Biyobondagi nola

0
110
marta koʻrilgan.

Salim choʻponning togʻ bagʻrida tugʻilgan qishlogʻi, otasidan qolgan hovli‑joyi boʻlgani bilan umri shu biyobonda oʻtdi. U chakana qoʻy‑qoʻzilarni togʻ yonbagʻirlarida boqib yurgan otasining qoʻlidan tayoqni olganida, boring ota, siz duoyi jonimizni qilib yuring, degan gapni aytish uchungina yigit kishi tugʻilishini endi‑endi fahmlab yetayotgan damlari edi.

Otasi undan rozi ketdi. Agar davlat chakana qoʻy‑qoʻzilarni yoʻqotib, barchasini umumxoʻjalik hisobiga oʻtkazib yubormaganida, Salim choʻpon bu dashtu biyobonni xayoliga keltirmay, oʻzining togʻu toshlari orasida toʻy‑maʼrakalarda, janoza‑azalarda yaqinlariga yelkadosh boʻlib yashardi. Chakana suruvlar tugab, davlatga qarashlisini boqa boshlaganidan soʻng, choʻpon yetishmaydi deb uni shu yerga joʻnatib yuborishgandi. Xohlasang shu, xohlamasang bor, toshingni ter. Qoʻlidan nimayam kelardi? Davlat choʻponi boʻlganidan soʻng, biyobonda ham shart‑sharoiti boshqalarga nisbatan yomonmas. Suruv saqlanadigan otar, uning bir chetida kulba. Qishda oʻtin keltirib berishadi. Yozda har ikki kunda suv mashinasi kelib, sicternani toʻldirib ketadi. Maoshi tayin. Oziq‑ovqatlarini ham keragidan ortigʻi bilan tashlab ketishadi. Kolbasa, pishloq, saryogʻ, har xil konservalar, qand, choy, non, un. Bunaqa narsalarning bir xilisini Salim choʻponning qishlogʻida tugʻilganlar hatto koʻrishmagan ham. Goʻsht‑yogʻdan ham qisinadigan joyi yoʻq. Shunday ekan, tugʻilgan qishlogʻidan uzoqda ekaniga taskin beradigan narsalar ham bor‑da. Keyin, qolaversa, hozir togʻ qishloqlarining koʻpi choʻlga koʻchirilgan. Tushiga ham kirmagan paxtachilik bilan shugʻullanib, dong taratganlar orasida uning hamqishloqlari ham bor. Ular choʻldagi paxtachilik xoʻjaliklarida urugʻ‑urugʻ boʻlib yashashadi. Shu bois, musofirliklari ham unchalik bilinmaydi. Bu dashtu biyobonda esa, Salim choʻponning yolgʻiz oʻzi va suruv-suruv qoʻylari. Otasi hali hayotligida boshini ikkita qilib qoʻygan edi. Oʻzi azaldan koʻngli boʻlmagan ekanmi, qarindosh‑urugʻlaridan olisdaligini, hech kimi yoʻqligini, ustiga ustak uch yildan buyon farzand koʻrishmayotganini diydiyo qilaverib, birinchi xotini undan ketdi. Nailoj! Xotin it emaski, bogʻlab qoʻysang. Ammo bu dashtu biyobonda itni bogʻlab qoʻysang ham uzoqqa bormay yo siqilib yoinki quturib oʻladi.

Salim choʻpon soʻqqaboshlikka endi‑endi koʻnikkanida savob boʻlar deb qishloqda qarovsiz qolgan bir bevaning boshini unga bogʻlab berishdi. Mana oʻttiz yildirki, u ham suruv atrofida kuymalanib, yordam beradi. Avvallari orzu‑umidlaridan gapirardi, seryulduz osmon ostida farzandlariga koʻkrak tutganida undan baxtiyorroq, masrurroq ayol yoʻqdek edi. Ikki oʻgʻil koʻrishdi, ular durust oʻqib, shaharga ketib yuborishdi. Endi ayoli ham gapirmay qoʻydi, dashtu biyobon singari u ham goʻng, soqov.

Salim choʻpon qoʻzisidan qorakoʻl teri olinadigan qoʻylar suruvini boqadi. Ammo gapning sirasini aytganda, dunyoning boshqa hech yerida qoʻylarni tilla kukuni sepilgan xashak bilan boqadimi, boshqa usul qiladimi, bunaqa terini topib boʻlmaydi. Salim choʻponning keyin‑keyin bilib olganiga qaraganda, chalov, yantogʻ, turfa hid taratadigan choʻl oʻsimliklari orasidagi shuvoq bunga sababchi emish. Oʻzi koʻrimsiz boʻlgani bilan bu yerdagi shuvoqning tarkibida oltin koʻp emish. Mana shu shuvoq shoxlarini chimdib yegan sovliq qoʻylarning qoʻzilari terisida ham oltin bor emish, shuning uchun narxi baland ekan.

Qoʻzilash mavsumi chogʻlarida qorakoʻl terilar yoyilgan maydon xazonrezgilikni eslatadi. Salim choʻpon u yoqqa koʻpam boravermaydi. Yuk mashinalariga bir kunlik, ikki kunlik, uch kunlik qoʻzilarni bagʻillatib ortib yuborishadi. Ularni oʻsha yoqda soʻyib, terisini olib quritishadi. Quritishning ham oʻz yoʻl‑yoʻrigʻi bor, buni biladigan odamlar ishlashadi u yoqda. Bitta sovliq olti martagacha qorakoʻl teri beradigan qoʻzi tugʻadi. Oltinchisini sovliqning qornini yorib olishadi, mana shunisining terisi eng qimmat hisoblanadi. Oʻziyam tunda olovdek yonadi. Davlat boshliqlari, katta harbiylarning boshlaridagi papaxalari, telpaklari ana shunaqa hali tugʻilmay ona qornidan yorib olingan qoʻzining terisidan tikilgan.

Otar yoniga yuk mashinasi kelib toʻxtadi. Yelkalari biroz bukchaygan baland boʻyli, qirq‑qirq besh yoshlardagi qop‑qora qisiqkoʻz haydovchi kabinadan tushib, jiyaklarining yagʻiri chiqib ketgan doʻppisini negadir boshidan olib, kattakon kaftiga qarsillatib urarkan:

– Halitdan bu issiqni qarang, – dedi Salim choʻpon bilan koʻrishib boʻlgach, shikoyat ohangida bosh chayqab. – Bilmadim, yoz kelsa nima qilarkanmiz?

– Peshonada borini koʻraveramiz, – dedi Salim choʻpon beparvo ohangda, chidaganga chiqargan – bu biyobonda yurishning oʻzi boʻladimi.

– Yangaga ayting, bir kosa suv bersinlar, – haydovchi gapni obu havo shikoyatidan boshlaganining sababini maʼlum qildi. – Suv olish esdan chiqipti deng, tanglay yopishib ketdi, yomon chanqatdi odamni.

Salim choʻpon indamay kulbaga kirib ketdi. Koʻp oʻtmay obkash toʻla suv koʻtarib chiqib, uni haydovchiga tutdi. Haydovchi choʻnqayib oʻtirgancha, boʻynidagi yumgʻoqni likillatib obkashdagi suvni ichib tugatdi.

– E, rahmat! – dedi soʻngra obkashni egasiga uzatib. – Bu biyobonda bir kun tashna qolgan odam til tortmay oʻlishi aniq.

– Yanami? – soʻradi Salim choʻpon.

– Ha, mayli, – bosh irgʻadi haydovchi.

Salim choʻpon olib chiqqan suvni haydovchi bu gal shoshmay‑oshiqmay, nafas olib‑nafas olib ichdi.

– Endi bas, – dedi obkashni qaytib berarkan.

Salim choʻpon obkashni olib ichkari kirib ketdi. Koʻp oʻtmay qoʻlida qandaydir qogʻozlar koʻtarib chiqib haydovchiga uzatdi. Haydovchi ularga koʻz yugurtirib chiqib:

– Oltmishtami? – deb soʻradi.

Salim choʻpon bosh irgʻadi.

Haydovchi mashinasiga yaqinlashib, kabinaning ochiq eshigidan ichkari boshini suqdi. Kabina shiftiga qistirigʻliq ruchkani oldi. Qogʻozlarni oʻrindiqqa qoʻyib ularga imzo chekdi, yarmini ruchkaga qoʻshib kabina shiftiga qistirib qoʻydi, qolganlarini Salim choʻponga qaytarib berdi.

– Kechagi oʻttiztaning nakladnoylarini ham toʻgʻrilab qoʻyishimiz kerak, – dedi Salim choʻponni xotirjam qilmoqchi boʻlgandek.

Salim choʻpon uning bu gapini eshitsa‑da, eshitmagandek miq etib ogʻiz ochmadi.

Haydovchi mashinaga oʻtirarkan, kabinaning narigi tomonidagi eshikni ochmoqchi boʻlib:

– Oʻtirasizmi? – deb soʻradi.

Salim choʻpon bosh chayqab:

– Siz boravering, – dedi.

Mashina motori gurilladi. Uncha olis boʻlmagan joyda oʻtlab yurgan suruv tomon yoʻl oldi. Salim choʻpon qoʻlidagi qogʻozlarga picha faromush nazar tashlab turdi. Soʻngra ularni qoʻyib chiqish uchun ichkari yoʻnaldi.

Salim choʻponga ichkaridan ayoli ergashib chiqdi. Ular suruv tomon yoʻlga tushishdi.

Mashina suruv yonida toʻxtagan, choʻponning suruvni qoʻriqlab yurgan boʻrikalla ikkita iti rulda oʻtirgan oʻljaning kabinadan qachon tushishini poylaganicha bir‑birlariga gal bermay irillab turishgani uchun, haydovchi kabinadan tushmay oʻtirardi.

Salim choʻpon itlarga nimadir deb doʻq urgan edi, ular ortga qaray‑qaray nari ketishdi.

– Siz boʻlmasangiz birov yaqinlashsa yeb tashlashadi, – dedi haydovchi mudhish bir manzarani koʻz oʻngiga keltirib, yuragi allanechuk boʻlib.

Salim choʻpon indamadi. Xotini haydovchining gapini yoqtirmagandek, unga ola qarab qoʻydi.

Keyin qoʻzilarni ortish boshlandi.

Haydovchi kuzovning ortini ochib qoʻydi.

Xotini qoʻshoqlab qoʻliga tutqazgan qoʻzilarni Salim choʻpon kuzovga yuklayverdi. Hash-pash deguncha oltmishta qoʻzi yuklandi. Haydovchi ularni yana qayta sanab, sanogʻi toʻgʻriligiga ishonch hosil qilgach, kuzovni berkitdi.

Kabinaga chiqarkan:

– Qani duo bering, – dedi kaftini yozib, choʻponga qaraganicha. – Eson‑omon yetkazib borib, topshiraylik.

Salim choʻpon kaftini yozdi, uning ortidan xotini ham shunday qildi. Salim choʻpon gapni choʻzmay:

– Omin, – deya kaftini yuziga surdi.

Uning bu harakatini qolganlar ham takrorlashdi.

Haydovchi kabina eshigini yopdi.

Motor gurillab oʻt oldi.

Kuzovdagi qoʻzilarning baʼrashi bitta ogʻizdan chiqayotgandek tasavvur uygʻotar, shuning uchun sovliqlar oʻzlarining qoʻzilarining ovozlarini ajratib ololmay, suruvga boʻri oralagandek sarosimalanib turishardi.

Mashina joyidan siljidi.

Kuzovdagi yalakat baʼrashlar orasidan bir ovoz chinqirayotgandek alohida ajralib chiqdi. Suruvda gʻuj boʻlib turishgan qoʻylar orasidan bu ovozni tanib qolgan sovliq baʼraganicha ajrab chiqdi‑da, mashina ortidan yugurdi. Mashina ortidan quvishga choʻpondan hayiqib bahona izlab turishgan itlar ham vovullagancha unga ergashdi.

Mashina jingʻillar oralab oʻtgan tuproqli yoʻldan ketardi.

Uning ortidan yugurayotgan sovliq va itlar toʻzon orasida goh yoʻqolib, goh koʻzga tashlanib qolishardi.

Tobora olislab borayotgan yuk mashinasi kuzovidagi qoʻzilar ovozi eshitilmas, ona sovliq esa hamon charchash nimaligini bilmay olgʻa intilardi. Itlar esa endi oʻz vazifalarini eslab qolishib mashinani unutishgan, sovliqning oldini toʻsib, uni suruvga qaytarib haydab kelish payida boʻlishardi.

Chang‑toʻzon orasida nimagadir turtinib oʻmbaloq oshib ketgan ona sovliq joyidan turolmay, tumshugʻini mashina ketayotgan tomonga choʻzgancha shu qadar chinqirib baʼrardiki, uning nolasidan tevarak‑atrofdagi butalar soyasidagi yerteshar jonivorlar oʻzlarini tumtaraqay duch kelgan teshiklarga urishardi.

Mashina uzoqlashib ketdi. Itlar uni qaytib kelmasligiga ishonch hosil qilgilari kelgandek, ancha joygacha vovullab quvib borishdi. Keyin oʻz jasoratlaridan faxrlanib, izlariga qaytishdi.

Salim choʻpon va xotini yerda yotgan sovliqning oldiga kelishdi. Sovliq endi najotsiz tovushda zoʻr‑bazoʻr maʼrar, harchand urinmasin oʻrnidan turolmasdi.

Salim choʻpon uning uzangan oldingi bir oyogʻini qoʻli bilan paypaslab ushlab koʻrarkan, darhol vaziyatni payqadi.

– Sinipti, – dedi oʻziga‑oʻzi gapirayotgandek ohista tovushda.

Uning bu soʻzini nariroqda tik turgan xotini eshitsa‑da, indamadi. Chamasi, u bunaqa hodisalarni koʻraverib koʻzi pishib ketgan edi.

Salim choʻpon sovliqning narigi tomonida turib choʻkkalagancha uni yelkasiga olmoqqa urindi. Sovliq ogʻriqning zoʻridanmi, hamon mungli baʼrardi. Uni yelkasiga koʻtarib olishiga yordamlashayotgan Salim choʻponning ayoli tuyqusdan tilga kirgandek:

– Tilla shuvogʻi boshini yesin biyoboningizning, – dedi yigʻlamsiragan ovozda. – Tilla terisi boshginasini yesin.

Salim choʻpon, tilingni tiy, demoqchi boʻlib ayoli tomonga qaradi‑yu, uning qiyofasidan ich‑ichidan alangali poʻrtana yetilib kelayotganini koʻrib indamadi. Yelkasidagi yukni sezmayotgandek chapdastlik bilan qaddini tiklab, qadamini ildamlatgancha suruv tomon ketdi. Uning ikki tomonida itlar oʻynoqlab borishardi. Ayol ancha ortda qoldi.

 

Shoyim BOʻTAYEV

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.