Eski udum

0
154
marta koʻrilgan.

Har yili kech kuz qishloqdagi eski hovlilarida barcha oila aʼzolari yigʻilishadi. Odatdagidek bu gal ham eldan burun oʻzi yetib keldi. Kirib borganda uyda hech kim yoʻq edi. Biroz ikkilanib turib qoldi. Bolaligi oʻtgan, hayotga ilk muhabbati uygʻongan qadrdon joyda birinchi marta oʻzini begonadek tuydi. Atrofga alang-jalang nazar tashlab chiqdi. Hammasi oʻsha-oʻsha: saranjom-sarishta. Faqat devorlar sal-pal nuray boshlabdi, xolos. Yo koʻziga shunday yotsirab koʻrinyaptimi, harholda, unchalik tushunmadi.

– Keldingmi? – dedi onasi hovli etagidagi daraxtdan terilgan sap-sariq behilarga liq toʻla savatlarni soʻriga qoʻyar ekan.

Xayol bilan boʻlib onasini payqamay ham qolibdi. U yugurgilab borib, qoʻlidagilarni oldi.

– Ogʻir boʻp ketibdi-ku, – dedi beixtiyor inqillab, zil-zambil idishlardagi mevalarni yozilgan dasturxonga toʻkarkan.

– Koʻnikib qolganman, – dedi onasi vazmin oʻgʻlini quchaturib, nafasini rostlarkan. U oʻzini noqulay sezdi. Aybini yashirmoqchi boʻlgandek, mahkam quchoqlab oldi. Onasi “Hechqisi yoʻq!” degandek yelkasiga qoqib qoʻydi.

– Bardammisiz, – dedi sekin pichirlab.

Onasi indamadi. Birozdan soʻng:

– Nevaralarim yaxshimi?.. Kelinni olib kelmadingmi? – deb soʻradi oʻsmoqchilab.

– Kelishmoqchiydi, yoʻlimiz qovushmadi, – dedi istar-istamas.

– Balki hamyoning koʻtarmagandir?.. – dangalini gapirib qoʻya qoldi ona.

– Shunaqaroq, – dedi tan olib u ham, tushunarsiz ohangda mingʻirlab.

– Bekor qipsan. Ularniyam sogʻinganman axir. Oʻzim borolmasam, – zorlandi onasi. – Hartugul, amallasang boʻlardi-ku. Ular uchun olmurutdan qoqi solib qoʻygandim.

Bolalari turshakning ana shunaqasini yoqtirishardi. Ayniqsa, buvilarining sutga solib qaynatib bergani joni-dili edi. Uning taʼmini shaharga qaytganlarida ham koʻp eslab yurishardi.

– Oʻqishlari qolib ketmasin tagʻin. Taʼtilda olib kelarman, – dedi bazoʻr.

Onasi yana jimib qoldi. Indamay behilarni saralab, ikkiga ajratardi. U birpas keksa onasining yumushini kuzatib turdi. Keyin kiyimlarini almashtirib chiqib, yordamlasha boshladi.

– Qoʻyaver, oʻzim uddalayman, – dedi kampir istamaygina. Ammo u oʻzini ishchan koʻrsatib, yanayam chaqqon harakat qila ketdi. Bu ishi onasiga yoqmadi, shekilli:

– Avaylamasang zaha qilasan, – dedi jerkib. U gap ohangidan hammasini tushundi. Boyagi ginaxonlik haliyam tarqamagan edi. Endi koʻnglini ovlash yoʻlini izlay boshladi.

– Yana terib oʻtaymi?.. – soʻradi boʻshagan savatlarni qoʻliga olarkan.

– Shunisi ham yetar, – dedi onasi erinibgina. – Ular oʻqib nimani qoyillatishardi. Barisi urf-odatlarni unutishyapti. Kattalardan uzoqlashishgani qolyapti.

Ochigʻi, nima deyarini bilmay boshi qotdi. Onasi toʻgʻri aytardi. Oʻylab koʻrsa, oʻzi ham oʻqimishli boʻlib xuddi shunday qilgan. Mingni uqib tuzukroq hol soʻrashni bilmasa odam, undan ne naf. Bu iddaolarning barisi oʻziga qaratilgan asli.

– Hayot shunaqa ekan-da. Vaqt bir joyda kutib turmasa. Zamon kundan kun oʻzgarib borayotgan boʻlsa…

–… Aqlimni tanibmanki, hammasi oʻsha-oʻsha. Dunyo ham joyida. Avval qanday boʻlsa hozir ham shunday, – gapini choʻrt kesdi onasi. – Yana senga aytsam, odamzotning oʻzi oʻzgargan!

U tortishishni xohlamadi. “Bularning bari bor gap, – deb oʻyladi. – Lekin kechagi kun bilan bugun bir-biriga oʻxshamaydi-da baribir…” Xayolidagi fikrlar toʻqnashuvida yana boʻsh kelgisi kelmasdi uning.

– Sen togʻoralarni ol! Anor uzamiz, – dedi onasi xayolini buzib. U beixtiyor boʻysundi. Idishlarni koʻtarib, onasiga ergashdi.

Anorzorda hosil moʻl edi.

– Bu yil havo yaxshi keldi. Hamma mevalar boshini yeb soldi. Har yilgidan tuzuk-da, harholda. Bultur bari daraxtlarni sovuq urgandi. Avj olmasmikin, deb qoʻrqqandim. Xudoga shukur! Oʻzining rahmi keldi. Boʻlmasam, biz ham oʻtirib qolardik.

Onasi pishib yetilgan katta-katta anorlarni bitta-bitta uzib unga uzatardi. U boʻlsa avaylab savatlarga joylardi. Yorilganlarini alohida qilar, saralarini boshqa yoqqa terardi.

– Gulini pastga qaratma. Ezilsa uzoq turmaydi, – tanbeh berdi onasi. – Nima balo, hammasini unutibsan-da!?

– Qoʻlim ancha chiqqanmi deyman, – oʻzini oqlamoqchi boʻldi u.

– Ha-aa… Otangning sendan umidi katta edi. Buni katta shaharda oʻqitamiz, derdi rahmatli. Aytganini qiladigan odam edi-da. Shuning uchunam hamma hurmat qilardi.

Bolaligida bogʻda otasiga koʻp yordamlashgan. Bahorda daraxtlarning tagini yumshatib, oʻgʻitlashishar, kuzda esa hosilni yigʻishtirishardi. Otasining qiziq odati bor edi. Har doim pishgan mevalarning oldini qoʻshnilarga ulashardi. Nima sabab bunday qilganiga haliga dovur aqli yetmaydi. Otasidan soʻraganda: “Kelasi yil uchun”, derdi jilmayib. Toʻgʻrisi, bu haqda hech oʻylab koʻrmagan ekan.

– Qolganlar hayallashdimi?.. – gapni boshqa yoqqa burmoqchi boʻldi u aka-ukalariga ishora qilib. Yoʻqsa, onasini biladi. Koʻzyosh qilishi aniq. Oʻpkasi toʻlib turibdi. Buning ustiga, boshidan yigʻlab olsa, ming yillik yigʻin ham tatimaydi.

– Hademay kelib qolishadi. Uyni toʻzitishadi hali, – fikrini boʻldi onasi.

– Hammalari katta boʻlib qolishgandir? – jiyanlarini soʻradi u.

– Nimasini aytasan. Oʻh-hoʻ… Aql oʻrgatishadi senga. Kelishsa koʻrasan.

Onasi nevaralarining qaysi bir qiliqlari esiga tushdimi, miyigʻida kulib qoʻydi. Ikki savat ham qip-qizil anorlarga liq toʻldi. Endi mevalarni bandi bilan uzib, togʻoralarga joylay boshlashdi. Bu safar bir qator qilib terib chiqishdi.

– Boʻldi, yetarli, – dedi onasi biroz oʻtib. – Qolganini keyinroq yigʻib olamiz.

– Men terib qoʻyaqolay, – dedi u onasining charchaganini bilib.

– Butun boshli bogʻni senga ishonib boʻlarkanmi?..

– Eplarman.

– Uzoq yoʻldan kelgansan. Yur endi, – dedi onasi qatʼiy.

Ular idishlarni olib bogʻdan chiqishdi. Hammasini koʻtarmoqchi boʻlgandi onasi koʻnmadi. Qoʻyarda-qoʻymay bir savat bilan togʻorani oʻzi oldi.

– Unaqada anorlar eziladi, – dedi dakki berib.

Shu payt darvozaxonadan dupur-dupur oyoq tovushlari eshitildi. Kim, deyishga ulgurmasidan aka-ukalari yetib kelib, zumda qoʻllaridagi idishlarni olishdi. Onasi aytganday, birpasda qiy-chuv, toʻs-toʻpolon boshlandi. Kichkina jiyanlari xarxasha qilishar, kattalari boʻlsa yupatishardi.

– Koʻrdingmi bularning qanaqaligini? – dedi onasi ularga qarata qosh uchirib.

– Buvilariga oʻxshagan-da, – dedi u ham miyigʻida kulib.

– Koshki shundoq boʻlsa. Otasining oʻzginasi. Mana bunisining shirinligini qara. Meni koʻrgani kelibdi-da jujugʻim, – deya eng kichkina nabirasini koʻtarib bagʻriga bosdi onasi. Choʻntagidagi shirinliklardan berib, biroz erkaladi.

– E-ee, bormisiz, aka! – soʻrashdi ukasi shoshib kelib.

– Rahmat.

– Bizsiz butun hosilni yigʻishtiribsan-da, uka, – dedi akasi ham koʻrisha turib.

– Yaxshimisiz, aka.

– Xudoga shukr. Oʻzing tuzukmisan? Oilang tinchmi?.. Qani ular!? Nega olib kelmading? Bir yozilib ketishardi-da.

– Hadeb avaylayvermay qishloq oftobidan ham yediring ularga, aka! – dedi ukasi ham qoʻshilib.

U tuzukroq bahona topolmay kulib qoʻya qoldi. Birin-ketin jiyanlari kelib koʻrisha ketishdi. Kattalari boʻyi barobar choʻzilishibdi. Hammasini koʻrib xursand boʻldi. Yangasi bilan kelini ham hollasha turib, oilasini soʻrashdi. Rostdanam olib kelsa boʻlarkan.

Birpasda ayvonga dasturxon yozildi. Singlisi keliboq osh-ovqatga unnadi. Onasi kelinlari bilan non zuvalasini olishga tushdi. Bu gʻimir-gʻimirlarni koʻrib kallasi aylanib qoldi. Hamma narsa taxt edi. Onasi hatto xamirgacha qorib, tayyorlab qoʻygan ekan. U nima qilarini bilmay, tandirga oʻt qaladi. Kosov bilan olovni kavlab, sal qoldi qoshini kuydirishiga. Xijolatdan ariqdagi suvga yiqilay ham dedi. Toza kulgi boʻlardi-da oʻziyam. Jiyanlari amakilarining harakatlarini bir-biriga koʻrsatib, qiqirlashardi. Yer yorilmadi-yu, kirib ketmadiyam… Amallab tandirni qizitib oldi. Onasi kelib, oʻzi non yopdi. Tandirning jagʻiga mitti kulchalardan yopishtirgan ekan, birozdan keyin uzib unga uzatdi.

– Ma, yeb ol! Esingdami, bola paytlaring doim kulcha pishishini poylarding, – dedi. U qoʻli kuya-kuya sindirib ogʻziga soldi. Haqiqatan ham, juda mazali. Xotiralar vujudida ajib his uygʻotdi chogʻi, allanechuk boʻlib ketdi.

Shu yoʻsin qosh qoraydi. Kechki ovqatga barcha jamuljam boʻldi. Hamma yoqni endigina tandirdan uzilgan issiq nonu, ishtahani qitiqlovchi qovurma taomlarning isi tutdi. Mevalarning hidini aytmaysizmi? Naq dimogʻni yoradi-ya! Hammalari birga oʻtirishib tanovvul qilishdi. U yoq-bu yoqdan gaplashib, koʻngil yozishdi. Onasi nevaralari bilan ancha ovundi. U ham yaqinlari qatorida oʻzini yengil sezdi. Barcha tashvishlarini unutgandek boʻldi. Dasturxonni yigʻishtirar vaqti otasini eslashdi. Onasi oʻtganlar haqqiga duo qildi. Shu bilan bu yilgi yigʻinga ham yakun yasaldi. Hamma tarqadi. Bir zumda uy yana huvillab qoldi. Yotar mahal onasi gapga tutdi.

– Qachon qaytasan?

– Ertaga.

– Biroz qolmaysanmi?

– Ishlarim koʻp. Keyin nevaralariz…

–… Otang hosilning boshidan shaharga joʻnat, deb tayinlagandi, – dedi sekin gapini boʻlib. – Shuning uchun ertalab injiqlik qila koʻrma!..

Har gal shu – ketar mahal onasi bir dunyo narsalarni qoʻliga tutqazardi.

– Xoʻp, – dedi bosh qimirlatib.

Ammo onasining ichidagi gap boshqa edi. Uni aytolmay qiynalayotgani yaqqol sezilib turardi.

– Boyagi soʻzlarimdan xafa boʻlmagin yana. Bolalarni oʻqitinglar. Kelinga ham tayinla. Koʻp kuyunavermasin. Dunyo oʻzi shunday…

Onasi nimaga shama qilayotganini tushunolmay biroz garangsidi. Uzoq vaqtdan beri xotinining tobi yoʻq edi. Biroq onasi buni bilmasdi-ku! Hayron boʻlib qaragan edi:

– Yoz oxirlab qolganda kelin tushimga kiruvdi. Oppoq kiyimda farishta misol uchib yurgan ekan. U osmonga qarab talpinar, sen boʻlsa yerga tortarding. Tuzukla, betobga oʻxshaydi. Hali sogʻayib, otday boʻlib ketadi. Koʻp siqilavermanglar.

U nima deyarini bilmay, jim qotib qoldi. Vujudi quloqqa aylanib, faqat tinglardi.

– Yana bir gap, – dedi onasi chuqur xoʻrsinib. – Doim bir narsa ichimni ezadi. Diydor qiyomatga qoladimi, deb zirillayman. Gapimni boʻlishga shoshilma. Oʻzimni oʻzim yaxshi bilaman. Otangdan keyin ancha choʻkdim. Ishlarim ham avvalgidek unmayapti. Harakatda mador yoʻq. Qaridim, shekilli. Barisi orqaga qarab ketyapti. Buni oʻylash qanchalik ogʻir boʻlmasin, bu – haqiqat! Haqiqat esa doimo achchiq…

Ming harakat qilib, gapirishga chogʻlansa ham, buni uddalay olmadi. Hatto onasini yupatuvchi biror soʻz aytolmadi.

Tun ichi onasining gaplarini oʻylab mijja qoqmadi. Quyosh bosh koʻtarmay, akasi bilan ukasi yetib keldi. Tong sahar katta yoʻlgacha kuzatib qoʻyishdi.

Ketar chogʻ onasini mahkam quchoqlab, xayrlashdi.

– Umringiz uzoq boʻlsin! – dedi sekin.

Onasi duo qildi.

– Yaqinlaringni yoʻqlab tur, – dedi ortidan.

Yoʻlda atrofdagi dov-daraxtlaru qadrdon yoʻllar ham onasining gapini takrorlayotgandek tuyulardi. Bir tomondan yaqinlari bilan boʻlgan kechagi oʻtirish zavqiyu boshqa tarafdan onasining tundagi ohi-zori ichida tortishardi. Ulardan qochay deb qocholmasdi. Osmon olis, yer qattiq. Manzilgacha esa hali ancha bor edi.

– Albatta, – dedi beixtiyor pichirlab oʻziga oʻzi, ketib borarkan.

Kelasi yil kech kuz qishloqdagi eski hovlilarida barcha oila aʼzolari yana yigʻilashadi.

 

Baxtiyor Nuriddin

 

“Yoshlik”, 2016 yil 4-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.