Bozor

0
223
marta koʻrilgan.

Akalaring boʻlishi ham yaxshi, ham yomon. Yaxshiligi shuki, bolalardan kaltak yemaysan. Arifmetikadan ikki olmaysan. Yomonligi shuki, nuqul akalaringning kiyimini kiyasan. Masalan, mana bunday. Katta akamga etik oberishadi. Bir yilmi, ikki yilmi oʻtgandan keyin katta akamning oyogʻi katta boʻlib ketadi. Etik kichkina akamga oʻtadi. Kichkina akamning oyogʻiyam bir joyda turavermaydida. Oʻsadi, etik sigʻmaydi. Ana endi etik bizniki! Faqat bizga yetib kelguncha etikning tagi Naim sartaroshning iyagidek sip-silliq boʻlib ketadi. Aslida, buyam yomonmas. Qishda yaxmalak uchishga maza. Ammo tagining koʻchib ketgani yomon. Choʻlda bir oy yurib chanqagan tuyadek suv demaganni yamlamay yutadi. Bora-bora ukamga dabdalasi chiqqan etik tegadi. Telpak masalasi ham shundoq. Katta akamdan kichkina akamga, kichkina akamdan menga, mendan ukamga yetib borguncha, telpakmas, taqiri chiqqan bir parcha teri qoladi. Valiga maza! Akasi yoʻq, ukasi yoʻq. Zebi xola unga doim yangi kiyim olib beradi. Shundoq deymanu, dadamga ham qiyin. Hammamizni baravar yasantira olmaydi. Toʻgʻri, gohi-gohida biz kichkinalarning ham gʻamini yeb turishadi. Kuz kunlaridan birida shunday quvonchli voqea boʻldi. Kechasi hamma yotganda dadam bilan oyim maslahatlashib qolishdi. Rostini aytsam, gap poylaydigan odatim bor. Poylamoqchi emasdimu, oʻzlari gaplashib qolishdi. Eshitish kerakmi, kerak!

 – Salqin tushib qoldi, – dedi oyim oʻychan ohangda. – Bolalarning egnida yoʻq, boshida yoʻq. Ayniqsa kichkinalarga qiyin.

Dadam anchagacha indamadi. Chamasi, qayerdan pul topishni oʻylardi.

 – Echkini sota qolamiz, – dedi nihoyat bir qarorga kelib.

 – Takanimi? – Bu oyimning ovozi edi.

 – E, uni qanchaga olardi? – dedi dadam hafsalasiz ohangda. – Narigisini sotamiz. Besh yuzlarga obqolar.

Tushundim. Bundan chiqdi Qoraquloqni sotishmoqchi. Erta bahorda echkimiz odatdagidek ikkita tuqqan edi: biri erkak, biri urgʻochi. Urgʻochisining oʻzi oq, qulogʻi qora. Aka-ukalar unga Qoraquloq deb ot qoʻyganmiz. Echkimga achindim. Yaxshi, yuvoshgina edi. Chamamda, oyim ham shuni oʻylardi shekilli, sekin gap qoʻshdi:

 – Qochirib olsak bolalarga sut moʻlroq boʻlarmidi?

 – Boshqa iloji yoʻq-da! – dedi dadam tajangroq boʻlib. – Jilla qursa, bittasiga pufayka olib berish kerak. Bultur ham maktabga akasining choponini kiyib bordi.

Ha, demak, pufayka meniki boʻladi. Negaki, ukam hali maktabga bormaydi. Yengining uchiga charm qoplanganidan olaman. Sinfimizda faqat Valida shunaqa pufayka bor. Zebi xola naqd toʻrt yuz soʻmga obergan. Valining oʻzi aytgan.

 – Bozor kuni Tezakopga olib tushaman, – dedi dadam ishonch bilan.

Biroq dadam juma kuni shamollab yotib qoldi. Shanba kuniyam oʻrnidan turolmadi. Kechqurun yana echki sotishning maslahati boʻldi.

 – Oʻzing bora qol, – dedi dadam yotgan joyida.

Onam mungʻayib qoldi.

 – Voy, men bozorni bilamanmi? – dedi boʻshashib. – Bir-ikki marta mol sotib yurgan boʻlmasam…

Dadamning jahli chiqib ketdi.

 – Nima, bozorga tushadiganlarning shox-butogʻi bormi? Hammayam senga oʻxshagan odam-da! Ja boʻlmasa, bitta-yarimta dallolning qoʻliga oʻn soʻm bersang, sotib beradi. Ammo besh yuzdan kamiga koʻnma. Zotli mol, degin!

Ertasiga tong qorongʻisida oyim meni sekin turtib uygʻotdi.

 – Qani, tura qol, bolam, echkini haydashib borasan.

“Nimaga, qayoqqa”, deb oʻtirmadim. Bilaman, akalarim haydashib borsayam boʻlardi-yu, unda pufaykadan quruq qolaman-da.

Gʻingshibroq boʻlsayam turdim. Oyim echkini sogʻib boʻlguncha tong yorishdi. Keyin u Qoraquloqni yetakladi, men tol xivich olib, orqasidan yoʻlga tushdim. Qoraquloq ham uyqusirab turgan ekan shekilli, indamay ketaverdi. Faqat darvoza oldiga borganda onasi bilan akasi tomonga qarab qisqagina maʼrab qoʻydi: xayrlashdi chamamda.

Tuproq koʻchadan boryapmiz. Oldinda oyim, ketidan echkim, uning ortidan men. Echkim tuproqni changitib, dik-dik qilib boradi. Ora-chora koʻchaga toʻkilgan yongʻoq xazonlarini chimdib, kalta dumini likillatib-likillatib qoʻyadi. Xivich bilan urmasam ham oʻzi ketaveradi. Men koʻchaga toʻkilgan yongʻoqlarni terish bilan ovoraman. Kechasi shamol boʻlganga oʻxshaydi: rosa yongʻoq toʻkilibdi. Birpasda ikki choʻntagim toʻlib chiqdi. Oyim ora-chora toʻxtab, norozilik bilan orqasiga qarab qoʻyadi.

 – Yura qolsang-chi, hali-zamon bozor tarqab ketadi!

Tezakop deganiyam, juda olis ekan-da! Avval qora moy hidi anqib turgan temir yoʻldan oʻtdik. Keyin mashinalar gʻizillab borayotgan koʻchalar chetidan yurdik. Oyogʻimda oyoq qolmadi. Nihoyat bozorning temir panjarali darvozasidan ichkari kirdik. Voy-bu! Shuncha odam qayoqdan kelgan? Hammayoq qiy-chuv, hamma shoshgan! Ana, bir chekkada guvillab olov yonyapti. Qozondan qizigan yogʻning oppoq tutuni chiqib turibdi. Vuy, anavi baliqni! Mening boʻyimday keladi-ya! Yogʻoch ustundagi mixga jagʻidan ilib qoʻyishibdi. Kir xalat kiygan moʻylovli kishi kapgirni oʻynatib baqiradi:

 – Kep qoling, laqqa baliq! Laqqa baliq! Qatidan qovurib beray?

Undan nariroqda kattakon doshqozonda osh damlab qoʻyilibdi. Zarchava solingan, sap-sariq. Ogʻzimning suvi kep ketdi. Ie, ana kabob! Qop-qora kabobpaz bidir-bidir qilib xaridor chaqiradi.

 – Yeganlar darmonda, yemaganlar armonda, dumba-jigar!

Qarang, hidiga odam mast boʻladi-ya!

 – Oyi, hali kabob oberasiz-a? – deyman yalinib.

Oyim boʻlsa, nuqul bitta gapni qaytaradi:

 – Anqayma, adashib qolasan!

Yoymachilar toʻgʻridan-toʻgʻri yerga oʻtirib olishgan. Angishvonadan tortib elakkacha, sichqon tutadigan qopqondan tortib isiriqqacha hammasi bor. Qoʻltiqtayoqli askar jikkak chol bilan savdolashib sumak olyapti. Kun salqin boʻlishiga qaramay, koʻylakchan boʻlib olgan ozgʻin bola bir pachka papirosni koʻz-koʻz qilib, bor ovozi bilan baqiradi.

 – Papirosi nord, chekmanglar chort!

Shovqin-suronlaru turli hidlardan boshim aylanib ketdi. Unisi turtadi, bunisi surtadi, bu ham yetmagandek oyimga dagʻdagʻa qilishadi.

 – Hov echki! Koʻzingga qara!

Nihoyat mol bozoriga keldik. Ana bozoru mana bozor! Koʻziga qon toʻlgan, burnidan temir halqa oʻtkazilgan buqalar, dumbasining ogʻirligidan yurolmay qolgan, shoxi qayrilib ketgan qoʻchqorlar, biri olib, biri qoʻyib, paydar-pay hangrayotgan eshaklar… Ayniqsa, anavi qorasi zoʻr ekan. Bir hangrashda ketma-ket ulab, yetti marta hangradi. Tagʻin har hangraganda quloqlari dikkayib, dumi xoda boʻlib ketadi. Burun kataklari kerilib, ikki biqini kirib-chiqib, kirib-chiqib turadi. Oxiriga borganda oʻpkasi toʻlgandek, ovozi xazinlashib qoladi-yu, ammo oʻsha zahoti bir pishqirib oladi-da, yangi kuch bilan qaytadan hangray boshlaydi. Oyoq ostini tezak bosib ketgan. Shuning uchun bozorni Tezakop desa kerak-da. (Bu nom Oq podshoning savdogari Tezikov ismi bilan bogʻliqligini keyin bilganman.) Kech qolganimiz uchun bizga eng chekkadan – tovuq bozorining yonidan joy tegdi. Biroq bu yerda ham koʻp turolmadik. Janjalning ustidan chiqib qoldik. Shundoqqina oldimizda tarashadek ozgʻin, peshonasi tirishgan, tajangligi aftidan koʻrinib turgan kishi qizil babax xoʻrozning oyogʻidan bogʻlangan ipdan tutib, choʻkkalab oʻtirar, dam-badam nos otib, oʻzicha allakimni soʻkar edi. Baquvvat oyoqlari uzun-uzun xoʻroz esa boʻynini choʻzib, atrofga olazarak qarar, chamasi boshqa xoʻrozlar bilan urishishga bahona qidirardi. Shu payt ayvoni katta oq kalaminka shapka kiygan, choʻmichdek burnining teshigidan juni chiqib turgan kishi xoʻrozning tepasida toʻxtadi.

 – Choʻcha chan pul, aka mullo? – dedi oyogʻi bilan xoʻrozga imo qilib.

Tajang kishi asabiylik bilan boshini koʻtardi. Nosini tupurib, kaftining orqasiga labini artdi.

 – Shu joʻjami! – dedi ingichka, tajang ovozda. – Koʻzmi, poʻstakning teshigimi!

Burni choʻmichdek xaridor pinagini buzmadi.

 – Chan pul choʻcha? – dedi yana.

 – Bu joʻjamas, xoʻroz! – Tajang kishi oʻrnidan turib ketdi. – Babax xoʻroz! Bir tepsa odamni yiqitadi!

Burni choʻmichdek xaridor yana pinagini buzmadi.

 – Ha, endu choʻcha-da! Chan pul oʻzu?

Shunda kutilmagan voqea boʻldi. Tajang kishi babax xoʻrozni oyogʻidan yulqib koʻtardi-yu, xaridorning boshiga tushirdi.

 – Mana senga “choʻcha!” – dedi baqirib.

Xoʻrozning qiyqirigʻi bilan xaridorning dodlashi baravar eshitildi. Boshidagi ayvoni keng shapkasi uchib, tezak ustiga tushdi. Xoʻrozning qizil patlari hammayoqqa toʻzib ketdi.

Xaridor silliq boshini changallagancha odamlar orasiga shoʻngʻidi. Zum oʻtmay, shopmoʻylov militsionerni boshlab keldi.

 – Mana shu! – dedi xoʻrozni amallab buti orasiga tiqayotgan tajang kishini koʻrsatib. – Boshimga urde! Hoʻkizdek xeroz bilan urde! Tuyadek xeroz bilan urde! Bosh yorilg-o-on!

 – Nima gap, grajdanlar? – Shopmoʻylov militsioner choʻntagidan hushtak olib, lunjini shishirgancha churillatdi.

Tomoshaning davomini koʻrishni juda xohlardimu oyim qoʻymadi.

 – Yur, keta qolaylik, – dedi sekingina. – Bizniyam boshimiz baloga qolib yurmasin.

Odamlar, mollar orasidan oʻtib, nari ketdik. Ana, nihoyat bizning echkiga ham xaridor topildi. Peshonasiga qiyiqcha tangʻigan kishi Qoraquloqni uyogʻidan oʻtib tomosha qildi, buyogʻidan oʻtib tomosha qildi.

 – Qancha soʻraysiz? – dedi oyimgamas, echkiga qarab.

 – Besh yuz soʻm.

 – Uch yuz! – qiyiqcha tangʻigan kishi echkining boʻynidan silab qoʻydi. – Shoshib turibman, olamanu ketaman.

 – Yoʻq, amaki, bu zotli mol, – dedi oyim bosh chayqab. – Onasi har yili ikkitadan tugʻadi, koʻp sut beradi. Suti yogʻli, sigirnikiga oʻxshaydi. Besh yuzdan kamiga boʻlmaydi.

Qiyiqcha tangʻigan kishi savdolashib oʻtirmay nari ketdi. Yana ikkita xaridor keldi. Biri uch yuz oʻn soʻmga chiqdi, ikkinchisi ikki yuz ellikdan oshmadi. Keyin echkimizni hech kim soʻramay qoʻydi. Turib-turib zerika boshladim, bir hovuch yongʻogʻimni u qoʻlimdan bu qoʻlimga olaman, bu qoʻlimdan u qoʻlimga olaman… Kun isib borar, suv ichgim kelardi. Oyim ham toliqib ketdi shekilli, nuqul atrofga javdiraydi.

 – Dallol topmasak boʻlmaydi shekilli, oʻgʻlim, – dedi ruhi tushib.

Xuddi shuni kutib turgandek, telpagining quloqchinini kuya yegan, paxtali shimining tizzasigacha goʻng boʻlib ketgan kishi paydo boʻldi.

 – Ha, yanga, uloqchaga xaridor chiqmadimi? – dedi shangʻillab.

 – Uloqchamas, echki-ku, – dedi oyim ranjib. – Qarang, zotli mol, onasi har yili ikkitadan tugʻadi. Koʻp sut beradi. Suti quyuq, sigirnikiga oʻxshaydi.

 – Koʻrib turibman! – Telpakli kishi qoʻl siltadi. – Mushukdekkina echki ekan. Boʻgʻoz boʻlganmi-yoʻqmi?

Oyim bosh chayqadi.

 – Unisini aytolmayman. Yolgʻon gapirib nima qildim. Ammo onasi zotli. Har yili ikkitadan tugʻadi, sersut…

Telpagini kuya yegan kishi bir zum oʻylanib qoldi.

 – Endi, yanga, gap bundoq, – dedi tagʻin shangʻillab. – Men xolis odamman, koʻrib turibman, boyadan beri turaverib, sargʻayib ketdingiz. Xoʻp desangiz, molingizni sotib beraman. Ammo choʻtalni oldindan kelishib olamiz: yigirma besh soʻm!

 – Mayli, bir gap boʻlar, – dedi oyim sekin. – Baraka toping, insofli odamga oʻxshaysiz… Ammo oʻzi zotli mol…

 – Qancha soʻrayapsiz oʻzi? – dallol onamning gapini boʻldi.

 – Besh yuz.

 – Nima? – dallol dahshatli gap eshitgandek koʻzini ola-kula qildi. – Besh yuz soʻmga govmish sigir beradi-ku! Hozir bozor arzon. Qish kelyapti, yanga! Qish kelyapti! Yem tashvishi bor, pichan tashvishi bor…

Onam norozi qiyofada yelkasini qisdi.

 – Mana shu bolamga pufayka olib bermoqchiman. Adasi besh yuzdan kamiga koʻnma deganlar.

 – Gapga pasmatri! – dallol xuddi onam gunoh ish qilib qoʻyganday qoʻlini silkitdi. – Odamlardayam diyonat qolmapti oʻzi!

U endi burilib ketayotgan edi, oyim yalindi:

 – Xudo xayringizni bersin, bitta-yarimta insofliroq xaridor toping. Mayli, haqingizni beraman.

Dallol qaytib keldi. Qoraquloqning qornini paypaslab koʻrdi.

 – Mayli, – dedi toʻngʻillab. – Shoshmay turing-chi.

Chorak soatchadan keyin u eskiroq chopon kiygan kishi bilan mendan kattaroq bolani boshlab keldi. Bolaning boshida yap-yangi doʻppisi bor edi. Doʻppi uning uzunchoq boshida gʻalati qiyshayib turardi. Pufaykadan ortgan pulga oyim mengayam yangi doʻppi oberadi, degan fikr lip etib xayolimdan oʻtdi.

 – Mana! – dedi dallol shangʻillab. – Shundan yaxshi xaridor topolmaysiz.

 – Qancha soʻraysiz? – eski choponli kishi negadir onamga emas, dallolga qaradi. – Boʻladiganini ayting.

 – Boʻladigani ikki yuz ellik soʻm! – Oyimning oʻrniga dallol javob berdi.

 – Yoʻgʻ-e, – dedi oyim choʻchib. – Hozir uch yuzga bermadim-ku.

 – Oʻzimga emas, mana bu bolaga olyapman! – eski choponli kishi uf tortdi. – Rangini qarang, bola bechorani! Kasaldan yangi turgan: sil!

Oyim ham, men ham bolaga tikilib qoldik. Hali doʻppisiga qarapmanu oʻziga qaramagan ekanman. Bola chindan ham rangsiz, katta-katta koʻzlari odamga maʼyus termilib boqar edi.

 – Yongʻoq! – dedi u qoʻlimdagi yongʻoqlarni koʻrib. Ovozi qizlarnikiga oʻxshagan ingichka, iltijoli edi.

 – Ber, ber! – dedi oyim shoshilib. – Hammasini ber.

Qoʻlimdagi yongʻoqlarni ham, choʻntagimdagilarniyam bolaga berdim. Nima qipti, hali terib olaveraman. Koʻchamizda yongʻoqdan koʻpi bormi?

 – Yuz soʻm! – eski choponli kishi dallolning qoʻlidan tutdi. – Bor baraka!

 – Voy, nima deyapsiz, amaki? – Oyim xuddi birov tortib olayotgandek echkining arqonidan mahkam ushlab oʻziga tortdi. – Bu zotli mol. Onasi har yili ikkitadan tugʻadi. Sutni koʻp beradi. Sutiyam yogʻli.

 – Sizam insof qiling-da, birodar! – dallol endi xaridorga qarab qoʻlini paxsa qildi. – Yangam rost aytyaptilar. Zotli mol, erta-indin qochib qolsa, bahorda maza qilib sutini ichasiz.

Oyimga jon kirdi.

 – Shuni aytaman-da! Zotli mol! Onasi har yili ikkitadan tugʻadi. Koʻp sut beradi. Suti yogʻli, sigirnikiga oʻxshaydi.

Xaridor horgʻin bosh chayqadi.

 – Oʻzimga qolsa-ku, besh yuzga ham olaverardim. Shu bolaga soʻrayapman. – U tagʻin bolaga imo qildi. Bola yongʻoqlarni u qoʻlidan bu qoʻliga olar, yupqa, qonsiz lablarini pichirlatib sanar edi. – Hech kimi yoʻq bechoraning, – dedi xaridor ovozini pasaytirib. – Savob boʻlar deb boshiga doʻppi oberdim. Otasi frontda oʻlgan. Yaqinda onasiyam qazo qildi: sil edi bechora. Yetmish yashar kampir buvisi bilan qoldi. Men qoʻshnisi boʻlaman. Kampir bechoraning kigiz tagiga yigʻib qoʻygan jindek puli bor ekan. Shunga bittagina echki obering, deb yalindi. Savob uchun tushdim bozorga.

Goh bolaga, goh onamga qarab karaxt boʻlib qoldim. Bola hamon yongʻoqlarini sanar, oyim ham unga tikilib qolgan edi. Birdam onamning koʻzlarida yosh aylandi. Bir qoʻli bilan arqondan tutgancha ikkinchi qoʻli bilan bolaning doʻppisi ustidan boshini siladi.

 – Aynoniya! – dedi ovozi titrab. – Hech nima qilmaydi. Hali shundoq yigit boʻlasanki, sen koʻrganni hech kim koʻrmaydi, bolam!

 – Mana, bori shu! – xaridor bir soʻmlik, uch soʻmlik pullardan bir hovuchini dallolning qoʻliga tutqazdi.

 – Qancha? – dedi dallol.

 – Yuz ellik soʻm!

Dallol oyimning arqon ushlab turgan qoʻlini kaftiga olib silkita boshladi.

 – Bor baraka deng endi, yanga! Bor baraka deng!

U har siltaganda oyim qoʻli uzilib ketgudek boʻlib butun gavdasi bilan silkinar edi.

 – Hech boʻlmasa yana ellik soʻm qoʻshing, amaki, – dedi onam eski choponli kishiga iltijoli termilib. – Zotli mol, onasi har yili ikkitadan tugʻadi.

 – Nima qilay, singil! – xaridor tagʻin bosh chayqadi. – Mengamas, bolaga deyapman-ku. Savob uchun tushdim bozorga, bor puli shu boʻlsa, men nima qilay?

 – Axir, menam bolamga pufayka obermoqchiman, – dedi onam yigʻlamsirab.

 – Savob ham kerak-da odamga, yanga! – Dallol oyimning qoʻlini qoʻyib yubormay shangʻilladi. – Dunyoga kelib, nima karomat koʻrsatdik?! Koʻprik soldikmi, machit qurdikmi…

 – Toʻgʻri-ku, lekin… Bolamga pufayka… Zotli mol…

Endi onamning gapini xaridor boʻldi.

 – Xudoga shukur deng, singil. Bolangizni boshida otasi bor ekan, siz bor ekansiz. Jayam yangi boʻlmasa eskiroq pufayka oberarsiz. Bu bechoraning kimi bor?

Oyim bolaga bir nafas termilib turdiyu arqonni sekin qoʻyib yubordi. Bola hamon lablarini pichirlatib yongʻoq sanar edi.

 – Mang, yanga! Rozi boʻling, – dallol pulni sanab oyimga tutqazdi. – Xizmat haqimni opqoldim. Ammo rozi boʻling.

Oyim pul changallab turgan qoʻli bilan tagʻin bolaning doʻppisi ustidan boshini siladi.

 – Xafa boʻlma, oʻrgilay! Buvingga mendan salom aytgin. Echki sotgan xotin salom aytdi, degin.

Dallol bir tomonga, echki yetaklagan choponli odam bilan bola ikkinchi tomonga ketib, zum oʻtmay odamlar orasidan gʻoyib boʻlishdi. Onam qoʻliga tuflab-tuflab pulni hafsala bilan sanadi, nimchasining choʻntagiga soldi. Ammo koʻngli toʻlmadi shekilli, oʻsha zahoti choʻntakdan qaytarib olib koʻylagining yoqasi tagiga yashirdi. Gʻussaga choʻkib xoʻrsindi.

 – Xudodanam oʻrgilay! Bandasining boshiga shuncha gʻam solmasa nima qipti-ya!

Ikkalamiz indamay yoʻlga tushdik. Oyim qoʻlimdan tutgancha boshini quyi solib borar, chamasi boyagi bolani ham, hozir uyga borib dadamdan soʻkish eshitishni ham oʻylar, oʻylab oʻyiga yetolmas edi. Yana oʻsha kabobpaz, oshpaz oldidan oʻtdik. Kabob isi soʻlagimni oqizsa ham indamadim. Bilaman, endi oyim kabob obermaydi.

Bozor darvozasiga yetganda onam toʻsatdan toʻxtab qoldi.

 – Voy shoʻrim! – dedi rangi oʻchib.

Men onam pulni oldirib qoʻydi deb qoʻrqib ketdim.

 – Echkini arqoni bilan berib yuboribmiz-ku! – U shunday dedi-yu, qoʻlimdan mahkam tutgancha odamlar orasiga shoʻngʻib yana orqaga sudrab ketdi. – Irimi yomon boʻladi. Molni arqoni bilan sotib boʻlmaydi. Voy, meni yer yutsin! Endi nima qildik-a? Bizni kutib oʻtirarmidi. Ketib boʻldi endi! – U shunday derdi-yu, odamlarga urilib, surilib mol bozoriga shoshilardi. Ana, yana bozorga kirdik. Endi mollar xiyla kamaygan, biroq odam qalin edi. Boyagi “oʻzimizning” joyga qaytib keldik. Ammo endi bu yerda toychoq savdosi boʻlayotgan ekan.

 – Dallol shu yerning odami-ku. Topilar axir, – derdi oyim menimi, oʻzinimi yupatib. Odamlar toʻdasida anchagina garangsib yurdik. Bir mahal… bir mahal moʻjiza koʻrgandek taqqa toʻxtab qoldim. Atrofga alang-jalang qarayotgan onam qoʻlimdan siltadi.

 – Yursang-chi, anqaymasdan!

 – Qoraquloq, – dedim sekin. – Ana, Qoraquloq! Oʻzimning echkim.

Men echkimni darrov tanidim. Qulogʻidan tanidim. Yoʻq, oʻzi oq, qulogʻi qora boʻlgani uchunmas. Chap qulogʻining qiyshiqligi uchun. Ertalablari echkini sogʻishdan oldin oyim uni iyitish uchun bolasini birpas emizib olardi. Uloq onasining yeliniga bir yopishgandan keyin ajratish qiyin boʻladi. Shunda men uning qulogʻidan ushlab tortaveraman, tortaveraman. Har kuni tortaverganim uchun bir qulogʻi qiyshayib qolgan.

 – Qani? – dedi oyim alanglab. – Qani echki?

 – Ana! – qoʻlim bilan oʻn qadamcha narida, bir toʻda odam orasida turgan echkimni koʻrsatdim. Boyagi eski choponli kishi echkining arqonidan ushlab turar, telpagining quloqchinini kuya yegan dallol esa shlyapali semiz odamga qoʻlini paxsa qilib bir nimani tushuntirar edi. Faqat yangi doʻppili bola koʻrinmasdi…

 – Bu zotli mol, akam aylanay! Onasi har yili ikkitadan tugʻadi, – dedi dallol shangʻillab. – Kuniga bir chirpitdan sut beradi. Suti sigirnikidan ham yogʻli. Pulingiz yoningizda ketadi, akam aylanay.

 – Judayam osmondan kelavermang-da, siz ham. – Shlyapali odam norozilik bilan bosh chayqadi. – Hech boʻlmasa olti yuz deng.

 – Oʻzingiz ham juda janaz1 odam ekansiz-da. Qarang, buning qornida bolasi bor! – Choponli kishi echkining ikkala biqiniga shapillatib qoʻydi. – Xudo xohlasa, ayni qish chillasida bolalarning ogʻzi oqarib qoladi, birodar!

Allaqayoqdan boyagi yangi doʻppili, rangsiz bola paydo boʻldi.

 – Dada, – dedi choponli kishiga qoʻlidagi obakini koʻz-koʻz qilib. – Mana, obkeldim!

 – Bizniyam boshimizda oʻzimizga yarasha tashvish bor, – choponli kishi bolaga imo qildi. – Oʻgʻlim oʻz qoʻli bilan bir yil boqdi echkini. Endi shuning qoʻlini halollab qoʻymoqchiman, birodar. Toʻy qilish osonmi shu zamonda.

Oyimga qaradim. Uning ogʻzi lang ochilib qolgan, qalin lablari pirpirar, koʻzida yosh bor edi.

 – Voy, – dedi u anchadan keyin zoʻrgʻa tili kalimaga kelib. Qiziq, nazarimda u kulgandek boʻldi. Yoʻq, uning yigʻlayotganini keyin payqadim. – Voy imonsizlar! Ikkalasi bitta odam ekan-ku.

 – Men xolis odamman! – Dallol yana shangʻilladi. – Savob ham kerak-da odamga. Dunyoga kelib nima karomat koʻrsatdik. Koʻprik soldikmi, machit qurdikmi?..

Oyim madori qurigandek qoʻlimni qoʻyib yubordi.

 – Yur, oʻgʻlim, – dedi koʻz yoshini yengining uchiga artib. – Yesin-ichsin toʻymasin, iloyo buyurmasin!

 – Arqon-chi? – dedim sekingina.

 – Kerakmas. Yur, bolam, – oyim qoʻlimdan sekin tutdi-da, odamlar orasidan turtinib-surtinib meni yetaklab ketdi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.