Yetim uy

0
294
marta koʻrilgan.

Yangi uchastkani qabul qilib olgan kunimning ertasi edi. Ishni nimadan boshlashni bilmay, aslida bilaman, axir shu sohada suyagim qotgan, ammo nima uchundir koʻnglimni allaqanday gʻashlik, dilgirlik, kimdandir, nimadandir norozilik tuygʻusi qamrab olganidan, qoʻlim ishga bormay, bitta-yarim bexosdan eshikdan bosh suqquday boʻlsa, oʻzimni band odamday koʻrsatish uchun atrofimga kerak-nokerak hujjatlarni sochib qoʻyib, stolga tirsaklarimni tiragancha oʻyga choʻmib oʻtirganimda telefon jiringladi.

– Alo, eshitaman.

– Uchastkavoymisiz? – ayol kishining boʻgʻiq, shangʻi ovozi eshitildi.

– Ha.

– Yangi uchastkavoymisiz?!

– Ha, gapiring. Eshitaman.

– Men 76-domdan telefon qilyapman. Iloji boʻlsa, bir kelib ketsangiz.

– Tinchlikmi, nima gap?!

– Yonimizdagi domda…

– Nechanchi dom?!

– 78-dom atrofida necha kundan buyon allaqanday erkak aylanib yuribdi… Menimcha, birinchi kvartiradagi yangi qoʻshninikiga kelgan! Bolalarimizni koʻchaga oʻynagani chiqarishgayam qoʻrqyapmiz. Odam bilib boʻladimi!.. Agar Siz fuqarolarning tinchligini qoʻriqlaydigan nozir boʻlsangiz, kelib holimizdan xabar olsangiz yaxshi boʻlardi! Yoki avvalgi uchastkavoyimizga oʻxshab…

Ayol mendan oldin ishlagan sobiq nozir shaʼniga ancha-muncha hamiyatga tegadigan gaplarni gapirdi. Tushunarli, ishdan ketgan odamning ortidan har doim ham yaxshi gap aytilavermaydi. Koʻp yillardan buyon nozirlik ishlarida ishlab kelayotganim uchun bunday gap-soʻzlaru mojarolarga koʻnikib ketganman. Mayli-da!..

– Xotirjam boʻling, bu ishning tagiga yetaman.

– Hoziroq yetib kelsangiz yaxshi boʻlardi. Chunki oʻsha podʼyezdga hozirgina oʻsha kishi kirib ketdi! Oʻlay agar, oʻz koʻzim bilan koʻrdim…

78-uyda yashovchi fuqarolarning kerakli hujjatlarini qoʻlga olib, shoshilinch koʻz yugurtirdim, birinchi kvartirada ayol kishi roʻyxatda turibdi: Muslimova Raʼno Qodirovna.

Zudlik bilan papkamni qoʻltiqlagancha xonadan chiqdim.

 

***

Mana, yetmish sakkizinchi uy. Ikki tomonidan burama moshina yoʻli kesib oʻtgani uchun boshqa uylardan alohida ajralib qolgan yetim uy…

Qiziq, uylar ham bir-biriga oʻxsharkan, degan gʻalati fikr xayolimdan oʻtdi. Chunki ancha yillar oldin xuddi shunday uyda yashagandim-da. Faqat shaharning narigi chekkasida. Biz yashagan uy ham ikki tomonidan burama moshina yoʻli kesib oʻtgani uchun qoʻshni uylardan ajralib qolgan, besh qavatli, ikki xonaligu bir xonalik kvartiralardan iborat, lekin yaqinda qurib bitirilgani uchunmi, yangi va koʻrimli edi. Devorlari silliq, boʻyoqlari yarqirardi. Ayniqsa, kechki paytlar botayotgan quyoshning olovrang shuʼlalari uyning yon devorlarida jilva qilganida bir boshqacha fayzli koʻrinardi. Bu uy esa xuddi egalari tashlab ketganday ancha gʻarib va qarovsiz edi. Oʻsha paytlari qoʻshni boʻlgan tanishlarimiz beixtiyor esimga tushdi: er-xotin oʻqituvchilar Mahbuba bilan Mirsaid… Ikki oʻgʻli bor beva mantipaz Maryam opoqi… Sohibjamol Raʼno… Borya aka bilan Lyuda opa…

Kasbimizga xos sovuqqonlik mening ham tabiatimni chetlab oʻtmagan boʻlsa-da, “peshona”siga qizil rangda yozilgan “78” raqami ancha uniqib qolgan “dom” hovlisida turarkanman, negadir yuragim toʻliqdi.

Bir mahal yoʻlning narigi tomonidagi uydan ellik besh-oltmish yoshlar chamasi lorsillagan ayol chiqib, goʻyoki oʻz ishi bilan ketayotgan odamday yonimdan oʻtarkan, oʻng tomondagi balkon derazasiga ishora qildi-yu, shipillagancha oʻz yoʻlida davom etdi.

Ayol koʻrsatgan derazaga qarab, bir vaqtlar oʻzimizning yetim uyning birinchi qavatida yashagan Raʼnoni – yanglishmadim, shekilli, uning ismi Raʼno edi-yov, e, nima farqi bor, Raʼnomi, boshqami, muhimi, u juda goʻzal edi, chiroyli narsalarga esa qanday nom berilmasin, baribir goʻzal boʻlib qolaveradi – qoʻshni juvonni esladim.

Toʻgʻrisini aytsam, birinchi marta uni koʻrganimda hayratdan oʻzimga kelolmaganman. Lekin keyin yoqtirmay qoldim. Koʻcha-koʻyda, ayniqsa, qoʻni-qoʻshnilar oldida oʻzini xokisor, koʻngli ochiq ayol sifatida koʻrsatgani bilan axloq masalasida unchalik toza emasdi, shekilli. Hamisha tartib-qoidani, pokizalikni hamma narsadan ustun qoʻyuvchi nozirlar sulolasining vakili boʻlganim uchun ham uni jinim suymagan boʻlsa kerak, deb oʻylayman. Yanayam, kim bilsin… Lekin xotinimning unga havasi kelardi: “Yakka oʻzi ikki xonali hay-hot-day uyda yashaydi-ya… Ijarada boʻlsayam!”. Gapirsa gapiribdi-da, birovlar hayoti xotinlar uchun hamisha jannat boʻlib koʻrinaveradi, deb oʻylasam ham, xotinimning qandaydir ayolning turish-turmushiga havas qilishi negadir gʻashimga tegardi, shuning uchun: “Qaydan bilasan, balki oʻsha xotinning senga havasi kelar, bir xonali boʻlsayam, oʻz uyimiz. Allaqanday ijaraxona emas!” deya uzib olardim har safar.

Balki gap na sulolada, na xotinimning unga havasi kelganida emasdir… Nima desam ekan… Nafsilamrni aytganda, oʻsha Raʼnoning chiroyli yuz-koʻzlariga sinchiklab tikilgan odamni bir narsa hayratgami, taajjubgami solardi-da. Bu nima edi? Ochigʻi, bilmayman. Muloyim kibrmi yoki nafratmi… balki oʻz hayotidan norozilikmi… bilmayman, bilmayman… Balki menga duch kelganida uning yuz-koʻzlariga shunaqa ifoda balqir? Axir, bizning ishimizning kimlargadir noxushlik, notinchlik keltiradigan tomonlariyam bor-da!

U vaqtlarda oʻsha uy joylashgan mavze menga qarashli emasdi, lekin yosh va qiziqqon, buning ustiga, oʻz kasbimni yaxshi koʻrganimdan, har ehtimolga qarshi (xizmat yuzasidan deganday!), bilib qoʻysam yomon boʻlmasdi, degan fikrda qoʻshnilarimizning deyarli hammasi haqida ancha-muncha narsalardan xabardor edim. Raʼno haqida-ku allaqachon koʻp narsalarni bilib olgandim.

Aytgancha, birinchi marta uni uyimiz muyulishida uchratganman. Oʻsha kuni odatdagiday uydan vaqtli chiqqandim. Kutilmaganda qarshimdan chiqib qoldi. Menga koʻzi tushdi-yu, birdan yurishdan toʻxtadi, surma tortilgan qiyiq koʻzlari bir lahza bezovtalik bilan boqdi, keyin yerga qaragancha turib qoldi. Kulcha yuzi oppoq, boʻynida pushtirang shohi durracha yengil hilpirayotgan, kamsuqum, xushbichim, sohibjamol!

Biz kumushrang tong pallasi gap-soʻzsiz, yoʻl oʻrtasida turardik. Na u bir soʻz dedi, na men… Yonginamizdan birinchi avtobusning shuvillab oʻtishi va axlat chelagini boʻshatgani chiqqan Maryam opoqining oʻtkir nigohi ikkalamizni ham hushyor torttirdi. Biz mum tishlagancha oʻz yoʻlimizdan ketdik.

Keyingi safar uni teatrda koʻrib qoldim.

Oʻsha vaqtlarda rosa shov-shuv boʻlgan tarixiy spektakl namoyishi oʻtayotgan edi. Tomoshabinlar suvday oqib kelayotgan, teatr xodimlari azbaroyi tinchlikni saqlash maqsadida bizlardan koʻmak soʻragan, shuning uchun men bilan oʻrtogʻim qoʻshimcha kuch sifatida navbatchilikka yuborilgandik. Oʻrtogʻim bundan norozi edi. U teatrni ham, tomoshalarni ham yoqtirmasdi. Menda esa aksincha. Nafosat va sanʼat hamisha qalbimni rom qilib kelgan. Ayniqsa, yerni qarsillatib tepib, raqsga tushish jonu-dilim edi. Uylanmasimdan oldin xonamga qamalib olib, shoʻx musiqaga xumordan chiqquncha raqsga tushgan vaqtlarim boʻlgan…

Chetda turgancha zalni kuzatarkanman, lojalardan birida oʻtirgan Raʼnoni koʻrib qoldim. Egnida boʻgʻma yoqali koʻylak, jajji, pushtirang quloqlarida tilla baldoqlar yaltiraydi. Yonida elliklarga borgan, sochlari oppoq, ammo oʻta bashang kiyingan savlatli kishi u tomon xiyol engashib bir nimalarni shivirlar, gap orasida Raʼnoning yelkasi uzra mavjlangan sochlarini silab qoʻyardi. Bu hol bir zumda Raʼnoning tasavvurimdagi nurli siymosini chilparchin qilib, siniqlarini har tomonga sochib yuborgandek boʻldi. Ijirgʻanib aftimni burishtirdim. Oʻshanda ilk bor ich-ichimdan kuchli bir narsa koʻtarildi: Tangri taolo goʻzallikni yaratishdan oldin unga faqat va faqat yaxshilik hamda poklik ramzi boʻlsin, deya hukmi ilohiy eʼlon qilmagan ekan-da!

Ammo-lekin xayolan “oqsoch”ning gardaniga rosa musht tushirdim!

Shu vaqt orkestr mumtoz bir kuyni chala boshladi-yu, men uchun hamma narsa oʻz oʻrnidan qoʻzgʻalib, havoda muallaq qolganday boʻldi. Hamma-hammasini – xizmatda ekanligimni ham, Raʼnoni ham unutdim.

Spektakl yarimlaganda bexosdan oʻzimga kelib, atrofimga hushyor nazar tashladim. Axir, men bu yerga tekin tomosha koʻrish uchun yuborilmaganman-ku!

Bir zum ichida nigohim butun zalni qamrab oldi. Va… Raʼnoda toʻxtadi. U haliyam oʻsha “oqsoch”ning yonida, toʻgʻrirogʻi, undan oʻzini tortibroq oʻtirardi.

Tomosha tugab, odamlar zaldan chiqa boshlaganlarida Raʼno “oqsoch”ni qoʻltiqlagancha issiq oqim aro yonimdan sirgʻalib oʻtib ketdi Nazarimda, u meni koʻrdi, tanidi ham, lekin tanimaganga, koʻrmaganga oldi. Birdan ichimda nimadir lovullab ketdi. Nafrat bilan jinoyatchiga qaraganday ortidan qattiq tikilib qoldim.

Ertasi kuni qoʻngʻiroq qilib hamkasb nozirni hushyorlikka chorlab qoʻydim. Axir, bilib boʻladimi, bunaqa ayollar yashaydigan xonadonlarda nimalar yuz berishini!

Hamkasb nozir – qirq beshlarga borgan, semizligidan hamma yogʻini yogʻ bosgan kishi – sergak tortish oʻrniga pixillab kuldi, keyin palagʻda ovozda dedi:

– U ayol nozik odamlardan biriga tegishli, tilingizga ehtiyot boʻling! Lekin “qizaloq” chakkimas-a!

“Toʻnka!”

 

***

Podʼyezdga kirib, u yerda hech kim yoʻqligini koʻrgach, qoramtir qizgʻish dermatin qoplangan eshik qoʻngʻirogʻini chaldim. Keyin yana ikki marta… Ammo hech kim eshikni ochmadi.

Podʼyezd tugul, uyda ham hech kim yoʻq-ku, degan xayolga bordim.

Qoʻni-qoʻshnilardan soʻrab-surishtirishga haqqim bor, ammo qaysarlik va jahl bilan tashqariga chiqib, birinchi qavatning balkoni ostidagi beton supaga borib oʻtirdim.

Atrofga zingil soldim. Hovli kimsasiz, zerikarli, atrofda bolalar maydonchalari va qoʻqqaygan domlaru daraxtlardan boshqa hech narsa yoʻq. Anavi yerda oʻrindiq qoʻqqayib turibdi, lekin butun joyi yoʻq, bir tomonga qiyshayib qolgan. Na bir doʻkon, na bozor-oʻchar bor. Hatto pistachilaram yoʻgʻ-a! Shunaqa xudo urgan joy ham boʻladimi?! Avvalgi ishxonam bu yerdan ming marta yaxshiroq edi. Otchopar atrofidagi, odam ham, savdo-sotiq ham gavjum mavzeda ishlash boshqacha-da. Toʻgʻri, unaqa joylarda hamma ham ishlayvermaydi. Nafaqat ishni, balki odamlarni ham yaxshi biladigan, iloji boricha hech kimni, hatto mushukning ham hasadini keltirmaydigan puxta nozir boʻlmasa, u yerlarda tartib-qoidani ushlab turish qiyin. Oʻzi, toʻrt-besh yildan keyin nafaqaga chiqaman deb turgandim, nega birdan bu yoqqa yuborishdi, hayronman?! Oddiy nozirning bir mavzedan boshqasiga oʻtishi koʻpchilikning diqqat-eʼtiborini tortmasligi mumkin, ammo oʻsha nozirning oʻzini ming turli oʻy-xayollar ilon-chayon boʻlib chaqishi turgan gap!

“Anavi, mendan oldingi nozir qay goʻrdagi saunaga borgan ekan? Har qalay, begona mavzega bosh suqmagandir? U shoʻring qurgʻurning taqdiri ne kechadi endi? Umr boʻyi tartib-qoida sohasida ishlagan odam boshqa joyda ishlay olarmikin? Umuman, boshqa joyda uni qanday qabul qilishadi? – deya xayolimdan oʻtkazdim. Keyin betoqatlik bilan yana oʻzim haqimda oʻyladim: – Odatda, bunaqa mavzelarga yoshlarni yuborishardi. Men ancha-muncha xizmat qilib qoʻygan odam boʻlsam. Obroʻyim ham yomon emasdi… Nega…”

Tavba, anavi soʻlgʻin qaragʻayning kimga keragi bor ekan? Kesib tashlashsa boʻlmaydimi?! – beton ariqcha boʻyida bir tomonga qiyshaygan daraxt negadir koʻzimga shumshuk koʻrindi. Esimda, besh yashar oʻgʻlim yangi yil arafasida archa olib keling deb xarxasha qilganida, uyimiz yonidagi mana shunga oʻxshash qaragʻayning bir shoxini sindirib olib borgandim…

Xoʻp, alomat tentak boʻlgan ekanman-da!

Bir mahal nimadir taraqlagandek boʻldi. Deraza ochildimi, deb oʻylab ortimga qaradim. Yoʻq, deraza boz-boyagiday berk edi. Ichkarida odam bor, shekilli, degan shubhaga borib, oʻrnimdan turdim, avval oʻng tomondan, keyin chap tomondan aylanib, atrofni kuzatdim. Hech kim yoʻq. Kutishga qaror qildim. Balki kimdir ayyorlik qilayotgandir.

Xayolim yana Raʼnoga koʻchdi.

***

Qish oqshomi edi. Kechki ovqatdan keyin oyoqni uzatib hordiq olayotgandim, kutilmaganda pastki qavatdagi xonadonlardan birida shovqin-suron eshitildi. Qichqirib uyni boshiga koʻtarayotgan ayol kishi edi: “Keting! Hoziroq chiqib keting! Sizsiz ham yashay olaman. Agar ketmasangiz, oʻzimni derazadan tashlayman!”. Oʻrnimdan sakrab turgan edim, xotinim yoʻlimni toʻsdi.

– Aralashmang, baribir derazadan oʻzini tashlamaydi, – dedi u meni hayron qoldirarli vazminlik bilan. – Birinchi qavat-ku…

– Raʼnomi? – dedim ovozim boʻgʻilib. – Nimadir boʻlgan, shekilli…

– Shekilli emas, allaqachon boʻlar ish boʻlib boʻlgan! – dedi xotinim endi andak zarda bilan. – Har doim uyiga kep turadigan kishi Raʼnoni oʻlguday yaxshi koʻradi!..

– Yaxshi koʻrsa, uylansin! – deb yubordim beixtiyor.

– Xotinim negadir xoʻrsinib qoʻydi, keyin davom etdi:

– Raʼno ham shuni istaydi, ammo xushtori negadir bu majburiyatni boʻyniga olgisi kelmaydi. Lekin, – xotinim qizishib ketdi. – Raʼnoni ham oʻz holiga qoʻymaydi. Mana shunaqa urush-janjallardan keyin ikki oylab yoʻq boʻlib ketadi-da, yana paydo boʻlib qolaveradi.

– Haydab solsa boʻlmaydimi? – ovozim past chiqdi, oʻzim zoʻrgʻa eshitdim, lekin xotinim yaxshi anglagandi.

Menimcha, Raʼno unga oʻrganib qolgan.

“Har doim uyiga kep turadigan kishi Raʼnoni oʻlguday yaxshi koʻradi”mish. Raʼno-chi? Raʼno uni yaxshi koʻradimi-yoʻqmi? Mana bugun urishib qolishdi. Endi oqsoch ikki oy, balki undan ham koʻproq qorasini koʻrsatmaydi. Oʻzicha arazlaydi, goʻyo sensiz ham yashay olaman, deganday, kim bilsin, balki chindan ham Raʼnoni koʻrgisi kelmayotganiga, yoshi bir joyga borib qolganida yoʻldan ozganiga oʻzini oʻzi ishontirmoqchi boʻlib vaqt oʻtkazar, buyam aslida uning yoshidagi odam hayotiga rahna solayotgan keksalik ojizliklaridan biri, menimcha. Raʼno boʻlsa bu yoqda xun boʻlib yuraveradi. Lekin kutilmaganda yana oqsoch paydo boʻlib, Raʼnoning yoʻlini toʻsadi. Shunda Raʼno hech narsa boʻlmaganday uni qabul qilaveradimi? – dilimni xunob qilayotgan chalkash xayollar tonggacha orom bilmadi.

Ertalab zinadan tushayotib Raʼnoning eshigi oldida oʻtirgan oqsochga koʻzim tushdi. Fahmimcha, kechasi Raʼno baribir uni haydab chiqargan, u esa ketishni istamay, zinada oʻtirib tong ottirgan! Qadam sasini eshitib oqsoch bezovtalandi, iztirob ichida bir nimalar deb gʻoʻldiragancha oʻrnidan turdi, koʻylagi yoqasida qiyshayib qolgan qimmatbaho galstugini toʻgʻriladi, toʻzgʻin sochlarini tuzatgan boʻldi, keyin goʻyo hozirgina kelgan kishiday eshik qoʻngʻirogʻiga qoʻl choʻzdi.

Yonidan oʻtayotib koʻz qirim bilan oqsochning gezargan, tirishgan yuziga razm soldim. Koʻrinishidan bamaʼni, hatto ziyoli odamga oʻxshaydi. Nima balo jin urib bu koʻyga tushgan ekan shoʻrlik? Kechikkan muhabbatmi yoki hayotidan, oilasidan norozilik sabab bir chimdim halovat istab yurganlardanmikin? Balki butun umr omadning, obroʻ-eʼtiborning ortidan quvib, boriga qanoat qilib yurgan-u, kutilmaganda qarshisida benihoya sohibjamol paydo boʻlganida oqsoch es-hushini yoʻqotgan, oʻz obroʻsiga dogʻ tushiradigan tavakkalga qoʻl urishga esa jurʼati yetmaydi…

Shu voqeadan keyin ikki oy oʻtib, kechki payt xotinim toʻsatdan:

– Ertaga ishdan vaqtli kelasizmi? – deb soʻrab qoldi.

Nima gap, deganday savol nazari bilan qaradim.

– Raʼnoning tugʻilgan kuni ekan. Qoʻshnilarni uyiga taklif qilgan.

– Nima boʻpti shunga? – dedim birdan avzoyim oʻzgarib.

– Nima boʻpti, deganingiz nimasi? – dedi xotinim ohista, hayron boʻlganini bildirmay. – Ertaga Raʼnoning tugʻilgan kuni! Bechorani shaharda yoʻqlaydigan hech kimi yoʻq. Otasi undan arazlagan, gaplashmaydi, oʻgay onasi har zamonda bir keladi-yu, lekin birakay qilib, Raʼnoning topgan-tutganini olib ketadi. Hadesa, oʻgay ukalari yoshligini, bitta otasining topgani roʻzgʻorga yuq boʻlmayotganini roʻkach qiladi. Shunga qoʻshnilar yigʻilishib chiqmoqchimiz. Mehr-oqibat deganday…

– Buning menga dahli yoʻq! Qolaversa, ertaga xizmatda boʻlaman, – bahona qildim. – Xotinlar yigʻilishib, chiqaveringlar…

– Hayronman, nega jahlingiz chiqyapti?

– Shuning uchunki, oʻsha ayol!.. – baqirib yubordim. – Nima qilasan, gapni chuvalatib!

Barcha nozirlarning sabr-toqatli xotinlari kabi xotinimning darrov uni oʻchdi, faqat xudbin erining dastidan qalbi ozor chekkanday qovogʻini solib, barmoqlariga tikilgancha turib qoldi.

Men ham osonlikcha xotinning oldiga tushadigan erkaklardan emasligimni bildirib qoʻyish uchun pinak buzmay, televizorga tikilib oʻtiraverdim.

Xotinim jahl bilan siltanib xonadan chiqdi, oradan besh daqiqa oʻtdi yo oʻtmadi, yuzlari boʻgʻriqqancha qaytib kirdi.

– Oʻzingiz oʻylang, – dedi u endi murosali ohangda. – Ikki bolali boʻlganimizda meni qishloqdan olib keldingiz. Shahar tugul, yaqin-atrofdagi bozorni ham haligacha tuzuk-quruq bilmayman. Mana shu xotin meni yetaklab yurib, qayerda bozor, qayerda poliklinika bor, hammasini koʻrsatdi. Siz haftalab safarga ketgan kunlaringiz yo oʻzim, yo bolalar kasal boʻlib qolganida mana shu Raʼno…

Men sovuqqonlik bilan xotinimning gapini choʻrt kesdim:

– Bunchalik sodda boʻlmang, xonim. Bularning hammasi qoʻshnilarga yaxshi koʻrinish uchun!

Xotinim gap topolmay, boʻzarib ketdi.

Ammo tugʻilgan kun mojarosi shu bilan tugamadi.

 

***

– Dadasi, hoziroq Raʼnonikiga chiqmasangiz boʻlmaydi, – dedi xotinim ertasi kechqurun shoshilib uyga kirib kelarkan. – Mirsaid aka bilan Borya aka chaqirishyapti. Chiqmasangiz, oʻzlari kelib olib ketisharkan…

– Shunisi yetmay turuvdi!

Xotinim xafa boʻlganday yuzini burdi.

Na iloj! Er-xotin uzun-qisqa boʻlib Raʼnoxonning uyiga kirib borganimizda allaqachon mehmonlar jamuljam boʻlgan ekan.

Xona ham, dasturxon ham did bilan bezatilgandi. Havoni rayhon, atir-upa va vino hidi tutib ketgan.

Stol atrofida Mirsaid aka bilan Borya aka oʻz xotinlari bilan oʻtirardi. Ularning yonlaridan joy olgan qoʻshni ayollar vafo va sadoqatning tirik timsollariday viqor bilan oʻtirishar, shu namoyishkorona koʻrinishlarining oʻzidanoq ularning Raʼnoga bepisand qarashlari sezilib turardi.

Xiyol qisiq koʻzlari va pushtirang lablarida tabassum jilva qilsa-da, nigohlari gʻamginlik bilan boqayotgan xonadon sohibasi bizni holi-jonimizga qoʻymay toʻrga oʻtqazdi. Xotinim xijolatdan qizargan, men esa oʻz oʻrnimni topganday gerdayibroq oʻtirardim. Hali soʻrashib ulgurmasimizdan eshik qoʻngʻirogʻi jirinladi, Raʼno uzr soʻrab, dik etib oʻrnidan turdi va yoʻlakka chiqib bir necha daqiqalik past ovozli gʻishavalardan keyin oppoq dasturxonga oʻralgan togʻora koʻtargan Maryam opoqi bilan bagʻriga anvoyi guldastani bosgancha, qirq-qirq beshlarga borgan, baland boʻyli, ikki yonogʻi qip-qizil yuzida poʻstakning yirtigʻiday mitti koʻzlari yiltillab turgan, baqaloq, buning ustiga tepakal bir kishini boshlab kirdi.

– Bu kishi… – yonoqlari qizargan Raʼnoxon biroz tutilinqirab yangi mehmonni tanishtirdi. – Qoʻchqor aka…

Odatdagi tabriklaru maqtovlardan keyin Raʼnoxon muzika qoʻydi. Biroz gʻamgin, lekin hayajonga, muhabbatga toʻla kuy. Avvaliga bu ayol har qanday gʻam-tashvishni kuy-qoʻshiq, koʻngilxushlik bilan yengadi, shekilli, degan xayolda, hammaga birday muloyimlik ila mehmonnavozlik qilayotgan Raʼnoning xatti-harakatlarini istehzo bilan kuzatib oʻtirgan boʻlsam-da, koʻp oʻtmay yo menga ham musiqa taʼsir qildimi, yo tanimni qizdirayotgan konʼyak yogʻdusimi, bilmadim, birdan kayfiyatim koʻtarildi, oʻzimni qandaydir ijaraxonada, nochor odamlar qurshovida emas, koʻp yillik qadrdonlarim orasida oʻtirganday his qila boshladim. Oʻzi shunaqa, kayfim chogʻ paytlarda atrofimdagilarga boshqacha koʻz bilan qarashga, ularni tushunishga harakat qilib qolaman, xizmatchilik esdan chiqadi.

Er-xotin koreyslar bir-birining pinjiga kirgancha ohista raqs tushishardi. Borya akaning koreyslarga xos keng yuzi va qiyiq koʻzlarida benihoya mehr-sadoqat ufurardi. Lyuda opa esa jimgina uning koʻksiga bosh qoʻygan, nazokat bilan xirom aylardi. Ular befarzand edilar. Er-xotinga havas bilan qarab oʻtirgan Raʼnoxon koʻzimga allaqanday “oq qargʻa” emas, oddiy, baxtsiz xotin boʻlib koʻrindi. Beixtiyor uni oqlay boshladim: nima qilsin, onasi bolaligida olamdan oʻtgan, otasi boshqa ayolga uylangach, uni oʻgay onasining jiyaniga turmushga bermoqchi boʻlishgan, endi oʻn oltiga kirgan qizcha buni xohlamaydi, shuning uchun shartta uyidan qochib shaharga keladi. Bu yerda qandaydir sulloh bilan tanishib qoladi-yu hayoti izdan chiqadi… Balki bunga uning oʻzi, gʻoʻrligi sabab boʻlgandir? Bilaman, nima boʻlganda ham, u boshqa hamma ayollar qatori baxtli boʻlishni istaydi. Lekin hayotini allaqachon chilparchin boʻlgan, deb hisoblaydi, endi uni tiklash ilojsiz, degan fikr miyasini kemiradi, shuning uchun ham oqsochga yopishgan, maqsadi unga turmushga chiqish, shu yoʻl bilan badnom boʻlgan nomini oqlab olish. Oqsoch esa hayotda oʻz oʻrnini topgan, obroʻga ega odam. Misqollab yiqqan obroʻ-eʼtiborini koʻngilxushi uchun qurbon qilgisi kelmay, ikkilanadi chogʻi. Kim bilsin, balki hayotning achchiq-chuchugini birga tatigan juftihalolidan, er yetgan farzandlaridan istihola qilar. Ammo yosh, navqiron juvonni ham qoʻldan chiqargisi kelmaydi!

Raʼno haqida nedir iliq soʻz aytish ilinjida xotinimga qaradim, u boʻlsa halidan beri xonadagi jihozlarni hayrat bilan kuzatishdan charchamayotgandi. “Raʼno rosa buyum yigʻibdi-da! Hammasini anavi kishi obbergan. Raʼno bilan urishib qolganlarida yarashish uchun uni tillaga koʻmib tashlaydi! Endi bitta uy olvolsa boʻldi-da, a?” deya shipshib qoʻydi u. Jinim qoʻzidi, javob bermadim. Bundan u xafa boʻlmadi, feʼlimga oʻrganib qolgan-da. Ozgʻin, koʻz qarashlari qattiq Mahbuba muallim eriga likopchadagi salatni koʻrsatib, qancha masalliq ketganini hisoblardi. Bechora Mirsaid muallimning sanchqi tutgan qoʻli havoda muallaq qolgan, har bir soʻmni oʻylab ishlatadigan, tejamkor xotinining soʻzlarini jon qulogʻi bilan tinglardi. Raʼnoxon choyni yangilab kelish uchun oshxonaga ketganida: “Raʼno tejashni bilmaydigan xotin. Shuning uchun erkaklar unga jiddiy qarashmaydi!” deya shipshib qoʻydi Mahbubaxon. Maryam opoqining ensasi qotdi va buni yashirib oʻtirmadi:

– Mahbubaxonning oʻz falsafasi bor, ayollar va erkaklar borasida!

– Roʻzgʻor masalasida ham! – deya qoʻshib qoʻydi Mirsaid muallim kutilmaganda.

Yengil kulgu koʻtarildi.

Qoʻchqor aka taraddudlanib qoldi, oʻrnidan turdi, ketishni moʻljalladi-yov. Maryam opoqi unga maʼnoli qarab, yengidan tortib qoʻydi. Fahmimcha, ularning tugʻilgan kundan boshqa maqsadlari ham bor-ov. Qoʻchqor aka qaytib joyiga oʻtirdi. Bu bechorayam xushtorlardan, shekilli, keyingi vaqtlarda uni uyimiz atrofida tez-tez koʻrib qolardim. Aftidan, Raʼno uni xushlamasdi, shoʻrlik doim yo koʻcha eshik oldida turgan boʻladi, yo qulogʻiga telefonini tutgancha uy atrofini aylanib yurardi. Shu vaqt Raʼnoxon bir qoʻlida choynak, ikkinchisida patnis bilan ichkariga kirdi-yu, Qoʻchqor aka haykalday qotdi-qoldi. Mitti koʻzlari gʻamgin bu kishi Raʼnoga moʻjizaga qaraganday hayrat bilan tikildi. Keyin birdan oʻziga kelib shosha-pisha choʻntagidan dastroʻmolini olib, yaltiroq peshonasini arta boshladi. Shoʻrlik oʻz uyida topmagan halavotni shu yerdan topishiga ishonib kelgan… Bunaqalarning yuragi yonida yana bitta yuragi boʻladi, deyishadi hamkasblarim andak istehzo bilan! Rostiyam shu-da.

Maryam opoqining toʻla, keng yuziga yarashmagan yupqa lablari asabiylik bilan pichirladi, aftidan, baqaloqqa dalda berdi.

– Sizlar uchun! Maxsus!

Raʼnoxon patnisni oʻrtaga qoʻymoqchi boʻldi, lekin dasturxon shusiz ham toʻkin edi, antiqa natyurmort uchun joy topish ancha mushkul boʻldi.

– Voy-boʻ, Raʼno! Bu nimasi yana?! Oʻzingizni koʻrsatmoqchimisiz?! Shuncha sarf-xarajatning nima keragi bor edi! – deb yubordi Mahbubaxon oʻzini bosolmay.

Raʼno negadir qizarib ketdi.

– Sizlar uchun… ozib-yozib bir dasturxon yozsam nima boʻpti?.. – dedi u.

Maryam opoqi Mahbubaning sonidan chimchilab oldi, shekilli, muallima ilon chaqqanday bir sapchib tushdi-yu, lekin shu zahoti oʻzini qoʻlga oldi. Davraga bir qur nazar soldi-da, keyin Raʼnoni eshitmaydi deb oʻyladi chogʻi, opoqining qulogʻiga sekin shivirladi:

– Shuncha xarajat qilish uchun bechora nechta hoʻkiz bilan yotib chiqishiga toʻgʻri kelgan! Men unga achinganimdan…

Bunisi endi ortiqcha edi! Muallima xonim ham tilim bor deb haddidan oshib ketdi…

Uning nima deganini ilgʻab qolgan, yuzi boʻzday oqargan Raʼno yoʻlakka otildi. Koʻcha eshik taraqlab yopildi.

Ayollar dahshat ichida koʻzlari chaqchaygancha bir-birlariga qarab qolishdi.

– Tilim bor deb har narsani gapiraverasanmi?! – Mirsaid muallim xotiniga gʻazab bilan qaradi. Uning tanbehidan koʻra qarashlari qoʻrqinchli edi. Muallima qoʻlida sanchqini tutgancha boʻzrayib qoldi.

Qoʻchqor aka irgʻib oʻrnidan turdi-da, indamay koʻcha eshik tomon yoʻnaldi. Podʼyezddan uning: “Raʼnoxon, toʻxtang!” degan yolvoruvchi ovozi eshitildi.

Ana tugʻilgan kun-u, mana tugʻilgan kun! Eh, ayollar!..

 

***

Oradan bir hafta oʻtdi.

Gʻira-shirada ishdan qaytayotib podʼyezd eshigi oldida turgan Maryam opoqi bilan Qoʻchqor akani koʻrib qoldim. Ular nima haqdadir sekin-asta gaplashib turishardi.

Salom berib yonlaridan oʻtib ketmoqchi edim, ammo opoqining oʻktam ovozini eshitib toʻxtadim.

– Sizdan bir masalada yordam soʻrasak boʻladimi?

– Yordam?!

– Bugun ertalab Raʼno hech kimga aytmasdan koʻchib ketdi domimizdan, bu kishi boʻlsa uni qidirib yuribdi, – dedi opoqi Qoʻchqor akaga ishora qilib. – Qayerga ketganini bilib berolmaysizmi?

– Qayoqqa ketadi? Nega ketadi?! – dedim hayron boʻlib.

Maryam opoqi meni bir chetga tortib:

– Bechora nomusiga chidolmadi, shekilli,

– dedi past ovozda. – Bu kishi boʻlsa bir yildan buyon uning qoʻlini soʻramoqchi boʻlib yuribdi…

Qoʻchqor akaga qaradim, goʻshtdor boʻynini egib, pishillab turardi. Raʼno unga tegmasdi, degan gʻalati fikr miyamga urdi. Bu okaxon shuni bilgan. Shuning uchun ham uning qoʻlini soʻrashni keyinga surgan!..

– Niyatingiz jiddiy boʻlsa, nega bir yildan buyon qoʻlini soʻramadingiz?!

Baqaloq baqa boʻlib qoldi. Rosa bopladim-da oʻziyam!

Maryam opoqi:

– Sizni hecham tushunmayman, tilingiz buncha zahar boʻlmasa?! – dedi achitib.

Parvo qilmadim. Bunaqa suyuq erkaklarning taʼzirini berish kerak, deganday tik qaradim unga. Opoqi yuzini chetga burdi.

Baqaloq loʻkillagancha keta boshladi.

Nimagadir qasd qilganday uning ortidan bordim.

– Uchar yulduz yoʻldosh boʻlolmaydi, ovora boʻlmang! – dedim unga xayrixoh odamday.

Baqaloq bir zum qisiq koʻzlarini menga tikib turdi-da, soʻng achitibroq dedi:

– Xuddi uni yuz yildan buyon biladigan odamday ishonch bilan gapirayotganingizni tushunmadim.

Men undan oshib tushishga harakat qildim:

– Bilmasam gapirmayman. Nima, sizga isbot kerakmi?

– Bilaman, yoʻqni yoʻndiradiganlardansiz. Lekin menga hech qanday isbot-dalilning keragi yoʻq!

Birdan jim boʻlgan baqaloq yuzimga qattiq tikilib qoldi, aftidan, tarsaki tushirishni oʻyladi, ammo kutilmaganda indamay keta boshladi. Nariroq borib negadir yurishdan toʻxtab, ortiga oʻgirildi, boʻgʻiq, xirqiragan ovozda dedi:

– Qolaversa, ikki kun oldin uning qoʻlini soʻradim. Oʻylab koʻrishga vaʼda bergandi!.. Vaʼda bergandi!..

Yoʻl chetidagi simyogʻochlarning soyasi ulkan sharpalarday qorayib turgan hovlida soʻppayib qoldim.

Maryam opoqi yonimga kelganini his qildim, ammo u tomonga qaramadim.

– Qoʻchqorvoyning ikki yil burun xotini olamdan oʻtgan ekan. Oʻziga qolsa, uylanish niyati yoʻqmish. Lekin qizlarining kattasi boʻy yetib qopti. Shunday vaqtda ularga ona kerak boʻladi-da… – Maryam opoqi bir zum jimib qoldi, keyin ginali ohangda davom etib dedi: – Meni nima jin urdi, bilmayman. Shu ikki koʻngli yarimning boshini qovushtirsam, savob boʻladi, deb oʻrtaga tushgandim. Odamni sharmanda qildi bu Raʼnosi tushmagur!

– Balki unga koʻngli yoʻqdir?

– Nega koʻngli boʻlmaydi, tavba?! – ensasi qotdi opoqining. – Qoʻchqorvoy, har qalay, anavi qari goʻrsoʻxtadan tuzukroq edi! Qolavursa, bir erkak bechora Raʼnoning qanaqa ayolligini bilib turib, uylanaman deb tursa-yu, u noz qiladimi? Bu gʻirt ahmoqlik-ku!

Boshim gʻuvillab, asabim chatnay boshlagan, opoqining tezroq daf boʻlishini istardim. Ammo u ketishni xayoliga ham keltirmay, labi-labiga tegmay javray ketdi:

– Hammasi anavi Mahbubani deb boʻldi. U topgan kuyovga Raʼno azza-bazza rad javob bergani uchun alami kelib, atay oʻyinbuzuqilik qildi. Pes-da, pes! Hali qoʻlimga tushsin, sochini bittalab yulaman. Muallim boʻlsa – oʻziga!

Oʻzimni ortiq bosib turolmadim, portladim:

– Opoqi, Raʼno sizlardan oʻziga er toping deb iltimos qilganmidi? Nega odamlarning ishiga burningizni tiqasiz? Yaxshisi, uyingizga kirib, bolalaringizga qarasangiz boʻlmaydimi? Bechoralar halidan buyon derazadan boʻylab turishibdi!

Opoqining koʻzlari xunuk chaqchaydi.

Voy tavba, voy tavba… – opoqining yupqa lablari pirilladi. – Birovlarning ishiga burningni tiqma, deydimi? Bu qanaqa odam, oʻzi? Oʻzidan boshqani oʻylamaydigan…

Opoqining diydiyosiga quloq solmay, uyning orqa tomoniga oʻtib ketdim. Negadir uyga kirgim kelmasdi, rost-da, oʻzi katalakday bir narsa boʻlsa! Boshing aylansa, keting aylanmaydi…

Ichgim keldi. Oʻzi, kun boʻyi negadir ichgim kelib yurgandi. Lekin xizmatchilik. Koʻp narsalardan mahrumlik baʼzida alam qiladi…

Choʻntagimdan sigaret qutisini olib, unga tikilib qoldim. Men oʻsha daqiqalarda nozirdan koʻra oʻziga nasib etganiga qanoat qilmasdan, nasib etmagan narsalar haqida titrab-qaqshab oʻylaydigan, orzu qiladigan shakkok ruhoniyga oʻxshardim, chamasi.

“Ammo chekishim mumkin!” deya oʻylashim bilan negadir yengil tortdim. Borliqqa allaqachon oqshom tushgan, gugurt qutisidek uyimizni koʻroydin qurshab olgandi. Shahar chiroqlarining qizgʻish shuʼlasi ufqning bir chetini yoritib turar, lekin bu shuʼla bizning shahar chetida joylashgan uyimizgacha yetib kelmasdi…

Darvoqe, Raʼno qayoqqa ketdiykin? Bir ogʻiz aytmasdan… hatto xayrlashmasdan ketib qolgani-chi! Nima boʻlgandayam qoʻshni edik… Oʻzi qandaydir bir ayol-ku… nomus qilganiga oʻlaymi?! Hozir qayerda ekan? Shu uyda yashab turganida, har qalay, tinchroq boʻlarmidi? Boshqa joyda uni ayasharmikin?..

Oʻsha voqealardan keyin ancha suvlar oqib oʻtdi. Xizmat yuzasidan yana qancha joylarda ishladim. Lekin Raʼnoni boshqa uchratmadim. Boshqa kasbda ishlaganimda, uni allaqachon unutib yuborarmidim. Ammo…

Oddiy kunlarning birida Sayilgoh koʻchasida xizmat yuzasidan aylanib yurganimda, almisoqdan qolgan kresloda zerikib oʻtirgan yosh rassom yigitning qarshisida terilib turgan suratlar orasida tanish chehrani koʻrganday boʻldim-u, allaqanday hayajon aralash qiziqish bilan unga yaqinlasharkanman, uch-toʻrt qadam naridagi oʻrindiqda shu tomonga xayolchan tikilib oʻtirgan kishiga koʻzim tushdi. Bu oʻsha oqsoch! Hamon bir vaqtlardagiday bashang kiyingan, xuddi oxirat oʻylariga boʻy bergisi kelmaydigan kiroyi qariyalarday viqorli, ammo yelkalari osilib, ancha choʻkib qolgandi. Atrofida bir oʻgʻil va qiz bola chugʻurlashgancha yugurib yurishardi.

– Suratdagi ayol kim? Tanishingizmi? – deb soʻradim rassomdan.

– Yoʻq. Notanish, – beparvo tarzda qisqa javob berdi yigit. Mening indamay tikilib turganimni koʻrgach, istar-istamay izoh bera boshladi: – Bir kuni yoshgina juvon kelib, suratimni chizib bering, deb iltimos qildi. Chizdim. Surat tayyor boʻlganida, narxiga kelisholmay qoldik. U arzimagan shu surat uchun koʻp pul soʻrayapsiz, deydi. Mening jahlim chiqdi. Axir, bu oʻzingizning suratingiz-ku, nega oʻzingizni past baholayapsiz, dedim. Shunday deyishimni bilaman, ayol birdan yigʻlab yubordi va ketib qoldi. Shundan buyon daragi yoʻq…

– Boshqa xaridor chiqsa, suratni sotarmidingiz? – dedim oqsoch tomonga zimdan qarab qoʻyib.

– Nega sotmayin?! – rassom birdan jonlanib, yelkasiga tushgan sochlarini jahd bilan silkib, keyin suratni qoʻliga olib, goʻyo benihoya tabarruk siymoni silayotganday ayolning yuzini silay boshladi. – Aslida bu oddiy ayol emas, oʻrta asr malikalaridan biri. Oʻsha surat buyurtma qilgan juvon malikaga sal-pal oʻxshab ketardi, xolos.

Suratga tikilgancha xayolga berilib, orzuga aylangan oʻtmish ogʻushiga chulgʻanib oʻtirgan Oqsoch oromi buzilgandek bezovtalandi, hatto oʻrnidan turib biz tomonga yurmoqchi boʻldi, shu vaqt yetmishlarga borgan, vazni naq toʻqson kilodan kam boʻlmagan bir ayol biqqi qoʻllarida toʻrtta muzqaymoq koʻtargancha harsillab kelib qoldi.

– Bu senga, bunisi singlingga, bunisi esa buvajonga! – Oqsochga muzqaymoqlardan birini tutgan ayolning ovozi hayotidan mamnun odamlarning ovoziday jarangdor va mehrli edi.

Oqsoch oʻrnidan turdi, pushtirang muzqaymoqqa parishonlik bilan tikilib qoldi, ayol nimadir dedi, olmaysizmi, deb qistadi chogʻi. Oqsoch shirinlikka qoʻl choʻzib, bir nimalar deb mingʻirladi. Ayol uni qoʻltiqlab olarkan, baralla dedi: “Bo xudo, saratonda shuginaga ham tomogʻingiz ogʻrisa-ya!”. Keyin allaqachon muzqaymoqni ishtaha bilan yalay boshlagan nabiralariga xitob qildi:

– Kech boʻp qoldi, yuraqolinglar, uyga ketamiz.

Xullas, suratni sotib oldim. Rassom bilan savdolashib oʻtirmadim, aytgan pulini berdim. Rassom suratni yaxshilab oʻrab-chirmayotganida ortimga oʻgirildim: oqsoch yerga qaragancha ketib borar, yelkalari yanada bukchaygan, aftidan ehtiyot boʻlib muzqaymoq yalardi…

Oʻsha surat haliyam ishxonamda turibdi. Qayerga ishga borsam, oʻzim bilan olib ketaman. Ayniqsa, “reyd”ga chiqqan vaqtlarimiz Raʼnoni koʻp bor eslar va koʻnglim gʻash tortib qolardi. Shunday vaqtlarda Raʼnoning suratiga soatlab tikilib oʻtirardim. Ichimda allanima bosh koʻtarib, oʻtkir tikonlarini yuragimga sanchib-sanchib olayotgandek boʻlaverardi. Xayolan Raʼnoning siymosini qanchalik kamsitmayin, qanchalik xoʻrlamayin, yuragimdagi gʻashlik hech tarqamasdi. Shuning uchun ham hali-hamon oʻzimga oʻzim tushunolmasdim. Tabiatimda Raʼnoga nisbatan dilozorlik, nafrat kuchlimi yoki xayrixohlik. Balki ikkalasi ham mujassamdir-u, aynan shu nomuvofiqlik meni ikkiga ajratib, ikkita odamga aylantirib qoʻygandir?!

Xizmat telefonim jiringladi.

Boshligʻimiz.

– Reyddaman, – deb javob berdim.

Ha, reyd boʻlmay, nima? Qoʻshnilar bekorga shikoyat qilishmagandir? Uyni oʻziniki qilib, rohat istagan kishilarning rohat manbaiga aylantirib olgandir-da! Yetar, shuncha kutganim! Nima, men qorovulmanmi, uning eshigini poylab oʻtiradigan?

Shahd bilan oʻrnimdan turgan ham edimki, roʻparadagi uylar oraligʻidan ellik besh-oltmishlarga borgan kishi shu tomonga kela boshladi.

Qoʻchqor aka!

– Tanidingizmi? – yoshi qaytgan boʻlsa-da, hamon oʻshanday, bir tuki ham toʻkil… e, bir kilo ham vazn tashlamagan Qoʻchqor aka kulimsiradi. – Menam koʻrdim-u, darrov tanidim. Shu tomondan uy oldingizmi yoki xizmatchilik…

– Xizmatchilik, – dedim va birinchi qavat balkoni tomon beixtiyor koʻz tashladim.

– Ikki yil boʻpti, shu uyni sotib olganiga, – dedi Qoʻchqor aka, men uning kim haqda gapirayotganini fahmladim. – Kichikroq boʻlsayam, oʻz uying, boshpanang boʻlsin ekan, deydi.

– Siz buni qayerdan bilasiz?!

Men uni ancha qidirdim. Lekin hech daragi chiqmagandi. Kutilmaganda bundan bir hafta avval tramvayda tasodifan koʻrishib qoldik. Ishdan qaytayotgan ekan.

– Eski doʻstlar topishibsizlar-da. Tabriklayman!

Qoʻchqor aka biror aybi bor-u, shundan xijolat boʻlganday tipirchilab qoldi. Terlab ketdi, choʻntagidan dastroʻmolini chiqarib, peshonasini artdi, oppoq, ajinsiz yuzi hozirgina tandirdan uzilgan nonday qizara boshladi.

– Hali topishganimiz yoʻq… – dedi keyin tutilinqirab. – Lekin endi topishib qolsak kerak degan umidda edim. Chunki koʻrishganimizda… haliyam uni koʻnglimdan chiqarolmaganimni aytdim. U boʻlsa: “Qizlaringiz uyli-joyli boʻlishdimi?” deb soʻradi. “Kattalari oʻzlaridan tingan, kenjatoyim qoldi. Lekin u aqlli qiz, siz bilan murosa qilishiga ishonaman!” dedim. “Yoʻq, gap bundamas, xudo haqqi, men oʻzimni oʻylaganim yoʻq!.. Ha, mayli, gapingizni oʻylab koʻraman”, dedi shoshib, nimagadir koʻzlari yoshlandi. Keyin “Shamollabman, oʻtib ketadi…” deb qoʻydi roʻmolchasini koʻziga bosib. Ovozidan, oʻzini tutishidan ancha ulgʻayganini sezdim. Bugun uchrashishimiz, gapni bir yerga qoʻyishimiz lozim edi. Keldim, lekin u uyida yoʻq! – Baqaloq jimib qoldi, goʻyo biror iliq mujda kutganday yuzimga tikildi, men miq etmadim, aksincha, ichimda jirtak chaldim: “Balki Raʼnoxon yana qochib ketgandir, hoʻv birdagiday?!”

Baqaloq mendan yorugʻlik chiqmasligini sezdi, toʻgʻrirogʻi, hali hamon qattiq ogʻritishi mumkin boʻlgan yarasini tirnab, azob berishimni istamadi, shekilli, oʻziga oʻzi tasalli berganday xitob qildi:

– Balki u yoq-bu yoqqa chiqqandir, kep qolar…

Oʻzi gumbazday boʻlgani bilan koʻngli beozor bu odamga achinib ketdim. Shu asnoda miyamga yarq etib bir fikr keldi.

– Kutib turing, hozir kelaman, – dedim Qoʻchqor akaga.

Tavba, u qayoqqa ketyapsiz, deb soʻramadi ham. Indamay, bosh silkidi.

Gʻir etib ishxonaga kirib, qogʻozga oʻralgan portretni olib chiqdim.

– Bu sizga, – dedim portretni Qoʻchqor akaning qoʻliga tutib. – Faqat Raʼnoga aytmang, mendan olganingizni, iltimos.

Qoʻchqor akaning sabri chidamadi, shekilli, shosha-pisha qogʻozni ocha boshladi. Ochdi-yu, bir lahza unga tikilib qoldi. Keyin yosh yigitchaday quvonib:

– Chiroyli-ya! – deya xitob qildi hayajon bilan.

– Chiroyliyam gapmi, hurliqo-ku, hurliqo! – dedim kulib.

Bu rasmni qayoqdan oldingiz?

– Raʼnoxon chizdirib, olmay ketgan ekan. Bexosdan koʻrib qolib, sotvolgandim. Sizga nasib qilgan ekan-da…

Baqaloqning xursandlikdan yoyilgan yuziga qarab samimiyatim yoʻqolayotganini sezib qoldim. Gapni qisqa qilib, u bilan xayrlashishga shoshildim. Har qalay, topishishibdi-ku. Bu yogʻi – oʻzlariga havola!

Hayajondan hamon oʻzini bosolmayotgan Qoʻchqor aka esa xayrlashishga shoshilmasdi.

– Aytgancha, oʻzingizning ishlaringiz yaxshimi? Oʻsdingizmi? – deb soʻradi endi esiga tushib qolganday.

– Koʻrib turibsiz-ku, – dedim bir umr uchastka noziri boʻlib qolganimga ishora qilib.

– Nima, oʻsishni istamadingizmi?

– Bizning ishda choʻrtkesarroq boʻlsang, kelajaging porloq boʻladi.

– Ha, ha…

Qoʻchqor aka portretni bagʻriga bosdi.

Zimiston ustidan tantana qilganidan magʻrurlangandek bahor quyoshi ayovsiz qizdirardi.

Biz, ikkala erkak hamon Raʼnoning eshigi oldida turardik.

Bir mahal yonimizga taksi kelib toʻxtadi. Undan qoʻllarida ogʻir sumka koʻtargan yosh er-xotin tushdi, bizga eʼtiborsizlik bilan nari-beri salom berib, shoshilgancha podʼyezdga kirishdi. Yigit oldinga oʻtib, birinchi kvartiraning eshigiga kalit solib, buray boshladi. Qoʻchqor aka menga, men unga qaradim. Yashin chaqnagandek nigohlarimiz yolqinlandi, keyin yuragimiz naq boʻgʻzimizga tiqilib, ikkimiz ham jon holatda podʼyezdga qarab otildik.

– Uch kun boʻldi, shu uyni sotib olganimizga, – dedi yigit ketma-ket berilgan savollarning qay biriga javob berishni bilmay dovdirab, dam menga, dam Qoʻchqor akaga jovdirab qaragancha. – Egasiga pul kerak boʻlib qolgan ekan, shunga ortiqcha savdolashib ham oʻtirmadi…

Qoʻchqor aka adoyi-tamom boʻldi.

Men nima qilishni bilmasdim. Xayolimda faqat bir oʻy charx urardi: xotin zotini hech tushunib boʻlmas ekan!..

 

Zulfiya QUROLBOY qizi

 

“Yoshlik”, 2016 yil 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.