Chimildiqqa kirgan chol

0
1079
marta koʻrilgan.

Bu na hikoya, na qissa – badiiy nasrning tayin bir janriga daxldor emasdir. Men hech qachon hikoya yozmaganman. Yoza olmadim ham chogʻi. Bu qoralama – boʻlib oʻtgan gap. Toʻqima ham, choʻqima ham emas. Oʻsma-surmasi ham yoʻq. Voqea qanday kechgan boʻlsa, shundayligicha bitdim.

Muallif

 

Tana-toʻshi qotmadan kelgan, boʻy-basti, qad-qomati mirzaterakday tik; chollikdan-dollikdan, behollikdan soʻz ochsangiz, hali-beri qariyalikni boʻyniga oladigan ahmoq yoʻq, deya ilmoqli savolingizni oʻzingizga chalpak qilib yopishtirib qoʻyadigan chapaniroq, ayni chogʻda tanti, yuzlari hamon Baxmalning “besh yulduz” olmasiday tiniq Toʻlanboy otaning yoshi yetmishga tutashib qolganiga qaramay, sovitilgan otday! Kun-bakun yasharib borayotganiga ayrim uzangi-yoʻldoshlari havas qilsa, boshqalari hasad qilib qoʻyarlar.

Emaklagan bolaning etagidan tortadigan dushmani boʻladi. Otaning koʻz ochib koʻrgan jufti haloli bundan besh-olti yil burun “bevafo”lik qildi. Otani yolgʻizlatib, yorti qoldirib ketdi. Ota yolgʻiz yotib, yolgʻiz turib yurdi. Borsa kelmas “mamlakat”ga bevaqt ketgan yostiqdoshining qadri bilindi.

Oʻzingga oʻzing qilding, yotasan yolgʻizgina…

Baxayr, otaning boʻyinsalari – tobutkash tengqurlari bilan oʻgʻil-qizlarining gaplari bir yerdan chiqib, unga munosib “yor” izlashga kirishdilar. Dastlab, ota koʻnmadi. “Oʻgʻil-qizlar, kelinlar oldida kulgi boʻlamanmi?!” dedi. Bolalikdan bir koʻchada tepishib katta boʻlgan joʻralari: “Yolgʻizlik Bir oʻziga yarashgan, bandasiga esa bir bosh – balo bosh, ikki bosh – qozon osh. Sening yoshingdagi kishiga tani mahram judayam kerak”, deb koʻndirgan boʻldilar. Endi Toʻlanboy otaning yoshiga, didiga mos keladigan, atrofida parvona misoli chirillab aylanib turadigan, oʻgʻil-qizlariga, hovli toʻla kelin-kepchik, bola-baqralarga bosh boʻladigan toza tabiatligina, fahm-farosatligina, qoʻy koʻrmasa ham, qumaloq koʻrgan, nasl-nasabi duragaylashmagan ayol topish lozim boʻladi. Biroq shunday noziktaʼb ayolni tayyorlab qoʻyibdilarmi? Izlashga tushdilar. Izladilar. Topilishga topildi-yu, lekin birining ham boʻyi past, ham oʻyi. Birining esa sochi tovoniga tushadi-yu, aqli sal anaqaroq. Boshqasi har jihatdan mos tushadi-yu, avlod-ajdodi surishtirilsa, lop etib chatoq joyi chiqib qoladi. Biri – bozor koʻrgan echki. Biri eshik koʻrgan boʻladi-yu, beshik koʻrmagan. Yana biri esa oʻzini bozorgʻa solgʻon…

Yorugʻ dunyo ham koʻziga yomon koʻrinib yurgan kunlarning birida ota tengqurlari qatori juma namoziga yoʻl oldi. Namoz boshlanguncha savdo rastalarini kezdi. Yoymabozorni koʻzdan kechirgan boʻldi. Nabiralariga xoʻrozqand, “toʻpim, toʻp-toʻp etasan, ursam qochib ketasan” kabi har xil oʻyinchoqlar xarid qildi. Sabzavot sotiladigan rastalarni ham oraladi. Yoshi qirqlardan oshgan, qalingina qoshlari bir-biriga tutashgan, gapga solsangiz ham, yuz-koʻzlariga baqa misoli baqrayib tikilsangiz ham basharangizga qaramaydigan, istarasi issiqqina bir ayol kartoshka, sabzi-piyoz sotib oʻtirgan ekan. Otaning yuragi bir qoʻzgʻala tushdi. Andak dovdiragandek boʻldi. Oʻpkasini sal-pal bosib olgach:

– Mol egasiga oʻxshamasa, harom oʻladi. Toʻgʻrima, qizim? – dedi. Ayoldan sado chiqmagach, piyoladek kartoshkani qoʻliga olib salmoqlab koʻrdi. Soʻng kartoshkani kaftlari orasida uqalagan koʻyi davom etdi: – Molingiz yaxshi molgʻa oʻxshaydi, qizim. Yerlaringiz qumaloqma, diyman-da. Kartishkangiz aytib turibdi. – Kartoshkani joyiga qoʻyib, sumakdek sabzini qoʻliga oldi. – Bunday sabziga hech koʻzim tushmagan ekan. Jaltillaydi-ya! Kiroyi sabzing boʻlsa, shunday boʻlsa-da! Yerda gap koʻp-da. Biraq, ishlovgayam qaraydi, qizim. – Sabzini ham joyiga qoʻyib, kaftlarini bir-biriga ishqalab changini qoqdi. – Hazirgi erkaklar, qizim, hazirgi erkakman deganlar, qizim, sizday kelinchakdi bozorga jubarib qoʻyib, oʻzi…

 

“Layloning tomiga chiqsam, gʻozlari gʻavgʻo qilur,

Erlari uyda turib, xotuni savdo qilur”

 

deganga oʻxshab, a, qizim… Nima, kuyov… mi, qizim? Xoʻsh, buyogʻi qanchadan boʻldi, qizim?

Ayol hadeganda javob beravermadi. Soʻng yana gapga soldi; kitobiy tilda ham gapirib koʻrdi. Ergash Jumanbulbul oʻgʻli bilan otasi rahmatli bordi-keldi qilganini ham qistirib oʻtdi; goh “joʻq”ladi, goh “yoʻq”ladi… Chamasi, bu shilqim xaridorning diydiyolari joniga tegdi shekilli, nihoyat, ayol tilga kirdi:

Ota, sizga oʻzi nima kerak?

Toʻlanboy ota biratoʻla shoshib qoldi. Oʻzingiz kerak deyishga tili bormadi. Axir, yoshi bir joyga borib qolgan chol, hovli toʻla kelin-kepchik, nevara-chevarasi bor – eshitgan quloqqa yaxshi emas. Boz ustiga, sinalmagan otning sirtidan oʻtma, degan gap ham bejiz aytilmagan. Jilovni tortish kerak. Yana ezmalik qilsa, yuzdan parda koʻtarilishi mumkin. Xullas, ayoldan joʻyali javob ololmagach (joʻyali javob deganda ota nimani nazarda tutganini yolgʻiz oʻzi biladi), kerak boʻlsa-boʻlmasa, uch-toʻrt kilo sabzi-piyozni aytilgan narxda xarid qilib, nosrang qogʻoz xaltachaga solingan bozorlikni chorrahada tilanchilik qilib oʻtirgan kampirga hadya etib, undan uzundan-uzoq duoi fotiha olgach, namozi jumaga kirib ketdi. Masjidda zamonamizning dolzarb masalasi – diniy aqidaparastlik va terrorchilikka qarshi kurash masalasiga bagʻishlangan amri maʼrufni eshitib, xiyla dovdirab, el qatori sajdaga bosh qoʻyib, soʻng oʻzicha xomaki reja tuzib uyiga qaytdi. Oʻzi uyga qaytdi-yu, yuragi qaytmadi – oʻsha ayolning yon-berisida qoldi.

Ota birvarakayiga namozi jumani kanda qilmay qoʻydi. Har gal nimanidir bahona qilib jamoatga qoʻshilmasdi. Baʼzan “Baribir mendan imom chiqmaydi” deb soʻqqaboshligiga ishora etib qoʻyishni ham unutmasdi.

Rostini aytganda, ota oʻsha ayolning yuragiga ham bir chimdim choʻgʻ sola kelgan edi. Tajribali-da, gaplarining ham salmogʻi bor, suyuq emas, maʼnili. Yurish-turishidan, oʻzini tutishidan min topib boʻlmaydi.

Navbatdagi namozi jumaga sal boshqacharoq boʻlib bordi. Soqol-moʻylovini qirib-qirtishladi, sip-silliq boʻldi. Onangni otangga bepardoz koʻrsatma degan gapning teskarisini qildi. Ulfatlari, ha, nima boʻpti, deb oʻzini goʻllikka soldi.

Bu gal juma namoziga ertaroq bordi. Ishonarli bahona topib, yoʻl-yoʻlakay ulfatlaridan ajraldi. Oʻzini sabzavot bozoriga urdi. Biroq oʻsha ayolning qorasi koʻrinmadi. Yoyma, chayqov, meva-cheva, qandolatchilik, oqlik, kiyim-kechak rastalarini birma-bir kezib chiqdi. Timni ham erinmasdan koʻzdan kechirdi. U koʻzga chalinmadi. Axiyri shu atrofdagi xotinlardan soʻradi. “Bir haftadan beri kelmay qoʻydi” degan javobni eshitdi. Otaning mazasi qochdi. Nima qilishini bilmay boshi qotdi. Shalvirabgina masjidga kirdi, lekin bu galgi amri maʼruf nechogʻliq dolzarb masalaga bagʻishlanmasin, qulogʻiga hech narsa kirmadi. Nihoyat, ovi baroridan kelmagan ovchiday boʻshashib uyga qaytdi.

Navbatdagi juma kelishini koʻzlari toʻrt boʻlib kutdi. Guzarga chiqib hamqishloqlarining xoʻroz urishtirishini, shiyponda oshiq tashlayotgan havaskor qimorbozlarning janjallarini tomosha qilib qaytadi. Toʻngʻich oʻgʻli Toshkentdan keltirgan kitoblarning u yer-bu yeridan choʻqilab oʻqigan boʻladi. Shu oʻgʻlining ajab odati bor: Toshkentga yoʻli tushsa, albatta otasiga bir dasta kitob koʻtarib keladi – goʻyo koʻzi uchib turganday, oʻqishi lozimday. Oʻzi oʻla qolsa ham oʻqimaydi, kitobni qoʻliga olsa uyqusi keladi. Toʻgʻri, baʼzan otaga maʼqul keladigan kitoblardan ham ola keladi. Masalan, oʻtgan yili asli Baxmaldan boʻlgan Toʻra Sulaymonning “Sayhon” kitobini keltirdi. Ota uni qayta-qayta mutolaa qildi va “Toʻraboy ham bizga oʻxshagan kuygan qullardan ekan, – degan xulosaga keldi. – Neʼmat, esingda boʻlsin, shu Toʻra buvangdi bir kuni qoʻy soʻyib chaqiramiz” deb niyat qildi. Oʻgʻli rozi boʻldi. Oradan uch-toʻrt kun oʻtib ota niyatidan qaytdi, “U shoir boʻlsa, bizning ahvolimizni koʻrib ustimizdan kulib ketmasin” deb andisha qildi…

Kunlarning kechishi qiyin boʻldi. Oradan oy oʻtganday, yil oʻtganday tuyuldi. Nihoyat, juma ham keldi, yana juma namoziga otlandi. Ajabki, yana oʻsha hol takrorlandi. Oʻsha ayolni uchratdim degan odamni uchratmadi. Hafsalasi pir boʻlib, negadir mardikor bozoriga yoʻl oldi. Na yurar, na oʻtirar joyining tayini bor – bir tomonda erkaklar, bir yonda ayollar toʻp-toʻp boʻlib turishibdi. Yosh kelinchakdan tortib yoshi bir joyga borib qolgan xotinlargacha uchraydi. Birlari uyat-puyatni ham yigʻishtirib qoʻyib, “xaridor” boʻlib borgan kishiga koʻndalang boʻladi: “Meni oling, meni opketing, xursand qilaman…” Boshqalari xuddi ayb ish qilib qoʻygandek qisinib-qimtinib oʻzlarini chetroqqa tortadi, yer chizib turadi. Ust-boshlari yupun, lablari yorilib, yuzlari toʻrlab ketgan… Anavilari esa mardikor bozoriga kelganini ham unutgan koʻrinadi, topgan-tutganini ustiga ilib, yana-tagʻin, noz-karashma qilishiga oʻlasanmi!

Ota bir chekkadan mardikor xotinlarni koʻzdan kechira boshladiyu noxos oʻsha ayolni koʻrib yuragi hapriqib ketdi. Ayol otaning bozor oralab yurganini olisdan koʻrgan shekilli, oʻzini panaga oldi. Ota ham noqulay ahvolga tushdi. Shu ayolning oʻrnida tugʻishgan, tutingan bir zaifa qarindoshini koʻrganday boʻldi. Oʻzini xoʻrlanganday, or-nomusi toptalganday his etdi. Yaqinroq bordi. Xuddi taʼziyaga kelgan odamdek, “Yaxshimisiz, qizim”, dedi. Ota “bandalik” degan ohangda gapirdi. Ayol ham buni sezdi. “Shukr”, dedi pichirlab.

– Men oʻtgan haptayam, bugunam sizdi rosa izladim. Mana, nihoyat, topdim, – dedi ota.

– Ha endi… – dedi ayol yerga qarab.

Ota yana nima deb gapni davom ettirishni bilmasdi. Ayol esa bu yerda turganidan xijolat boʻlmoqda edi. Nihoyat, ota tilga kirdi:

– Oʻgʻrilik ayb, qizim. Gʻarlik ayb, qizim. Lekin tirikchilikding aybi joʻq. Yuring, men sizni olib ketay. Uyimiz uzoq emas. Kechqurun oʻgʻillar olib kelib qoʻyib ketishadi.

– Rahmat, aka… Bugun shu atrofdan biron hojatmand chiqib qolar. Uydagilarga ertaroq kelaman, deb edim.

Ayol ilgari unga “ota” deb murojaat qilgan edi, bu gal “aka” dedi. Shu birgina soʻz bilan oʻzini otaga, otani oʻziga yaqin tutayotganini bildirdi. Ota buni sezdi. Sezdi-yu ayolga boʻlgan hurmati yanada ortdi.

– Uylaringiz qayerda, singlim? – Endi u ham “singlim”ga oʻtdi. – Kimlaringiz bor? Kuyovingiz…

Ayol birdan javob berdi:

– Uyimiz shaharning shundoq biqinida – Ulugʻbek qishlogʻida. Eski Jdanov kalxozi. Xoʻjayinimni soʻradingiz, u kishi dardmand. Ishga yaramaydi. Endi…

Ayol yer suzdi.

Ota gapni boshqa tarafga burdi:

– Singlim, juma namoziga kirib chiqqunimcha kutib tura olasizma?

– Xaridor kelib qolsa netaman?

– Bir kishiga vaʼda berib qoʻyib edim, deysiz-da.

– Voy, yolgʻon gapiramanma?

Ota nima deyishni bilmadi. Bilganda ham bu ayolni dabdurustdan uyiga nima deb ergashtirib boradi? Axir, uyidan mardikor ayol izlab chiqqan emas, mardikorga ehtiyoj ham yoʻq.

– Boʻlmasam, juma namozidan chiqib tuvri shu yerga kelaman. Agar biror kishi olib ketmasa, bafurja gaplashamiz, – deb tayinladi ota.

– Xoʻp, – dedi ayol.

Namozdan soʻng ulfatlari otani “jiz-biz”ga taklif qilsalar-da, zarur ishi borligini bahona qilib mardikor bozoriga yoʻl oldi. Kelsa – “singil” yoʻq. Birpas kutdi. Keyin pista chaqib oʻtirgan ayollardan uni soʻradi. “Bir kishi olib ketdi”, deb javob berishdi. Kimdir oʻzini taklif qildi, otaning yoʻliga koʻndalang boʻldi.

– Unga shirinkoma berib qoʻygan edim, – deya bahona qildi ota va ichida “Xudoning oʻzi kechirsin” deb qoʻydi.

Endi uyga qaytishdan boshqa iloji yoʻq edi.

Oʻsha kecha tun boʻyi ichikib chiqdi. Xuddi oʻz xotini yoki oʻzining tugʻishgan singlisi mardikor bozoriga chiqqan-u uni bir boyvachcha uyiga olib ketgandek tuyulaverdi. Uyiga olib borgach, tegajoqlik qilib, hol-joniga qoʻymasdan… “Astagʻfirulloh” deb ikki yelkasiga tufladi.

Ayol koʻhlikkina, hali ohori toʻkilmagan kiyimday bejirim, toʻkis edi. Yuz-koʻzlaridan iboli, hayoli ekani, koʻcha xotini emasligi shundoqqina bilinib turardi.

Tong otishi bilan apil-tapil nonushta qilib, zarur ishi borday jadal shaharga otlandi. Toʻngʻich oʻgʻil Neʼmat: “Ota, oʻzim moshinda eltib qoʻyaman”, dedi. “Xoʻp”, dedi. Oʻgʻli yap-yangi “Neksiya”da otani aytgan joyiga eltib qoʻydi. “Kutib turaymi?” deb soʻradi. “Yoʻq, ketaver…”

“Singil” yana koʻrinmadi. Mardikor bozorni bir aylandi, ikki aylandi – yoʻq. Peshin namozini masjidda oʻqidi. Namozdan soʻng masjid hovlisidagi soʻriga yonboshlab olib “pirra” oʻynayotgan chollarga koʻzi tushib ajablandi.

Bu qimor emas, shunchaki oʻyin, – deb izoh berdi chollardan biri.

– Agar qoʻshilmoqchi boʻlsangiz, bitta sherik topib keling. Yutqazganlar chiqib ketadi, oʻrniga kirasizlar. Lekin magʻlublar gʻoliblarga ikkitadan jigarkabob olib beradi, – dedi simobi sallasini yoniga yechib qoʻygan choʻqqisoqol chol.

Davleniyam bor, jigarkabob yemayman, – deb ota tashqariga yoʻnaldi.

Bu kun ham noumid boʻlib qaytdi. “Singlisi”ni izlab Ulugʻbekka boray desa, joʻyali bir bahona yoʻq. Nima deb boradi? Betini qattiq qilib borgan taqdirda ham uydagilari nima deb oʻylaydi, nima deb soʻylaydi?..

Tun boʻyi yana behuzur boʻldi. Bomdodgacha ikki rakat nafl namozini oʻqidi. Bomdoddan soʻng birdan dili yorishib ketdi: axir, Ulugʻbek qishlogʻida eski tanishi – Toshpoʻlat oʻtogʻasi yashaydi-ku! Avvalroq esiga tushmaganini qarang-a! Ota Ulugʻbekka yoʻl oldi.

Xayriyat, oʻtogʻasi uyida ekan. Koʻngli joyiga tushdi. Boshida bogʻdan-togʻdan, zangdan-zamondan safsata sotib, gapni aylantirib kelib “singil”dan soʻz ochdi. Shundan keyin gap gapga ulana tushdi. Shariatda sharm yoʻq deganlariday, ota boshidan oʻtgan sarguzashtlarni bir-bir dasturxon qildi. Albatta, ora-orada bu besh kunlik dunyoning hech kimga vafo qilmasligini ham qistirib turdi.

– Ozarboyjonlarda bundan yuz yillar chamasi muqaddam Aliakbar Sobir degan bir shoiri zamon oʻtgan, – dedi u.

– Xoʻsh, xoʻsh? – deb Toshpoʻlat oʻtogʻa yostiqni qoʻltigʻiga tortib yonboshlab oldi.

– Oʻsha shoir “Bu dunyoning baqosiga laʼnat, roʻzgʻorining vafosiga laʼnat” degan ekan.

Obbo zangʻar-ey, boplagan ekan-ku!

Endi, oʻzingizdan qolar gap yoʻq, toʻrimizdan goʻrimiz yaqin…

Kampirning qaytish qilganini Toshpoʻlat oʻtogʻa yaxshi bilardi, taʼziyada ham qatnashgan. U yana bir bora otaga taskin berib, soʻng boya taʼriflangan “singil”dan gap boshladi:

– Aslida, xudo yaxshini bir joyidan kam qiladi deganlari rost ekan. U qishloqding oldi qizlaridan boʻlgʻan. Lekin birinchi turmushidan parzand koʻrmaydi. Aybdi Marjongʻa toʻnkaydilar. Oʻn jilcha roʻzgʻor qilib, ajrashadilar. Soʻng qishlogʻimizdagi uch bolali, ayoli oʻlgan kishigʻa tegdi – Esirgapdan ham bola koʻrmadi. Uch bolani katta qildi. Oʻz bolasiday papalab, oq yuvib, oq taradi. Ikki qizini uzatdi, oʻgʻlini uylantirdi. Oʻgʻil bebaror chiqdi. Na ishining tayini bor, na roʻzgʻor tutishining. Ichkuyov boʻlib Yangiyoʻlda yashaydi. Bu yoqda Esirgapding kuni Marjongʻa qolgʻan, oʻzi qip-qizil alkash. Uchovoraga qoʻshilmaydi. Roʻzgʻordi amal-taqal qilib Marjon tebratib turibdi…

Bu gaplarni eshitgan ota oʻtogʻasiga emas, xuddi Xizrga yoʻliqqanday boʻldi. Lekin hozircha sir boy bermadi, xayr-xoʻshlashib uyiga qaytdi. “Singil”ning ismi Marjon ekanini bilib qaytdi.

Ertasi kuni yana mardikor bozoriga bordi. Ajabki, izlagan odami bir chetda turgan ekan.

– Marjon, qalay, yaxshimisan, tinchmisan?

– Xudoga shukr. Oʻzingiz qalaysiz, aka?

Marjon hayron edi: “akasi” ismini qaydan bilib oldi ekan? U “akasi” allaqachon kalavaning uchini topganidan bexabar edi. Avval “qizim” edi, keyin “singlim”ga oʻtdi, endi bemalol ismini aytyapti, sensirayapti.

Nima boʻlganda ham “aka” bilan “singil” oʻrtasidagi masofa tobora yaqinlashmoqda edi.

Jur, bir xoliroq joyda gaplashayik, – dedi ota.

Marjon indamasdan unga ergashdi.

Xoliroq joyga – Guliston shahri bilan “Obod mahalla”ni bogʻlab turuvchi temir yoʻl ustidagi osma koʻprikning tagiga borib oʻtirdilar. Gaplashdilar.

– Marjon, gapding ochigʻini aytsam, uch haptadan beri seni izlayman.

– Aka, endi nimamni izlaysiz? Mening izlagiligim qolmagʻan. Menga it tagib boʻlgʻan. It tumshugʻi tekkan yerga suv ichgʻali sher kelmas.

– Bu nima deganing? Nima, meni sherga mengzayapsanma?

– Shu deganim.

– Tushuntirib soʻyla.

– Koʻrib turganingizday, tirikchilik – toshdan qattiq ekan. Avval uchratganingizda sabzi-piyoz sotib turib edim, olibsotarchilik qilib yurib edim. Lekin bozor deganingiz ochiq mozordanam yomon ekan: pattachidan boshlab mirshabigacha, mirshabidan doʻxtirgacha “ber-ber” ekan. Kerak boʻlsa, har bir qarich joy sotiladi. Chayqovchilik qilib topgan pulim choychaqa tugul, kira moshinaning xarajatiniyam qoplamay qoʻydi.

– Kartishka, sabzi-piyoz oʻz tomorqangdan emasmidi?

– Joʻq, tomorqani bir oʻzim eplolmadim.

– Ering-chi?

Marjon bir oz dovdiradi.

– Erimma, erim… U kishiga ham oson emas. Jamoa xoʻjaligida ishlab topgani qora qozonni qora bostirdi. Uch-toʻrt oylab haq bermaydi, berganlariyam… Berganing bir kulcha,… tong otguncha deganday. Oxir-oqibat zoʻr berib ichishga oʻtib oldilar. Kunni tunga, tunni kunga ulab juboradi, “zapoy” qiladi.

Ota Toshpoʻlat oʻtogʻasidan hamma gapni bilib olgan boʻlsa ham, oʻzini bilmaslikka solib gapirdi:

– Bolalaring-chi, ular dastyor boʻlib qolishgandir, axir?!

– Biz xudo urib, paygʻambar hassasi bilan turtganlardan, tovoni qon koʻrmagan bebaxtlardanmiz. U yogʻini aytaversam… Mayli, aka, qoʻying endi. Men tirikchilikdan qolmay, uyga quruq qoʻl bilan borolmayman. Menga qarab oʻtirishibdi.

Ota ham oʻzini shoshib turgandek koʻrsatib, gapning indallosiga koʻchdi:

– Marjon, seni bunchalik tutib turishim koʻrar koʻzgayam yaxshi emas. Endi sen mendan “joʻl boʻlsin?” deb soʻrasang… Amakilarimizdan birining oilasi singʻan. Men shunga “shahar koʻrmagan” ayol izlab juribman. Yoshi yetmishni qoralab qolgʻan, lekin beli baquvvat chollardan. Unib-oʻsgan qullardan. Qariyb bir jildan beri munosibrogʻini soʻroqlaymiz. Biri yosh boʻlsa, biri beboshroq. Biri chinakam sanam boʻlsa, biri satangroq. Biri beva boʻlsayam, nevara-chevarali. Endi sen ham koʻz-quloq boʻlib jursang. Xudodan sal-pal xabari bor, oʻzimizgʻa oʻxshagan jaydari, boshi boʻsh ayollardan boʻlsa, xayrli ishga qoʻl urgʻan boʻlarding.

– Albatta, Marjon “akasi” kimni nazarda tutayotganini xayoliga ham keltirmasdi.

– Bizding qishloqda siz aytgʻanday ayol bor, lekin uni soʻrab kelmagʻan, odam qoʻymagʻan kishining oʻzi qolmadi. Uning qatʼiy javobi shu: “Men chin dunyoga ketgan erimning arvohini chirqillatib qoʻyolmayman. Qir toʻla qoʻyi, sayhon toʻla samani boʻlsayam joʻlidan qolmasin. Tumanbegi boʻlsayam bu uyga qayta qadam bosmasin”. Shundan soʻng sovchilarding qadami tindi…

Ota “singil”ning gaplarini eshitib, oʻzining aytar oʻlaniga oʻtdi:

– Kun peshin boʻlib qoldi. Seniyam ishdan qoʻydim. Bugungi uvol-savobing mening boʻynimda. Sen mana buni ol-da, mayda-chuyda qilib uyingga bor, – deb bir tutam pul uzatdi. – Mening senga ogʻalik maslahatim – nima ish qilsang qil, lekin mardikor bozoriga bugundan boshlab kelishni bas qil!

Ota oʻzicha himmat koʻrsatib Marjonning bitmas yarasiga goʻyo tuz sepdi. Ayol unsiz yigʻlashga tushdi, xoʻrligi keldi. Xarchand iltimos qilsa-da, “akasi” uzatgan pulni olmadi. Ota ham boʻsh kelmadi:

– Mayli, qarz deb bil. Qoʻlingga qush oʻtirgan kuni qaytararsan. Ol, baraka topkur, ol!

Marjon nihoyatda oʻsal boʻldi.

– Mayli, mendan qaytmasa Xudodan qaytsin, – deb pulni oldi. – Endi haligi, mardikor bozoriga qayta kelakoʻrma, degan gapingizga javob bersam. Bu joʻl bilan pul topishding ketidan kun koʻrgʻandan koʻra,… qilib tirikchilik oʻtkazgʻani maʼqul ekan. Mardikor ayol – puldording quli. Aytgʻanini qiladi, sarmoyador oʻz bilgʻanidan qolmaydi. Bir kuni shu yerda turib edim. Bitta aktipbashara, yoshi qaytgʻan kishi kelib, singlim, bizding bir kunlik ishimiz bor, dedi. Mayli, dedim. Moshinasiga mindirib olib ketdi. “Dom”da yashar ekan. Uyiga kirdik. Qoʻlidan tortib gardanigʻacha tilla taqinchoq taqqan juvon kutib oldi. Keyin shohona dasturxonni koʻrsatib, oʻtiring, dedi. Men bu yerga mehmondorchilikka kelmagʻanman, ishlagʻani kelganman, qilar ishimdi koʻrsating, dedim. Avval tamaddi qilib oling, keyin koʻrsatamiz, ish boʻlsa qochmaydi, dedi. U desam – bu dedi, bu desam – u dedi. Koʻrpachagʻa oʻtirishim bilan boyagʻi ayol eshikdi yopib tashqarigʻa chiqib ketdi. Anavi kishi yonimgʻa kelib oʻtirib, “oling-oling” deb mulozamat qila boshladi. Men xuddi qapasga qamalib qolgʻan qushgʻa oʻxshardim. Chinni kosadagi shoʻrvadan bir-ikki qoshiq ichganday boʻldim. Birdan ogʻzim qurib, tomogʻim qaqrab ketdi. Endi muzday narsa ichgim kelardi, xolos. Bora-bora boshim aylanib, koʻzim tinib, hushimdi yoʻqotdim, shekilli. U yogʻini bilmayman. Bir vaqt koʻzimdi ochsam, aʼzoyi badanim oʻzimniki emas… Axiyri ayol kirib keldi. Qalay, yaxshi dam oldingizma, dedi. Ha, dedim. Rosa yaxshi dam oldik, dedim. Yaxshi kasbingiz bor ekan, dedim. Mening kasbim sizding kasbingiz oldida… dedi. Endi shart turib ketishdan boshqa ishim qolmagʻan edi. Yonimgʻa bir dasta pul solib qoʻydilar. Puldi haligi ayolding basharasiga qaratib otdim. Tanpurushlikning ketidan kun koʻrishga oʻrgatgʻaning uchun, ochib qoʻygʻan maktabing uchun senga rahmat, dedim. Bir kuni alohida kelib qoʻl berib, qoʻlingdi olib ketaman, dedim. Ayol hiringladi. Anavi bezbet ham hiring-hiring qildi. Chiqdim-da ketdim. Itgʻa talangʻan daydiga oʻxshab ketdim… Siz esa meni odam deb gaplashib oʻtiribsiz! Buning ustigʻa, odamgarchilik qilyapsiz.

Ota Marjonning dardi ichida ekanini bilardi, lekin bunchalik alamzada ekanini aslo oʻylamagan edi. Koʻngli toza, soddadil ayol… Bunday ayolni birinchi marta koʻrayotgan edi. Ota ayollarning ham oʻziga yarasha dunyosi borligini, dunyo boʻlganda ham sirli-sinoatli ekanini ilk bora kashf etayotgan edi… Ilgari Kolumb Amerikani kashf etganda nihoyatda quvongan boʻlsa kerak, doʻppisini osmonga otib irgʻishlagan boʻlsa kerak, deb oʻylardi. Yoʻq, quvonmagan boʻlsa kerak, aksincha, hayratlangan, yangi dunyo qarshisida lol boʻlib qolgan… Ota ham lol qotdi, chunki bunday “gulzor”ga ilk bora oralayotgan edi. Aslida, koʻz ochib koʻrgan xotini bilan ham bunchalik ochilib-sochilib sirlashmagan edi. Bir eshikdan kirib, bir eshikdan chiqib yuravergan ekan. Umrida birorta begona ayol bilan koʻz urishtirmagan, “ishqirigʻi”ni nojoʻya yechmagan edi. Koʻp narsalarni bilmas ekan.

Vaqt ham namozidigarga ogʻib bormoqda. Xayr-xoʻshlashishning fursati yetdi.

 

***

Marjon birinchi eri bilan oʻn yildan ortiq yashab orttirgan davlati “tugʻmas xotin – bedov” degan nom boʻldi. Bormagan yeri, bosh urmagan qadamjosi, uchramagan doʻxtiri, yoʻliqmagan tabib-taskani, koʻrmagan qissachisi, etagini oʻpmagan azayimxoni qolmadi. Foydasi boʻlmadi. “Bedov”ligicha qolaverdi. Eri esa bitta bolali xotinga uylandi. Bu xotin ham tugʻmadi. Shundan soʻng Marjon el orasida oqlanganday edi:

– Tuvmas xotinding siynasi bilan boʻksasi tep-tekis boʻladi.

– Marjonding siynasi bilan boʻksasi esa… Ayb erida. Mana, koʻrasiz!

– Ikkinchi eridan ham bola boʻlmadi-gʻu?

– Qiziqmisiz, muttasil ichib jurgan odamding pushtini araq kuydirib juboradi. Bola boʻlgʻan taqdirdayam butun boʻlmaydi: yo shol, yo garang boʻladi.

– Shu gapingizda jon bor.

 

***

Xullas, endi Toʻlanboy otaga ishning nima bilan boshlanib, nima bilan yakunlanishi belgili boʻlib qolgan edi. Faqat oshigʻining olchi yo tavka tushishi; yo chikka, yo pukka boʻlishi Toshpoʻlat oʻtogʻasiga bogʻliq. Axir, bekorga aytmaydilar, har yerning tulkisini oʻsha yerning tozisi ovlaydi, deb.

Ota xonani ichidan berkitib olib radioning qulogʻini buradi. Mashhur xonanda ashula aytar edi:

 

“Bir qarashda misning ham tilloga oʻxshar rangi bor,

Misning bahosi boshqa-yu, tilloning oʻzga narxi bor…”

 

Sirtdan qaralsa, hamma xotin – bir xotin. Biroq ayollar dunyosining ichiga kirib, koʻngillarini taftish qilsangiz bormi! Ayol zotining ayoldan farqi, eh-ha… Hofiz aytganiday, biri tillo boʻlsa, biri mis. Birlari ohu boʻlsa, birlari ogʻu. Biri jahannam boʻlsa, biri jannat…

Ota yursa ham, tursa ham koʻngliga, koʻkayiga bir yorugʻlik kirib kelayotgandek boʻlaverardi. Bir kecha tush koʻrdi: goʻyo xonadonining chirogʻi porillab yonib turgan emish. Oʻshandan beri otaning suyagi yengil, koʻngli ravshan.

U Toshpoʻlat oʻtogʻasinikiga ustma-ust boraverishni ep koʻrmay, toʻngʻich oʻgʻlini Ulugʻbekka joʻnatdi: “Otam bir kelib ketsin deyapti, degin, oʻgʻlim. Jotib ketadigan boʻlib borar ekansiz, boboyning mazasi qochibroq turibdi…”

Otaning oilasi singandan buyon bordi-keldilari siyraklashib qolgani sababli oʻtogʻa shitob kiyinib, boʻyinsasining toʻngʻichi bilan yoʻlga oltlandi.

Ikki qadrdon tun boʻyi dardlashdi. Ota joʻrasiga bor hasratini toʻkib soldi. Oʻtogʻa ham gapni aylantirib oʻtirmasdan muddaoga oʻtdi-qoʻydi:

– Toʻlan deyman, siz bilan bizding yoshimizda kishi tanmahramsiz hatto nosqovogʻiniyam qoʻygʻan joyidan topolmaydi. Oʻgʻillar harakat qilmadima? Oʻzingiz-chi?

– Oʻgʻillarimdan minnatdorman, ayniqsa, toʻngʻichim rosa yelib-yugurdi. Lekin joʻyaligi topilmadi. Bilasiz, hozir biz dardisar bir yoshdamiz. Nari boʻlib narimas, beri boʻlib berimas. Oʻzimam bekor jurganim joʻq. Ammo pichoqqa ilinadigani roʻparoʻ kelmayapti. Endi, gapding rostini aytsam, Xudodan jashirmaganni bandasidan – sizdan jashirib nima qildim. Qishlogʻingizdagʻi oʻsha Marjon degan ayol mening moʻljalimga sal tuvri kelib turibdi. Sizdi chaqirishdan maqsad ham shu.

– Iya, uning eri bor-gʻu?!

– Eri bor ayol mardikor bozorida jurama! Erining erligiga qoyil qolmadim.

– Bu gapingizda jon bor, joʻra.

– Avval uni sabzavot rastasida sabzi-piyoz sotib oʻtirgʻanida koʻrdim.

Oradan bir-ikki hapta oʻtib mardikor bozorida uchratdim. Gapgʻa soldim.

– Ular dehqonchilik qilmasdi chogʻi… Eri mast-alas jurishdan boʻshamaydi. Ilgari durustgina jigit edi. Xotini oʻlib, uch bolaminan qoldi. Soʻng Marjongʻa uylandi.

– Tuvri, dehqonchilik qilishmas ekan. U kartishka-partishkani koʻtarasiga olib, maydalab sotar ekan. Undan bir naf boʻlmagʻach, mardikorchilikka oʻtibdi.

– Boʻlsa bordir. Men borib bir surishtirib koʻray-chi. Ayol kishining mardikorchilik qilishi… Bilishimcha, ishdi pishirib qoʻygʻan koʻrinasiz.

Xudo shohid, unday emas. Uning pokdomon ayolligʻi shunday bilinib turibdi. Lekin eridan…

Yaxshi. Men bu ishding oxiriga jetaman.

 

***

Oradan haftalar oʻtdi.

Bir kuni kechga yaqin toʻy-maʼrakalarda choyxonachilik qilib yuradigan bola oʻtogʻani yoʻqlab bordi.

Toshpoʻlat bobo, darhol Esirgap akalarnikiga oʻting ekan. Mehmon kelibdi, – deb aytib keldi.

Esirgaplar oilasidagi bu kungi toʻplanuvning tabiati shoʻro davridagi raykomning navbatdan tashqari chaqiriladigan byuro majlisiga oʻxshab ketardi.

Marjon ogʻalariga “bir kelib ketingizlar” degan maʼnoda xat yozib yuborgan edi. Bu xabarni eshitgan ota-onasi, ogʻalari Jizzaxning Qangli qishlogʻidan yetib keldilar. “Byuro”ni Marjon ochdi:

– Azal kotiblari shoʻrlik manglayimgʻa oʻchmas-koʻchmas qilib bebaxtlik tamgʻasini bosib qoʻygʻan ekan. Bittagina tirnoqqa zor boʻlib oʻtib boryapman. Oqibatda yomonotligʻ boʻldim. Endi bu yogʻiga sabrimam, bardoshimam tugadi. Sizlardi chaqirishimdan maqsad shu.

El ustida yurgan toʻngʻich ogʻasi singlisining muddaosini sezib turgan boʻlsa-da, lekin oʻzini goʻllikka solib:

Oʻzi nima gap, nima soʻz? Tushuntirib soʻylasang-chi, – dedi.

Qaysi birini tushuntiray, aka? Bir tushuntirib, bir tushuntira olmay yarim umrim oʻtib boʻldi. Endi bu yogʻi…

Shu tobda onaizor gapga aralashdi:

– Senday bebaxtni tugʻmay men oʻlay, qizim! Nasl-nasabimizda tuvmas xotin degan, bedov degan tavqilaʼnat tamgʻasini olgan ayolding oʻzi boʻlmagʻan. Hayronman, nima uchun Xudoyim seni birgina tirnoqdan qisib qoʻydi ekan?! Bolam, bu elda tuvmas xotin birgina senma?.. Boy desalar boyga, xon desalar xonga munosib qiz eding… Endi nima boʻlgʻandayam joʻli ulugʻ, joʻrigʻi buyuk kuyov gapirsin. Qani, oʻzi nima gap?

Bor gapni borligicha oʻrtaga toʻkib soladigan kuyov qayda deysiz: Esirgap yelkasini qisgan koʻyi oʻtirar, yer oʻyilib, osmon uzilib tushsa ham goʻyo parvo qilmas edi. Xuddi toʻqaydan tutib kelingan tovushqonday oʻzi bilan oʻzi ovora edi. U allaqachon savdoyi boʻlib qolgan. Unga daryoning u beti bilan bu beti birday edi. Yerdan sado chiqsa chiqar ediki, undan sas ham, sado ham chiqmasdi.

Gap yana Marjonning oʻzidan boʻldi:

– Men bu kishigʻa ham oson tutmayman. Bu uyga kelgʻanimdan beri ahvol shu. Boshda bunchalik ichmas edi, bunchalik begʻam emas edi. Yaxshigʻina ishlab jurardi, oʻlmas bir kunimiz oʻtib turib edi. Oyma-oy maosh olishi orqaga tortilaverdi. Bora-bora birvarakayiga toʻxtadi-qoʻydi. Soʻng ichib kela boshladi. “Siz”lab soʻylaydigan ogʻzi “sen”ga oʻtdi. Buyam yetmagʻanday, Xudoning bergʻan kuni urish-janjal… Oʻshandayam gʻing demadim, dod solib, shovqin-suron koʻtarmadim. Nima boʻlsa ichimgʻa jutdim. Mana, qoʻni-qoʻshnilarim guvoh.

Yon qoʻshnisi, koʻp yillar kolxozda hosilotlik qilgan kishi Marjonning gaplarini qoʻllab-quvvatladi:

– Xudoni oʻrtagʻa qoʻyib aytgʻanda, hamma gapdan xabarimiz bor. Ha, Marjondi Xudo tirnoqdan qisgʻon. Boshqa nuqsonini bilmaymiz. Bor aybi – shu roʻzgʻordi tebratib turishi. Bozor-oʻchar qilib jurishidan ham, mardikorlik koʻchasiga kirganidan ham boxabarmiz. Bir ayol boʻlsa shunchalik boʻladi-da! Esirgap ham binoyidek jigit edi. Uyi singʻandan keyin dovdirab qoldi. Marjongʻa uylangandan soʻng roʻzgʻori izga tushib ketar deb edik…

“Mardikorlik koʻchasiga kirgan” degan gapni Marjonning ogʻasi koʻtarolmadi. Bu gap unga ogʻir botdi, singlisiga yovqarash qildi – izoh berishini soʻradi. Marjon boshidan kechirgan voqealarni bir chetdan gapirib berdi. Soʻng soʻz navbati “byuro aʼzolari”dan biri – Toshpoʻlat oʻtogʻaga keldi:

– Marjonning jurish-turishidan bir men emas, qishlogʻimizding yoshu qarisi minnatdor. Xudo oʻzi har yaxshini bir jeridan kam qilib yaratar ekan. Birgina otboqari yo oʻtyoqari (oʻgʻil yo qiz demoqchi) boʻlgʻanda bormi, Marjon bu qishloqding osmonidan uchmas edi, bu yerga qoʻnib ham oʻtmas edi. Bilmadim, Esirgapga nima jin urdi ekan, keyingi uch-toʻrt jil ichida besh kishining boshi birikkan joygʻa borolmay qoldi. Aravani teng tortolmay qoldi. Aka-ukalariyam hayron. Ular ham vaqti kelgʻanda qarab turgʻani joʻq. Biraq, qoʻldan bergʻangʻa qush toʻymas deganday, har kim oʻzidan qolmasin ekan. Oʻng qoʻldi chap qoʻlgʻa muhtoj qilmasin ekan. Nima boʻlgʻandayam, bu xonadonning toʻzimi… Nima deyishniyam bilmay qoldim.

“Byuro aʼzolari” orasida yer yorilib, yerga kirib ketguday boʻlib oʻtirgan Esirgapning otasi boshini xam qilgan koʻyi tilga kirdi:

Bolam shoʻrlik boshidan boʻsh boʻldi. Buni odam soniga qoʻshib jurgʻan – oʻsha oldingi kelinimiz edi. Nachora, kuni qisqa ekan. Undan soʻng dovdirabroq qoldi. Bir biti kirib, bir biti chiqib deganday… Marjongʻa kelsak, uning kami joʻq. Aytib qoʻyibdilar-gʻu, eru xotin – qoʻsh hoʻkiz deb. Roʻzgʻor jukini ikkalasi teng tortmasa, yo boʻyinturuq ishdan chiqadi, yo hoʻkiz oʻladi. Marjon bu oilaning toʻzib-tugamasligi uchun oʻzini oʻtgʻayam, choʻqqayam urdi. Endi bu yogʻiga koʻpchilik nima desa – shu.

Marjon hali-hamon asosiy gapni aytolmay oʻtirgan edi. Endi aytishning xonasi keldi:

– Xudoyliqni aytgʻanda, bu uygʻa mening qadamim yoqmagʻangʻa oʻxshaydi. Qoʻlimdan kelgʻan xizmatimdi qildim. Bu yogʻiga toqatim tugab boʻldi. Tuvri, amal-taqal qilib kun oʻtkazsa boʻladi. Ammo xoʻjayinim allaqachon meni uch taloq qilib boʻlgʻan. Javobimni bergʻan. Endi bu uyda turishimam, tirikchiligimam – harom. Bu gapdi ichimgʻa jutib jurib edim. Bugun aytmasam boʻlmaydi shekilli. Koʻrgan yaxshi-yomon kunlarimizding hurmati, manovi kishini bir uyda yolgʻiz tashlab ketishni itlik deb bildim, – deb Esirgapga ishora qildi. – Axir, it hech qachon egasini tashlab ketmaydi-gʻu. Endi, mana, sizlar guvoh, bu uyda ortiqcha turishim shariatgayam, sharmgayam tuvri kelmaydi.

“Uch taloq” daragini eshitgan “byuro aʼzolari” bu roʻzgʻorning tugab-bitganini ich-ichdan his etib, noqulay ahvolga tushdi. Marjon uchun xijolatli tomoni – bu davrada Toshpoʻlat oʻtogʻaning oʻtirgani edi.

“Byuro majlisi” poyoniga yetdi. Marjonning qarindoshlari shu oqshomdayoq bu bebaxt jigargoʻshalarining koʻch-koʻronini bir mashinaga bosib uylariga joʻnadi. Marjon ham yigʻlay-yigʻlay mashinaga chiqdi.

Oradan birmuncha vaqt oʻtib, tugʻishganlari Esirgapni savdoyilar davolanadigan shifoxonaga joylashtirdi. Shundan soʻng Ulugʻbekda yashaydigan yoshu keksaning tilida Esirgap oilasining baland-pasti “doʻmbira” boʻla boshladi:

– Xotin boʻlsa, Marjonday boʻlsa qani edi! Aqlu hushdan, boʻy-bastdan, muomaladan kami joʻq edi. Insof bilan aytgʻanda, u shoʻrlik odamiga tushmadi. Endi uchdi-ketdi.

– Shunday ayolni mardikor bozoriga chiqarib qoʻygʻan odam xor boʻlsin-a! Sadqai xotin ket-a, singilgʻar!

– Oʻsha oʻttizinchi jillarni sizlar bilmaysizlar. U jillari davlatding odamlargʻa yordam berishi u yoqda tursin, kulbasidagi qora chirogʻigacha jiyishtirib olib qoʻygʻan edi. Endi mol-mulk oʻrtada boʻladi, kallektivniki boʻladi, deb. Hazir davlatimiz mol desang mol, jer desang jer, pul desang pul – buni ssoʻda deyma, kiridit deyma, bilmadim – berib tursa. Boy boʻl deb tursa. Savdogarchilik qoʻlingdan kelsa, buni qil, deb tursa. Tagʻin nima kerak? Shuncha imkoniyatlardan keyin ham dod degan odam, bilmadim, qanday odam! Azal-azaldan, hatto paygʻambarimiz davridayam podsholik faqat mayib-majruhlargʻa, kimsasiz qariyalargʻa yordam berib kelgʻan. Toʻrt muchasi sogʻ odam, marhamat qilib, aravasini tortsin. Men faqat Esirgap tuvrisida gapirjatgʻanim joʻq. Haziram pana-panada, davralarda davlatdan noliydigʻan noshukr, bebaror kishilar tuvrisida gapirjatipman.

– Gapding oʻgʻilbolasini aytdingiz! Marjon qoʻlidan kelgʻancha qora qozonini qaynatib turish uchun urunib-surindi. Esiz xotin, esiz odam! Hamma ishlaridan xabarim bor. Koshki edi, hamma ayollaram oʻshanday boʻlsa! Manaman degan uyding chirogʻini porillatib jogʻib turadigan, quldi bek qiladigʻan ayol edi. Esiz. Birniki mingga, mingniki tumanga deb shuni aytadi. Esirgap birgina oʻzini jomonotliq qilmadi. Hammamizga isnod keltirdi,… furush!

– Esirgapdan nolib boʻlarmidi! Boshdayam goʻr emas edi. Buning ustiga, kasalmand boʻlib qoldi. U emas-bu emas, oʻrtada Marjonding baxti bogʻlandi. Dod deb ketdi shoʻrlik…

 

***

Toshpoʻlat oʻtogʻa gʻishtning qolipdan bunchalik yengil koʻchishini oʻylab ham, boʻylab ham koʻrmagan edi. Endi hamma gap Marjonning tuqqan-tugʻishganlarida, koʻproq ogʻalarida qolgan edi.

U ertasi kuni kechga tomon Toʻlanboy otanikiga ovi oʻngidan kelgan ovchiday xursand boʻlib bordi. Ikki uzangi-yoʻldosh yonboshlab olib, yotib olib gaplashdilar.

– Toʻlan deyman, endi bundan bu yogʻiga seni yana sensirayman, chidasang shu, joʻra… Oving baroridan keladigʻangʻa oʻxshaydi. Jizzaxding Yoyilma sayhonidagi Qangli qishlogʻini bilasanma?

– Nimaydi?

– Sen moʻljalgʻa olgʻan qush oʻsha tomonga uchib ketdi.

– Bu nima deganing? Tushuntirib gapir.

Oʻtogʻa boʻlib oʻtgan voqeani bir boshdan aytib berdi.

– Qangli qishlogʻini nega bilmas ekanman? Kerak boʻlsa, ular bilan azal-azaldan sirdosh boʻla kelgʻanmiz, pirdosh boʻla kelgʻanmiz.

– Kelgʻan boʻlsalaring, kelgʻandirsiz. Biraq, Marjonding ota-onasi, ogʻalari senga koʻnarmikan? Endi oʻrtagʻa baobroʻy bir kishini qoʻyishga tuvri keladi.

– Amaldor desang amaldoridan, oqsoqol desang oqsoqolidan topamiz. Baribir hamma ishding boshida oʻzing turasan. Oʻzingni u yoq-bu yoqqa tashlama.

– Boʻpti. Gap sening qilar sarupongda.

– Sarupo sendan aylansin! Sarupoyam gap ekanma, ot mindiraman, ot! Zarbof toʻn kiydiraman!

– Hay, bilmadim-ov. Koshki edi gapingda tursang.

– Endi elda eʼtiborli, anov-manov degan odam gapini qaytara olmaydigan bir kishini topish kerak edi. Undan tashqari, Toʻlanboy otaning uy ichidagilar bu gapni qabul qiladilarmi-yoʻqmi, bu – eng asosiy masalalardan biri.

– Toʻlan deyman, biz hali osmonda juribmiz, yerga tushganimiz joʻq. Oilangning past-balandini men yaxshi bilmayman. Uydagilaring – oʻgʻil-qizlaring nima deydi?

– Tuvri aytasiz. Birgina kenja qizim shu haqda gap ochilsa, boshdan qarshilik koʻrsatib keladi. Enamning toʻshagini yot ayolga bermaymiz, deydi. Otam ham qiziq, yoshi oʻtib qolgʻanigʻa qaramay uylangudek joʻni bor, deb xunob boʻladi. Otamding feʼl-atvoriga uncha-muncha xotin dosh berolmaydi, deydi. Akalari turtibam, surtibam koʻrdi. Baribir koʻnmadi.

– Ha, oʻzi shunday boʻladi. Qiz xalqi enasining bosgan iziniyam begona xotinga ravo koʻrmaydi. Eng muhimi – oʻgʻillaring bir yoqadan bosh chiqarsa, bas.

– Oʻgʻillarimdan minnatdorman. Enalarining jili oʻtishi bilanoq menga moʻmin-qobilgina bir ayol izlashga tushgan. Shu paytgacha chamaga tuvri keladigani topilmay kelar edi.

– Joshligini hisobga olmagʻanda, Marjon senbop ayol. Gap endi uni, tuqqan-tugʻishganlarini koʻndirishda qoldi.

– Koʻnadi. Buni koʻnglim sezib turibdi. Endi bitta baobroʻy kishi bilan ostonasiga bosh urib borishing kerak, vassalom.

– Xoʻp dedim-gʻu, joʻra.

 

***

Koʻpda Xizr bor degan gap – gap. Marjon aftoda, abgor boʻlib otasinikiga borgandan soʻng sovchi degani yopirilib kela boshladi. Sovchi yuboruvchilarning deyarli hammasi kuygan qullardan – birining xotini oʻlgan, biri xotin qoʻygan, birlari tirnoqqa zor, birlari esa boladan bezor. Biroq sovchilarning bari boʻri emas, tulki boʻlib qaytmoqda edi. Hammasiga rad javobi berilardi. Marjonning javobi shunday boʻlardi: “Men kalish edimmi, toʻgʻri kelgan kishi kiyib ketaveradigan! Qolaversa, erga tagib ham boʻldim. Ersiz xotinni yer koʻtarmas ekanmi? El yer ustida yursa, men shu kezgacha yer tagida yashab keldim…”

Marjonning enasi Jizzax bilan Zomin obravida tilga tushgan chevarlardan edi. U gilam, zulqurs, olacha toʻqishning piri. Marjonning boʻy yetgan qizga oʻxshab oʻzini toshoynaga solib-toshoynadan oladigan vaqtlari oʻtib ketgan. Endi enasining kasbini, chiqqan qiz chiydan tashqari deganday, ilgariroq oʻrganmaganiga oʻkinadi. Nachora, hech boʻlmagandan koʻra kech boʻlgani yaxshi. Boz ustiga, bekorchidan Xudo bezor deb qoʻyibdilar. Bekor oʻtiraversa, chechalari bilan kelinlari oʻrtasida ham izzat-hurmati toʻkilishi mumkin. Chillali bolaning joyi boshqa degan gap behuda aytilmagan. Mehnat – oʻtdan issiq. U enasining kasbini oʻrganishga qasd qildi. Ishni jun savashdan, urchuq yigirishdan boshladi. Hafta-oʻn kun orasida junga ishlov berishni, kalava boʻyashni, oʻrmak toʻqishni oʻrganib-oʻzlashtirib oldi. Mashaqqatlardan qochmadi. Oʻrmakni qanday qurishni, dastgohlarni qanday tayyorlashni, koʻtargini kuziviga qanday birlashtirishni, seruviga ipni qanday oʻrashni, adargʻini qay yoʻsinda oʻrnatishni, qilichni qanday qoqishni, siltashni, qoziqlarni qanday urib, oyoqlarini qanday tiklashni, nihoyat, adargʻini qay tartibda tortib borishni – hamma-hammasini miridan-sirigacha mukammal egalladi. Junni qanday savab, undan pattivitni qanday ajratishni, jun bilan paxtani savash oʻrtasida farq borligini ham biladigan boʻldi. Erish bilan arqoqni qanday yigirishning mashqini oldi. Enasining koʻz oʻngida oʻrmakni oʻrnatishni, toʻqishni koʻrsatib bir necha bora koʻrik-sinovdan oʻtdi. Soʻng enasidan oq fotiha oldi. Irim uchun unga oqlik sovgʻa qildi. Shu tariqa chevar degan unvonli ham boʻldi.

Oradan hech qancha vaqt oʻtmay u gilam-zulbaroqning turli-tuman xillarini – qozoqi, arabi, qashqari, eroni, afgʻonilarini maromiga yetkazib toʻqishga kirishdi. Bir oy deganda bitta gilamni qoʻldan chiqaradigan boʻldi. Bitta gilam falon pul! Mehnatni, sarf-xarajatni hisobga olmaganda, bir zulbaroqdan kattagina roʻzgʻorni bemalol bir oy tebratgulik “non” qoladi. Qolganda ham ona sutiday halol non!

 

Marjonning ishini Xudo oʻngladi. Eng muhimi – uydagilarga “ortiqchaligi” sezilmasdi. Behuda gap-soʻzlarga ham oʻrin qolmadi.

Sovchilarning esa keti uzilmasdi. Baʼzan enasi uni yoʻlga solmoqchi boʻlardi:

– Enang aylansin, u kuni kelgʻan kishilar yomon jerdan emasdi. Otangding ham oʻshalargʻa raʼyi borday, chogʻi.

– Ena deyman, mening jurish-turishim sizlargʻa malol kelyaptima? Nomus qilyapsizlarma? Yo sizlarga nasoq keltiryapmanma?

– Voy oʻlayin, unday dema! Qursogʻimga siqqan bola qavmimizga sigʻmas ekanma? Hovlimizga sigʻmas ekanma? Lekin haliyam bir jigitding roʻzgʻorini gullatadigʻan joʻning bor, joʻyang bor, qizim. Biz sening baxtli-taxtli boʻlishingdi oʻylaymiz, enang oʻrgilgur!

– Enajon, oʻzimdi sal-pal oʻnglab olay. Keyin bir gap boʻlar… Ha, aytganday, akamlar nima deyishyapti?

– Ular biz chol-kampirdan oʻtib nimayam deyishsin?

– Agar bu jurishim ulargʻa malol kelayotgan boʻlsa, mayli, oʻtgʻa tashlasalaring ham, oʻchoqqa otsalaring ham – roziman!

– Unday dema, aylanay, unday dema. Nima, sen yomon nom chiqaribsanma?! Nojoʻya qadam qoʻyibsanma? Faqat baxting ochilmadi-da, qizim.

Marjon asta-sekin oʻzini oʻnglab oldi: yuzlariga qon yugurdi, ochilib-toʻlishdi. Qangli qishlogʻining qirchillama yigitlari ham unga suqlanib qaraydigan boʻldi.

Toʻlanboy “akasi”ning esa oʻy-xayoli Jizzax tomonlarda edi. Nihoyat, sovchi boʻlib boradigan baobroʻ odam ham topildi. Topgan odamlari “Katta xirmon”da tugʻilib, shu yerda oʻsib, tamomi “xonakilashib” ketgan Ahmad abziy edi.

Kechki mol qaytar chogʻi sirdaryoliklar Marjonlarning uyini soʻrab-surishtirib, topib bordilar. Mezbonlar mehmonlarni siyi sifati bilan kutib ham oldilar.

Marjon kelgan mehmonlardan birini – Toshpoʻlat oʻtogʻani tanib, bularning bekorga kelmaganini sezgan boʻlsa-da, oʻzini bilmaslikka solib, yumushi bilan ovora boʻldi.

Mehmonlarga dasturxon yozildi. Boshda gaplari koʻpam qovushavermadi. Ahmad abziyni hamqishloqlari “Ahmad Donish” derdi. Usiz davraga jon kirmas, hangoma qizimas, gap-gashtaklar oʻt olmas edi. U davraning taʼbi-tabiatiga qarab darhol jilovni oʻz qoʻliga olardi. Mana, hozir ham gaplar qovushavermagach, Ahmad abziy latifa boshladi. Latifadan soʻng oʻngʻaysizlik barham topdi. Rosa kulishdi. Endi gaplari ham gaplariga qovusha tushdi. Sovchilikdan, qulchilikdan soʻz ochildi. Odam Ato bilan Momo Havvodan gurung ketdi… Axiyri bir toʻxtamga kelindi: yana bir aylanib, oradan oy oʻtkazib kelingizlar, degan javob olindi.

Yaxshi gap – yaxshi, xayrli ish – xayrli. Bu odamlarning yaxshi niyatda kelgani Marjonning tugʻishganlari tomonidangina emas, tutinganlari, qoʻni-qoʻshnilari oʻrtasida ham xushxabardek qabul qilindi. Xonadon egalarining yuz-koʻzlaridan, kutib-kuzatishlaridan ham rozilik alomati sezilib turardi.

Toʻlanboy ota sovchilarlarning “boʻri” boʻlib qaytishini koʻzlari toʻrt boʻlib kutmoqda edi. Oʻgʻil-qizlarining, kelin-kuyovlarining, qolaversa, ayrim ogʻzi botir uzangi-yoʻldoshlarining oldida oʻsal boʻlib qolishini oʻylasa, dili-dunyosi xufton boʻlib ketardi…

Kun namozi shomga daxldor boʻlar-boʻlmas sovchilar “assalomu alaykum”ning kashtasini kelishtirib kirib keldilar. Dasturxon yozilar-yozilmas, botirning nayzasi tegsin-da sinsin deganday, ishning yengil koʻchib, oʻngidan kelganini ayta soldilar. Albatta, xushxabarni eshitgan Toʻlanboy ota oʻzini qoʻyarga joy topolmas edi.

 

***

Dovrugʻi yetti iqlimga yetgan toʻy boʻldi. Toʻlanboy ota xuddi qirchillama yigitdek chimildiqqa kirdi, xuddi oʻn sakkiz yashar qizdek hurkibgina turgan Marjonni dast koʻtarib qirq qavatli koʻrpa, koʻrpa emas, taxtiravonga ohista qoʻyadi. Kayvoni yangalar qiy-chuv koʻtarishib, chiroqni oʻchirib tashqariga chiqib ketishdi.

Toʻlanboy goʻyo yigirma yashar yigit edi, Marjon esa onasi oʻpmagan qiz edi. Toʻlanboy – Otabek, Marjon – Kumushbibi: “Siz oʻshami?” deydi koʻzlariga ishonmay. “Ha, men oʻsha”, deydi Toʻlanboy… U Fuzuliydan gʻazal oʻqiydi; gʻazalxonlik bilan tonglar otib ketadi, kunlar botib ketadi… Tunlar kunlarga ulanadi, kunlar esa oylarga. Marjon oyday toʻlishadi va oy-kuni yaqinlashib, qoʻchqordek oʻgʻil koʻradi. Yana Toʻlanboy otaning uzangi-yoʻldoshlari bu xonadonga toʻplanadi. Toshpoʻlat oʻtogʻa sovchilik saruposi deb berilgan saman otini minib keladi, “Ahmad Donish” esa zarbof toʻnga burkanib keladi. Chaqaloqqa ism tanlash marosimi rasmana bahs-munozaraga aylanib ketadi. Biri “Yetmishboy boʻlsin” deb taklif qiladi, boshqasi “Tavsan boʻlsin, Toʻlandan keyin Tavsan keladi”, deydi. Shunday qilib, farzandning ismi Bozurgon Toʻra boʻladi. Bozurgon Toʻraning qadami qutlugʻ keladi: ota-onasining ishlari baroridan kelib, xonadon qut-barakaga toʻladi. U toʻrt yoshga oʻtgan kezlarda Toʻlanboy otaning dehqon-fermer xoʻjaligi misli koʻrilmagan darajada moʻl-koʻl hosil koʻtaradi, daromadni hisoblab hisobdan adashadilar. Oxiri toʻngʻich oʻgʻilning taklifi boʻyicha Toʻlanboy ota yap-yangi “Mersedes” xarid qiladi. Bozurgon Toʻra moshinaga “Du-dut” deb nom qoʻyib oladi. Kunda-kunora “Du-dut”ga minaman, deb xarxasha boshlaydi, ota kenjatoyini orqa oʻrindiqqa oʻtqazsa koʻnmaydi, u kishi albatta oldinda oʻtirishi kerak. “Ha, mayli, melisa uchrasa, oʻzingiz javob berasiz”, deydi ota. Zominu Jizzax tomonlarni sayr etib qaytadilar…

Ota-bolani kuzatib qolgan Marjonning koʻzlaridan shashqator yoshlar oqadi. “Biru borim, Yaratganingga shukr… Oʻtgan umri qoʻrqinchli tush kabi lop etib koʻz oʻngidan oʻtadi. Oʻtadi-yu yorugʻ kunlar bor dunyosini qoplab oladi, Yaratgan Egamga qayta-qayta shukronalar aytadi, shukrona aytib charchamaydi…

 

***

Mana, birodarlar, kamina qulingiz guvoh boʻlgan voqea shunday. Bu toʻqima ham, choʻqima ham emas, oʻsma-surmasi ham yoʻq… Aslida, hayotning oʻzi moʻjiza. Moʻjiza bagʻrida mittigina afsonaning roʻyobga chiqishi mumkin emasmi? Yoki afsonaga gumoningiz bormi?..

 

Toʻra SULAYMON

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.