Chumolilar himmati

0
582
marta koʻrilgan.

Chumolilarning birligi haqida koʻplab rivoyatlar bor. Shunday rivoyatlardan birida aytilishicha, Alloh taolo Sulaymon paygʻambarga qush va hayvonlar bilan gaplashish qobiliyatini beradi. Kunlardan bir kun Sulaymon (a.s.) oʻz lashkarlari bilan chumolilar yashaydigan vodiyga yaqinlashdi. Vodiyda uning koʻzlari bir chumoliga tushdi.

Chumoli hamrohlariga qarab:

– Ey chumolilar, uyalaringizga kiringlar, yana Sulaymon va uning lashkarlari oʻzlari sezmagan hollarida sizlarni ezib ketmasinlar, – deya qichqirayotgan edi.

Uning bu soʻzidan Sulaymon tabassum qildi. Soʻng:

– Ey chumoli, oting nima? – deb soʻradi.

U:

– Otim Munazzara,– deb javob berdi.

– Nega chumolilarga “berkininglar” deb buyruq berayapsan?

– Men chumolilar qavmining boshligʻiman. Vazifam – chumolilarni xavfdan ogohlantirish, ularning halok boʻlmaslik choralarini koʻrishdir. Men qavm boshligʻi boʻlib, ularni xavfdan ogohlantirmasam, nobud boʻlishlariga yoʻl qoʻysam, ertaga Yaratganning oldida javob beraman. Shu sababli sizning son-sanoqsiz lashkarlaringiz oyogʻi ostida qolib, chumolilar nobud boʻlishining oldini olib, ularga uylariga kirib berkinishni buyurdim, Siz Sulaymon paygʻambarsiz, shunday emasmi?

– Men Sulaymon ibni Dovud, Alloh taoloning paygʻambariman. Alloh taolo menga behisob neʼmat berdi. Menga berilgan neʼmat hech kimga berilgan emas. Alloh taolo menga ins-jinslarni, shamolni boʻysundirdi.

–Ey Sulaymon, bugun bu vodiyda lashkarlaringiz bilan toʻxtang, chumolilarning mehmoni boʻlib, ularning himmatini bir koʻring.

– Xoʻsh, men va lashkarlarim bu vodiyda bugun toʻxtaymiz. Chumolilar meni va son-sanoqsiz lashkarlarimni mehmon qilishga qodirmi?

– Ey Sulaymon, rizq aslida Alloh taolodan. Biz chumolilar Alloh taoloning maxluqlarimiz. Biz ham u bergan rizqni yeymiz. Agar Alloh taolo xohlasa, bugun siz va qoʻl ostingizdagi ins-jinslarni chumolilar orqali mehmon qiladi.

Sulaymon (a.s.) va ins-jinslar chumolilar vodiysida toʻxtadilar. Chumoli barcha chumolilarni yigʻib, ularga Sulaymon va uning askarlarini mehmon qilinglar, deb buyruq berdi. Chumolilar uylaridagi donni olib chiqib, bir maydonga toʻpladilar. Ins-jinslar togʻdek toʻplangan dondan katta qozonlarda ovqat tayyorladilar. Tayyorlangan ovqat mehmonlarning barchasiga yetdi. Chumolilarning himmatidan xursand boʻlgan Sulaymon paygʻambar ularga minnatdorlik bildirdi va lashkarlariga chumolilarning birligi, ahilligi uning qudrati ekanini taʼkidladi.    

 

Ruhiddin AKBAROV

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.