Boltaboyning bolasi

0
158
marta koʻrilgan.

Tevarakdan allaqanday dori-darmonlarning achimsiq isi anqiydi.

Yelkasiga yelvagay tashlangan oppoq xalat tugmasini asabiy oʻynagan koʻyi shifoxona yoʻlagida betoqat yurinib turgan Qayum Ochilovich Idrisov qarshisidagi oynaband eshikka tez-tez umidvor koʻz tashlab qoʻyardi. U yon-bu yon sassiz, sharpasiz oʻtib qaytayotgan hamshiralar, xizmatchilar siyrak sochlariga quyuq oq oralagan, poʻrim ust-boshli, amaldornusxa bu kishiga beixtiyor bosh irgʻab salom berishadi. Xayollari parishon Qayum aka esa ularni deyarli payqamaydi.

Bir payt oynaband eshik ohista ochilib, koʻkish libosli, yalpoq yuz, qiyiq koʻz shifokor horgʻin chiqib keldi.

– Qalay, yangangiz yaxshimi? – deb soʻradi Qayum Ochilovich unga yuzlanib.

Shifokor xomush bosh chayqagan koʻyi eshigiga “Bosh vrach” deb yozilgan xona tomon yurdi. Qayum Ochilovich xavotir bilan unga ergashdi.

– Hozircha zarur muolajalarni qildik, aka, – dedi shifokor baland suyanchiqli stuliga oʻychan oʻtirarkan, – lekin yangamni Toshkentga olib borishingiz kerak. Zudlik bilan. Bilasiz, poytaxtda imkoniyatlar keng, mashhur mutaxassislar bor.

– Masalan, siz kimni tavsiya qilishingiz mumkin?

Bosh shifokor oʻsha oʻychan qiyofada stol ustidagi qogʻoz taxlamlarini nari-beri surdi.

– Masalan… akademik Vosilovni, yoki… oʻzimizdan chiqqan professor Moyliyevni…

– Moyliyevni?! – Qayum Ochilovich oʻtirgan joyida bir sapchib tushdi. – Anovi Boltaboyning bolasini aytayapsizmi?

Bosh shifokor mamnun bosh irgʻaganicha jilmaydi.

– Ha oʻshani. Adashmasam, u kishi sizga hamqishloq…

– Hamqishloqmas, – Qayum Ochilovich gʻijingannamo qoʻl siltadi, – qizilqoqlik, bizdan narida.

– Ha, endi-i… baribir sizga ham, bizga ham hamqishloq sanaladi-da, hammamizning faxrimiz, yosh boʻlsa ham respublikada koʻzga koʻringan kardiologlardan.

– Masalan, mening faxrim emas, soxta bir professorcha-da u! Hammani laqillatib yuribdi. Bor-yoʻgʻi bir bogʻbonning bolasi, nonini arang topib yeb yurganlardan, bunaqalardan ilmdor vrach chiqishiga, masalan, men ishonmayman.

Bosh shifokorning yuz-koʻzida olis poytaxtdagi hamkasbiga eʼzoz-ehtirom balqib turgan boʻlsa-da, ammo qarshisidagi amaldordan qoʻrqib ortiqcha tortishuvga botina olmadi.

– Bu mening fikrim, – deb mingʻirlabgina qoʻydi.

– Masalan, bizning fikrimiz boshqacha, – deya qad kerdi Qayum Ochilovich, – yangangizni biror bir chet mamlakatda davolatish niyatidaman, masalan… Germaniyadami, Isroildami, bunga siz siz nima deysiz, masalan?

– Ixtiyoringiz, lekin xorijda davolatish osonmas, serxarajat, sertashvish ish.

– Bu yogʻini oʻzimga qoʻyib beravering.

– Bilaman, balki sizday martabali kishiga qiyin boʻlmasligi mumkin, lekin oʻzimizda zoʻr mutaxassislar turganda, boshqa mamlakatni koʻzlash, menimcha, oqilona yechim emas.

Qayum Ochilovich yana tutoqib ketdi.

– Zoʻr mutaxassis deganingiz oʻsha Boltaboyning bolasimi? Masalan, men bunday mishiqilarni bir tiyinga ham olmayman.

– Ixtiyoringiz, – bosh shifokor vaqti ziqligiga ishora qilganday qoʻl soatiga koʻz tashlab qoʻydi, – xullas, yangam yana uch kuncha bizda yota turadi, keyin uyga ketishiga ruxsat beramiz, shu orada oʻzingiz biror qarorga kelarsiz, aka.

– Xoʻp, bugunoq masalaga kirishaman.

Qayum Ochilovich iddao bilan oʻrnidan turdi-da, eshik tomon yurdi.

Oʻsha Boltaboy deganlari aslida Qayum Ochilovich Idrisovga ona tomondan qandaydir tomirlari tutashgan, uzoq qarindosh hisobida edi. U butun oilasi bilan Kaltaqir etagidagi bogʻda ishlaydi, oʻsha yerdagi bir parcha tomorqani tirnoqlab amal-taqal tirikchilik qiladi. Qishin-yozin egnidan ohorsiz, olacha toʻn tushmaydi, qari eshagini qichab boqqa borib-kelib yuradi. Bu aslida badavlat odam, qurumsoqligidan yupun-yuvosh yuradi, deb kulishadi koʻplar. Hazil-mazax bilan uning ismiga atay “boy” qoʻshib “Boltaboy” deb atashadi. Shuning uchun ham butun urugʻ-aymogʻi bilan oʻqimishli, baland kursilardan tushmagan Idrisovlar Bolta akaning qarindoshligini tan olish nari tursin, koʻrganda ters qarab oʻtishga harakat qiladi. Ammo qari bogʻbon ahyon-ahyon bogʻning meva-chevalaridan, tomorqaning sabzavotlaridan koʻtarib, qiyshayibgina darvozdan kirib keladi. Keng-moʻl hovlidagi chorpoyaga omonatgina ket qoʻyib, uzundan-uzoq duo qiladi, undan-bundan suhbatlashgan boʻladi. U har gal qop qoʻltiqlab uy yonida qora berganida Qayum Ochilovichning afti burishadi, hoynahoy, biror yumush bilan kelgan boʻlsa kerak, degan oʻy xayolidan oʻtadi. Ammo Bolta aka bu uzoq qarindoshidan shu paytgacha hech qanday iltimos qilgan emas. Andak oʻtirgach, indamaygina ortiga qaytib ketadi. Shu qurumsoq cholning kenja oʻgʻli tibbiyot institutiga oʻqishga kiribdi, degan xabar bir zamonlar Qayum Ochilovichning ham qulogʻiga yetganday boʻlgan edi. Ammo unchalik eʼtibor bermadi. Buzoqning yugurgani somonxonagacha, deb dimogʻida kulibgina qoʻydi. Vo ajab, oʻsha bola bugun mashhur, hoziq shifokor boʻlib ketgan emish!

“Yoʻq, men bunday firibgarlarga ishonmayman, – deya xayolidan oʻtkazdi Qayum aka battar tajanglashib. – U shoxida yursa, men bargida yuraman”.

Yon-atrof kech kuzning sargʻish-qizgʻish boʻyogʻiga belanib yotar, kuni kecha sharros quyib oʻtgan yomgʻirda ivigan dov-daraxtlar diydirabgina turardi.

Qayum Ochilovich shifoxona eshigidan chiqishi bilanoq poytaxtda yashaydigan oʻgʻliga qoʻngʻiroq qildi.

– Xurshidjon, – dedi u uzun-qisqa salom-alikdan soʻng, – masalan, Germaniyagami, Isroilgami, zudlik bilan uchishga toʻgʻri kelyapti.

– Tinchlikmi, dada?

– Bilasan-ku, onangning yuragida dard bor, masalan, kecha shu yana xuruj qilib qoldi. Hozir tuman shifoxonasida yotibdi.

– Ahvollari yaxshimi? – Xurshidning tovushi titrab eshitildi.

– Tashvishlanma, hozircha tuzuk. Oʻgʻlim, onangni xorijda davolatib kelsak, degandim, masalan.

– Yaxshi boʻlardi, dada! Eng zoʻr kardiologlar Germaniyada deb eshitganman.

– Balli, bolam. Oʻsha yoqqa uchadigan samolyotga bilet-milet topib qoʻygin.

– Dada,-deb kuldi Xurshid,-u yoqqa toʻsatdan borib boʻlmaydi.

– Nega? Masalan, nima qilish kerak?

– Men avval internet orqali bizga kerakli manzilni topib, xat joʻnatay, murod-maqsadimizni tushuntiray, soʻng ularning javobiga qarab ish tutamiz.

Kompyuter, audio-vedio, internet degan zamonaviy daxmazalar aksariyat katta avlod vakillari kabi Qayum akaning ham ensasini qotirib, gʻashini qoʻzgʻar edi. Shu boisdan ham oʻgʻli hozirgina tilga olgan yumushlar oʻta murakkab, bosh ogʻriqli masaladek tuyuldi.

– Xurshid, – dedi u boʻshashib, – sen aytgan ishlar qancha vaqtni oladi, masalan… uni kim bajaradi?

Otasining dovdirashini sezib turgan Xurshid zavq bilan kuldi

– Dada, qoʻrqmang, bu koʻp vaqtni olmaydi, nari borsa, ikki kun ichida oʻsha manzillarni topib, xat joʻnataman, hammasini oʻzim bajaraman.

– Oʻzing bajarasan?! Sen… sen, masalan, ular bilan qanday tillashasan?

– Dada, men nemis tilini yaxshi oʻrganib olganman. Ular bilan oʻzim gaplashaman.

Eshitganlaridan Qayum akaning butun vujudi yayrab ketdi.

“Mana, haqiqiy oʻqmishli bola! – xayolidan chaqmoqday chaqib oʻtdi uning. – Allaqanday ketmonchilardan emas, Idirisovlar zurriyotidan! Xuddi shunday farzandlardan umid qilsa boʻladi. Institutni bitirgan yili ruscha, turkchani qoyillatardi, mana, ishga kirar-kirmas, nemis tilini ham oʻrganib olibdi, barakalla, ota oʻgʻil, barkalla!”

– Dada, nega indamaysiz, dada?

Xurshidning xavotirli tovushidan hushyor tortgan Qayum aka telefonni lab-dahaniga bosib, xushxandon qichqirdi:

– Eshitayapman, oʻgʻlim, eshitayapman, gapiraver.

– Xatimning javobi oʻn kunlar ichida maʼlum boʻlsa kerak

– Yaxshi, oʻsha payt yoningga boraman.

– Ovora boʻlib yurmang, dada, telefonda gaplashib qoʻya qolamiz.

– E-e-e… boraveraman, masalan, seni, nevarachamni sogʻindim.

– Ha-a… unda oʻzingiz bilasiz.

Qayum Ochilovich, chindan ham, oʻz bilganidan qolmadi… Oʻn kun kutishga sabri chidamay, hafta oxirida poytaxtga kirib bordi.

Ulkan shahar ming-mililon chiroqlar yogʻdusida yashnab, yarqirab yotardi. Keng, ravon koʻchalarni toʻldirib, chinqirgancha yelib oʻtayotgan avto – ulovlar oqimidan bosh aylanadi.

– Hali javob kelmadimi? – deb soʻradi u oʻgʻlini quchib, alqab, erkalab boʻlgach. – Bu nemislaringni qistab turmasang, qimirlashmaydi-yov…

– Kecha qaraganimda javobga koʻzim tushmadi, mana, hozir yana koʻramiz.

Xurshid shinamgina xona burchagidagi kompyuter tugmalarini bosdi. Qayum aka uning har bir xatti-harakatini zavq bilan kuzatib turar, koʻnglida mamnuniyat, gʻurur mavjlanar edi.

Shu orada dasturxon yoyib, qand-qurs keltirgan kelin norizo bosh chayqadi.

– Dadam yoʻlda charchab kelganlar, keyinroq kovlaysiz shu matohingizni.

– Kelinjon, mayli, xalaqit bermang, bi-ir qarab koʻrsin-chi, – dedi Qayum aka yostiqqa yonboshlab.

– Dada! – nogoh qichqirib yubordi bir payt Xurshid. – Ana, javob kelibdi!

Qayum Ochilovich oʻtirgan joyidan oʻrmalab kompyuterga yaqinroq bordi.

– Qani?! Qani, koʻr-chi, nimalar yozibdi, masalan…

Xurshid monitorda paydo boʻlgan nemischa matnni hijjalab oʻqishga tutindi. Otasi goh unga, goh ekranga betoqat koʻz tashlab turardi.

– Nimalar yozibdi, tezroq aytsang-chi?

Anchadan soʻng Xurshid otasiga taajjub aralash xayolchan tikildi.

– Gapira qolsang-chi, masalan, nega soʻnarasan? – dedi Qayum aka battar betoqatlanib.

– Bir yil avval bizda malaka oshirib ketgan toshkentlik professor Moyliyevga uchrashinglar, u barcha muammolaringizni hal qilib beradi, deyishibdi.

– Nima?! – Qayum Ochilovich bir sapchib tushdi, – Moyliyevga?! Anovi Boltaboyning bolasigami?!

Xurshid hanuz xayolchan, bosh irgʻadi.

– Ha, Ernazar Boltayevich Moyliyevga, ana, ishonmasangiz, oʻzingiz qarang, aniq-tiniq manzillari bilan yozib qoʻyilgan. Markaziy Osiyodan bizga murojaat qilgan barcha bemorlarni oʻsha professorga yoʻllayapmiz, Ernazar Boltayevich yetuk mutaxassis, deb yozishibdi.

Qayum Ochilovich hech narsaga tushunmasa-da, oʻgʻli ishora qilgan, ekran yorugʻidan yogʻdulanib turgan bitiklarga bir zum angrayib qaradi.

– Bundan chiqdi… bundan chiqdi, masalan… unga hatto nemislar ham tan bergan ekan-da, a, – dedi arang gʻudranib.

– Ha, shunga oʻxshaydi.

Shu payt xontaxta ustida yotgan Qayum akaning qoʻl telefoni jiringlab qoldi. Ammo oʻz xayollari bilan andarmon ota uni payqamadi. Xurshid uzatib, telefonni qoʻliga oldi.

– Dada, onam qoʻngʻiroq qilyapti, gaplashasizmi?

Qayum Ochilovich hardamxayollik bilan telefonni qulogʻiga tutdi.

– Al-yo.

– Assalomu alaykum, yaxshi yetib oldingizmi, dadasi?

– Ha, yaxshi.

– Xurshidjon, kelinim, nevaram qalay? Oʻynab-kulib oʻtirishgan ekanmi?

– Ha, hammalari tuzuk, senga koʻpdan-koʻp salom aytishyapti.

– Salomat boʻlishsin, ilo-yo, haligi… – deb bir zum jim qoldi ona, – haligi, Xurshidjonning xatiga javob kelibdimi?

– Ha, kelibdi, onasi, kelibdi. Germaniyaga ovora boʻp yurmanglar, masalan, Toshkentda juda zoʻr doʻxtur bor, oʻshanga uchrashinglar, masalan, unga biz ham tan berganmiz, deb yozishibdi.

– Kim ekan oʻsha doʻxtur, dadasi?

– Professor Moyliyev!

– Iya?! Anovi Boltaboyning bolasimi?

Qayum Ochilovich viqor bilan tomoq qirib oldi.

– Sa-al oʻylabroq gapirsinlar, Boltaboy emas, Boltaboy togʻa deng, axir. Masalan, u bizning ona urugʻdan-a… Palagi toza kishilar…

 

Luqmon BOʻRIXON

 

“Yoshlik”, 2015 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.