Biz Glendani shunday yaxshi koʻrardik

0
232
marta koʻrilgan.

Xulio KORTASAR

 

Bunaqa boʻlishini oldindan kim oʻylabdi, deysiz. Kimdir birov kinogami yoki teatrgami ketayotganda, oʻziga oʻxshab oʻsha yerga borayotgan odamlar haqida oʻylab ham oʻtirmaydi: kiyinib boʻlgach, film qachon boshlanishini, joyi qayerda ekanini soʻrab yana bir karra qoʻngʻiroq qiladi, yo oʻn birinchi yo yettinchi qator, nimqorongʻilik va musiqa, hech kimga, ayni paytda hammaga tegishli maskan, hamma – bir xilda tamoshabin, erkaklaru ayollar, gʻuj-gʻuj odam, lekin hech kim yoʻqdek, ora-sira kech qolib bezovta qilayotgani uchun uzrxonlik, norozi ohangdagi shivirlashlar, kim kimga eʼtiroz bildiryapti – nomaʼlum, doimiy osoyishtalik, nigohlar sahnaga yoki ekranga qadalgan, yon-verida kim oʻtiribdi-yu, nimalar boʻlayapti – hech kim qiziqmaydi, holbuki, zal toʻla odam… Xuddi shunga oʻxshab, reklamalaru kinoteatr oldidagi uzundan-uzoq navbatlarni koʻrib, gazeta-jurnallarda tinimsiz eʼlon qilayotgan taqriz va maqolalarni oʻqib ham, Glendaning muhlislari bunchalar koʻp ekanini bilmas ekanmiz.

Uch yil, narisi bilan toʻrt yil boʻldi shu voqealarning boshlanganiga, hozir bu fikrning birinchi boʻlib kimdan chiqqanini hech kim aniq aytib berolmaydi, qisqasi, vaqt oʻtib biz asosiy guruh, yoshlar esa klub, deya nom qoʻygan oʻsha qandaydir birlashma tashkil etish gʻoyasi qachon – kinoni koʻrib chiqqach, bir qadahdan musallas ichib oʻtirgandami, suhbat qiziganida yoki jimgina xayol surayotganimizda vujudga keldimi, tavba, Urasusta bilan Diana Riveroning ham allaqachon esidan chiqib ketgan boʻlsa kerak.

Aslida bu hech qanaqa klub-plub emasdi, oddiygina Glenda Garsenni yaxshi koʻradiganlar davrasi edi, vaholanki, uning isteʼdodi bilan ijodiga yuksak baho berishdan nariga oʻtmaydigan muxlislardan ajralib turishimizga shuning oʻzi ham kifoya qilar edi. Zotan, Glenda yorqin isteʼdodi bilan bizni ham mahliyo etib, chinakam sanʼatga oshno qilgan edi, shuningdek Anuk, Merilin, Anni, Silvana hamda – boʻlmasam-chi – Marchello, Iv, Vittorio va Dirk singari aktyorlar ham yuragimizdan oʻrin olgandi, lekin biz faqat Glendani chinakamiga yaxshi koʻrar edik, aynan shuning uchun, mana shuning sharofati bilan guruhimiz tashkil topdi va shakllandi hamda qattiyan oʻz maqomini belgilab oldi; bu sabablarni yolgʻiz oʻzimiz bilardik – buni hech kimga aytmasdik, keyin-keyin, bir muncha vaqt oʻtib, bitta-yarimta Glendaning muxlislari bilan tanishib qolib, ular bilan bordi-keldi qilib yurib, uzoq davom etgan suhbatlardan soʻng kimki Glendani chin dildan yaxshi koʻrishiga oʻzi ishonib qolmay, bizlarni ham ishontira olsa, dilimizda bu tuygʻularni oʻshanga inonib aytardik.

Diana bilan Irasusta tashkil etgan uyushma sekin-asta kengayib borardi. “Qor uzra yolqin” filmi ekranlarga chiqqan yili biz nari borsa olti yoki yetti kishi boʻlsak, “Zebolik tuhfasi” ishlanganda uyushma aʼzolarining soni haddan tashqari koʻpayib, oqibatda ayrimlar oʻzlarini allakim bilib, uncha-muncha narsani mensimaydigan boʻlib borayotganlarini sezib qoldik. Biz – Irasusta, Diana va yana ikki uch kishi oʻzaro fikrlashib talabchanlikni oshirish, sinamasdan va viskixoʻrlik paytida oʻzini dono hamda fidoyi qilib koʻrsatishni yaxshi koʻradiganlarni imtihon qilmasdan (O, Buenos-Ayres, London va Mexikoga xos bu tungi imtihonlar) olmaslikka qaror qildik. “Omonat baxt” premyerasi kuni Glendani yaxshi koʻradiganlar biz oʻylagandan hiyla koʻproq ekaniga taassuf ila iqror boʻldik. Kinoteatrda tez-tez uchrashib qolishlar, film tugagandan keyin koʻz urishtirishlar, sarosimaga tushgan ayollarning parishon chehralari va alamini ichiga yutgan erkaklarning sukut saqlashi – allaqanday nishonlaru shartlashgan soʻzlardan koʻra bizni ochiq ravshanroq ajratib turardi. Bir-birimizni soʻzsiz, bexato topib olardik, qisqasi.

Aql bovar qilmaydigan bahonayu sabablar izmi ixtiyorida beixtiyor hammamiz shahar markazidagi bitta qahvaxonaga borib qolardik. Alohida-alohida turgan stollar birpasda birlashtirilar va hamma kelishib olgandek bir xil kokteyl chaqirar, ana shundan soʻng kerak-nokerak gumon va ikkilanishlarni yigʻishtirib qoʻyib, bir-birimizning eng soʻnggi filmning eng soʻnggi sahnasida oxirgi kadrdagi Glendaning hali oʻchib ulgurmagan siymosi aks etib turgan koʻzlarimizga tikilib qarashga botinardik.

Kim biladi, yigirmata edikmi yo oʻttiztami – qisqasi, necha kishi kelganimizni baribir bilolmasdik. Chunki Glenda ishtirok etgan filmlar baʼzan bitta kinoteatrda oylab namoyish etilar, baʼzida esa bir vaqtning oʻzida ikkita yoki toʻrtta kinoteatrda qoʻyilardi. Bir safar – kutilmagan hodisa – u hatto sahnada, “Quyushqondan chiqqanlar” spektaklidagi yoshgina qotil qiz rolini ijro etdi va qanchadan qancha yangi muxlislar orttirdi, el-yurt olqishiga sazovor boʻldi, biz esa buni jiddiy qabul qilmadik. Oʻsha paytda biz juda inoqlashib ketdik, oʻzaro bordi-keldi qiladigan boʻldik, toʻgʻrisini aytganda asosan Glenda haqida gurunglashib oʻtirgani bir-birimiznikiga mehmonga borardik. Avval boshdanoq Irasusta bir ovozdan uyushma rahbari sifatida tan olingandi, holbuki, bunga u hech qachon daʼvo qilmagan, Diana Rivero esa goʻyo uning ishonchli vakili – oʻrinbosari edi, u asosan bizga qoʻshilish niyatida boʻlgan nomzodlarni “elakdan oʻtkazar”, ular bilan suhbatlashar – saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib, bizni betayin va olgʻir muxlislardan asrar edi. Dastlab mustaqil assotsiatsiya sifatida dunyoga kelgan narsa endi jamoatchilik asosidagi tashkilotga aylana boshladi va dastlabki paytlardagi, yengil-yelpi savol-javoblar oʻrnini aniq maqsadga qaratilgan suhbatlar, konkret muammolar egalladi. “Zebolik tuhfasi”dagi xatoga yoʻl qoʻyilgan epizod, “Qor uzra yolqin” filmining intihosidagi soʻnggi iddaolar, “Omonat baxtdagi” sharmu hayosiz lavha haqida savollar beriladigan boʻldi. Glendaga nisbatan koʻnglimizdagi mehr-muhabbat shunchalar kuchliligidan hammaslak boʻlmagan muxlislar, sharm-hayosiz qiz-juvonlar, aravani quruq olib qochadigan mahmadonalar bilan mutloqo murosa qilgimiz kelmasdi. Hatto shu sababdan boʻlsa kerak, bir odat joriy etildi (qayerdan, kim tomonidan – tagiga yetolmadik baribir): Glenda ishtirok etgan film markazda qoʻyilsa, juma kunlari, chekka tumanda takroran namoyish etilayotganda esa hamma koʻrishga ulgurishi uchun bir hafta kutar edik, yaʼni keyingi uchrashuv muddati surilardi; barcha vazifalar qatʼiyyan belgilab qoʻyilgan boʻlib, soʻzsiz itoat etilardi, aks holda, jazo tariqasida Irasustaning nafrat va istehzo toʻla kulgisi yoki Diananing oʻta koʻngilsiz, oʻt chaqnagan nigohiga duchor boʻlishardi.

Oʻsha kezlarda bizning uchrashuvlarimiz boshdan-oyoq Glendaga bagʻishlanardi, bu yigʻinlar ochiqdan ochiq “Glenda” deb atarlardi – zero, Glenda har birimizning qalbimizda baayni yashar va shu vajdan oramizda tafriqa yoʻq va birligimizga hech qanday gumon va shubhalar rahna sololmas edi. Vaqti kelib ayrimlar botinib, asta-sekin, avvaliga istihola hamda ehtiyotlik bilan, boʻsh chiqqan epizodlardan hayron qolib yoki hafsalalari pir boʻlib, siyqa fikr yoki taqlidlarni ochiqdan-ochiq tanqid qilishga oʻtdilar.

Biz “Olifta” filmining taʼsir kuchini susaytirgan baʼzi yerlardagi kamchiliklar yoki “Sababini hech qachon bilolmaysan”ning yakuni uchun Glenda aybdor emasligini bilardik. Oʻsha rejissyorlarning boshqa asarlarini ham koʻrganmiz, syujetlari qaydan paydo boʻldi-yu, ssenariysini kim yozgan – hammasidan xabardor edik, ularga shafqat qilmasdik, shu sababli juda yaxshi tushunardikki, bizning munosabatimiz aktrisaga havas bilan qarashdan farq qiladi, faqat boshqalarning aybi tufayli yuzaga kelgan xom-xatala nomukammal asarlar Glenda shaʼniga dogʻ tushirmasligi uchun kuyinardik. Bizning yuksak vazifamiz, ehtimol, burchimiz haqida birinchi boʻlib Diana gapirdi, u asl niyatini ochiq aytib oʻtirmay odatdagicha, oʻziga xos tarzda – kinoya aralash shama qilib oʻtdi, ochigʻi, u bizni ochiqdan-ochiq xayrixohlik bildirishmaydi deb oʻylagan, shekilli, uning har bitta gapiga qoʻshilib, har bir fikrini maʼqullashimizdan boshi osmonga yetdi, biz ham kinozallarni toʻldirib oʻtirishlar, qahvaxonada diydorlashmoq endi talabimizga javob bera olmaydi, hatto Glendani bunaqa yaxshi koʻrib yurish ham kam ekaniga iqror boʻldik.

Biroq oʻshanda ham ochiq aytilmagandi ichimizdagi asosiy gaplar – balki unda ehtiyoj yoʻq edimi?! Glendani qalbimizda asrash baxti hamma narsadan muhimroq va bu baxt kamolotga erishgandagina toʻliq boʻlishi mumkin edi. Kutilmaganda filmlarda yoʻl qoʻyilgan kamchilik va nuqsonlar yomon taʼsir qila boshladi: biz “Hech qachon sababini bilolmaysan” filmining bu tarzda tugashini istamasdik yoki “Qor yuzidagi yolqin”da poker oʻyini chogʻidagi betayin epizod oʻzini oqlamagan deb hisoblardik (Glenda u yerda boʻlmasa-da, qay yoʻl bilandir uni ham isnodga qoʻyardi). Har doimgidek bizni istiqbolda kutayotgan vazifalarni Irasusta aniq belgilab berdi va oʻsha oqshom biz zimmamizdagi masʼuliyat yuki ostida ezilgancha hamda istiqbolda kutayotgan saodat haqida oʻylab, yaʼni nuqson va xiyonatlar Glendaning munavvar siymosiga zarracha gard yuqtirmasligiga ishonch baxsh etgan saodat umidida uy-uyimizga tarqaldik.

Biz toʻgarakka boshqa hech kimni qabul qilmay qoʻydik, burchimizni bajarish uchun odamlarimiz yetarli edi. Qolaversa, muhmal hur fikrlilik maqsadimizni amalga oshirishga toʻgʻonoq boʻlardi. Irasusta Reside-de Lobasdagi bogʻli koshonasida qurilgan tajribaxona haqida butunlay bitgandan keyingina ogʻiz ochdi. Shundan keyin hamma ish kelishib olindi va birinchi topshiriq “Omonat baxt” filmining hamma nusxalarini topib, yigʻib kelishga masʼul guruh tuzildi va uyushma aʼzolari oʻrtasida teng taqsimlandi, bu filmdan boshlaganimizning boisi, muvaffaqiyatsiz chiqqan oʻrinlari nisbatan kamroq edi. Masalaning moliyaviy tomoni haqida birov gʻing demadi, Irasusta Pichincheda qoʻrgʻoshin koni ochgan Govard Xyuz bilan sheriklik qilardi, pul boʻlsa changalda shoʻrva – barcha ishlari: samolyotlar, hamkorlik qiluvchilar, pora berish uchun pul masalasi osongina hal qilindi. Bizning idoramiz, idoraga qarashli korxonamiz ham yoʻq edi, “Xeygar Loss” kompaniyasining kompyuteri oldimizdagi vazifalar va ularning bajarilish bosqichlari tartibini programmalashtirib berdi. Diana Riveroning hammamizni birdan harakatga keltirgan gaplaridan ikki oy oʻtgach, tajribaxona ish boshlashga tayyor boʻldi; “Omonat baxt”dagi qushlar bilan bogʻliq boʻsh epizod boshqasi bilan, Glenda ijrosiga munosib meʼyor va dramatik holat haqqoniy aks ettirilgan boshqa bir lavha bilan sezilmaydigan tarzda oʻzgartirildi, baʼzilarning zikricha, toʻgʻrilandi. Film ekranlarga bir necha yil muqaddam chiqqan boʻlib, uning qayta jahon ekranlarida namoyish etilishi hech kimni hayron qoldirmadi: tomoshabinlar va muxlislarning xotirasi chetdan qaraganda gʻalati taassurot qoldirar ekan, biz ilgari koʻrgan, lekin vaqtiki kelib oʻzgarish kiritilgan yoki qisman oʻzgartirilgan narsalarni xotiramizning unutishi yoki oʻzgarishi orqali qabul qilamiz, shu nuqtai nazardan olganda Glendaning oʻzi ham filmning oʻsha epizodlarida roʻy bergan oʻzgarishlarni sezmagan boʻlsa, ajab emas. Darhaqiqat, uning matbuot konferensiyasida aytgan gaplari shu fikrni yuz joiz tasdiqlardi.

Biz tinim nimaligini esdan chiqarib yubordik; tajribaxonada amalga oshirilgan ishning samarasini amalda koʻrgach, paysalga solmasdan “Qor yuzidagi yolqin” bilan “Jodu” nusxalarini yigʻishtirib oldik; soʻng qayta ishlab, tuzatish uchun boshqa filmlar keltirildi, “Xeygar Loss”ning kompyuterchilari bilan tajribaxona xodimlari bir meʼyorda qizgʻin ish olib borishardi. Faqat “Zebolik tuhfasi” biroz qiynadi: arab amirliklaridagi neft kompaniyalarining magnatlari film nusxalarini butunlay sotib olib uylarida saqlashar ekan, uni oʻgʻirlab chiqib, (boshqa soʻz ishlatishning hojati bormi) oʻrniga boshqasini qoʻyib qoʻyish uchun turli hiyla-nayrang ishlatishga va odam yollashga toʻgʻri keldi, Tajribaxona pand bermay bir tekis va yuqori darajada ishlardi, boshida bunaqa puxta ish olib borishiga aslo ishonmagan edik, (tabiiyki Irasustaga koʻngimizdagi ishtibohni aytishga botinolmagandik), taaajub, hammadan koʻra Diana koʻproq ishonqiramagandi, lekin Irasusta “Sababini hech qachon bilolmaysan”ni koʻrsatganda va biz film yakunida Glendaning Romanolar xonadoniga qaytib kelmay mashinasida qoyatosh sari shamoldek yelib ketgani va oʻz tiynatiga sodiq qolgan holda toshqin daryoga gʻarq boʻlganini koʻrib, haqiqiy yakun mana shunday boʻlishi kerakligini his qilgandik, zero koʻnglimizda bu dunyoda ham benuqson kamolotga erishish mumkinligiga ishonch uygʻongan va Glenda biz uchun ana shunday barkamol boʻlib qoladi, deb xayol qilganmiz.

Albatta, eng qiyini nimani oʻzgartirish lozim, qayerini kesib tashlash kerak, montaj jarayonida nimalarga eʼtibor berish, bachkana, tuturuqsiz yerlarini qanday hal qilish edi. Har birimiz Glendani turlicha tasavvur qilar edik, qalblarimizga jo qilganimiz bilan bu Glendalar oʻrtasida tafovut mavjud edi, – ana shu narsa ixtilofga sabab boʻlardi, bahs-munozaralar asablarini qaqshatayotganlar, uzoq va atroflicha tahlil qilib tushuntirganimizdan keyin oʻzaro bitimga kelishar, ayrim paytlarda masala koʻpchilik fikrigʻa tayanib hal qilinardi. Afsuski, fikri inobatga olinmaganlar qabul qilingan yangi variantiga ichlari achishib qarashar hamda bizning oʻylaganlarimizga toʻla-toʻkis javob bermaydi, deb hisoblashar edi-yu, lekin ishonchim komilki qilingan ishlardan hech kimning koʻngli toʻlmay qolgan, biz Glendani shunchalar yaxshi koʻrardikki, natija hamisha oʻzini oqlash tugul, koʻpincha avval boshdan koʻzlaganimizdan afzalroq boʻlib chiqar edi. Baʼzi koʻngilsizliklar ham roʻy berib qolardi: “Tayms” gazetasida bir gazetxonning xati bosilib chiqdi, u “Qor yuzidagi yolqin” filmida uchta voqea, ilgari bu tartibda kelardi, hozir butunlay oʻzgargan, deya hayron boʻlsa, “Opinon”da sanʼatshunosning maqolasi bosilib chiqdi, u ochiqdan ochiq “Jodu”dagi bir sahna butunlay qirqib tashlanganiga norozilik bildirardi, uning taxminicha, bu riyokor amaldorlar siyosatidan boshqa narsa emas. Barcha holatlarda gazak olib ketmasligi uchun shoshilinch choralar koʻriladi; buning hech qiyin yeri yoʻq edi, negaki ommaga kaltabin toifa – u birpasda hamma narsani unutib yuboradi yoki nimani taqdim etsa, yangidek qabul qilib ketaveradi yoki oʻzi bir yangilik axtarishga beriladi, qisqasi, u yangilikka oʻch – yangilikparast, kino olami siyosat dunyosi kabi beqaror, buqalamunga oʻxshaydi, hammasi oʻzgarishdan bir lahza toʻxtamaydi, bu faqatgina bizga – Glendani jonidan ortiq koʻruvchilarga taalluqli emas, aslida bidʼat va ixtiloflarning doyasi boʻlmish uyushmada toʻsatdan boshlanib qoladigan bahs-munozaralar boʻlib, ular nihoyatda xavfli edi. Garchi biz oʻzimizni har doimgidan koʻra yakdil, burchimiz taqozosiga koʻra oʻzimizni hamjihat sezsak-da, ittifoqo bir kuni kechki payt siyosiy safsatabozlik illatidan tamomila qutulmagan “ahli donishlar”ning muborak ovozlari yangrab qoldi, ish avji qizigan paytda hammamizning oldimizga axloqiy muammolarni roʻkach qilib qoʻyishmoqchi boʻlishdi, ular oʻzimizga mahliyo boʻlib ketib, fil suyagiga yoki guruch donasiga jimjimador naqsh chizishdek hech kimga keragi yoʻq faoliyat bilan shugʻullanmayapmizmi, deya savol berishdi. Bunday ishbuzarlardan shartta yuz oʻgirish oson emasdi, agar shunday qilinsa, jamoaning tartib bilan bir meʼyorda olib borayotgan faoliyatiga putur yetar, chunki bizlar bamisli havoga koʻtarilgan samolyotning barcha murvatlari bir paytda baravar ishlagan uchun havoda parvoz qilayotgani kabi yaxlit va uygʻun organizmga aylangan edik, mabodo bitta murvat buzilsa yoki olib tashlansa, umumiy harakat butunlay toʻxtab qolishi aniq. Bu tanqidiy mulohazalarni, bizni kuch-quvvatini, gʻayrat-shijoatini behuda narsalarga isrof qilishdek nodonlikda ayblashlarini chidab eshitishning ham oʻzi boʻlmasdi. Shunga qaramasdan endi-endi nish ura boshlagan shakkoklik kurtaklarini hoziroq – vaqtida yulib tashlashga zarurat yoʻq edi, chunki hatto shu isyonkorlar ham bizga oʻxshab Glendani haddan ziyod yaxshi koʻrishardi, shu bois har qanday axloqiy qarashlar yoki nuqtai nazarlardagi ixtiloflardan qatʼi nazar, Glendaning kamoloti bizlarni ham, qolaversa, dunyoni ham barkamol qilajagiga ishonch hissi bizni bir umrga birlashtirgan edi. Holbuki, biz ortigʻi bilan ajru mukofotga sazovor boʻlgan edik, zero, bir faylasuf doʻstimiz behuda ikkilanishlar davrida qiyinchiliklarni bartaraf etib, avvalgi hamjihatlikni saqlab qola bildi; uning ogʻzidan, har qanday xususiy faoliyat tarixiy ahamiyat kasb etishi mumkin, insoniyat tarixida kitobning kashf etilishidek muhim kashfiyot yigit kishining bir ayol nomini tinimsiz takrorlash orqali abadiylashtirish istagining sharofati bilan voqe boʻlgan, degan naqlni eshitdik.

Xullas, biz Glendaning siymosi har qanday nuqson va qusurlardan xoli ekaniga ishonadigan kunlarga ham yetib keldik; uning siymosi jahon ekranlari orqali oʻzi orzu qilgan – biz bunga amin edik – darajada nur sochmoqda edi, ehtimol, shuning uchundir matbuotda uning kino olamini tark etishi haqidagi intervyusi bosilib chiqqanida unchalik hayajonlanmadik ham, fikrimizcha, Glendaning gʻayriixtiyoriy ravishda faoliyatimizga, hayotimizning mazmunini boyitishga qoʻshgan bebaho hissasi karomat ham emas, tasodif ham emasdi, bu oʻziga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbatimizni gʻoyibona his qilgan qalbning javobi edi goʻyo, yoki boʻlmasa, uning bu ahdu qarori yuragining tubida tugʻyon qilgan minnatdorlik tuygʻularining inʼikosi sifatida yuzaga qalqib chiqqandi; vaholanki, kino sanʼatiga mansub turli-tuman shunos-shunoslar uning tahsinga loyiq bu qarorini – ajoyib aktrisaning kutilmaganda sanʼatni tark etishini qadrdon goʻshasini bevaqt tashlab ketgan qushlar qismatiga qiyoslagan boʻlsalar, biz esa, aksincha, abadiyat sarhadlaridagi makonlariga qaytgan qushlarning ibratomuz ahdu qarori sifatida qabul qildik. Bizning quvonchimiz chegara bilmasdi: ogʻir kechinmalarga toʻla halovatsiz kunlar, uyqusiz tunlar ortda qoldi, zero, biz chekkan zahmatlarimiz evaziga baxshida etilgan neʼmatlardan bahramand boʻlmoqlik sharafiga noil va munosib edik. Endi oʻzimiz yaratgan bu olam ichra xotirjam yashasak boʻladi, chunki ertaga yana biror kor-hol roʻy bermasligiga ishonar hamda Glenda ishtirok etgan har qanday filmni bemalol, bexavotir tomosha qila olardik; biz xohlagan paytimizda dilimizga hadik va xavotir oralamasdan, bamisli xavf-xatardan xoli bogʻlarda chah-chah urib sayragan qushlar kabi yayrab-yayrab vaqtimizni oʻtkazar edik.

Afsuski, bu quvonchimiz uzoq davom etmadi. Glenda yashayotgan mana shu olamda yashab oʻtgan bir shoir qachonlardir: abadiyat zamon beqarorligiga maftundir, deb yozgan ekan, bir yil oʻtar-oʻtmas Diana koʻngilsiz gap topib keldi. Glenda yana kino olamiga qaytarmish, bu haqda oʻz ogʻzi bilan matbuot konferensiyasida aytibdi, sababi tushunarli – ijod uning hayot-mamoti, kinosiz, teatrsiz yasholmas ekan, tavsiya qilinayotgan filmlar ssenariysi maxsus uning uchun yozilgan va yaqin kunlar ichida suratga olish ishlari boshlanib ketar emish hokazo va hokazo. Oʻsha kezlari shahar markazidagi kinoteatrlarda “Zebolik sirlari” namoyish etilayotgan edi. Filmni koʻrgach, oʻzimiz oʻrgangan oʻsha qadrdon qahvaxonada yigʻilishib oʻtirgan oqshom hech birimizning esimizdan chiqmasa kerak.

Irasusta dilidagini ochiq aytishi shart emasdi, chunki hammamiz bunday adolatsizlik va xiyonat alamidan yurak-bagʻrimiz qon boʻlib oʻtirardik. Biz Glendani shunchalik yaxshi koʻrar ediki, azbaroyi xudo, ayblashga tilimiz bormasdi, rost-da, mashhur aktrisa boʻlgani uchun, boz ustiga, isteʼdodli va husn-latofatda tengsizligi uchun gunohkormi?! Hamma balo Glenda qaytib kelayotgan kino olamining harom-xarish, gʻirromlardan iborat ekanida! Mol-dunyo, obroʻ-eʼtibor, tomoshabinlar olqishi, Oskar kabi baloyu ofatlar biz shuncha mashaqqatlar evaziga bino qilgan ehromlarni koʻz ochib-yumguncha bemalol yakson qilib yuborishi mumkinligida! Diana Irasustaning kaftlariga kaftini qoʻyib: “Oʻzga chorasi yoʻq”, deganda u hammamizning nomimizdan gapirayotganini bilardi. Uyushma hech qachon bunchalik qudrat kasb etmagan va shu kuchni amalga oshirish uchun maqsadini bunchalik aniq va loʻnda ifoda etmagan edi. Biz ichimizda faqat bir kishigina oldindan biladigan kuni roʻy berishi muqarrar hodisadan hozirdanoq taʼsirlanib ruhsiz, shalviragancha uy-uyimizga tarqaldik. Biz endi qahvaxonada boshqa uchrashmasligimizni bilardik, bundan buyon har bitta odam oʻzi yaratgan saltanatda yolgʻiz yashashga mahkum ekanini ham chuqur bir armon bilan his qilardi. Irasustaga oʻxshagan bir soʻzli odam uchun bu ishni amalga oshirish xamirdan qil sugʻirgandek gap – buni hamma tushunib turardi. Bizlar xuddi erta-indin “Omonat baxt” yoki “Jodu”dan keyin baribir koʻrishamiz-u, degan xayolda odatdagidek hayrlashmadik ham, baʼzilar shoshilib, bir nimalar degancha, baʼzilar kech boʻlib qolibdi, uyga borish kerak endi, deb gʻudrangancha tezroq ketishga oshiqardi, qahvaxonadan hamma bitta-bitta chiqdi, ahvol shunday ediki, ilojini topgan odam to oʻsha ahd bajarilmagunga qadar unutishni, mutlaqo eslamaslikni xohlagan boʻlardi, afsuski, buning sira iloji yoʻqligi va kunlarning birida ertalab gazetalardan biridagi hissiz yozilgan taʼziyanomani oʻqishga toʻgʻri kelishi muqarrar ekani hammaga ravshan edi. Bu haqda hech kim, hatto hammaslak doʻstlarimiz bilan ham sirlashmaymiz, kinodami, koʻchadami uchrashib qolsak, ming istihola bilan, bir-birimizni koʻrmaganga solib oʻtib ketamiz; faqat shunday qilsakkina, uyushma Glendaga boʻlgan sadoqatini saqlab qoladi va amalga oshirgan ishidan hech kim boxabar boʻlmaydi. Biz Glendani shunday yaxshi koʻrar edikki, unga boqiy kamolot baxsh etdik. Uni erishib boʻlmaydigan yuksaklikka olib chiqdikmi, bas, qulab tushishdan oʻzimiz asraymiz; uning sadoqatli muxlislari bundan buyon ham bemalol, hech narsadan hadiksiramay unga taʼzim qilaversalar boʻladi, chunki xochdan tirik tushish hali hech kimga nasib etmagan.

 

Olim OTAXON tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2015 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.