Biybova

0
170
marta koʻrilgan.

Qayumboy biybovaning chogʻroqqina tomorqasidan bahor qirga qoʻy-qoʻzilarni yetaklab chiqadi. Bepoyonlikni buzib turguvchi adirlarni qadamba-qadam zabt etgan bova quyoshning tigʻiga yelkasini tutar paytda suruvi surovlanadi, bir joyda toʻplanadi. Qizgʻish ufqqa soya solar kelbati bilan otini yoʻrgʻalatadi. Qishloqqa qaytadi.

Qariyb oltmish yildirki, uning qiladigan yumushi shu. Obroʻyi choʻponlik, mansabi-da choʻponlik. U bundan orlanmaydi, or topadi. Har gal quyoshni uygʻotishdan choʻchib, koʻksini yalangʻoch epkinga ochib, hayotning iforini tuyadi. Maysalarning shiviridan hikmat izlaydi. Aprelning ayov bilmagan qaynoq tigʻida otining soyasida orom oladi. Quyosh tik koʻtarilib, qoʻy-qoʻzilar bir-birining pinjiga suqila boshlaganda, Qayumboy biybova qirlar uzra boʻy choʻzgan qabriston yonidagi Kultepaga yoʻl oladi. Qishloq ahli bu tepalikni atay Qayumboy tepa, deydi. Biybova ayni boʻz yigit paytida, mehnatda qotgan bilagining avjida shu yerda chuqur qazib, bir qayragʻoch oʻstirgan. Har kuni tushlik mahali shu qayragʻochining tagida belqarsini yoyadi. Yogʻoch kosasini suvga toʻldirib, nonini lak-lak ivitib yeydi. Kultepadan pastda yastanib yotgan qishloq kaftdek koʻrinadi. Biybova, mana, oltmish yildirki, Palangdarasini tomosha qilishdan charchamaydi. Har kuni qishlogʻini ilohiy kitobday tilovat qiladi. Dengizday koʻm-koʻk osmonga dengiz qalbi bilan boqadi. Biybova besh mahal namozini-da shu qayragʻochning ostida oʻqiydi. Baʼzan xotiralar bilan kunni bahamlashadi. Yigitligining qora damlari, bir umrga tatirli gʻam-alamlari qaddini bukmaydi, aksincha gʻoz qiladi. Hamma shaxsga sigʻinar paytda u vijdonini saqlab qolish payida boʻldi. Qorin uchun aka ukani, opa singilni sotgan mahallar bir ogʻiz ham gapirmay, naslining yuzi uchun kar, soqov boʻlib, oʻn ikki yil panjara ortini koʻrib qaytdi. Sovugʻiga-da toqat qildi, issigʻiga-da chidadi. Shopmoʻylov dohiylarga qulluq qilmay yashadi. Ammo, yoshi biroz oʻtib qolgan dedimi, oʻtirib chiqqanidan or qildimi, unga qizini ravo koʻradigan qishloqning mardi topilmadi. Shunda urush yutgan qoʻshnisi Esaboyning uch kunlik bevasini oldi. Esida: oqlanib qaytganidan soʻng, kolxoz raisi huzuriga chaqirdi.

– Qayumboy uka, savodingiz tuzukkina ekan. Otangiz quloq boʻlgan esa-da, sizni brigadirlikka tayinlasak.

Raisning bu gaplari unga tahqirday tuyuldi. “Senday quloqning bolasini brigadirlikka koʻtarayotgan menday odamga qulluq qil”, degan maʼnoda irshaygan basharasini bejab qoʻygisi keldi. “Mehrobga peshob qiladigan tullak emasman, namozimni yashirib oʻqisam-da, rost oʻqiyman. Otam ham quloq emasdi. Uni senga oʻxshagan bichilganlar yedi. Oʻzi bir xonali uyi boʻlgan, ayvoni-da yoʻq edi. Senga oʻxshash kirza etik kiygan sarkalarni uyiga kiritmagan, zavjasi bilan bir dasturxonga oʻtirgʻizmagan. E, otam Stalinning tushiga ham kirgan emas, ukagʻar. Boʻlmasa, ikki bosh moli bilan quloq qilinarmidi?! Sendaylarni otam erkak deb oʻylaganda…”, demoqqa chogʻlandi-yu… Nima boʻlgandayam, oʻzbekning bolasi-da! Oʻzini bosdi. Shu kuni raisning xonasidan choʻponlikni yelkasiga olib qaytdi, yuziga bosib qaytdi. Shu kundan boshlab Qayumboy polvon emas, Qayumboy choʻpon boʻldi. Shu kundan tong oqarmay qirga shoshildi, baland-baland qirlari togʻlarga ulangan yaylovda quyoshni kuzatib kulbasiga qaytadigan, deyarli hech kimni koʻrmaydigan, suhbatlashmaydigan odat chiqardi. Zaminu zamon tashvishlaridan xoli, qora qozonini qaynatib yuravergan Qayumboyga Tangri besh qizdan keyin bir oʻgʻil berdi. Bisotini yigʻdi, teraklarini kesib sotdi. Toʻplaganiga olishli toʻy berdi. Toʻyga kelgan polvonlarning dovrugʻi vohaga ovoza boʻldi. Shunday qilib, Qayumboy oʻziga biy nomini qoʻshib oldi.

Nima boʻlganda ham ota-da, oʻlsam sarishtalaydiganim boʻlsin, mening orzularimga ham bu erishsin, degan umidda Orzimurod deb nom qoʻydi. Bolasining bilimli boʻlishini istab, erta-kech kitoblarga oʻrab qoʻydi. Yerni oʻzi chopdi, qoʻyni-da oʻzi boqdi. “Oʻgʻlim, choʻponlik menga yarashadi, sening aʼmoling boʻlak, unutma. Elga nafing tegsin, toʻy qilsang, qozonga oʻt yoqadiganam shu el. Bizlar oʻtar boʻlsak, goʻrimizni qazib, tobutimizni koʻtaradigan ham shu el. Oʻqi, muallim boʻl. Bolalarni oʻqit, el oʻzini tanigani sen oʻzingni taniganing, elning ulugʻ boʻlgani Vataning ulugʻ boʻlgani. Vatanning ulugʻ boʻlgani tinchlikdan darak. Yodda tut, gʻalvali joydan baraka qochadi. Barakasi yoʻq elning ertasi ham yoʻq. Muallim boʻl, bolam. Oʻqit, hamma-hammasini bolalarga oʻrgat. Kattalarga hadeb qayishaverma. Kattalarning yoʻrigʻi boshqa. Hech qachon oʻzbek ekanligingni unutma, vijdoningga qarshi ish tutmagin”. Har gal surpaqoqdisiga shu gaplarni uqtirarkan, yuragi qalqib-qalqib ketardi. Oʻgʻlining joʻralari bu gaplarni eshitib, karaxt boʻlib qolardi. Oʻyga botardi. Murgʻak vujudlarga oʻyga tolish biram yarashardi, biram yarashardi-yey! Qayumboy biybova bundan bitmas-tuganmas ruh olardi. Har gal qayragʻoch ostida oʻtirib, qishloqqa razm solarkan, bir kuni ilmi-urfon butun qishloqning nomini boshiga doʻppi qilib vulqonday otilib chiqishini istardi: – Bilimli odamda or boʻladi, – derdi u. – Ori borning etini qumursqalar ham nimtalashga choʻchiydi. Butun jasadi, hatto tirnogʻigacha tuproq boʻladi, Vatanning yaxlit qismiga aylanadi-da. Otam Vatan boʻldi, onam Vatan boʻldi. Men ham, bolalarim ham Vatanga aylanadi, hali. Bosilgan har izdan oriyat koʻpchiydigan zamonlar keladi. Bunda oʻgʻlimning, uning tengdoshlari, oʻquvchilarining hissasi katta boʻladi. Eh, oʻsha kunlarni koʻrib oʻlsam, armonim yoʻq edi. Bolam bilmaydi-da, meni hayotda shu umid ushlab turibdi, aslida.

Uning bu gaplarini qayragʻoch va har zamonda yuganini shildiratib pashshasini haydaydigan otidan boshqa biror tirik jon eshitmasdi. Qayumboy biybovaning dilida nima borligini hech kim bilmasdi. Orzimurod ulgʻayib boraverdi. Bova qizlardan kichigining kitobga mehrini payqab, shaharga, oʻqishga joʻnatdi. Bir yildan keyin Orzimurodi ham talaba boʻldi. Shu kundan boshlab Qayumboy biybova soqoliga ustara urmay qoʻydi. Qariganini tan olmasa-da, his etdi.

U paytlar ziyoli degan nom juda ulugʻ boʻlgan ekan-da! Qishloqqa gap quyosh nuridan tez yoyildi: “Qayumboyning ikki bolasi Toshkanda oʻqiyapti”, “Qayumboy soqol qoʻyib olibdi, endi bolalari obroʻli odam-da!” “Qiziyam, oʻgʻliyam muallim boʻlarmish”, “Qayumboyni endi biybova, deb chaqirsa arziydi, bir choʻponning bolasini Toshkanga borib oʻqishini kim oʻylabdi deysiz”… Bu gaplardan Qayumboy biybova “semirib” ketdi, oʻzicha sayyoraga aylandi. Odam shaklidagi sayyoraga. Bolaning orqasidan yaxshi gap eshitish Xizrni koʻrgandan ham zoʻr sevinch ulasharkan-da odamga. Endi Qayumboy biybovaning ham qadami qirdan asta-asta uzila boshladi. Qishloqda toʻy boʻladimi, maʼraka boʻladimi “Biybova kelyapti, toʻrdan joy hozirlanglar”, “Biybovani aytganmisizlar? Nega koʻrinmaydi”, deguvchilarning soni koʻpaydi. Bova ham eldan ajrab qayga borardi. Shu elning qoʻy-qoʻzisi rizqini tergan qirga boradi-da. Elning oʻzi bilan boʻlmasa ham, nasibasi bilan birga-ku! Shu qirlarni qorasaqichdek, chorva bosib olsa qani, biybova shuncha sevinadi.

Endi, kimsan “istudent”ning, boʻlajak muallimning otasi elning yaxshi-yomon kunida yelka tutsa arziydi. Bu el endi el boʻladi. Qishloqning bolalarini qizi bilan oʻgʻli oʻqitadi-da! Bu el endi oʻzbek boʻladi, oʻzligini topadi. Polvoni or, deb yelka oshiradi, chavandozi or, deb koʻpkariga kiradi. Ilmirzalar Elmirza, Ilomonlar Elomon boʻladi. Onam yigʻlagan tilda qoʻshiq kuylaydi hali bu el. Ota-bobolari aytolmaganini ota-bobolari tilida aytadi bu elning bolalari. Qayumboy biybova shularni koʻnglidan oʻtkazarkan, vujudi entikib ketar, biroz boʻrtib chiqqan ajinli qobogʻini bilinar-bilinmas yoshlari yuvardi.

Oradan bir yilcha oʻtib, qizidan noxush gap keldi. Bu isnod biybovani yana qadrdon qirlariga badargʻa qildi. Eldan ajratdi. Shu kungacha, birovga ogʻir soʻz aytmagan, yerini talasa-da, tilini talasa-da sabr qilgan biybova qizining nomusi toptalganini koʻtara olmadi. “Ey, nima boʻlganda ham uch kunlik bevaning qornidan tushgan-da! Uch kunlik nima-yu, bir kunlik nima? Ersizning toʻgʻri yurganiga kim kafil, a?! Senga tortdi u, senga! Talaba boʻlding degani, birovga etagingni koʻtar degani emas. Ziyoli boʻlish, buzuqilik bilan tenglashdimi, hali”. Qayumboy biybovaning gapi kampiriga ogʻir botdi. Qizining murdasiga holsiz termulgancha, jon berdi. Ha, isnod oʻlatdan ham fojeali. Butun elga isnod kelishidan asrasin. Suruvini haydab Qayumboy biybova shom qorongʻusida uyiga qaytar, qishloqqa yaqinlashgach otining taqasini olib qoʻyar, maʼragan yoki biror qiliq qilib ovoz chiqargan qoʻylarni ayamay pichoqdan oʻtkazar edi. Qishloq ahli uning borligini esidan chiqarib qoʻyishini juda istardi. Shuning uchun qirga chiqib ketganini ham, qaytganini ham odam zoti-ku mayli, sayoq itlar ham bilmasligini juda istardi. Huvillagan hovlisida huvillagan qalbi bilan yolgʻiz yashashga koʻnikolmas, necha bor ikki enlik arqonga taqdirini ishongisi kelgan, biroq Orzimurodiga boʻlgan mehri, butun hayoti davomida uni tark etmagan umidi yashashga undardi. Shu umid bilan oʻn yil ham biybovaning quvvatini saralab bordi.

Shom qorongʻusida darichani ohista ochib qoʻy-qoʻzilarni kiritarkan, Qayumboy biybova oyogʻi ostida nimadir shitirlaganini ilgʻab qoldi. Qoʻliga oldi: ixchamgina xatjild. “Assalomu alaykum, otajon! Nimagadir har gal siz haqingizda oʻylasam, bepoyon adirlar-u, qoʻy-qoʻzilar koʻz oldimda gavdalanadi. Bolalik chogʻlarimni eslayman. Siz aytgan oʻgitlar tinchlik bermaydi. Nevaralaringizga ham “Bobong, unday derdilar, bobong bunday derdilar deyaversam, chugʻurlashib, quvnashib “Bobomni qachon koʻramiz? Palangdaraga qachon boramiz?” deyishadi. Xullas, savollarga koʻmib tashlashadi. Ular tushunishmaydi-da. Ish koʻp. Oʻzim ham sizni sogʻinganman. Qishloq, uning odamlari har kuni tushimga kiradi. Maqsadingiz menga tinchlik bermayapti, otajon. Afsuski, men shoirlikni tanladim. Shoir boʻldim. Palangdaramni, uning togʻlari, qirlarini adabiyotga bus-butun olib kirmoqchiman. U yerning odamlarida hikmat koʻp. Garchi turmush tarzida eskilik sarqitlari saqlanib qolgan boʻlsa-da, ular bilan siz birgasiz. Bir vujudsiz. Shuni oʻylab sizni Toshkentga chaqirmadik. Oʻzimiz ham borolmaymiz. Ish koʻp, ish. Uning ustiga, sizning umidingiz… Ha, aytmoqchi, ertaga televizorda intervyu beraman. Xat yozishimdan muddao ham shu edi. Yana bir yangilik: moʻjazgina boʻlsa ham ilk kitobim chop etildi. Undan ham bir nusxa qoʻshib joʻnatyapman. Oʻqirsiz. Hurmat bilan oʻgʻlingiz Orzimurod Qayumov”.

Bir xatga, bir derazadan moʻralagan oyga termulgancha Qayumboy biybova yuragini gʻijimlar, oydek tanho oʻzining dunyosini, zaminini nurlatmoq istagida toʻqson bilan toʻqnashgan paytida koʻnglidan sizib-sizib chiqqan ogʻriqlar, umriboqiy istaklarga qarshi turib berolmas, keksa yongʻoq daraxtida qolgan, shamollar zarbiga dosh beraverib tinkasi qurigan, burishgan yolgʻiz yaproqdek dagʻ-dagʻ titrardi. Tashqarida oti tipirchilar, bezovta kishnar, boshini silkitgancha yollarini toʻzgʻitardi. Goʻyo butun dunyo sokin, faqat shu hovli, shu bukchaygan uygina vahimali chinqirar, dovul shamollariga chap berar, zamindan uzilgan, qoyada osilib turgan gujumga oʻxshardi. Bovaning koʻksida bir otash alangasi gurullar, nafasi qisilib xirillar edi. Koʻz oldida toʻqson yillik tarix, toʻqson yillik orzu-umidlar, ushalishi shart boʻlgan maqsadlar charx urar, davra aylanardi. Toʻqson yillik umrga qoʻshilib, deraza, eshik, shift shu nurabgina qolgan loysuvoq tomli uy tegrasida aylanar, goʻyo bir paytlar Orzimurod doʻstlari bilan qoʻl ushlashib, qoʻshiq aytib aylanayotganday aylanardi. Qayumboy biybovaning qulogʻiga oʻqlarning tovushi, qoʻylarning maʼrashi, bolalarning chinqirishiyu otning beoʻxshov kishnashi bir paytning oʻzida eshitilar, aniq bir ovozni anglolmas, xuddi yashab oʻtilgan hayotidek mavhumliklar ogʻushida karaxt holga kelgandi.

– Yo, Alloh oʻzingga shukr, oʻzimdan, oʻzbekligimdan ayirmaganingga shukr, palagim xom boʻlsa-da, berding, nolimayman, – degancha bova falakka jovdiradi.

Shift yana aylandi. Ustiga qalin bolor kelib tushdi. Burniga tuproqning hidi urildi.

Rajab oyining poyonida quyosh tik koʻtarilganda qishloq ahli uni kultepaning orqasidagi qabristonga qoʻyib keldi. Har tong quyosh Qoraxon togʻni orqalab chiqqan mahal Qayumboy biybovaning qabriga oʻzi ekkan qayragʻochning soyasi tushadi. Qayragʻoch boʻyini choʻzgancha Orzimurod Qayumov oʻrnatgan toshdagi yaltiroq soʻzlarni oftobdan toʻsadi. Mozor yonidagi yoʻlak serqatnov. Bitta-yarimning koʻzi qamashib, yoʻlidan adashmasin, deb oʻylasa kerak-da!

 

Bahodir BAHROM

 

“Yoshlik”, 2013 yil 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.