Boshqacharoq chiqdi hozirgi yoshlar…

0
282
marta koʻrilgan.

Oʻzbekning sevimli shoiri Erkin Vohidovning “Hozirgi yoshlar” sarlavhali sheʼri bor. Uning qahramoni boʻlgan oqsoqol zamonaviy yoshlarning yurish-turishi, gap-soʻzi, odat-tavrini birma-bir tanqidu tahlil qiladi. Oxirrogʻida esa zamona yoshlarining oʻz davriga mos ilgʻorligini ham tan oladi:

Endi bularga ham har qalay ogʻir,

Zamon shitobi tez, parvozi tikka.

Kecha tili chiqqan Nargiza oʻqir

Birinchi sinfda matematika.

Bizlar haftiyakdan boshlagan edik,

Bular iks bilan igrikdan boshlar.

Durust, zehni oʻtkir, qadami tetik,

Oʻzimizga tortdi hozirgi yoshlar…

Darhaqiqat, yoshlar maʼnaviyati, tarbiyasi masalasi hamma zamonda birdek muhim, birdek dolzarb boʻlib kelgan. Va bu masala faqat bizdagina emas, butun dunyoda eng eʼtiborda turadigan mavzu.

Quyida bugun kunda koʻzga koʻringan rus yozuvchisi, jurnalist va pedagog Dmitriy Bikovning bugunning bolalari va taʼlim-tarbiya borasidagi fikrlarini saraladik.

 

***

Birinchidan, hozirgi bolalar tezfahm. Oʻylaymanki, ularni bu borada 39-40-yillar odamlari bilan tenglashtirish mumkin. Oʻsha davr yoshlarining uchdan ikki qismini urush mahv etdi, ammo qolgan bir qismi ham urushdan keyingi tiklanish yillarida sobiq shoʻroni qutqarish uchun yetarli boʻlgan. Ikkinchidan, hozirgilarda favqulodda xususiyatlar rivojlangan va olomonchilik sifatlari yoʻq. Ular ish bilan mashgʻul, ularni yirik-yirik texnik va gumanitar muammolar qiziqtiradi.

 

***

Bizga istalgan vaqtda olis hududdagi maktabga qoʻngʻiroq yoki xat orqali koʻmakka chaqirilishi mumkin boʻlgan oʻqituvchilar instituti kerak. Ular aytilgan joyga yetib borishadi va yuzaga kelgan muammoni oʻrganib, yechimini topishadi. Bu nega kerak? Hammamiz yaqindagina boʻlib oʻtgan oʻsmirlar suitsid klublari bilan bogʻliq vaziyatlarni yaxshi eslaymiz. Lekin haligacha hech kim bilmaydi: “Koʻk kit” aslida nima – intellektual oʻyinmi yoki oʻsmirlarni manipulyasiya qilish klubimi?

Qolaversa, butun bir sinf bittagina noodatiy, oʻta aqlli va qolipga sigʻmagan bolaning taʼsiridan “zaharlanish”i holatlari koʻp uchraydi. Sinfga shunday “obroʻli” yoʻlboshchi-sardor kelsa, butun sinf tez orada bezorilarga xos “olomon madaniyati”ning qurboni boʻlishi hech gap emas. Bizga yangi tipdagi oʻqituvchilar kerak. Bu – desant-oʻqituvchi boʻlishi kerak, shart boʻlib qolsa, shunga oʻxshash muammo chiqqan maktabga vaqtinchalik ishga borishi va u yerda qisqa fursatda tartib oʻrnatishi lozim.

 

***

Pedagogika – aygʻoqchilikdan koʻra qiziqarli. Bizda aygʻoqchilar haqida detektiv asarlar bor, ammo pedagogik detektiv yoʻq. Agar biz xuddi “Dushanbagacha koʻramiz” filmidagi tajribali oʻqituvchi kabi sinfdagi negativlikka toʻsiq qoʻya olsak edi, barcha muammolarimizning yarmidan xalos boʻlgan boʻlardik.

 

***

Bugun darslarni ilgarigi jadval asosida – 45 daqiqa ichida uy vazifasini soʻrash va maʼruza shaklida oʻtib boʻlmaydi. Chunki bugun oʻqituvchi u qadar ham kerak emas, zero, biror maʼlumotni topish uchun birgina tugmani bosishning oʻzi kifoya. Biz darslikdagi bir sahifani oʻquvchilarga aytib berib, ertaga aynan shu narsani qayta soʻrash uchun kerak emasmiz. Oʻylaymanki, endi darslarni boshqacha tizimda yoʻlga qoʻyish kerak. Xuddi oliy oʻquv yurtlaridagi kabi. Bir soat – maʼruza, keyingi bir soat – seminar va bolalar dokladi. Oʻquvchilar bu ishni maroq va ishtiyoq bilan bajaradilar. Va agar ularga berilgan vazifa qanchalik global boʻlsa, qanchalik qisqa vaqtda bajarishlari lozim boʻlsa, ular shunchalik tez va shijoat bilan bu ishga kirishadilar.

 

***

Bugunning bolalari buyuk ishlarni bajarishga qodir, buning uchun bor-yoʻgʻi ularga ishonishimizning oʻzi kifoya. Buning isboti sifatida dunyodagi eng zoʻr fotoapparatni 12 yoshli bolalar yaratganini eslatishim yetarli boʻlsa kerak. Agar zamonaviy bolaga davlat topshirigʻi berilsa, Qora dengizni oshigʻich tozalash yoki byudjet muammosimi, men mutlaqo ishonaman, u buni uddalay oladi.

 

***

Biz yorqin professionallar avlodini shakllantirishimiz kerak. Qolgan barcha ishni dunyo uchun ularning oʻzlari qilishadi.

 

XURSHIDA tayyorladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.