Boʻlib beramiz

0
87
marta koʻrilgan.

Yarim kecha Shodivoyning xotini Shodiya yuziga oppoq niqob qilgan. Qatiq surgan, ukrop, rediska, pomidor, ikkala koʻziga bodringdan tangadek qilib yopishtirgan.

Xullas, birdan koʻzi tushgan odam hushidan ketadi. U dong qotib xurrak otayotgan erini uygʻotyapti. Xurrakning ovozidan deraza oynalari zirillaydi.

– Dadasi, dadasi…

– Nima deysan?

– Boʻlib bersa boʻlarkan.

Shodivoy Shodiyani koʻrib yoqasiga tufladi.

– Yuragimni yorvoray deding-ku! Yo meni oʻldirmoqchimisan?.. Nima bu afting, tushimga arvoh kiribdimi deb oʻylabman. Nimani boʻlib beradi, kim boʻlib beradi, nimaga boʻlib beradi?

Xotini eʼtibor bermay javob berdi:

– Anavi, opam bor-ku, oʻsha…

– Nima boʻpti, tinchlikmi? Biror noxushlik yuz beribdimi? Meni qoʻrqitma, nima boʻldi, toʻgʻrisini ayt?

– Nega vahima qilasiz, tinchlik.

– Anavi Nazirani aytyapsanmi?

– Nega uyqusiryapsiz? Naziramas, Vazira…

– Xoʻp, yaxshi, oʻsha Vaziraga nima boʻpti?

– Yarim soatdan keyin aeroportga qoʻnadi.

– Men nima qilay, qoʻnsa, borib kutvolishim kerakmi?

– Nega gapga tushunmayapsiz, Turkiyadan kelyapti… Yangi mollar opkelayotgan ekan, meni buyurtmalarimni opkelyapti.

– Juda yaxshi boʻpti, puling boʻlsa ol, mendan nima xohlaysan?

– Xuddi naqdga olayotgandek gapirasiz, axir boʻlib-boʻlib beramiz.

Shodivoy bu tanish gapni eshitib tutab ketdi.

– Bunaqa savdo qilish qayerdan paydo boʻldi? Yaxlit bermasang, xuddi tekindek tuyuladi, boʻlib-boʻlib beramiz, keyin qilib beramiz, “gap” olganda beramiz, plastikdan beramiz. Aslida shu Nazira opangni…

– Naziramas, Vazira…

– Vazira opangni oyogʻiga chipqon chiqmadi-da, kunora yoʻldan keladi, voy-bu, buni charchamaganini, hammasini boshlagan oʻsha. Bunaqa biznes hech bir mamlakatda yoʻq, faqat bizda bor. Bizda hamma narsani tekinga olsa boʻladi. Tekinga boʻlmasa, boʻlib berishga olsa boʻladi. Amerika yoki Yevropada birortasidan bir narsa olib, pulini boʻlib beraman desang, nima boʻlar ekan-a?..

– Hayratdan yoqa ushlashsa kerak…

– Qanaqa yoqa ushlash? Shu zahoti politsiya chaqiradi. Mahalla magazini-ku, mayli, xohlagan narsangni olib, pulini ertaga opkelaman, deb ketaverasan.

Bu gapni eshitgan xotini zarda bilan:

– Shuncha gap oʻrniga yoʻq, deb aytsangiz boʻlmaydimi?

– Yarim tunda uxlagani qoʻyasanmi oʻzi, yoʻqmi? Men senga yoʻq deganim yoʻq-ku!

– Nega unda rozi boʻlmayapsiz?..

– Men ham Vaziraga oʻxshab boʻlib-boʻlib rozi boʻlyapman.

Erining gapidan xafa boʻlgan xotin:

– Men oʻzimga tufli, kuylak, yubka, sumka, sizga kostyum-shim buyurtirgan edim. Toʻy-tomosha, yigʻinlarga kiyadigan tayinli kiyimingiz yoʻq-ku, – dedi.

Oʻziga kostyum-shim borligidan xursand boʻlgan Shodivoy:

– Shunday demaysanmi, ishqilib bularni hammasini boʻlib-boʻlib beramizmi? – dedi.

– Yoʻlga ketayotganda bersak boʻladi, shungacha kutadi.

– Unday boʻlsa, ola qol! Ishqilib, pulini qistamaydimi?

– Yoʻq deyapman-ku sizga.

Shodiya ertasiga Vaziradan buyurtmalarni olib keldi. Oradan uch kun oʻtdi. Shodiya yarim tun oʻsha oppoq niqobda erini uygʻotdi.

– Dadasi, hoy dadajonisi…

– Nima deysan, Vazira kelyaptimi?

– Yoʻq, ertaga yoʻlga ketyapti…

Shodivoy choʻchib:

– Nimaa?.. – dedi.

Shodiya Shodivoyga erkalanib:

– Aytgan edim-ku sizga, yoʻlga ketguncha kutadi deb.

Er bu gapdan uh tortib yubordi. Ayoli esa beparvo:

– Nega “uh”laysiz axir, boʻlib-boʻlib beryapmiz-ku! – dedi.

 

Umid IKROM

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.