Boyqoʻngʻir lolalari

0
184
marta koʻrilgan.

Uxla askar, uxla beparvo,

Tushlaringga kirsin Buxoro…

 

Buxorolik askarlar xirgoyisidan

 

I

 

POLVON

 

1968 yil. Kech kuz tunlarining birida Buxorodan joʻnagan poyezd ikki kecha-kunduz yoʻl bosib, qosh qorayganda choʻl bagʻridagi Toʻra Tom bekatiga yetib keldi. Bizni kuzatib kelgan serjantning aytishicha, bekat askarlar tilida Toʻra Tom emas, turma tom deb atalarmish. Bu soʻzlar harbiy xizmat ishtiyoqi bilan limmo-lim yuraklarimizga qattiq botgan boʻlsa-da, keyinchalik serjantning eʼtirofi rost ekanligiga imon keltirdik. Lekin hozircha oʻn besh-yigirma chogʻli paxsa uy va bekat binosidan iborat bu gadoytopmas goʻsha nomi tillarda doston boʻlgan Boyqoʻngʻir kosmodromining darvozasi ekanini bilmasdik. Bu yerlar faqat markaziy matbuotda Boyqoʻngʻir deb atalar, toʻrt tomon, minglab chaqirim masofada raketalaru harbiylardan boʻlak hech zogʻ yoʻq, fazogirlarning moʻjazgina shaharchasi Toʻra Tomdan ikki-uch chaqirim narida, Sirdaryo sohilida joylashgan, askarlar uni soddagina qilib “10-maydoncha” deyishardi. Lekin maydonchalarni tom maʼnoda tushunish kerak emas. Bu manzillarda qitʼalararo yadro raketalari uchiriladigan yer osti shaxtalari, kosmik kemalar parvoz etadigan yer usti maydonchalari yaqinida askarlar yashashi, xizmat qilishi va dam olishi uchun ozmi-koʻpmi sharoitlar bor edi.

10-maydoncha Boyqoʻngʻirning yuragi emas, bu yerda kosmodrom oqsuyaklari yashashar, asosiy qora mehnat askarlar gardanida, ular esa yuzlab chaqirim qum ichkarisida xizmat qilishga mahkum edilar. Bu maydonchadagi askarlar rahbariyat, ayrim oʻta maxfiy boʻlimlar, aloqa xizmatida edilar. Yana bu yerda kichik komandirlar tayyorlash maktabi, bir necha qurilish va avtomobil batalonlari bor edi. Ehtimol, yana allakimlar, allanarsalar boʻlgandir. Ularni aytmaganim uchun shahar solnomachilari meni kechirishar. Oʻshanda men – oʻn toʻqqiz yashar askarning bilganim shu edi. Bundan koʻproq bilgan, bilmoqchi boʻlgan askarlar bilan maxsus boʻlim shugʻullanardi.

Xullas, umumiy harbiy majburiyat hamda taqdir taqozosi bilan oʻsha tunda men va bir guruh hamshaharlarim usti yopiq mashinalarda qariyb yuz chaqirim yoʻl bosib, 95-maydonchaga yetib keldik. Biz uchun tayyorlab qoʻyilgan askariy taomlarni nari-beri yeb, kazarmaga joylashgach, dong qotib qoldik.

Ertalab qismimiz qip-qizil choʻlda joylashgani maʼlum boʻldi, bu ruhimizni tushirib yubordi. Ulkan shaharlar, yam-yashil oʻrmonlar, moviy koʻz mahbubalar toʻgʻrisidagi orzular bir zumda chippakka chiqdi. Biz  – urushdan keyin tugʻilgan avlod, qishloqlarda “urush-urush” oʻynab katta boʻlgandik, harbiy xizmatga jon-jahdimiz bilan oshiqardik. Bu – xayolimizda allaqanday ulugʻvor gʻoyalar, ulkan ishlar bilan yoʻgʻrilgandi. Bu yerda askarlar jangovar navbatchilikda turgan, qachon, qayerda portlashi nomaʼlum boʻlgan qitʼalararo yadro raketalariga xizmat qilishar, ularni qoʻriqlashar, yangi-yangi shaxtalar barpo etisharkan. Bu hech qanday jasorat talab qilmaydigan, zerikarli ishday tuyuldi bizga va qalblarimizni beadad bir dard, oʻz-oʻzimizdan qoniqmaslik hissi chulgʻab oldi. Baxtimizga komandirlarimiz, siyosiy xodimlarning aksariyati oʻz ishini puxta bilgan, zukko odamlar ekan. Ular butun insoniyat taqdiri shu yaydoq choʻlning har yer-har yerida, barxanlar siynasiga yashiringan raketalarga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq ekaniga bizni ishontirdilar.

Choʻlning hududsiz kengliklarida izgʻirin shamollar esar, koʻk yuzini qop-qora bulutlar qoplagan, qovjiroq yantoq va yavshanlar behol tebranishar, bu manzara yurakka hazin tuygʻular olib kirar, yer-koʻkdan sogʻinch, anduh hislari yogʻilardi goʻyo.

…Kechga tomon boshlangan sovuq yomgʻir borgan sari kuchayardi. Deraza oynasiga shitirlab urilayotgan tomchilar tovushiga quloq tutgancha uxlab qolgan ekanman, bir mahal guldurakdek tovushdan uygʻonib ketdim.

– R-r-o-o-t-t-a-a, podʼyom!

– Trevoga!

Bir zumda rota oyoqqa qalqdi. Olatasir boshlandi, tez kiyinib, safga turdik. Bir hafta mobaynida tez yechinib-kiyinishning mashqini olganimiz qoʻl keldi. Soat millari tungi uchni koʻrsatib turar, kun boʻyi yer tepib charchagan oyoqlarim lovullar, uyquga toʻymagan koʻzlarimni zoʻrgʻa ochardim.

– Oʻh, otasining goʻriga! – norozi toʻngʻilladi hamyurtim Samad etigining bir poyini ushlagancha safga kelib qoʻshilar ekan. – Shunday ajoyib tushning beliga tepdi-da, koshki edi, davomini koʻrishning iloji boʻlsa…  – U hamon etigidan qoʻlini olmas, aftidan, paytavasini yaxshi oʻray olmagandi. Rota komandirining jarangdor tovushi yangradi:

– R-r-o-o-t-t-a-a-a, smirno! Komandamni eshit! Bugun tunda qattiq yomgʻir 90-uchish maydonchasiga raketa olib boradigan temir izning anchagina qismini yuvib ketibdi. Temir yoʻlning buzilgan qismini tonggacha tiklashimiz shart. Bu – jangovar topshiriq. Ertalab shu izdan raketa uchish maydonchasiga oʻtkazilishi kerak. Vzvod-vzvod boʻlib, mashinalarga chiqilsin!

Borgan sari kuchayayotgan yomgʻir ostida yugurib, bir maromda gurillab turgan usti yopiq bahaybat mashinalarga chiqdik va zim-ziyo, kimsasiz choʻlda chamasi yarim soatcha yoʻl bosganimizdan soʻng, kuchli projektorlar bilan yoritilgan yalanglikka yetib keldik.

Qism komandiri, shtab boshligʻi va yana shunga oʻxshash katta-kichik boshliqlar gurillab yonayotgan gulxanlar yonida shalabbo kiyimlarini biroz quritgan boʻlib, allanimalar toʻgʻrisida bahslashishar, chehralari sertashvish, tund edi.

Yomgʻir poʻlat izlar ostidagi koʻtarmani yuvib ketgan, bizdan oldinroq yetib kelgan askarlar mashinalar toʻxtovsiz tashib turgan mayda tosh, shagʻal bilan shu yerni mustahkamlashardi. Biz ham tayyorlab qoʻyilgan belkurak, misrang, choʻkichlarni olib, ishga kirishib ketdik. Koʻp oʻtmay, sovuq yomgʻir suyak-suyagimizgacha oʻtib, hatto paytavalarimiz ham shalabbo boʻldi.

Navbatma-navbat kiyimlarimizni quritib, yana qoʻlga belkurak olardik. Shu taxlit tonggacha ishladik. Yomgʻir esa tinay demasdi. Umrida bunaqa ogʻir ishni koʻrmagan menga oʻxshaganlarning boʻladigani boʻldi, qoʻllarimiz shishib, qonga belandi.

– Biz mardikorlikka emas, askarlikka kelganmiz-ku, axir, – yigʻlamsirab qoʻllariga “kuh-kuh”lardi malla, nimjon hamyurtimiz Usmon.

– He, sodda, askar mardikor emas deb senga kim aytdi? – dedi kiyimlarini quritayotgan Rizo.

U bizdan bir-ikki yosh katta, uncha-muncha hayotiy tajribasi bor edi, chamasi. Suhbatni jimgina eshitib turgan shtab boshligʻi gapga aralashdi:

– Lochinlar, koʻnikaverasizlar endi. Yana shuni quloqlaringga quyib olingki, bilmasangiz oʻrgatamiz, istamasangiz majbur qilamiz.

Biz jimib qoldik. Koʻzlari oʻynab turuvchi, qarimsiq shtab boshligʻini bir haftadayoq yomon koʻrib ulgurgandik. Kimdir boʻralab, oʻzbekcha soʻkindi. Shtab boshligʻi turgan yerida bir sapchidi, koʻzlarini ola-kula qilib oʻshqirdi:

– No, no, polegche! Soʻkinishni koʻrsatib qoʻyaman, sen bosmachilarga, – u oʻzbekchani sal-pal tushunardi, aftidan. Yaxshiyam, kim soʻkinganini bilolmay qoldi. Aks holda, jazolashi turgan gap edi.

Bu orada ulkan idishlarda biz uchun nonushta olib kelishdi. Issiqqina boʻtqani sovuq yomgʻirga qoʻshib, paqqos tushirgach, biroz jonimiz kirib qoldi. Endi shtab boshligʻi ham koʻzimizga unchalik yomon koʻrinmasdi. U ham shashtidan tushib, nari ketdi.

 

* * *

 

Shtab boshligʻi haq boʻlib chiqdi. Tashvish-azoblarimiz kun sayin oshaverdi, uyni sogʻinishga, gʻussa chekishga ham vaqt topolmay qoldik. Vzvod komandirining oʻrinbosari, gʻarbiy ukrainalik serjant Xaritonov bizga shuncha koʻp mashq bajartirar ediki, kechki ovqatga ham holimiz boʻlmay, sulayib qolardik. U zolim esa, tungi yoʻqlamadan soʻng ham bizni uxlagani qoʻymay, kiyinish-yechinishga, “Qizil burchak”ning polini tish choʻtkasi bilan sovunlab yuvishga majbur etar va bundan lazzatlanardi, chamasi.

Pichoq suyakka borib taqalgach, undan qasd olish rejasini tuzdik. Avvaliga, oʻzimizning yigitlar navbatchi boʻlgan tunda serjant Xaritonovning yap-yangi etigi hojatxonaga eltib tashlandi. Zolim serjant ertalab safga kechikib, sharmanda boʻldi, vzvod komandirlaridan tanbeh eshitdi. Lekin uning zulmi battar kuchaydi. Shunda biz bir quchoq shishapaxta topib, kechalari uxlamay chiqsin deb, serjantning koʻrpa-toʻshagiga joylab tashladik. U esa quturib ketib, bizni qayta-qayta navbatdan tashqari xizmatlarga joʻnataverdi.

Bu orada qish kelib, shunday qattiq sovuq boʻldiki, koʻchaga chiqqanimizda paxtali shim, piyma kiyib, yuz-koʻzimizni sochiq bilan tangʻib bogʻladik. Yotogʻimizdagi isitish quvurlari yorilib ketdi. Shu sovuqdayam Xaritonov bizni ayamas, kartoshka tozalash, oʻtin arralashga navbatdan tashqari yuboraverardi. Kartoshka tozalayotganda barmoqlarimiz igna sanchgandek jizillar, oʻtin arralaganda kipriklarimiz qisir-qisir muzga aylanardi.

Agar baxtli bir tasodif boʻlmaganda, muttaham Xaritonov bizni qachongacha qiynardi, bilmadim.

Yangi yil arafasida qismda erkin kurash boʻyicha musobaqa oʻtkaziladigan boʻldi. Hammaga raqib topildi-yu, “Men erkin kurash boʻyicha Gʻarbiy Ukraina chempioniman” deya kerilib yurgan Xaritonov bilan maydonga tushadigan odam topilmadi. Xaritonovning gavdasi hoʻkizday, vazniyam shunga yarasha – uning ogʻirligiga teng raqib yoʻq edi. Maslahatlasha boshladik. Lekin oramizda Xaritonovni yenga oladigan kishi borligiga koʻzimiz yetmasdi. Rizo chidab turolmadi:

– Mayli, men chiqaman. Lekin oʻzimniyam, sizlarniyam sharmanda qilmasam, goʻrga edi.

Rizo rost gapirardi. U Xaritonovni yengishi dargumon. Rozi boʻlmadik. Final olishuvi boshlanishiga esa sanoqli daqiqalar qolgandi.

– Yigitlar, – dedi bir chekkada jimgina oʻtirgan Tohir. – Xaritonov bilan mana, men olishaman!

Hammamiz angrayib qoldik. Chunki butun umri choʻlda kechgan bu choʻpon yigit Xaritonovning teng yarmidan kelardi.

– Devona boʻldingmi? – qichqirdik baravar. – U seni bir siltasa, suyaklaringni yigʻib ololmay qolasan-ku!

– Yoʻq, joʻralar, – miyigʻida kuldi Tohir. – Yigit kishiga oʻlish bor, qaytish yoʻq! U qachongacha bizni qiynaydi?!

Tohir bir soʻzli ekan, uni niyatidan qaytarib boʻlmadi va har ikki raqib maydonga tushdilar. Yuragimiz uvushib, Tohirdan koʻz uzmasdik.

Xaritonov miyigʻida kulganicha, nopisandlik bilan davrani bir-ikki aylandi va zil-zambil qoʻlini Tohirning yelkasiga tashladi. Tashlagani hamono, “Yo, Ali!” degan kuchli bir hayqiriq zalni larzaga soldi, Tohir raqibini yelkasidan oshirib, yerga chunonam koʻtarib urdiki, Xaritonov bir necha soniya qimirlamay yotdi. Qarsak, hushtakbozlik boʻlib ketdi. Komandirlar jazavaga tushib baqirishardi:

– Bravo, Yusupov! Molodets, djigit!

Sharmanda boʻlib gilamda yotgan Xaritonov bilan hech kimning ishi yoʻq, Tohir qismning, biz uchun esa, Oʻzbekistonning mutlaq chempioni boʻlgan edi.

Tashqarida mayin qor uchqunlagan shu qahraton tunda biz Tohirni qayta-qayta quchib, oʻpdik va baxtdan sarxush boʻlib, dong qotib uxladik. Endi serjant Xaritonov bizni kamsitolmasligiga ishonchimiz komil edi.

 

II

 

ЄAІRATON

 

Boyqoʻngʻirning oʻziga xos shevasi, lugʻati bor edi. “Stakan” – qitʼalararo yadro raketasi turadigan yerosti shaxtasi, “start” – kosmik raketalar uchiriladigan maydoncha, “rejim xizmati” – raketa uchirilishi arafasida, qirq besh darajali sovuqqa qaramay, xizmatdan boʻsh askarlarni, butun garnizonni oʻn-oʻn besh chaqirim choʻl ichkarisiga haydab ketishga bosh-qosh boʻladigan, badqovoq polkovnik Lauxin tasarrufidagi maxsus boʻlinma, taʼbir joiz boʻlsa, “jazo otryadi”, “Vasya” yoki “Vasiliy Mixaylovich” – uch oylik uloqchadek mushuk. Shtab boshligʻi Vasiliy Mixaylovichni yomon koʻrganimizdan mushukni uning ismi bilan atagan boʻlsak ham, aslida jonivorni hammamiz behad suyardik. Oshxonadan qaytgan biror kishi Vasiliy Mixaylovichni quruq qoʻymas, birov qand, birov moy, yana birov goʻsht bilan siylar, erkatoyimiz kun sayin emas, soat sayin semirib borardi va minnatdor boʻlib, yotogʻimiz navbatchilari oldidan bir qadam nari ketmay, tunni tongga ulardi. Tuni bilan mijja qoqmay bir yerda oʻtirishga majbur askarlar uchun Vasiliy Mixaylovich ajoyib ermak edi. Lekin bu komandirlarimizga yoqinqiramasdi, harbiy nizomga xilof, deya xarxasha qilishar, butun rota Vasyaning yonini olgach, noiloj qolishardi. Menimcha, sotqinlik, chaqimchilik boʻlmagan goʻsha dunyoda yoʻq. 95-maydoncha ham bundan mustasno emasdi. Kimdir shtab boshligʻiga 1-rotadagi semirib ketgan mushuk uning “sharafiga” nomlanganini shipshitibdi.

Vasiliy Mixaylovich adashiga ochiq hujum qilmadi. Shunday qilsa, obroʻsi toʻkilishini yaxshi bilardi. U rotamizda oʻtkazilgan siyosiy mashgʻulotlarda bir-ikki marotaba ishtirok etib, “Sizlarda siyosiy tayyorgarlik juda boʻshashib ketibdi”, deya shaʼma qildi. Bu shaʼma nimaga qaratilgani bizga ayon, shtab boshligʻi mushukka shu nomni kim qoʻyganini aniqlay olsa, “sovet ofitserini haqoratladi” deya harbiy tribunalga topshirishdan ham toymasligini yaxshi bilardik. Xayriyatki, mushukka bu laqabni kim qoʻyganini aniqlab boʻlmasdi. Lekin shtab boshligʻi kechirimli odamlar toifasidan emasdi, u biz va Vasyadan qanday qasd olishini oʻylab, oʻyimizga yetolmasdik.

 

* * *

 

Qozogʻistonning mashhur shamoli kuchaygandan-kuchayar, quloq, burun, qoʻl, oyogʻini sovuqqa oldirgan askarlar soni oshib borar, paxtaligu poʻstinga har qancha oʻralmaylik, bu dahshatli qahratondan omonlik yoʻq edi. Hatto oshxonada krujkaga quyilgan issiq choy oradan bir necha daqiqa oʻtmay, yupqa muz parchasi bilan qoplanib qolardi.

Ana shunday ogʻir sharoitda ham Boyqoʻngʻirning yuragi urib turar, ulkan aslahaxonaga aylantirilgan choʻlning koʻz ilgʻamas kengliklarida yangidan-yangi yadro raketa komplekslari barpo etish uchun kecha-kunduz kurash ketardi. Markaziy gazeta-jurnallarda esa, qurollanish poygasini toʻxtatish, Sovet Ittifoqining gʻoyat tinchliksevar siyosati haqida qop-qop safsatalar bosilar, siyosiy xodimlar biz bilan mashgʻulot oʻtkazayotganda qurolsizlanish haqida gapirishdan charchamas edilar. Holbuki, qurollanish poygasining eng oldingi marrasi raketa bekitilmagan biror goʻshasi qolmagan ana shu cheksiz sahroda edi. Hafta sayin jangovar va kosmik raketalar fazoga parvoz etar, har bir parvozdan oldin xavfsizlikni taʼminlash uchun askarlarni aksariyat hollarda tungi uyqudan uygʻotib, choʻlga olib chiqishar, shu qahratonda rejim vaqti tugaguncha qumliklarda diydirab sanqishga majbur edik. Raketalar qulab tushishi xavfi boʻlganidan, rejim xizmati qismlarda sanoqli soqchilardan boʻlak hech kimning qolishiga ruxsat bermas, biz qismda qolayotgan doʻstlarimiz bilan xayrlashayotib: “Qoʻrqma, agar oʻlib-netib qolsang, orkestr bilan koʻmamiz” derdik. Chunki choʻlga butun garnizon bilan koʻchib chiqishlar mutlaqo keraksiz, rejim xizmatidagilar davlatning pulini bekorga olib yurishibdi, deb hisoblardik. Lekin tez orada yuz bergan voqealar biz yanglishganimizni koʻrsatdi.

…”Gerkules” tipidagi raketani uchirishga qizgʻin tayyorgarlik ketar, aytishlaricha, bu parvoz kosmosni oʻzlashtirishda inqilob boʻlishi kerak edi. Shu boisdan taraddud oʻta maxfiy tarzda olib borilardi. Odatda, navbatdagi raketa qachon parvoz qilishini shtabdagi doʻstlarimiz orqali soat va daqiqalarigacha bilardik. “Gerkules” parvozi haqida esa hech kim, hatto komandirlarimiz ham bilishmasdi. Biz uzoq kutdik, parvozdan esa hadeganda darak boʻlavermadi. Oxiri, jonimizga tegib, eslamay qoʻydik. Sirasini aytganda, parvoz bizni qiziqtirmas, balki shu qahratonda yana qachon choʻlga haydab chiqarishlarini aniq bilib, shu sarson-sargardonlikka ozmi-koʻpmi tayyorgarlik koʻrib qoʻymoqchi boʻlardik, xolos. Tayyorgarlik deganim, gazniqob xaltasiga bir burda qora non, ikki-uchta muzlagan piyoz solishdan iborat edi.

 

* * *

 

Tun. Zim-ziyo tun… Zulmat qaʼridan Muattar chiqib kelayapti.

– Muattar, Muattar… nega xat yozmaysan? Kutaverib yuraklarim qon boʻldi-ku…

– Qanday yozaman, qayoqqa yozaman? Manzilingiz aniq emas-ku!

– Boyqoʻngʻirga deb yozaver. Jamol bittaman. Oʻzbekistonda sen ham bittasan.

– Yoʻq, xat yozmayman, oʻzim yoningizga uchib boraman!

– Uch-i-i-i-b kelolmaysan, kelma. Qanotlaringni sovuq oladi. Bu yer juda sovuq. Hamma joy, choʻl ham, uylar ham, yuraklar ham sovuq, qahraton, muz…

– Men sovuqdan qoʻrqmayman, Jamol aka. Qiz bolaning qaynoq yuragi oldida sovuq nima degan gap? Nahot shuni bilmaysiz? Axir, shoirsiz-ku, shoir-a!

– Yoʻq, men shoir emasman, shoirlikni vaqtincha qoʻyib turamiz, hozir oddiy askarman.

– Nima boʻlsayam, men yuraklaringizdagi muzni eritishim kerak. Axir yurakda muz bilan, muz yurak bilan qanday yashaysiz?!

– Faqat yurak emas, qoʻllar, oyoqlar, kipriklar ham muz, lekin mana, binoyidek yashayapmiz. Yashayveramiz…

– Yoʻq, bunday yashab boʻlmaydi. Bunday yashash mumkin emas!.. – Shunday deganicha Muattar allaqanday nurdan barq urib turgan chiroyli yuzini qoʻllari bilan bekitdi, nozik barmoqlari orasidan billurin yosh tomchilari sizib tushdilar.

– Yigʻlama, Muattar, axir koʻzyoshlaringga arzigulik gap boʻlgani yoʻq-ku! Yigʻlama!

– Yigʻlayman, sizning yuragingiz shunchalar muz boʻlar ekan, men qon yigʻlayman…

Men Muattar tomonga talpindim, uning koʻzyoshlarini artmoqchi, yupatmoqchi boʻldim. Lekin qimir etolmasdim, oyoqlarim yerga mixparchin etilgandi goʻyo. Bor tovushim bilan baqirdim, lekin Muattar tovushimni eshitmas, koʻzlaridan duv-duv yosh oqardi. Ilojsizlikdan nima qilishimni bilmay, yana unga talpindim. Muattar shaxt bilan oʻgirildi-yu, yugurganicha mendan uzoqlasha boshladi. Telba shamol uning mayda gulli chit koʻylagini tortib oʻynar, qirqkokil sochlari belida toʻlgʻonardi. U tobora uzoqlashib, koʻm-koʻk tuman bagʻriga singib ketmoqda edi. “Ketma, Muattar!” – ovozim boʻgʻilguday qichqirdim va xuddi shu asnoda allaqanday koʻzga koʻrinmas bir kuch meni qattiq silkita boshladi.

Choʻchib koʻzlarimni ochganimda, tepamda Usmon turar, rota safga tizilgan, qisqa-qisqa buyruqlar yangrardi.

– Tur-e, kunda! Odam ham shunchalar qattiq uxlaydimi? Muattar, Muattar, deb boʻkirishini qarang. Hozir komandir Muattarni koʻzingga koʻrsatadi. Boʻl tezroq! Trevoga! Rejim!

Apil-tapil kiyinib, safga yugurdim. Komandir bir oʻqraydi-yu, har qalay, jazolamadi. Yoʻlga tushdik.

Choʻl osmoni musaffo, yulduzlar yorqin nur sochishar, ana shunday, havo ochiq tunlarda sovuq yanada avjiga minardi. Tungi soat ikki, uyquning ayni shirin payti boʻlganidan, koʻpchilik askarlar koʻzlari yumuq holda qadam tashlashar, men esam hamon Muattar bilan boʻlgan suhbat taʼsirida edim. Bu uchrashuv gʻoyibona ekanligiga ishongim kelmas, koʻzlarim yirtilguday boʻlib, poyonsiz zulmat qaʼridan Muattarning siymosini izlardim. Uning koʻzlari ham, qirqkokil sochlari ham tun rangida, ularni qorongʻi tundan ajratolmasam ne ajab? Muattarning yuzlarini yana koʻraman, deya astoydil ishondim. Ana shu ishonch tufayli shamolning uvullashini, kipriklarimga ingan muzni unutdim. Ikki soatlardan soʻng rejim xizmati belgilab bergan joyga yetib bordik. Har yer-har yerda gulxanlar yoqildi, choʻlni chumolidek bosgan garnizon askarlari olov atrofiga toʻplandilar. Suhbat avjiga chiqdi. Hammaning ogʻzida “Gerkules”, “inqilob” soʻzlari edi. Komandirlar har zamonda soatlariga betoqat nazar tashlab qoʻyishardi.

Nihoyat, yulduzlar birin-ketin xiralashib, ufq qirmizi tus oldi. Olisda oppoq shamdek boʻlib turgan raketa – “Gerkules” koʻzga tashlandi. Hammaning nigohi ufqqa qadaldi.

Boyqoʻngʻirning telba shamollari onda-sonda yogʻadigan qor choʻlni bir tekis oqartirishiga yoʻl qoʻymas, yastanib yotgan qumliklar quroq dasturxondek oq, sariq, kulrang tovlanib yotar, bu olachalpoq xilma-xillik aro “Gerkules” gʻoyat ulugʻvor koʻrinardi.

Birdan ufqda kuchli qizil alanga “lop” etdi. Gumburlash yer-koʻkni larzaga soldi. Choʻl yorishib ketdi, quyuq tutun, olov seliga chulgʻangan raketa balandga koʻtarila boshladi. U balandlagan sayin gumburlash kuchayib borar, nazarimda yer yorilib ketgudek, bepoyon qumliklar, ularga qoʻshilib butun vujudimiz titrar, ayniqsa, tizzalar qaltirogʻini bosish qiyin edi.

“Gerkules” bir necha soniya tikka parvoz etdi, soʻngra kutilmaganda qiyalay boshladi va koʻp oʻtmay, koʻz zoʻrgʻa ilgʻaydigan toʻlqinsimon barxanlar ortiga qulab tushdi. Avvalgisidan ham dahshatliroq gumburlash quloqni qomatga keltirdi. Hammayoq ostin-ustun boʻlib ketdi. Biroz fursatdan soʻng “Ana senga “Gerkules”, ana senga inqilob” degan xitoblar yangradi. Komandirlardan biri oʻzi ham ishonib-ishonmay izoh berdi:

– Belgilangan trayektoriyadan chiqib ketgani uchun radio orqali komanda bilan oʻzlari portlatib yuborishdi, uni endi boshqarib boʻlmas edi.

Askarlar orasida gʻala-gʻovur boshlandi. Portlash sabablarini har kim oʻz bilganicha izohlardi. Komandirlar baqirib-chaqirib, gʻovurni bosmoqchi boʻlishar, lekin ularga hech kim quloq solmasdi. Atrof yorishib, raketa qulab tushgan yerda hosil boʻlgan toʻq jigarrang tusdagi ulkan qoʻziqoringa oʻxshash toʻzon koʻzga yaqqol tashlanganida gʻala-gʻovur yanada kuchaydi. Chunki yadro bombasi portlaganida aynan shunday qoʻziqorin paydo boʻladi, deb bizga koʻp martalab uqtirishgan edi.

Askarlar orasida vahima boshlandi. Shunda yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, bilmadim, qarshimizda yuzlari qip-qizarib ketgan rejim xizmati boshligʻi, polkovnik Lauxin paydo boʻldi. Juda xunuk basharasi uchun unga “Iblis” degan maxfiy laqab berishgan edi.

– Molchat! Ne panikovat!!! Nyuni raspustili! Soldatiʼ, zashʼitniki naziʼvayutsya, vashu mat!.. – choʻlni boshiga koʻtarib boʻkirdi polkovnik koʻzlarini ola-kula qilib. Uning raketa gumburlashidan past boʻlmagan ovozi hammani oʻziga keltirdi. Jimib qoldik.

Lauxin ham oʻzini sal bosib olib, tushuntira boshladi:

– Bu – “Gerkules” tipidagi raketa, uning hech qanaqa yadro zaryadi yoʻq. Faqat ana shu qoʻziqorin shaklini olgan yonilgʻisi zaharli. Uni toʻyib hidlagan odam zurriyodsiz qolishi mumkin. Baxtga qarshi, shimoldan esayotgan shamol ana shu yonilgʻi portlashidan hosil boʻlgan gazlarni biz tomonga haydayapti. Shu boisdan janubga qarab ikki-uch soat yugurishimizga toʻgʻri keladi.

Yana qisqa-qisqa komandalar yangray boshladi. Choʻlni moʻr-malaxdek bosgan askarlar harakatga kelib, nari-beri saflandi. Hammamiz yiqilib-turib yugura boshladik. Buni agar birov chetdan kuzatsa, gʻaroyib manzaraning guvohi boʻlardi, ehtimol. Lekin oʻshanda hammaning fikri-zikri laʼnati “qoʻziqorin”dan mumkin qadar uzoqroqqa qochish edi.

Koʻp oʻtmay qora terga botdik. Choʻlni harsillash, asabiy soʻkinishlar bosib ketdi. Paxtali shim, piymalarda yugurish azob edi. Saflarning eng oxirida qoʻylarni haydayotgan choʻpondek boʻlib, sekin yurayotgan “UAZ” mashinasida polkovnik Lauxin kelar, undan boʻlak necha minglab kishining hammasi poyu piyoda edi.

Biz qariyb tushgacha, oʻsha laʼnati “qoʻziqorin” borgan sari kattalashib, boʻshliqqa singib ketgunga qadar yugurdik. Necha martalab yiqilib-turganimiz yolgʻiz Xudoga maʼlum. Oxiri hamma oʻzini qor bosgan yavshanlar, yantoqlar ustiga tashladi. Hech kimning qimirlashga madori yoʻq edi. Toʻda-toʻda yotgan askarlar uzra tamakining yengil tutuni suza boshladi. Sal oʻzlariga kelib ulgurgan yigitlar hazil-mutoyiba boshlashdi. Hazil-huzulning oʻtkir tigʻlari yigʻlab yuborgan askarlarga qaratilgan, ular ham oʻz-oʻzlaridan kulishardi. Usmonni esladik. Rotada soqchilikda qolish uning chekiga tushgandi. Butun choʻl dahshatidan ostin-ustun boʻlganda, uchish maydonchasidan shundoq besh-olti chaqirim beriroqda kazarmada bechora Usmonning holi nima kechdi ekan?

Kechga tomon oyoqlarimizni zoʻrgʻa sudrab, qismga kirib keldik. Kazarma eshigi yonida bizni qarshilagan Usmonning chehrasi ayanchli edi.

– Qoʻrqib ketdingmi, Usmon? – soʻradim men.

– Qoʻrqish ham gapmi, oʻlib qolay dedim. Shoshganimdan, avvaliga gazniqob kiyishni ham unutibman.

– Zarari yoʻq, – gapga aralashdi Samad. – Nari borsa, zurriyodsiz qolishing mumkin ekan, “Iblis” shunaqa dedi.

Usmonning hazillashadigan holi yoʻq edi. Samadni jerkib berdi:

– He, ogʻzingdan yel olsin! Oʻzing shu yerda boʻlganingda koʻrardim ahvolingni. Zurriyodsiz qolasan emish, undan koʻra oʻlganim yaxshi emasmi?

– Boʻldi, uzr, joʻrajon, – murosa qildi Samad. – Haliyam yuraging otning kallasiday ekan. Bizning yonimizdagi ayrim hezalaklar qoʻrquvdan boʻkirib yuborishdi-yu…

Biz Usmonni yupatish bilan ovora ekanmiz, rotada gʻala-gʻovur boshlandi. Hamma erkatoyimiz Vasiliy Mixaylovichni izlardi. Vasya esa hech qayerda koʻrinmasdi. Mushuk topilavermagach, yigitlar Usmonni ayblay ketishdi.

– Yerga kirib ketmagandir-ku, nahot koʻrmagan boʻlsang?!

– Oʻlay agar, – qasam ichardi Usmon. – Oʻsha, sizlarni kuzatib chiqqani, kazarmaga qaytib kelgani yoʻq. Oʻzim ham uni uzoq izladim.

Butun rota guruh-guruh boʻlib Vasyani izlay boshladik. Qismning biz bormagan burchagi qolmadi. Hamma yoqni agʻdar-toʻntar qildik. Vasiliy Mixaylovichdan darak yoʻq edi.

Hammamiz bu shtab boshligʻi Vasiliy Mixaylovichning oʻchi ekanini yurak-yurakdan his etsak-da, sevimli mushugimiz qurbon boʻlganiga ishongimiz kelmasdi.

Oradan uch kun oʻtdi. Qism choʻchqaxonasiga goʻng tozalagani borgan askarlar Vasyaning tarashaday qotgan murdasini topib kelishdi. Jonivor ikki oʻq bilan otib oʻldirilgandi.

 

III

 

LOJUVARD OSMON

 

Tinkamizni quritgan qahratonning kuni bitib, bahor keldi. Oʻrkach-oʻrkach barxanlar siynasi ilib, havo kelinchak boʻsasiday harorat olganidan biz – issiq oʻlka farzandlarining ancha jonimiz kirib qoldi. Qizil, nimpushti, och-sariq choʻl lolalari tuproqdan bosh koʻtardi. Qish boʻyi oʻzining gʻarib manzarasi bilan yuraklarimizni ezgan hududsiz kengliklar yam-yashil tus oldi.

Choshgoh. Osmon shu qadar begʻubor ediki, qaraganda koʻz tinardi. Tobora balandlanayotgan quyosh nurlariga toʻla choʻl mavjlanardi. Men va Samad 10-maydonchada topshiriqni bajarib, oʻz qismimizga, 95-maydonchaga qaytish uchun nazorat-tekshiruv posti yonida mashina kutardik. Postdagi serjant va askarlar hujjatlarimizni tekshirib, ularning toʻgʻriligiga ishonch hosil qilishgach, mashina toʻxtatib berishga vaʼda qilishdi.

Sabr-toqat bilan kuta boshladik. Mashinadan esa hadeganda darak boʻlavermadi.

Osmon ham, quyosh ham tobora yuksalib borar, bahor hidiga toʻla epkin dimoqni qitiqlardi. Bir mahal qarasam, Samad yelkasidan safar xaltasini ham olmay, oʻtirgan joyida pinakka ketibdi. Uni uygʻotib yubormaslik uchun sekin oʻrnimdan turdim-da, shlagbaum yonida turgan serjant bilan chaqchaqlasha boshladim.

Xuddi shu payt oppoq “Volga” shlagbaumga tekkudek boʻlib, qattiq tormoz berdi. Serjant haydovchining hujjatlarini tekshirayotganda, mashinaning orqa eshigi ochilib, undan oppoq kiyingan bir qiz tushdi. Hujjat tekshirayotgan serjantning ham, mening ham ogʻzim ochilib qoldi.

Serjant haydovchining hujjatlarini qaytarib berib, toʻlin oydek nurlanib, bizga nimtabassum bilan boqib turgan qizga murojaat etdi:

– Marhamat qilib, hujjatlaringizni koʻrsatsangiz.

Qiz yanada begʻubor jilmaydi.

– Hujjatlarimmi, jonim bilan!.. Mana!

Qiz sumkachasidan qizil rangli guvohnoma olib, serjantga uzatdi. Uning ovozi oʻzidan-da chiroyli, yoqimli edi. Serjant surati devor boʻlib, guvohnomani qoʻliga oldi, bir unga, bir qizga qaradi-da, qaytarib berdi. Soʻng sekingina soʻradi:

– Siz polkovnik Dubininning kimlari boʻlasiz?

Qiz quvlik bilan chiroyli koʻzlarini suzdi:

– Bu harbiy sir, lekin mayli, sizga aytganim boʻlsin. Polkovnik Dubininning qiziman.

Qiz lablarida oʻsha aql shoshiruvchi tabassum bilan mashinaga oʻtirdi. Serjant shlagbaumni koʻtardi. Mashina oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Qiz oynadan qoʻlini chiqarib, biz bilan xayrlashgan boʻldi.

Anchagacha hech kimdan sado chiqmadi. Qiz bizni sehrlab, yerparchin qilib ketgandi. Oxiri, serjant tilga kirdi:

– Polkovnik Dubininni tanisang kerak?

– Taniganda qandoq, siyosiy boʻlim boshligʻini tanimay boʻlarkanmi?

– Ey, Xudoyim, – dedi serjant chuqur “uf” tortib. – Odam bolasi ham shunchalik chiroyli boʻladimi?

Qiz taʼrifi bilan band ekanmiz, yonimizga ulkan “Ural” mashinasi kelib toʻxtadi. Serjant haydovchining hujjatlarini tekshirgach, menga: “Mana shu mashinada ketasizlar” dedi. Darhol borib Samadni uygʻotdim.

…Mashina bir maromda guvullash bilan olis yoʻl tanobini tortar, asfaltdan koʻtarilayotgan issiq hovur koʻngilni behuzur qilardi. Samad koʻzlarini bir nuqtaga tikib, jim oʻtirar, men esa bundan bir necha daqiqa oldingi uchrashuv xayoli bilan band edim. Oldimizdan oqqushday uchib oʻtgan qiz va Muattar oʻrtasida oʻxshashlik izlardim.

Shu taxlit qancha yoʻl bosdik, bilmayman, bir vaqt Samad huzur qilib esnadi-da, menga qarab jilmaydi.

– Ha, nega buncha kuydirilgan kalladek tirjayasan?

– Eh, – shirin tamshandi Samad. – Tushimda oppoq harir koʻylak kiygan bir parizodani koʻrdim, sochlari uzun, qarqarali qalpoq kiygan emish-u, negadir oʻrischa gapirarmish. Hayron boʻldim, bizning parizodlar oʻrischa gapirmasdi, shekilli?

Men kulib yubordim:

– Oʻrgildim, oʻriszabon parizodingdan! Sen uni tushingda emas, oʻngingda koʻrding-ku! Hali, mashina kutayotganimizda, post yonidan parizoddan ham chiroyli bir qiz oʻtib ketdi, oʻshani aytayapsanmi?

Samadning achchigʻi chiqdi.

– Nima, meni jinniga chiqarmoqchimisan? Men oʻngimda qiz-piz koʻrganim yoʻq. Tushimni aytayapman senga!

– Samad, hech qanaqa oʻrischa gapiradigan parizod yoʻq, faqat, oʻsha qizning hujjatlarini tekshirishayotganda u serjant bilan bir muddat gaplashdi. Mudrab oʻtirganingda shu gaplar qulogʻingga chalingan boʻlsa, ajabmas.

Samad hayron boʻlib yelka qisdi. U parizodning oʻng ekaniga, men esa tush ekaniga ishonmasdik. Har ikkimiz oʻz soʻzimizda turib olgandik.

Shu asnoda mashina qattiq bir silkinib, toʻxtadi. Qismimizga yetib kelgandik.

– Sen nima desang, degin-u, lekin men u parizodni tushimda koʻrdim,  – dedi Samad mashinadan tushganimizdan soʻng.

U maʼyus tortgan, ovozi ham gʻamgin edi. Men indamadim. Samadning yuragida qattiq sogʻinch, anduh uygʻonganini sezib turardim, oʻzim ham shu uchrashuv tufayli Muattarni oʻylayotgandim. Undan hamon xat olmagan edim.

Kazarmada “bazmi jamshid” ustidan chiqdik: yigitlar taʼtildan qaytib kelgan Shernazarni qurshab olib, u keltirgan olma, anor, mayiz, turshak va yana allanimalarni hafsala bilan tushirmoqda edilar. Shernazar ogʻzi qulogʻida, ularni mamnun kuzatib turardi. U biz bilan quchoqlashib koʻrishib, davraga taklif qildi. Samad ikkimiz ham yeng shimarib, “ishga kirishdik”.

Jomadonning tagi koʻrinib qolgach, yigitlar Shernazarga yangi kuch bilan savol yogʻdira boshladilar. Rizo esa bizning davraga kechikkanimizni nazarda tutib, izoh berdi:

– Jamol, Samad! Shernazarni tabriklab qoʻyinglar, bu xumpar oʻn kun taʼtilga borib, uylanib qaytibdi.

– Ha, endi, shunaqa boʻlib qoldi, – izoh berdi Shernazar ogʻzining tanobi qochib. – Otam hamma tayyorgarlikni koʻrib qoʻygan ekan, borganimdan soʻng, uch kun oʻtgach, toʻy boʻldi. Kelin oʻz qarindoshim.

Shernazar koʻkrak choʻntagidan avaylab bir surat olib, bizga uzatdi. Suratda oʻn yetti-oʻn sakkiz yoshlardagi atlas koʻylak, iroqi doʻppi kiygan doʻndiqqina bir qiz nimtabassum bilan qarab turardi. “O-o-o, zoʻr-ku, didingga qoyil, Shernazar!” – degan xitoblar yangradi.

Askarlar uylanish, chimildiq va hokazolarni ipidan-ignasigacha surishtira boshladilar. Baxtdan sarxush Shernazar hammasiga erinmay, soddalik bilan javob berar, ilmoqli savollardan xafa boʻlmay, jilmayib qoʻyardi.

– Xoʻ-oʻ-oʻsh, uylanish yaxshi ekanmi? – soʻraydi bir necha ovoz birvarakayiga.

– Yaxshi ekan, joʻralar, juda maza! – deydi Shernazar shirin entikib.

– Nimasi yaxshi, nimasi mazza? – guvullaydi ovozlar.

– Shu, hammasiyam yaxshi-da, chimildiq, yumshoqqina oʻrin… Chimildiq oldiga toʻkin dasturxon yozishadi, pista-bodom deysanmi, mayiz-novvot deysanmi… – Shernazar erinmay chimildiqda yegan ovqatlarini sanaydi.

– Sen chimildiqda faqat ovqat yedingmi yoki boshqa biror ish ham qildingmi? – uning jigʻiga tegmoqchi boʻlishadi yigitlar. Shernazar xafa boʻlmaydi, suhbatni davom ettiradi.

– Yangalar-chi, yangalar poyloqchilik qilishmadimi? – yana savolga tutamiz bir haftalik kuyovni.

– Poylamoqchi boʻlishgandi, men ularga dangalini aytib qoʻya qoldim. “Hoy, yangalar, men askarman, Qozogʻistonning choʻlida raketalarga poyloqchilik qilaverib, juda usta boʻlib ketganman. Ularning injiqligi bir qiznikidan qolishmaydi”, dedim. Keyin bizni tinch qoʻyishdi. Endi yangalar menga begona emas-ku, hazilni tushunishadi-da,  – dedi Shernazar.

Shernazarning xatti-harakatlari biroz oʻzgargan, u bizga “senlar hayotda hali nimani koʻribsanlar” qabilida sal balanddan nazar tashlab qoʻyardi.

Shu oqshom biz – boʻydoqlar kuyovlik baxtiga muyassar boʻlgan bu sodda, toʻpori yigit bilan juda uzoq suhbatlashdik.

Oradan koʻp oʻtmay, boʻlinmamiz musaffo, salqin tonglarning birida cheksiz qum ummonining 191-maydoncha atalmish goʻshasiga yetib keldi. Biz devorlaridan hur-hur shamol oʻtib, tunda tomidan yulduz koʻrinadigan bir choldevorga joylashdik. Choldevor bu yerdan yuz qadam narida joylashgan 191-jangovar qitʼalararo yadro raketasi kompleksini barpo etib, yaqinda joʻnab ketgan harbiy quruvchilar rotasining vaqtinchalik manzili ekan. Kulol moʻndida suv ichadi, deganlaridek, sanoqli daqiqalar mobaynida Amerika qitʼasiga yeta oladigan zamonaviy jangovar raketa kompleksi barpo etgan harbiy quruvchilar yashagan, endi biz istiqomat qilishimiz lozim boʻlgan maskan choʻchqaxonadan kam farq qilardi.

Jangovar raketa kompleksi yer qaʼriga qirq-qirq besh metr kirib ketgan “stakan”, unga tutash necha oʻnlab yerosti xonalari, elektr stansiyasi va boshqa yordamchi xizmatlar uchun kerakli uskuna, anjomlardan iborat. Xonalarning bir qismi raketani uchirishga, bir qismi yerosti navbatchiligidagi askarlarga xizmat qilardi. Xonalarning birida raketani uchiruvchi tugma joylashgan boʻlib, uning yonida ofitserlar turishar, bu yerda Moskva, Bosh shtab bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa mavjud edi. “Stakanda” esa, bizga dushman mamlakatning qaysidir shahrini bir necha daqiqada kunpayakun qilishga qodir raketa saqlanardi.

Xullas, Boyqoʻngʻirning eng olis goʻshasidagi 191-maydoncha qurib boʻlingan, lekin hali unga jangovar raketa va kallak qoʻyilmagan, ana shu vazifani amalga oshirishi lozim boʻlgan harbiy va fuqaro mutaxassislarga boʻlinmamiz koʻmaklashishi kerak edi. Biz asosan qora ishlarni bajarardik.

191-atalmish bu laʼnati maydoncha qismimizdan necha yuz chaqirim olisda boʻlib, xat-xabar yigirma-yigirma besh kunda bir marotaba olib kelinar, boz ustiga, qorin toʻydirish ahvoli ham bir navi edi.

Uydan xat-xabar kechikib kelishi bizni zeriktirar, ayniqsa, xotinidan anchadan beri maktub ololmayotgan Shernazar juda siqilardi.

Avvaliga yigitlar uning qiynalayotganiga unchalik eʼtibor qilishmadi. Lekin oradan ikki oy oʻtib ham Shernazar xotinidan xat olmagach, uni ochiqdan-ochiq mazax qilishga oʻtdik.

– Nima, u sening yuzingdan oy koʻribdimi, birortasining etagini tutib ketgandir-da… – derdik biz.

– Uyga borsam, uni nima qilishni oʻzim bilaman, – derdi Shernazar boʻgʻilib.

– Xoʻ-oʻ-oʻsh? Nima qilasan?

– Oʻzim bilaman, oʻzim, ahmoqlar, vahshiylar! – Shernazar hoʻngrab yigʻlanicha davradan qochib ketar, kech tushguncha choʻlda tentirab yurardi. Biz uni qiynab huzur qilardik.

Nihoyat, 191-maydonchadagi hayotimizning uchinchi oyi oxirlarida Shernazar xotinidan birdaniga bir dasta xat oldi. Biz Shernazar quvonchdan esini yoʻqotib qoʻyadi yoki yana yigʻlab yuboradi deb oʻylagandik. Yoʻq, Shernazar siniqqina jilmayib, maktublarni oldi-yu, choʻntagiga solib, bizdan nari ketdi. “Qani oʻqi-chi, xotining nima yozibdi?” degan savollarga parvo qilmadi. Shundan soʻng, xizmat tugaguncha, u birovga koʻngil ochmadi. Olomon uning qalbidagi eng sof, eng bokira tuygʻularni haqoratlagan, toptagan edi…

 

IV

 

JIYDA GULLAGANDA

 

May oyining oʻrtalarida birinchi rota askarlari koʻch-koʻronni koʻtarib, mashinalarda bir kecha-kunduz toʻxtovsiz yoʻl bosib, Sirdaryoning ovloq sohiliga yetib keldik. Sohildagi jiydalar chunonam gullagan ediki, daryodan esayotgan epkinga qoʻshilgan muattar hid kishini mast etardi.

Biz kattalar va ularning bolalari uchun yozgi qoʻnalgʻa barpo etishimiz kerak ekan.

Sohilda sakkiz-oʻn kishilik chodirlar tiklab, joylashib oldik-da, ishga kirishmoqchi boʻldik. Lekin ish qayerda deysiz? Bolta topilsa, mix topilmas, mix topilsa, yogʻoch yoʻq edi. Ustiga-ustak, oradan uch kun oʻtib, oʻzimiz bilan olib kelgan qoq non va konservalar tugadi, och qola boshladik. Qismimiz necha yuz chaqirim olisda, aloqa qilishning iloji yoʻq, bizni olib kelgan mashinalar oʻsha kuniyoq ortiga qaytgandi.

Ofitserlar alohida chodirga oʻrnashib olib, daryodan laqqa baliq ovlab, aroqxoʻrlik qilishardi. Bu shoʻrliklar qismning injiq komandirlari va ulardan ham injiqroq xotinlaridan vaqtincha qutulganlariga shukr qilar edilar. Biz ham Boyqoʻngʻir hududini vaqtincha boʻlsa-da, tark etganimizdan shod edik.

Ular pishirgan baliq shoʻrvaning xushboʻy hidi sohilni toʻldirar, ochlik azob berayotgan askarlar daryoning loyqa toʻlqinlariga tikilib, palovxontoʻra, tuxumbarak, noʻxat shoʻrva va yana allaqanday tansiq taomlar toʻgʻrisida xayol surardilar. Komandirlarimizni xasislikda ayblab boʻlmas, besh-olti kishiga moʻljallab pishirilgan shoʻrvani yuz kishiga yetkazishning sira iloji yoʻq edi.

Choʻntagida ozroq puli, hayotiy tajribasi boʻlgan askarlar temir yoʻl bekatiga qatnab, amallab qorin toʻydirar edilar. Lekin aksariyat askarlarda pul ham, tajriba ham yoʻq edi. Urush tugaganidan soʻng toʻrt-besh yil oʻtib tugʻilgan bizning avlod ochlikning haqiqiy basharasini bilmasdi. Bu yerda uning mashʼum koʻlankasi bus-butun namoyon boʻldi. Hamma joy toʻkin-sochin pallada och qolish yomon boʻlarkan. Oramizda boʻyi ikki metrga yaqin, bir oʻtirishda toʻrt-besh kishining ovqatini tushiradigan rossiyalik azamat yigitlar koʻp edi. Ularning ochlikka chidashi, ayniqsa, qiyin boʻldi. Bechoralar jiydazorni agʻdar-toʻntar qilib, yumronqoziq tutib olardilar-da, yantoq olovida “kabob” pishirib, pok-pokiza tushirardilar.

Xayriyatki, ofitserlar orasida insoflisi uchrab turardi. Rota komandirining siyosiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari leytenant Yejov shunday odam ekan. U bir kecha-kunduz temir yoʻl bekatida qolib ketib, ozroq makaron topib keldi va daryoning loyqa suvida qaynatib, bizni siyladi. Lekin leytenantning yaxshi niyat bilan qilgan ishi bizni battar azobga qoʻydi. Yigitlar yoppasiga qorinlarini changallab qolishdi. Juda ahvoli yomonlashganlarni leytenant aroq bilan davolashga majbur boʻldi.

Oxir-oqibat, ochlikdan sillasi qurib, serrayib qolgan askarlar guruh-guruh boʻlib, temir yoʻl bekatiga tutash, Xarxut nomi bilan ataladigan qozoq ovuliga qatnay boshladilar. Oʻntacha paxsa uydan iborat nochor ovul yuzdan oshiq askarni baholi qudrat boqa boshladi.

Sohildagi hayotimizning uchinchi haftasida bizni eslab qolishdi chamasi, oftobbotar mahal qismdan oziq-ovqat ortilgan mashina keldi. Kabinada qip-qizil yuzlari aroq zarbidan bujmaygan, choʻmichdek burni koʻkragiga tegay-tegay deb turgan mast-alast intendent xizmati kapitani Babayan oʻtirardi. Uni koʻrib, koʻngillarimizga yoqilgan chiroq soʻngandek boʻldi. Chunki askarlar nonini tuya qiluvchi eng katta kalamush shu muttaham ekanini hammamiz yaxshi bilardik. Lekin tuya qilingan boʻlsa-da, oʻz noningga nima yetsin? Kapitanning buyrugʻi bilan mashinadan non, moy, boshqa oziq-ovqatlarni bir zumda tushirdik. Eng oxirida bir yashik aroqni ofitserlar chodiriga eltib qoʻydik. Keyinchalik yetib kelgan mish-mishlarga qaraganda, laʼnati Babayan bizga tegishli oziq-ovqatlarning yarmidan koʻpini yoʻl-yoʻlakay sotib, pulini choʻntakka urgan, komandirlarning ogʻzini moylash uchun bir yashik aroq olib kelgan ekan.

Shundan soʻng Babayan va komandirlarimiz yana ikki kecha-kunduz koʻz ochmay maishat qilishdi. Biz ham qornimiz toʻyganiga xursand edik.

Men jiyda gullari hidiga gʻarq boʻlgan sohilda soatlab oʻtirib, boʻtana toʻlqinlarga qarardim. Baʼzan daryo yoqalab uzoq-uzoqlarga ketardim. Sir sohilining betakror goʻzalligiga endi oshno boʻlayotgan edim.

Saharmardonda hammadan oldin uygʻonib, oqimga qarshi bir chaqirimcha yoʻl bosib, daryoning burilish yeriga yetib olardim-da, tik qirgʻoqda tarvaqaylab oʻsgan qari jiyda ostidagi toshga oʻtirib, quyosh chiqishini tomosha qilardim.

Bu paytda havo juda musaffo, hamma yoq sokin, sathida mayda toʻlqinlar yugurgilayotgan daryo jimir-jimir oqib yotardi. Ufq avval lojuvard, soʻng qontalash tus olib, toʻlqinlar ol rangga boʻyalar, kattakon qizil olmadek quyosh suv uzra sekin-asta koʻtarila boshlardi. Bu manzaraga mahliyo boʻlib, sohilda choshgohgacha qolib ketardim.

Mening tongda gʻoyib boʻlishlarimni rotada har kim har xil baholar, koʻpchilik qorin toʻydirgani Xarxutga ketgan, deb oʻylardi.

Kunlarning birida, qari jiyda tagiga endi oʻrnashib olgan ham edimki, leytenant Yejov kelib qoldi. U aftidan men bilan izma-iz kelgandi. Istar-istamas oʻrnimdan turdim.

– Salom berdik, oʻrtoq oddiy askar! – dedi u qoʻlini chakkasiga olib borib.

Indamadim.

– Xoʻsh, – dedi Yejov. – Bu yerda nima qilayotganingni bilsam boʻladimi?

– Boʻladi, – dedim men. – Quyosh chiqishini tomosha qilyapman.

– Quyosh chiqishini chodir yonida tomosha qilsang ham boʻladi-ku. Buning ustiga, lagerni bizning ruxsatimizsiz tark etishing harbiy intizomni buzish hisoblanadi, – dedi siyosiy ishlar boʻyicha oʻrinbosar.

– Mayli, intizomni buzgan boʻlsam, jazolang, – dedim joyimga qaytib oʻtirar ekanman.

– Qoʻysang-chi, gap seni jazolashda emas, faqat har tong yoʻqolib qolishing meni ajablantirdi. Endi bilsam, tabiat oshigʻi ekansan. Toʻgʻrisini ayt, shoir-poir emasmisan, ishqilib, – dedi leytenant jilmayib, yonimga kelib oʻtirar ekan.

– Hozircha shoir emasman, lekin shoir boʻlish niyatim bor.

Yejov “uf” tortdi.

– Men ham bir vaqtlar binoyidek sheʼr yozar edim. Ayrimlari gazetada ham bosilgan. Keyinchalik, turmush tashvishlari bilan boʻlib, hammasini yigʻishtirdim. Sheʼr yozish bilan tirikchilik oʻtkazib boʻlmas ekan. Uylandim, xotin, bola-chaqa, roʻzgʻorning qora qozoni asta-sekin yuragimdan sheʼriyatni siqib chiqardi, nazarimda. Agar bilsang, rus ayoli dunyoda eng bardoshli, eng jafokash ayollardan. Lekin shunday nusxalari ham uchrab turadiki, naq ajdarhoning oʻzi. Ana oʻshandayi peshonangga bitsa, shoʻring qurigani, qasdingni aroqdan olaverasan. Qarabsanki, qirqqa kirmay, adoyi tamom boʻlasan, – dedi leytenant ovozida cheksiz armon bilan.

U oʻttiz yoshlar chamasidagi, oq-sariqdan kelgan chayir yigit edi. Faqat, ich-ichiga botgan koʻzlari nihoyatda gʻamgin, keng peshonasiga erta ajin tushgandi.

Shu tong ikkimiz uzoq suhbat qurdik. Leytenant Sergey Yesenin, Aleksandr Blok va Anna Axmatovalarning sheʼrlarini yoddan aytib berdi. Ayniqsa, Axmatovaning “Men seva olaman” sheʼrini aytayotganida moviy koʻzlari yolqinlanib, ovozi titrab ketdi.

– Sen baxtlisan, – dedi u yelkamga qoʻl tashlab. – Sharq – shoirlar yurti. Sharq sheʼriyati – buyuk sheʼriyat. Sirasini aytganda, Buxoro va Toshkentda yashab, shoir boʻlmaslik mumkin emas. Ertaksimon yurtingda men bir necha bor boʻlganman.

Quyosh daryo yuzini munavvar etgan, biz sohil yoqalab sekin-asta odimlardik.

– Tonggi sayrlaringga rasman ruxsat berildi, deb hisoblayver, – dedi Yejov qoʻnalgʻaga yetib kelganimizdan soʻng.

Yejovning ruxsatidan ruhlanib, sayru sayohatlarni tagʻin ham avj oldirdim. Sohilning yaqin besh-oʻn chaqirim atrofdagi men bormagan burchagi qolmadi.

Kunlarning birida eski qabristonga bordim. Yantoq bosgan past-baland qabrlar oralab uzoq tentiradim. Guvullab shamol esar, qabrlardan allaqanday sas kelardi: “Hoy, oʻgʻlon, sen bu yerdan nima izlayapsan? Qoʻy, busiz chirqirayotgan ruhimizni bezovta etma!”

“Yoʻq, yoʻq, – fikran javob qaytardim men. – Ruhingizga hurmat bajo keltirgani keldim-ku!”

Meni vahima bosdi, bu yerdan tezroq ketgim keldi. Daryo ancha olisda, yarqirab koʻzni qamashtirib turardi. Qadamni tezlatdim. “Hoy, oʻgʻlon!” deya guvullagan ovoz hamon taʼqib etar, allakim quvayotgandek edi.

Daryo tomonga yanada tezroq yugura boshladim. Birdan guvullash ham, meni chorlayotgan ovoz ham tindi, olisda chang-toʻzon koʻtarilib, men tomonga quyunday kela boshladi. Dahshatli hayqiriq, dupur-dupurlar yer-koʻkni ostin-ustun qilib yubordi. Oyoqni qoʻlga olib, daryo tomonga yugura boshladim. Negadir daryo meni bu balodan xalos qiladi, deb oʻylardim.

Qancha yugurdim, bilmayman, bir mahal ot kishnagani eshitildi. Oʻgirilib qarasam, meni taʼqib etayotgan qora quyun – yilqi uyuri ekan.

Uyur tikkaga daryo tomon yelmoqda edi. Endi men daryo tomon yugurishdan toʻxtab, shimolga qarab chopa boshladim. Bir necha daqiqadan soʻng, oppoq changga burkangan uyur mendan ellik qadamcha naridan yeldek oʻtib ketdi-yu, qumloq sohilga yoyilib, suv icha boshladi.

Chang-toʻzon tarqab, uyur ortidan kelayotgan, qosh-kipriklarigacha oppoq gard qoʻngan otliq koʻrindi. Mening suvloqdan tez uzoqlashayotganimni koʻrib, uzun qamchisi bilan “Toʻxta” ishorasini qildi. Otliq, oltmish besh-yetmish yoshlar chamasidagi qozoq chol, salomimga alik oldi-yu, jilmaydi.

– Ha, shiragʻim, qoʻrqib ketdingba? Qoʻrqma, yilqi odamni bosmaydi.

Chol xurjundan kichkina sopol koʻzacha, piyola oldi-da, unga oppoq sutday suyuqlik quyib, menga uzatdi:

– Ish, shiragʻim, shubat. Tuya sutidan.

Muzday ichimlikni huzur qilib simirdim. Oʻzimizning ayronga oʻxshab ketarkan. Piyolani qaytarib, cholga minnatdorchilik bildirdim. U shubatdan oʻziyam bir piyola simirdi-da, meni savolga tutdi:

– Oʻzbakmisan?

– Ha.

– Oʻzbekistonning qay jeridansan?

– Buxorodanman.

– Ha, Puxordanmisan, Puxor yaxshi shahar deyishadi. Hech bormaganman. Oʻzi, men Xarxutdan boshqa joyni koʻrmaganman, shiragʻim, – dedi chol ovozida allaqanday nadomat bilan. U bilan xayrlashib, izimga qaytdim.

 

* * *

 

Nihoyat, 10-maydonchadagi amaldorlar bizni bu yerga yuborib, xato qilganlarini uzil-kesil tushunib yetdilar shekilli, qismdan chopar keldi va yoʻl taraddudini koʻra boshladik.

Joʻnab ketiladigan kun arafasida, tushdan keyin sohilning oʻzimga qadrdon boʻlib qolgan goʻshalarini kezib chiqib, tik qirgʻoqdagi oʻsha qari jiyda ostidan turib, daryoni soʻnggi marta tomosha qilmoqchi boʻldim.

…Quyosh ayovsiz qizdirar, issiq garmseldan koʻngil behuzur boʻlardi. Jiyda ostiga yetib kelib, biroz dam oldim, daryodan esayotgan shamolga koʻksimni tutdim. Gimnastyorka jiqqa hoʻl, badanimga yopishib turardi.

Daryo sathi meni shubat bilan siylagan cholning serajin yuziga oʻxshar, quyosh nuri son-sanoqsiz oltin tangachalarga boʻlinib, mayda toʻlqinlar yelkasida oqib ketardi.

Men bu manzaraga mahliyo boʻlib, uzoq oʻtirdim. Soʻngra birdan allaqanday vahima chulgʻab oldi-yu, qulogʻimga yana oʻsha qabristondagi singari gʻalati tovushlar eshitila boshladi. “Hoy, oʻgʻlon, biz senga ruhimizni bezovta qilma, degan edik-ku!”

Koʻnglim gʻashlanib, atrofga alangladim. Hech kim koʻrinmaydi. Birdan, toʻrt-besh qadam narida tartib bilan taxlab qoʻyilgan kiyim-boshga koʻzim tushdi. Seskanib ketdim. Daryoda choʻmilayotgan odam koʻrinmasdi. Beixtiyor kiyimlar tomonga qadam tashladim. Uniqqan furajka, kalta yengli leytenant pogonli gimnastyorka, kamar, shim, boshmoqlar… Kiyimlar leytenant Yejovniki edi. Koʻnglim yomon bir narsani tuyib, badanim uvushdi. Toʻrt tomonga yugurib, Yejovni izlay boshladim. “Oʻrtoq leytenant! Valentin Aleksandrovich! Qayerdasiz, Valentin Aleksandrovich?” – bor ovozda baqirardim men.

Tezda butun rota oyoqqa qalqdi. Bir necha soat mobaynida chor-atrofdagi toʻqayzor-u chakalakzorlarni qadam-baqadam kezib chiqdik. Yejovning oʻzi tugul, izi ham yoʻq edi. Yigitlar sohil yoqalab, suvga tikilganlaricha uzoq-uzoqlarga borib keldilar. Xarxutdan motorli qayiqda yetib kelgan qozoq yigitlari daryo kamarlarini, narigi sohil yoqalarini kezib chiqdilar. Befoyda.

Qorongʻi tushdi. Koʻzlarim jiqqa yosh, oʻz chodirimga qaytar ekanman, qulogʻimga oʻsha mashʼum tovush eshitildi:

“Yigʻlama, bekorga boʻzlama, oʻgʻlon! Sen izlagan yigit allaqachon choʻkib ketdi. Uning ruhi poki biz tomonga parvoz etayotir. Ha, biz tomonga parvoz etayotir!..”

 

V

 

BARXANLAR ICHKARISIDA

 

Uzun boʻyli, yelkalari bukchaygan, doimo dala harbiy kiyimida yuradigan, qism komandirining xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosari mayor Kuznetsovni askarlar Kuzya deyishar, biz, oʻzbeklar tilida esa uning laqabi “Kuydirgan kalla” edi. U doimo tirjaygandek, tishining oqini koʻrsatib yurganidan shu laqabga “sazovor” boʻlgandi.

Kuzya – Kuydirgan kalla juda kam gapirar, “qoʻysangchi, he, onangni seni!” dan boʻlak biror kalima soʻz bilmasdi, chamasi.

Siyosiy tayyorgarlikdan “aʼlo” baho olib, uyga borib-kelish uchun oʻn kecha-kunduzlik taʼtil bilan taqdirlanganimda, Kuydirgan kalla menga juda mehribon boʻlib qoldi va bu dilsoʻzlik, hadya etilgan bir sidra ohori toʻkilmagan askariy sarpo bilan ifodalandi. Umrida odam ahliga bir ogʻiz yaxshi soʻz aytmagan bu kimsaning menga koʻrsatayotgan eʼtiboridan hayron edim. Toʻgʻri-da, qism komandiri oʻrinbosari qayerda-yu, endigina bir yil xizmat qilgan oddiy askar qayerda? U meni Toʻra Tom bekatigacha kuzatib qoʻymoqchi boʻlganida, hayratim yanada oshdi. Bu hayratga faqatgina poyezdga oʻtirish oldidan chek qoʻyildi.

– Jorik, – dedi Kuydirgan kalla yalinchoq tovush bilan yelkamga doʻstona qoʻl tashlab. – Buxoro tomonlarda topiladi, deb eshitaman, menga biroz nasha olib kelsang… – Mayor galife shimi choʻntagiga qoʻl suqib, bir dasta oʻn soʻmlik chiqardi.

Shu topda uning basharasi haqiqatan ham kuydirilgan kallaga juda oʻxshab ketdi.

– Pulning keragi yoʻq, shundoq olib kelaman, – dedim talmovsirab.

Qoʻrqib ketgandim, har qancha yosh, tajribasiz boʻlsam-da, shunday maxfiy manzilga nasha olib kelish Turma Tom emas, haqiqiy turma bilan tugashini bilardim. Shu yerning oʻzida bunday nomaʼqul ishni qilmaslikka ont ichdim-da, mayorga “Tashvishlanmang, albatta, olib kelaman”, dedim.

– Olib kelmasang, oʻzingga qiyin boʻladi, bola, – dedi u endi soʻz ohangini oʻzgartirib.

Lekin men Moskva-Ashxobod tezyurar poyezdi boʻlmasiga kirishim bilanoq, Turma Tomni, laʼnati Boyqoʻngʻirni, Kuydirgan kalla va hamma-hammasini unutdim. Butun oʻy-xayolim qari otam va Muattarda edi.

Qadrdon Buxoro meni birinchi qor bilan qarshi oldi. Derazadan qor yogʻishini tomosha qilib, otam bilan uzoq suhbatlar qurdim. Oppoq sehr-joduga burkangan togʻu gumbazlar aro Muattar ikkimiz mening qora pogonlarim, uning qizil roʻmoli qordan oqarib qolguncha kezdik. Oʻn kunlik taʼtil oʻn daqiqadek oʻtdi-ketdi. Ozodlikdan Boyqoʻngʻirdek ulkan askariy turmaga sira qaytgim kelmas, lekin buning hech bir iloji yoʻq edi. Qismga qaytib kelganimdan soʻng, Kuydirgan kalla bilan boʻlib oʻtgan yoqimsiz suhbat tafsilotini aytib oʻtirmayman. Faqat, suhbat oxirida Kuydirgan kalla ilonday vishillab aytgan soʻzlarini eslashga toʻgʻri keladi.

– Yaxshi, yaxshi, – dedi u men hech nima olib kelmaganimni bilgach. – Sen toʻnkaga komandirni aldash qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻyaman. Laʼnati osiyolik!

Komandirning gaplari suyak-suyagimdan oʻtgan boʻlsa-da, indamadim. Chunki sirtdan qaraganda, vaqtinchalik haqiqat u tomonda, men vaʼdamning ustidan chiqmagan edim. Aslini olganda esa, u meni jinoyatga undaganini hisobga olmayotgandi.

 

* * *

 

Qish, bahor oʻtib, xizmatimizning soʻnggi yozi keldi. Bahorda yam-yashil oʻt-oʻlanlar, lolalarga burkangan choʻl bir haftaga qolmay, jizgʻanak boʻlib, chor-atrof yana koʻzni toliqtiruvchi sariq, toʻq jigar rangiga burkandi. Boyqoʻngʻirning qishi qanchalik qahrli, qahraton boʻlsa, yozi shunchalar jazirama, kazarmalar yaqinida yetimlardek mungʻaygan yakkam-dukkam gujum, terak daraxtlari soyasida harorat ellik darajaga yetardi. Xizmat qishdagidan ham battar ogʻirlashdi. 95-maydonchaga suv tashib keltirilar, shu boisdan ayrim paytlar yuvinish, yoinki, ichish uchun bir qultum suvga zor boʻlardik. Oradan shuncha vaqt oʻtgan boʻlsa-da, Kuydirgan kalla men bilan qayta yuzma-yuz boʻlmagan, biror aziyat yetkazmagan, demak, oramizdagi janjalni unutib yuborgan, deb oʻylardim. Lekin koʻp oʻtmay, adashganimni angladim.

…Issiq tonglarning birida badantarbiya paytida uch chaqirim masofaga yugurmoqda edik. Kimdir oyogʻimdan chalib yubordi. Qattiq munkib ketdim, yuztuban yiqilishimga oz qoldi. Bu bedodlikka javoban, shaxt bilan oʻgirildim-u, ortimdan kelayotgan qozoq yigiti Muhammedjonovga yuz-koʻzi aralash qattiq musht tushirdim. Muhammedjonov dodlab yubordi-yu, safdan chiqdi.

– Hoy, taning sogʻmi sening, men chalganim yoʻq-ku! – dedi u voy-voylaganicha koʻzini ushlab.

Saf buzildi, askarlar toʻzib ketishdi. Yugurishni istamayotgan yigitlarimiz uchun yaxshi bahona topilgan edi.

Badantarbiya mashgʻuloti barbod boʻldi. Buning sababchisi men edim. Muhammedjonov meni chalib yuborganini tan olmas, yigitlar haqiqiy aybdor kim ekanini aytishmas, chunki chaqimchilik armiyada juda yomon qusur sanalardi.

Muhammedjonovning koʻzi koʻkarib, shishib ketdi, voqeadan xabar topgan rota komandiri meni uch kecha-kunduz avaxtaga hukm etdi.

Ish pachava boʻlgandi. Chunki, 95-maydonchaning avaxtasi, uning juda qattiqqoʻl komendanti Pchyolkin haqida dahshatli hikoyalar yurardi, ustiga-ustak, quyosh tigʻidagi tovuq katagidek kameralarni kana bosgan deyishardi. Komendant Pchyolkin avaxtadagi askarlarni yiqilib qolguncha yugurtirarmish, kim yiqilib qolsa, qamoq muddatini yana uzaytirarmish… Avaxta soqchilari ovqatning sarasini oʻzlari yeb, sarqitni qamalganlarga berarmish va hokazo…

Hamyurt yigitlar koʻnglimni koʻtarishar, haqiqiy aybdorni, albatta, aniqlab, boplab taʼzirini beramiz, deyishardi.

Bu orada serjant Xaritonovni boloxonador qilib soʻkkani uchun Hasan ismli ozarbayjon yigiti ham uch kecha-kunduzlik avaxtaga hukm etildi. Koʻnglim biroz yorishgandek boʻldi, chunki Hasan juda shoʻx, qiziqchi yigit edi.

Bizning kamar va hujjatlarimizni olib qoʻyib, endi avaxtaga joʻnatamiz, deb turishganida, saf oldida kutilmaganda Kuydirgan kalla paydo boʻldi.

– Komandir, – dedi u rota komandiriga yuzlanib. – Mana shu ikki lochinni mening ixtiyorimga bersang. Bular uchun maxsus topshiriq bor. – Mayor tirjayganicha men va Hasanga ishora etdi.

Ular oldindan kelishib olgan ekan shekilli, rota komandiri ham darhol rozi boʻlaqoldi. Kuydirgan kalla bizni ergashtirib, shtabga joʻnadi. Koʻnglim yomon bir narsani sezib, taʼbim xiralashdi.

– Hasan, doʻstim, hushyor boʻl, Kuzya bizni yomon bir baloga giriftor qilmoqchiga oʻxshaydi, – dedim.

– Qoʻysang-chi, gardash, u maxsus topshiriq bor deyapti-ku, – dedi Hasan soddalik bilan qirgʻiy burnini qashib.

– Eh, tentak, qamalgan askarga qanaqa maxsus topshiriq boʻlsin?

Hasan “bilmasam” deganday yelka qisdi.

Oradan sal fursat oʻtib, Kuydirgan kalla yuk mashinasi kabinasiga oʻtirdi-da, bizni tepaga chiqishga undab, shofyorga “hayda” ishorasini qildi.

– Gardash, hoy gardash, – meni turtdi Hasan. – Koʻp gʻam chekaverma, bizni oʻldirishmas, axir. Har qalay, ikkovimiz-ku, bir-birimizdan boxabar boʻlamiz.

Yarim soatlardan soʻng qism choʻchqaxonasiga yetib keldik. Yertoʻlada uch choʻchqaboqar yashar, ularning biri – dum-dumaloq, sargʻish sochlari peshonasiga tushib turadigan ryazanlik yigit Misha Mijuyev rotamiz roʻyxatida turar, u biz bilan bir kunda harbiy xizmatga chaqirilgandi.

– Lochinlar, – dedi Kuydirgan kalla Hasan ikkimizni eng chekkadagi bostirma yoniga boshlab borib. – Mana shu yerda yetmish qadamlik yogʻoch devor barpo etasizlar. Roppa-rosa uch kunlik ish. Xohlang – kunduzi ishlang, xohlang – kechasi. Agar aytgan muddatda ishni tugatmasangiz, oʻzingizdan koʻrasiz.

Mayor bir yashik mix, bitta bolta va arrani qoʻlimizga tutqazib, atrofda uyum-uyum boʻlib yotgan, kuchukning oyogʻidek egri-bugri yogʻochlarga ishora qildi-da, joʻnab ketdi. U biz uch kun nima yeb, nima ichamiz, qayerda uxlaymiz, bu haqda gapirmadi.

Biz avvaliga mayordan tez va oson qutulganimizga xursand boʻldik. Lekin qoʻlga boltani olib, quyosh tigʻida yarim soatcha ishlaganimizdan soʻng, duradgorlikdan mutlaqo xabari boʻlmagan bu odamlar bu ishni bir oyda ham tugatolmasligiga amin boʻldik.

Ust-boshimiz terdan shalabbo, daqiqa sayin suv ichgimiz kelardi. Shu tariqa tishni-tishga qoʻyib, tushgacha oʻn qadamcha joyga nari-beri devor tikladik. Egnimizda trusi, etik va panamadan (Turkiston harbiy okrugi askarlari yozda kiyadigan bosh kiyimi) boʻlak narsa qolmadi. Holdan toyib, bostirma soyasiga oʻtirdik.

– Eh, qaniydi, bir kosagina muzdek ayron boʻlsa! – dedim tashnalikdan tilim tanglayimga yopishib.

– Qoʻy, gardash, yuragimni tirnama, hozir senu mendan ana u, balchiqqa belanib yotgan choʻchqaning qadri baland. Yeydigani ham, ichadigani ham yonida… – dedi Hasan avzoyi buzilib. – Agar Xaritonov panaroqda qoʻlimga tushib qolsa bormi, boʻgʻib tashlayman. Bu, Kuzya deganing ham naq hayvonning oʻzi ekan. He, maxsus topshirigʻing boshingni yesin!

– Qoʻy, Hasan, xafa boʻlma, avaxta komendanti Pchyolkinning qoʻliga tushsak, ahvolimiz bundan battar boʻlardi-ku!

– Battar boʻlib ketmaydimi, har holda u yerda yegan-ichganing tayin edi-da! – jigʻibiyron boʻldi Hasan.

Qarshimizda Misha Mijuyev paydo boʻldi.

– Yuringlar, yigitlar, Xudo bergan rizq-nasibani baham koʻraylik. Kuzya sizlarga ovqat yuboradigan anoyilardan emas, – dedi u begʻubor jilmayib.

Choʻchqaboqarlarning yertoʻlasi salqingina ekan, ancha jonimiz kirib qoldi. Koʻp oʻtmay, stolda bir buxanka qora non, tovada jizillab turgan kartoshka va besh krujka sut paydo boʻldi. Sutni koʻrib, Hasan bir sapchib tushdi, koʻzlari ola-kula boʻlib, baqirdi:

– Hoy, Mishka! Toʻgʻrisini ayt, choʻchqaning sutimi bu?! – u oʻz krujkasini olib, irgʻitmoqchi boʻlgandi, Misha uning qoʻlini ushlab, tushuntirdi.

– Tentaklik qilma, ikkita sigirimiz ham bor. Ishonmasang, yur, koʻrsataman.

Lekin Hasan sutni ichishdan qatʼiy bosh tortdi.

– Boʻpti, – murosa qildi Mijuyev. – Sut ichmasang, spirt icharsan?

U karavot ostiga qoʻl uzatib, gʻilofi hoʻl suvdonni ilib oldi. Hasanning koʻzlari shoʻx chaqnab ketdi.

– O-o, spirt? Spirt icharam! Zahar boʻlsa-da, icharam!

Beshovlon bir suvdon spirtga, shuncha miqdorda suv qoʻshib, tomchisini ham qoldirmay ichib yubordik. Hammadan oldin Hasan mast boʻlib qoldi va savagʻichday uzun barmoqlari bilan koʻzlarini ishqab, hoʻng-hoʻng yigʻlay boshladi.

– Qishloqda yolgʻiz onam qolgan. Onamni sogʻindim. Juda sogʻindim. Bularning hammasi esa onamni soʻkadi. Xaritonovni qaytarib soʻkkandim, qamoqqa hukm etishdi. Axir qamash kerak boʻlsa, avval Xaritonovni qamash kerak-ku, u birinchi boʻlib onamni soʻkdi-ku! Vay-vay, bu qanday bedodlik,  – zorlanardi u.

Hasan yigʻlay-yigʻlay, uxlab qoldi. Biz ham pinakka ketdik.

Uygʻonganimizda qosh qoraya boshlagan, havo harorati ancha pasaygan edi. Hasan ikkimiz yana qoʻlga bolta-arrani olib, ishimizni davom ettira boshladik. Misha va uning sheriklari bizga yordamga kelishdi. Oydin tunlar va salqin tonglardan foydalanib, choʻchqaboqarlar rizqiga sherikchilik qilib, ikki kecha-kunduz ishladik. Lekin beshovlon ter toʻksak-da, topshirilgan ishning yarmini ham uddalayolmadik. Xafa boʻlib ketdik. Qoʻlimizda bolta-yu, xayolimiz “Endi Kuydirgan kalla bizga yana qanaqa qiynoq oʻylab topar ekan?” degan oʻy bilan band, ishimizda esa unum yoʻq edi.

Uchinchi kun choshgohda Kuydirgan kalla keldi. U biz bajargan ish koʻlami bilan tanishgach, boshini sarak-sarak qilganicha, yoniga imladi. U baqirib-chaqirmadi, soʻkmadi, koʻzimizga tik boqib, labida zaharxanda bilan shunday dedi:

– Komandir buyrugʻini bajarmabsizlar. Buning uchun har ikkovingni ham harbiy tribunal sudiga topshirib, qamatib yuborishim mumkin. Lekin men olijanob odamman, senlarga yana yengil jazo beraman. Qism oshxonasi uchun ikkita choʻchqa soʻyib berasizlar. Shu bilan avaxta muddatingiz ham tugaydi.

Hasan ham, men ham qotib qoldik. Biz har qanday ogʻir jazoga oʻzimizni tayyorlagan boʻlsak-da, bunchalik zarbani kutmagandik. Ich-ichimdan koʻtarilib kelayotgan qattiq gʻazab va titroqni zoʻrgʻa bosib, Hasanga tikildim. Uning yuzi yanada qorayib ketgan, tishlarini qisgancha, nimanidir zoʻr berib oʻylardi. “Obbo, xayol surishga topgan vaqtingni qara-yu!” dedim oʻzimcha va Kuydirgan kallaga yuzlandim.

– Oʻrtoq mayor, men bu buyruqni bajarmayman!

Kuydirgan kalla pinagini ham buzmadi.

– Bajarmay qayoqqa ham borarding? Sen, mahmadona, nizomni oʻqigansan, komandir bilan bahslashish nimalarga olib kelishini bilasan-ku!

– Bilaman. Otib tashlasangiz ham mayli. Lekin men choʻchqa soʻymayman. Buni oʻzimga haqorat deb hisoblayman.

– Yaxshi, yaxshi, gapiraver. Haqiqatan ham tiling juda burro ekan. Xoʻsh, sen Muhammedjonovga tushirgan musht haqorat boʻlmay, mukofot edimi?! – vishilladi Kuydirgan kalla.

– U oʻz nomaʼqulchiligi uchun kaltak yedi, – dedim men.

– Ha, barakalla, mana endi oʻzingga kelding! Sen ham nomaʼqulchiliging uchun aziyat chekyapsan. Qaytar dunyo deydilar buni, azizim…

Men kuni-kecha sigir sutini choʻchqa suti deb oʻylab, jazavasi qoʻzigan Hasandan najot kutardim. Lekin Hasan negadir favqulodda xotirjam edi. Bahsimizni uzoqdan kuzatib turgan Misha yonimizga keldi.

– Oʻrtoq mayor, qoʻying, ularni bu ishga majbur etmang. Musulmonlarda choʻchqa harom hisoblanadi. Boz ustiga, bu jonivorlarni duch kelgan odam soʻya olmaydi-ku. Biz oʻzimiz har kungidek soʻyaveramiz. Hech kimning yordami kerak emas, – dedi u.

Kuydirgan kalla basharasida cheksiz nafrat bilan Mishaga oʻqraydi.

– Oddiy askar Mijuyev! Kim ekaningizni unutyapsiz! Menga aql oʻrgatishni bas qiling! Birovlarning yonini olguncha, oʻz gunohlaringiz toʻgʻrisida oʻylab koʻrsangiz yaxshi boʻlardi! – dedi u tahdidli ovozda Mishani sizlashga oʻtib.

Misha jimib qoldi. Uning rangi oqargan, moviy koʻzlarida qoʻrquv va ayni vaqtda, nafrat ifodasi namoyon edi. Shu choqqacha mum tishlab oʻtirgan Hasan tilga kirdi:

– Qani, bering pichogʻingizni, nechta choʻchqa boʻlsa, soʻyib tashlayman!

– Hoy, Hasan, jinni boʻldingmi? Choʻchqa bir pishqirsa, esing ogʻib qolmasin yana!

Hasan menga oʻqraydi va oʻt chaqnayotgan koʻzlari bilan “jim tur” maʼnosida im qoqdi.

Kuydirgan kalla mamnun irshaydi. Mijuyevga pichoq olib kelishni buyurdi-da, xuddi mehribon ustozdek, Hasanga choʻchqa soʻyishning “nozik” tomonlarini tushuntira ketdi:

– Buning hech qoʻrqadigan yeri yoʻq, sendan talab qilinadigani, qoʻling qaltiramay, pichoqni moʻljalga – qoq yuragiga ursang boʻlgani. Bir necha zarbadan soʻng, til tortmay oʻladi, marra seniki…

Bang va aroq es-hushini oʻgʻirlagan mayor Hasanning yuzlari haddan tashqari qorayib ketganiga, koʻzlarida telbavor, yovvoyi bir oʻt chaqnayotganiga eʼtibor qilmas, men esa doʻstimning vajohatidan xavotirda edim. Bu orada Mijuyev kelib qoldi va qoʻlidagi yarim qulochcha keladigan pichoqni Hasanga uzatdi. Qolgan voqealar bir necha soniyada sodir boʻldi. Mishadan pichoqni olgan Hasan mushukdek sapchib, Kuydirgan kallaning boʻgʻziga chang soldi, oʻziga qarab qattiq tortdi va oyogʻidan chalib yubordi. Qoʻllari choʻntagida, bemalol valaqlayotgan, bunday hujumni sira kutmagan jabrlovchimiz oʻroq tortilgan joʻxoridek quladi. Hasan chaqqon harakat bilan uning ustiga minib, tizzasini koʻkragiga bosdi va pichoqni mayorning liqillab turgan kekirdagiga tiradi. Men va Misha beixtiyor ular tomonga tashlangan edik, Hasan pichoqni mayorning kekirdagidan olib, bizga oʻqtaldi:

– Yaqinlashsalaring ikkovingniyam soʻyib tashlayman! – uning koʻzlari qonga toʻlgan edi.

Misha ikkimiz turgan yerimizda qotib qoldik. Hasanning tizzasi ostida yotgan mayor qarshilik koʻrsatmas, isligʻi chiqib ketgan furajkasi bir chekkaga dumalab ketgan, oqara boshlagan, siyrak sochlari peshonasiga yopishgan, kulrang koʻzlari nursiz, shuursiz boqardi. Hasan uni boʻralab soʻkar, dagʻdagʻa qilardi.

– Yo hozir bizni xoʻrlaganing uchun kechirim soʻraysan yoki choʻchqalaringdan oldinroq narigi dunyoga joʻnaysan! He, onangni sening! Koʻppak!

Gapirishga imkon yaratish uchun Hasan mayorning giribonini biroz boʻshatdi. U chuqur tin olib, eshitilar-eshitilmas xirilladi:

– Kechiringlar meni, yigitlar… Bu kunimdan oʻlganim yaxshi…

– Agar bizni sotsang, baribir payt poylab, soʻyib tashlayman, bilib qoʻy, – dedi Hasan.

U mayorning shalvirab yotganini koʻrib, biroz shashtidan tushgan edi. Raqibining giribonini qoʻyib yuborib, oʻrnidan turdi va pichoqni bostirma ortiga otib yubordi.

Misha mayorning oʻrnidan turishiga koʻmaklashdi, furajkasini yerdan olib, changini qoqib, uzatdi. Kuydirgan kalla ayanchli, aftodahol qiyofada bostirma soyasiga oʻtdi. Choʻntagidan ezgʻilanib ketgan sigaret olib, tutatdi, chuqur “uf” tortdi. Hasan oʻn qadamcha naridan bizni soʻzsiz kuzatib turardi.

– Biratoʻla oʻldirib qoʻyaqolsalaring boʻlardi. Hamma gʻavgʻolardan qutulardim. Xizmat vazifasini bajarish paytida halok boʻldi, deya mukofotga taqdim etishardi… – Kuydirgan kallaning ovozi titrab chiqsa-da, nursiz koʻzlari, zahil basharasidan qoʻrquv izlari yoʻqolgan, uning oʻrnini oʻsha irjaygannamo zaharxanda egallamoqda edi.

– Siz xafa boʻlmang-u, oʻzingizdan oʻtdi, – dedi Misha yurak yutib.

– Hamma gapirsa ham, sen gapirma. Bular bilan endi ora ochiq, soʻz berdim. Lekin sen bilan hisob-kitob oʻzgacha boʻladi, – dedi Kuydirgan kalla va sekin yurib Hasanning yoniga bordi. Hasan hushyor tortib, hurpaydi. U aftidan, oʻz qiziqqonligi oqibatlarini oʻylamoqda, chunki, agar ish chappasidan ketsa, har ikkimiz intizomiy jazo bataloniga ravona boʻlishimiz tayin edi.

– Qani, qoʻlni tashla osiyolik yovvoyi, – dedi mayor Hasanga oriq, uzun qoʻlini uzatar ekan. – Gap shu yerda qolsin. Qariganda askardan kaltak yedi, degan malomatga sira toqatim yoʻq.

Hasan bu soʻzlarga ishonish-ishonmasligini bilmay, qoʻl uzatdi.

Shu bilan avaxta muddatimiz tugadi va tushlikka yaqin qismga qaytib keldik. Yigitlar bizni xuddi u dunyodan qaytganlarni kutgandek kutib olishdi. Kim tamaki tutqazdi, kim gugurt chaqib berdi, kimdir yelkamizga shapatiladi, xullas, yigitlar bizni juda taltaytirib yuborishdi.

Choʻchqaxonadagi voqeani hech kimga aytmadik. Kuydirgan kalla ham soʻzining ustidan chiqib, bizga aziyat yetkazmadi.

 

* * *

 

Xizmatning soʻnggi yozi oxirlayozgan, biz – yurtdoshlar tushimizda ham, oʻngimizda ham Buxoroni koʻrardik. Barcha suhbatlarimiz shu mavzuda, tomogʻimizdan ovqat ham yaxshi oʻtmas, nuqul kun sanardik. Ana shunday dilgir kunlarning birida “choʻchqaboqar Misha Mijuyev bedarak yoʻqolibdi” degan xunuk xabar tarqaldi. Komandirlarimiz tipirchilab qoldilar. Avvaliga qismimiz, soʻng butun garnizon askarlari choʻlni qadam-baqadam kezib chiqdik. Misha hech qayerda yoʻq edi. Uning uyiga, harbiy komissariatga ketma-ket telegrammalar joʻnatildi. Harbiy prokuratura juda koʻpchilikni, jumladan, men va Hasanni ham soʻroq qildi. Hech qanday natija chiqmadi. Men baʼzi-baʼzida Kuydirgan kallaning Mishaga dagʻdagʻa qilib, “sen bilan hisob-kitob oʻzgacha boʻladi” degan soʻzlarini eslab, seskanib ketardim. Lekin bu soʻzlar zamirida qanday sir yashirin ekanini bilolmasdim.

Ogʻir kunda bizga madad bergan oqkoʻngil yigit Mishaning taqdiri meni behad tashvishlantirar, shubha-gumonlarimni birovga aytolmay, qiynalardim. Kunlar ketidan kunlar oʻtdi. Lekin Mishadan darak boʻlmadi.

 

* * *

 

Boyqoʻngʻirni tark etganimga qariyb qirq yil boʻlyapti. Bu maskan bilan bogʻliq koʻp voqealar unutilib ketdi. Lekin Misha yoʻqolib qolganidan soʻng oradan bir necha oy oʻtgach, qismga yetib kelgan onaning ahvolini, koʻzlarida qotib qolgan dahshatni hamon unutolmayman. Odmigina chit koʻylak kiyib, eski durracha oʻragan, oq-sariq sochlari parishon bu ayol hamon tushlarimga kiradi. U hatto sichqon ham oʻtolmaydigan son-sanoqsiz nazorat-tekshiruv postlaridan qanday oʻtgani, olis qumliklar ichkarisidagi bu maskanga qay taxlit yetib kelgani oʻziga va yolgʻiz Xudoga maʼlum.

Mishaning onasi shtab oldida bir kecha-kunduz tik turdi. U yigʻlamas, gapirmas, faqat koʻzlaridagi dahshat yurak-bagʻrimizni ezardi. Biz unga non, saryogʻ, qand olib bordik, komandirlar ham atrofida parvona boʻldilar. Lekin ona qiyo ham boqmas, lablari arang “Misha, Mishenka…” deya pichirlardi, xolos.

Ertasiga ertalab ona gʻoyib boʻldi. Shtabdagi yugurdaklarning aytishlaricha, maxsus boʻlimdagilar uni uyiga kuzatib qoʻyish uchun olib ketishganmish…

 

Joʻra FOZIL

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.