Daraxt

0
371
marta koʻrilgan.

Bu voqea sira yodimdan chiqmaydi. Bahor arafasi edi. Qor-muz erib, qish ortga chekingan boʻlsa-da, ertalabki va kechki sovuq odamning etini junjiktirardi. Choshgohda quyoshning tafti sezilar, kun biroz ilirdi. Biz – oʻyinqaroq bolalar mana shu fursatdan foydalanib, onalarimizning “hay-hay”lashiga quloq solmasdan yupun kiyinib, koʻcha-koʻyga yurardik. Qiladigan ishimiz arava-gʻaltak sudrashmidi, oʻyin-da! Kattaroqlar koptok, lanka tepadi, chillak uradi. Kichikkina bolalar ham oʻz bilganlaricha nimadir oʻynaydi.

Oʻsha kunlarning birida qoʻshnimizning men tengi oʻgʻli bilan hovlidan endi chiqib ketmoqchi boʻlib turgandik, dadamning bolta koʻtarib boqqa kirib ketayotganini koʻrib qoldik.

– Dadang daraxt kesmoqchimi? – deb soʻradi oʻrtogʻim va javobimni kutmasdan qoʻlimdan tortdi. – Yur, borib tomosha qilamiz.

“Ha, chindan ham dadam anavi devor yonidagi oʻrikni chopib tashlamoqchi”, degan fikr koʻnglimdan kechib, qovoq-tumshugʻim osildi. Oyimni tushunolmayman, bus-butun daraxtni kesdirib, tandirga oʻtin qildirmoqchimi? Shunaqa niyati boʻlmasa, tunov kuni dadamga: “Anavi oʻrik ikki yildan beri gullaydi, lekin hosil bermaydi. Uning boridan yoʻgʻi yaxshi. Chiroyli savlatiga qarab, osh-ovqat pishirib yeymizmi?” deb yozgʻirarmidi? Dadamga ham hayronman, onamga bir ogʻiz: “Hoy, onasi, oʻrikning senga ogʻirligi tushmasin!” demadi-ya. Qaytaga: “Xoʻp-xoʻp, biron chorasini koʻramiz”, dedi. Chorasi daraxtni egasidan, yaʼni mendan soʻramay-netmay kesib tashlash ekan-da.

Men oldinda, oʻrtogʻim orqada boqqa kirdik. Oʻrik qarshisida boltani ushlab oʻylanib turgan dadamni qanday shashtidan qaytarishni bilolmay, koʻzlarimga yosh quyildi. Bogʻimizda mevali daraxtlar koʻp: oʻrik, olma, anor, behi… Ammo-lekin mening aynan shu oʻrikka mehrim tushgan. Koʻchatligidan tagini oʻzim yumshatib, ariqdan chelakda suv tashib quyganman. U avvaliga tik oʻsdi, soʻng atrofiga shox yozdi. Chiroyli, koʻrgan odamning havasi keladigan daraxt boʻldi. Bunaqasi qishlogʻimizda bitta. Uni oʻrtogʻlarimni koʻrsatib, koʻp marta maqtanganman. Endi esa…

Dadam boltani dast koʻtardi. Qoʻrqqanimdan baqirib yubordim:

– Dada, daraxtni kesmang!

Bolta havoda muallaq qoldi. Dadam bizga “yalt” etib qaradi.

– Oyoq ostida oʻralashmay, nari turinglar, – dedi norozi ohangda va yana daraxtning tanasiga bolta urishga chogʻlandi.

Nimadir boʻgʻzimga tiqilib yigʻlamsiradim.

– Bu mening daraxtim! Uni boltalamang. Joni ogʻriydi.

– A… mening daraxtim?.. Joni ogʻriydi!.. – dadam oʻz-oʻziga gapirinish barobarida ikkilanganday boʻldi.

Men paytdan foydalanib oʻrikning tanasiga koʻndalang turib oldim. Dadamning yuz-koʻzidagi ifoda oʻzgardi. Menga tikilib qaradi. Qiligʻimdan jahli chiqyaptimi-yoʻqmi, buni bilib olish qiyin. Hozir: “Sen tirmizak menga aql oʻrgatayapsanmi?” deb quloq-chakkamga tarsaki tortib yuborsa-ya… Yoʻq, dadam meni oʻrtogʻimning koʻz oldida urmaydi. E-e, bu yogʻi qiziq boʻldi, kutilmaganda dadam qoʻllarini ikki yonga yozib qah-qah otib kuldi. Men zoʻrma-zoʻraki tirjaydim. Daraxt kesilishini koʻrishga kelgan ishqiboz oʻrtogʻim esa ogʻzini ochganicha nima boʻlayotganini tushunmay angrayib qoldi.

– Quvondiq, bolam, oʻzimning bogʻbon oʻgʻlim, – deb dadam boshimni siladi. – Bu daraxtning atrofida aylanib-oʻrgilib, uni juda erkalatib yuboribsan. Lekin men sira ham sening oʻrigingni kesmoqchi emasman. Bir chetga oʻtib qarab tur, nima qilmoqchi ekanimni bilib olasan.

Dadamning gaplariga bir ishonib, bir ishonmay xoʻmrayib oʻrtogʻimning yoniga bordim.

– Hov daraxt, Quvondiqning erkatoyi, soʻzlarimni ikki qulogʻing bilan yaxshilab eshitib ol. Bizga soyasi bor, mevasi yoʻq daraxtning keragi yoʻq. Agar shu yil ham meva bermaydigan boʻlsang, oʻzingdan oʻpkala! Seni kesib tashlab oʻrningga boshqa koʻchat oʻtqazamiz. Uqdingmi? – deb dadam daraxtning tanasiga asta ikki-uch marta boltani tekizdi.

Toʻgʻrisi, dadamning bunaqa deyishi, doʻq-poʻpisa tarzida daraxtga bolta urishi yetti uxlab tushimga ham kirmagan kulgili holat.

– Dada, hech zamonda ham daraxt odamning gapini eshitadimi? – deb soʻradim biroz ensam qotib.

– Nega eshitmas ekan, albatta, eshitadi! – dedi dadam ishonch bilan va yonimizga kelib qulogʻimga shivirladi. – Mana, meni aytdi dersan, Quvondiq, bu yil oʻriging meva beradi. Faqat buni oʻziga aytib yurma. Bilib boʻladimi, tagʻin aynib qolmasin!

…Oʻsha yili chindan ham oʻrigimiz gʻuj-gʻuj dovuchcha tugdi. Dovuchchagidan oʻrtogʻim ikkimiz (tuzga botirib) yeyishni boshladik, to pishib-yetilib, tugaguncha. Shunda ham yegan sayin yegingiz keladi, taʼmi juda shirin. Ogʻzimizda erib ketadi. Bundan tashqari onam oʻrigimning mevasidan qoʻni-qoʻshnilarga ulashdi, “qishda yeysizlar”, deb. Murabbo, “kompot” yopib oldi.

Bola boʻlganman-da, uyimizga kelgan tanish-bilishlarga “Daraxt mening dadamdan qoʻrqdi”, deb maqtanib, xoʻp kulgiga qolganman. Jahlim chiqqan. Dadam boqqa bolta koʻtarib kirganini, oʻrik bilan “gaplashgani”ni, keyin oʻrik meva bergani isbotlashga astoydil harakat qilganman.

– Ha, chindan ham shunday! Quvondiqning daraxti juda esli ekan, soʻzimni ikki qilmadi, – deb dadam har gal meni quvvatlagan.

Oyim esa hamisha ham mening tarafimni olavermasdi.

– Quvondiq, oʻzingdan kattalarning boshini qotirmasdan koʻchaga chiqib, oʻrtoqlaring bilan oʻynab kel, – deb maʼnoli jilmayib qoʻyardi…

 

Suyundik Mamirov

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.