Erkin Aʼzam deydiki…

0
237
marta koʻrilgan.

* * *

Adabiyot… oʻzim yaxshi koʻrgan, hayotimni bagʻish­lamoqqa ahd qilgan soha. Taqdir boshqa bir yoʻlga solib yuborganida ham men baribir usiz yashayolmas edim chogʻi.

 

* * *

Adabiyotning bugungi jamiyatdagi oʻrni haqida toʻlib-toshib soʻzlamoq qiyindir-ov. Adabiyot, umuman sanʼat hozirgi kunda pul, manfaat dunyosiga duch kelib turibdi. Bu balolar aralashgan joyda chinakam adabiyotu sanʼatdan soʻz yuritish ortiqcha.

Bular ham zamonga moslashsin. Ana, xaridorgir kitoblar peshtaxtalarni toʻldirgan-ku, demoq boʻlsangiz, kaminangiz ularni adabiyot hisoblamaydi-da. Ular yozuvchilik daʼvosida, adabiyotga oʻxshatib, aslida bozor ilinjida naridan-beri yasab tashlanayotgan nimarsalar, xolos. Haqiqiy adabiyot namunasi bunday tezqadam, tezpishar boʻlmaydi, u dard­li soʻzdan, toza soʻz­dan dunyoga keladi. Xudo bergan kuni emas, Xudo yorlaqagan kuni!

 

* * *

Yoʻldagi odamni (yozuvchini) shakllanib boʻlgan, yaʼni manziliga yetgan deyish mumkinmi, ayting? Hayot uni yoʻnib, toblantirib, chiniqtirib borishi tabiiy hol. Biroq yoʻnilaverib, sip-silliq boʻlib qolmoqdan saqlanish lozim. Unday odamning qalamidan chiqqan narsalar ham oʻziga oʻxshab sip-silliq boʻladiki, adabiyotga buning sira darkori yoʻq.

 

* * *

Meni asarning janri emas, unda erishilgan badiiy natija koʻproq qiziqtiradi. Roman yozgani bilan odam yozuvchi boʻlib ketaversa koshki ekan! Boshqalarni qoʻyib buyuk Chexovni oling! Unga zamondosh boʻlgan necha-nechalari oʻnlab romanlar yozgan, lekin bugun ularning nomini kim biladi, ayting?

 

* * *

Bitta “sekret”imni aytaymi? Mavjud andozalarni unutib, sipogarchilikni yigʻishtirib, voqelikni, qahramonlaringizni iloji boricha aniq, rostgoʻylik bilan tasvirlab bersangiz, oʻzi shunday chiqaveradi: kulgiliroq, hayratomuz… Bunda oʻzingizning shaxsiyatingiz, taʼb-didingiz ham muhim, albatta.

 

* * *

Koʻp oʻqib-oʻrganganim, havas qilganlarim rost, ammo sira birovga oʻxshatib yozgim kelmaydi. Axir, oʻzim-chi, men ham odamman-ku, hech kimga oʻxshamayman-ku, bilganimcha, qoʻldan kelganicha yozaveray-chi, deb urinib yotaveraman.

 

* * *

Ikki yuz-uch yuz sahifali qoʻlyozmaning ustiga “roman” deb yozib qoʻygan bilan roman boʻlaveradimi? Uzundan-uzoq bir kechmishni anchayin joʻngina yozib chiqqan yoki tarixan biror davrni olib, “qosh-koʻzi”ni adabiylashtirib qayta hikoya qilib bergan “roman”lar haqiqatan ham koʻpayib ketdi. Nima ham derdingiz, Xudo insofini bersin, xolos!

Menimcha, roman deganlarida yangi bir voqelik, yangi ruh, murakkab xarakterlar, ularning chigal taq­diri, shulardan tugʻiladigan salmoqli bir falsafa, fikrlar boʻlmogʻi lozim. Kitobxonni u ilgari notanish yangi bir dunyo, yangi voqelikka boshlab kirmogʻi darkor.

Shunaqa asarlarimiz chindan ham kamroq.

 

* * *

Modern, aslida, yangicha, adabiy bir yangilik degani. Sirasini aytganda, chinakam badiiy asar hamisha kashfiyot, yangicha boʻlmogʻi lozim va shu soʻzga koʻngil juda sust ketsa, uni sira ikkilanmay modern namunalari qatoriga qoʻshish mumkin. Darvoqe, rus adabiyotshunosligida bu borada “modernlashgan realizm”, yaʼni yangilangan realizm degan bir istiloh ham paydo boʻlibdi-ku. Demak, baribir, tagzaminida realizm bor ekan-da, osmonga sapchib nima foyda!

 

* * *

Har gal yangi nimadir yozganingizda bir gaplarni aytdim-ov, deb oʻylaysiz oʻzingizcha. Lekin bari – dengizdan tomchi. Dildagisini umrning oxirigacha aytib ado qilib boʻlmas!

Muhim gapni aytish uchun, avvalo, koʻngilda shunday gap boʻlishi kerak.

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.