Chavandoz haqiqatlari

0
32
marta ko‘rilgan.

Yoxud Safar Ataqulov hayotiga chizgilar

 

Zotida bor zot ayirar…

Langartog‘ yaqinidagi Qishliq qishlog‘ida tug‘ilganman. Yoshim yetmishga yaqinlashayotgan bo‘lsa, shundan sal kam ellik yilini ko‘pkariga bag‘ishlaganim rost. To‘rt oyoqlab yuradigan jonivorlarning ko‘pini minib ko‘rdim. Eshak mindim, tuya mindim, ho‘kiz ham mindim… Lekin bularning hech biridan ot minishning zavqini olgan emasman. Faqat ot mingandagina ko‘kayimga sirli-sehirli shamol kelib o‘rnashdi. Hali-hanuz ot ustida o‘mganimni tik tutib yurarkanman, ko‘kayimga kelib o‘rnashguvchi yoshligimdan beri tanish bu shamoldan tanamga allabir yengillik, tomirlarimga allaqanday quvvat oqib kirayotganini sezib turaman.

…O‘shanda rosa yigirma yoshda edim. Yaqinda harbiy xizmatdan qaytgan davrlarim. Chiroqchida bo‘lgan bir to‘yda ilk bor ko‘pkariga kirishga chog‘lanib turibman. Bir payt tamoshabin chollardan biri menga qarab: “Bu nimkala yigit kim bo‘ldi? Mirzaterakday bo‘yidan boshqa hech vaqosi yo‘q-ku, qanday uloq chopadi?!” degani yaqqol qulog‘imga kirdi. Mening manglayimdan sovuq ter chiqib, bo‘g‘imlarim bo‘shashib ketdi. Shunda shu yaqinda turganlardan yana bittasi baralla ovozda:

−Ey, tanimadinglarmi?! Bu Qashqadaryoyu Surxondaryoni bir karra to‘xtatgan Ali qora bilan Karim chavandozlarning nevarasi Safar chavandoz-ku! Oqqan ariqning bolasi u, zot ayirib chiqadi!.. – dedi ishonch bilan.

Bilmadim, balki o‘shanda yonimni olgan odam meni shunchaki yigit shashti qaytmasin deb maqtab qo‘ygandir. Harholda u paytda chavandoz bo‘lib nomim chiqqan emasdi. Ammo bobolarim haqidagi bu gap quvvatimga quvvat qo‘shib, tomirimdagi qonni gupirtirib yubordi. Va men ot minib davraga kirgan ilk ko‘pkarida oz emas, uch marta zot ayirib, elni qoyil qoldirdim!

Keyinchalik ham har safar o‘yin oldi ko‘pkarida kiyiladigan anjomlarimni kiyib o‘zimni shaylar ekanman, “Qashqadaryoyu Surxondaryoni to‘xtatgan Ali qora bilan Karim chavandozlarning nevarasi…” degan ovoz quloqlarimda sado berib turadigan bo‘ldi.

Inson zotiga ota-bobosining nomini tez-tez eslatib turishning xosiyati katta ekanini ana o‘shanda tushunib yetganman.

 

 

Aza tutgan ot

Yoshlik davrlarimdagi bir voqea esimdan chiqmaydi. Ona tarafdan qarindosh bo‘lgan bir bobomiz olamdan o‘tdi. Bobomiz o‘zi ot chopmasa ham, chavandozlarga berib choptiradigan bir uloqchi oti bo‘lardi. Odamlar irimi shunday deb, marhum bobomizning jiydasini otining ustiga tashlab qo‘ydi. Otning sel bo‘lib yig‘laganini ilk marta o‘shanda ko‘rganman. G‘ayrati ichiga sig‘may har doim kishnab-depsinib turadigan asov otning boshi egik, to‘rtala oyog‘ini yerdan uzmas, ko‘zlaridan esa jimir-jimir yosh oqardi… Hammaning ko‘zi otda! Janozada ko‘pchilik marhum bobomga kuyganidan emas, tilsiz jonivorning bundayin mustar tortishidan ezilib yig‘laganday tuyilgandi menga…

Shu bo‘ldi, o‘sha ot bir yildan ko‘proq uloq degan narsaga qaramay qo‘ydi. Chiroyi hech ochilmadi, boshi doim xam bo‘ldi. Otasining endi yo‘qligini bolalari esdan chiqarganda, erining o‘lganini xotini unutganda, ot egasi uchun sal kam ikki yil aza tutdi!

Men shundan beri odamlarning emas, otlarning ko‘ziga tikilib qarashni yaxshi ko‘raman.

 

Zafarga teng mag‘lublik, mag‘lublikka teng g‘alaba

Surxondaryoga ko‘pkariga bordik. Safdoshlarimning yo‘lboshchisi men, ular ko‘proq menga ishonishadi. Ammo oldin bir-ikki ko‘pkarida uloq oldirib ichida menga adovat saqlab yurgan qo‘shni vohaliklar tadbir qo‘llashdi: o‘yin boshlanganda ot bilan yo‘limni to‘sib, davradan chetga sura boshlashdi. Ularning fikru zikri uloq ayirishda emas, mening uloqqa yetib borishimga to‘sqinlik qilishda edi.

Noiloj chekkaga o‘tdim-u, jandam (chavandozlar yaktagi) ning teskarisini kiydim. Boshimdagi qalpog‘imni va minib yurgan otimni ham safdoshlarimdan bittasinikiga o‘zgartirdim. Oqibatda, ko‘rinmay qolgan meni izlash bilan band raqiblarni g‘aflatda qoldirib, ikki marta zot ayirib chiqishga muvafaq bo‘ldim! Ko‘pkari so‘ngida yana o‘z otim, o‘z kiyimimda ko‘rinish berganimda shu yerlik chavandozlar menga imlab “Oxirida uloqqa kirgan to‘riq zo‘r chiqdi-yu, lekin baribir Safarga uloq oldirmadik, alam bilan ketadigan bo‘ldi” deb kulishdi. O‘zimni guyo hech gap eshitmaganday tutib, men ham kulibgina qo‘ydim.

 

***

Keksalikni tan olib ortiq ot chopishni to‘xtatganimga ikki yil bo‘lgan edi. Qishlog‘imizda katta ko‘pkarili to‘y bo‘ldi. Ko‘pkariga har turli viloyatdan chavandozlar kelishdi. O‘yin juda qizidi! Afsuski dongdor chavandozlar kelgan, ovozasi har yoqqa tarqashi ma’lum bo‘lib turgan bu o‘yinda o‘zimizning chavandozlar zot ayira olmay izza bo‘lishayotgan edi. Rosti, polvon zotiga eng alam qiladigani shu!

O‘yin oxirlab qolsayam vaziyat o‘zgarmayapti, tishimni tishimga bosib arang o‘tiribman. Oxiri “Ey xudoyim, men cholni sharmanda qilma!” dedim-u, shogirdlardan birining otini olib, o‘zimni davraga urdim. Alamning zo‘ridan shu chopishda davrani yorib o‘tib, uloqni taqimga bosib chiqibman. Ko‘rib turibman: yomg‘ir quyib turganligi uchun meni olqishlayman deb sapchiganlarning ko‘pining oyog‘i osmondan bo‘lib yiqilyapti…

Yana bir karra xuddi shu usulda zot ayirdim. Hamma xursand bo‘lyapti-yu, o‘zimning ko‘nglim eziladi. “Xudoyim-ov, bolalari, shogirdlari turganda hech qaysi qari chavandozni elning oriyati uchun davraga tushgulik qilmagin…”, deyman o‘zimga.

 

Ot yolini to‘shaydi…

Ot yiqilgan egasiga yolini to‘shaydi, eshak tuyog‘ini, degan gap haqiqat. Agar chavandoz yugurib ketayotgan otining ustidan uchib ketgan kabi eshakning ustidan yiqilsa bormi, qaytib odam bo‘lishi mahol.

Men ham bir galgi o‘yinda shaxt bilan uloqqa talpindim-u, yiqilib, izimdan kelayotgan ko‘plab ot galasining tagida qoldim. Yerda g‘ujanak bo‘lib yotarkanman yon verimdan “tapir-tupur” o‘tayotgan otlarni ko‘rib, ichidma birorta ham butun suyagim qolmagandir, aniq o‘ldim, deb o‘ylayman. Yo‘q! Meni davraning chetiga olib chiqishgach ma’lum bo‘lishicha, oyog‘imning boldir suyagidan bittaginasi singan ekan xolos. Uyam uchib ketib yiqilgan paytimda! Ustimdan hatlab o‘tgan shuncha otlarning esa birortasi ham meni bosmabdi.

Oradan ikki oy o‘tib, oyog‘im batamom tuzalgach, Koson tamonga ko‘pkariga borgan edim, o‘sha yoqlik meni tanigan chavandozlar “Ha, ichingga la’nat, usta Yozi! Safar chavandozning oyog‘ini yana ulab yuboribdi-da!” deb qishliqlik suyaksoz ustani so‘kishganini eshitdim.

 

Chavandoz qachon yig‘laydi?

Haqiqiy chavandoz yig‘lasa o‘zi uchun yig‘lamaydi, eli uchun yig‘laydi. Eli arslon yurakli bir er yigitga zor bo‘lsa, eldoshlari nomusga, uyatga qolsa yig‘laydi chavandoz. Ming marta otdan yiqilib, miliyon joyi lat yemaydimi, o‘zi uchun bir tomchi ham ko‘zyosh to‘kmaydi u. Chavandozning yig‘isi asli elning yig‘isi. Shuning uchun ham, mening nazarimda chavandozning yig‘isidan xunukroq, chavandozning yig‘isidan yomonroq narsa yo‘q bu olamda.

Ha… Aytgancha, chavandoz bir marta o‘zi uchun yig‘lashi mumkin. Mehri tushib, o‘rganib qolgan oti o‘lganda…

 

 

O‘g‘limga nasihat

Bir vaqtlar yaxshi chavandozlarga odamlar o‘ziga tegishli otini berib uloqda choptirar, oti zot ayirib qolsa, chavandozni duo qilib, azbaroyi xursandligidan ul-bul narsa atar edi. Bu bir havas edi, aniq biror shart ham, chavandozning otni mingani uchun kesilgan narx ham yo‘q edi. Bugungi kun yosh chavandozlar birovning otini minib bir marta uloqqa kirishiga “falon do‘llir” deb narx qo‘yayotgani esa menga sudxo‘rlikning bir turiga o‘xshab tuyuladi…

Qamchimni olgan kichik o‘g‘lim Nurbek chavandozga: “Elning nazaridan qolishdan qo‘rqsang, tanti bo‘l! Illo, el bir chimdimdan bersa to‘ydiradi, bir qatradan tuflasa cho‘ktiradi!” deb nasihat qilaman.

 

Shamolga tuflama

Ona suti og‘zidan ketib ulgurmagan ushoqdekkina yigitcha siz haqingizda asar yozaman, deydi. Hafsalasiz qaraganimni ko‘rib, “yaqinda bir shoir ko‘pkari beshafqatlikni targ‘ib qiladi, deb aytdi. Men o‘z asarimda bunday emasligini isbotlayman!” deya chiranadi u. Ushoq yigit aytishicha, o‘sha shoirning go‘dakligida chiroyli uloqchasi bo‘lgan, uni o‘zi mehr berib ulg‘aytirgan, so‘ngra shoirning otasi uloqni chavandozlarga topshirib yuborgan ekan. Shundan keyin shoir ko‘nglida ko‘pkari o‘yiniga nisbatan adovat uyg‘onibdi.

“Aslida ko‘pkari haqida ko‘plab ulug‘ yozuvchilar yaxshi asarlar bitgan, − menda xayrixohlik uyg‘otish uchun tag‘in so‘zida davom etadi yigit. – Falon o‘zbek, falon rus yozuvchisi yozgan… Bari yaxshi yozgan…”

U aytayotgan yozuvchilarni men yaxshi tanimayman. To‘g‘risini aytay, kitoblarini ham o‘qiganim yo‘q. Durust yozgan bo‘lsa yozgandir-da! Lekin ayni paytda o‘z hissiyotlari og‘ushida bearmon oqib, to‘lib-toshib gapirayotgan qarshimdagi yigitchaning allanarsalarni chalkashtirib yuborganini tushunib turaman. Yigitcha shoir nechog‘li nohaq, o‘zining esa haqligini isbotlash uchun ko‘rsatayotgan bu taxlit tirishqoqlik kulgimni qistatadi.

Axir shoirning bir og‘iz gapi bilan ko‘pkari yo‘q bo‘lib qolmasligini men bilaman-ku! Ko‘pkarining kuni manavi tilibiyron yigitchaga qolmaganiini ham bilaman-ku men! Burungi zamonlarda ko‘pakariga hatto butun hukumatning qarshi chiqqanini ko‘rgandim. O‘zinikini o‘tkazish ilinjida asov otday pishqirib-depsinib o‘sha hukumat ham o‘tib ketgandi. Lekin yashab qoldi-ku ko‘pkari, sen yana nimani isbotlashga urinasan?! Bilsang, ko‘pkari asli aytayotgan yozuvchilaringning iste’dodidan ulug‘roq! Agar millatni tirik odam sifatida tasavvur qilsang, an’ana va qadriyatlar uning tomirida oqayotgan qonidir. Bas! Demak ko‘pkariga o‘xshagan ming yillik qadriyatlar millatning umri qadar yashaydi! Millat bormi, ular barhayot!

Hali gapirganing: ulog‘u echkining asli taqdiri shul ekani – yo qassobning pichog‘ida, yo bo‘rining changalida jon berish qismati ekanini tushunmagan, balkim tushunib turib tan olishni istamagan shoiringga esa, men nima ham dey?!

Men gapga usta emasman. Fikrimni uzoq tushuntiray desam, tilim eshilib, boshimda og‘riq turadi. Xullas, menday sharti ketib, parti qolgan chol bilan maslahatlashay deb vaqtingni ketgazib o‘tirma. Yozmoqchi bo‘lsang ko‘p lanj qilma-da, yozgin aytgan asaringni. Ko‘pkarida mujassam bo‘lgan jasurlikni, vatanparvarlikni yoz! Faqat… Faqat ne qilsang ham shamolga tuflama, bolam! Shamolga tuflasang, tupiging betingga qaytadi. Ko‘pkarimi u, boshqami, elning qon-qoniga singib ketgan qadriyatlariga osilish shamolga tuflash bilan barobardir!..

 

Bayram ALI

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.