Dutor

0
223
marta koʻrilgan.

U gʻira-shirada uydan chiqardi. Qoʻlida ketmon sopidek uzun sopli erkaksupurgi, chelak. Chiqardi-yu, koʻchaga razm solardi. Kechqurun qalin qilib suv sepilgan asfalt trotuarning nami tarqalgan. Sharqirab oqayotgan ariq betidagi qator yosh chinorlar orasidan tanga-tanga nur tushib turibdi. Hamma yoq top-toza. Shunday boʻlsa ham u yer-bu yerga supurgi uradi, keyin katta koʻchaga chiqaverishda burchak boʻlib tushgan besh qavatli uy tomon yuradi. Pensiyaga chiqqandan beri u shu yerlarni supurib-sidiradi. Uyda oʻtirib boʻlarmidi. Kampirning oʻziga ish yetmaydi-yu, u nima qiladi? Yaxshiyam shu ishni berishdi. Toʻgʻrirogʻi, oʻzi soʻrab oldi. Boʻlmasa, yuragi naq yorilib ketardi.

Katta uyning oldidagi xiyobonni, yoʻlaklarni tozalab boʻlgach, muyulishdagi deraza tagiga kelib turadi. Shu yerda u mashq eshitadi, dutor mashqini eshitadi. Bir oycha boʻlib koldi, kimdir shu uyda har kuni saharda dutor chaladi. Koʻp emas, uch-toʻrtta kuy chaladi. “Chor zarb”ni chaladi, “Tanovar”ni… Yana nimalarnidir chaladi. Keyin dutor tinadi. Tinguncha u quloq solib turadi. Qoʻlida ketmon sopidek uzun sopli supurgi, chelak…

U ham chalardi, yaxshi chertardi dutorni. Ayniqsa, “Tanovar”ni chertganda, yuraklarni sel qilib yuborardi. “Qoʻying, boʻldi”, derdi shunda kampiri tushmagur yengi uchi bilan koʻzlarini artib. Mana endi oʻn yetti yildan beri qoʻliga olmaydi dutorni. Uyning toʻrida, oʻgʻlining hoshiyali ramkadagi surati tagida osigʻliq turibdi. Har kuni bir qarab qoʻyadi, lekin tegmaydi. Yuragi betlamaydi tegishga. Uni maktabni bitirganda oʻgʻliga hadya qilgan edi. Rahmatli chalolmadi, urushda yoʻq boʻlib ketdi. Shu-shu, devorda osigʻliq. Hech kim tegmaydi – na kampiri, na oʻzi.

Deraza tagida chol mashqqa mast boʻlib oʻgʻlini oʻylardi. Tirik boʻlganda u ham shunaqa chalarmidi?!

Bir kuni xayolga choʻmib oʻtirganda katta uydan bir yigit chiqdi. Qoʻlida qizil duxoba gʻilofli dutor. Cholni koʻrib salom berdi.

– Yaxshi chertarkansiz, – dedi chol. – Lekin dutoringizning mazasi yoʻq.

– Ha, – dedi yigit, – qorni yorilgan edi, yaxshi tuzatolmadim.

Ertasiga u katta uyga ertaroq keldi-da, derazani taqillatdi, yigit chiqdi.

– Kechirasiz, oʻgʻlim, bezovta qildim, – dedi chol. – Manavini chaling-chi.

Bu oʻsha, oʻgʻliga hadya qilgan dutor edi.

Berdi-yu, xiyobonga oʻtib ketdi.

Koʻp oʻtmay “Tanovar” jarangladi. Chol deraza yoniga keldi. Mashqqa mast boʻlib turib qoldi. Qoʻlida uzun sopli supurgi, chelak…

 

1963

 

Oʻlmas UMARBEKOV,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi

 

“OʻzAS”dan olindi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.