Doʻngkalla

0
136
marta koʻrilgan.

Qovun-tarvuz paykalining yassi qirga tutash qismida Normat qoraning chaylasi qoʻnqaymagunga qadar jonsarak dala sichqon – Doʻngkalla oʻzicha quv, oʻzicha baxtiyor edi. Quvligi shundaki, koʻkdagi va yerdagi turli gʻanimlarni oʻz vaqtida payqab, hamisha yashin tezligida bekina bilar, soʻng esa goʻyo ularni boplab dogʻda qoldira olganidan quvongandek, raqibining qorasi oʻchishi bilan ohistagina chiyillab qoʻyardi. Baxtiyorligiga kelsak, sertarmoq yoʻlak va yoʻlakchalardan iborat moʻjazgina hududi dashtning ovloq kunjagida, yaʼni podatuyoqlardan xoli yerda joylashgan: bir tomoni tik jarlik, bir tarafi baland tepalik, qolgan qismi esa har yili qovun-tarvuz ekiladigan keng lalmi dashtga tutash boʻlib, makonini toptaydigan poda tugul, adashgan-uloqqan echki-uloq ham doriy olmasdi bu yoqqa.

Doʻngkalla, chivindek joniga qaramay, favqulodda tirishqoq, hayratli darajada mehnatkash. U har tong yovvoyi oʻsimliklar oralab, chor-tarafga choʻzilib, tarmoqlanib ketgan katta-kichik yoʻlaklarini birin-sirin koʻzdan kechirib, oʻta hafsala bilan sarishtalab chiqadi. Albatta, uning bu qadar jonbozligi bejiz emas, negaki, sarishtalik bu turdagi jonivorlar uchun hayot-mamot masalasi boʻlib, biror yot jismning yoʻlakda turib qolishi muqarrar oʻlim demakdir, yaʼnikim koʻkdan yoxud yerdan kutilmaganda hamla qilgan gʻanimdan qochish paytida ushbu “toʻsiq” tufayli osongina oʻljaga aylanishi mumkin. Shuning uchun Doʻngkalla noʻxatdek toshu kesakni ham yoʻlakda qoldirmaslikka urinadi.

Bu seryoʻlak hudud unga ona sichqondan meros boʻlib qolgan. Darvoqe, onasidan xiyla erta judo boʻlgan Doʻngkalla tirik qolishning xilma-xil sir-sinoatlarini qismangina onasidan oʻrgangan, qolganlarini esa dasht sichqonlariga xos boʻlmagan doʻng manglayini ming bir toshga urib-urib, sekin-astalik bilan oʻzi oʻzlashtira borgan. Shuning uchunmi, hududida pishiq-puxta himoya tizimi – yoʻlaklarni yaratish borasida onasidan koʻra omilkorroq chiqdi. Onasi tiriklik paytida ehtiyot inlar sanoqli boʻlganidek, yoʻlaklar tarmogʻi ham u qadar serob emasdi. Doʻngkalla, mustaqil hayotga qadam qoʻygach, zahiradagi inlar sonini oshirib, ularni qoʻshimcha yoʻlak hamda toʻynuklar bilan taʼminlabgina qolmay, tevarakdagi qoyatosh uyumlarini ham oʻz tasarrufiga oldi. Masalan, ilgari janub tomonga choʻzilgan asosiy yoʻlaklardan biri kavrak ostidagi ehtiyot in ogʻzida nihoyalanardi. Ammo Doʻngkalla bunga qanoat etmay, in toʻridan qoʻshimcha toʻynuk ochib, mazkur yoʻlakni naridagi toshqalamaga qadar choʻzdi. Boisi, qoyatoshlar orasidagi chalkash tirqishlar har qanday holatda ham uning joniga ora kira oladi-da. Keyin u avvaliga kovul ostidan, soʻngra toshqalama poyidan ikki yonga yangi yoʻlaklar, yaʼni tutashtiruvchi yoʻlakchalar tizimini bunyod etdi. Xullas, endilikda uning hududi xuddi oʻrgamchik toʻridek sertarmoq yoʻlaklardan iborat boʻlib, onasi yoxud boshqa turdoshlari ikki dunyoda ham bu xildagi murakkab tizimni yarata olmasligi mumkin edi.

Doʻngkalla elburutdan voyaga yetib, allaqachon mustaqil yashash koʻnikmasiga ega boʻlgan esa-da, hali-hanuz onasini qumsaydi. Boisi, ona sichqon haddan ziyod gʻamxoʻr edi. Jigargoʻshasini aksariyat hollarda qoʻziquloq tubidagi iliq inida saqlab, uni tezroq qatorga kiritish oʻyida tinmay parvarishlardi. U onasining serhadik xatti-harakatlaridan yer yuzasi u qadar osoyishta emasligi-yu, gʻanimlari bisyor ekanligini oʻsha paytdayoq idrok etishga ulgurgandi. Tabiatan xuddi onasidek oʻta ziyrak, oʻta ehtiyotkor edi. Biroq, shu xususiyatlarga ega boʻlishiga qaramay, onasi kunlardan birida baribir tulkiga yem boʻldi. Onasi gʻanim changalida qay tarzda oʻlim topdi, buni tasavvur etmoqqa Doʻngkalla juda ojiz. Negaki, mazkur fojea haqida uning birdan-bir bilgani shu – oʻsha kuni onasi, damingni chiqarmay, tek oʻtir, deya tulkini chalgʻitish niyatida yoʻlak boʻylab chopqilab ketdi-yu, shu bilan boshqa qaytib kelmadi.

U onasini ikki kun kutdi.

Oxiri ochlikka chiday olmay, har safargidek, astagina tishga moʻraladi. Tumshuqchasini oldinga choʻzib, bir maydon hid oldi, yaʼni oʻzicha tashqi olamdan boxabar boʻlgan boʻldi. Soʻng oʻpka-gina va sogʻinch qorishiq ohangda chiyillab, onasini yoʻqladi. Halizamon onasi yugurib kelib qoladigandek, oʻt-oʻlanlar oralab ketgan yoʻlakka umidvor tikildi. Ammo zor-intizor kutishlari besamar ketdi – har qancha chorlasa-da, onasidan darak boʻlmadi. Bu orada koʻzi qoʻziquloq yaproqlaridan biriga qoʻnib turgan yashil tusdagi hashoratga tushib qolib, ortiq ochlikka toqat qilolmay, jon halpida unga tashlandi.

Bu uning birinchi ovi, ilk oʻljasi edi.

Birinchi oʻlja chap ichagiga ham yuq boʻlmagach, yemak ilinjida, ming bir hadik va qiziqishda ona meros mulkini sekin-asta koʻzdan kechirmoqqa tushdi. Uning uchun tashqi dunyo ham zavqli, ham gʻoyatda xatarli edi. Hozircha biror xavfni ilgʻamayotgan esa-da, ammo har qadamda xavotir his etgan koʻyi gʻoyatda sergaklik bilan harakatlanar ekan, turgan gap, bu narsa yoʻlakka toʻkilgan oʻsimlik urugʻlari va boshqa don-dunlarni paqqos tushirmoqqa aslo monelik qilmasdi.

Koʻkda qirgʻiy koʻlankasi paydo boʻlganda, u ikkinchi yoʻlak muyulishiga yetib qolgandi. Qushning bejo qanot qoqishidan xavflanib, ura qocharkan, azbaroyi hovliqqanidan, yoʻlakka koʻndalang tushib yotgan soʻligan qoʻziquloq yaprogʻiga toʻqnashib, umbaloq oshib ketdi. Holbuki, salgina burun uning ustidan bemalol yurib oʻtgan, tevaragida sochilib yotgan uch-toʻrt donni tergilab yegandi. Ushbu qoqilish asnosida yoʻlakni toza tutish lozimligini, aks holda, oqibati juda xunuk boʻlishini yashin tezligida idrok etarkan, onasi yoʻlakda bu xil yot narsalarning yotmogʻiga sira izn bermasligi yalt etib yodiga tushdi. Bu paytda u onasidan yodgorlik boʻlib qolgan qoʻshimcha inlardan biriga biqinishga ulgurgan, tumshugʻini xiyol oldinga choʻzgancha, quloqlarini ding qilib turardi.

U xavfning nari ketganiga toʻla ishonch hosil qilgach, tagʻin inidan bosh chiqardi. Bu safar yoʻlakdagi yaproqqa adovat-la nazar tashladi, uni zudlik bilan yoʻldan olib tashlash chorasini oʻyladi. Biroq hali bandi uzilmagan yaproq juda qayishqoq chiqib qoldi. Avval tumshuqchasi bilan turtkilab, soʻngra tortqilab koʻrdi – boʻlmadi. Ana shunda uning birdan fahmi ishlab qoldi va yaproq bandiga oʻzgacha bir jahd bilan ogʻiz soldi. “Qaysar” yaproq uning oʻtkir tishchalariga bardosh berolmay, chirt uzilib tushdi. U bundan battar ruhlanib, bargni yoʻlak chetiga surib tashladi. Keyin tozalangan yoʻlak boʻylab nari-beri yurib va yugurgilab koʻrarkan, ich-ichidan mamnunlik hisini tuydi.

Shu-shu, yoʻlaklarni saronjam-sarishta tutish uning asosiy yumushiga, oʻzi esa kenggina seryoʻlak hudud egasiga aylandi. Onasi hamda oʻzining saʼy-harakatlari tufayli yuzaga kelgan qator inlar hamda chalkash yoʻlaklar uni turli balo-qazolardan asrabgina qolmay, tinchligini taʼmin etib kelardi. Afsuski, paykal boshiga tusi uchgan kajavali mototsiklini tarillatib Normat qora koʻchib keldi-yu, uning tinchiga putur yetdi. Sirasini aytganda, uning halovatiga Normat qora emas, uning oʻn bir yashar kamgap, koʻzlari oʻychan nevarasi minib kelgan kulbet eshak raxna soldi.

Bu xil shalpangquloq jonivorni umrida koʻrmagan Doʻngkalla dastlab uni dahshatli gʻanim fahmlab, inlaridan biriga biqinib oldi. Uning tezroq daf boʻlishini toqatla kutdi. Boisi, onda-sonda tepalik yoqalab kelib qoladigan malla tulkiyam, quyidagi doʻnglik bagʻrini makon tutgan tipratikanlar oilasi ham, ahyon-ahyonda bir koʻrinish beradigan yovuz echkiemar ham, gohida kimgadir nimadir demoqchiday orqa oyogʻi bilan yer tepinib qoladigan qoʻshni kulrang quyon ham, hattoki sustkash toshbaqalar ham, odatda, bu manzilda ortiq darajada hayallab qolmas, aksariyati qanday kelgan boʻlsa, shunday qorasini oʻchirardi-da. Ammo, mana, kun yarimlayaptiki, manavi yaramas shalpangquloq hech ketay demasdi.

Oxiri Doʻngkallaning sabr-bardoshi tugab, inidan sirgʻalib chiqdi-da, har lahzada qochmoqqa shay holda, eshakka yaqinroq keldi. Koʻp oʻtmay shuni fahmlab yetdiki, dam-badam baland ovozda hangrab qoʻyadigan bu bahaybat jonivorning gʻanimlik siyohi yoʻq, kelganidan beri yerdan bosh koʻtarmay, xas-xashakni kart-kurtlatib chimdigani-chimdigan. Shunga qaramay, aniqlik kiritmasdan turib, biror xulosa chiqarish qiyin. U, odati boʻyicha, hushyorlikni aslo unutmagan koʻyi, avval asta, soʻng bor ovozda ataydan chiyillab koʻrdi. Biroq eshak deganlari unga qayrilib ham qaramadi. Bundan yanada dadil tortib, tagʻin yaqinroq bordi. Moʻylovini qimirlatib, qoʻshimcha yoʻlak boʻylab nari-beri borib keldi. Ammo shuncha urinsa-da, baribir “gʻanim” diqqatini oʻziga jalb eta olmadi. Eshak uni yerda yotgan tosh oʻrnida ham koʻrmadi. Bundan u xiylagina botirlanib, xuddi beozor toshbaqa yoxud hurkak chumchuqlar galasidan choʻchimaganidek, ortiq undan hayiqmay qoʻydi.

U eshak bilan andarmon boʻlib, narida oʻziga hayrat-la tikilib turgan bolaga koʻpda eʼtibor bermadi. Bolaga kelsak, “dala sichqoni” deb atalmish bu jonivor oʻzining uzunchoq tumshugʻi, toʻqjigarrang boshi, ochsariq tusi hamda oʻzi koʻrgan va bilgan uy sichqonlariga nisbatan uch baravar kattaligi bilan juda qiziqtirib qoʻygandi uni. Shu bois bolalarga xos qitmirligi qoʻzib, uni biroz choʻchitib qoʻygisi keldi. Biroq bu tur jonivorlar, tabiatan, odam bolasidan koʻpda hayiqavermaydi, agar indamasang, goʻyo mazax qilganday, koʻz uzmay tikilib turaveradi. Ammo qoʻlingni salgina bejo sermashing bilan, xuddi yerga kirganday, birdan yoʻq boʻlib qoladi.

Bola oʻng oyogʻini yerga tap-tap urdi.

Sichqon qilt etmadi.

Bola egilib yerdan kesak oldi.

Sichqon holatini oʻzgartirmadi.

Bola qoʻlidagi kesakni otmoq boʻlib qulochini yozdi.

Sichqon bir zumda koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Bola uni qayta koʻrmoq istadi.

U boya sichqonga koʻzi tushishi bilan kavshanishni unutgan qoʻlidagi bodringdan ozgina ushatib, sichqon kirib ketgan in yaqiniga tashladi.

Sichqon koʻp kuttirmadi.

U inidan moʻralash asnosida uzunchoq tumshugʻi bilan havoni hidlab koʻrdi-da, soʻng xoʻrak yoniga dadil yugurib keldi. Uni panjalari orasiga olib, xuddi olmaxonday choʻnqaygan koʻyi, jagʻlarini kulgili qimirlatgancha, kirt-kirt yeyishga kirishdi.

Jonivorning bu qiligʻi bolani butunlay lol qilib qoʻydi. Qarshisida dala sichqoni emas, haqiqiy olmaxon turganday, unga mahliyo boʻlib qoldi. Qani endi, bu jonivorni tutib olsa-yu, uyiga olib ketsa, qafasda saqlab, joʻralariga koʻz-koʻz qilsa! Ammo bu osonlikcha tutqich beradigan jonzodga oʻxshamaydi. Bu yoqda esa bobosi, qani, uyingga joʻna, deya qistalang qilib turibdi. Bola sichqondan koʻngil uzib-uzolmay, noiloj eshagini mindi-da, ovuli tomon joʻnadi.

U ketgach, Doʻngkalla alamdan chiyillab yubordi. Buni qarangki, hududining oʻndan bir qismini yaramas shalpangquloq butunlay yakson qilib tashlabdi.

Bu ne bedodlik!

Butunlay sarosimada qolgan Doʻngkalla bir necha muddat uzun-qisqa chiyillab turdi-da, soʻng taqdiriga tan berganday, eshak tuyoqlari ostida ayovsiz toptalgan yoʻlaklarni qaytadan sarishtalashga tushdi. Boshda ishi biroz durust koʻchgandek esa-da, ammo yoʻlaklarni toʻldirgan goʻng uyumlariga roʻparoʻ kelgach, ne qilarini bilmay shoʻrlikning boshi qotdi. Bir oʻyi tezaklar uyumini oʻzidek tinib-tinchimas goʻngqoʻngʻizlar ixtiyoriga qoldirmoqchi ham boʻldi. Biroq qoʻngʻizlar qachon paydo boʻladi-yu, qachon goʻngni yumaloqlaydi. Agar uning oʻrnida boshqa jonzot boʻlganida bormi, bu tarzda alamnok chiyillab turmagan, hududining butun qolgan qismi bilan qanoatlanib qoʻya qolardi. Biroq u osonlikcha jon beradigan jonivor emasdi. Hatto yaqinginada hududiga ega chiqmoqchi boʻlgan zoʻravon bir turdoshiga ham osonlikcha boʻy bermagan, olisha-olisha uni jar tomonga surib tashlagan edi. Shu bois u mehnatdan qochmadi, chogʻi va kuchi yetgancha hududining yakson boʻlgan qismini epaqaga keltirishga kirishdi.

Biroq oradan ikki kun oʻtib, bola tagʻin eshagini minib keldi-yu, barcha qilgan mehnatlarining koʻkka sovurilishi xavfi tugʻildi. Ustiga ustak, bu gal bola xas-xashakning moʻlligini koʻzda tutib, eshagining qozigʻini yanada ichkariroqqa – Doʻngkalla hududining qoq markaziga qoqdi. Ammo chayla tomonga bir necha odim yurishga ulgurmay, bezovta chiy-chiydan xayoli boʻlinib, ortiga oʻgirildi. Qarasaki, kechagi gʻaroyib sichqon kavrak ortidan boʻynini choʻzgancha, eshagiga norozi, oʻta norozi boqib turibdi. Ana, u joyida tek turolmay, kavrakning bu tomoniga oʻtdi-da, yanada balandroq ovozda chiyilladi. Qani endi, chogʻi yetsa-yu, eshakka hamla qilsa, uni yeridan haydab solsa. Tabiiy, bu safar ham bola hech narsaga tushunmadi va buning sababini bobosidan soʻrashga majbur boʻldi.

– Eshagingni uning yeriga qantaribsan-da, – dedi Normat qora odatiga xos beparvo yoʻsinda, – shundan norozi u.

– Iya, sichqonlarning ham yeri boʻladimi? – bu bola uchun kutilmagan yangilik edi.

– Tirik jon borki, barining oʻz yeri, oʻzi mulki boʻladi.

– Nima qilay unda? – dedi bola eshagini boshqa yerga jildirishni nazarda tutib.

– Hech narsa, oʻzi tinib, oʻzi tinchib qoladi.

Bola jonivorning chorasiz va jonsarak holatini qayta koʻz oldiga keltirarkan, bu fikrga qoʻshilmoqni istamadi. U yoʻlga hozirlanayotgan bobo koʻnglida sichqonga nisbatan andakkina boʻlsa-da, iliqlik uygʻotish umidida dedi:

– Lekin oʻzini tutishi xuddi olmaxonga oʻxshab ketarkan…

– Oʻxshamay ketsin, – deya toʻngʻilladi Normat qora, – hademay paykal oralab, qovun-tarvuzlarni teshib, toza garang qiladi bizni u.

– Odamga xuddi tushunganday tikilib turarkan… – dedi bola boʻsh kelgisi kelmay.

– Unda bir-biringga tikilib oʻtiraveringlar…

Normat qora mototsiklini tarillatib, ensiz yoʻldan quyiga enib ketgach, bola eshagi yoniga qaytdi. Shoʻrlik sichqonni oʻsha-oʻsha besaronjam holatda koʻrib, picha oʻyga botib turdi-da, soʻng ichki bir undovga boʻysinib, eshakni joyidan jildirib, toshqalama ortidagi chogʻroq sayhonlikka oborib qantardi. Keyin oʻzi sekin iziga qaytib, boʻylangancha, jonivorning xatti-harakatlarini qiziqish-la kuzatmoqqa tushdi. Koʻp oʻtmay hayratdan ogʻzi lang ochilib qoldi. Boisi, uning qarshisida gʻaroyib bir olam yuz ochgan boʻlib, oʻtgan safar olmaxonga oʻxshashligi bilan eʼtiborini tortgan bu moʻjazgina olam egasi endilikda favqulodda ishchanligi va tirishqoqligi bilan uning aqlini shoshirib qoʻygandi. Bola oldi-ortiga qaramay, gʻoyatda epchilik bilan yoʻlak tozalayotgan jonivorning oʻziga xos chapdast xatti-harakatlarini hang-mang kuzatarkan, beixtiyor pichirladi: “Vuy, koʻzingdan, buyam ish qilishni bilarkan-a!”

Keyingi safar bola eshagini quyiga qantarib keldi.

Eskigan chakki xaltani don-dunga toʻldirib olgandi.

– Bu nimasi? – Normat qora hayron boʻldi.

– Bundan keyin u sizning qovun-tarvuzingizga tegmaydi, – dedi bola xaltani chayla kunjagiga joylashtirib.

– Dorilanganmi?

– Yoʻq.

– Unda qanaqasiga?..

– Men… u bilan kelishib oldim.

Normat qora, hazil qilayaptimi bu, degan maʼnoda u tomon oʻgirildi. Yoʻq, kamgap nevara, odatdagidek, juda jiddiy edi.

U saldan soʻng choʻntagiga bir chimdim don solgancha, Doʻngkalla hududi tomon jildi. Normat qora esa bolakayning izidan hayron termulib qoldi.

 

2016 yil

 

Hormurod NORQOBILOV

 

“Yoshlik”, 2016 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.