Etik

0
414
marta koʻrilgan.

Hushang Murodiy Kermoniy

Hikoya

Onasi kunduzi Layloni qoʻshniga qoldirib, oʻzi ishga ketadi. U tikuvchilik sexida ishlaydi. Laylo qoʻshnining qizi Maryam bilan oʻynaydi. Ona-bola Maryamlarning uyidagi bir xonada yashaydi. Laylo besh yoshda, Maryam esa undan bir yosh katta.

Bir kuni Maryamning togʻasi qoʻgʻirchoq olib keldi. Oʻsha kuni qizaloqlar qoʻgʻirchoq bilan rosa oʻynadi. Qoʻgʻirchoq Layloning yonida edi, u esa butunlay oʻziga qolishini xohlardi. Biroq Maryam:

– Istaganingcha oʻyna. Faqat qoʻgʻirchoq meniki, – dedi.

Layloning koʻngli ogʻridi. Kunbotarda onasi kelgach, yugurib yoniga bordi:

– Oyi, oyi, menga ham Maryamnikidek qoʻgʻirchoq olib berasizmi?

– Yoʻq, olib bermayman, – dedi onasi.

– Nega?

– Chunki sen yaxshi qiz emassan.

– Oyi… Men yaxshi qizman-ku!

– Yaxshi qiz boʻlsang, unda nega koʻzlaring har narsaga qarayveradi? Hali uni, hali buni xohlayman, deysan.

– Agar gaplarimga quloq solsang, zoʻr narsa olib beraman, degandingiz-ku? Ana, endi qoʻgʻirchoq olib bering, xuddi mana bunaqasidan.

– Men, qoʻgʻirchoq, demaganman.

– Nima unda?

– Ham kerakli, ham senga yoqadigan narsa olib beraman.

– Nima?

– Etik!

– Etik?

– Ha, etik. Qulay va chiroyli etik. Uni qishda – sovuqda, qor va yomgʻirli havoda kiyasan. Oyoqlaring issiqqina yuradi. Bemalol yugurishing, oʻynashing mumkin. Maktabga borasan. Qoʻgʻirchoq faqat oʻyinchoq, hech qanday ishingni qilib bermaydi.

Laylo bu gapga koʻndi, ammo sabr qilolmadi, onasining chodrasidan tortdi:

– Etik sotvolishga hozir boraylik!

– Charchaganman. Dam olish kunida birga borib, etik sotvolamiz, – dedi onasi.

Laylo yigʻlashga tushdi. Hiqilladi.

Onasining jahli chiqdi:

– Agar gapimga kirmay meni xafa qilsang, hech qachon etik olib bermayman!

Oʻsha kuni ona-bola uzoq gaplashib oʻtirishdi. Axiyri etik sotvolgani ertasi kuni borishga kelishishdi.

Onasi ishdan vaqtliroq qaytdi. Laylo yoʻlakda oʻtirar, koʻzi eshikda edi. Onasini koʻrib, yoniga yugurdi, oyoqlarini quchoqladi:

– Ketdik, oyijon! Etik sotib olishga ketdik!

Onasi Layloning qoʻlidan tutdi, koʻchaga chiqishdi. Bir necha poyabzal doʻkoni joylashgan koʻchaga yetib kelgunga qadar koʻchama-koʻcha uzoq yurishdi. Ular doʻkonlar oldida toʻxtab, oynadevor ortidagi poyabzallarni koʻzdan kechirardilar. Kuz boʻlishiga qaramay oynavand peshtaxtalarda yozgi oyoq kiyimlarni ham koʻrish mumkin edi. Qishki poyabzal va etik ham bor edi. Laylo ilk uchragan etikni sotib olishni istadi, unga barchasi yoqardi, boshqa joyda etik boʻlmasa-chi, degan xavotirda edi.

– Doʻkonlarda etik koʻp. Pishiq va chiroylisini topmagunimizcha aylanishimiz kerak. Shoshilishdan foyda yoʻq, – dedi onasi.

Koʻchama-koʻcha, doʻkonma-doʻkon uzoq yurdilar. Biroq onasiga poyabzallarning birortasi maʼqul kelmasdi. Laylo ochqadi, onasi ham. Yazdi pirogidan olib, boʻlishib yedilar. Laylo oldinlab ketdi, bir doʻkonning oynavand peshtaxtasida etikcha koʻrib qoldi. Onasi yetib keldi. Poyabzal unga ham yoqdi. Olib berishga rozi boʻldi. Etik chiroyli noʻxatrang edi. Laylo kiyib koʻrdi, oyoqlariga loyiq keldi.

– Yurib koʻr-chi, – dedi onasi.

Laylo yurdi. Qoʻrquv va quvonch bilan yurdi. Yangi etikchasi bilan yerni bosgisi kelmas edi. Onasi soʻradi:

– Loyiqmi?

– Ha.

– Qutlugʻ boʻlsin, – dedi sotuvchi.

– Faqat biroz kattaroq, oyogʻimda liqillayapti, – dedi Laylo.

Sotuvchi kuldi. Onasi:

– Kattamas! Qishda qalin junpaypoq bilan kiyasan, ozroq boʻsh joy qolishi kerak. Agar etik kichkina boʻlsa, maktabga borganingda sigʻmay qoladi. Oyogʻing tez oʻsadi.

Etikning pulini toʻladilar. Sotuvchi poyabzalni qutichaga solmoqchi edi, Laylo uyga kiyib ketishni xohladi. Onasining havo sovisa kiyasan, deyishiga koʻnmadi. Yigʻlab yuborguday ahvolga tushdi.

– Qoʻying, kiyib ketaversin, xursand boʻlsin. Qutichaga esa shippagini solib beraman, – dedi sotuvchi.

Onasi rozi boʻldi. Laylo qutichani quchoqlab oldi, ular yoʻlga tushishdi. Laylo baxtiyor edi, onasi ham. U ilgarilab-ilgarilab borardi. Yoʻl yurarkan, etik ichida oyoqlari liq-liq qilib ovoz chiqarardi. Laylo bir necha qadam yurar, toʻxtar va etiklariga qarardi. Tezroq uyga borib, yangi poyabzalini Maryamga koʻrsatgisi kelardi.

Qorongʻi tusha boshladi. Onasi juda charchagan, boshi ogʻrirdi.

– Avtobusda ketamiz, – dedi u.

Ular bekatda toʻxtadilar. Avtobus kelgach, boʻsh joylardan biriga oʻtirishdi. Koʻcha gavjum edi. Oqshom choʻkdi. Yoʻlning ikki tomonidagi doʻkonlarning chiroqlari yondi. Avtobus odamlarning nafasi bilan issiq edi. Laylo onasining koʻksiga bosh qoʻygancha koʻzlarini etikchalaridan uzolmasdi. Avtobus beshikday ohista-ohista tebranib, mashinalar oralab ketib borardi. Layloning qovoqlari asta-sekin ogʻirlashdi, koʻzlari yumila boshladi va uxlab qoldi. Haydovchi shogirdining ovozi keldi:

– Koʻprik bekati!

Avtobus toʻxtadi. Ona-bolaning yonida semiz va gavdali ayol oʻtirgan edi. U kiyim toʻla savatlarini koʻtarib, shoshilgancha oʻrnidan turdi. Joy tor edi. Savat Layloning etikchasiga tegib oʻtdi. Bir poyi oyogʻidan sirgʻalib, oʻrindiqqa tushib qoldi. Ayol ketdi. Yana bir necha yoʻlovchi tushdi. Avtobus qoʻzgʻolib, yoʻlida davom etdi. Ona mudrardi. Avtobus bir maydonni aylandi. Haydovchi shogirdi ovoz berdi:

– Ahmadi maydoni!

Avtobus toʻxtadi. Pinakka ketgan ona sakrab oʻrnidan turdi. Layloni uygʻota olmadi. Avtobus yurishga hozirlandi. Ona qizini quchoqlab, avtobusdan tushdi. Piyodalar yoʻlkasiga oʻtdi. Avtobus ketdi. Laylo hamon uygʻonmagan, onasining quchogʻida edi. Ular koʻchaga oʻtib olishdi. Yoʻl uzun va qingʻir-qiyshiq edi. Onasi xalloslar, charchagandi. Layloni uygʻotmoqchi boʻlardi-yu, bunday qila olmasdi. Uyga yetib kelguncha bu holatga koʻnikib qoldi. Uy yoʻlagiga kirgach, Layloning etigini yechib qoʻymoqchi boʻlib, ne koʻz bilan koʻrsinki, bir poyi yoʻq! Tezda Layloni xona burchagiga yotqizdi va iziga qaytdi. Birma-bir qarab chiqdi, piyodalar yoʻlkasiga oʻtdi, bekatga bordi. Avtobus allaqachon ketib boʻlgan, etik esa yoʻq edi. Ortga qaytdi.

Tun choʻzilgandan-choʻzildi. Ona oʻrin soldi. Bir poy etik uy burchagida edi. Ona etikchaning yoʻqolgan poyini xayolidan chiqarolmadi: agar Laylo uygʻonib, etigining yoʻqolganini bilsa, qanday holga tushadi, deb oʻylardi u.

Kechasi chiptachi avtobusni tozalashga kirishdi. Oʻrindiqlar tagini supurar ekan, bir poy etik chiqib keldi. Oʻlchamiga qaradi. Afsuslandi. Etik bolalarniki ekan, kimdir yangi sotib olgan boʻlsa kerak, deb oʻyladi. Yap-yangi edi. Egasi topilsa, qaytarib berishni koʻngliga tugdi. Ammo bolani tanimaydi – kuniga ota-onasi bilan koʻplab bolalar avtobusga chiqib-tushadi. Qaysi biriniki ekanini qayerdan biladi? Haydovchi shogirdi etikni chiptachiga berdi. Chiptachi yoʻlovchilar bilet sotib olish uchun kelganlarida koʻrishi uchun xonasiga – oyna ortiga qoʻydi. Ehtimol, egasi topilib qolar?!

Ertasi kuni ona barvaqt uygʻondi. Tahorat olib, namoz oʻqidi. Qoʻshniga yoʻqolgan etik haqida gapirib berdi. Qizini omonat qoldirib, uydan chiqdi. Asta-sekin tong yorisha boshladi. Yana koʻchani qarab ketdi, piyodalar yoʻlkasini koʻzdan kechirdi, etik koʻrinmasdi. Bekatda toʻxtadi. Kech qolayotgan edi, avtobus kelgach, ishga joʻnadi.

Ertalab avval Maryam uygʻondi. Layloni qidirib xonalariga kirdi. U hamon uxlab yotardi. Maryam xona burchagidagi etikni koʻrdi. Uni qoʻliga olib, koʻzdan kechirdi.

– Turaqol, tong otib ketdi! – deb dugonasini uygʻotdi.

Laylo uygʻonib, koʻzlarini ishqaladi.

– Qanday ajoyib etik! Chiroyli ekan, – dedi Maryam hayratlanib.

– Onam olib berdi, – dedi Laylo.

– Bir poyi qani?

– Bilmadim…

Qizlar etikning bir poyini izlab, butun uyni ostin-ustin qilib yuborishdi. Hovlidan Maryamning onasi baqirdi:

– Uyning toʻs-toʻpolonini chiqarmay, bu yoqqa kelinglar!

– Layloning etigini qidiryapmiz, – dedi Maryam.

– Behuda izlamanglar! Etik oqshom koʻchada yoʻqolibdi. Laylo uxlayotganida oyogʻidan tushib qolibdi.

Laylo yigʻlashga tushdi. Bir poy etikni bagʻriga bosgancha tashqariga chiqdi. U hovlining bir chetiga oʻtirib, hiqillab yigʻlardi. Maryam Layloga sekin dedi:

– Yur, ketdik koʻchaga, etigingni topib kelamiz.

Ular tashqariga chiqishdi. Maryam qayerga ketayotganini onasiga aytmadi. Koʻchada uzoq yurishdi. Yoʻlga chiqib olishdi.

– Balki, etiging yoʻlda tushib qolgandir?

Ular piyodalar yoʻlkasining har qarichini diqqat bilan qarab, gaplashib ketardilar.

Maryamning onasi qizlarning uyda yoʻqligini koʻrgach xavotirga tushdi. Boshiga chodrasini tashladi-da, koʻchaga otildi. Kelayotgan har yoʻlovchidan “Ikki qizni koʻrmadingizmi?” deb soʻrardi. Ularning ayrimlari koʻrmaganini aytsa, baʼzilari “Bu tomonga ketishdi”, deyishardi. Laylo va Maryam yoʻlkani koʻzdan kechirib ketaverdilar, ketaverdilar. Uylaridan juda uzoqlashib ketdilar.

– Maryam, orqaga qaytaylik, – dedi Laylo.

Maryam quloq solmadi. Yurib-yurib bir chorrahaga kelib qolishdi. Ular qayerga borishni bilmasdilar. Uyga qaytmoqchi boʻldilar, biroq yoʻlni yoʻqotib qoʻyishgandi. Laylo yigʻi boshladi. Maryam ham yigʻlamoqdan beri turardi.

Yoʻlkadan oʻtib borayotgan bir keksa ayol qizaloqlarni koʻrib, adashib qolganliklarini tushundi.

– Uylaring qayerda? – soʻradi ayol.

Bolalar uylari qayerda ekanligini bilmasdi.

– Koʻchangizning nomini eslab koʻring-chi!

Maryam biroz oʻylanib turgach:

– Koʻchamizning nomi… nomi Surush, – dedi. – Ammo qanday borilishini bilmayman.

Ayol bolalarning qoʻlidan ushlab, oʻtgan-ketgan yoʻlovchilardan Surush koʻchasini soʻrab ketaverdi. Bu paytda Maryamning onasi qoʻrquv va xavotirda piyodalar yoʻlkasida yugurar, hamma joyni birma-bir qarab chiqardi. Roʻparasida bolalarni yetaklab kelayotgan ayolni koʻrdi-yu, quvonib ketdi. Ayolga rahmat aytdi. Laylo va Maryamni uydan beruxsat chiqib ketganliklari uchun koyib berdi.

Bir necha kun oʻtdi hamki, biror kimsa etik haqida soʻrab kelmadi. Chipta sotuvchi etikni nozimxona tashqarisiga, koʻproq koʻz tushadigan roʻparadagi devorga suyab qoʻydi.

Odamlar kelardi, ketardi. Etikka koʻzlari tushib, “Qaysi bolaning etigi ekan, yoʻqotib qoʻyib, izlab yurgandir?” derdi bir-birlariga.

Laylo kunduzlari bir oyogʻiga etik, ikkinchi oyogʻiga shippak kiyib olardi, baʼzan bir poy etikni Maryam kiyardi.

Laylo onasi ishdan qaytdi deguncha uning yoniga yugurib borar va bir savolni takrorlardi:

– Oyijon, etigimni topmadingizmi?

– Yoʻq, ona qizim! Senga boshqa etik olib beraman!

– Qachon?

– Qoʻlimga pul tushsin, biror dam olish kunida!

Laylo bir poy etikni u yoqdan-bu yoqqa koʻtarib yurar, Maryam va qoʻshni bolalar quvlashmachoq oʻynardi.

Etikni bir necha bor tashlab yubormoqchi boʻlishdi, biroq bundan nima naf?

Chipta sotuvchi har vaqt yolgʻiz qolsa, etikka qarardi. Bir kuni egasi topilar, deb umid qilardi. Har oqshom xonasini yopib, uyiga ketmoqchi boʻlsa, ichkariga olib kirib qoʻyardi. Bir gal yodidan koʻtarildi va etikcha tuni bilan devor chetida qolib ketdi.

Erta tongda mahalla supuruvchisi piyodalar yoʻlagini tozalayotganda etikni koʻrdi. Koʻz yugurtirdi. Yana joyiga qoʻydi. Egasi bola ekanligini va uni yoʻqotib qoʻyganligini tushundi. Etikning sohibi topilishi soʻrab duo qildi.

Bir oʻyinqaroq bola maktabdan qaytarkan, piyodalar yoʻlagida koptok oʻrniga hamma narsani tepib, irgʻitib borardi. Etikka yetib kelguniga qadar yoʻlda koʻrgan har narsani – karton quti, tosh, meva poʻchogʻini etigi bilan bir necha qadamgacha tepib kelardi. Etikka qaradi, uni qattiq tepdi; oʻynadi va surib ketaverdi, ketaverdi. Ana shunday zarbalarning birida etik borib, chiqindili suvga tushdi. Bola pastga qaradi va qoʻl siltab nari ketdi. Suv etikni oqizib ketdi. Etik axlatlarga aralashdi.

Mahalla supuruvchisi ariq ichidan axlatlarni olib tashlab, suv yoʻlini ochdi. Etikcha koʻziga issiq koʻrindi. Elas-elas esladi: saharda koʻcha boshidagi devor chetida turgandi. Supuruvchi etikni suv joʻmragi tagiga qoʻydi. Yuvdi. Egasi topilguncha tursin deb masjid devoriga suyab qoʻydi. Har oʻtganda uni koʻrar, egasi topilsin-da, deb duo qilardi. Bir necha kun oʻtdi hamki, etik qarovsiz edi. Kuchli shamol va yomgʻir kelib, uchirib yubordi.

Etik loy va iflos boʻldi. Bolalar tepardilar va oʻynardilar. Egasiz etikni koʻrgan bolalardan biri uni uyiga olib kelib, akasiga berdi. Akasi shippak ishlab chiqarish korxonasida ishlardi. U yerda eski shippak va charm etiklarni tegirmonga solardilar. Maydalab, eritib, qolipga quyardilar, soʻng yangi shippak va etiklar yasardilar.

Layloning onasi har kuni bir oyogʻi yoʻq bolani koʻrardi. Hamisha uylari oldida bizbizak sotar va oʻynayotgan bolalarni tomosha qilib oʻtirardi.

Onasi uyga kelganda:

– Laylo, bu etik senga kerak emas. Yur, birga borib, uni koʻcha boshidagi bir oyoqli bolaga beramiz, – dedi.

– Agar etigimni unga bersam, menga boshqa etik olib berasizmi? – deb soʻradi Laylo.

– Ha, olib beraman! Albatta, olib beraman! Vaqt topolmaganim bois shu paytgacha sotib ololmadim.

– Qachon vaqtingiz boʻladi?

– Hafta oxirida. Doʻkonlarga shunday chiroyli etiklar kelibdiki, asti aytma!

– U bolaga etikni oʻzim bermoqchiman!

– Mayli. Faqat, xafa qilib qoʻyma.

– Xoʻp!

Laylo va onasi bir poy etikni olib, bolaning yoniga ketishdi. Onasi beriroqda qoldi, Laylo bolaning roʻparasida toʻxtadi va dedi:

– Salom!

Bola jilmaydi:

– Salom! Bizbizak kerakmi? – dedi.

– Yoʻq, bu etik senga. Yap-yangi. Uning bir poyi yoʻqolgan. Har qancha izlamaylik, topa olmadik. Buni tashlab yuborish hayf.

Bola xafa boʻldi:

– Kerak emas! – dedi.

Onasi ularning yoniga keldi:

– Olaqol, oʻgʻlim. Biz qoʻshnilarmiz. Begona emasmiz. Oʻtgan yili qishda kerosinimiz tugab qoldi, kelib onangdan olgandik. Esingda yoʻqmi? Oʻylaymanki, bu bir poy etik bir kuningga yaraydi. Tashlab yuborsang, hayf boʻladi.

Bola ikkilanib rozi boʻldi.

– Xayr! – dedi qizcha va onasiga ergashdi. Onasi shivirladi:

– Xudo biladi, xafa boʻlmadimikan, ishqilib?!

Bola etikni diqqat bilan koʻzdan kechirdi. Oyogʻiga loyiqmi yoki yoʻqmi – koʻrmoqchi boʻldi. Etik oʻng poy ekan, uning esa shu oyogʻi yoʻq edi! Hech kerak emas.

Kulgisi qistadi.

Bola etikni nima qilishni oʻylardi. Bir kambagʻal tuzfurush eski-tuski poyabzallarni yigʻib yurar, oʻrniga tuz berardi. Bola etikni unga uzatdi, tuzfurush etikka qaradi:

– Yap-yangi ekan, boshqa poyi qani? – dedi.

– Yoʻqolgan. Qoʻshnimizning qiziniki. Har qancha izlamasin, topilmadi.

Tuzfurush etikni oldi va aravasidagi eski poyabzallar ustiga qoʻydi.

Shippak ishlab chiqarish korxonasi ham shu mahallada edi. Tuzfurush yirtilgan yoki eskirgan oyoq kiyimlarni olib kelib, shu korxonaga sotardi. Layloning etigi ham ularga aralashib ketgandi.

Tuzfurush qoʻli boʻshab, xaltasini yerga qoʻymoqchi boʻlgan paytda bir savatga koʻzi tushdi. U tegirmon labida turardi. Etikning boshqa poyi oʻsha yerda edi! Uni tegirmonda maydalashga keltirib qoʻyishgandi. Tuzfurush xaltasidagi etikni oldi, xuddi oʻsha etikning poyi ekan.

Etik poylariga razm soldi. Jilmaydi va oʻziga-oʻzi dedi:

– Topildi! Endi juft boʻldi!

Korxona ishchisi tuzfurushga qaradi va dedi:

– Nima boʻldi?

– Etikning poyi topildi.

– Egasini taniysanmi?

– Ha, u bir bolaniki. Uylari yuqori koʻchada.

Tuzfurush etikni bolaga keltirdi. Bola etikni olib, Layloning uyiga oshiqdi. Eshikni taqillatdi. Eshik yoniga Laylo keldi. Bola etiklarni unga berdi va dedi:

– Qara, etiging topildi!

Laylo xursand boʻldi, quvonganidan hatto qayerdan va qanday qilib topilganini soʻramabdi ham. Uyga yugurdi, “Maryam, Maryam! Etigim topildi, etigim topildi” deb qichqirdi. Qaytib eshikka qaradi. Bola esa ketib boʻlgandi.

 

Fors tilidan Bashorat Otajonova tarjimasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.