Bulbul

0
314
marta koʻrilgan.

(tatar xalq ertagi)

 

Qadim zamonda boy savdogar boʻlib, uning turli mamlakatlardan keltirgan qimmatbaho buyumlari juda koʻp edi. U qayerga bormasin, esdalik uchun biror yaxshi narsa olib qaytardi-da.

Savdogarning uyida bir bulbul bor edi. U kumushdan yasalgan katta va chiroyli qafasda yashardi. Savdogar undan hech narsani ayamasdi. Xizmatkor bulbulga har kuni – tongda, tushlikda va oqshomda sadaf idishda suv va eng sara donlardan olib kelardi. Bulbul gʻam-tashvishsiz, farovon yashardi. Kuylashda unga yetadigani yoʻq edi.

Savdogar uning quvnoq sayrashini eshitib, “U erkinlikdan koʻra mening uyimda baxtliroq yashayapti”, deb oʻylardi.

Bir kuni savdogar boshqa mamlakatga safarga otlanibdi. Bundan xabar topgan bulbul savdogardan iltimos qilibdi:

– Xoʻjayin, mendan doim yaxshiligingizni ayamadingiz. Yana bir iltimosimni bajarsangiz. Siz hozir mening yurtimga ketyapsiz. U yerdagi anor bogʻida qarindosh-urugʻlarim yashaydi. Ularga salomimni yetkazib, hech narsadan nolimasdan sogʻ-salomat yashayotganim haqida xabar bersangiz.

– Yaxshi, aytganingdek qilaman, – dedi savdogar va yoʻlga tushdi.

U manzilga yetib kelib, mollarini sotib boʻlgach bulbul aytgan bogʻni izlashga tushdi. Uzoq yoʻl yurib, nihoyat, gʻoyatda chiroyli bir boqqa duch keldi. Bogʻda son-sanoqsiz gullar ochilib yotardi. Yon-atrofdan esa yoqimli, muattar hid taralardi. Qayerga qaramang, hamma joyda – hatto daraxtlarning har bir shoxiga qoʻnib olgan bulbullar jarangdor ovoz bilan qoʻshiq kuylashardi. Ulardan biri shunday nola bilan sayrardiki, befarq tinglay olmasdi.

– Men izlayotgan qushlar shular boʻlsa kerak, – deb oʻyladi savdogar va daraxtga yaqinlashib qichqirdi:

– Hoy, bulbul! Mening uyimda sening ukang yashaydi. U senga va barcha yaqinlariga salom yoʻllashimni, oʻzining sogʻ-salomat, betashvish yashayotganini aytib qoʻyishimni soʻradi.

Bu soʻzlarni eshitgan bulbul xuddi oʻq yeganday yerga tappa quladi. Savdogar nima qilishini bilmay qoldi. Qush qanotlarini keng yoyib, ogʻzini ochgancha qimir etmay yotardi.

“Eh, bekor unga ukasi haqida eslatdim, – oʻyladi savdogar. – Ukasini sogʻinib, kuyunib yotganga oʻxshaydi… Endi pushaymondan foyda yoʻq”.

Savdogar yerda oʻlib yotgan qushni olib uzoqroqdagi maysaning ustiga irgʻitdi.

Bulbul esa yerga tushgan zahoti tirilib, pir etib uchib daraxtga qoʻndi-da, shoxdan-shoxga oʻtib sayraganicha, bogʻ ichiga kirib ketdi.

– Toʻxta, qayerga ketyapsan? – qichqirdi savdogar. – Axir, ukang sendan xabar kelishini kutyapti!

Lekin bulbul uning gapiga quloq solmadi, shoʻxchan kuylagancha qalin barglar orasida gʻoyib boʻldi. Savdogar uyga xafa boʻlib qaytdi.

– Xoʻjayin, yaqinlarimdan biror xabar keltirdingizmi? – soʻradi undan bulbul.

– Qarindoshlaringga sen haqingda hamma gapni aytdim, lekin ulardan hech qanday xabar keltirolmadim. Aftidan, ular sen haqingda eshitishni istashmadi. Akangga sen toʻgʻringda soʻzlab berdim, u esa quloq ham solmadi va oʻzini shunday oʻlganga solib oldiki, men uning oʻlganiga paqqos ishondim. Uni yerdan olib, maysazorga irgʻitdim. Shunda u toʻsatdan tirilib, uzoqlarga uchib ketdi.

Buni eshitgan bulbul chuqur qaygʻuga choʻmdi. Kun boʻyi hech narsa yemadi, ichmadi, hatto ovoz ham chiqarmadi. Savdogar uni qutqarib qolish uchun koʻp harakat qildi. Lekin foydasi boʻlmadi.

Ertalab yemish olib kelgan xizmatkor bulbulning qafasda oʻlib yotganini koʻrdi. Savdogar sayroqi qushidan ayrilganiga qattiq kuyindi. Afsuslanishdan foyda yoʻqligini sezib, xizmatkorni chaqirdi va qushni uydan uzoqroqqa tashlab kelishni buyurdi. Xizmatkor uni olib devor tashqarisiga olib chiqdi va axlatxonaga irgʻitib yubordi.

Bulbul yerga tushib ulgurmasdan jonlandi va quvnoq qoʻshigʻini kuylab bogʻ ustida aylana boshladi.

– Menga ajoyib maslahat olib kelganingiz uchun rahmat, xoʻjayin! – deb qichqirdi va oʻz vatani tomon uchib ketdi.

 

Rus tilidan Mirjalol MADVALIYEV tarjimasi

 

“Gulxan” jurnalining 2018 yil 4-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.