Dorboz

0
274
marta koʻrilgan.

– Shabnam, qizim-onam, tetik boʻl! Mana men, koʻrdingmi?! Qoʻrqma, qizim-jonim! Men shu yerdaman-a?!

Dorboz gap tashlaganda doira sasi tinadi. Otaning ovozi titrab ketadi. Toʻrt gaz balandlikdagi dor ustida, qizchaning kiftini tutib turgan oʻspirin qoʻllarini oladi. Qizchaning ovozi jaranglaydi:

– Labbay, dada?

– Xudoga shukr! Ena qizim, men senga duo olib beray…

– Mayli, dada…

– Xaloyiq! Qildor ustida, qaldirgʻoch yoʻlida yurayotgan Momo Havo avlodiga bir duo bering!…

Oʻz tashvishi bilan yakkam-dukkam qadam tashlab oʻtayotgan Chol dorni koʻrsa-da beeʼtibor ketayotgandi. U qildor ustidagi qizchani koʻrib qolgach, bir balodan uzoqlashmoqchiday qadamini tezlatgan boʻldi. Ammo “duo”ni eshitib, yuk xaltasiga oʻtirganicha beixtiyor tomoshabinga aylandi.

Olomon duoga qoʻl ochdi.

– Shabnam, jigarim, koʻzim qorasi, boshingda nima bor?

– Toji davlat!

Oʻspirin dorda turganicha unga “Bale!” deya joʻr boʻldi.

– Koʻzingda nima bor, nuri diydam?

– Nuri Muhammad!

– Bale!

– Tilingda nima bor?

– Kalima-i shahodat!

– Bale!

– Qulogʻingda nima bor, gulim?

– Azoni qiyomat!

– Bale!

– Balli, qizginam!

Soʻng ota-dorboz uzun duo oʻqidi. Bahovuddin balogardondan tortib, Samarqandda oʻtgan aziz-avliyolar, anbiyo-yu zikriyolar nomini aytib, duoga qoʻl ochganlarning farzandsizlariga farzand, toʻysizlariga toʻy, safardagilariga omonlik va hokazo-hokazolarni Yaratgandan koʻzdan yosh chiqqudek tilab, soʻradi. Duodan junbushga kelgan ixlosmandlar, umidvorlar yo shunchaki koʻngli boʻshlar duogoʻy dorbozning qoʻliga pul tutishdi. Masxaraboz bir quti keltirib dorboz oldiga qoʻydi. Pul berish choʻzildi. Dorboz choʻkkalab olganicha pul tutayotgan sunnat yoshidagi bolakaylarning peshonasini siypalar, shu bilan birga dasta-dasta pullarni changallaganicha qutiga tashlab ulgurardi… Uning ogʻzi bir lahza ham tinmasdi: “Avliyolar Ibrohim, Ismoil, Makkai muazzam, dinlarni chirogʻi Imomi Aʼzam, Shayx Ahmad, Zinda fil, Imomi Shofeʼiy… va yana Allohim oʻzi Murabbiy…

Dorbozning tili tinmaydi-yu, koʻzi olma teradi. Biror kimsaning davraga chiqishga ikkilanayotganligini koʻrsa tagʻin hamdga zoʻr beradi, ming azob bilan dostonchi-baxshilardan oʻrgangan duolarini takrorlashini qoʻymaydi, oʻtkir nigohlari bilan ikkilanuvchini “jodulaydi”. Gipnoz taʼsiridagi banda oʻrtaga chiqib “atagani”ni tashlab ketganini bilmay qoladi…

Dorbozning duogirligidan tomoshabin cholning koʻngli zil ketdi. U tinimsiz yuz-koʻzini, oppoq soqolini siypalar, koʻzlaridan yosh tirqirardi.

Ota-dorboz qildor ustidagi qizchasiga vaqti-vaqti bilan nazar tashlaydi; nigohlari bilan oʻspiringa “buyurib” ulguradi. Oʻspirin yana qizchaning kiftini tutadi…

Dorbozning zikri va nazr yigʻishi davom etaverdi. Endi u yakka kelib alohida duo soʻrayotganlarning iltimoslarini bajarishga oʻtdi. Hijob kiygan bir juvon dorboz oldiga kelib, uning kiftini tavof qildi. Qoʻliga bir changal pul tutganicha, dorbozga nimalarnidir pichirladi. Dorboz duo aytdi:

– Yo, Alloh! Xaloyiq! Shu singlim mendan baxti ochilishini soʻrab duo olib berishimni iltimos qildilar. Men bu duoni sizlardan olib Egamga yoʻllovchi bandaman! Men qildor nonini ona sutiday halollab yeyapman, duoyim ijobat boʻlar… Qani, xaloyiq, bir duo qiling! Yo, Xudo! Karimsan, Samadsan, rahm aylab yor boʻlgin nochor qullar-a! Haybatimdan titrar fili farangi, Toshkandning mulkida Erbobo Zangi, tavba qildim men gapirsam baland-pas, har bandadan baland boʻlur choʻpu xas; Sohibning sardori, ey Said Vaqqos, sadagʻang boʻlayin Gʻavs bilan Gʻiyos, haqning gʻaznachisi Xoʻjai Xizr, shu banda dardiga davosin bergil…

Duoning shu yeriga kelganda cholning sabri dosh bermadi. U goh chiqarib, goh bekitayotgan pulini shartta bir kelinchak orqali dorbozga uzatib yubordi.

Dorboz omin qilib ulgurmadi – davra atrofidagi ayollar yopirilishdi. Ojizalar duogirning kiftini, yelkasini, kiyimlarini tavof qilishardi. Dorboz esa uzatilgan qoʻllarga alangsiraganicha gap qotishni kanda qilmasdi: Qutiga, qutiga! Ataganingizni qutiga tashlang!..

Bir ozdan soʻng, dorboz niyat qilguvchilar qolmaganligini anglab, davra aylanganicha, duoning oxirini kalta qildi.

Duodan keyin dor ustidagi Shabnam-qizaloq zir yugurib, oʻspirinning yelkasiga chiqib, raqslar tushib, tomosha koʻrsatdi. Atrofni qarsak tutdi. Qizcha dordan tushirilgach, tosh oʻyinlari boshlandi. Ota-dorboz oʻz kuchini koʻrsatdi. Ikki pudlik toshlarni osmonga otib, kifti bilan turtib, ildi.

Tosh oʻyinlari paytida xotin-xalaj siyraklashib qoldi. Katta yoshdagi erkak tomoshabinlar ham uzoq ushlanishmadi – dor atrofida endi koʻproq yosh-yalang uymalashardi.

Dorboz vaziyatni ilgʻab, ochiqdan-ochiq nayrangga oʻtdi: yengil, bir pudlik toshlarni chirpirak qilib oʻynay boshladi…

Butun tomosha davomida otaxon yuk xaltasiga oʻtirganicha oʻyinlarni kuzatar ekan, uni allaqanday zavq, anglab boʻlmas sir dorbozlar oʻyiniga mahliyo qildi. Qariya hatto ota-dorbozning qallobligiga xayrixohlik bilan miyigʻida jilmayib qoʻydi…

Olarini olib boʻlgan, oʻyinning avj nuqtasini oʻynab ulgurgan ota-dorboz charchadimi, zada boʻldimi, oʻz hunarini birdan, kutilmaganda toʻxtatib, besoʻnaqay, daroz masxarabozga oʻdagʻayladi: “Hov, tuyaday loʻkillamay, boshlasang, oʻlasanmi?!”.

Masxaraboz mikrofonni jadal qoʻliga olganicha ota-dorbozga qarata oʻz hunarini – soʻz oʻyinini boshladi:

– Polvon togʻo, hov Polvon togʻo!

– Nima deysan, Soʻtak?

– Sizni dono deb eshitaman…

– Nima qilibdi…

– Sizga bitta savol bersam devdim-da…

– Xoʻsh?

– Javob bera olarmikansiz?

– Ha endi… Sen soʻrab koʻr-chi!…

– Qishloqdagi ammamning bir qari sigiri bor. Qachon qaramay doim koʻzi yoshli turadi… Nega sigir yigʻlaydi, a?

– Ha endi, ochdir, balki ammang vaqtida sogʻmagandir…

– Yoʻq! Qorni doim toʻq: jezzam bedapoyaga qorovul. Ammam ham vaqtida sogʻadi – u chakkifurush…

– Unda nimaga yigʻlaydi ammangning sigiri?

– Eri sizga oʻxshagan hoʻkiz boʻlgach, yigʻlaydi-da…

– Xap, seni ammangni sigirini…

“Gur-r” kulgu koʻtariladi. Dorboz masxarabozni quvlaydi.

Chol masxarabozning hazilidan kulib yubordi. Ammo kap-katta dorbozning besoʻnaqay harakatidan koʻnglida gʻashlik sezdi.

Dorboz sunʼiy quvlashini davom ettirdi. Tomoshabin yosh-yalang hazildanmi yoki boshqadanmi hushtak chalib shovqin soldi.

Chol oʻrnidan turib choponining barini qoqqan boʻldi. U nimanidir eslab, ketishga taraddudlandi. Shu payt katta dorbozning gʻayritabiiy hayqirigʻidan seskanib, oʻyingohga soʻnggi bor keskin nazar tashladi.

… Bu payt dor maydonini oʻn-toʻrt-oʻn besh yoshlardagi bir oʻspirin kesib oʻtib, dorga chiqadigan narvonga osilib koʻrayotgan edi. Uni dorga chiqmoqchi deb oʻylagan dorbozning hayqirigʻi oʻshanga ekan:

– Oʻv, haromi! Padarlaʼnati, dorga osilma! Hey seni yaratganni… Qoʻllaring akashak boʻlsin, iloyim!…

Chol dorbozning soʻzlaridan junjikdi, soʻngra ranjib ketdi. Shartta noskadisini oldi-da, nos otdi. Keyin qopini shitob bilan oʻngiriga qistirdi-yu, ketishga shoshildi.

Uning qulogʻiga masxarabozning soʻnggi hazili ilashdi:

– Polvon togʻo, hov Polvon togʻo!

– Nima deysan yana, Soʻtak?

– Siz bilasizmi…

– Nimani?

– Men afsuslanayapman hozir-hozir, judayam afsuslanayapman…

– Nimadan afsuslanayapsan?

– Agar basharangiz tozaroq boʻlganda tuflamoqchi edim-da…

Qoʻsh nogʻoralar shovqinidan katta dorbozning gaplari eshitilmay qoldi.

Chol qadamini tezlashtirdi.

 

Eshqobil VALI

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.