Bola yigʻisi

0
325
marta koʻrilgan.

Onamning jahli chiqqanini kamdan-kam koʻrardim. Ammo bu gal juda qattiq achchiqlandi. Opamnikiga ketayotgan edik. Tor koʻchaga burilishimiz bilan yigʻi ovozi eshitildi. Koʻcha chetida uch yoshlardagi bola yerga dumalab tajanglik bilan chinqirar, oppoq koʻylagi, ishtonchasi qora tuproqqa belangan edi.

 – Mashinani toʻxtat, oʻgʻlim, – dedi onam xira tortgan koʻzlarini oʻsha tomonga tikib.

 – Nima edi?

 – Toʻxtata qol, bolam, – deya onam maʼyus jilmaydi.

Ikkilanibroq toʻxtatdim.

Onam inqillab-sinqillab eshikni ochib tushdi. Uvishgan oyoqlarini uqalagancha oqsoqlana-oqsoqlana orqaga, bola yigʻlayotgan tomonga qarab ketdi. Men ham beixtiyor ergashdim. Bola hamon yerga dumalar, har dumalaganda quloqni teshib yuborgudek chinqirar edi. Uning tepasida oʻzi ham oʻpkasini arang bosib turgan yoshgina juvonga endi eʼtibor berdim.

 – Jinni boʻlib qolgan bu, – dedi juvon yigʻlamoqdan beri boʻlib. – Morojniy ober, dedi. Olib bersam bunaqa qilyapti.

Bola hamon chinqirib yigʻlar, xarxasha qilar edi:

 – Issiq manoj! Issiq manoj obering!

 – Unaqasini qayoqdan topaman! – Juvonning toqati toq boʻldi shekilli, dumalayotgan oʻgʻlini yerdan yulqib koʻtardi. Orqasiga bir-ikki shapatiladi.

 – Hoy, qizim, bola-ya bu, bola-ya! – onam chumchuqdek chirqillab juvonga yopishdi. – Kel, jonim, – dedi bolani bagʻriga bosib. – Kela qol, oʻzim senga issiq morojniy olib beraman.

Bola yigʻidan toʻxtamadi. Ammo avvalgidek tipirchilamasdi. Uning shunchalik jahlini chiqargan “sovuq manoj” oqib koʻylakchasining oldini shalabbo qilgan, boshdan oyogʻigacha loy edi.

 – Nimaga qarab turibsan? – dedi onam menga toʻsatdan. – Yo sen ham bolamisan? Bor, olib kel mashinangni. Hozir u-utaga boramiz. Di-ditga tushamiz-a?

Rostini aytsam, bolani shu ahvolda mashinaga oʻtqazgim kelmadi. Chet eldan keltirilgan yangi parolon gʻilof olgan edim. Hammasini rasvo qilib yuboradi endi. Noiloj mashinani tislantirib olib keldim, qovogʻimdan qor yogʻayotganini oʻzim ham sezib turardim.

Onam yoniga oʻtirgan juvonga tushuntirdi:

 – Bunaqada bola xuyli boʻlib qoladi, qizim. Aldab-suldab ovuting-da. Ana, di-ditga tushdik.

Bola endi yigʻlamas, ammo oʻpkasi toʻlib toʻxtovsiz hiqillar edi.

 – Qayoqqa ketayotgan edinglar, oʻrgilay? – dedi onam ayolni ham yupatuvchi ohangda.

Meni ona-bolaning qayoqqa borishi emas, oʻrindiqning qancha joyi loyga belangani koʻproq oʻylantirardi.

Ayol chimirilib oʻtirganimni sezdi shekilli, xijolat chekib shosha-pisha qoʻl siltadi.

 – Mana, keldik. Rahmat. Shu yerda trolleybusga chiqamiz. – U ovunib qolgan oʻgʻilchasini koʻtarib shosha-pisha mashinadan tushdi. – Katta rahmat, baraka topinglar.

Qarasam, xuddi oʻzim oʻylagandek: oʻrindiqning yarmi loyga belanibdi.

 – Qiziqsiz, – dedim jahlimni bosolmay, – hammaning ishiga aralashaverasizmi?

 – Nima hammaning ishi?

 – Birovning bolasi boʻlsa… Yigʻlasa, sizga nima? Yigʻlab-yigʻlab ovunadi.

 – Nimaga birovning bolasi boʻlarkan! – Toʻsatdan onamning jahli chiqib ketdi. – Yigʻlab turgan bolaning begonasi boʻladimi? Uyalmaysanmi shunaqa degani? Yigʻlab turgan norasidaga rahmi kelmagan odam – odammi?

Indamadim. Ammo bari bir oʻshanda onamni nohaq hisoblagan edim. Yoʻq, chamamda, onalarning biz tushunmaydigan, bizning oʻlchovimizga sigʻmaydigan oʻz olami borga oʻxshaydi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.