Chorsu maydonidagi rasm

0
60
marta koʻrilgan.

Usta bir rassomning shogirdi tahsilni tamomladi. Bitiruvchisini kuzatishdan oldin yana bir saboq berishni istagan ustoz unga shunday dedi:

– Eng oxirgi ishlagan rasmingni shaharning eng gavjum joyiga il. Yonida qizil qalam va qogʻoz qoldir. Iltimosnoma yozib qoʻy, odamlar oʻziga maʼqul tushmagan jihatlarni shu qogʻozga tushirib ketsin.

Ustozining aytganlarini bajargan shogird bir necha kundan soʻng rasm ilingan joyga – Chorsu maydoniga bordi. Odamlar alohida qoʻyilgan qogʻozni toʻldirib, rasmning oʻziga ham tanqidlarini yozishibdi. Shogird tushkun kayfiyatda ustozining oldiga keldi. Ustoz esa xafa boʻlmasligini, shu rasmni boshqatdan chizishini aytdi. Rasm tayyor boʻlgach, yana shaharning eng gavjum joyiga ilishni buyurdi. Faqat bu safar surat yoniga boʻyoqlar jamlanmasi va qalam-choʻtka qoʻyishni, yoniga maʼqul boʻlmagan oʻrinlarni tuzatishni soʻrab iltimosnoma yozishni topshirdi.

Shogird bir necha kundan soʻng hayajon ichida Chorsu maydoniga bordi. Rasmga umuman teginilmagan edi. Sevinchi ichiga sigʻmagan shogird ustozining yoniga juda xursand holda keldi.

– Birinchi gal koʻrding: odamlarga imkon berilsa, oʻylamay-netmay tanqid qilishni qotirishadi, – dedi ustoz. – Hatto rassomlikdan mutlaqo xabarsiz kishilar ham rasmingni qoraladi. Ikkinchi safar esa ulardan aniq dalil, amaliy harakat soʻrading. Har qanday kasbda, xususan, rassomlikda ham qobiliyat va tarbiya kerak. Shu sababli ham hech kim oʻzi bilmagan narsani tuzatishga jasorat eta olmadi. Demak, yodingda boʻlsin:

– Mehnat-mashaqqatlaringning haqi yoki mukofotini qilgan ishingni tushunmagan odamlardan ololmaysan.

– Qadringni bilmaganlarga jon kuydirib, mehnatingni sarflama.

– Bilmaganlar bilan aslo tortishma.

 

Orif Tolib

tayyorladi.

 

“Maʼrifat” gazetasida chop etilgan.

 

oriftolib.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.