Daraxt

0
1046
marta koʻrilgan.

Eliza MYULLER

 

Qishloqdagi birorta odam bu qalin, keng quloch yoygan daraxtni kim va qachon oʻtqazganini bilmaydi. Biroq soʻlim qishloqqa tashrif buyurganlarning barchasi eng avvalo uning tarixi bilan qiziqadilar. Ulkan daraxt olisdan koʻzga tashlanadi. Sahroda bu kabi qalin, qishin-yozin yam-yashil daraxtning uzoq yillardan beri yashab kelayotgani haqiqiy moʻjiza edi.

– Daraxt? Qanaqa daraxt? – hayratlanib javob qilishardi odamlar mehmonlarning savollariga va xuddi uni ilk marta koʻrib turgandek boʻy-bastiga taajjublanib tikilishardi.

Bunday olganda uning boshqa qondoshlaridan sira ham farq qiladigan joyi yoʻq, hatto qaragʻay kabi goʻzal va adl qomatga ham ega emasdi. Qanchalar katta va qalin boʻlmasin, baribir eman bilan boʻylasha olmasdi ham. Nima qilganda ham deyarli yil boʻyi quyosh ayamay qizdiradigan bu chekka qishloqda abadiy yashil va ulkan daraxtning soyasi barchani birdek quvontirardi va u yoʻl yoqasidagi maʼyus, qarovsiz, koʻrimsiz daraxtlarga mutlaqo oʻxshamasdi ham.

Daraxt qishloq etagidagi kichkina uyda yashaydigan oilaga tegishli edi. Olis oʻtmishda bu uy atrofidagi yerlar quruqshab yotardi. Qishloqda hozirgi kabi hashamatli uylar yoʻq edi. Yildan-yilga zamon oʻzgarib borardi, unga qarab odamlar ham… Ular baland-baland imoratlarni qurib, bu sokin qishloq qiyofasini yangiladilar. Ammo faqat ana shu ulkan daraxt va moʻjazgina uy avvalgidek edi. Vaqt oʻtgani bilan tabiatning bu moʻjizasi sahro oʻrtasida qulochlarini yoyib, hech kimdan izn soʻramay, saxiylik bilan boshqa xonadonlarga ham oʻz soyasini ulashishdan charchamasdi. Moʻjazgina uyda yoshlari oʻtinqirab qolgan ikki qariya bir-birini suyab yashashardi. Bolalari allaqachon ulgʻayib, turli shaharlarga oʻqishga borib, oʻsha yerlarda qolib ketishgan. Uy egasi qishloq doʻkonida savdo qilardi. Oʻtgan yillar uning qaddini shu darajada bukib qoʻygandi-ki, bechora hatto kun boʻyi peshtaxta yonida tikka turishga qiynalardi. Shu sabab, uni omborxonaga ishga oʻtkazishdi. Endi u oʻtirgan joyida ishchilarga koʻz-quloq boʻlib turadi xolos. Xonadon bekasi esa hali baquvvat ayol edi. Roʻzgʻor ishlarini ham yolgʻiz oʻzi bajarardi, bolalar bilan bogʻliq tashvishlar arigani sabab, bunga uning vaqti ham yetarlicha edi, balki shuning uchun ilgari sira eʼtibor qaratmagan narsalari haqida bosh qotiradigan boʻlib qolgandir. Masalan: uylarida hammom yoʻqligidan tez-tez oʻkinardi. Shuncha yil qanday qilib bunday sharoitda yashaganiga hayron qolardi. Na qulaylik va na boylik qiziqtiribdi uni. Ayolga endi toʻylaridan keyin sotib olingan oʻttiz yil oldingi uy jihozlari ham yoqmay qolgandi. Yillar oʻtgani sayin hammamiz ham oʻzgaramiz va uyimizdagi sharoitni oʻzgartirishga harakat qilamiz. Bu tabiiy hol albatta. Agar bunga imkoniyat boʻlsa bundan oson ishning oʻzi yoʻq, biroq topayotgan puling roʻzgʻordan ortmasa nima qilish kerak? Roʻzgʻor gʻor, deganlari rost ekan, qanchalik iqtisod qilmagin baribir yutib ketaveradi. Ayol uzoq vaqt deraza oldida oʻtirib, ularning kulbasi yonida qurilayotgan mahobatli uydan koʻz uzmasdi. Uy emas, haqiqiy saroy! Hali poydevori solinayotganda ayol oʻzicha imoratning nechta xonasi boʻlishi mumkinligini chamalab koʻrardi. Ikkitasi aniq yotoqxona uchun moʻljallangandi. Eng katta xona esa mehmonxona vazifasini oʻtaydi. Avvaliga ayol ikkita hammom qurilayotgan boʻlsa kerak deb oʻylagandi. Keyin esa ulardan biri alohida omborxona hisobiga bunyod boʻlayotganini eshitib, hayratini yashirolmadi. Mana buni dabdaba desa boʻladi! Yangi uyda ikkita ayvon qurildi. Biri old, ikkinchisi orqa tomonidan. Ustalarning gapiga qaraganda bu ochiq ayvonlarda bemalol oftobda toblanib yotish mumkin ekan. Ayol koshinli baland ayvonlarga suqlanib boqarkan, biz qariyalarga ham xuddi shunaqasidan boʻlsa qaniydi, deya xayolidan oʻtkazdi! Ilgari ayolda bunday oʻy-xayollar uchun vaqt topilmasdi, biroq endi u shundan boshqasini oʻylay olmasdi. Hayot qanchalar adolatsiz. Ayol shunday oʻy bilan uygʻonar va shunday oʻy bilan uyquga ketardi.

Kechqurunlari ishdan horib-charchab qaytgan er xotiniga doʻkondagi ishlari haqida koʻngil yozganida ayol faqat qoʻshnisining qurilayotgan imorati haqida soʻzlardi.

– Xuddi shunaqa hammomimiz boʻlishini istardim, – derdi u bu tilaklar hech qachon amalga oshmasligini oʻylarkan. Soʻng chuqur uh tortib soʻzlashda davom etardi. – Ayvon ham imoratga yarashib turibdi. Tasavvur qiling: ikkita ayvon! Bizda bittasi ham yoʻq. Kichikroq boʻlsa ham mayli, atigi bitta ayvonimiz boʻlsaydi…

Chol indamay bosh chayqab qoʻyardi. U hamisha xotiniga yon bosardi. Qani edi u ham boshqa erkaklar kabi xotinining baxtli yashashi uchun barcha sharoitni yaratib berolsa… qulayliklarga ega uyda yashash qanchalar baxt! Toʻgʻri aytishadi, puli bor otasiga yetti osh bergan ekan. Bechora chol butun umr mehnat qilsa hamki, topgan puli roʻzgʻordan ortmasdi. Ayoli ham insofli va diyonatli chiqdi. Boriga shukr qilib, yoʻgʻida sabr qilib shuncha yil birga yashadi. Undan oʻpkalansa – uyat, nolisa – gunoh boʻladi. Sababi, xotini hech qachon oʻzi uchun ortiqcha narsa soʻramagan va talab ham qilmagan, biroq endi u biroz oʻzgarib qolgan, goʻyo tanasiga boshqa odam joylashib olgandek edi. Har kuni undan bir xil gapni eshitish va unga yon bosish qariyaga malol kela boshlagandi. Chol ayolining ilgari – toʻrt bolasi yonidaligida biror nimadan shikoyat qilib soʻzlaganini hech eslolmadi. Biroz tashvishlardan xoli boʻlishlari uning bilan mingʻir-mingʻiri koʻpaydi.

– Dunyoda odamlarning ikki toifasi bor, – deya fikrlardi ayol. – Biri pulni oxirgi chaqalargacha sanaydiganlar, ikkinchisi pulning betiga qaramay ishlatadiganlar. Boy boʻlganimizda qanday yashashimiz haqida hech oʻylab koʻrganmisiz?

Xotinining savoliga er indamay, miyigʻida kulib qoʻya qolardi…

 

* * *

Nihoyat katta uyning qurilishi bitdi va unga odamlar koʻchib kelishdi. Ayol keng va yorugʻ xonalarda qimmatbaho jihozlarni qanday joylashtirishlarini hatto tasavvur qilolmasdi.

Yangi uyning xoʻjayinlari unga tanish emasdilar. Qoʻshnilar koʻchib kelishlari bilan bogʻ barpo qilishga kirishdilar. Ularning yerida bogʻbon tinim bilmay ishlardi. Daraxt soyasida oʻtirib ayol sim toʻsiqning narigi tomonida boʻlayotgan ishlarni kuzatardi. Toʻsiq shunchalar yaqin ediki, goʻyo qoʻl uzatsa hozirgina oʻtqazilgan koʻchatlar bargiga yetadigandek…

Gullar hali ochilmagan edi. Bogʻbon koʻchatlarni oʻtqazishdan ilgari yerni yaxshilab tekislab, unga ishlov berdi. Gap-soʻzlarga qaraganda, xonadon bekasi gullarni yaxshi koʻrarkan. Shu sabab, u bu quruq iqlimda ham gul oʻstirishga astoydil kirishgandi.

Qish keldi. Kechqurunlari kuchli shamol daraxt shoxlarini silkitib, toʻpolon qilardi. Goʻyo tashqarida boʻron koʻtarilayotganday tuyulardi. Kunlar ham qisqarib qolgandi. Kun yarmida quyosh kuchsiz nur sochardi va daraxt keng soya yoyib, sukut saqlab qishloq ahlini oʻz mehri bilan siylab turardi.

Bir kuni kechqurun eri uyga har doimgidan-da kechroq qaytdi. Uning tushkun kayfiyatdaligini sezgan xotini:

– Ha tinchlikmi? Nima boʻldi? Tobingiz yoʻqmi? – deya soʻradi.

– Belim ogʻriyapti, – qisqagina javob qildi u istamaygina.

Chol kechki ovqat mahali ham sukut saqlab oʻtirdi va faqatgina oʻziga qahva quyayotib:

– Bugun yangi qoʻshni yonimga keldi, – deb ogʻiz ochdi.

Ayol tabassum qildi. Qariyalar qoʻshnilari bilan yaqin turishsa-da, qalban ulardan olisda edilar. Sababi “yangi boy”lar bu oilani oʻzlariga teng koʻrishmasdi.

– Unga nima kerak ekan?

– Oʻtqazgan koʻchatlari va ekkan ekinlari bosh koʻtarmayotgan ekan. Uning aytishicha, daraxtimizning soyasi bogʻini quyoshdan toʻsib qoʻyibdi. Baquvvat ildizlari esa yerning kuchini tortib olayotgan emish…

– Oliynasab xotiniga ekkan gullari bizning yuz yillik daraxtimizdan azizroq koʻrinayotgandir-da. U qadrdon doʻstimizni qoʻporib tashlashimizni soʻrayaptimi?

– Buning uchun hatto pul ham taklif qildi.

– Nima deb javob qildingiz? Uning taklifiga koʻnmagandirsiz?

– Yoʻq, men unga joʻyali javob aytmadim, avval sen bilan maslahatlashib olay degandim.

Chol oʻsha paytdayoq bu taklifni rad qilgan boʻlardi, biroq hamma gapni xotini bilan maslahatlashib olishga oʻrganib qolgani sabab, bu fikr ustun keldi. Chindan ham maslahatlashib olish kerak. Kim biladi, xotini boshqacha fikrda boʻlishi mumkin axir…

Qariyalar idish-tovoqlarni yuvayotib, (ular bu ishni doim birgalikda qilishardi) bolalari va ularning xatlari haqida soʻzlashdilar. Kechqurun hamma ishlarni tugatib, ular uxlagani hozirlik koʻrayotganlarida, kutilmaganda ayol:

– Xoʻsh, u qancha berarkin? – deb soʻrab qoldi.

– Bilmadim.

– U pul miqdorini aytmadimi?

– Yoʻq.

Qariya pul miqdorini soʻramaganligi uchun afsuslandi. Axir bu taklif xotinini qiziqtirib qolishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagandi.

Oʻsha kecha ular bu mavzuga boshqa qaytmadilar. Uxlagani yotishganida deraza ortida shimol shamoli ular bu uyga koʻchib kelgan ilk kechadagi kabi daraxt shoxlarida toʻpolon qilayotgandi.

 

* * *

Erta tongdan ayol daraxt soyasida kir yuvayotib, uning boʻy-bastiga sinchiklab boqdi. Tonggi yelvizak daraxt barglarini oʻynardi. Bu tanish ovoz unda xotiralarda koʻmilib yotgan oʻsha shirin, totli, baxtli kunlarini eslatdi. Shoʻxlik qilib qoʻygan oʻgʻillari onalari beradigan jazodan qutulish maqsadida uning shoxlari orasiga kirib yashirinardilar. Qizlari esa qoʻshiq aytib, kashta tikishardi. Ammo bolalar tez ulgʻayisharkan. Ulgʻayishdi-yu bu qishloqdan butunlay ketishdi. Mana u yolgʻiz qoldi. Bir muddat ayolga daraxt bolalaridan ham yaqinroq va qadrliroqdek tuyuldi. Hayotini undan ayro tasavvur qilolmadi. Ammo baribir qiziq. Boy qoʻshnisi bir daraxt uchun qancha berarkin? Oʻn ming funt? Balki undan ham koʻproqdir? Yigirma besh ming funt? Bu endi juda ham koʻp. Agar u chindan ham shuncha pul miqdorini aytsa. Yigirma besh ming hazilakam pul emas axir. Buncha pulga roʻzgʻorning barcha kam-koʻstini toʻgʻrilab, hech boʻlmaganda bir necha kun tashvishsiz yashasa boʻladi. Biroq u qancha berarkin…

Kechqurun ishdan qaytgan er xotiniga shoshib:

– U yana meni koʻchada toʻxtatib, qanday qarorga kelganimizni soʻradi, – dedi.

– Bu safar unga nima dedingiz?

– Hech nima… shunchaki hali bir qarorga kelmadik, – dedim.

– Qancha berarkan?

– Ellik ming funt.

– Nahotki, bir daraxt uchun ellik ming? Buni qarang-a.

Ayol pul miqdorini eshitib, oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Bu pulga gilam, yangi va zamonaviy yotoqxona jihozlarini va hatto oshxona buyumlarini, roʻzgʻorga kerakli barcha ikir-chikir narsalarni sotib olishi mumkinligini chamalab koʻrdi. Shunda ham pul ortib qolaverdi. Hech nimani oʻylamay, biror joyga dam olib kelishga borsa boʻladi, axir u butun umr qishloqdan tashqariga chiqmadi. Bahavo joylarga dam olishga borgan er-xotinlarning taassurotlarini eshitsa havas qilardi. Ammo oʻzi sira bu haqda orzu qilmagan. Chunki bunga ularning imkoniyati ham yetmasdi. Hech boʻlmasa umrida bir marta atigi bir haftaga boʻlsa ham oxirgi chaqalarni sanamay, boshqalar kabi yashashga haqli emasmi?

– Nima deysiz? – soʻradi u oxiri oraga choʻkkan sukunatni buzib.

– Oʻzing bilasan.

– Taklifini qabul qilsak toʻgʻri boʻlarmikan?

– Bilmadim

– Ellik ming – hazilakam pul emas…

– Ha.

Ellik ming-a, deya oʻylardi uyqusizlikdan qiynalayotgan qariya yotogʻi ustida u yoqdan bu yoqqa agʻanarkan. Pullar qoʻlning kiri. Qanday kelib, qanday ketganini sezmay qolasan odatda. Bu daraxt esa bolaligidan beri bor. Agar uni qoʻporib tashlamasa yana uzoq yillar yashaydi… ular bu daraxtni oʻzlari oʻtqazganlarida ham uning taqdirini hal etishga haqli boʻlishardi. Axir bunday olganda u ikkisiga ham tegishli emas, biroq shunday boʻlsa-da, nihoyatda qadrli. Daraxt ular uchun ham qariya, ham yosh yigit. Qariya deb qabul qilganiga sabab, u bu daraxtning yoshligini hech qachon koʻrmagan. Bolaligida qanday boʻlsa hozir ham shunday. Yosh yigit deganiga sabab, ular erta-indin oʻlib ketishadi, biroq u yashaydi. Daraxtni shu qishloq odamlari baxtiga ona yer, quyosh nuri ulgʻaytirgan… oʻstirgan… Shuning uchun u yashayapti va yana yashaydi ham… xotini daraxt uchun taklif qilingan pul miqdorini eshitib yosh qizlardek quvondi. Nahotki, uni bunda ayblash mumkin boʻlsa? Bu pullar u shuncha yil ter toʻkib, roʻyobga chiqarishga erisholmagan xotinining barcha orzularini ushaltiradi. Shunday ekan, oʻzi hal qila qolsin… agar unga qolsa… hech qachon va hech qaysi pulga qadrdonini sotmagan boʻlardi.

 

* * *

Ertasiga ertalab eri ishga ketishi bilan eshik taqilladi. Ayol ostonada badavlat janoblarga xos tarzda bashang kiyingan qoʻshnisini koʻrdi. Beka uni jihozlari eskirib qolgan mehmonxonaga taklif qildi.

– Men siz bilan daraxt haqida suhbatlashgani keldim, – dedi qoʻshni. – Xoʻjayiningizning aytishicha, hammasi sizga bogʻliq ekan.

– Boʻlishi mumkin.

– Bir qarorga keldingizmi?

– Bu daraxt anchadan beri bor. Unga koʻnikib qolganmiz…

– Tushunaman, ammo bu masalaga boshqacha qarash ham mumkin…

Ayol bosh irgʻab uning fikrini maʼqulladi. Albatta boshqacha qarash ham mumkin. Kecha kun boʻyi va tong otguniga qadar unga hozir qanchalar kerak boʻlgan oʻsha ellik ming funt haqida koʻp oʻyladi. Ammo bu pullar farzandlari soyasi ostida huzurlanib, shoxlarida oʻynab katta boʻlgan, qolaversa oʻzi ham yonida qarigan qadrdon daraxtini qurbon qilishga arzimasligini angladi.

– Xonim, bu daraxt siz uchun qanchalar muhim ahamiyatga ega ekanligini bilamiz. Men va xotinim uning uchun qancha soʻrasangiz shuncha toʻlashga tayyormiz, – deya savdolashayotgan ishbilarmon odamlardek ovoz ohangini oʻzgartirdi erkak. – Biz sizga ellik ming funt taklif qilgandik. Bu miqdorni oshirishingiz ham mumkin.

Pul miqdorini oshirish – bu haqda u oʻylab ham koʻrmagandi. Nega endi mumkin emas? Bu odamlarda pul bor. Ellik mingni toʻlay olgan odam undan koʻproq ham bera oladi.

Erkak qoʻshni ayolning qiyofasidan ikkilanish alomatlarini sezdi va shoshib:

– Mayli, oltmish ming funt, – deya qoʻshib qoʻydi.

Oʻn ming funtni qanchalar oson qoʻshdi-ya! Goʻyo gap oʻn shilling ustida borayotgandek…

– Oltmish ming funt biz kambagʻal odamlar uchun juda katta pul, – deya javob qildi ayol. – Ammo bolalarimiz uyga qaytishganida daraxtni koʻrishmasa nima deyisharkin?

– Oltmish ming funt bir daraxt uchun yomon narx emas, – dedi qoʻshni. – Bundan tashqari daraxtni kesganingizdan keyin pullashingiz ham mumkin. Menga u kerak emas.

Albatta daraxt ularga kerak emas, qanday yoʻl bilan boʻlmasin, asosiysi, undan qutulish muhim. U bir muddat yangi xonadon bekasining bogʻda oʻtqazgan gullari koʻkarmayotgani, bu ham yetmaganidek, uning koʻlankasi hashamatli ayvonini ham toʻsib qoʻygani uchungina, shuncha yillik qadrdonini har kuni laʼnatlab, soʻkishini tasavvur qildi. Ha, xotinining tinmaydigan jagʻini oʻchirish uchun bu erkak qancha boʻlsa shuncha toʻlashga tayyor… Uning uchun qoʻlini choʻntagiga suqish kifoya. Kerakli pulni olib beradi. Bu boylarga bundan oson ish bor ekanmi? Qoʻshni diqqat bilan ayolni kuzatib turdi. Uning hamon ikkilanayotganini va hali u oʻz maqsadiga toʻliq erisholmaganini sezdi.

– Oltmish ming – bu juda koʻp, – takrorladi erkak. – Keling, yaxshisi oltmish besh mingga toʻxtaymiz!

Ayol butunlay esankirab qoldi. Keyin uning labida mayin tabassum paydo boʻldi. Ular bu daraxtni yoʻq qilishni qanchalar istashyapti-a? Ilk marta ayol oʻzida yoʻq pullar, qoʻlga kiritish mumkin boʻlgan narsalar haqida emas, balki oʻzida bori haqida oʻyladi. Bu fikr unda gʻurur tuygʻusini uygʻotdi va koʻzlari baxtiyorlikdan chaqnadi. Pul topiladi va oʻshanda u istagan narsasini sotib olishi mumkin, biroq faqat bu daraxt evaziga emas. U taklifga koʻndi ham deylik, ammo bunga daraxtning oʻzi nima derkan? Undan hech kim soʻramadi-ku, qadrdoni bu ishga rozilik bildirarmikan? Koʻnmaydi… qolaversa bunga oʻzi ham koʻnmaydi, to tirik ekan, qadrdonini qoʻporib tashlashlariga yoʻl qoʻymaydi. Bolalaridan ham aziz boʻlib qolgan abadiy yashil daraxt uchun oltmish besh ming koʻp emas, aslida kam. Chunki u oddiy daraxt emas… U bebaho… Axir ular shuncha yil yonma-yon yashashdi…

– Xonim…

Ayol qatʼiy ishonch bilan bosh chayqadi.

– Yoʻq, janob, buning sira iloji yoʻq.

– Istasangiz yana…

– Tushunmayapsiz, janob, gap pulda emas, – dedi ayol qatʼiy.

Qoʻshnisi ahmoq emasdi. U bir muddat ayolning yuziga tikilib turdi-da, endi uni koʻndirolmasligini tushundi va tortishib oʻtirmay, xayrlashib ortiga qaytdi.

 

* * *

Kechki ovqat mahali qariyalar oshxonada xira nur sochayotgan chiroq shuʼlasi ostida suhbatlashib turishgandi.

– Bugun yangi qoʻshnimiz uyga keldi, – dedi ayol. Er hushyor tortib, xotinining ogʻziga tikildi. – Daraxt uchun oltmish besh ming taklif qildi.

– Qancha? Qancha? Oltmish besh ming… Taklifini qabul qildingmi?

– Yoʻq.

– Nega rozi boʻlmading? – soʻradi u xotiniga sinovchan nazar tashlarkan.

– Pulga hamma narsani ham sotib ololmasligini tushunishi kerak. Agar shunday boʻlsa, bu dunyoda hech nimaning qadri qolmaydi.

U gʻurur bilan soʻzlayotgan xotiniga mehrli nigohlarini qadadi.

– Odam oʻz doʻstlarini sotmasligi kerak. Axir biz shuncha yil birga yashadik… – dedi xotirjam.

Tashqaridan esa qalin daraxt barglarining shamolda shitirlagan tovushi eshitilardi…

 

Ingliz tilidan Shahnoza RAHMONOVA tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2013 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.