“Dev” bilan “bolakay”

0
155
marta koʻrilgan.

Ishga ketayotib, ikki koʻcha narida turadigan Uygʻun ismli yigitcha bilan hamroh boʻlib qoldim. Uygʻun allaqaysi institutda oʻqir, boksga qiziqishini, bir-ikki marta musobaqalarda qatnashganini eshitganim bor edi. Ammo yurish-turishi sportchilarga oʻxshamaydi. Qorachadan kelgan, oʻrta boʻyli, gavdasi ixcham, vazni nari borsa, ellik kiloning u yoq-bu yogʻida. Juda tarbiyali, muloyimtabiat. Mahallada toʻy-hasham boʻlsa, yelib-yugurib xizmat qiladi…

Bu gal ham odob bilan salom berdi, hol-ahvol soʻrashdi.

Shu payt yoʻl chetidagi temir garajning ochiq darvozasidan yap-yangi “Neksiya” tisarilib chiqdi. Haydovchi mashinani yoʻlga koʻndalang qoʻyib, toʻxtatdi. Chap eshigi ochilib, qalin moʻylovli, polvonkelbat yigit tushdi. Yengsiz koʻylak kiygan. Qoʻlida damurgich. Har bilagi choynakdek keladi. Baayni multfilmdagi Devning oʻzi!

– Hov, bola, bu yoqqa kel! – dedi barmogʻini ilgak qilib.

Ikkalamiz hayron boʻlib qaradik.

– Meni chaqiryapsizmi, aka? – dedi Uygʻun.

– Ha, seni! – dedi “Dev” zarda bilan. – Manavi orqa ballon boʻshab qopti. Shunga yuz ellik marta nasos urib yubor! Boʻl tez!

– Uzr, aka! – dedi Uygʻun qoʻlini koʻksiga qoʻyib. – Oʻqishga shoshib turuvdim…

– Oʻqishga borasanmi, katta xolangnikigami, gapni aylantirma!

– Men kech qolyapman, aka, – dedi Uygʻun tagʻin uzr soʻrab.

– Ushla dedim! – “Dev” qoʻlidagi damurgichni uzatgancha, ikkinchi qoʻli bilan Uygʻunning yelkasiga chang soldi.

Rostini aytsam, yigitchaga rahmim keldi. Bu zoʻravon hozir bir musht uradiyu bechorani yerga qoziqdek qoqib tashlaydi!

Shunda…

Nima boʻlganini anglamay qoldim. Faqat “tasira-tusur”, “tasira-tusur” degan tovush eshitildi. Bir daqiqada ellik marta musht tushirish mumkinligini shunda koʻrdim. Qarasam, damurgich koʻcha chetida yotibdi. “Dev” yoʻq! Uygʻun garaj darvozasi oldida turibdi.

Bir mahal yer tagidan “voy-voy”lagan ovoz keldi. Yugurib bordim. Garaj ichidagi chuqurdan tagʻin bir marta dodlagan ovoz keldi. Kap-katta odam voy-dodlayversa, gʻalati boʻlarkan. Engashib qarasam, “Dev” chuqur ichida yotibdi. Basharasi momataloq boʻlib ketgan. Burnidan qon oqyapti.

– Qoʻlni bering, aka! – dedi Uygʻun engashib. Bir chang solib bilagidan ushladi-da, yuz kiloli “yuk”ni chuqurdan tortib chiqardi.

– Kechirasiz, aka, – dedi odob bilan. – Mashinangizga kelasi safar dam urib beraman.

“Dev” bir-ikki marta “gʻiyq-gʻiyq” etdi-yu, nima deganini tushunmadim…

Keyin bilsam, bu azamat mahallaga yangi koʻchib kelgan, hammaga buyruq berib oʻrgangan zoʻravon ekan…

Har qalay oʻshandan keyin mashinasiga oʻzi dam uradigan boʻldi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.