En

0
86
marta koʻrilgan.

Safarali bobo toʻyda yana ovoza qildi: “Bizdi suruvda bir begonasi bor, maʼrab uyqu bermaydi. Qoʻzimi, deyman. Qarib koʻz qurgʻur oʻtmayapti, boʻlmasa, eniga qarab topib suyunchisini undirardim”.

Mamadali choʻpon unga gap qotdi:

– Qoʻzining suyunchisi nima boʻlardi, ini? Lekin oʻzingiznikini tanimay oʻlib qolmang-da, tagʻin! Qoʻy degani maʼrayveradi.

Bobo koʻrsatish barmogʻini avaylagannamo tishlab kuldi:

– Ovozidan bilaman-da, ota! Menimcha, yantoq bitgandan beri qoʻy boqaman-ov! Shunda suyak qotgan, nonini yeganman. Suruvda sakkiz uyning qoʻyi bor. Qiziq, Murtozaning qoʻyi Irisnikiga oʻxshamaydi. Qoʻzisiyam, shu. Keyin hadeb zorillayversa koʻz oʻngingizdan ketmay qolarkan…

Xonani pichir-pichir tutdi. Ular sel payti falonchining qoʻyini sel oqizganiniyu, qaysidir choʻponning echkisi jalada shishib ketgani va zoʻrgʻa pichoqqa ilintirganini aytishdi. Bu orada xonaning oʻzida qoʻy yoʻqotgan koʻpaydi.

– Borsin, koʻrsin, tanisa oladi, – dedi bobo.

Toʻy tarqaldi.

***

Bobo kechga yaqin Otaboy qiri yoqalab Podayotoqqa kelarkan, adirdan tushib kuzda shudgorlangan, qizgʻaldoq, ismaloq, chitir bodragan soylikka tomon oʻrlayotgan suruvni koʻrib kayfi uchib, eshak biqiniga xalachoʻp niqtadi. Poʻlat doʻnglikdan hushtak chaldi. Eshak tepsinib chopdi. Bobo egarga mahkam oʻtirdi. Sangnoqqa yetib suruvning yoʻlini qaytardi: “Damlab oʻlasan, baring! Qayt-ey, nafsingdan osilmay ketgur!” Bari yigʻilgach, qoʻzilarning qulogʻiga belgi tushirilganini koʻrib afti burishdi: “Obbo, en solib qoʻyibdi-ku! Oʻng quloq uchidan kesibdi”. Enga qarab begonasini ajratolmagach, sanadi, baribir, bitta koʻp. Koʻnglida bir gʻayur oʻy yugurdi: “Uch marta aytdim, endi halol. Yoʻq. Hey, shu bitta qoʻzi bilan kamu koʻst bitarmidi? Borining barakasini bersin! Hafta oxirigacha kutay-chi, bir bechoraning toʻyga ataganidir”.

Qoʻzichoq choʻzib, quloqni qomatga keltirib maʼradi. Bobo atrofga sersoldi; qashqa, qorni katta – damak, boʻynida “munchogʻ”i bor. U boychechak uzib kavshadi-da, Poʻlatning tayogʻidan hurkmay unga tomon yurdi.

– En solishga qichovmidi? Birovniki qoʻshilgan, degandim-ku!

Poʻlat qoʻlidagi qirqlikni oʻynatdi:

– Yomgʻirda qonagani bilinmaydi. Kunlar isiguncha qotib ketadi.

– Ma, toʻydan osh beruvdi. Oʻchoqqa qoʻyib, isitib ye!

***

Safarali bobo suruvni qorongʻitalashgacha boʻz – ajriqzorda boqib, soʻng chortoqqa qamadi. Koʻngli gʻash, miyasini achitayotgan muammoga yechim izlardi: “Begona deganim, toʻqlini emib yuribdi. Oʻzimiznikimikan? Sharmanda qilmasin, ishqilib. Omonat yomon, oʻzingizniki boʻlsa boshqa gap”.

Oʻtovda Poʻlat choy hoʻplab oʻtirardi.

Chol choponini qayirib, poʻstakka qoʻnib, gap boshladi:

– Choʻponlik osonmas, bolam! Chidam kerak, hali eting boʻsh. Oʻqishni bekor tashlading! Oʻn kunda shalvirab qolding, butun umr suruvning orqasidan yurish… Bugun bor, ertaga yoʻqman, mening davrimda bir kasbni ushla, deyman-da! Hech kim boshingni silab, pul bermaydi.

Poʻlat oʻmrovini koʻtardi:

– Oʻqimagan koʻchada qolayaptimi?

Chol istehzoli kuldi:

– Yoʻgʻ-ey, boshlagan ishingni oxiriga yetkazmasligingni aytaman. Biror hunarning boshini tutsang, mehnatini, qiyinchiligini boʻyningga olishing kerak. Xiyonat qilmasang, koʻkarasan!

Poʻlat otasiga choy uzatdi.

– Ertaga tushgacha shu yerdaman. Ertalab qishloqqa tushib tuz puli yigʻ. Keyin anavining egasi chiqsa, ber! Tagʻin talashib yurma! Egasi chiqmasa, Chuchukxonning bolalariga beramiz. Ular ham qoʻy boqsin! Toʻrt-besh yilda hovlisi tuyoqqa toʻladi.

Poʻlat qoʻy boqish gashtini xayolidan oʻtkazib shirin entikdi.

***

Qashqa sovliqning yelini shishgani sayin Oʻrinboy boboning dili ogʻridi. Safaralinikida bir begonasi bor, deb eshitdi, ammo borishga iymandi. “Bir ariqdan suv ichamiz, uyat! Qoʻzi soʻrab borsam-a! Shuncha yillik qadrdonlik. Eskilardan ikkovimiz qoldik. Undagi ham, mendagi ham elniki, el yeydi. Jala kuni itqush oldimikan? Sel oqizib ketgan-ov! Chuvini yeb qoʻygan-da, bolasini esidan chiqarolmaydi. Hidini biladi, tirik boʻlsa topadi! Balki, egasini topib ketgandir”.

U Mullasoyning betkayidan Podayotoqqa suruvni qoʻsh-qoʻshladi. Qoʻy-qoʻzilarning qorni toʻyib, jaziramadan boshini yerga ogʻib, uyalab, toʻdalashib yurardi.

U suruv qirga yetguncha birovnikiga qoʻshilib ovora boʻlmasligi uchun yolgʻizoyoq yoʻldan oʻn-oʻn besh qadam yugurib hansiradi. Keyin tayoqqa suyanib ilgariladi.

Oʻrinboy bobo qirga koʻtarilganda Safarali bobo suruvni Bodomzorga qayirarkan, qoʻy-qoʻzilar maʼrashib bu yerni bozorga aylantirayozdi.

– Boringga shukr, ogʻayni! – dedi manglayini artib Oʻrinboy bobo. – Hayda, endi. Senda tinim yoʻq! Hay-hay, bir kun oʻlasan-ketasan, bari ortingda qoladi.

Cholning ovozi shovqin ichra siniq eshitildi.

Safarali bobo choponining yengini silkidi:

– Buncha chav-chavlading! Sovligʻing qoʻshgayam koʻnmaydimi, deyman?

Sovliq uni aylanib qochdi va qoʻtonga aralashib qorni shishgan qoʻzini topdi. U qoʻzini bir-ikki shoxlagannamo turtib, emizdi va ortidan ergashtirdi.

Safarali bobo koʻzini qisib tikilib, tosh qotdi. Ikki xil en. Ammo oʻzinikini ajratishga qurbi yetmadi, Oʻrinboy ota ham mum tishladi.

***

Ertasiga bobo suruvni tarqatib yubordi. Endi u qoʻy boqmaydigan boʻldi.

 

Olim JUMABOYEV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.