Boʻri

0
1170
marta koʻrilgan.

Bolam, qishning izgʻirinli kechalarida kimsasiz dalalarda gala-gala boʻlib izgʻigan daydi it-larni boʻri deboʻylaganingni gapirib berding-a? Ha, dala-tuzning tuprogʻu kesaklarini ham muzla-tadigan sovuqlarda kuchuklar oʻshanaqa toʻplanib olishadi.

Ammo sen koʻrganing oddiy gala xolos-da. Istasang, senga boʻri haqida gapirib beraqolay.

Men umrim mobaynida boʻriga bir necha marta duch kelganman.

Dunyoda vahshiy hayvonlar toʻlib-toshib yotibdi. Kuch-qudrati, viqori, odamni hayiqtiradigan haybati bilan qaylardadir arslonlar, sirtlonlar, ayiqlaru timsohlar umr kechirmoqda. Vahshiy deganda koʻz oldimizga aqlni qoʻrqitadigan kuch-qudrat ila inson vujudini piypalab-mijigʻlab, tishlari bilan parchalab-uzib yeydigan etxoʻr hayvonlar koʻz oldingga keladi.

Boʻriyam shunday.

Uni aqlli deydilar. Hayvonlar orasida shugina bir marta juft tanlab, umrining oxirigacha oʻsha jufti bilan hayot kechiradi. Oʻz makonining chegaralarini erinmay belgilab chiqib, bironta jonzot kirishiga yoʻl qoʻymaydi.

Unga ilk duch kelganimda yosh bola edim. Dalada ketmon chopayotgan otamga ovqat olib ketayotga-nimda, qishlogʻimizning tepa tomonidagi toʻqay yonida gʻalati kuchuk bolasini koʻrib qoldim. Qami-shlar orasidan menga qiziqish bilan angrayib qarab turardi. Bir mahal burnining uchiga kapalak qoʻnib oldi. Kuchukbola kapalakni quvishga qancha urinsa ham ketmas, aylanib uchaverar edi.

Kulgim qistagan, hatto zavqlangan boʻlsam kerak. Tugunimni oʻt ustiga qoʻyib, yaqin bordim. U toʻlpoq, oyoqlari baquvvat, boʻynidagi yoli tippatik, kulrang boʻri bolasi edi. Meni koʻrib sira hayiqmasdan yonimga yugurib keldi, sakrab atrofimda aylandi, keyin shimimning pochasidan ti-shlab-tortib, oʻynay boshladi.

Oʻyinga qiziqar edim-da, unga qoʻshilib tuproqlar, oʻtlar oralab rosa chopdim. Keyin charchab, oʻt ustiga yotib oldim, boʻri bolasi ustimga chiqib-tushar, yana oʻynamaymizmi deganday chopib nari borar, oʻsha joydan turib menga boshini burib qarar ham edi.

Koʻp oʻynagani vaqtim yoʻq, otamning oldiga borishim kerak. “E, koʻrmaysanmi, ish koʻp-da” deb oʻrnimdan turganimda, sal narida qoyaday qotib turgan ota boʻrini ham koʻrdim.

U viqorli, koʻkragi keng, panjalari paydor, odam bolasi bilan oʻynashayotgan zuryodiga inda-may qarab turardi. Ha, haqiqatan ham haybatli edi, ammo turishida tahdid sezmadim. Shunday boʻl-sa-da, qoʻrqqanim esimda. Saldan keyin past ovozda irillagan edi, bolasi talpanglay-talpanglay qoshiga chopib bordi. Soʻng ikkovlon bamaylixotir ortga burilishib. oʻz yoʻllariga ketishdi.

Yana esimda qolgani shuki, quyosh nurida bulutlar taram-taram, alvon-alvon, oralari ochiq-ochiq, bepoyon koʻkni shu tarz enlab olgan, yashil daraxtlarning baland uchlari ham alvon tusga boʻyalgan edi.

Tugunchamni oldimu men ham oʻsha yoʻldan otam qoshiga oshigʻich chopib ketdim.

Choponining oʻngirini qayirib, ketmon chopayotgan otamga boʻlgan voqeani hovliqa-hovliqa aytib berganimda, qoshlari chimirilib “Qani, yur-chi” deya ketmonini koʻtarib, men kelgan yoʻlga qarab yurdi. Uzoqlarda qishloq teraklari koʻzga tashlanar edi. “Choʻl ichkarisidan kelgan boʻlsa ke-rak”, dedi otam tusmollab. Ikkovlon boʻri turgan joygacha keldik. Otam tevarakni bir aylanib chiqdi, yoʻq, vahshiy koʻrinmasdi.

– Asli onang ahmoq, – dedi otam, jahli chiqib. – Toʻqayga yosh bolani ham joʻnatadimi?

– Yoʻq, ota, indamay qarab turaverdi. Bolasi men bilan rosa oʻynadi.

– Qoʻy-qoʻzilarni boʻgʻizlab oʻngarib ketishi mumkin, – dedi otam. – Xayriyatki, qorni toʻq ekan, senga tegmabdi.

Keyin uyga yetgunimizcha boʻrilar haqida gapirib bordi. Yoʻlda ham atrofiga alanglar edi.

– Erkak boʻri bolasini oʻynatgani olib chiqmaydi, balki ovga oʻrgatadi, – dedi. – Boshqa bola-lari ham bordiru sen koʻrmagandirsan. Ishqilib, nima boʻlganda ham daf qilmabdi, xudoga shukr.

Uyga qaytgach, otam atrofdagi kishilarga xabar berishga ketdi. Shu-shu, bir necha kun qishloq erkaklarining biri miltiq, biri bolta, biri kaltak olib, qoʻralarini qoʻriqlab yotishdi, ammo boʻri qaytib koʻrinmadi.

 

* * *

Keyinchalik ham qishloqqa boʻri daf qilgani haqida gap-soʻzlar goh-goh oralab qolsa-da, uni birov koʻrmas edi. Tabiiyki, har xil gaplar urchirdi. Hammaning uyida mol-qoʻyi bor, chorva-ku oʻz yoʻliga, ammo bolachalar xavotir uygʻotadi. Oʻynab ekinlaru ogʻochlar orasiga kirib ketsa, och vahshiy birontasini boʻgʻizlab tashlashi mumkin. Har holda kishilar orasidan boʻri vahmi anchagacha ketmasa-da, mening dilimda u qoʻrquv oʻrniga oʻsha mahaldagi xotirjam qiyofasi va bolasining beozor oʻynashi qolaverdi.

Yillar oʻtdi, otam qartaydi, men esa er yetildim. Hayot shavqi qonimni qizdirar boʻldi.

Oʻsha mahallar, vaqt-soati kelib bir roʻzgʻor quraman, bir-biridan shoʻx bolalarim boʻladi, el-yurt qatori birovdan kam, birovdan koʻp, ammo baxtiyor hayot kechiraman degan ishonchim dilimda mu-stahkam edi. Vaqti kelib, hayotimda bir tartib oʻrnataman, otam qilgan xatolarni men takrorla-mayman deb oʻylardim-da. Balki otam ham men singari turli-tuman xayoliy rejalar tuzgandiru hayot mashaqqatlari u rejalarning amalga oshishiga yoʻl qoʻymagandir? Kimdir ozorlaganida uyimizning ayvonida hammamizni chaqirib bagʻriga bosganlari, “shu bolalarimdan boshqa hech kimim yoʻq” deb oʻksinganlari esimda. Esimda nimasi, goh-goh toʻsatdan shuurimga qalqib chiqadi, bot-bot shuni oʻy-lab ham ketaman. Tegrada odam koʻp, qavmu qarindoshlar ham oʻziga hollaricha kelib xabar olib tu-rishibdi, nimaga otam “Bolalarimdan boshqa suyanchigʻim yoʻq” deb ozorlangan ekan deya, sababini to-pishga urinaman.

Uylanib, bola-chaqali boʻldim, hayot girdoblari meni ham oʻz domiga asta-sekin tortib ketaver-di.

U mahallar qish qattiq kelardi. Har yili oʻtin gʻamlayman, ammo baribiram yetmay qoladi. Sa-babi, sandalga qalaymiz yoki tandirga ishlatamiz. Qolaversa, qishning uzun kechalarida uzoq yonadi-gan, choʻgʻi tezda oʻchib qolmaydigan oʻtin kerak boʻladi. Bu safar erta kuzdayoq sovuqlar boshlanib ket-di. Makkapoyalarni bir kechadayoq ushuk urdi, ertasiga uzun-uzun yaproqlari sargʻayib, palaxsa-palaxsa boʻlib ilvirab osilib tushdi. Gʻamlab qoʻyaqolay deya toʻqayga oʻtin kesgani bordim. Ichkari qismida saksovullar yer bagʻirlab oʻsgan, oʻshalarning qurigan shoxlaridan uyga olib kelib bosib qoʻysam, qishga yaxshi oʻtin boʻladi deb oʻyladim.

Shoxlarni toʻplagunimcha kech kirdi. Uyga qaytayotganimda choʻl adogʻidan ulkan oy samoga koʻta-rilgan, shabada esar, hammayoq shitirlagan saslarga toʻlib ketgan edi.

Uni ikkinchi bor ana oʻshanda koʻrib qoldim. Toʻqaydan chiqaverishda, yoʻlim ustida kulrang soya kabi, choʻnqayib oʻtirar edi.

Kuchli, paydor panjalari shundoq koʻz oʻngimda. Oyga qarab uvilladi, keyin nigohini menga tikdi.

Undan hayiqdim.

Aytmoqchi, oʻtin kesgani chiqqan, qoʻlimda oʻtkir oyboltam bor-ku?

Boʻrilar tigʻida oy nuri akslangan oyboltadan qoʻrqadi deganlari rostmikin?

Yoʻq, yolgʻon boʻlsa kerak, chunki mendan sira hayiqmayotgan edi.

Tavba, kech shom mahali, oy boʻm-boʻsh kengliklarda tanho suzgan shu kechada men va boʻri, bir-birimizga qarab turardik.

U oʻsha, bolaligimda koʻrganim boʻrimidi, yo boshqasimi, aytolmayman. U koʻrganim boʻrining nigohi oʻz qudratiga ishongan, xotirjam nigoh edi. Qarshimdagining nigohida esa tahdid sezil-moqda!

Yana, koʻksida chuqur jarohat izi ham bor. Kulrang yollari orasidan qoramtir oʻyiq boʻlib koʻrinib turibdi. Makon yoki oʻlja talashib urishganida qay bir vahshiyning tishi qoldirgan boʻlishi mumkin.

Oldinga qadam bossam, bir hamla bilan boʻgʻzimga tashlanishi turgan gap.

Ammo men ham kuchga toʻlgan, shahdu shiddatla undan qolishmaydigan er kishiman! Oyboltamni qisimlab, oldinga bir oz egilib, bir-ikki hushyorona qadam tashladim.

Boʻri qimir etmadi.

Shu tariqa soʻqmoqdan juda sekinlik bilan, koʻzimni undan uzmasdan asta-sekin ilgarilay boshladim.

Oyboltam juda oʻtkir edi-da. Xanjardan ham, qilichdan ham oʻtkir edi! Daraxtning mayda sho-xchasini havoga otib, tushayotgan mahali bir ursam, ikkiga boʻlib tashlaydigan darajada keskir edi.

Soʻqmoq chetidan unga yuzlanib, oldga xiyol enkayib, surila-surila oʻtib olishni koʻzlaganim aniq. U esa choʻnqayganicha, shiddat toʻla nigohini mendan uzmasdi.

Miltiq olmaganimni qara! Miltigʻim boʻlsa, toʻngʻiz oʻqi bilan bir otishda jonini jahannam-ga joʻnatardim. Toʻngʻiz oʻqi tekkan joyini yirtib-kuydirib oʻtadi. Yaqinroqdan otilsa suyaklarini ham sindirib, bahaybat boʻlsa-da, bir necha quloch nariga uloqtirib yuboradi.

Boʻrining yollari yanada hurpaydi, old panjalari bilan yerni timdaladi.

Hozir tashlansa-chi!

Shu mahal ancha naridan, toʻqay ichkarisidan uvillagan boshqa bir tovush eshitildi.

Soʻqmoq chetidagi raqibimning yollari pasaydi, koʻzini mendan uzib, tovush kelgan tomonga bir qarab qoʻydi. Shunda nigohidagi shiddatning gʻoyib boʻlganini payqadim. Ortiga tisarildi, ammo sira shoshmasdan, viqor ila oʻgirildiyu oʻsha tomonga yoʻrtib keta boshladi.

E, tushundim! Boʻrilar oila boʻlib yashaydilar. Uning ham oilasi bor-ku?

Ha, boʻri oila quradi. Nariroqda, toʻqay ichkarisida ini boʻlsayam ajabmas.

Boʻri bolalari qanaqa boʻlishini bilaman, bolaligimda koʻrganman-ku? Kulrang tumshuqlari-ning uchi qop-qora, goh havoni iskab, goh bir-biriga suykanib lapanglab chopadigan, toʻlpoqligi-dan goho yiqilib-agʻanab ham tushadigan uch-toʻrtta joʻjiqlari boʻlsa ehtimol.

Har holda, u yerda bir oila yashar, erkak boʻri esa mening, yaʼni choʻl bagʻrida oʻzicha kuymalanib oʻtin toʻplab yurgan odamning qiyofasidagi xatarni sezib, yoʻl yoqasiga bola-chaqasini himoya qilgani chiqqanga oʻxshaydi.

Kim bilsin, balki qishloq tomon yoʻl olgandiru ammo meni koʻrib, niyatidan qaytgandir?

Ajabo, meni yov xayol qildimikin?

Men ham uni yov xayol qildim-ku?

Ortimga chekinsam, hamla qilmasligi mumkinmidi?

Ammo, mendayam bola-chaqa bor-ku?

Ortimga qaytsam ham boʻlardi, albatta. Lekin, oldinda – qishloqda mening ham bolalarim bor. Ortimga chekinsam, shu boʻri yoki toʻdadagilari qishloqqa daf qilsalar nima boʻladi? Mol-hol, qoʻy-lar-ku mayli, bolalarimga chang solsa-chi?

 

* * *

Qishloqda odam koʻp, hammamiz bir jamoa kabimiz.

Toʻy-marosimlarda barimiz toʻplanamiz. Katta qozonlarda oshlar pishadi.

Bekorchilar qozonga oʻtin yoqilmasidanoq koʻcha bazmini boshlab yuborishadi. Ust-boshi anchayin toʻzgan kishilar shunaqa marosimlarda biroz yayrashadi.

Yomgʻirlaru qorlar yoqqanida ham shu manzara oʻzgarmaydi. Bizning taraflar faqat bahor va yoz oylarida jonlanadi, xolos. Kuzda hammayoq loy-balchiqqa aylanadi, qish kelishi bilan harakat, da-raxtlar uyquga ketgani kabi susayadi. Moʻrilardan koʻk va qora tutun hovur aralash chiqa boshlaydi. Yerlarda gʻoʻzapoya va makka poyalari qorayib, ilvirab yotganini koʻrasiz.

Uy ishlari bilan mashgʻul edim. Koʻcha tarafdan birov chaqirdi.

Qarasam, qoʻshnim ekan.

– Ha, kiravermaysizmi? – dedim salomlashib.

– Gap bor, – dedi. – Aytib qoʻyay dedim, kecha tunda qishloqqa boʻri oralabdi.

– Yoʻgʻ-e!? Birovga zarari tegmabdimi ishqilib?

– Tegmabdi. Qishloq chetidagi uyning tomorqasigacha kirib kelibdi. Uy egasi xavotirlanib tashqariga chiqsa, doʻngga choʻnqayib oʻtirib, oyga qarab uvillayotgan ekan. Kuchuklarning ovozi oʻchib ketganmish. Qoʻylar ham qoʻrqqanidan qoʻraning bir chetiga gʻuj boʻlib olishibdi.

– Guzarda kishilar toʻplanyapti, – dedi keyin. – Bu yil ham qish ogʻir keladi shekilli. Mas-lahatlashib olaylik, siz ham chiqarsiz?

– Hozir boraman, – dedimu toʻnimni kiyib, ortidan ergashdim.

Haqiqatan ham, guzarda oʻn-oʻn besh chogʻli erkak toʻplangan, yana boʻri kelib qolsa nima qilish kerakligini gaplashib turishardi.

Qishloqning uch-toʻrt xonadonida miltiq bor ekan. Qolganlar bolta, ketmon, bolgʻa kabi anjomla-rini tayyorlab qoʻyadigan boʻlishdi. Kimdir dasht tarafga borib tuzoq qoʻyib keladigan boʻldi. Yana, kimki boʻri koʻrsa sas chiqarsin deyildi. Hamma hushyor yotsin, tiq etgan tovush eshitishsa, chopib chiqishsin. Qoʻy-qoʻzi-ku mayli, ammo odamga tashlanib qolsa bormi? Shu sabab, hushyor turgan tuzuk.

Qaytayotganimda havo ochiq, sovuq boʻlsa-da, osmon koʻm-koʻk, uylar ortidan, ikki-uch joydan tu-tun oʻrlar edi. Gʻoʻzapoya tutunimikin?

Gʻoʻzapoya tutuni koʻk boʻladi. Tut oʻtini esa yashiltob alanga chiqaradi. Tutunlarga qarab, kim ni-ma qilayotganini bilib olsa boʻlaveradi. Qoramtir tutun tandirga nam gʻoʻzapoya yoqilganini bildi-radi. Kimdir non yopmoqchi. Och-kulrang tutun xazon yoqilganining alomati. Ha, qaydadir non yopi-lyapti. Ana, shabada isini ham olib keldi: yongan oʻtinning va pishayotgan nonning isi.

Tumov-puchqoq bolakaylar koʻchada oʻynab yurishibdi.

Tunda qoʻshnilar bilan qishloqning shimol tomoniga chiqdik.

Kimdir kapa tikdi. Kapa ichida yotibmiz.

Havo sovuq, osmon toʻla toʻngʻigan yulduz. Goho yorugʻ iz qoldirib uchadi. Har tarafdan chirigan xas-xazon isi keladi.

Dasht adogʻidan ulkan oy samoga koʻtarildi. Hayal oʻtib, havolagani sayin kichraya bordi.

Yogʻdusi tungi dashtni yoritdi. Tevarakni oʻzgartirib koʻrsatdi.

Turib, atrofni diqqat bilan kuzataman. Butalar orasida harakat sezilganday boʻladi. Lip etib bir nima oʻtadi. Yoʻq, boʻri emas. Boʻri bunaqa lip etib kelmaydi. U xotirjam, aql bilan ish tutadi.

Uch-toʻrt kun shu tarz qoʻriqlab yotdik, ammo boʻridan darak boʻlmadi. Yoshroq yigit-yalanglar ot surib, atrofni kezib chiqishdi. Har holda oʻlja izlab yoki oʻzicha aylanib bir kelganu qishloqda jo-niga zugʻum qila oladigan kishilar borligini sezgach, bolalarini olib uzoqroqqa – emin-erkin dasht qoʻyniga, yemishi oz, ammo xavfsiz makonlarga ketgan boʻlishi mumkin.

Qish qattiq kelsa choʻlda yemish qolmaydi, deyishadi. Oʻshanda qishloqqacha tushib kelishi mum-kin. Yoʻqsa, hatto shunday kuchli hayvon ham inson koʻzidan qoʻrqadi, tik qaray olmaydi, odamlardan nari yurishga urinadi.

 

* * *

Kunlar-oylar oʻtar, bolalar ulgʻayar edilar. Turmush qiyin, urinib-tirishmasang sira boʻl-maydi. Bola-chaqa boqish, katta qilish osonmi? Ota olamdan oʻtgan, ona kasal, bolalar ulgʻaygan, yolgʻiz oʻzim urinib-tirishaman. Yonimga kiradigan, hamdard boʻladigan biron kimsa yoʻq. Tashvishim shu qadar koʻpki, qaylargadir bosh olib ketgim keladi. Ha, qaylardadir, uzoq-uzoqlarda bepoyon dashtlar bor. Hozir u yerlardagi butalarni ham oppoq bulduruqlar qoplagandir?

Dashtu dalalar, butalar uyquga ketgan. Havoda toʻlgʻin bulutlar ogʻir suzadi.

Ichimda yovvoyi bir hayajon bosh koʻtaradi. Oy yogʻdusi ostida yastanib yotgan oʻsha kengliklarga borgim keladi.

Ammo, bolalar katta boʻlishyapti-ku? Ularni oʻqitishim, uylab-joylashim kerak…

Ha, tashvishlarim moʻl. Ularni ado etish mening otalik burchim, bajarmasam boʻlarmidi? Am-mo bir nafasga boʻlsa-da, tin olgim keladi-da. Miyamni chirsillatar darajada ogʻir tashvishlar char-chatganida, bir nafas, atigi bir nafasgagina oʻsha yoqlarga ketsam… bepoyon kengliklarda koʻksimni toʻldirib bir hayqirsam, ozod-ozod, sarbast-sarbast chopsam deyman… Kim bilsin, butalar ostida nigohini menga xotirjam tikib turgan oʻsha boʻrini yana koʻrsam ham ajabmas.

Negadir uni vahshiy deb oʻylamasligim oʻzimni hayratga soladi. Balki, bolaligimda beozor oʻynaganim uchunmi? Yoxud qay bir jihatlarimda oʻzimni shu vahshiyga tenglashtirganim uchunmi? Men ham hududimni belgilab olganman, begona birov kirib kelishiga sira yoʻl qoʻymayman. Men ham goʻyo ovga chiqaman, yemish topib kelaman, u rizqimga birov chang solsa gʻajib tashlar alfozim bor. Shuni deb goh kimlar bilandir urishganman ham, kimlardir meni ham jarohatlagan, u jarohatlar-dan anchagacha oʻzimga kelolmay yurgan mahallarim ham boʻlgan.

Buta ostidagi boʻri nigohini mendan oladi, boshini boshqa yoqqa buradi, boʻynini koʻkka choʻzib, pastak, homila bulutlarga qaraydi.

Oʻzimni abgor, abjagʻi chiqib ketgan, ammo irodasi bukilmas qahramonday his qilganim gʻalat.

Inida bolalari boʻlsa, ehtimol.

Toʻlpoq, yunglari qoramtir, kuchukbolalarga oʻxshab ketadigan bolalari.

Bir-biriga suykanib-gʻingshib, tashqariga chiqishga urinayotgan boʻlishlari ham mumkin.

Bu safar ham u menga daf qilmasligini bilaman.

Yana duch kelsak, u tomon odimlayman, nigohlarimiz yana toʻqnashadi. Bu safar qoʻlimda oybol-tam yoʻq, ammo oʻzimga ishonchim kuchli.

Boʻri menga jim qarab turadi.

Ikki oila boshligʻi shu tariqa duch kelamiz.

…Bepoyon dashtu dalalarda boʻri toʻdalari kezib yuradilar. Oʻzlariga toʻdaboshi saylab oladi-lar. Qolgan boʻrilaru toʻdaboshiga mutlaqo boʻysunadilar. Hudud ham bepoyon, u hududga boshqa biror vahshiy kirishiga yoʻl qoʻymaydilar.

Baʼzilarining koʻksida, yelkalarida jarohat izlari boʻlsayam ajabmas.

Ajabo, mening hududlarim qayda edi, qaydan boshlanib, qayda tugagan edi?

Hayot deb atalgan dashtu biyobonning qay yerida edi mening makonim?

Boʻri-ku oʻz yoʻliga, ammo men insonman-ku? Tegramdagilar ham insonlar-ku? Nima uchun hudu-dimni belgilab olishim, begona kirib kelishiga yoʻl qoʻymasligim, nima uchun rizqimni talashib-tortishib topishim kerak?

Uyim, dasturxonim doimo ochiq, birov kirib kelsa xushhollik bilan oldiga topgan-tutganimni qoʻyaman, goh moʻl-koʻl, goh oz boʻladi. Shu odam meni yoʻqlab kelganidan boshim koʻkka yeta-di. Ha, bir qarashda gʻaribonman, bir qarashda kichikkoʻngilman, el qatori rizqini topib-tutib, el qatori bola-chaqasini katta qilayotgan bir mardumi musulmonman.

Shu dard ila turli yumushlarga uringanman, kimlardir rizqimga chang solib ham koʻrgan, chan-galidan yulib olgan mahallarim boʻlgan. Hayot meni ham yaralagan, u yaralarni goho men ham yarador kabi yalab-yulqayman, faqat bundan beozor uxlab yotgan bolalarim bexabar, bolalikning musaffo tushlari aro goho jilmayib, goh tamshanib uxlaydilar.

Goho toʻnimni yelkamga tashlab hovliga tushaman.

Juda yuksaklarda, benihoya olislarda kichkina oy suzadi.

Oy, men orzu qilgan oʻsha cheksiz hududlarni esimga soladi.

Kichkina shu makonimda bir-bir odimlayman.

Bedorlik azob beradi.

Shu tob, mana, umrning allaqancha qismi oʻtib, shiddatlar ilgʻar-ilgʻanmas susayib borar ekan, unutilib ketgan yovvoyi bir shavq ham ichimda uygʻonadi.

U shavq aro hududimdan chiqolmay tipirchilayman.

Bir siltanib, zanjirlarimni uzib, bepoyon dashtu dalalarga oshigʻich chopib ketgim keladi.

U yoqlarda hozir ham sovuqlar oʻynayotgan boʻlsa ehtimol. Kuzgi butalarni qirovlar qoplagan boʻlishi xam mumkin.

Oʻsha yerda bolaligimdagi viqorli va magʻrur hayvonni koʻrsam ajabmas.

Uning ham otasi allaqachon olamni tark etgandir? Men koʻrgan oʻsha toʻlpoq boʻri bolasi al-laqachon ulgʻayib, bir oilaning boshiga kelgandir? Uning ham men singari zuryodlari bordir, hozir, inida bir-birlariga suykanib, gʻingshib uxlashayotgandir?

Oila boshligʻining bedoru hushyor ekaniga shubha yoʻq.

Meni payqab, oʻsha xotirjam va sovuq nigohi bilan harakatlarimni chamalasa, bu yolgʻiz odam bolasi tunda, oy havolagan mahalda dashtu tuzga ne uchun keldi degan oʻy ila hushyor-hushyor boqsa ham ajabmas.

Men esa, yillardir xayolimda gavdalantirib yurganim shu manzaraning roʻyobga chiqqanidan oʻzimcha suyunaman.

U meni hushyor kuzatadi. Men esa istiqboliga odim otaman.

 

* * *

Qishlogʻim juda chetda, elektr ham tuzuk-quruq kelmagan, shamollarda, yomgʻirlarda oʻchib qoladi. Yozda hamma oʻz tashvishi bilan ovora, qishda esa yumushlar bir oz kamayadi, shunda toʻn kiygan, belbogʻ oʻragan kishilar koʻchalarda toʻp-toʻp toʻplanishadi.

Ancha narida, bir kishi tomda antenna tuzatadi, shabada ovozini olib keladi:

– Boʻldimi?

– Yoʻq, oʻngga bura!

– Koʻrsatdimi?

– Koʻrsatmay qoldi, orqaga bura!

Uzun terak yogʻochini uchiga mahkamlangan ikkita katta mis lappak lopillaydi.

– E, bugun kino boʻladi! – deb iljayishadi kishilar.

U kino urushda fashistlar qoʻliga tushib qolgan kishi haqida. Har yili ikki-uch marta koʻrsa-tiladi, voqea Polshada roʻy beradi, nimagadir qishlogʻimning kishilariga oʻsha kinoning voqeala-ri maʼqul kelib qolgan.

Fashist zobiti asirga bir stakan toʻldirib aroq quyib beradi. Asir och, ammo magʻrur. Aroqni bir simirishda ichadi, ustiga-ustak “Men birinchisidan keyin gazak qilmayman” deydi xoʻmrayib.

Qishloqdagilarga mana shu joyi maʼqul.

– Quy!

Quyiladi.

– Men birinchisidan keyin gazak qilmayman, – deydi iljayib qoʻshnim.

Bu hammaga yoqib tushadi.

Bu gal ham doʻkon oldida edik. Chiroq allaqachon oʻchib qolgan. Past tarafdan shovur kela boshladi. Besh-olti kishi hovliqib, baqirib-chaqirib kelar edilar:

– Boʻri! Boʻri!

Ziyofat hissi shamol uchirganday badar ketdi. Hamma oʻsha tomonga chopdi.

– Yana boʻri oralabdimi?

– Qayda ekan?

– Hech nima qilmabdimi?

Kelguvchilar qopda bir nimani orqalab kelmoqda edilar.

Yetib kelishgach, norgʻul, davangirday yigit:

– Jahannamga joʻnatdik, endi qishloq tinch boʻladi, – dedi iljayib.

Keyin qopni ostidan koʻtarib bir siltagan edi, ichidagi boʻri tanasi shalop etib loy ustiga tushdi.

Unga qaradimu ichim bir qalqib oldi.

U kuchli, baquvvat boʻri emas edi. Suyagi endigina qotgan, endigina kuchga toʻlib-yetilib kela-yotgan boʻri bolasi edi u.

Yunglari toʻqlashib ulgurmagan, tumshugʻidagi halqasi ketmagan, biqinida toʻngʻiz oʻqining ja-rohati qorayib turgan, koʻzi qotib qolgan… xullas, oʻlib yotar edi.

 

* * *

– Quy! – dedi qoʻshnim, shodon. – Biz ikkinchisidan keyin ham gazak qilmaymiz!

– Menga qara, – dedi keyin. – Buni terisini shilib olinglar-da, tirnogʻini kesib, uyga osib qoʻyinglar.

– Nimaga?

– Eskilardan qolgan bir gap bor, – dedi gʻolibona. Keyin koʻrsatkich barmogʻini nuqib, uqtir-di:

– Boʻrining tirnogʻi omad keltiradi. Unutma!

 

* * *

Oʻsha tun uxlolmay chiqqanimni bolalarim aytib berishdi.

Samoda nihoyatda toʻlin oy suzgani esimda. Uyga kelibmanu hovlida, soʻrida oyga qarab oʻtira-veribman. Koʻzimdan yoshim duv-duv oqar emish. Xotinim kelsayam, bolalarim kelsayam qaramabman, “Nimaga bunaqa oʻtiribsiz, uyga kirsangiz-chi” deyishsa, toʻngʻillab shunday javob qilibman:

– Kirmayman uyingga!

– Kiraqoling, charchabsiz, axir.

– Kirmayman dedim-ku?

– Voy, nima qilasiz bu yerda?

– Oyga qarab uvillagim kelyapti, xotin, – debman.

Shundan keyin toʻliqib-toʻliqib rosa gapiribman. Bilasanmi, ichimda bir boʻri bor, debman. Meni koʻcha-koʻyda indamas, yuvosh bir odam boʻlib yurishimga qarama. Umrim boʻyi oʻsha boʻri tashqariga chiqib ketmasin deb urinib keldim. Endi esa, hech boʻlmasa shu kecha qorongʻisida, hamma uxlab dong qotib yotgan mahalda oyga qarab bir martagina boʻlsin choʻzib-choʻzib uvillasam boʻlmaydi-mi axir, dermishman…

Ertasiga xotinim, bolalarim oʻzlaricha iljayishib “Yaxshi yotib turdingizmi” deya har doim-giday hol soʻrashganida koʻzlariga qaradimu bir nimani biladiganday kulimsirab turishganini koʻrdim. Nonushta mahali xotin har doimgi odatini qilib, oʻsmoqchilab “Kecha gʻalati-gʻalati gap-larni gapirdilarmi, xoʻjayin” deb soʻradi. Tungi voqealar esimda edi, albatta. Ammo oʻzimni unut-ganday koʻrsatib:

– Bekorlarni aytibsan! Tez-tez boʻl, ishga kech qolyapman, – dedim toʻngʻillab.

Boʻrimish?! Bor-yoʻgʻi bir vahshiy-da. Ishi odamlarga nuqul zarar keltirishdan iborat. Bizlar insonlarmiz-ku?

Bir xoʻmraygan edim, xotinning dami ichiga tushib ketdi. Ammo shundayam koʻzining bir cheti-dagi kulimsirash ifodasi ketmaganini payqadim. Bilmaganga olib, toʻnimni kiydim-da:

– Kelishimda goʻsht olib kelaman, kechqurun oʻzim sizlarga bir palov damlab beray, – deb, choponimni etagini qoqib koʻchaga chiqib ketayotsam, xotin ortimdan gapirdi:

– Unda manavini nima qilaylik?

Oʻgirilib qarasam, qoʻlida uzun oqish bir nima. Boʻrining tirnogʻi!

– Tashlab yubor, – dedim ensam qotib. – Omad keltiradi deb qaysi ahmoq aytdi senga?

– Oʻzingiz aytdingiz-ku?

– Hamma gapimgayam ishonaverasanmi, hazillashdim-ku? – dedim-da, har kungi ishimga-tashvishimga yoʻl oldim.

Shu tong chogʻida, kimdir dalasiga, kimdir xizmatiga, kimdir oʻqishiga, kimdir qarindoshini-kiga ketayotgan, har kungi tashvishlari bilan andarmon yuzlab-minglab kishilar kabi.

Yaʼni, el qatori…

 

Isajon SULTON

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.