“Astronomik” ashulalar

0
234
marta koʻrilgan.

(Yaʼni yulduzlar kuylagan qoʻshiqlarga hazil javoblar)

 

Yondi, yondi, yurak yondi,

Yondi oy va yulduzlar…

Shakarxanda:

– Gʻirt yolgʻon qoʻshiqlardan. Hofiz, astronomiyadan bilimlari oʻzimiznikidaymi, deyman? Yulduzlar yonishi haqida eshitganmiz. Oy qanday qilib “yonadi”, isbotlash ham kerak-da!

 

***

Shomrot akam qattalar,

Shomrot akang shoʻttalar.

Shakarxanda:

– Oilaviy sirlaringni ovoza “qillaring” endi! “Shomrot akam qatta, Shomrot akam qatta?” Birinchidan, “Shomrot” emas, ota-onasi uni ham suyib, “Shohmurod” deb ism qoʻygan! Ikkinchidan, senday suluvgina xotinini tashlab, sangʻib yurgan “Shomrot” akang “qatta” emas, gʻirt latta ekan, qizim! Qoʻy, boshqa ashula ayt!..

***

Nechun yirogʻlab ketding,

Yana sogʻindim, yana…

Shakarxanda:

– Sogʻinchning davosi – diydor, deydilar. Suluvginaning qoshiga uching, hofiz. Kuylab, dardni dasturxon qilib oʻtirgandan ne foyda?

 

***

Boshim aylandi,

Boshim ayla-andi…

Shakarxanda:

– Bu juda xavfli-ku, hofiz!..

 

***

Mahallangni kezaman,

Toʻyingni ham buzaman…

Shakarxanda:

– Azizlar, toʻy-poʻy qilayotganda, xavfsizlik choralarini kuchaytirishingizni iltimos qilamiz…

 

***

Men seni yorim desam,

Yoningda yoring bor ekan…

Shakarxanda:

– Hozirgi qizlarga oʻylab gap otish kerak, hofiz!

 

***

Bu hovlining men uchun

Darvozasi yopilgan…

Shakarxanda:

– Yopiq ekan, deb qarab turaverish yaramaydi, uka! Zvonokni bosing, zvonokni!

***

Qashqadaryodan Surxondaryoga

Kelin boʻlib ketdi Laylo…

Shakarxanda:

– Bu – hayot, uka. Qizlar kelin boʻladi, yigitlar kuyov. Laylo tegib ketgan boʻlsa, Lobari bor, Lolasi bor. Shunga kuyinib oʻtirasanmi?

 

***

Sen faqat tabassum qil,

Sen faqat tabassum qil…

Shakarxanda:

– Boʻlar-boʻlmasga, kun – yigirma toʻrt soat tabassum qilganlarga qanday tashxis qoʻyilishini bilasizmi, yaxshi qiz?

***

Men seni oʻxshatardim

Jonginam, ohularga…

Shakarxanda:

– Inson mukarram zot, deyishadi. Uni jonivorlarga tashbeh qilib boʻlmaydi, oʻrtoq!

 

***

Ishq nashtari tilkalaydi kuragimni,

Arazingiz ochilmaydi, arazingiz…

Shakarxanda:

– Sevgining yurakka emas, kurakka sanchilishi – zoʻr yangilik! Arazning ochilib-yopilishini ham sizdan eshityapmiz, birodar.

 

***

Arazlamang, jonim, siz arazlamang,

Oʻzim oʻsma qoʻyay shu qoshingizga…

Shakarxanda:

– Yaxshisi, goʻzallik saloni ocha qoling, doʻstim!..

 

 

Elmurod tayyorladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.