Chaqaloq

0
101
marta ko‘rilgan.

Yashar Kamol

 

U shunday tez yurmoqda ediki, yarim beligacha changga botib borardi.

Tepadan, tikkasiga yondirib turgan quyosh uni anchagina esankiratib qo‘ygan edi. Yurib borarkan, ora-sira ikki tomonga lapanglar, oyoq kiyimi yirtig‘idan kirib turgan olov singari issiq tuproq oyoqlarini kuydirardi.

Ismoil ham yurmoqda, ham hech tinmasdan o‘zicha eshitilar-eshitilmas allanimalarni g‘udullamoqda edi.

Quchog‘ida ola-bula belboqqa bir chaqaloq o‘ralgan. Chaqaloqning boshi Ismoilning o‘ng qo‘lidan tashqariga og‘ib qolgan, yuzi jigarday qip-qizil. Qizil yuzini chang pardasi qoplagan. Chaqaloqning ko‘zlari yumuq. Bo‘yni juda ham ingichka…

Chang yarim beliga chiqqan. Ismoil ham yurmoqda, ham g‘udullamoqda… Ter, uning ustidagi yo‘l-yo‘l choponidan tashqari chiqib, chang bilan qorishib loyga aylangan. U yon-bu yonda bug‘doy o‘rib, bog‘ bog‘lovchilar ko‘rinadi.

Ismoil bir tomonda bog‘ bog‘lab ishlab turgan erkak-xotinlar yoniga bordi. Quchog‘idagi chaqaloqni arava ostiga, nam tuproq ustiga qo‘ydi. Yonboshda sariq bir it tilini bir qarich chiqarib uxlamoqda. Aravaga tirmashib chiqdi: bochkadan bir kosa suv oldi, ko‘tarib ichdi. Suvning ortganini ham ochiq, junli ko‘ksidan pastga qaratib quyib yubordi.

Yelkasini g‘ildirakka tirab o‘tirib oldi. Oyoqlarini uzatdi. Oyoq kiyimining yirtiq joyidan bosh barmog‘i ko‘rinib turardi. Tirnog‘i o‘sgan, barmoqning osti taram-taram yorilgan…

Bog‘ bog‘layotgan xotinlardan biri suv ichmoq uchun arava tomonga yurdi. Arava yoniga kelgach, rangi o‘zgarib ketdi. O‘zi mahmadonagina edi. Katta qora ko‘zlarini baqraytirib:

 – Nima bo‘ldi, Ismoil qardosh, bu yerlarda nima qilib yuribsan? – dedi.

Ko‘zini arava ostiga tikdi:

 – Voy, – marhuma dedi, – voy marhuma Zolam, voy ko‘zlari surmaligim!

Egilib, bolani quchog‘iga oldi.

 – Bo‘yni osilib qolibdi, – dedi, – bu endi odam bo‘lmaydi. Voy Zola. Voy surmali Zola… Zola kabi xotin yo‘q edi.

Emchagini chiqarib bolaning og‘ziga tutdi. Bola oldi.

 – Boq, – dedi Ismoil qardosh, bola emchakni oldi. Bolaning nimjonligi ochlikdan. Issiqda ham ancha holdan ketgan. Hurini chaqirayin, emizsin. Emchaklari to‘liq. Bolasi uyda qolgani uchun ertalabdan beri sutini yerga sog‘ib tashlamoqda.

Bolaning og‘zidan emchagini tortdi.

 – Quruq emchakni ham qo‘yib yubormayapti. Hey, Huri qizim! Qizim Huri-yu… Kel! Kel!

Huri, ishlab turganlar o‘rtasidan chiqdi.

 – Kela qol, Huri! Zolaning bolasini ko‘r… Kel, emizib qo‘y.

Huri kelib, bolani olib orqasini o‘girdi.

 – Voy, – dedi, – birov birovning rizqini yeyolmas ekan. Chidolmay turgan edim… Ko‘kragimga sut to‘lib ketgan edi. Sal qolsa yerga sog‘ib tashlamoqchi edim… Birov birovning rizqini…

Boyagi mahmadona xotin davom etdi:

 – Zola kabi xotin yo‘q edi. Zolaning tenggi yo‘q edi. Turp qazigani borardik. Yuzi kulib turardi. Biram sochlari bor edi, bir quchoq… Tovlanib turuvchi sochlar… Bir qusuri bor edi, yalang oyoq yerni bosib yura olmasdi. Hech oyoq kiyim topolmasa, oyog‘iga chipta bog‘lardi, yalang oyoq hech yerni bosmasdi. Bir qusuri bor edi… Yalang oyoq…

Huri bolani emchagidan ayirdi. Bolaning ko‘zlari hamon yumuq edi. Faqat jag‘i o‘ynardi. Jag‘ida, og‘zining yoni-verida sut yuqi qolgandi.

 – Tuproqqa sog‘ib tashlamoqchi edim, – dedi Huri uh tortib, – Voy Zola rahmatli! Bolasi bunday sarson bo‘lib qolmasa nima edi-ya?

Mahmadona xotin:

 – Qardosh, – dedi – Zola qanday o‘ldi?

Hurining quchog‘idagi chaqaloqni ko‘rgan bir-ikki xotin, ishlarini tashlab. arava yoniga keldilar.

Yirtiq ro‘molidan oppoq sochlari tashqari chiqib turgan Havo ona:

 – Nima u, – dedi, – Zolaning bolasimi? Voy Zola!

Ko‘zlaridan bir-ikki tomchi yosh tomdi.

 – Voy, surma ko‘zli Zolam. Qora ko‘zginam. Bebaho qizim… Qanday bo‘lib o‘ldi, qo‘zim! Qanday o‘ldi?

Pakana, yuzlari ichiga cho‘kkan qora Elif:

 – Qanday o‘ldi, Ismoil? Nima qilding? – deb so‘radi.

 – Ismoil tinmay g‘udullamoqda edi. Bo‘yni osilib tushgandi. O‘rnidan turdi. Orqasini qo‘li bilan qoqdi. Huridan chaqaloqni oldi, qo‘llari ustiga yotqizdi. Keskin bir tovush bilan:

 – O‘ldi, – dedi, – doktorga olib bordim, ukol qildirdim, foydasi bo‘lmadi. Baribir o‘lib qoldi.

Tez-tez yurdi-da, ketdi.

Uzun oyoqlaridagi keng, yirtiq, qora cholvori shalvirar, cholvorining yirtiqlaridan ishtoni ko‘rinib borardi.

Xotinlar uning orqasidan qaraganlaricha qoldilar.

Havo ona lablarini burishtirib ohista dedi:

 – Dardli o‘g‘lon. Boyaqishni ko‘ringlar, naqadar dardli! Qon yig‘lamoqda… Hech qaysimizning yuzimizga boqmadi. Xotinini o‘zi o‘ldirganga o‘xshaydi…

Chakak-chakak bo‘lib ketgan qora xotin:

 – Voy, jonim onam, Zolaga hech qaramagan, boqmagan, afting qurgur… Kezsin endi bolani ko‘tarib, qishloqma-qishloq kezsin… Kezsin… yigirma kungacha doktorga olib borgani yo‘q… Zola kabi xotin bormidi! Amina kampir o‘lmaganda edi, Ismoilday sahroyi bir odamga Zola qurbon bo‘larmidi!..

Huri o‘tirgan joyida dedi:

 – Kishilarnnig eshigida qoldi boyaqish. Ismoil juda mard yigit, lekin tortinchoq.

Havo ona:

 – Bolani boqadigan birortani topa olarmikin?

Mahmadona xotin, ishlovchilar yoniga ketayotgan joyidan qaytib keldi:

 – Narigi qishloqda boqadigan bir xotin bor edi. Xudo hech kimning bolasini onasidan ayirmasin.

Havo ona:

 – Onasi o‘lgach, o‘zi ham o‘la qolsa bo‘lardi, xudoyim. Nima bo‘lardi? Nima uchun onasidan keyin qoldirding, parvardigor? Bir o‘ksiz bola bilan dunyoni to‘ldirmoqchimisan? Voy Zola… Ish qistov vaqti… Ismoil nima qilsin?

Kun tepada edi. Hamma yoqni chang-to‘zon qoplagandi. Uzoqlarda, qishloqning berigi yonida jimirlagan nafis bir harorat tumani bilinar-bilinmas ko‘kka ko‘tarilmoqda edi. Keng vodiy go‘yo bir alanga ichida yonmoqda, dala boshida turgan qalaylangan idishlar kun nurida yalt-yalt etardi.

Ismoilning ko‘zlari terdan achishmoqda. Yo‘lning bir chetida chang bosib oqarib ketgan, siyrak ko‘lankali bir tut daraxtni ko‘rdi. O‘sha tomonga qayrildi. Chaqaloqning boshi qo‘lining ustidan pastga osilib tushgan, ingichka bo‘yni cho‘zilib ketgan edi.

Chaqaloqni tut ostiga joylashtirdi. O‘zi ham o‘tirib, ustidagi ko‘ylakni yechib siqdi. Olib borib, yo‘lning qiyasida chang bosgan maymunjon butasi ustiga yoyib qo‘ydi. Cholvorining pochalari loy bo‘lgan ekan, ishqalab tashladi.

Chaqaloq ingramoqda edi. Yuzini, ko‘zini pashshalar qoplagan edi. Qo‘lini qattiq silkitib, pashshalarni haydadi. Chaqaloq yig‘isini to‘xtatmadi. Ismoil bolani tebrantirdi:

 – Alla qo‘zim, – dedi, – allllla…

Bolaning yig‘isi to‘xtamadi.

Yigit ko‘ylagini shiddat bilan buta shoxidan tortib oldi, kiydi va yo‘lida davom etdi… Chang-to‘zon yarim belidan pastini ko‘rsatmas edi. Chaqaloqning bo‘yni osilib qolgandi, ingichka bir tovush bilan chinqirmoqda edi.

Yo‘ldan bir gruzovik o‘tdi. Havoda bir nafasda chang buluti ko‘tarildi. Chang buluti ichidan chiqqandan so‘ng Ismoilning burniga o‘tkir bir botqoqlik hidi keldi. O‘ng tomonda qishloqqa qadar sholipoya cho‘zilgandi. Yo‘l chekkasidagi zovurda ustini chang pardasi qoplagan ko‘lmak suv bor edi, keng sholipoya ustidan issiq quyosh ostida bug‘ ko‘tarilmoqda.

Sholipoya maydoninnng chekkasida, yo‘lga yaqin bir joyda qo‘liga kurak ushlagan, egniga bo‘z chopon kiygan, oq soqolli, beli bukchaygan bir chol suvchi turardi, yuzidagi dona-dona ter uzoqdan ham ko‘rinmohda edi. Ismoil uning oldidan jadallab o‘tib ketdi. Boshi chaqaloqning boshi tarafga egilgan, qimirlamasdan boqardi. Suvchi:

 – Hoy, – dedi, – ko‘zingga qara, bola sho‘rlikning boshi osilib ketibdi-ku.

Ismoil eshitmadi. Boshini osiltirgancha, yurib o‘tdi-yu, ketdi. Suvchi:

 – “Xudo ko‘rsatmasin”, – dedi, – “Bu kun dushmanlarning boshiga tushsin… Juda qiyin…”

Ismoil jadallab qishloqqa kirdi. Chang, tor ko‘chalarda mol tezaklari ust-ustiga to‘plangandi. Tuproq ichida bir to‘da tovuqlar titkilashib yurar, qip-qizil uzun tillarini osiltirgan itlar uxlab yotishardi. Qishloq ichida doriga birorta durustroq daraxt topilmas edi. Zovur chetlarida chang bosib, daraxt ekanliklari ham bilinmay ketgan mayda tollar bor edi, ular hali daraxt bo‘lib yetishmagan, pastak butazor singari edi.

Ismoilning qarindoshlari turadigan uy qishloqning o‘rtasida, qamishdan yasalgan, ustiga poxol bosilgan bir chayla edi. Hovlidagi eski, yog‘ochlari singan, g‘ildiraklarining temiri ko‘chgan bir arava ostida tovuqlar, itlar yotardi. Bir o‘rdak orqasidan mayda-mayda jo‘jalarini ergashtirib yurardi.

Eshik ochiq edi. Uzun bo‘yli, barvastaligi uzoqdan bilinib turgan bir xotin oyoqlarini qorniga bukib, boshini ostona yoniga qo‘yib uxlab yotardi.

Ismoil, boshi chaqaloq tomonga qayrilgan, yuzi ma’yus holda, eshik og‘zida o‘ylangancha turib qoldi. Bola ingillashdan to‘xtamagan edi. Xotin boshini sekin ko‘tardi. Bir to‘da pashshalar uchib ketdi. Ko‘zlarini uqaladi.

Jannat kampirning sochlari oppoq edi. Faqat bir qism sarg‘ich tolalar bor edi, xolos. Qolgan sochlari hammasi sut kabi oq edi. Ingichka, oldinga qarab bukilgan beliga yirtiq, popuklari to‘kilgan, kim biladi, qaysi zamondan qolgan bir belbog‘ o‘ralgan edi. Kichkinagina ko‘zlari pirpirab turardi. Erkaklarniki kabi zo‘r iyagi yuziga mag‘rur tus bergandi.

Chaqaloqni qo‘liga olib erkalatdi:

 – Alla qo‘zim, allla o‘ksizim. Allla qadrsizim… Allla.

Uy ichida u boshdan, bu boshga qo‘llarida chaqaloqni silkillatib yurardi…

 – Allla qadrsizim, allla…

Bola xuddi burab qo‘yilgan patefonday tinmasdai chinqirardi.

 – Odamlar, Ismoil, Zolaga qaramadi, deyishadi… Boqimsizlikdan o‘lgan emish… Qaraydigan-netadigan odam yo‘q. Yolg‘iz o‘zi… Sho‘ring qurgurning gunohi bo‘yningga… Shunaqa deyishayotirlar…

Tashqaridan ichkariga qarab bir ko‘lanka uzandi. Qora cholvor ostidan semiz oyoqlari bilinib turgan, tor yelkali Dundi nomli juvon kirib keldi. Qoshlari, kipriklari qalin edi. Dudoqlari orasidan oppoq tishlarini ko‘rsatib, har zamon bir kulimsirardi. Ko‘zlari katta edi… Kipriklarining soyasi yuziga tushardi.

Jannat kampirning quchog‘idagi chaqaloqni oldi. Orqasini o‘girib ko‘kragini chiqardi. Bolaning og‘ziga obordi. Bola ko‘kragini oldi. Chinqirishdan to‘xtadi.

Tashqarida bir qo‘liga pichoq, bir qo‘liga po‘stlog‘i archilmagan tol navdasi ushlagan holda ikkita qip yalang‘och bola turardi. Qorinlari do‘mpaygan, bo‘yinlari ingichka. Kekirdaklariga qadar loyga bulangan edi. Loy qurib, taram-taram bo‘lib yorilgan.

Bolaning biri boshini ichkari cho‘zib mo‘ralab qoldi.

 – Ahad, – dedi, – bir ko‘rgin!..

O‘rta barmog‘ini ko‘rsatdi.

 – Bo‘yni mana shunday ingichka. Shunday ingichka…

Ikkinchi bola ham bo‘ynini cho‘zib mo‘raladi.

… Ismoilning ovozi go‘yo o‘zidan chiqmas, balki yonidagi devordan, yerdan va boshqa joylardan chiqayotganday edi. Ko‘zlari yarim yumulgandi. Ko‘zlarining oq-qorasi belgisiz, xomush edi…

 – Xolajon, – dedi u, – oyoqlaringni o‘payin, xolajon, bunda mening hech gunohim yo‘q. “Bas, xotin dedim, Zola dedim, oz qoldi dedim… Sen dedim, ketma dalaga… Men o‘zim yakka ishlayman… O‘zi ham dedim… ozgina ish qoldi, Gapimga kirmadi. “Men, dedi, shunday kunni tilagan edim. Ish o‘z-o‘zimizniki bo‘lsa, birovlar uchun ishlashdan qutulsam, o‘lguncha ishlayman degan edim. Suyaklarim to‘kilib tushguncha ishlay beraman. Sen, dedi, qarollikdan, birovning eshigida yurishdan o‘zing ham eidi shu yil qutulding… Men necha yillardan beri shu kunni kutmoqda edim. Sheriklik, qarollikdan yaxshiroq, dedi. Yarmisi birovniki bo‘lsa, yarmisi meniki”. Shuncha qistasam ham uyda qolmadi. Og‘ir oyoqli xotin… Qorni burniga yetay deb qolgan. Ishlab turganda yuraklarim ezilib ketardi. “Zola der edim, shunday qilma derdim”. Yo‘q derdi…, shu kunni kutib keldim. O‘zim uchun ishlaydigan vaqtni ham ko‘rarmikin derdim. Birovlarning eshiklarida ezila berib, belim bukildi. Juda ham berilib ishlardi. “Men bu kunni orziqib kutardim. Otam birovlarning eshiklarida xizmatkorlikda o‘lib ketdi. Men ham kishilarning eshigida surinib yurardim”. Telba kishidek doim “men bu kunlarni orziqib kutardim” der edi.

“Itlarning tillari bir qarich osilgan, qushlar tap etib havodan tushadigan issiq kun edi. O‘roq o‘rardik. Kun tepamizda edi. Issig‘i ustimizga mix kabi sanchilmoqda edi. Zola orqasiga bir kattakon bog‘ni ko‘tardi. Ikki odam bir bo‘lib ko‘tara olmas edi. “Jon xotin, o‘zingni bunchalik urintirma” desam, “men shu kunni kutardim” der va ko‘zlariga jiq yosh olardi.

Bir vaqt qarasam xirmonga borib yetmasdan, yarim yo‘lda bog‘ni yelkasidan tashlab yubordi. “Nima bo‘ldi xotin?” dedim. “Sanchiq, dedi. Zo‘raydi. Ertalabdan beri bunchalik emas edi, endi hozir zo‘rayib ketdi. Pichoq sanchilganday bo‘layotibdi, dedi. O‘ldiradigan darajada dedi. Men uyga boray, sen ishingga qara, ishlayver, yeydigan narsamizni chumoliga tashlab qo‘yma, o‘z joyimizda o‘zimiz uchun tirishib ishlaylik”. Qornini ushlaganicha qishloqqa qarab yo‘l oldi. Bir joyga borib yiqildi…

… Ismoilning ovozi o‘zgardi. Lablari titradi. Dastlabki gapirishi to‘xtadi. Endi o‘z ovoziga ega bo‘ldi. Yig‘lamsirayotgan kabi chiqayotgan ovoz tetiklashdi.

 – Og‘oning oldiga borib arz qildim. “Og‘o” dedim. “Xotinim o‘layotir… Doktor kerak” dedim. “Albatta doktor…” Og‘o kuldi “Ismoil, dedi, ular yotib-yotib tiriladilar. Doktur-muxturning keragi yo‘q. Ularning joni temirdan. Nimaga hovliqasan?” dedi. “Ishingga qarayver” dedi. “Yo‘q” dedim, “Og‘o, borliq mol-jonim, ona sutiday sizga halol bo‘lsin. Menga yigirma besh lira pul topib bering”. Qaytarmadi, berdi. Bir arava topib, doktorga olib bordim, doktorning eshigiga kelsam, doktor yo‘q. Doktor yaylovga ketgan ekan. Shaharni boshdanoyoq aylanib chiqdim. Oxiri bir feldsherni topdim. Kelib Zolani ko‘rdi… So‘nggi nafas…

Qulog‘imga egildi… “Bu o‘tib qolibdi-ku” dedi. Dedimki, “o‘tsa o‘tgandir, o‘lishini o‘zi sezgandi… Sen bir ukol qil, mayli…” “Men, dedi, o‘sal yotgan odamga ukol kila olmayman. Nima foydasi bor?” Oldiga pulni qo‘ydim. “Aha, dedim, senga pul kerak. Ukol qil. Pul ketsa ketmaydimi? Shu yog‘ochga ukol qildiramanmi, otimgami, – senga nima? Senga daxli yo‘q-ku! Qani ukol qil, birodar” dedim. “Ko‘nglim armonda qolmasin, xaloyiq onam, xotinim qolmay so‘kmasin, do‘st-dushman ichida” dedim.

Yaxshi odam ekan, ukol qildi. Yana bir ukol qildirdim. “Yana bir marta ukol qil, birodar Zolaning menda haqi juda ko‘p” dedim. Bir marta ukol qildi… Ayni peshin, kun issig‘ida aravani qo‘shdim. Oftob yondirmoqda… Yo‘lga chiqdik… O‘ladigan bo‘lsa ham qo‘rg‘onda o‘lsin dedim. Kun shu qadar issiq ediki, aslo chidab bo‘lmasdi… Olamni olov bosganday, hamma yoq lovillardi. Yarim yo‘lga kelganda Zola qaddini rostladi. Bir narsalar gapirmoqchi bo‘ldi, gapirolmadi, boshi quyi tushdi. Og‘zidan chiqqan: “Ming yiling… Bolaginam…” degan so‘zlar qulog‘imga chalindi. Ohistagina, sezilar-sezilmas gapirdi.

Jannat kampir:

 – Shuncha yildan beri boyaqish endi o‘z ishida ishlayotgandi, u ham nasib qilmadi. Voy, – dedi, – bechora Zola…

Ismoil:

 – Ko‘zlarini yonga o‘girdi. Qarasam, nafas olmayotir. Bola quchog‘ida… Qarasam, nafas yo‘q… Oftob uribdi. Xushimni yo‘qotdim. Boshqasini bilmayman. O‘zimga kelib qarasam, chang va tuproqqa belashib yotibman. Hamma yonim achishib og‘riydi. Aravani ot olib qochgan bo‘lsa… shunday yonib turgan oftob ostida… Otlar deb o‘yladim, olib borib bir jarlikka yumalatgan bo‘lsa… Tirik vaqtida tuzuk bir kun ko‘rmadi… O‘ligi dedim, o‘ligi xor bo‘lmasin; bola dedim, qurt-qumursqaga yem bo‘lmasin. O‘lmasdan qolarmikan? Onasiz bola yasharmikan? Onasiz bolaning yashaganini kim ko‘rgan? Birovlar onalik qila olmaydi. Shunday bo‘lsa ham yugurayin, yoni-verimga qarab borayin, bola tushib qolmaganmikin…

Shu ahvolda chopa-chopa kelib qarasam, qishloq o‘rtasida odamlar to‘planibdi… Qaysi qishloq? Haligacha qaysi qishloq ekanini bilmayman. Bir qishloq, xullas… Odam shunday ko‘p to‘planganki, igna tashlasang yerga tushmaydi. Qulog‘imga birov o‘lgan degan tovush eshitildi. To‘g‘ri olomonning ichiga kirib bordim. Arava olomon o‘rtasida, bola ham onasining quchog‘ida yotibdi. Yuzi-ko‘zi chang bosgan… Ko‘zlari yumuq… Ayollar yig‘lamoqda. Qaysi qishloq ekanini bilmayman. Ayollar to‘xtamay yig‘lar edilar.

Aravaga minib olib, haydab ketdim. Kimsan o‘zing? – demadilar. Bu o‘lik seiing kiming bo‘ladi? – deb so‘ramadilar. Qayoqqa ketayotirsan o‘zing? – demadilar. Og‘izlaridan churq etgan gap chiqmadi. Hayronlikda orqamdan qarab qolaverdilar.

Bola mening qo‘limda qoldi… Ish zamoni, kuch zamoni… Yuqori qishloqqa olib keldim. Sariq qiz degan emizuvchi bir ayol bor ekan. Bolani unga berib, qishloqqa qaytdim. Ikki kundan so‘ng bolani olib kelib, oldimga uloqtirdilar… “Mening sutim” degan emish u xotin, “o‘z bolamga yetmayotir. Birovning bolasini deb o‘z bolamni o‘ldirmayman”. U tomonlarda emizadigan biror ayol topolmadim. Kimga bersam, qaytib tashlab ketdi. Ish ko‘p vaqtida qo‘l-oyog‘im bog‘lanib qoldi. Sut bersang sut ichmaydi. O‘lib ham qo‘ya qolmaydi. Ajab og‘ir bir hol. O‘lsa-ku, bu azoblardan qutulardi. Bir qo‘limda bola ari kabi g‘ing‘illab turadi. Bir qo‘lim ishda… Juda shoshib qoldim. Mana ko‘rib turibsiz… Bir onasi sensan. Nima qilsang qil. Ish kuch zamoni… Hamma narsamiz ochiq-chochiq yotibdi.

Jannat kampir boshini osiltirgancha, qimirlamay turardi. Birmuncha vaqtdan keyin sekin boshini ko‘tardi.

 – Ismoil… – dedi. So‘ng jim bo‘ldi.

Ovozi titroq, yig‘i aralash chiqmoqda edi.

Ismoil:

 – Nima deysan, xola, – dedi, – bir narsa degin-chi?

 – Ismoil, – dedi Jannat kampir, – hamisha birovlarning eshigida ishlashdan qutuldik, endi o‘z xo‘jaligimizda tinmay ishlayotirmiz… tuzukroq kun ko‘rmadim deb zorlanardi Zola… Shunday emasmi? Bolamga yaxshi qaranglar degan edi.

Oqshomga yaqin tog‘asi uyga keldi. Baland bo‘yli bir odam edi. Oftobda qoraygan yuziga somon parchalari, qipiq, chang yopishgan edi.

 – Ismoil, – dedi u, – kechayu kunduz bolasini bag‘riga bosib yuradi deb aytishadi… Jinni bo‘libsan.

Chaqaloq, o‘rtadagi ustun yonida bir jun to‘shak ustida yig‘lab yotardi.

Kampir ko‘zi bilan imlab qo‘ydi, chol gapni boshqa yoqqa burdi.

 – Demak, shundaymi, Ismoil? Ahvolingni eshitib yuragimiz ezildi.

Jannat kampir:

 – Hoy kishi, – dedi, – Masdulloga xabar qil, kelsin. Cho‘loq Amin bilan uning xotini bola emizadi. Yana Huri ham bor, lekin u boyaqish o‘z bolasini vaqtida emizmaydi. Masdulloning xotinida sut ko‘p. O‘zi ham ozoda xotin… Masdulloga odam yubor. Xotini, agar Masdullo rozi bo‘lsa, emizaman degan edi.

Bir ozdan keyin Masdullo, yuborilgan odam bilan birga kirib keldi. Past bo‘yli edi. Ko‘m-ko‘k kamzulining yoqasidagi bir parcha qizil latta birinchi qarashdayoq odamning ko‘ziga chalinardi. Qunt bilan taralgan sochlari yangi kepkasi ostidan chiqib turardi. Cholvori ham yangi edi. Oyog‘ida ham poshnasi past, Adana shahrida tikilgan sariq tuflisi bor edi.

Tog‘a, Masdulloning qo‘lidan ushlab, yoniga o‘tqizdi.

 – O‘g‘lim, – dedi, – jon o‘g‘lim, Masdullo…

Ustun ostida chirqillab yotgan bolani qo‘li bilan ko‘rsatdi.

 – Mana, ko‘ryapsanmi… Xudo hech kimning boshiga solmasin. Bandaning boshiga ne ishlar tushmaydi. Qul o‘lmas, rizqi kamimas. Xotiningning suti ko‘p emish. Bola bechorani emizsin, – Ismoil buni unutmaydi. Nima deysan? Yaxshilik unutilmaydi. Yaxshilik qil – suvga sol, suv bilmasa baliq bilar, baliq bilmasa xoliq bilar… Bir yaxshilik qilib ko‘r… Bilarlar…

Masdullo boshini quyi solib, ingichka lablarini yumib, hech bir narsa demasdan turardi.

 – O‘g‘lim, – dedi chol, – hozir ish kuch zamoni… Uyda hech kimi yo‘q… Xotin yo‘q, bola ham yo‘q… Ismoilning peshonasi… Ko‘z oldingga keltirib ko‘r… Tosh bo‘lsa ham odamning yuragi erib ketadi… Ismoil g‘arib bir yigit… Endigina xizmatkorlikdan qutuldi… Yana bola tufayli ora yo‘lda qolmasin… Nima deysan o‘g‘lim Masdullo? Biror narsa deysanmi?

Masdullo vaziyatni buzmay, boshini quyi solib, qimirlamay o‘tirardi.

 – Yaxshilik qilish fursati har vaqt uchramaydi. Qara, bunga xudo ham rozi. Jannatning eshigini ochasan… Sening xotining boqmasa, bu bola o‘ladi. Bitta jonni qutqazib qolasan. Bir jonning tirik qolib, yashashiga sabab bo‘lasan. Chinqirib yotishini qara… Bunga hech qanday yurak chidab tura oladimi?

Masdullo o‘rnidan turib yurdi. Bir oyog‘ini ostonadan nari qo‘ygandan keyin, boshini orqaga qayirdi:

 – Amaki, – dedi: – amaki! Masdulloning xotini xizmatkor deb senga kim aytdi? Mening xotinim xizmatkor emas!..

Achchiq qilib, chiqib ketdi.

* * *

Ismoil boshqa bir yerga burilmasdan, to‘ppa-to‘g‘ri bolasini qoldirib ketgan Aminaning uyiga bordi. Aminaning uyi, ustiga yopilgan poxollari eskirgan, devorlarga tappi yopilgan, tezak aralashtirib suvalgan birgina derazali kichkina qamish uycha edi. Ichkarida juda oz ashyosi bor edi. Bir burchakda arqonga bog‘langan buzoq turardi. Buzoq bog‘langan burchakdan sigir tezagi va siydik hidi kelmoqda edi. Bolalarning beshigi buzoq yonida edi. Ikkala bola kirlikdan qop-qora bo‘lib ketgan, yorilib ketgan eski beshik ichida yonma-yon yotardilar. Yumuq qo‘lchalari bir-birlariga chirmashgandi. Uy ichi boshdan-oyog‘igacha iflos. Bir qarich keladigan kichkina darcha ostida, ustlari po‘panak bosib ketgan ikki yog‘och paqirdan suv sizg‘ib turardi.

Ismoil beshik yonida turdi-turdi, qaradi…

 – Singlim, – dedi, – singlim, Amina, bu bolaga nima bo‘lgan?

Bolaning terisi suyagiga, qorni beliga yopishib, ko‘zlari ichiga cho‘kib ketgan edi.

Chidab turolmasdan tashqariga chiqdi.

Amina xaltani silkitib gapirib turgan edi:

 – Buni qara, Elif ovsin, uning keltirgan narsalarini qara, bo‘yning uzilgur, daroz tuyaning qilgan ishini ko‘rgin… Tag‘in qaqqayib bolaga qarab, bolaga nima bo‘ldi deb so‘raydi… Ochiq mozor bo‘ldi… Bo‘yning uzilgur, ikki kilogina shakar keltiribdi… Tag‘in bolani emiz emish…

Qo‘liga tushgan narsani xaltadan olib u yon-bu yonga irg‘itdi.

 – Bola o‘ladi. Mening bolam o‘ladi. O‘lsa ham el-yurtning gapidan qutula olmayman.

Qora Elif:

 – O‘ziga olib borib tashla, singlim, – dedi, – olib borib tashla!

 – Shunday qilmasam, bolam o‘ladi, axir… Birovning bolasini boqib, o‘z bolasini o‘ldirdi deb gap qilishadi.

Ismoil devorga tiralib turgan joyida qaddini rostladi. Chuqur bir uh tortdi.

Mast kishiday gandiraklab chiqib ketdi.

Ikki kundan keyin Amina, qarg‘ab-qarg‘ab bolani keltirib, Jannat kampirning oldiga tashladi.

 – Yurt nima deydi, agar mening bolam o‘lib qolsa, yurt nima deydi! – dedi.

Jannat kampir ham bolani otasiga jo‘natdi.

* * *

Xirmon bir odam bo‘yi yuksaklikda. Kun erta edi. O‘rtadagi g‘aram anchagina ko‘payib qolgandi. Ismoil qo‘lidagi panshaxani bog‘larning ustiga otdi. Xirmonning soya tomonida turgan ko‘zani boshiga ko‘tardi. Yanchuvchi yog‘och ustida ingichka bo‘yinli kipriklari uzun bir bola turardi. Bola, oldindagi ikki zaif to‘riq otni hadeb qamchilamoqda edi, hali uqalanmagan boshoqlar ustida gir aylanmoqda edi. Hamma yoqni kishining dimog‘ini achituvchi somon, qurigan o‘t hidi bosgandi.

Ismoil, xirmonning ko‘lankali joyida chinqirib yotgan chaqaloqning og‘ziga, sut to‘ldirilgan va bo‘g‘ziga emizik kiydirilgan aroq shishasini to‘g‘riladi. Bola ovozini o‘chirdi. Sekin-sekin ema boshladi. Ismoilning o‘ng tizzasi yerga qadalgan edi. So‘l chakkasidan jag‘igacha cho‘zilgan uzun, chuqur yara o‘rni chang va somon parchalari bilan to‘lgandi. Yirtiq, yo‘l-yo‘l ko‘ylagining yoqasi ochiq, jun bosgan ko‘kragi ko‘rinib turardi.

Ko‘ylagini yechib, tizzasini yerga tayab shishani tutdi. Temirchining damiday pishillardi.

Don yanchib turgan bolani chaqirdi:

 – Mamat kel, kel noningni ye!

Mamat otlarning boshini bo‘sh qo‘yib keldi, xaltasini ochdi.

Ismoil bir qo‘li bilan ovqat yemoqda, ikkinchi qo‘li bilan shishani ushlab turmoqda edi. Shisha bolaning og‘zidan chiqib ketguday bo‘lsa, darrov chinqirib yig‘i boshlar, Ismoil uning yig‘isiga hech chidab turolmasdi.

Mamat ham ovqat yegani holda gapirardi:

 – Qarang, Ismoil amaki, bizning qishloqda bir bola bor edi.

Chaqaloqni qo‘li bilan ko‘rsatib, davom etdi:

 – U ham xuddi shu, singari bo‘lgan. Onasi o‘lgan ekan. Otasi uni quchog‘ida olib yurgan… Kambag‘al odam bo‘lgani uchun hech kim unga qaramas ekan, onam shunday deb gapirgan edi. Hech kimi ham yo‘q ekan. Bola ochligidan o‘lar holga kelgan, ochligidan yig‘layverib esi ketgan. Hozir shu bola bor, Kurd o‘g‘li deyishadi. Onam aytardiki, uning otasi Kurd ham emas, boshqa ham emas… Onam shunday derdi. Otasi bir kecha chaqaloqni bir eski qopga o‘rab, qishloq o‘rtasidagi buloq boshiga qo‘yib qochib ketgan emish. Boshini olib ketibdi. Bolani kurd qizi olib, katta qilgan emish. Hozir uni kurdning o‘g‘li deyishadi. Kurd qizi bola qilib olgan. Otasi boshini olib ketganicha, qaytib qishloqqa qadam bosmagan… Men qayoqdan bilaman, onam shunday deb gapirib bergan edi.

Ismoil birdan o‘rnidan turdi. Ko‘ylagini oldi, qurigan ekan. Tezlik bilan kiyindi. Bolani qo‘lga olib, yo‘lga tushdi.

* * *

Ko‘r kampir oyoq sharpasini eshitib, yuzini eshikdan yon tarafga o‘girdi:

 – Kim u, – kelgan odam kim? Quchog‘ingda chaqaloq bormi? Shu kelgan ovoz chaqaloq ovozi emasmi?

Ismoil:

 – Men, – dedi, – ona, bu – men.

Ko‘r kampir:

 – Aybga qo‘shma, bolam, ovozingdan taniyolmadim.

Iomoil:

 – Menman, ona, – dedi, – Ovshar Ismoil… Durmush og‘aning eski xizmatkori…

Ko‘r kampir, zahar kabi achchiq, yumshoq yig‘lamsiragan bir tovush bilan:

 – Kuydik, – dedi, – hammamizning ichimiz achidi, Zolaga… kun ko‘rmadi boyaqish. Iflos oqsoq, Zolaning uvoliga qolsin, bolasining uvoliga qolsin. Chaqaloqni keltirib uning oldiga tashlagan deydilar, shundaymi? Ohh, agar o‘g‘lim shu yerda bo‘lganda, Huri ishga bormas edi. Zolaning gul xotiri uchun bolasini boqar edi… Bolagina qo‘lingda yig‘lab turmasin, yotqiz uni beshikdagi bolaning yoniga… Yotqizdingmi? Allla, alllla… Onasiz qo‘zi allllla…

Beshikni kampir sekin-sekin tervatdi. Ismoil:

 – Ona, – dedi, – Mametning muddati qachon tamom bo‘ladi? Qachon tamom bo‘ladi axir?..

 – Allllla? Allla, kelib qolar allla… – so‘ng g‘azab bilan:

 – Ooooh, – dedi – mening o‘g‘lim. Hukumat kecharmi haqqingdan? Alla, allla, allla… Bu yoshga kirdim. Qulog‘im bilan eshitmadim. Allla, onasiz qo‘zi alllla… yo‘l kirasi to‘plangan, to‘plangan Ismoilim, to‘plangan qo‘zim… Allla kambag‘alim allla… allla… Hukumat aytarmish, bersin pulimni, so‘ng qo‘yvoraman o‘zini… Aytarmishki hukumat… Allla jonim alllla. Agar pulimni bermasa o‘zi bilar dermish, yota berar o‘lguncha… Alllla, yurt qo‘lida qolgan bolam, alllla… Oz-moz pul ham emas, qo‘zim, bir qarz bilan bitmas qo‘zim… Alllla o‘ksuzim, allla. Bir Hurining o‘zginasi ishlamoqda. Bir xotinning ishlashidan nima chiqar? Alllla, Zolaning chaqalog‘i, allla. Necha marta boray dedim, yiqilay dedim hukumatning oyog‘iga… Foydasi yo‘q deb aytdilar, ellik pora pul bo‘lmasa. Alllla, alllla…

Kampirning o‘tirgan uyi bir yoniga qiyshaygan ikkita karavot sig‘arli kattalikda, devorlari suvalmagan, tepadagi qamishlari surulib, kun nuri tushib turgan, lekin ozoda bir kapa edi.

Ko‘r kampir eshik tomonga qarab o‘tirar, yuziga yorur tushib turardi. Sekin-sekin beshikni tebratib, alla aytardi.

 – Allla, alllla… Onasizlar shunday tinmasdan yig‘lar… Allla, alllla… Uuuuf… menga ham bir narsa bo‘lib qolmasa. Alllla, allla. Kunim yaqinlashib qoldi, bo‘lmasa… Mamet ketib qolgandan beri meni xudoning bergan kuni isitma tutadi, Allla, allla. Dirdir titratib isitma tutadi. Hech holim, darmonim yo‘q. Allla gulim, allla. Allla tog‘larning go‘zal chechagi yig‘lama, allla… Ooh Mamet o‘g‘lim shu yerda bo‘lganda edi… Allla, alla… Zolaning bolasini bunday eshikdan-eshikka surintirarmidim. Allla, allla.

Beshik tebratishdan to‘xtadi.

 – Qaysi yondagi, Ismoil? Qaysinisi Zolaning bolasi?

Ismoil kampirning qo‘lini olib, bolaning ustiga qo‘ydi. Ko‘r kampir sekin-sekin, bolaning yuzlarini silab ko‘rdi.

 – Voooy, – dedi, – Voooy yetimcha. Faqat terisi bilan suyagi qolibdi-ku. Huri o‘rilgan bug‘doylarini to‘plab tamomladi. Endi paxtasini chopishi kerak… Alllla…

Kun botayotganda Huri keldi. Ichkari kirar-kirmas ishni angladi. Bir yonda ko‘r kampir cho‘zilganicha, uf torta-torta titramoqda edi. Har oqshomga yaqin bezgagi tutardi. Ismoil ham beshik boshida, sekin-sekin tebratib o‘tirardi.

Hurining ko‘rinishi yigirma yoshlarda edi. Yuzi oftobda kuyib, qop-qora bo‘lgan.

 – Ismoil qardosh, – dedi u, – senga nima desam ekan? Senga men nima deyin? Yuragim parcha-parcha bo‘lib ezilib ketyapti axir, men senga nima deyin? O‘zing ko‘rding, men sutimni yerga sog‘ib tashlayapman, oqshomga qadar ko‘kraklarim shishib ketadi, bolamni emizolmaymanda, yerga sog‘ib tashlayman. Men endi senga nima deyman, Ismoil qardosh? Men nima deyin? Agar Mamet bo‘lganda edi Ismoil qardosh…

Ismoil:

 – Singlim, – dedi, – Huri singlim, nima istasang beraman. Xirmoningni men yanchaman, xirmonim bitgach, eng so‘nggi umidim senda…

Huri:

 – Ona, – dedi, – sen nima deysan? Men nima deyin endi? Men nima deyin?

Ko‘r kampir uh-uh aralash:

 – Qizim, – dedi, – qizim, qora ko‘zli, surma sochli xonim qizim, ko‘z ko‘rib turib chaqaloqni o‘ldiramizmi? Hozir ham o‘lgandan badtar… Zolaning bolasi… Men nima deyin? Zolaning bolasi… Nima deyin? Zoladan qolgan tabarruk.

Ismoil, ustidan tog‘ qulaganday yengillashdi, uydan chiqdi.

* * *

Huri ikki bolani bittadan qo‘liga ushlagan, ko‘r kampir esa uning etagini tutgan holda, orqadan kelmoqda edi. Dalaga yetib bsrganlari zamon tonggi shafaq endi oqarmoqqa boshladi.

Giyohlarni to‘shak singari to‘shab, Huri bolalarni yonma-yon yotqizdi. Ko‘r kampirni bolalarning yoniga yotqizdi. Tonggi g‘ira-shirada hali paxtani o‘tdan farq etib bo‘lmas edi. Tong yorisha boshlagach, chopiq qila boshladi.

Dalaning hech yerida yaqinda ham, uzoqda ham birorta daraxt yo‘q edi…. Birorta butazor ham ko‘rinmasdi… Dalaning hamma joyi shunday edi. Ketmonni har urganda, toza tuproq hidi qo‘zg‘alardi.

Quyosh yuksalib, to‘rt tomon qizib ketgach, ko‘r kampir Huriga:

 – Qizim, – dedi, – qizim Huri, bolalar qizib ketdi… Issiqdan o‘lib qoladi bular, surmali qizim, beri kel, shu bolalarni mening soyamga yotqizib qo‘y…

Huri keldi, ko‘r kampirning orqasini kunga teskari o‘girib, bolalarni ham uning ko‘lankasiga joylashtirdi.

 – He ona, – dedi, – kun tepaga kelgach ko‘lankang qolmaydi, ko‘lankang yo‘qolganda nima qilamiz? Voy onajon, innaykin nima qilamiz?

Ko‘r kampirning lablari qaltiradi.

Ingichka, burishgan lablarini kampirning betidagi qatma-qat burishiqlari orasidan ajratish ham qiyin edi. Yuzi, kaft singari kichkina edi. Ajinlar bo‘lmaganda ham uning yuziga boqqan odam umri chopiqda o‘tganini darrov bilaverar edi. Ko‘zlari ichiga cho‘kib ketgan edi. Yumuq ko‘z qovoqlari ostida ikki soqqaday narsa qimir-qimir etardi. Yupqa bir teri bilan quruq suyaklari qolgan, tomirlari ko‘rinib yotgan qo‘lining ustida quyosh dog‘iga o‘xshash bir to‘da katta-kichik dog‘lar bor edi. O‘tirgan yeridan u qop-qora, kichkina bir ko‘lankaday ko‘rinardi. Chaqaloqlar yig‘lagudek bo‘lsa, mehr to‘la tovushi bilan Hurini chaqirar, emizdirar va alla aytardi:

Bolam seni uxlatayin, allla, alllla,

Bog‘chalarda o‘ynatayin, allla, allla.

Ko‘r kampirning kuygan kishining yuragiga jazillab tegadigan ovozi bor edi.

Quyosh yuksalgan sari Hurini chaqirar, chaqaloqlarni o‘ziga yaqinroq yotqizdirar, ustlariga egilib, soya qilardi. Dam utmasdan, bolalarning ustiga oftob tushib qolmadimi, deb Huridan so‘rab turardi. Ko‘r kampir chaqaloqlarni to o‘z qorni ostigacha tortib, ularni oftobdan pana qildi. Sekin-sekin tebranib alla aytmaganda, kishining ko‘ziga xuddi uxlab o‘tirganday ko‘rinardi.

Bolam seni uxlataman, allla, allla

Bog‘chalarda o‘ynataman allla, allla.

Olib keldim bolam seni oooy, oooy

Yashil beshik to‘shagidan, allla, allla.

Onasini emmagan bola oooy, oooy

Onasining hidin bilmas, allla, allla.

Alla aytarkan, o‘ng tomonda yotgan Zolaning bolasini oyog‘idan silardi.

Bolam seni uxlataman, alla, alla,

Saroylarda o‘ynataman, allla, allla.

Kun tepaga ko‘tarildi, kun kuydirdi, pishirdi, ammo kampir har qanday bo‘lsa ham kun daladan ketguncha bolalarning yuzlariga uning nurini tushirmadi. Kech kira boshladi, quyosh pastga tushayotganda kampirni bezgak tutdi. Kampir sho‘rlik dir-dir titrab, yerga yumalab qoldi. Dir-dir titradi, uzoq vaqt issiq tuproq ustida. qunushib, ag‘anab yotdi.

Har kun shu xilda davom etdi. Kun asr bo‘lguncha, kampir chaqaloqlarning yuzini oftobga ko‘rsatmasdan olib o‘tirar, asrdan keyin bezgagi tutardi…

Besh tanoblik yerning g‘o‘za chopig‘i bitguncha ahvol shunday kechdi. Oxiri, bir parchagina yer qolgan edi. Kaftday kichkinagina bir yer… Na choraki…

Shum xabar tez tarqaldi. Ismoil xirmonini bitirib, bug‘doyini tashib turgan paytida kelib so‘zladilar. Chaqmoq urganday bo‘ldi.

Borib qarasa, Huri yotibdi, yuzi sap-sariq, ko‘zlari ichiga kirib ketgan…

Ismoil qo‘rqa-qo‘rqa yaqin kelib:

 – Singlim, – dedi, – singlim, Huri, boshing omon bo‘lsin. Xudo rahmat qilsin kampirni. Dunyoda bir yorug‘lik ko‘rmadi… Mozoriga nur yog‘ilsin.

Huri yig‘lamsiragan titroq bir ovoz bilan:

 – O‘ldi, – dedi, – ikki kun bo‘ldi… Bolalarni yaxshi ko‘rardi boyaqish. Shundayam yoqimli alla aytardiki, insonning yuragini eritardi. Bir alla aytishi bor ediki, tog‘u toshni eritardi.

Ismoil:

 – Nur to‘lsin mozoriga, yorug‘lik degan narsani ko‘rmadi.

Huri yig‘lamsirab, dedi:

 – Deraza oynagimiz bo‘lmaganidan, yerda uni pashshalar talab yotardi. Kamlir shundan kasal bo‘ldi deydilar. Bir alla aytardi, yuraklarni eritardi. U alla aytganda, odamning yuragi parcha-parcha bo‘lib ezilib, og‘ziga kelardi. Bir alla aytardiki, hammani maftun qilardi.

Boshini bir tomonga o‘girdi:

 – Kuyib ketayotirman, qardosh, – dedi, – to‘rt tevaragimni otash qopladi.

Ismoil bir necha vaqt tikilib turgach:

 – Singlim, – dedi, – mana bu narsalarni senga keltirgan edim.

Qog‘oz xaltadagi shakarni yostiq boshiga qo‘ydi. Beshikda bolalar tovush chiqarmasdan uxlab yotishmoqda edi. Beshikdan o‘z bolasini olib bag‘riga bosdi. Eshik yoniga borib, orqaga qaytdi.

 – Singlim, – dedi, – singlim Huri, xirmoning uchun hech g‘am yema, men o‘zim yanchib beraman. Xirmoning uchun ko‘nglingga biror narsa kelmasin.

Yiltirab turgan somon parchalari qorishgan chang yo‘l ustidan quyuq bir bulut ko‘lankasi o‘tdi. Janubda, narigi tomonlarda, uzoqlarda, O‘rta dengiz ustida yelkan singari oppoq, to‘p-to‘p bulutlar bor edi.

Keng dala, to‘lqinsiz bir dengiz kabi moviylashib, tep-tekis ravishda ko‘z ilg‘agani qadar uzoqlarga cho‘zilardi. Narigi yoqda dalalarni qurshagan ko‘m-ko‘k tog‘larning quyuq ko‘lankalari chap tomonga qarab cho‘zilmishdi.

Ismoilning yarim belidan pasti chang ichida ko‘rinmas edi.

So‘l tomondagi, qishloq ostiga qadar cho‘zilgan yashil maydondan, sholipoyadan burunga o‘tkir bir botqoqlik qidi urardi. Yo‘l bo‘ylab uzangan zovurlardagi ustini changdan qaymoq bog‘lagan suvning yuzi shabada tegib burishardi.

Chaqaloqning boshi o‘ng qo‘l ustida edi. Osilib tushgandi. Ko‘zlari ichiga botib ketgan. Bo‘yni, boshini tutmaydigan darajada noziklashgan, burishib, qorayib ketgan, terisi suyaklariga yopishgandi. Jag‘i osilib, teriday yupqa lablari ham ichkariga cho‘kkan. Ochiq og‘ziga pashshalar kirib chiqmoqda. Ismoil o‘z boshini bolaning boshi turgan o‘ng qo‘li ustiga egib o‘ychan boqmoqda edi. Ham tikilib boqmoqda, ham yo‘l yurmoqda edi.

 

Turkchadan

M. Davron

tarjimasi

 

ziyouz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.