Bobomeros tuygʻu

0
135
marta koʻrilgan.

Saratonning chillasi. Mashinada choʻlga – choʻponning uyiga ketayapman. Ikki yon baland adirlik. Sayhonlik boʻylab ketgan ilon izi yoʻlning tuproqligidan past-balandi bilinmaydi. Peshonaga urayotgan quyosh nuridan bir xil rangdagi tuproq yoʻlga tikilgan koʻzlar toliqadi. Bunday vaqtda mashina boshqarish azob. Qora koʻzoynakda ham koʻz toladi. Shunda uzoqdan allaqanday sharpa jimirlab koʻrindi. Yaqinlashganim sari uning inson ekanligini angladim. Yoniga borib toʻxtadim. Manzilimiz bir ekan. Yoʻl uzoq. Suhbatlashib ketdik.

– Markazdagi bozordan sigir sotib olgandim, – deya gap boshladi oʻzini Rustam aka deb tanitgan yoʻldoshim. – Shu desangiz tuzalmas dardga yoʻliqdi. Na suv ichadi, na yemish yeydi. Bermagan dorimiz qolmadi. Vetirinar koʻrib, kasali yoʻq, dedi. Keyin bilsak yeroyinlabdi. Sigir nargi bet – Makidonning moli ekan.

Yeroyinlash… Qoʻshni tumandan koʻchib kegan Shuhrat akaning onasi ham shunday dardga chalingandi. Yetmishni qoralab qolgan momo yangi uyda yashay boshlaganiga bir hafta boʻlmasdan koʻrpa-yostiq qilib yotib oldi. Boshi aylanib, yuragi behuzur boʻldi. Hech bir dori-darmon kor qilmadi. Momoning farzandlari boshida parvona. Ikki kundan soʻng Shuhrat aka onasining aytgan gaplariga ishonib-ishonmay eski hovlisidan bir siqim tuproq olib keldi. Zaynab momo shu tuproq bilan boshini yuvdi, bir chimdimini choyga qoʻshib ichdi. Ajabo, oʻrnidan turolmay yotgan momo kechqurun katta hovlini aylanib chiqdi. Joʻyakda oʻsgan oʻtlardan yulib qoʻzilarga keltirib berdi. Soʻng, qoʻra oldida oʻtirib hovlining devor bilan oʻralmagan tomonidan yangi qishlogʻiga tikilib oʻtirarkan, “Yeroyinlaganim chin ekan-da, – deb oʻyladi, – Begona joy, boshqa tuproq, havosi ham farqli. Shunday boʻlgach, odam oʻz yurtining tuprogʻini qoʻmsaydi. Yeroyinlaydi. Bir siqim tuproqdan boshqa malhami yoʻq, tuzalmas dardga yoʻliqadi… Ay, Xudoyimning xoʻp ishlari bor-da!”

Xayol bilan boʻlib mashinaning old gʻildiragi chuqurga tushganini bilmay qolibman. Yoʻlning azobidan qiynalib:

– Rustam aka, shu yerdan koʻchib ketsangiz boʻlmaydimi? – deyman. – Qishloqqami, togʻ ham choʻldan yaxshi.

Bu gapimdan soʻng u kishi anchagacha jim ketdi. Uzoq-uzoqlarga termuldi. Kengliklarni endi koʻrayotgandek hayratlanib qaradi. Tagʻin gap boshladi.

– Uka, sizga bir voqeani aytib beray. Oʻtgan yil uyimizga qaldirgʻoch uya qurdi. Oʻsha qaldirgʻochni tutib qanotini boʻyab qoʻydim. Ishonasizmi, bu yil ham oʻsha qanoti boʻyalgan qaldirgʻoch keldi. Qanotdagi rang sal uniqqan, lekin tanib olsa boʻladi. Ular shuncha uzoqdan qanday topib keladi? Nega adashib ketmaydi. Yoʻlda qancha makonlardan oʻtib shu yerga keladi… Bizning ham uyamiz shu yer!

Rustam aka yana nimalarnidir gapirar, mening koʻz oʻngimdan, kamqatnov koʻchamizga birin-ketin kirib kelayotgan mashinalar ortidan qor kechib, sirpanchiq uchib yurgan bolalik chogʻlarim oʻta boshlaydi…

Ergash bobo oʻtov anjomlarini hovli oʻrtasiga olib chiqayotganlarning birini toʻxtatdi:

– Bu nimaga kerak – dedi, imkon qadar past ovozda. – Kunning shu sovugʻida uy tikish[1] shartmi?

– Vasiyat, – deydi Botir aka, bir oʻram chiyni koʻtarayotib.

Ergash bobo ogʻir dard qiynayotgandek yuzini tirishtirib, boshini sarak-sarak qildi. Bir muddat chuqur oʻyga tolib turdi-da, hovlidagi qalin qorni kurayotganlardan ikki kishini oʻtov tiklanadigan joyga boshladi. Soʻng joʻrovozda aytim aytib yigʻlayotgan ayollardan uch-toʻrttasi oʻtovni tiklay boshladi. Anjomlarni tashiyotganlar ularga koʻmaklashardi. Oʻtov tiklayotganlarning bir-birini soʻzsiz tushunib, shunga monand harakatlanishi, koʻz ilgʻamas ishoralar bilangina soʻzlashishlari, eng muhimi, qishning qalin qori oʻrtasida qad rostlagan oʻtov, biz bolalar uchun favqulotda qiziq hodisa edi.

Bir-necha yil oʻtib, oʻshanda Eldorning bobosi vafot etganini, u kishi vasyatiga koʻra oʻtovdan soʻnggi manzilga kuzatilganini tushundim. Ammo nima uchun bunday vasiyat qilgani-yu, oʻtovning nega kerakligi haqida oʻylab koʻrmagan ekanman.

“Bizning ham uyamiz shu yer!” – bu oddiygina qilib aytilgan gap naqadar teran. Oʻtovning “siri” yuragimning chuqur joyida daryoday toshib koʻzlarimda qalqdi. Nega shu choqqacha bilmadim? Anglamadim?! Axir bu odamlar azaldan qiru adirlarda, oʻtovda yashagan. OʻTOV – UY, QOʻRGʻON!

Vatan haqidagi oʻylarim shu yerdan boshlangan boʻlsa kerak. Ammo unga nisbatan hissiyotim, bolalik merosi ekani aniq. Ukam “kelib”, beshikdan uzoqlashganimdan soʻng ancha vaqtgacha beshikni tez-tez hidlashimni, “men yotaman”, deb xarxasha qilganimni onam aytib berganlarida, bunga necha bor amin boʻlganman. Soʻng bobomning ogʻir tin olib burungʻi zamonlar haqida gapirganlarida nega koʻksim jimirlaganini anglab yetgandekman…

Bobom qoʻlidagi piyolani yerga qoʻyib, uzoqqa jim termuladi. Oʻtmishning ogʻir kunlarini eslab, koʻzlaridagi yosh qalqib yuzini yuvadi. Xalqning begunoh farzandlarini arzimas bahonalar bilan xalq dushmaniga, quloqqa aylantirilgan vaqtlarni xotirlab oʻtmish ertaklaridan soʻzlab beradi.

– Ne kunlar oʻtmadi, bu eldi boshidan. Ha-a, senlarday boʻz bolaman. Qizil askarlar otamni, eshon, mulla, deb olib ketdi. Bobom bilan kitoblarni koʻmdik. Hech qancha vaqt oʻtmay bobomni ham quloq qilishdi… Ey, bu kunlar Olloh bergan neʼmat, buni bilgan biladi.

Bobom buni bizning ham bilishimizni istaganlari uchun shu gaplarni takror-takror aytib bergandirlar. Xalqning oʻz yurtida begonaday boʻlmasdan, ona tilida erkin soʻzlamogʻi naqadar baxt ekanligini bizga shu yoʻsinda singdirmoqchidirlar…

Oʻsha zamonlarda gunohi neligini bilmay ketgan elning eng sara botirlariga oʻz oʻtovi nasib etmadi. Bu qismatdan yuragimiz alamga toʻlib, qishning qirovli kunlarida tishimizni tishimizga bosgancha armonli koʻzlarimizni koʻkka tikib oʻtmadikmi?! Shukurki, ildizi chuqur ketgan daraxt uzoq yashaydi (bobomning gapi). Bu zaminning tarixi necha ming yillarga borib taqaladi. Eng qadimiy shatranjning bizning tuproqdan chiqishi, oʻtmish kamolotini qay darajada aniq belgilagan boʻlsa, qadimiy anʼanayu qadriyatlar toʻylarimizda, turmushdagi baʼzi amallarda, xususan Navroʻzda koʻzga yaqqol tashlanishi asrlar silsilasida yoʻqolmay kelgan oʻzlik, milliy gʻurur, ildiz teranligidan shahodat. Bu holat Alpomishni baralla kuylayotgan, Vatan deganda allaqanday toʻr sim bilan oʻralgan makonni emas, soʻrida shukronadan yuragi toʻlib oʻtirgan onasini, beshikda tugʻdona oʻynab zavqlanayotgan bolasini koʻz oʻngiga keltiradigan xalq uchun naqadar yarashiqli.

 

***

Doʻmbiraning tovushidan odamlar daryodek toʻlgʻonadi. Baxshi bor mahoratini “Alpomish”ga sarflaydi. Koʻzlarimni yumib, dostonga singga boshlaganimni sezaman. Atrofga qarayman. Togʻ. Boysun-qoʻngʻirot. Otlar dupur-dupuri. Olisdan Alpomish koʻrinadi. Yoshu qari, erkagu ayol sallasi-yu roʻmoli oyogʻiga oʻralib yugurgancha unga peshvoz chiqayotir. Alpomishning koʻksida gʻurur, elning koʻzida surur. Har qadamda oʻsha shodiyonadek katta doshqozonda osh pishadi. Yurtda toʻy! Toʻyki, Alpomishniki. Xalqniki. Unga koʻzlarida quvonch tovlanayotgan doʻmbiraning kuyi esh boʻlayotir. Baxshi daryoday toshadi. Sherday naʼra tortadi. Elning yuzida minglab quyosh balqiydi. Beixtiyor tanimning qattiq tebranishidan ilkis boshimni koʻtaraman. Doston allaqachon tugagan. Endi Baxshi shoʻx terma aytmoqda. Oʻsha tunda supada yulduzli koʻkka tikilib yotarkanman, qizim bolalarcha shirin tili bilan opalaridan oʻrganganini zoʻr ishtiyoq ila soʻzlaydi:

– Biy Alpomish boyyakan, biy oti boyyakan…

Uning gaplari supa atrofidagi gullar hididek meni sarxush qiladi. Hovlidagi daraxtlar koʻzimga Hizrdek koʻrinadi. Qizimni bagʻrimga bosaman. Uning yuziga uzoq tikilaman. U mening koʻzlarimga boqadi. Zoʻr kashfiyot qilganday “ana Munavay” deya, quvonib kuladi, koʻzimda oʻzining aksini koʻrib. Koʻzlar bir zum bir-birga termuladi. Uning nur toʻla koʻzlarida, bugunim va ertangi kunim namoyon boʻladi. Bolaligimning yorqin xotiralari jonlanadi.

Boysun. Togʻ. Turna qator boʻlib yolgʻizoyoq yoʻldan, Hazrat Sulton Valiy Balogardon qadamjolariga yoʻl olganmiz. Oldinda yuklarimiz ortilgan ot, soʻng erkaklar, ularning ortida ayollar va biz bolalar. Buyuk qalʼa devorlaridek atrof togʻ bilan oʻralgan. Onam ukamni koʻtargan. Meni qoʻshnimiz Shahar momo opichlab olgan. U kishining baland kasabasidan[2] goh koʻrinib goh koʻrinmayotgan oldindagi choʻqqiga qarab kelaveramiz. Yaqinlashganimiz sari kattalashib borayotgan togʻ etagidagi kattakon tosh yonida toʻxtaymiz.

Tuya choʻkdi. Bu oʻsha toshning nomi. Toshning-da oʻziga xos tarixi bor. Burungʻi zamonlar. Hazrat Sulton Valiy Balogardon yashagan davr. Oʻlkani yogʻiy bosadi. Ular nihoyatda koʻp va beshafqat edi. Hazrat xalifasi Nazarmuhammad bilan kelarkan, ortlaridan dushman yaqinlashib qoladi. Shunda ul zot tuya yetaklab kelayotgan xalifasiga:

– Tuyani tobaga[3] torting, tobaga, – deydi.

Odam bolasi chiqa olmaydigan devordek tik, silliq toshda xalifa Nazarmuhammad loyda yurgandek, iz qoldirib uning tepasiga chiqib boradi. Xalifaning ortidan borgan tuya, toshning ustida yotadi. Tuyaning yotgan joyi ham chuqur iz boʻlib qoladi. Buni koʻrgan dushman navkarlari bu zotlarning oddiy inson emasligini, shunday ulugʻlari bor xalqni mavh etib boʻlmasligini tushunib, “Bu yogʻi omonligʻ boʻlsin”, deb ortlariga qaytadi. Omonxona nomi shundan qolgan, deyishadi.

Shahar momo xalifaning hozir ham aniq bilinib turgan toshdagi izlarini, yuqorida tuyaning choʻkkan joylarini bizlarga koʻrsatib, elni dushman bosqinidan saqlanib qolishiga sababchi boʻlgan toshni tavof etgudek boʻlib:

– Bu elga hech boʻlmaganda shu toshdek naf keltirish kerak! – deydi.

 

***

Birodarim, men Vatan haqida balandparvoz soʻzlarni gapira olmayman. Ammo, qishlogʻimda ungan yontoqning guli koʻzlarimga bahorning ilk chechaklaridek quvonch baxsh etadi. Shahar transportidagi yetti yot begona chiptachi yigit ming yillik qadrdonimdek boʻlib koʻrinadi.

 

***

Ha, shunday oʻylar bilan band edim.

– Ey, rahmat sizga, uka, ha, demasa oʻtib ketarkanman, koʻzim ilinibdi. Mana shu koʻrinib turgan uy – bizniki. Guzar ogʻib oʻtganda tushing – mehmon boʻling, – Rustam akaning gaplaridan sergak tortib mashinani toʻxtataman.

Rustam aka uyiga shoshilardi. Uyiga…

 

Boboravshan GʻOZIDDINOV

 

“OʻzAS” da eʼlon qilingan.

 


[1] Uy tikish – oʻtov tiklash.

[2] Kasaba – ayollarning baland bosh kiyimi.

[3] Toba – katta silliq tosh.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.