Domla uchun tuzoq

0
143
marta koʻrilgan.

Auditoriya talabalar bilan toʻla, kimdir konspekt toʻldirish, kimdir qoʻl telefoni bilan gaplashish, yana kimlardir uch-toʻrtta boʻlib hangomalashish bilan band.

Kirish uchun qoʻngʻiroq chalinganiga oʻn daqiqadan oshyaptiki, hali Asloniy deganlaridan darak yoʻq. Joyimga oʻtirib, darsni takrorlash, imtihonlar vaqtida yanada baholarni oshirish ilinjida daftarimga koʻz yugurtira boshladim. Shu mahal, eshikning “taq-q” etib yopilganidan talabalarning hushi uchdi. Qarasak, qoʻllarini choʻntagiga solgancha, Asloniy kirib kelyapti. U stol oldiga kelib bir zum kichkina koʻzlari bilan talabalarga qirgʻiy qarash qildi-da, soʻng guruhdoshimiz Sherzodga dedi:

– Xoʻsh, hammasi joyidami? (hamma talabalar demoqchi boʻldi chogʻi).

– Hammasi yest, domla, – dedi Sherzod ham beoʻxshov tirjayib.

Asloniy javobdan qoniqdi shekilli, uzun bir xomuza tortgach, saboqni boshladi. Qani, yozishga ulgurlaring, deya toʻngʻillab qoʻydi u kitobga qarab maʼruza qilarkan. Yana oʻsha-oʻsha naq qirq daqiqa qoʻlimiz tolib, konspekt yozdik, qolgan yigirma daqiqada uning oʻzi nimalarnidir daftariga qayd etib oʻtirdi. Bu orada avjlangan talabalarning “pichir-pichir”, “qiqir-qiqir”ini Asloniy domla odatiga koʻra stol ustiga “taq-q” ettirib kaft bilan urib goʻyoki tinchlantirgan boʻlardi. Nihoyat u qoʻllarini choʻntagiga tiqib, talabalar oralab yurdi:

– Xoʻsh, oʻtilgan mavzu boʻyicha kim bizga gapirib beradi? Hmm… demak, hech kim talabgor emas, shundaymi?

Asloniy domla dargʻazab holda jurnal varaqlashga tushdi.

– Men gapirmoqchiman, – arang sas berdi Muqaddas.

– Davay, boshla.

U oʻtilgan darsni qoʻshimcha maʼlumotlar asosida aytib berdi. Biz esa uni oʻqituvchidan eshitgandek, chanqoqlik bilan tingladik. Keyin men va boshqalar ham chiqib baholandik. Shundan soʻng tanaffusga qoʻngʻiroq chalindi. Asloniy xonaga qanchalik bemalol, xotirjam kirib kelgan boʻlsa, endi aksincha tezlik bilan oldi-orqasiga qaramay “zip” etgancha chiqib ketdi. Ortidan bir guruh boʻlib ergashgan biz talabalarni guruhboshimiz eshik oldida toʻxtatdi.

– Oʻzim gaplashdim, ovora boʻlib yurmanglar.

U irshayib, barmoqlarini sanoq soni qilib koʻrsatdi.

– Voy, buncha qimmat, – deya chinqirdi kimdir. Yana kimdir mingʻirlagan koʻyi choʻntak kavlashga tushdi.

– E, qoʻyib bersa boʻldi-da. Biz uchun hech sarson boʻlib yurmang, oʻzimiz eplaymiz, – dedik dugonam ikkimiz Sherzodga, soʻng kafedra tomon ildamladik.

Borsak, Asloniy domla kafedrada talabalarni qabul qilmasliklarini aytishdi. Bir auditoriyaga borganimizda u yerdan ham hozirgina chiqib ketganini aytishdi. Shu bilan uch-toʻrt kun Asloniy bizga qorasini koʻrsatmadi. Koʻrsa ham koʻrmaganga yoʻyib, oldimizdan “ship” etib oʻtib ketadigan boʻlib qoldi. Qarasak, sessiya deganlari yakunlanayapti hamki, biz hali ham Asloniy bilan goʻyo quvlashmachoq oʻynab yuribmiz. Oxiri, bir kun uning yoʻlini toʻsdik.

– Domla, bahoyimizni qoʻyib bersangiz qoʻyib bering, boʻlmasa, arz qilamiz, – dedik dangal.

– Kim qoʻymayman deyapti? – Asloniy oʻzini beparvolikka soldi. – Nima, Sherzod bilan gaplashmadinglarmi?

– Yoʻq, siz domlamizsiz, biz siz bilan gaplashamiz;

Asloniy bir oz oʻylanib turdi-da, keyin, imo qildi:

– Qani, yuringlar-chi.

Biz binoning burchagidagi xonalardan biriga borib Asloniy bilan roʻparama-roʻpara oʻtirdik.

– Xoʻsh, nimani gapirasizlar, – dedi u kesatiq ohangda.

– Nimani yozdirgan boʻlsangiz shuni-da, – dedim men.

Siz savol bering, biz javob beramiz, – dedi dugonam ham.

Shundan keyin Asloniy domla ezmalanib savol bera boshladi. Biz ham boʻsh kelmadik. Soʻng charchadimi yoki oʻzi oʻylagan natija chiqmasligiga koʻzi yetdimi, harqalay:

Oʻzi sizlarga nechchi baho kerak? – dedi tajanglanib.

Albatta besh-da, – dedik bir ovozdan.

Yoʻq, tortmayapti, beshga tortmayapti, – dedi salmoqlanib Asloniy.

Nimaga endi, axir hamma darsingizga qatnashgan boʻlsak, konpektlarimiz toʻliq, baholarimiz yetarlicha boʻlsa, – dedi dugonam biroz qizishib.

Gap undamas. Bu fanni hech kim beshga bilmaydi, bu shunaqa murakkab fan, buni tushunish qiyin, – dedi domla faylasufona bosh chayqab.

Bizga talabalar darajasida baho qoʻying-da…

Domla hanuz mingʻirlashdan qolmadi.

Tortmayapti, baribir tortmayapti…

Men endi uning oʻzini taroziga solib oʻtirishiga toqat qilolmay shart oʻrnimdan turdim.

– Mayli, domla, boʻlmasa men hozir chiqib birortasidan qarz olib kelay. Tushunarsiz, talaba zoti oʻzi shunaqa-ku, bir-biridan oldi-berdi qilib yashaydi.

Asloniy menga sinovchan koʻz tashladi:

– Yaxshi, oʻzlaringdan qolar gap yoʻq. Boraqol, faqat boshqalarga aytib yurma, yana talabalar ichida har xil gap tarqalib yurmasin.

Yoʻgʻ-e, domla, oʻylamanmang, axir ustoz Mansur Ergashovichdan soʻrasam yoʻq demas, ular talaba xalqini juda yaxshi tushunadilar-ku, toʻgʻri emasmi? – dedim eshikni tashqariga ocharkanman.

Prorektorimizning ismi sharifini eshitib Asloniyning rang-quti oʻchdi. Peshona chakkalari boʻrtib, qizirib, oʻrnidan sekin, lekin vajohat bilan turarkan:

Nima-a! – deya chinqirib yubordi. Soʻng boʻshashibgina sinov daftarchalarimizga qoʻl choʻzdi. – Qani, qizlar, bera qolinglar. Mansur Ergashovichni bezovta qilishga hech hojat yoʻq.

 

Nargiza ASAD

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.