topishga muvaffaq boʻldim. Motorning uchta detali yemirilib ishdan chiqqan ekan. Ushbu detallarni bolgʻa va egov yordamida oʻz qoʻlim bilan yasab, joyiga oʻrnatdim. Bu lahzalar hayotimning eng baxtiyor onlari edi! Mening dvigatel bilan yonma-yon, yuzma-yuz birga boʻlganim uni qayta ishga tushirish uchun sarflagan bor zahmat va mashaqqatlarimni unuttirdi. Unga boʻlgan yaqinlik och va tashnaligimni esdan chiqardi. Vaholanki, oʻsha kunlari ham birgina non yeb, birozgina uxlab kun kechirgandim.

Nihoyat oʻn kunlik mashaqqatli mehnatdan soʻng hal qiluvchi imtihon onlari ham keldi. Uni yurgizish uchun qoʻlimni uzatar ekanman, shu qadar tashvish va iztirobga tushdimki!.. “Ishqilib, ishlarmikan? Oʻzim yasagan detallar pand berib qoʻysa-ya!” kabi xayollar domida qoldim. Uning ishlay boshlaganini eshitganimdagi quvonchu baxtiyorligimni bilsangiz edi!.. Men uddaladim! Muvaffaqiyat qozondim!

Keyin guruh rahbarimiz “Endi dvigatelning barcha ehtiyot qismlarini oʻzing yasab, qaytadan yigʻasan”, – deya topshiriq berdi.

Topshiriqni bajarish uchun temir, mis va alyuminiy quyuvchi zavodda ishlashimga toʻgʻri keldi. Nemis ustozlarim xohlaganiday doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash oʻrniga, koʻk xalat kiyib maʼdan quyuvchi chilangarga shogird tushib ishlay boshladim. Goʻyo u katta boshliqday buyruq berar, men esa soʻzsiz itoat qilardim. Samuraylar oilasidan boʻlishimga qaramay, hatto u ovqatlanayotganda ham xizmatini qilardim. Samuraylar oilasi Yaponiyadagi eng sharafli, nasl-nasabli oilalardan hisoblanadi. Men esa bu ishim bilan Yaponiyaga xizmat qilardim. Vatan uchun har qanday ogʻir ish yengil tuyulardi.

Mana shunday ilmiy izlanish va amaliy mashgʻulotlar bilan sakkiz yilni oʻtkazdim. Kunduzlari oʻn-oʻn besh soatlab ishlar, kechasi esa poyloqchilikka navbatda turardim. Tuni bilan oʻzim oʻrgangan barcha sanoatga tegishli qoidalarni takrorlab chiqardim.

Yaponiya imperatori Mikado bu ishimdan xabar topib, menga oʻzining shaxsiy mulkidan besh ming ingliz tillo tangasini yubordi. Men bu pullarga dvigatel ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan barcha dastgoh va uskunalarni sotib oldim. Yaponiyaga joʻnash oldidan pullar tugab boʻlgandi. Men oʻz maoshim va shu oʻtgan yillar davomida yiqqan pullarimni qoʻshib yoʻl haqiga toʻladim.

Nagasakiga yetib borganimizda Mikado men bilan koʻrishmoqchi ekanini aytishdi. Men esa “Hali u bilan uchrashishga arzigulik hech ish qilganim yoʻq. Zavodni ishga tushirsamgina u bilan koʻrishaman”, dedim. Bunga toʻqqiz yil vaqt ketdi… Betinim mehnat va mashaqqat bilan oʻtgan toʻqqiz yil…

Kunlarning birida men oʻz yordamchim bilan Yaponiyada ishlab chiqarilgan oʻnta dvigatelni saroyga olib bordim. Yaqindagina biz uchun qurib bitkazilgan zalning oʻrtasiga ularni joylashtirib, yurgizib qoʻydik va Mikadoning kirishini kuta boshladik. U kirgach, unga taʼzim qildik. Imperator tabassum qilgancha: “Toʻla-toʻkis Yaponiyada ishlangan dvigatellar ovozi, bu men hayotimda eshitgan eng yoqimli musiqa”, – dedi.

Shunday qilib, biz oʻz modelimizga ega boʻldik. Bu Gʻarb kuch-qudratining siri edi. Biz uni Yaponiyaga koʻchirdik. Ha-ha, Yevropaning qudratini Yaponiyaga, Yaponiyani esa Gʻarbga koʻchirdik.

Ushbu baxtli voqeadan soʻng uyga borib oʻn soat uxladim… Bu oʻn besh yildan beri ilk bor shuncha vaqt uxlashim edi…

 

Maʼrufjon NISHONOV

tarjimasi

 

“Oila davrasida”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.