Buqalamun

0
580
marta koʻrilgan.

Anton Chexov

 

Yangi shinel kiygan poʻlis nazoratchisi Ochumelov guzar maydonchasi orqali qoʻlida tugunchasi bilan ketib boradi. Yoʻlakay musodara qilingʻan toʻla bir gʻalvir qulubnayni koʻtargan sap-sariq gorodovoy uning oraqasidan taʼqib etadi. Tevarak jim… maydonchada hech kim koʻrinmaydi. Doʻkon va qovoqxonalarning eshiklari ochiq, huvillab turadilar, bu eshiklar yonida gadoy u yoqda tursin bir zogʻ ham koʻrinmaydi.

– Ey, san hali qopadigʻan ham boʻldingmi? – degan hayqiriqni eshitgan Ochumelov – Tut, tut qoʻyma birodar! Kishini qopsin deb kim buyurgan? Tut, ushla! Ha!…

It vangillashi eshitiladi. Ochumelov bir tomonga qaraydi: Pechogin boyning oʻtin skladidan bir itning uch oyoqlab kelganini, qoʻrquv aralash atrofga alanglaganini koʻradi. Itni chit koʻylak kiyib, jelatkasining tugmalari yechilgan bir kishi quvlab keladi, oxirda butun gavdasi bilan yerga yotib olib itning orqa oyogʻidan ushlab qoladi. It yana vangillaydi. Allakim – “mahkam ushla, qoʻyma” deb qichqiradi. Doʻkon eshiklaridan mudragan kishilar moʻralaydilar. Bir onda oʻtin skladi yonida goʻyo yerdan oʻsib chiqqandek bir toʻda xalq yigʻilib qoladi.

– Tartibsizlikga aslo yoʻl qoʻymasman, oliynasab janoblari, – deb gorodovoy Ochumelovni tinchitadi.

Ochumelov birdan toʻxtaydi, chapga tomon yarim aylangandan soʻng toʻplangan kishilar ustiga qarab yuradi. Haligi sklad eshigi yonida yuqorida koʻrsatilgan tugmasi yechik kishining bir qoʻlini yuqori koʻtarib, qonli barmogʻini xalqgʻa koʻrsatayotganini koʻradi. Uning yarim mast siymosidan “Itning oʻn jonidan bir jonini ham qoʻymayman” degan maʼno anglashiladi. Bundan tashqari uning qonli barmogʻi ham it ustidan gʻalaba qilishgʻa shahodat berib turadi. Ochumelov bu kishining oltin asboblar ustasi zargar Xrokin ekanligini tanidi. Xalq oʻrtasida yelkasi sarigʻ dogʻli, tumshugʻi ingichka oq it – bosh aybdor ham choʻnqayib oʻltiradi. Butun aʼzosi bilan titrab qoʻrquv va dahshat aralash atrofiga nazar tashlaydi.

– Xoʻsh, bu yerga nima uchun yigʻildingiz, – deydi xalqni yorib ichkariga kirgan Ochumelov, – Xoʻsh nimaga yigʻilishdingiz? Sening barmogʻinggʻa nima qildi?… Hali kim hayqirdi-a?

– Beozor oʻz ishim bilan kelayotsam, oliynasab janoblari, – dedi Xrokin barmogʻigʻa qarab ijirqangʻan holda, – oʻzimning Mitriy Mitrich bilan bir oz oʻtin toʻgʻrisida… ha bir vaqt mana shu oʻtirgan it yonimga keldi-da, hech narsadan hech narsa yoʻq barmogʻimni uzdi, oldi… tilim tegmasa, ogʻzim tegmasa… men oʻzim ishchi bir odamman… mening kasbim juda nozik. Endi, men shu majruh barmogʻim bilan ihtimolki, bir hafta ishga yaralmasman. Bir haftalik tavon toʻlamasalar men bu itni qoʻymayman. Oliynasab janoblari, bunday gap zakonda yoʻqdir. Har koʻringan it kishini tishlab keta bersa, bu kundan koʻra oʻlib ketkan ancha yaxshidir.

– Himm!… Yaxshi…, – dedi Ochumelov jiddiy tusda va yoʻtalib qoshlarimni chimiradi, – yaxshi… bu oʻzi kimning iti? Men bu ishni bu holda qoʻyib ketolmayman! Men itni boʻsh qoʻyib yuborganlar uchun taʼzir berishga yarayman. Hukumatning qarorlarini iltifotsiz qoldirib keluvchi afandilar bilan chinlab kurashish vaqti yetkan boʻlsa kerak. Bu mutahamlarga yaxshilab shtraf solgʻachgʻina ular it va boshqa hayvonlarni boʻsh qoʻyib yuborish hikmatiga tushunadilar. Men bundaylarning koʻzini moshdek ochib qoʻyishga yarayman!… Yeldirin – dedi polis nazoratchisi gogodovoyni imlab, – oldin itning kimniki ekanligin bil, undan soʻng protokol yoz! Itni boʻlsa oʻldirish kerak. Tezdan! Balki quturgʻan boʻlsa ham ajab emas… Qani, xoʻsh bu oʻzi kimning iti?

– Chamasi bu it, general Jikalovning iti boʻlsa kerak – dedi xalq ichida allakim.

– General Jikalovniki? Himm!… Mening ustimdan paltomni yech-chi,

Yeldirin… Kun juda ham isib ketdi! Boʻronning ketidan soʻroni kelib yomgʻur yogʻsa ham ajab emas… Faqat men bir narsagagina tushunolmay turaman: Bu it seni qanday qilib qopa oldi ekan? – deb Ochumelov Xrokinga qaraydi. – Qanday qilib bu itning boʻyi sening barmoqlaringgʻa yetdi ekan? Aqlim yetmaydi. It boʻlsa nozik. Sen boʻlsang hoʻkizdak, boʻyingga qara! Balki barmogʻinggʻa mix-pix kirgan boʻlsa, haligi mixni tortib olgansa, qonab ketkan, undan soʻng boshingga… xa de… Men siz xalqning miringdan siringni bilaman! Siz xaloyiq juda ham bemaʼni odamlarsiz!

– Oliynasab janoblari, balki uning oʻzi kulgi uchun itning burniga papirus tiqqan boʻlsa, shundan soʻng, it barmogʻini tishlab olgʻan… Bu oʻzi juda ham bemaʼni odam, oliynasab janoblari.

– Yolgʻon soʻzlaysan, koʻr! Koʻzing bilan koʻrmaganingdan keyin yolgʻon soʻzlashning nima hojati bor. Oliynasab janoblari juda ham aqlli odam, kim yolgʻon soʻzlaydi, kim rost, bu kishi oʻzi tirnogʻining yuzidak biladi. Nahotki, men yolgʻon aytsam. Xoʻp, sud tekshirsin. Zakonda hammasi ham koʻrsatigan… Boʻlmasa menga bari bir… Mening oʻz akam jandarmada xizmat qiladi. Agar bilmakchi boʻlsangiz…

– Vaysay berma!

– Yoʻq, bu generalning iti boʻlmasa kerak… – deydi chuqur oʻylab olgan gorodovoy, – generalning bunday iti yoʻq edi. Uning iti chipor rangli edi…

– Sen buni aniq bilasanmi?

– Aniq bilaman, oliynasab janoblari!

– Menim oʻzim ham bilaman. Generalning itlari zotlik, qimmatbaho narsalar edi. Bu boʻlsa egasiz, daydi itga oʻxshaydi. Epaqaliq yungi ham yoʻq. Koʻrinishi ham xunuk… Qisqasi bir bedavodan iborat. Shunday bemaʼni itni saqlaydimi kishi? Senlarda aql bormi? Agar shu xilda bir it Petirburg yoki Moskovga kirib qolsa bormi, darrov zakonni ham bir tomonga yigʻishtirib qoʻyib urib oʻldirar edilar. Sen, Xrokin, bu ishni shunday qoldirib ketma… Taʼzirini berib qoʻyish kerak! Fursatni qoʻldan chiqarish yaramaydi!

– Balki generalning itidir…, – dedi oʻylanib turgan gorodovoy, – men tunov kun generalning hovlisida shunga oʻxshash bir itni koʻrgandak boʻlgan edim.

– Toʻgʻri bu it generalniki! – deydi xalq ichidan allakim.

– Himm!… Birodar Yeldirin, mening paltomni kiydirib qoʻy-chi…

Shamollab qalaturgʻangʻa oʻxshayman… Ichimdan titroq kelayapti… Sen bu itni generalnikiga olib bor. Va oʻsha yerdan soʻrab bil. Ularga mening ushlab yuborganligimni aytarsan… Koʻchaga boʻsh qoʻyib yuborilmasin degin… Balki oʻzi qimmatbaho, zotlik itdir. Har bir choʻchqagʻa oʻxshagʻan ahmoqlar uning burniga papirus tiqa bersalar buzilib qolishi ham turgan gap. It deganing juda ham nozik maxluq… Sen ahmoq, qoʻlingni pastga tushur! Jinniga oʻxshab qoʻlingni yuqori koʻtarib turma! Ayb oʻzingda!

– Generalning oshpazi kelyapti, undan soʻraymiz… Hay Proxor! Qani buyoqgʻa kel-chi, uka! Manavi itni koʻr, siznikimi?

– Topibsan! Umrda bunaqa itimiz boʻlmagan.

– Endi uzoq soʻrab oʻlturishning hojati yoʻq, – dedi Ochumelov, – bu albatta egasiz daydi it! Uzoq muhokama qilib oʻltirish nima xojat. Men axir daydi it demadimmi, mana endi daydiligi ham maʼlum boʻldi. Buni urib oʻldirishdan boshqa ish yoʻq, vassalom!

– Bu bizning itimiz emas, – deb davom etdi Proxor, – Bu it generalning ukasining iti, oʻzi yaqinda keldi. Bizning itimiz ov iti emas. Janobning ukalari ovchiliqgʻa…

– Ha, ha, hali bu janobning ukalari kelgan ekanlar-da? Vladimir Ivanovich-a? – deb soʻradi Ochumelov va yuziga tabassum, shodliq tusi kira boradi, – voy xudo! Men hech bir eshitmabman-da. Mihmanga kelgandirlar?

– Ha, mihman boʻlib kelibdilar…

– Akalarini sogʻingʻan boʻlsalar kerak… Men boʻlsa oʻlimdan xabarim bor, u zotning kelganlaridan xabarim yoʻq! Demak bu it ularniki ekan-da? Juda xursand boʻldim… Itni olib ket… Yaxshigina it koʻrinadi… Oʻlguncha yugurdak boʻlsa kerak. Ol, buni bormogʻini tishla! Ha ha-ha… Xoʻsh, nega titraysan? Viss, viss… serzarda mugʻambir… oʻz oti bilan it-da…

Proxor itni chaqirib olib oʻtin skladidan chiqib ketadi. Xalq Xrokinni mazaq qilib kuladi:

– Sen hali qarab tur! – deb Ochumelov Xrokinni yanadi va shneliga oʻralib olib guzar maydonchasi boʻylab yoʻliga davom etadi.

 

Abdulla Qodiriy tarjimasi

 

Filologiya fanlari doktori Bahodir Karim nashrga tayyorlagan.

 

“Sovet adabiyoti” jurnalining 1936 yil 3-sonidan, 63-64-betlar.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.