Bozor

0
206
marta koʻrilgan.

Toʻraqul maktabni naridan beri bitirdi-yu, oʻzini bozorga urdi, bir amallab qassobga shogird tushdi, koʻp oʻtmay ustozidanam oʻtib ketdi, mustaqil qassob boʻlib oldi. Bozordagi goʻsht sotuvchilar qatoridagi rastadan ustozining joyiga ega chiqdi. Labi-labiga tegmay: “Keling, aka, goʻshtdan oling, goʻshtni zoʻri, dodasi bizda, kelavering”, deya narxini soʻragan odamni qoʻyib yubormay, salomlasha turib qoʻliga goʻshtni tutqazadi. “Qanaqasidan kerak? Oshgami, kabobgami, xohlaganingizdan qilib beraman, oʻzimning mijozimsiz, achinmaysiz”, deya yonidagi Boltaboy qassob ham qolishmaydi.

– Aka, buni koʻring, goʻsht desa-degulik, ertalab oʻzim soʻyib olib kelyapman.

Xaridor Toʻraqul qassobning yoniga boradi.

– Bir kilo qovurgʻa, bir kilo lahm goʻsht.

Boltaboy xaridorga qarab baqirdi.

– Aka, taroziga qoʻyib turibman-ku, qovurgʻali joyini ham, lahmni ham koʻnglingizdagidek qilib berdim, qarang, goʻshtmisan-goʻsht.

Toʻraqul Boltaboyga gʻazab bilan qaradi.

– Burningni tiqaverma, hoʻ-oʻv Bolta, bu kishi azaldan “kliyentim”, faqat mendan oladilar. Keling, yaxshimisiz, kelinoyim, ukalarim yaxshimi, yashang amaki, kayeridan beray?

Xaridor koʻrsatgan goʻsht orasiga katta suyak qoʻyib tortib, sellofan xaltaga solarkan: “Kelib turing, pulni begona qilmang-a”, dedi.

Xaridor xursand boʻlib ketdi. Boltaboy tirjayib Toʻraqulga qaradi.

– Xumpar, boplading-ku. Ustozingdan ham oʻtding.

– Ja-a, unchalikmas. Senga oʻxshab xaridor talashmayman. Buni savdo deydilar.

Ikkalasi ham xaridor chaqira ketishdi.

Gumbaz ichra yana baqir-chaqir, xaridor talashishlar, tortishuvlar quloqni qomatga keltiradigan darajada shovqin.

Bu gumbaz ostida xiyonat, qalloblik, ucharlik, muttahamlik, yuzsizlik, vijdonsizlik… Hammasidan bor. Hammasi avjida. Hammasi gumbaz ichidagi hayotning mazmuni.

Toʻraqulning oldiga keksa bir nuroniy ayol kelib qoʻlidagi sumkani rastaga qoʻydi.

– Bolam, insofing bormi? Uch kilo goʻshtdan yarim kilo urasanmi, – u sumkani ochdi, – buning ustiga mana bu suyakka qara, buni it ham yemaydi-ku, xudodan qoʻrqmaysanmi, vijdonsiz!

Toʻraqul sumkani olib taroziga qoʻydi.

– Qarang. Tarozi uch kiloni koʻrsatadi, Toʻraqul qoʻlini paxsa qilib kampirga qaradi.

– Koʻrdingizmi, bu davlatning tarozisi. Nimaga tuhmat qilasiz? 50 gramm ogʻiri bilan, kap-katta ayol boʻlib tuhmat qilishingizni qarang.

Kampir taroziga tikilib qaradi, yelka qisdi.

– Hozir anavi yerdagi taroziga qoʻyganimda 2,5 kilo chiqdi-ku?!

Toʻraqul kampirning boʻshashganini koʻrib ovozini balandlatdi: Bu elektron tarozi, xolajon, davlat chiqargan. ayol xijolat tortib, yelka qisdi.

– Qaysi toʻgʻri, qaysi notoʻgʻri, kim bilsin, gunohi ham, savobi ham oʻzlaringniki, – goʻshtni olib sumkaga soldi-da, “Kechiring, bolam”, deb, suyakni qoldirib ketdi.

Boltaboy tirjayib Toʻraqulga qaradi.

– Kampirni tuzlading, kelganiga pushaymon qildirding, qassob emas, qallobsan.

– Oʻzing-chi? Uchchiga chiqqani oʻzing-ku, nafsingga oʻt tushgur. Kecha besh kilo deb toʻrt kiloni berib yubording-ku…

Kuladi.

– Vijdoni bor odam bozorda oʻtiradimi?

Kulishadi. Ularning qahqahasini ham bozor shovqini yutib yuboradi. Gumbaz ichra yana qassoblar va qalloblar, vijdonli-vijdonsizlarning xaridor chaqiruvchi ovozlari tinmaydi.

– Goʻsht emas, shokolad olyapsiz…

– Goʻshtmisan-goʻsht, ogʻzingizda erib ketadi…

– Toza molning goʻshti! Tozasi!..

Qaysi bir joyda xaridor bilan qassob oʻrtasidagi tortishuv, qaysi bir joyda baqir-chaqir. Ularning qarshisidagi rastada qassob bilan xaridor oʻrtasida jang boshlanadi. Xaridorning gʻazabidan lablari titraydi, qoʻllari qaltiraydi.

– Hoy noinsof, vijdonsiz, uyalmaysanmi hidlangan goʻshtni sotishga?

– Bekor aytibsiz, bizda eski goʻsht boʻlmaydi. Har kuni yangi goʻsht olib kelamiz. Tuhmat qilmang. Mana koʻring, – deb, goʻshtni koʻrsatadi.

– Qasam ichasanmi “goʻsht meniki emas” deb?

– Qasam ichaman, xudo haqqi meniki emas bu eski goʻsht. Buni men sotmaganman.

Qassobning qoʻlida pichoq.

– Mana, xudo ursin bu goʻsht meniki emas, – deb qoʻlini paxsa qiladi.

Xaridor unga achinish va hayrat bilan qaradi.

– Xudodan ham qoʻrqmasdan qasam ichding-a, arzimagan pulni deb, hali ham kech emas, tavba de.

– Boring, yoʻlingizdan qolmang, goʻshtni olgan yeringizga boring, savdoga xalaqit bermang?!

Xaridor “goʻshting boshshingdan qolsin”, deb, goʻshtni rasta ustiga otib, jahl bilan burilib ketdi.

Qassob sellofan xaltani ochib, goʻshtga qoʻshib sotgan suyaklarni ajratdi, goʻshtni olib hidladi, soʻngra suyaklarni hidladi. Boʻyin suyakni qoʻliga oldi va sherigiga koʻrsatib kuldi.

– Xumpar, sodda odam ekan, mana shu suyakni olib tashlasa, boʻldi edi. Eh sodda odamlar-a, “nichevo” ellik ming foydaga qoldi.

Yana “kepqoling, opqoling, bizda bor dodasi” degan baqir-chaqirlar.

Ulardan sal narida Bahrom qassob goʻshtlarni sotib boʻlib, rastani artib tozalab, uyiga ketishga shaylandi.

– Bahrom aka, jaa “kliyentingiz” koʻpda, bizga ham bering imkon, – dedi Toʻraqul.

– Xaridorning xaqqiga xiyonat qilmay, xalol ishlasalaring, tarozidan urmasdan, aldamasalaring, xaridor oʻzi kelaveradi. Tosh-tarozining javobi bor. Toʻraqul basharasini tirishtirib, Boltaboyga qarab gapirdi.

– Yana boshlandi leksiya. Oʻzi Bahrom aka shuncha yil ishlab bitta mashina minolmaydi, yana gapini qara, oʻrgildim sizdaqa vijdonlidan!

Bahrom ularning gapini eshitsa ham eshitmaganga olib, bozordan chiqib ketdi.

Bozorda kutilmagan voqealar koʻp boʻladi, xaridorning pulini olish uchun kimdir doʻsti bilan tortishadi, kimdir xaridorning dilini ogʻritadi, baʼzida xaridor sotuvchining dilini ogʻritadi.

Xullas, bu bozor. Bozorda xiyonat ham, janjal ham boʻladi. Insof, vijdon, oʻgʻriyu qallob ham bor. Soʻkishda, urush chiqarishda erkaklardan qolishmaydigan ayollar xam bor. Hech eshitganmisiz ayollarning soʻkishganini. Eshitmagan boʻlsangiz bozorga boring. Yangi-yangisidan eshitasiz. Erkaklar yoʻlda qolib ketishadi. Ana soʻkinishu mana soʻkinish. E-e, ularning soʻkinishidan erkaklar ham uyalib ketishadi.

Tush payti edi. Toʻraqulning toʻgʻrisidagi rastada shovqin-suron, baqir-chaqir boshlanadi. Bunday baqir-chaqir, yoqavayron janjallar odatga aylangan. Odamlar ne koʻz bilan koʻrsinki, boyagina Ollohning nomi bilan qasam ichgan qassobning chap koʻziga uchli suyak qadalib turardi. U bolta bilan maydalayotganda kichik bir boʻlagi uchib borib koʻziga kadalib qolgandi. Qassob ogʻriqqa dosh berolmay dod solardi. Atrofiga odamlar yigʻildi, hech kim suyakni tortib olishga jurʼat etolmasdi. Birov “ehtiyotsizlik qilibdi” desa, yana birov “qasam urgan, ertalab qasam ichgan ekan, xiyonat yomon, xiyonat oʻz kuchini koʻrsatdi” dedi. Qon bilan ishlagan qassobning butun badani qonga belandi va hushsiz yiqildi. Gumbaz ostidagi bozor birozgina toʻxtadi, sotuvchi ham, xaridor xam tomoshabinga aylandi. Shifokorlar qassobni olib ketishdi.

Gumbaz ostida bozor goʻyo hech narsa boʻlmagandek yana jonlandi. Bu voqea Toʻraqulga judda qattiq taʼsir qildi. Koʻz oʻngida kasaldan boshi chiqmayotgan qizalogʻi gavdalandi. Qizining koʻzlarida maʼyuslik goʻyo “Bariga siz sababchisiz” deb taʼna qilayotgandek edi.

– Goʻsht necha pul?

–…

– Goʻsht necha pul, sizdan soʻrayapman?

Toʻraqul uyqudan uygʻongan odamdek alahsirab:

– A, nima? – dedi.

Xaridor unga xoʻmrayib qaradi.

– Es-hushing joyidami oʻzi?

– Yaxshi, yaxshi, xizmat?

– Narxi qancha deyapman?

– Ha, goʻshtmi? Yigirma besh ming.

– Yigirma uch mingga berasizmi shoʻrvalik qilib?

Toʻraqul bir kiloga moʻljallab taroziga goʻsht qoʻydi. Xaridor olgan molidan xursand boʻlib rahmat aytgancha ketdi. Toʻraqul etsiz suyaklarning hammasini yigʻishtirib, chiqindi idishiga tashlab keldi.

Bolta qassob hayron boʻlib Toʻraqulga qaradi.

– Bu, deyman, tashlab yuboryapsan?

– Koʻrmadingmi roʻparadagi qassobga nima boʻldi, qargʻishga uchradi. Balki uydagi kasal qizim xaridorlar haqqiga xiyonat qilayotganim uchun tuzalmayotgandir? Balki bu koʻzimizni ochishimiz uchun yaratganning irodasidir?

Bolta qassob biroz oʻylanib qoldi-da, rasta tagidagi itemas suyaklarni sellofan xaltaga solib, chiqindi idishiga tashlab keldi.

– Xuddi yelkamdan togʻ agʻdarilganday yengil tortdim, – dedi Bolta.

– Asti qoʻyavering, shunday yengil nafas olyapman… Halollik… baribir…

Toʻraqul meva-cheva toʻla bozor xalta bilan uyiga kirib keldi. Baqir-chaqir ham qilmadi. Betob yotgan qizalogʻining yoniga bordi. Qizi otasini koʻrib oʻrnidan turdi. Chiroyi ochiq, yengil nafas olardi. “Endi bolalarimga faqat halolidan yediraman” xayolidan oʻtkazdi u.

U haq edi. Birovning haqqi yomon.

 

Mirzapoʻlat TOSHPOʻLATOV

 

“Ijod olami”, 2017–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.