Birinchi muallim

0
945
marta koʻrilgan.

Chingiz AYTMATOV

 

Derazalarni lang ochaman. Xonaga sof havo oqimi kirib keladi. Gʻira-shira tong ota boshlagan. Odatim boʻyicha xomaki etyudlarimni koʻzdan kechiraman. Ular talaygina. Men ularni bir necha bor qaytadan ishlaganman. Biroq surat haqida toʻliq hukm chiqarishga hali erta. Nimalar boʻlyapti oʻzi? Hali kalavaning uchini topganimcha yoʻq. Tonggi yoz yogʻdusini tutib boʻlmaganidek, tutqich bermay tobora zoʻrayib borayotgan dil rozini ham tutib, tushuntirib boʻlmasdi. Tong sukunatida yurib oʻylayman, oʻylayman, oʻylayman. Har safar shu takror boʻladi. Har safar mening chizgilarim hali shunchaki koʻngilga tugib qoʻyilgan bir orzu-niyat ekanligiga ishonch hosil qilaman.

Hali tugallanmagan narsa haqida hatto yaqin doʻstlarimga ham eldan burun soʻz ochishni xush koʻrmayman. Bu mening oʻz ishimga oʻta kuyunchaklik bilan yondashayotganim belgisi emas, beshikdagi goʻdakning kim boʻlib voyaga yetishini oldindan aytish mushkul bir ish boʻlganidek, yozib tugallanmagan asar haqida ham bir narsa deyish qiyin. Ammo bu safar doimiy odatimni tark etib, toʻgʻrisini aytganda, poyoniga yetmagan suratim haqida gap ochib, odamlar bilan fikr almashsam, degan umiddaman.

Bu, tilga olib oʻtilganidek, injiqlik yoki boʻlmasa oʻta talabchanlik alomati emas, albatta, bundan boshqacha yoʻl ham tuta olmasdim. Nega deganda, koʻpdan beri yuragimga gʻulgʻula solib, ertayu kech tinchlik bermay, qoʻlimga qalam olishga undab kelayotgan bu voqea menga shunchalik ulugʻvor tuyular ediki, yolgʻiz oʻzim uning uddasidan chiqolmasligimga koʻzim yetib, toʻlib turgan qadahni chayqatib toʻkib yubormasam, deb qoʻrqardim. Shu vajdan odamlar xuddi rassomlarning dastgohi yonida turib masalani hamjihatlik bilan hal etganlaridek, sizlar ham mening yonimda turib, garchi xayolan boʻlsa-da, maslahat berib, koʻmaklashib, quvonchu hayajonlarimni baham koʻrishlaringizni istardim.

Qalb qoʻringizni darigʻ tutmang, yaqinroq keling, bu voqeani sizlarga hikoya qilib berishga majburman…

* * *

Ovulimiz yassi togʻ daralari oralab sharqirab oqib kelayotgan Gurkurov daryochasi sohillarida joylashgan. Ovulimizning pastki qismida esa to Qoratogʻ tizmalarigacha qora tasmadek choʻzilib ketgan temir yoʻlning ikkala tomonida Sariqchoʻl – bepoyon qozoq dashtligi yastanib yotardi.

Ovulimiz tepasidagi adirda ikkita ulkan terak boʻlardi. Men ularni esimni taniganimdan beri bilaman. Ular hali-hamon savlat toʻkib turibdi. Qachon qaramang, ovulimizga qaysi tomondan kelmang, avvalo, koʻzingiz ana shu qoʻsh terakka tushadi. Ular xuddi togʻlardagi mashʼalalar yangligʻ koʻz oʻngingizda namoyon boʻladi. Yoshlikdagi taassurotlarimmi yoki rassom boʻlganimdanmi, qanday tushuntirishni ham bilmayman, har qalay, poyezddan tushib dasht boʻylab ovulimiz tomon borar ekanman, birinchi galda, men uchun qadrdon boʻlib qolgan oʻsha teraklar tomon sabrsizlik bilan koʻz tashlayman.

Teraklar qanchalik baland, qanchalik ulugʻvor boʻlmasin, ular olisdan xiralashib koʻrinsa-da, baribir koʻz oʻngimda yorqin gavdalanayotganday boʻlardi.

Necha bor uzoq oʻlkalardan ovulimiz Gurkurovga qaytib kelar ekanman, har safar cheksiz sogʻinch bilan: “Ovulimizga barvaqt yetib borib, tepalikka chiqib, qoʻsh terakni tezroq koʻrsam, soʻng ularning ostida uzoq turib, yaproqlarining shovullashini zavqlanib tinglasam”, deb oshiqardim.

Ovulimizda nima koʻp – daraxt koʻp. Biroq bu qoʻsh terak boshqacha – ular qachon qaramang, kunu tun shoxlari chayqalib, yaproqlari titrab, turfa ohang taratadi. Gohida ular kimnidir qoʻmsab, sogʻinch oʻtida yonib, sukut saqlab, bir zumda jimib qolganday, gohida toʻsatdan butun tanasi bilan chayqalib, bir-biridan madad olayotganday guvullashadi. Shitob bilan bostirib kelayotgan bulut va yomgʻir aralash kuchli shamol esa shoxlarini egib, yaproqlarini uzib tashlaganda teraklar oʻchakishganday tebranib, battar guvullaydi.

Keyinchalik, oradan yillar oʻtib, yoshim ulgʻaygandan soʻng qoʻsh teraklarning sir-sinoatlarini anglab yetdim. Chor-atrofi yaydoq tepalikda turgani uchun ham ularning yaproqlari qilt etgan shamolga darhol javob qaytarar ekan.

Lekin bu oddiy haqiqat meni hozirgacha xotiramda muhrlanib qolgan bolalik tasavvurlarimdan mahrum etib, koʻnglimni sovuta olmadi. Shuning uchun tepalikdagi bu qoʻsh terak hanuzga qadar koʻz oʻngimda jonli, allaqanday sirli, sehrli mavjudotlarday gavdalanadi. Mana shu teraklar yonida oʻtgan bolaligimning oltin fasli lahzalarini hamon qayta-qayta tuyganday boʻlaman.

Oʻqishimiz tugab, taʼtilga chiqishimiz bilanoq qush bolasi – palaponlarni olamiz deb chuvullashgancha oʻsha tomon yugurishib qolardik. Hushtak chalib, shitob bilan tepalikka koʻtarilganimizda ulkan teraklar, har galgidek, u tomondan bu tomonga tebranib, turfa ohangda shovullagancha mehribonlik bilan salqin soyasiga chorlayotganday tuyulardi. Biz oyoqyalang shumtakalar esa, oʻsha kezlarda, birin-ketin teraklarning shox-butoqlariga tirmashib, qiy-chuv aralash, jon-jahdimiz bilan qushlar olamiga oshiqardik. Bezovtalangan qushlar galasi chirqillashgancha shoxdan-shoxga uchib-qoʻnib, tepamizda charx urishardi. Biz sinfdoshlar esa bunga parvo qilmasdan, tirishib-tirmashganimizcha tobora yuqoriga koʻtarilardik. Shunda, nogahon, koʻz oʻngimizda qush uchadigan balandlikdan hamma yoq kaftdagidek koʻrinib, ajib bir yangi olam namoyon boʻlardi.

Olamning ulugʻvorligi bizni shu qadar oʻziga maftun etardiki, hatto shoxdan-shoxga koʻtarilayotganimizda nafasimizni ichimizga yutib, yuragimizni hovuchlab, chumchuq bolalarini olmoqchi boʻlganimizni ham yodimizdan chiqarib yuborar edik. Kattakon bino deb yurganimiz kolxoz oshxonasi osmonu falakdan shunchaki oddiy saroychadek koʻrinardi. Ovulning narigi yogʻida esa qoʻriq yerlar elas-elas yastanib yotardi. Koʻz ilgʻagancha borliqqa suqlanib nazar tashlar ekanmiz, tegramizda ovulimizdan tashqari, hali biz koʻrmagan hadsiz-hududsiz bir olam, kumushdek tovlanib oqayotgan daryolar ayon koʻrinib turardi. Biz butoqlar orasida berkinib olib, dunyoning narigi chekkasi shumi yoki undan narida ham shunga oʻxshash yeru koʻk, dashtligu daryolar mavjudmi, deb xayol ogʻushiga choʻmardik. Shunda shamol esib, yaproqlar unga joʻr boʻlishib, hali odam qadami yetmagan manzillarda oʻziga maftun etuvchi qanchadan-qancha ajoyib va gʻaroyib sirli-sehrli oʻlkalar ham bor, deb javob qaytarayotganday shivirlashardi. Teraklarning guvullashiyu yaproqlarning tinimsiz shovullashiga quloq solar ekanman, oʻzimni dunyoning narigi burchida qolib ketayotganday, qoʻrquv va quvonchdan yuragim duk-duk urib, qinidan chiqib ketguday sezardim. Lekin bir narsa – “Bu teraklarni tepalikka kim oʻtqazgan va qanday orzu-niyatlar bilan oʻstirgan?” – oʻsha kezlarda bu haqda oʻylab koʻrmagan ekanman.

Qoʻsh teraklar qad koʻtargan bu tepalikni, negadir, “Duyshenning maktabi” deb aytishardi. Agar biror kimsa ot-ulovini yoʻqotib qoʻyib, yoʻlda kelayotgan odamdan: “Hoy birodar, toʻrigʻimni koʻrmadingmi?” – deb soʻrab qolguday boʻlsa, koʻpincha, “Huv ana, tepalikda, Duyshenning maktabi yonida yilqilar oʻtlab yurishibdi. Ehtimol, oʻsha yerdan toparsan”, – deb javob qaytarishardi. Biz bolakaylar ham kattalarga taqlid qilib, “Qani ketdik, Duyshenning maktabiga, chumchuq palaponlarini olamiz!” – deb chugʻurlashardik.

Aytishlaricha, qachonlardir bu tepalikda maktab boʻlgan ekan. Endilikda esa undan asar ham qolmagan. Bolalik xotiralarimga suyanib, soʻrab-surishtirib, hech boʻlmaganda, uning xarobalarini topishga necha bor harakat qilib koʻrganman. Lekin biror narsa topmaganman. Yaydoq tepalikni nega “Duyshenning maktabi” deyishlari menga gʻalati tuyuldi va keyinchalik qariyalardan “Duyshenning oʻzi kim?” deb surishtirsam, ulardan biri sovuqqonlik bilan, qoʻl siltagancha: “Duyshenning oʻzi kim, deysanmi? Kim boʻlardi. Hozir ovulimizda yashab yurgan Oqsoq qoʻy Duyshen boʻladi-da, – deb javob qaytarardi.

– Bunga ancha boʻldi. Tepalikda kimningdir tashlandiq saroyi boʻlib, Duyshen u yerda maktab ochib, bolalarni oʻqita boshlaydi. Maktab qayoqda deysiz, shunchaki nomi bor edi. Eh, ajib zamonlar edi! Oʻshanda otning yolini tutamlab, oyogʻi uzangiga yetganlar oʻzlarini boshliq hisoblardilar. Duyshen ham xuddi shunday bilganini qildi. Hozir oʻsha saroychadan nishona ham yoʻq, quruq nomi qolgan, xolos…”

Men Duyshen ismli bu kishini uncha yaxshi bilmas edim. U keksayib qolgan, baland boʻyli, sersavlat, burgut qovoqli odam edi. Uning hovlisi anhorning narigi tomonida, ikkinchi brigadaga qarashli koʻchada edi. Men ovulda yurgan kezlarimda Duyshen kolxozda miroblik qilib, kunini dalada oʻtkazardi. Mehnatdan qorayib ketgan bu zahmatkash zot gohida katta ketmonini egarning qoshiga tangʻib olib, oʻziga oʻxshash qoq suyak, ingichka oyoqli otida koʻchamizdan oʻtib qolardi. Keyin keksayib qolgach, aytishlaricha, pochtachi (xat tashuvchi) boʻlib ishlayotgan emish. Biroq gap boshqa yoqda. Bu sersoqol, beozor kishining qachonlardir yosh yigit boʻlganini, yana hayratli tomoni, yetarli xat-savodi boʻlmasdan, bolalarni qanday oʻqitganini hecham tasavvur qila olmasdim. Yoʻq, bunga aqlim bovar qilmasdi! Ochigʻini aytganda, men buni ovulda tarqalgan son-sanoqsiz ertaklardan biri boʻlsa kerak, deb oʻylardim. Biroq, keyin bilsam, gap unday emas ekan…

Oʻtgan yil kuzda men ovulimizdan telegramma oldim. Vatandoshlarim jamoa oʻz kuchi bilan qurgan yangi maktabning tantanali ochilish marosimiga taklif qilishibdi. Ovulimiz uchun bunday quvonchli kunlarda uyda oʻtiravermasdan darhol taraddudga tushib, hatto bir necha kun oldin manzil sari yoʻl olgan edim. Shu bahona atrofni miriqib tomosha qilib yurib, yangi rasmlar chizaman, deb oʻylardim. Maʼlum boʻlishicha, marosimga taklif qilinganlar akademik Sulaymonovani kutishayotgan ekan. Aytishlaricha, bu yerda u bir-ikki kun boʻlib, soʻng Moskvaga ketar ekan.

Endilikda dong taratgan bu ayol bolaligida ovulimizdan chiqib shaharga ketganligidan xabardorman. Shaharda turganimda men u bilan tanishib olgan edim. Toʻladan kelgan, oʻqimishli, xushmuomala bu ayol ancha yoshlarga borib qolgan, oq tushib qolgan qalin sochlari silliq taralgan edi. Mashhur ovuldoshimiz universitetda kafedrani boshqarib, falsafa boʻyicha maʼruzalar oʻqib, akademiyadagi ishlardan tashqari chet ellarga ham bot-bot borib turardi. Gapning qisqasi, opa ish bilan oʻta band boʻlganligi sababli, u bilan yaqindan tanishish menga nasib qilmadi. Biroq har gal biz, qayerda boʻlmasin, uchrashib qolganimizda, opa ovuldagilarning hayoti bilan yaqindan qiziqar va juda qisqa boʻlsa-da, mening ishim haqida ham oʻz fikrlarini aytardi. Nihoyat, kunlarning birida unga shuni aytishga jazm qildim:

– Oltinoy Sulaymonovna, ovulga borib, yurtdoshlar bilan uchrashsangiz yaxshi boʻlardi. U yerda hamma sizni biladi, siz bilan faxrlanishadi, biroq bilishganda ham orqavorotdan bilishadi, agar ular bilan tasodifan uchrashib qolsangiz, mashhur olimamiz bizdan oʻzini chetga oladi, qadrdon ovuli Gurkurovga kelishni ham unutib qoʻygan, deydiganlar ham topiladi.

– Albatta, borib turish kerak, – dedi Oltinoy Sulaymonovna miyigʻida kulib. – Oʻzim ham koʻpdan beri Gurkurovda boʻlishni orzu qilaman, qishlogʻimizga bormaganimga ham ancha boʻlib qoldi. Toʻgʻri, ovulda qavm-qarindoshlarim yoʻq. Biroq gap unda emas, albatta boraman. Ona yurtim sogʻinchi yurak-bagʻrimni oʻrtaydi.

* * *

Oltinoy Sulaymonova maktabning tantanali majlisi ochilishi oldidan yetib keldi. Derazadan uning mashinasini koʻrib turgan majlis ahli yopirilgancha koʻchaga chiqib, hurmatli mehmonni shodiyona kutib oldi. Tanishu notanish, keksayu yosh – hamma u bilan qoʻl berib koʻrishishga oshiqardi. Oltinoy Sulaymonova jamoa ahlining bunchalik iliq kutib olishini, ehtimol, oʻylamagan boʻlsa kerak, hatto u menga oʻzini yoʻqotib qoʻyganday tuyuldi. Qoʻlini koʻksiga qoʻyib, odamlarga taʼzim qilgancha prezidiumga arang chiqib oldi.

Oltinoy Sulaymonova oʻz hayotida qanchalab tantanali yigʻilishlarda boʻlgan, uni hamisha shod-xurramlik va izzat-ikrom bilan kutib olishganlari turgan gap. Biroq bu yerda, oddiy qishloq maktabida ovuldoshlarining bunchalik samimiy kutib olishidan behad hayajonlangan olima beixtiyor koʻzyoshlarini yashirishga harakat qilardi.

Tantanali yigʻilishda oʻquvchilar aziz mehmonga gullar taqdim etishib, yangi maktabning faxriy kitobini uning nomi bilan ochdilar. Keyin maktab havaskorlari tomonidan qiziqarli konsert berildi. Nihoyat, barcha mehmonlar – oʻqituvchiyu xoʻjalik faollari maktab maʼmuriyati tomonidan tashkil qilingan ziyofatga taklif etildi.

Mehmondorchilikda ham Oltinoy Sulaymonovaning ovulga tashrif buyurishi xususida qanchalar iliq gaplar aytildi. Uni gilamlar bilan bezatilgan eng faxrli oʻringa oʻtqazib, qoʻllaridan kelguncha, izzat-hurmatini bajo keltirishga harakat qilishdi. Bunday paytlarda mehmonlar, odatdagidek, olagʻovur ichida Oltinoy opaning salomatligi shaʼniga qadah koʻtarishib, xushvaqtlik qilishib, shukuhli oʻtirishga oʻzgacha ruh va fayz bagʻishlar edilar. Shunda xonaga oʻspirin yigitcha kirib kelib, mezbonga bir dasta telegrammalarni uzatdi: maktabning ochilishi munosabati bilan sobiq oʻquvchilar yoʻllagan tabrik telegrammalari qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi.

– Hoy yigit, bu telegrammalarni Duyshen chol keltirdimi? – soʻradi direktor.

– Ha, – javob berdi yigit. – Yigʻilishga yetib borib, telegrammalarni xaloyiq oldida oʻqib berishlari uchun butun yoʻl boʻyi otni qamchilab kelgan boʻlsam-da, andak kechikib qoldim, deb xijolat boʻlib turibdi, oqsoqolimiz.

– Borib ayt, otdan tushib darhol bu yoqqa kelsin.

Yigit Duyshenni chaqirish uchun eshik tomon yoʻnaldi.

Yonimda oʻtirgan Oltinoy opa kutilmaganda, nimadir esiga tushib qolganday allanechuk boʻlib ketdi-da, qaysi Duyshen haqida gap borayotganligini mendan soʻrab qoldi.

– Kolxoz pochtachisi haqida, Oltinoy Sulaymonovna, siz Duyshen cholni taniysizmi? – deb soʻradim. U dudmal bosh irgʻab qoʻydi va oʻrnidan turishga taraddudlanayotgan ham ediki, shu payt deraza yonidan allakim otini yeldirib oʻtib ketdi. Ortga qaytgan yigit xoʻjayinga dedi:

– Ogʻay, u kishiga yoʻqlaganingizni aytdim, biroq tushmadi. Boshqa maktublarni ham joy-joyiga yetkazishi kerak-da.

– Mayli, yetkazsa yetkazaqolsin, uni ushlab turmaslik kerak. Qariyaning ham suhbatlashadigan oʻz tengqurlari bordir, – dedi kimdir koʻngli toʻlmaganday boʻlib.

– E! Bizning Duyshenni bilmas ekansizlar! U qonun-qoidadan chiqmaydigan kishi, xizmatini qoyillatmaguncha biron yoqqa jilmaydi, – qoʻshib qoʻydi ikkinchi bir kimsa.

– Rostdanam, gʻalati odam. Urush tugab, Ukrainada gospitaldan chiqqandan soʻng oʻsha yerda yashagan. Oʻz yurtingda oʻlganingga nima yetsin, deb ovulga qaytganiga ham nari-berisi besh yil boʻldi. Boyoqish shu zaylda dunyodan soʻqqabosh oʻtib ketyapti.

– Har holda, bir kirib oʻtganda yaxshi boʻlardi… Ha, mayli, – xoʻjayin qoʻl siltab qoʻya qoldi.

Ovulning faxrli kishilaridan biri qadah koʻtararkan:

– Oʻrtoqlar, agar eslaringda boʻlsa, bir vaqtlar Duyshenning maktabida oʻqib yurgan kezlarimizda, uning oʻzi ham alifbo harflarini toʻliq bilmasdi, albatta, – soʻzlovchi bu gaplarni aytishga aytdiyu, hayratga tushganday, boshini sarak-sarak qilib, andishasizlarcha koʻzlarini qisib kulib qoʻydi.

– Xuddi shunday, u toʻgʻri aytyapti, – mazax qilib kulishdi boshqalar.

– Nimasini aytasan! Ozmuncha nayranglar koʻrsatmadi deysanmi oʻshanda bu Duyshen deganing. Biz boʻlsak, uni haqiqiy oʻqituvchi, deb yurgan ekanmiz.

Xoxolab kulishlar pasaygandan soʻng qadah koʻtargan odam soʻzini davom ettirdi:

– Mana, endilikda odamlarimiz koʻz oʻngimizda oʻsib ulgʻayishdi. Akademik Oltinoy Sulaymonovnani butun mamlakat biladi. Deyarli barchamiz oʻrta maʼlumotli, koʻpchiligimiz esa oliy maʼlumotli boʻldik. Birgina shuning oʻziyoq endilikda hayotimiz qanchalik oʻzgarib borayotganligidan dalolat berib turibdi. Shunday ekan, qani, vatandoshlar, keling, Gurkurov ovulimiz oʻgʻil-qizlari bundan buyon ham oʻz zamonasining ilgʻor kishilari boʻlib qolishlari uchun qadah koʻtaraylik!

Yigʻilish ahli yana shovqin koʻtarib, bu taklifni quvvatladilar. Ammo faqat Oltinoy Sulaymonova gʻoyatda xijolat boʻlib, qizarib ketgancha qadahni labiga tegizib qoʻydi, xolos. Oʻshanda xushchaqchaq kayfiyatda oʻtirganlar gʻala-gʻovur ichida uning qay holatga tushganini payqaganlari ham yoʻq.

Oltinoy Sulaymonova bir necha marta soatiga qarab qoʻydi. Soʻng mehmonlar sayr qilish uchun tashqariga chiqqanlarida u odamlardan narida, tepalikdagi ariq boʻyida, kuz shamolidan sargʻish tusga kirgan qoʻsh teraklardan koʻz uzmay, koʻngli gʻash tortib, xayol surib turardi. Quyosh gʻira-shira och binafsharang dashtlik chizigʻidan ufq sari enib borardi. Men Oltinoy Sulaymonovaga yaqin kelib:

– Hozir ular yaproqlarini toʻkishyapti. Siz ularni bahor faslida koʻrganingizdami, – dedim.

– Ha, men ham shuni oʻylab turgan edim, – opa chuqur xoʻrsindi-da, xuddi oʻziga-oʻzi gapirayotgandek bir lahza jimlikdan soʻng yana qoʻshib qoʻydi: – Ha, shunday, olamda har bir mavjudotning oʻz bahoriyu kuzi bor, – dedi maʼyuslanib.

Shu asnoda uning ajin bosgan soʻlgʻin yuz-koʻzlariga gʻam-anduh koʻlankasi yugurgan esa-da, xotin-qizlarga xos nazokatli bir achinish bilan teraklardan koʻz uzmay turardi. Nogahon yonimda akademik Sulaymonova emas, quvlik-shumlikni bilmaydigan, quvonchu tashvishlari oddiygina qirgʻiz ayoli turganini koʻrdim. Bu olima ayol, chamasi, yoshlik chogʻlarida aytib kelingan ashulalarini endilikda eng baland togʻ choʻqqilariga chiqib, bor ovoz bilan aytish mumkin emasligini eslayotganday edi. U teraklarga nazar solar ekan, yana nimadir demoqchi boʻldi-yu, fikridan qaytdi va qoʻlida ushlab turgan koʻzoynagini darhol taqib oldi:

– Moskva poyezdi shu yerdan soat oʻn birda oʻtadi, shekilli?

– Ha, kechasi oʻn birda oʻtadi.

– Demak, yoʻl hozirligini koʻrishim kerak.

– Nega endi muncha tez? Bir necha kun turishga vaʼda bergan edingiz-ku, Oltinoy Sulaymonovna? Odamlarimiz hali ruxsat ham berishmas.

– Yoʻq, hoziroq joʻnab ketishim kerak, zarur ishlarim bor.

Yurtdoshlari xafa boʻlishlarini aytib, uni koʻndirishga qanchalik harakat qilishmasin, Oltinoy Sulaymonova oʻz qaroridan qaytmadi.

Quyosh botib, qorongʻilashgan payt. Ovuldoshlar mehmondan koʻngillari toʻlmaganday, keyingi kelganda koʻproq turish vaʼdasini olishdi. Men Oltinoy Sulaymonovani stansiyagacha kuzatib bordim.

Nega u bunchalik ketishga oshiqyapti? Ayniqsa, shunday quvonchli damlarda elatdoshlarini bunchalik ranjitib ketishi haqiqatan ham menga gʻalati emasmi? Yoʻlda borayotib men undan bu haqda necha bor soʻramoqchi boʻldim-u, ammo yuragim dov bermadi. Andishasizlik qilib qoʻyishimdan tashqari, baribir uning biron soʻz aytishiga koʻzim yetmasdi. U butun yoʻl boʻyi churq etmadi.

Stansiyaga yetib kelgach, nihoyat, men undan soʻradim:

– Oltinoy Sulaymonovna, nimadandir koʻnglingiz gʻash koʻrinadi, balki sizni biron narsadan ranjitib qoʻygandirmiz?

– Yoʻq! Aslo unday fikrga bormang! Kimdan ham xafa boʻlardim? Xafa boʻlganda ham oʻzimdan xafa boʻlishim kerak.

Shu bilan Oltinoy Sulaymonova yoʻlga ravona boʻldi. Men shaharga qaytib kelganimdan soʻng, oradan bir necha kun oʻtib, kutilmaganda undan maktub oldim. U maktubda ilmiy ishlari bilan band boʻlib, Moskvada uzoq muddat turib qolganligi haqida shunday yozibdi:

“Ishlarim qanchalik koʻp va shoshilinch boʻlmasin, ularning barchasini bir chetga qoʻyib, sizga ushbu maktubni yozishga qaror qildim… Agar maktubda yozganlarim sizni qiziqtirsa, unda aytganlarimni xaloyiqqa yetkazish haqida oʻylab koʻrishingizni oʻtinib soʻrayman. Bu nafaqat ovuldoshlarimiz, balki hamma uchun, ayniqsa yoshlarimiz uchun zarur, deb hisoblayman. Men uzoq oʻylab shu fikrga keldim, bu mening odamlar oldidagi dil izhorim, men uni ado etishim kerak. Bundan qanchalik koʻp odam xabardor boʻlsa, mening vijdon azoblarim shunchalik kamayadi. Siz meni noqulay ahvolga solib qoʻyaman, deb tortinib oʻtirmang. Bor gapni yashirmang…”

Bir necha kun ushbu maktub taʼsirida yurdim va, nihoyat, barchasini, eng yaxshisi, Oltinoy Sulaymonovaning oʻz tilidan hikoya qilishga jazm etdim.

 

* * *

Bu voqea 1924 yilda sodir boʻlgan edi. Ha, ayni shu yili…

Hozirgi xoʻjaligimiz joylashgan yerda oʻsha vaqtlar kichik bir ovul boʻlib, unda bir qism oʻtroq kambagʻal “yotoqchi”lar[1] yashardi. Men oʻsha kezlarda oʻn toʻrt yoshimda ota-onamdan yetim qolib, amakimning qaramogʻida kun kechirardim.

Oʻsha yili, kuzda oʻziga toʻq chorvadorlar qishlov uchun toqqa koʻchib ketganlaridan soʻng, oradan koʻp oʻtmay, ovulimizda men ilgari koʻrmagan askar shinelli notanish yigit paydo boʻlib qoldi. Uning shinelini, negadir, qora movutdan tikilganligi uchun ham eslab qolgan edim. Elu xalqdan, markazdan uzoqda, togʻlar yonbagʻridagi ovloq joydan makon topgan ovulchamizda harbiy kiyimdagi bu kishining paydo boʻlishi kutilmagan voqea edi.

Avval uni armiyada komandir boʻlib yurib, soʻng ovulga boshliq boʻlib kelibdi, deyishdi. Keyin bilishsa, u mutlaqo komandir emas, balki ocharchilik yillari ovuldan ketib bir muddat temir yoʻlda ishlab yurib, nihoyat, dom-daraksiz boʻlib ketgan oʻsha Toshtanbekning oʻgʻli Duyshen ekan. Hukumat uni ovulda maktab ochib, bolalarni oʻqitish uchun yuborganmish, deyishdi.

Oʻsha zamonlarda “maktab”, “oʻqish” degan soʻzlar yangilik boʻlib, koʻpchilik hali ularning maʼnosini yaxshi anglab yetmasdi. Bu mish-mishlar rostmi, yolgʻonmi, endi nima boʻlar ekan, deb turganlarida, ittifoqo, xaloyiq ovul oʻrtasidagi tepalikka yigʻilishsin, degan xabar tarqaldi.

Amakim boʻlsa, uzoq vaqt: “Bunisi yana qanaqa majlis ekan? Qachon qarama, odamlarni chalgʻitib, ishdan qoldirishgani qoldirishgan”, – deb toʻngʻillashni qoʻymasa-da, baribir qirchangʻi otini egarlab mingancha yigʻinga joʻnadi. Uning ortidan qoʻshni bolalarga qoʻshilib men ham yugurib qoldim.

Biz halloslagancha odatdagidek, har gal yigʻilish oʻtkaziladigan tepalikka yetib kelganimizda bir toʻda piyoda va otliqlar orasida oʻsha qora shinelli, rangpar yigit nutq soʻzlayotgan ekan. Biz uning soʻzlari yaxshi eshitilmaganligi bois yaqinroq keldik. Ammo shu payt juldur poʻstinli bir qariya, xuddi uyqudan choʻchib turganday, birdan uning gapini boʻldi:

– Ey, bolam, – dedi u labi-labiga tegmay duduqlangancha, – ilgarilari bolalarni mullalar oʻqitishardi, biz otangning kim ekanligini bilamiz: u ham bizga oʻxshagan kambagʻal-bechora kimsalardan edi. Qani, ayt-chi, sen qachondan beri mulla boʻlib qolding? – dedi.

– Men mulla emasman, oqsoqol, – deya zudlik bilan javob qaytardi Duyshen. – Bolalarni endi mullalar emas, balki oʻqituvchilar oʻqitishadi. Men armiyada yurib xat-savodimni chiqarib keldim, ungacha ham biroz oʻqigan edim. Mana, qanaqa mullaman.

– Ha, bu boshqa gap…

– Barakalla! – degan ovozlar yangradi.

– Shunaqa gaplar, meni bolalarni oʻqitsin deb, muallimlikka yuborishdi. Buning uchun esa, qanaqa boʻlsa ham, bino topishimiz kerak. Ana u tepalikdagi eski otxonani tartibga solishda sizlar albatta yordamlashasizlar, degan umiddaman. Xoʻsh, shunga nima deysizlar?

Odamlar, bu kelgindi nima deb valdirayapti, deganday biroz kalovlanib turishardi. Shunda anchadan beri egarning qoshiga tirsagi bilan suyanib, gapni tinglab turgan Satimqul chatoq ora-sira tish orasidan tupurgancha:

– E, qoʻysang-chi, bu safsatalaringni, – deya soʻz qotdi koʻzlarini qisib, xuddi uni nishonga olganday. – Qani, ayt-chi, bizga maktabning nima keragi bor oʻzi?

– Nima keragi bor emish, – talmovsiradi Duyshen.

– Toʻgʻri, haq gapni aytdi! – ilib ketdi kimdir.

Hamma birdan harakatga kelib, shovqin koʻtara boshladi:

– Biz azal-azaldan dehqonchilik bilan shugʻullanib kelganmiz. Bizni ketmon boqqan. Endi bola-chaqalarimiz oʻqib amaldor boʻlisharmidi? Xat-savodli boʻlish boshliqlarga kerak, biz boʻlsak oddiy xalqmiz. Boshimizni qotirma, yigit!

Oraga jimlik choʻkdi.

– Nahotki, bolalarning oʻqishiga qarshi boʻlsalaring? – taajjublanib soʻradi Duyshen, atrofdagi tikilib turgan odamlarga nazar tashlar ekan.

– Agar qarshi boʻlsak, majbur qilarmiding? U zamonlar oʻtib ketgan. Endi biz ozod, emin-erkin xalqmiz, qanday istasak, shunday yashaymiz! – dedi bir kimsa.

Bu gaplarni eshitgan Duyshenni chaqmoq urganday boʻlib, rang-roʻyi boʻzday oqarib ketdi. Qaltiragan barmoqlari bilan shineli ilgaklarini yechib, gimnastyorkasi kissasidan shosha-pisha toʻrt buklangan qogʻozni olib ochib, boshi uzra koʻtargancha dedi:

– Demak, sizlar hukumatning bolalarni oʻqitish kerak, deb muhr bosilgan ushbu hujjatiga qarshisizlar, shundoqmi? Unday boʻlsa, sizlarga yeru suvni, erku ozodlikni kim berdi? Qani, hukumatning qonunlariga kim qarshi? Javob bersin!

“Javob bersin” soʻzini u shu qadar zarda bilan hayqirib aytdiki, goʻyo iliq kuz sokinligini buzib otilgan oʻq togʻ qoyalariga urilganday aks sado berdi. Bu gal biron kimsa ogʻiz ochishga jurʼat etmadi, hammaning boshi quyi solindi.

– Biz, axir, kambagʻallarmiz-ku, – dedi Duyshen, hovuridan tushib, soʻzini davom ettirar ekan, – hukumat bizni yorugʻlikka chiqsin, oʻqib xat-savodli boʻlsin, deyapti. Buning uchun esa bolalarimizni oʻqitmogʻimiz darkor…

Duyshen oʻzining aytgan soʻzlariga javob kutayotgandek sukut saqlab turgan edi, shunda sen qachondan beri mulla boʻlib qolding, deb soʻragan oʻsha juldur poʻstinli qariya, murosaga kelganday mingʻillab dedi:

– Ha, mayli, koʻngling shuni juda istab qolgan boʻlsa, oʻqitaver, bizga nima… Biz qonunga qarshi emasmiz.

– Ammo menga yordam berishlaringizni soʻrayman. Biz anavi tepalikdagi boydan qolgan otxonani taʼmirdan chiqarib, jarariqqa koʻprik solishimiz, maktabga oʻtin tayyorlashimiz kerak.

– Shoshmay tur, yigit, juda chaqqon chiqib qolding-ku, – Duyshenning soʻzini boʻldi oʻjar Satimqul.

U odatdagidek tishlari orasidan chirt etkazib tupurib, koʻzlarini qisgancha, yana Duyshenni nishonga olganday dedi:

– Sen, yigit, “maktab ochaman” deb butun ovulga jar solyapsan. Bunday qaraganda, na ustingda toʻning, na ostingda oting, na haydashga bir parcha yering, na qoʻrada boqib qoʻygan moling bor! Bu ahvolda qanday yashashingni bir oʻylab koʻrdingmi oʻzi, azizim? Nima, ot oʻgʻirlab kun koʻrmoqchimisan?.. Ammo bizda unday otlar yoʻq. Ular togʻliklarda boʻladi.

Duyshen bir nima deb keskin javob qaytarmoqchi boʻldi-yu, yana bir zum jim qolib, vazminlik bilan dedi:

– Bir navi hayot kechiraman. Hukumat menga maosh toʻlaydi.

– E-e, boyadan beri shuni aytmaysanmi! – Satimqul ham qanoat hosil qilganday, istehzoli jilmayib, egar ustida gʻolibona qaddini rostlab oʻtirdi. – Endi bilsak, gap bu yoqda ekan. Sen yigit, oʻz bilganingni qilib, hukumat bergan oʻsha imtiyoz maoshing bilan bolalarni oʻqitaver. Hukumat xazinasida pul yetarli. Bizni esa tinch qoʻy, xudoga shukur, tashvishimiz oʻzimizga yetib ortadi…

Shu soʻzlarni ayta turib Satimqul otining boshini shartta burgancha joʻnab qoldi. Uning ortidan boshqalar ham asta-sekin tarqala boshlashdi. Duyshen boʻlsa, qoʻlida qogʻozini ushlagancha turib qoldi. Boyoqish uni nima qilishini bilmasdi…

Bechoraga rahmim kelib ketdi. Undan koʻz uzmay turarkanman, yonimdan oʻtib ketayotgan amakim:

– Ha, paxmoq soch, sen bu yerda nima qilib angrayib turibsan, qani, tuyogʻingni shiqillatib, uyga joʻnab qol-chi! – Men ham bolalarning ortidan yugurib qoldim. – Buni qara-ya, sen tirranchalar ham yigʻilishga juda serqatnov boʻlib qoldilaring!

Ertasi kuni qizlar bilan suvga borayotgan edik, yoʻlda Duyshenni uchratib qoldik. U belkurak, ketmon, bolta va yana qoʻlida qandaydir eski paqir koʻtargancha anhorning narigi qirgʻogʻiga oʻtib ketayotgan ekan.

Shu-shu, qora shinel kiyib olgan bu soʻqqabosh kimsa har kuni saharlab turib soʻqmoq yoʻl orqali tepalikdagi tashlandiq otxona sari yoʻl olar va har kuni allanimalar bilan mashgʻul boʻlib, yarim tunda ovulga qaytib tushardi. Biz uni koʻpincha kattakon bir bogʻlam quvray[2] yoki poxol orqalab ketayotgan holda koʻrardik. Uni uzoqdan koʻrganlar uzangiga oyoq tirab, qoʻzgʻalib, kaftlarini soyabon qilganlaricha, bu kim boʻldi ekan, deganday ajablanib soʻz yurita boshlardilar:

– Ana u, oʻtin koʻtarib ketayotgan Duyshen muallim emasmi?

– Xuddi oʻzi.

– Eh, shoʻring qurgʻur, bechora. Oʻqituvchilik ham oson ish emas ekan-da.

– Boʻlmasam-chi! Nima deb oʻylovding? Koʻtargan yukiga qara, boyning batragi ham buncha yuk koʻtarmaydi.

– Uning soʻzlarini eshitdingmi, gapga juda chechan koʻrinadi!

– Chunki qoʻlida muhr bosilgan qogʻozi bor-da: mana gap qayoqda.

 

* * *

Kunlardan birida, odatdagidek, adirdan tezak terib kelayotib, maktab tomon burildik: muallimning nima qilayotgani bizni qiziqtirardi. Loydan qurilgan bu saroy bir vaqtlar boyning otxonasi boʻlgan. Qish kunlari qulunlagan biyalarni toylari bilan shu yerda boqishardi. Sovet hokimiyati oʻrnatilgandan soʻng, boy qayoqqadir koʻchib ketib, otxonadan faqat vayrona qolgan edi. Shu-shu bu yerga bironta kimsa yoʻlamay qoʻygani bois uning atrofini ayqash-uyqash oʻt-oʻlanlar, chakamigʻu tikanaklar bosib ketgan edi. Endi boʻlsa, ular ildizi bilan sugʻurib olinib, bir chekkaga uyib qoʻyilgan, qoʻra tozalanib, tartibga solingan; yomgʻirdan nurab, qulab tushgan devorlari loy bilan shuvalib, qovjirab, tob tashlab qiyshayib ketgan va turfa ohangda ochilib-yopiladigan eshik tavaqalari epaqaga keltirilib, hamma yoq saranjom-sarishta qilib qoʻyilgan edi. Xullas, otxona yangi qiyofa kasb etgan edi.

Biroz dam olaylik, deb, tezak toʻla qoplarimizni yerga qoʻyib turganimizda eshikdan ust-boshi loyga belangan Duyshen chiqib qoldi. U bizni koʻrishi bilan yuzlaridagi terlarini artib, kulimsirab qoʻydi:

– E, kelinglar, qizlar. Tezak terib yuribsizlarmi?

Biz qoplar yoniga choʻkka tushgancha tizilishib oʻtirib, uyalganimizdan, ha deganday bosh irgʻab, bir-birimizga qarab qoʻydik. Duyshen tortinib turganimizni darhol sezdi-da, bizga dalda berganday koʻz qisib qoʻydi:

– Qoplaringiz oʻzlaringizdan ham katta-ku. Birrov boʻlsa-da, kirib oʻtganlaringiz ayni muddao boʻldi, qizlarim, axir, shu yerda oʻqishlaring kerak-ku, maktablaring ham tayyor boʻlay deb qoldi. Ana, koʻryapsizlarmi, hozirgina burchakka pechkani eslatuvchi oʻchoqboshi qurib, hatto tomidan moʻri ham chiqarib qoʻydim! Endi qishga yoqilgʻi tayyorlashimiz kerak. Ha, bundan gʻam yemasak ham boʻladi – atrofimiz toʻla quvray. Qarabsizki, yerga poxolni qalinroq toʻshaymiz-da, oʻqishni boshlab yuboramiz. Qalay, oʻqishni xohlaysizlarmi, maktabga kelasizlarmi?

Dugonalarim ichida kattarogʻi men edim. Shuning uchun ham, bir entikdim-da, javob berishga jurʼat etib:

– Agar yangam ruxsat bersa, qatnab turaman, – dedim.

– Nega ruxsat bermas ekan, albatta ruxsat beradi. Isming nima?

– Oltinoy, – javob berdim men, yirtiq tizzamni kaftim bilan yoparkanman.

– Oltinoy – chiroyli ism ekan. – Uning erkalayotganday muloyim kulib boqishidan mening ham dilim yorishib ketganday boʻldi. – Sen kimning qizi boʻlasan?

Men nafasim ichimga tushib, sukut saqlab turdim: rahmdillik qilganlarni yoqtirmasdim.

– Yetim qolgan, hech kimi yoʻq, amakisinikida yashaydi, – shipshitishdi dugonalarim.

– Boʻlmasa, gap bunday, – dedi Duyshen menga yana kulimsiragancha razm solib turar ekan, – sen boshqa bolalarni ham birga oʻqiymiz, deb maktabga boshlab kel. Maʼqulmi? Qizlar, sizlar ham eshitdilaring-a?

– Maʼqul, amaki.

– Meni muallim, deb atayveringlar. Maktabni kirib koʻrasizlarmi? Tortinmanglar.

– Yoʻq, borishimiz kerak, – dedik uyalganimizdan.

– Mayli, uylaringga bora qolinglar. Maktabni esa bir yoʻla oʻqishga kelganlaringda koʻrasizlar. Men boʻlsam, shom tushguncha yana birrov quvrayga borib kelayin.

Duyshen oʻroq, arqonlarini olib, dalaga chiqib ketdi. Bizlar ham qoplarimizni orqalagancha ovul sari pildirab ketdik. Shunda nogahon xayolimga bir fikr kelib qoldi:

– Hoy, qizlar, toʻxtanglar! – deya qichqirdim. – Kelinglar, tezaklarni maktabda qoldirib ketamiz, qishga oʻtin kerak-ku.

– Uyga quppa-quruq boramizmi? Seni qara-yu!

– Ha, borib yana qayta terib kelamiz.

– Yoʻq, kech boʻlib qoldi, uydagilar nima deydi?

Shu yoʻsinda dugonalarim meni kutib oʻtirmasdan, qoplarini koʻtargancha uylariga joʻnab qolishdi.

 

* * *

Oʻsha kuni meni bu ishga nima majbur etganini hanuzgacha tushunib yetganim yoʻq. Dugonalarim gapimga kirmaganlari uchun ranjiganimdanmi yoki boʻlmasa bolalik chogʻlarimdanoq erku xohishim poymol etilib, nobop kimsalarning doʻq-poʻpisasi ostida yashab kelganimdanmi yoki ilgari koʻrmagan, bilmagan bir odamning kutilmaganda menga shunchaki bir-ikki ogʻiz iliq soʻz bilan iltifot qilib koʻnglimni koʻtarganligi uchunmi, harqalay minnatdorchilik bildirsam, degan edim. Chinakam taqdirim, hayotimning butun quvonchu sarson-sargardonliklari xuddi oʻsha kundan, oʻsha bir qop tezak hangomasidan boshlanganini yaxshi anglab yetgan edim. Bunday deyishimga sabab ayni oʻsha kuni hayotimda birinchi bor oʻylamay-netmay tanbeh berishlaridan choʻchimay, ichki bir sezgi bilan koʻngil daʼvatini ado etishga jurʼat qilgan edim. Dugonalarim meni tashlab ketganlarida men Duyshenning maktabiga burila qolib, qopdagi tezakni darhol binoning devori ostiga toʻkdim-da, yana shu zahotiyoq qayta terib kelish uchun jarligu dashti-adirlar sari jadallab ketdim.

Goʻyo biron ishni qoyillatib qoʻyganday, quvonganimdan yuragim junbishga kelib, hovliqqancha qayoqqa chopib ketayotganimni oʻzim ham bilmasdim. Bunchalik baxtiyor ekanligimdan oftob ham ogohdek edi. Ha, mening qushday emin-erkin uchib borayotganimdan uning ham xabardor va mamnun ekaniga ishonch hosil qilgan edim. Chunki men, andak boʻlsa-da, xayrli ishga qoʻl urgan edim.

Quyosh soʻnggi zarrin nurlarini sochib, allaqachon tepaliklar uzra yonboshlagan boʻlsa-da, nazarimda, toki nigohimga toʻyib olmaguncha botadiganga oʻxshamasdi. U oyoqlarim ostiga poyandoz solganday xira tortgan kuzgi yerlarni toʻq qizil, binafsha va pushti ranglarga bezab, kiyilaverib uvadasi chiqib ketgan kamzulimning kumushrang tugmalarida olovday yolqinlanib, izgʻirindan quvragan chiylarning[3] popuklariga zeb berib turardi. Men boʻlsam, hamon chopqillab borar ekanman, sevinchim ichimga sigʻmay, xayolan yeru koʻkka, shamolga yuzlanib: koʻryapsizlarmi! Men naqadar baxtiyorman! Men endi soʻzsiz maktabga boraman! Oʻzimgina emas, boshqa tengqurlarimni ham birga olib boraman! – deb faxrlanardim.

Shu koʻyi qancha chopganimni bilmayman, nogahon, tezak terishim kerak-ku, degan oʻy esimga tushib qoldi. Qizigʻi shundaki, butun yoz boʻyi bu yerlarda qanchalab mollar boqilib, har qadamda tezaklar uchrardi, endi esa ularni xuddi yer yutib yuborganday, nishona yoʻq. Balki, men ularni ilgʻamayotgandirman? U yoqdan bu yoqqa qanchalik yugurib yurmayin, tezaklar shunchalik kam uchrardi. Oʻshanda qosh qoraymasdan qopimni tezroq toʻldira qolsam, deb yuragimni hovuchlab, shoshilganimdan chiy butalari orasida adashib qolibman. Har qalay, naridan-beri qopimni qappaytirganimda quyosh botib, kimsasiz, sukunatli borliqni qorongʻilik chulgʻab olgan edi. Bunaqa bemahalda biyday dalada, hali hech qachon yolgʻiz oʻzim qolib ketmagandim. Dahshatga tushganimdan, oʻzimni yoʻqotib, qopimni yelkamga tashlagancha ovul sari yugurib ketdim. Xudo haqi, hoʻngrab yigʻlab yuborishimga oz qolgan edi. Duyshenning haligi tasalli berib aytgan nasihatomuz soʻzlarini eslar ekanman, uning ojizligimni koʻrib ensasi qotmasin, degan xayolga borib, xuddi u sirtdan kuzatib turganday or-nomus kuchlilik qilib, yon-verimga qaramasdan, oʻzimni dadil tutgancha boraverdim.

Hamma yogʻim terga, changga botib, halloslagancha uyga yetib keldim. Ogʻir nafas olib, ostona hatlab oʻtgan ham edim, oʻchoq boshida oʻt yoqib oʻtirgan yangam oʻrnidan tura solib, xoʻmraygancha men tomon xezlandi. U oʻta badjahl va qoʻrs muomalali ayol boʻlib, vajohatidan ot hurkardi.

– Yer yutgur, qaysi goʻrda izgʻib yuribsan? – deya oʻshqirdi u men tomon yaqinlashar ekan, ogʻiz ochishga ulgurganimcha yoʻq ham ediki, qoʻlimdagi qopni tortib olib, chetga itqitib yubordi. – Bor-yoʻgʻi shumi, kun boʻyi sangʻib yurib, tergan tezaging shumi?

Chamamda, dugonalarim allaqachon ogʻizlaridan gullab qoʻyishgan koʻrinadi.

– E-e-e, isqirt, hayvon! Maktabda oʻynash topganmisan, maktabing bilan qoʻshmozor boʻlgur! – yangam jazavasi tutgancha qulogʻimni burab, boshim, koʻzim aralash savalay ketdi. – Yaramas, yetimcha – yetti kulcha! Boʻri bolasi it boʻlmas, deydilar. Odamlarning bolasi uyga tashisa, sen boʻlsang, uydan chetga tashiysan. Yana maktab haqida soʻz ocha koʻr-chi, oyogʻingni sindirib, maktab qanaqaligini senga koʻrsatib qoʻyaman…

Men baqirib yuborishdan oʻzimni tiyib, azbaroyi qoʻrqqanimdan miq etmasdan turaverdim. Keyin oʻchoqqa oʻtin tashlab, kulrang mushugimizni silab, unsiz yigʻlagancha, shumshayib oʻtiraverdim. Mushugim esa, har gal yigʻlaganimni sezib turganday, darhol tizzamga kelib oʻtirib olardi. Men yangamning doʻq-poʻpisalariyu doʻpposlashlaridan emas (ularga allaqachon koʻnikib qolgan edim), balki u endi meni hecham maktabga yubormay qoʻyadi, degan xayolda yigʻlardim…

 

* * *

Oradan, chamasi, ikki kunlar oʻtib, erta tongda ovulda itlar hurib, uzuq-yuluq ovozlar eshitila boshladi. Maʼlum boʻlishicha, Duyshen ovuldagi uylarga birma-bir kirib, maktabga bolalarni toʻplayotgan ekan. Oʻsha kezlarda ovulimizda har kim oʻz bilganicha, koʻngli xushlagan joyda paxsa devorli uylar qurib yashayverishgan, xuddi shuningdek, koʻchalarimizning ham tayini boʻlmagan. Duyshen yoniga oʻn nafar bolakaylarni olib, ana shu pastqam kulbalar oralab u hovlidan bu hovliga oʻtib yurgan ekan.

Bizning uyimiz eng chetdagisi edi. Ayni shu mahal biz yangam ikkimiz oʻgʻirda tariq yanchayotgan edik, amakim esa omborxona yonidagi oʻrada saqlanayotgan donni qazib olib bozorga eltib sotmoq uchun hozirlik koʻrib turgan payt edi. Biz bosqonchilar singari zilday oʻgʻir dastasini navbat bilan birimiz qoʻyib, birimiz urar ekanmiz, Duyshenlar yaqinlashib qolgandir, degan ilinjda yer ostidan ora-sira koʻz qirimni tashlab qoʻyishga ulgurardim. Yangam meni oʻlsa ham maktabga yubormasligiga koʻzim yetib turgan boʻlsa-da, yaxshi niyat – yorti mol deganlaridek, Duyshenning bu yerga kelishini va hech boʻlmaganda meni koʻrib, qayerda, qanday yashayotganimdan xabardor boʻlishini istab, ilohim hovlimizga birrov kirib oʻtishsin-da, deya Xudodan iltijo qilib, uning kelishini sabrsizlik bilan kutardim.

– Assalomu alaykum, kelinoyi, hormanglar! Mana, bir gala boʻlishib sizlarnikiga mehmonga kelyapmiz, koʻryapsizmi, biz qanchamiz! – deya hazil-huzul aralash sidqidildan salomlashdi Duyshen yangam bilan, bir toʻda boʻlajak shogirdlarni ergashtirgancha hovliga kirib kelarkan.

Yangam, shunchaki javob tariqasida, allanima deganday toʻngʻillab qoʻydi, amakim boʻlsa, oʻra qaziyotgan joyidan hatto boshini koʻtarib ham qaragani yoʻq. Duyshen bunga parvo ham qilmadi. U, aksincha, ishbilarmon kishilardek, hovli sahnidagi gʻoʻlalar ustiga borib choʻqqayib oʻtirdi-da, qoʻliga qalam va qogʻoz olib:

– Bugun biz maktabda oʻqishni boshlaymiz. Qizingiz necha yoshda? – deb soʻradi. Ensasi qotgan yangam javob berish oʻrniga zarda bilan oʻgʻir dastasini gurs etkizib urib qoʻydi. Men boʻlsam, endi bu yogʻi nima boʻlar ekan, deb jon hovuchlab turardim. Duyshen menga qarab kulimsirab qoʻyar ekan, yana u galgidek qalbimga iliqlik yugurdi.

– Oltinoy, necha yoshga kirding? – soʻradi u. Men javob berishga jurʼat etolmadim.

– Buning senga nima keragi bor, nazoratchimisan! – dedi gʻazabga toʻlgan yangam, oʻta andishasizlik bilan bobillab berdi. – Bunga oʻqishni kim qoʻyibdi! Bunga oʻxshagan qanchadan-qancha ota-onasiz yetim bolalar ham oʻqimasdan yurishibdi-ku! Sen ana ularning bir guruhini yigʻib olibsan, ana oʻshalarni maktabingga olib borib oʻqitaver, bu yerda sening keraging yoʻq.

Duyshen sapchib oʻrnidan turib ketdi.

– Nima deyapsiz oʻzi! Yetimlik uning peshonasiga yozib qoʻyilmagan-ku yoki yetim bolalar oʻqimasin, degan qonun bormi?

– Sening qonun-ponuning bilan ishim yoʻq. Mening oʻz qonunim bor. Sen menga aql oʻrgatma!

– Qonun hammamiz uchun bitta. Agar bu qizaloq sizlarga kerak boʻlmasa, bizlarga kerak, hukumatga kerak. Agar monelik qilsalaringiz, qonunimizni ham ishga solishimiz mumkin!

– Sen, oʻzboshimcha boshliq qayerdan paydo boʻlib qolding? – dedi yangam ikki qoʻlini beliga qoʻyib gerdaygancha. – Oʻzing ayt-chi, yedirib-ichirib katta qilgan bu qiz mening ixtiyorimda boʻlishi kerakmi yoki senga oʻxshagan betayin, kelgindilarning izmida boʻlishi kerakmi, takror aytaman, unga kim javob berishi kerak?

Agar shu payt beligacha yarim yalangʻoch boʻlib olgan amakim oʻradan koʻrinish bermaganda, bu hangoma nima bilan tugashini kim bilardi, deysiz? U xotinining har bir ishga suqilaverishini zinhor yoqtirmasdi. Bu gal ham zardasi qaynab ketdi, shekilli:

– Ey, manjalaqi! – qichqirdi u, oʻradan chiqar ekan. – Sen qachondan beri roʻzgʻorni kattasi boʻlib qolding? Koʻpam valdirayvermasdan ishingni qilsang boʻlmaydimi? A, sen, Toshtanbekning oʻgʻli, gapni koʻpaytirmasdan qizni olib ketaver, xohlasang oʻqit, xohlasang pishirib ye. Qani, endi bu yerdan tezroq tuyogʻingni shiqillatib qol!

– Bu arzanda maktabda sanqib yursa, uy ishlarini kim qiladi? Baloga balogardon boʻlib, yana roʻzgʻor ishlariga koʻmilar ekanman-da? – deya yangam yigʻlashga tushgan edi, amakim:

– Chakagingni oʻchir! Gap bitta, aytganim aytgan, deganim degan! – dedi.

Yomonlik bor joyda yaxshilik ham bor, deganlaridek, birinchi bor maktabga borishim ana shunaqa gʻalva bilan boshlangan edi.

Shu kundan eʼtiboran, Duyshen har kuni ertalab, hovlima-hovli yurib, bizlarni maktabga boshlab borardi.

Maktabga borgan birinchi kunimizda oʻqituvchi yerga toʻshalgan poxol ustiga oʻtqazib, har birimizga bittadan daftar, qalam va yupqa taxtacha berdi-da:

– Taxtachani yozishga oʻngʻay boʻlsin uchun tizzalaringizga qoʻyib olinglar, – deb tushuntirdi. Keyin davom etdi. – Bolalar, men sizlarga harflarni, soʻzlarni va sonlarni qanday yozishni va oʻqishni oʻrgataman, oʻzim nimani bilsam, sizlarga ham shuni oʻrgataman…

Darvoqe, u bilganlarini hayratomuz bir tarzda, sabr-toqat bilan bizga ham yuqtira boshlagandi. Har bir oʻquvchining yoniga kelib qalamni qanday tutishni, soʻng esa tushunish qiyin boʻlgan soʻzlarni ishtiyoq bilan tushuntirib berardi.

Hozir oʻylab qarasam, haqiqatan ham, soʻzlarni hijjalab oʻqiydigan, qoʻlida bironta darslik, hatto alifbe kitobi ham boʻlmagan bu chalasavod yigitning bunday buyuk ishga jurʼat etganligidan hayratda qolaman. Ota-bobolari yetti pushtigacha savodsiz oʻtgan bolalarni oʻqitish hazilakam ish emasdi. Duyshenning boʻlsa oʻqitish dasturi va usullari haqida zarracha ham tasavvurga ega emasdi, albatta. Shu bilan birga, toʻgʻrisini aytganda, u bunaqa narsalar borligiga shubha ham qilmasdi.

U bizni oʻzi bilgan, maʼqul koʻrgan yoʻl-yoʻriqlar asosida oʻqitaverdi. Men boʻlsam, uning chin dildan jonbozlik koʻrsatib ishlaganiga ishonch hosil qilgan edim. Harqalay, uning boshlagan xayrli ishlari, menimcha, zoye ketmadi. Duyshen qahramonlik koʻrsatgan boʻlsa-da, hali buni oʻzi ham bilmasdi. Ha, bu chinakam qahramonlik edi, chunki oʻsha kezlarda ovul va maktab ostonasidan nariga oʻtmagan qirgʻiz bolasi uchun teshik-tirqishlaridan hamisha olisdagi qorli togʻ choʻqqilari koʻrinib turadigan shu paxsa devorli maktabda, agar uni maktab deb atash mumkin boʻlsa, misli koʻrilmagan va quloq eshitmagan shu maktabda, nogahon, yangi bir olam namoyon boʻlgan edi.

Avliyootadan ham, Toshkentdek azim shahardan ham necha bor katta shaharlar borligini va olamda Talas vodiysini eslatuvchi ulkan dengizlar borligini va ularda togʻlarday ulkan kemalar suzib yurganini oʻshanda bilgan edik, shuningdek, bozorda sotiladigan lampa moyining (kerosin) yer ostidan qazib olinishini ham oʻshanda bilgan edik. Hayot izga tushib, saodatli kunlar kelishi bilan tangu tor maktabimiz oʻquvchilarining keng va yorugʻ binolarda oʻqishlariga ham ayni shu kezlardayoq qatʼiy ishonch hosil qilgan edik.

Har oyning adogʻida Duyshen ish bilan boʻlisga borib, u yoqda ikki-uch kun qolib ketardi. Shunda biz uni mushtoqlik bilan kutardik. Agar jonajon tugʻishgan akam boʻlgan taqdirda ham, men uni, ehtimol, Duyshenning qaytishini kutganday sabrsizlik bilan kutmagan boʻlar edim. Yangam sezib qolmasin deb, tashqariga yugurib chiqqanimcha dasht yoʻliga zimdan uzoq muddat intizorlik bilan koʻz tikaman; xurjun koʻtargan muallimimiz koʻrinib qolarmikin, uning jozibali tabassumiyu maʼrifatga undovchi soʻzlariga yana oshno boʻlarmikanman, deya oshiqardim.

Duyshen oʻqitgan oʻn chogʻli bola orasida eng kattasi men edim. Ehtimol, shuning uchun hamdir, sinfdoshlarimizga nisbatan yaxshi oʻqir edim. Bugina emas, muallimning har bir aytgan soʻziyu koʻrsatgan har bir harfini oʻzim uchun muqaddas tutardim. Va men uchun uning bergan saboqlarini ongu shuurimga singdirib olishdan ham koʻra ulkanroq va olijanobroq yumush yoʻqdek edi bu olamda.

Qayoqqa bormay, muallim bergan daftarni asrab-avaylardim. Oʻzimcha oʻroq uchida yer chizib, devorlarning sirtiyu qorlarning ustiga harflarni va soʻzlarni yozib, oʻqib yurardim. Duyshendan koʻra uddaburro va bilimdon kishi yoʻq edi, mening nazarimda.

 

* * *

Bu orada, ana-mana deguncha qishli-qirovli kunlar ham kirib keldi. Birinchi qor tushgancha biz tepalik ostidagi shovullab oqayotgan soydan qoʻl tutishib kechib oʻtib yurdik. Keyinchalik bolalarning oyoqlariga soʻzak kirib, toqatlari toq boʻldi, ayniqsa kichkintoy bolakaylarning ayozga dosh berolmaganidan hatto koʻzlari jiqqa yoshga toʻlar edi. Shunda Duyshen ularni navbatma-navbat, birini yelkasiga, ikkinchisini qoʻlida koʻtargancha soydan oʻtkazib qoʻyardi.

Endi oʻylab qarasam, bularning bari xuddi choʻpchakka oʻxshardi. Oʻsha kezlarda odamlar nodonligidanmi yoki boʻlmasa tushunib yetmaganidanmi, haytovur, ular Duyshenning ustidan kulishardi. Ayniqsa, qishlovni togʻlarda oʻtkazib, gohida tegirmonga gʻalla oqlash (yanchish)ga kelib turadigan boy-boyvachchalarni aytmaysizmi. Boshlariga tulki telpagu egnilariga qoʻy terisidan poʻstin kiyib olgan bu kimsalar sarkash otlarini oʻynatib, necha bor kechuvda bizga duch kelib, yonimizdan oʻtayotganlarida koʻzlarini baqraytirgancha Duyshenni masxaralashardi. Ulardan biri:

– Koʻryapsanmi, birini orqalab, ikkinchisini qoʻlda koʻtarib olibdi, – deya qamchisi bilan qoʻshnisini turtib, piqillab kulib yubordi, boshqasi esa:

– Eh, bunaqa mehnatkashligini oldinroq bilganimdami, yer yutgan taqdirda ham, ikkinchi xotinlikka olgan boʻlardim! – deya qoʻshib qoʻydi.

Ular har gal, shu zaylda pishqirgan otlarini qamchilab, hamma yogʻimizga shagʻal aralash loy sachratib, qah-qah urib kulishgancha oʻtib ketishardi.

Oʻshanda Duyshenga ichim achib, rahmim kelib, bu fahm-farosatsiz kimsalarga yetib olsam-da, otlari tizginidan ushlab olib, badbashara yuzlariga tik qarab: “Muallimimiz haqida bunday beandisha soʻzlarni aytishga qanday jurʼat etyapsizlar! Sadqai odam ketinglar! Sizlar odam emas, balki odam qiyofasidagi iblissizlar!” – deya qichqirgim kelardi.

Ammo javobsiz qolgan qiz bolaning nidosiga, shu asnoda, kim ham iltifot qilardi deysiz? Mening esa alamli koʻzyoshlarimni yutishdan boshqasi qolmagan edi, xolos. Haqoratlangan muallimimizga kelsak, goʻyo u hech nimani koʻrmaganday, eshitmaganday, pinagini buzmasdan, aksincha, bu qoʻlansa gaplardan bizlarni alahsitishga va hazil-huzul qilib kuldirishga urinardi.

Soyga koʻprik qurish uchun Duyshen qanchalik harakat qilmasin, yogʻoch topolmadi. Bir kuni maktabdan qaytayotib, bolalarni suvdan oʻtkazib qoʻydik-da, ikkalamiz sohilda qolib, tosh va chimlar yordamida hatlab oʻtadigan joy tayyorlashga qaror qildik. Agar adolat yuzasidan aytadigan boʻlsak, ovulimiz ahli bir yoqadan bosh chiqarib, bamaslahat ish tutib, ikki-uchta yogʻoch-taxta keltirib tashlaganlarida olam guliston boʻlib, koʻprik ham bitib qolgan boʻlardi. Gap shundaki, oʻsha kezlarda oʻqishning maʼnisiga yetmagan avom xalq bunga deyarli ahamiyat ham bermasdi, Duyshenni esa bekorchilikdan bolalar bilan shunchaki umrguzaronlik qilib yurgan bir telba-da, deb hisoblashardi. Koʻprik qurish ot ustida suv kechib yurgan bu kimsalarning yetti uxlab tushlariga kirganmikin? “Uddasidan chiqsang – oʻqit, yoʻqsa, taxta-oʻqlovingni yigʻishtirib, ularni uy-uylariga tarqatib yubor”, emish. Shu ham gap boʻldi-yu. Biroq, nima boʻlganda ham, el-ulus bu esli-hushli yigitning qanchadan-qancha qiyinchiliklarga, tahqiru kamsitishlarga bardosh berib, sabr-toqat, qunt-matonat bilan saboq berib kelayotganligining boisi nimada ekanligini tanlariga bir oʻylab koʻrsalar boʻlardi.

 

* * *

Oʻsha kuni sakrab oʻtish uchun toshlarni soy ustiga mahkamlayotganimizda birinchi qor tushib, hafsalamizni pir qildi. Suyakni qaqshatuvchi muzdek suvda oyoqyalang boʻlib tinimsiz ishlayotgan Duyshenning sabr-bardoshi meni hamon hayratga soladi. Bir amallab soyning oʻrtasidan tovonimga toshlar choʻgʻday botib oʻtayotgan edim, suv oyogʻimni kesib ketgudek boʻlib, birdan tomirim tortishib, bukchayib qoldim. Boshim aylanib qichqirishimni ham bilmay, qad-bastimni rostlay olmay, suvga yiqilayozay deganimda Duyshenning koʻzi tushib qoldi. U qoʻlidagi toshni irgʻitib tashladi-yu, yugurib kelib, meni dast koʻtargancha jar yoqasiga olib chiqib, shineliga oʻtqazib qoʻydi. U goh koʻkarib, uvushib qolgan oyoqlarimni uqalar, goh muzlab qolgan qoʻllarimni kaftlari orasiga olib silab-siypalar, goh ogʻziga yaqin keltirib, nafasi bilan ilitardi.

– Yetar, Oltinoy, sen endi isinib ol, oʻzim bir amallayman, – dedi Duyshen. Nihoyat, kechuv tayyor boʻlgandan soʻng u etigini kiyaturib, meni sovuqdan hurpaygan holda koʻrar ekan: – Qalay, isinib oldingmi, yordamchi qiz? Shinelni mana mundoq yopinib ol! – deb jilmayib qoʻydi va yana bir zum oʻtmay: – Oʻtgan safar maktabga tezakni qoldirib ketgan senmiding? – deya soʻrab qoldi.

– Ha, – deb javob qaytardim.

– Oʻzim ham shunday deb oʻylagan edim! – dedi Duyshen xuddi oʻzi bilan oʻzi gaplashayotganday miyigʻida kulgancha.

Demak, muallimimiz oʻsha arzimagan narsadan xabardor ekan, hali ham uni unutmay yurganidan boshim osmonga yetdi, quvonchim ichimga sigʻmay, yuzlarim olovday yonayotganini hamon eslayman. Oʻshanda Duyshen ham quvonchimga sherik boʻlgan edi.

– Chaqnagan koʻzlaringdan aylanay, chirogʻim, – dedi u meni erkalab. – Oʻqishga ishtiyoqing zoʻr… Qani endi qoʻlimdan kelsa-yu, seni katta shaharga yuborib oʻqitsam! Kim boʻlib yetisharding, qarogʻim! – dedi-da, birdan ariq tomon burilib ketdi.

Uning shovullab oqayotgan toshloq suv boʻyiga kelib qoʻllarini orqasiga chalishtirgancha, olis togʻlar tepasida viqor bilan suzib borayotgan pagʻa-pagʻa bulutlarga porlagan koʻzlar bilan boqib turgani hali-hali koʻz oʻngimda.

Nimani oʻylab turgan ekan muallimimiz oʻshanda? Balki, haqiqatan ham, meni katta shaharga olib borib oʻqitish orzusi xayolidan kechgandir. Men esa oʻsha daqiqalarda Duyshenning shineliga oʻralib olib: “E, xudo, oʻqituvchim koshkiydi mening tugʻishgan akam boʻlaqolsa-yu, boʻyniga osilib, qattiq quchsam-da, koʻzlarimni chirt yumib, bisotimdagi eng yaxshi soʻzlarni uning qulogʻiga shivirlab aytsam”, deya iltijo qilardim.

Biz oʻshanda, garchi hali murgʻak bolalar boʻlsak-da, oʻylaymanki, muallimimizning odamgarchiligi va bizning istiqbolimiz haqida qaygʻurib jonbozlik koʻrsatayotganligini qalban his etib, unga mehr qoʻygan boʻlsak kerak. Boʻlmasa, har kuni nafasni boʻgʻib, jonni achituvchi izgʻirinda qor kechib, olis yoʻl bosib, ne mashaqqatlar bilan tepalikka qatnayverishga bizni kim ham majbur etardi, deysiz? Maktabga oʻz xohishimiz bilan borardik, hech kim bizni majbur qilmasdi. Yuz-koʻzlarimizu ust-boshimizni qirov bosib ketgan boʻlsa-da, muzdek xonada sabr-toqat qilib, mavridi kelganda galma-gal pechka yoniga borib isinib olardik, qolganlarimiz esa oʻz oʻrnimizda Duyshenning aytganlarini zavq bilan jimgina tinglab oʻtirardik.

 

* * *

Qorongʻi tushib qolgan, muallimimizning kelgan-kelmaganidan hamon xabarsiz edim. Oʻshanda u boʻlisga joʻnab ketgan, uch kunda qaytib kelaman, deb vaʼda bergandi bizga. Shu boisdan oʻzimni qoʻyarga joy topolmasdim. Duyshenning hali biron marta vaʼda qilgan kuniga yetib kelolmay qolganini eslay olmayman. Balki, dafʼatan tobi qochib qolgan boʻlsa, holdan toyib sekin-asta kelayotgandir yoki boʻronda qolib, tunda dashtlikda adashib ketgan boʻlsa-chi, deya turli xayollarga borib, oʻzimga-oʻzim dalda berardim. Ishim qovushmasdi, ipni yigirmoqchi boʻlardim-u, qoʻlim qaltirab, u qayta-qayta uzilib ketaverardi. Buni koʻrib turgan yangamning esa jazavasi qoʻzirdi.

– Senga nima boʻldi, jin urgur? Qoʻling singanmi? – deya yeb qoʻygudek oʻqraydi. Soʻng toqati toq boʻlib: – Oʻh, ogʻzingdan qoning kelgur, yomonga oʻlim yoʻq deydilar! Tur oʻrningdan, undan koʻra Sayqal kampirning qopini eltib ber, – dedi yana dagʻdagʻa bilan.

Bu men uchun ayni muddao edi. Quvonganimdan oʻrnimdan sakrab turib ketishimga oz qoldi. Axir, Duyshen oʻsha Sayqal kampirning uyida yashardi-da. Sayqal kampir bilan Qartanboy otaning ona tomondan menga uzoq qarindoshligi bor edi. Oldinlari ularnikiga tez-tez borib turardim, gohida hatto tunab ham qolardim. Yangamning esiga shu narsa tushib qoldimi yoki Xudo yorlaqadimi, harqalay, qoʻlimga qopni tutqazgancha yana qoʻshib qoʻydi:

– Sen bugun jonimni halqumimga keltirding, kasofat. Qani, joʻnab qol, koʻzimga koʻrinma, ruxsat etishsa, oʻsha yoqda tunab qolaver…

Men sakragancha hovliga chiqib ketdim. Zabtiga olgan shamol nola tortib oʻkirardi. Soʻng esa qor uchqunlari qoʻqqisdan hamla qilib, nafasni boʻgʻib, qizib turgan yuzlarimga tikanak sanchilayotganday tuyulardi. Qopni qoʻltigʻimga qisib oldim-da, endigina otlar iz qoldirib ketgan yoʻldan ovulning narigi tomoniga yugurib ketdim. Xayolimda esa “Oʻqituvchimiz qaytib kelganmikin?” degan oʻy gʻimirlardi.

Chopgancha yetib bordim, qarasam – u yoʻq. Nafasim boʻgʻzimga tiqilib, ostonada dong qotib turganimni koʻrgan Sayqal choʻchib ketdi.

– Senga nima boʻldi. Muncha yugurmasang, biron koʻngilsizlik yuz berdimi?

– Yoʻq, shunchaki oʻzim. Mana, qopingizni olib keldim. Bugun sizlarnikida qolsam, maylimi?

– Voy, qoqindiq, sen yotib qolay deysan-u, men yoʻq dermidim. Sal boʻlmasa, yuragimni qinidan chiqarayozding. Kuz tushibdiki, qorangni koʻrsatmaysan. Qani, oʻtir, isinib ol.

– Hoy, kampir, sen qozonga goʻsht tashla, qizimizni mehmon qil. Ungacha Duyshen ham yetib keladi, – dedi deraza yonida eski kigiz etikni tikib oʻtirgan Qartanboy. – Allaqachon kelishi kerak edi, ha, mayli, qorongʻi tushguncha kelib qolar. Toychogʻimiz uyga qaytarda ildam yuradi.

Asta-sekin derazalar qorongʻilashib, tun ham kirib keldi. Yuragimni hovuchlab, butun diqqat-eʼtiborimni berib, eshikka koʻz tikib turar ekanman, ovulda itlarning vovillashi yoki odamlarning ovozi eshitilib qolganda bexosdan seskanib tushardim. Duyshendan esa hamon darak yoʻq. Yaxshiyamki, Sayqal buvi undan-bundan gapirib, vaqt oʻtganini ham sezmay qolibmiz.

Yarim tunga borib holdan toygan Qartanboy ota:

– Qani, kampir, oʻrinni sol. Kech boʻlib qoldi, endi kelmaydi. Boshliqlarning ishi boshidan oshib yotibdi. Biron ish bilan tutilib qolgandir, boʻlmasa, allaqachon yetib kelgan boʻlardi, – dedi-da, yotishga hozirlandi.

Menga toʻshakni pechkaning narigi tomoniga, burchakka solib berishdi. Biroq uxlay olmadim. Chol dam-badam yoʻtalib, u yoqdan bu yoqqa agʻdarilib, kalima keltirganday allanimalarni pichirlab yotdi, soʻng esa bezovtalanganday:

– Otginamning holi ne kechdi ekan? Shaharda pulga ham yem-xashak topish amri mahol, – deya poʻngʻillab qoʻydi.

Qartanboy otaning koʻzi endi ilinay deganda, kuchli shamol turib, uning tinchini buzdi. Telbalangan dovul dagʻal panjalari bilan tom boʻgʻotlariyu oynaklarni timirskilab-timdalab, hamma yoqni ostin-ustin qilib yuborganday boʻlardi.

Qartanboy cholning soʻzlari beorom koʻnglimga taskin bermadi. Goʻyo oʻqituvchimiz bugun albatta yetib keladiganday, qor bosgan kimsasiz dashtlikda holi ne kechdi ekan, degan xayol butun vujudimni qamrab olgan edi. Qay mahal koʻzim uyquga ketgan ekan, bilmadim, dafʼatan nimadir yostiqdan bosh koʻtarishimga majbur etdi. Atrofda yoqimsiz uvlagan tovushlar taralib, havoning qaybir yerida muzlab qolganday edi. Boʻrilarning ovozi-ku! Ular koʻpchilikka oʻxshaydi. Qashqirlar dashtlikning turli tomonidan bir-birlarini ogoh etib, joʻr boʻlishib, goh olisdan, goh yaqindan shamol aralash gʻazabnok uvlashib, tobora ovulga yaqinlashib kelayotganday eshitilib turardi.

– Oting oʻchgurlar, yovuz boʻronni chaqirishyapti, – pichirlab qoʻydi kampir.

Chol bir fursat sukut saqlab turdi-da, soʻng oʻrnidan irgʻib turib ketdi:

– Yoʻq, kampir, qashqirlar bekorga uvlashmayapti! Ular, chamasi, otnimi, odamnimi, nimanidir quvlab, qurshab olishyapti. Eshityapsanmi? Yana bizning Duyshen boʻlib chiqmasin. Uni oʻz panohingda saqla, Xudoyim. Axir, u uncha-muncha narsalardan tap tortmaydigan tentak-ku! – Qartanboy sarosimaga tushib, qorongʻida poʻstinini axtarardi. – Chiroq, chiroqni yoq kampir. Xudo haqi, tezroq boʻl!

Qoʻrquvdan qaltiroq bosib, biz ham oʻrnimizdan turib ketdik. Bu orada Sayqal chiroqni topib, uyni yoritganda boʻrilarning dargʻazab uvlashi tuyqusdan jimidi-qoldi.

– Quvlab yetishdi, laʼnatilar! – deya Qartanboy ota baqirib yubordi-da, qoʻliga hassasini olib, eshik sari xezlangan ham ediki, itlarning vovillagan ovozi eshitilib qoldi. Allakim deraza yonidan gʻarch-gʻurch qor bosib chopgancha oʻtib ketdi-da, sabrsizlik bilan eshikni qattiq qoqa boshladi.

Xonaga qor toʻzoni aralash izgʻiriq yopirilib kirdi. U tarqalib ketishi bilan koʻz oʻngimizda Duyshen paydo boʻldi. Uning rang-roʻyi oʻchib ketgan, ogʻir hansirab ostona hatlab oʻtdi-da, gandiraklagancha devorga suyanib qoldi.

– Miltiq! – dedi sarosimaga tushgan Duyshen arang nafas olar ekan. Biz uning nima deyayotganini anglayolmay hayron boʻlib turardik. Koʻz oʻngim qorongʻilashib, chol-kampirning:

– Qora qoʻy, oq qoʻy boshingdan sadaqa raddi balo! Muqaddas Bahovuddinning ruhi seni qoʻllab-quvvatlabdi, bolam, – degan marsiyanamo soʻzlari qulogʻimga chalinardi, xolos.

– Miltiq, miltiqni bering! – takrorlardi Duyshen, yana eshik tomon yulqinib.

– Miltiq yoʻq, qayoqqa bormoqchisan, shashtingdan qayt, – deya qariyalar Duyshenning boʻyniga osilib olishdi.

– Soʻyilni beringlar!

– Nima qilmoqchisan, koʻzimiz tirik ekan, hech qayoqqa bormaysan. Undan koʻra bizni oʻldirib qoʻyaqol! – deya qariyalar yana yalinib-yolborishardi.

Banogoh aʼzoi badanim boʻshashib, un chiqarmay arang toʻshakka kirib yotdim.

– Ulgurolmadim, uyga endi yetib kelay deganimda, ular oʻrab olishdi, – deya Duyshen entikib hansiragancha qamchisini burchakka uloqtirib tashladi. – Ot yoʻlda kelayotgandayoq majoli qurigan edi, soʻng ustiga-ustak boʻrilar quvlab qolgandan soʻng ovulga arang yetib keldiyu gup etib qulab tushdi. Shu zahotiyoq hammalari quzgʻunlardek unga yopirilishdi.

– Ot boʻlsa, sadqai sar. Muhimi, oʻzing omon qolibsan. Agar ot yiqilmaganda, ular seni ham omon qoʻymasdi! Yaxshiyamki, seni Bahovuddin pirim oʻz panohida saqlabdi. Qani endi yechin, olovda isinib ol. Kel, etigingni tortib qoʻyay, – deya bechora Qartanboy suyunganidan girdikapalak boʻlardi. – Qani, kampir, biron narsang boʻlsa isit.

Ular olovga yaqinroq oʻtirisharkan, Qartanboy bir xoʻrsinib qoʻydi-da, bamaylixotir:

– Boʻlar ish boʻldi, taqdirda bitilganidan qochib qutulib boʻlarmidi? Oʻzing ham yoʻlga munchalik kech chiqmasang? – dedi.

– Boʻliskomda majlis choʻzilib ketdi, Qarake.

– Xoʻp, shunday ekan, bugun tunab qolib, ertasiga ertalab yetib kelganingda hech kim yoqangdan tutmas edi-ku.

– Bolalarga bugun yetib kelaman, deb vaʼda bergan edim, ertaga ertalab darsni boshlaymiz, – javob qaytardi Duyshen.

– Eh, nodon-ye! – deya hatto oʻrnidan sapchib turib ketdi Qartanboy va gʻazablanganidan boshini sarak-sarak qilgancha: – Eshityapsanmi, kampir, u bolalarga, shu mishiqi tirranchalarga vaʼda bergan emish! Agar biron falokat yuz berganda nima boʻlar edi? Nima deyayotganingni tushunyapsanmi oʻzi?!

– Bu mening muqaddas burchim, jonajon ishim, Qarake. Bu ham oʻz yoʻliga. Har gal boʻlisga piyoda borib, piyoda kelar edim, bu gal nima boʻldiyu, shayton yoʻldan urib, otingizni soʻrab oldimu qashqirlarga yem qilib kelganimni aytmaysizmi…

– Ha, qoʻysang-chi, oʻsha ramaqijon, ot boʻlib qayerga borardi. Aziz boshing omon boʻlsin, sadaqai raddi balo! – dedi jahli chiqib Qartanboy. – Umrim bino boʻlib otga yolchimadim, bu yogʻi ham bir gap boʻlar…

– Haq gapni aytding, chol, – hamdardlik bildirdi Sayqal momo oʻpkasi toʻlib yuzi koʻpchib yigʻlamsiragan ovozda. – Alhamdulillo, boshing omon boʻlsa ot topilar, sovimasdan ovqatingni ich, bolam…

Oraga jimlik choʻkdi. Birozdan soʻng tezak choʻgʻini titkilab oʻtirgan Qartanboy xayol aralash soʻz qotdi:

– Bilaman, esli-hushli, aqlli yigitsan, maktabni deb, shu goʻdaklarni deb joningni jabborga berayotganingga hayronman. Yoki boshqa ish topilmay qoldimi senga? Undan koʻra birorta choʻponga yollanganingda ust-boshing but, qorning toʻq boʻlarmidi…

– Menga achinib gapirayotganingizni tushunib turibman, Qarake. Faraz qilaylik, agar shu norasida bolalar ham maktabni, oʻqishni nima keragi bor, oʻqib kim boʻlardik, deb turishsa, unda hukumatimiz ishi, kelajagimiz nima boʻladi? Men uchun oʻqituvchilik koʻrgilik emas, Qarake, qaniydi qoʻlimdan kelsa, bolalarga yaxshiroq bilim bersam, asosiy orzu-niyatimga erishgan boʻlardim.

Shu yoʻsinda ularning suhbatini tinglab yotib, asta-sekin hushimga kelganday boʻldim. Boshda hammasi tushda koʻrilganday tuyulgandi. Ancha vaqtgacha Duyshenning shikastlanmay, omon-eson qaytib kelganiga oʻzimni ishontirolmay yotdim. Soʻng esa tasalli topgan qalbimga iliqlik yugurib, quvonchim ichimga sigʻmay, koʻzyoshi toʻkib, nafasim boʻgʻzimga tiqilib, hoʻngrab yigʻlab yubordim. Ehtimol, hali hech kim menchalik quvonchga toʻlmagan boʻlsa kerak! Ushbu lahzalarda men uchun qariyalarning paxsa devorli kulbasi ham, tashqarida oʻkirayotgan boʻronli tun ham, izgʻishib yurgan boʻri galalari ham, ovul chekkasida tilkalanib yotgan Qartanboyning yolgʻiz oti ham koʻzimga koʻrinmay qoldi! Butun qalbim, vujudim, fahm-farosatim bilan nur kabi tengi yoʻq baxt-saodatga musharraf boʻlganimni his etgan holda yigʻi ovozi eshitilmasin uchun ogʻzimni yumib, koʻrpaga burkanib oldim. Biroq Duyshen dafʼatan soʻrab qoldi:

– Hoy, pechka yonida hiqillab yigʻlayotgan kim?

– Ha, bu Oltinoy, haligi voqeadan qattiq choʻchib ketgan edi, oʻshanga yigʻlayapti, – dedi Sayqal kampir.

– Oltinoy? U bu yerga qanday kelib qoldi? – Duyshen oʻrnidan irgʻib turib, yonimga kelib tiz choʻkib oʻtirdi-da, sekin yelkamga turtib: – I-e, Oltinoy, senga nima boʻldi? Nega yigʻlayapsan? – deb soʻradi.

Men boʻlsam, devor tomon oʻgirildim-da, yana battarroq hoʻngrab yigʻlab yubordim.

– Ha, yoqimtoy qiz, kap-katta boʻlib munchalik qoʻrqmasang. Qani, menga bir qara-chi…

Duyshenning boʻynidan qattiq quchib oldim, koʻzyoshlarim bilan yuvilib langʻillab turgan yuzlarimni uning koʻksiga bosib, oʻzimni tutolmay, hiqillab yigʻlayverdim. Suyunganimdan qaltiroq bosib, oʻzimni tinchlantirishga ojizlik qildim.

– Ha, yuragi qinidan chiqqanmi, deyman! – xavotirlana boshladi Qartanboy va u ham oʻtirgan oʻrnidan turib ketdi. – Qani, kampir, bir duo oʻqib yubor, tezroq boʻla qol…

Banogoh ularning hammasi besaranjom boʻlib qolishdi. Sayqal momo pichirlagancha kuf-suf qilib duo oʻqib, yuzimga goh sovuq, goh issiq suv purkab, dam-badam yelkalarimni qoqib, oʻzi ham menga qoʻshilishib yigʻlay boshladi.

Eh, qaniydi ular oʻshanda ichki kechinmalarim tugʻyon urib, yuragim buyuk oliy baxtdan bahra olib “oʻz oʻrnidan qoʻzgʻalganini” bilishsa edi, holbuki buni hikoya qilib berishdan ojizman, bu qoʻlimdan ham kelmaydi. Tinib-tinchib uyquga ketmagunimcha Duyshen yonimdan jilmay, qizib turgan peshonamni sovuq qoʻllari bilan ohista-sekin silab oʻtirdi.

 

* * *

Qish oyoqlab qoldi. Borliq uzra bahor nafasi keza boshladi, adirlarga maysa gilamlarini yoyib eruvgarchilikdan nam tortib koʻpchigan tekisliklarni iliq havo oqimiga chulgʻab, oʻzi bilan birga goʻyo koʻpirgan yangi sut hidini olib kelardi. U togʻlardagi yastanib yotgan qor uyumlariyu muzliklarni eritib, siljitib, surib oʻziga yoʻl ochib, jilgʻalar sari sharillab oqib tushar, soʻngra esa yoʻl-yoʻlakay yanada qudratli kuch kasb etib, jarlik qirgʻoqlarini oʻpirib shiddat bilan sharqirab oqardi.

 

* * *

Bu, ehtimol, mening ilk yoshlik bahorim darakchisidir. Harqalay, nima boʻlganda ham, u nazarimda har bahorga nisbatan ham koʻrkamroq tuyulardi. Maktabimiz oʻrnashgan tepalikdan tabiat nurga yoʻgʻrilgandek yanada nashʼali, yanada goʻzallik kashf etgandek koʻzga tashlanardi. Allaqayerlarda moviy koʻl mavjlanib yotgan, allaqayerlarda pagʻa-pagʻa bulutlar uzra saf tortgan turnalar taronasi olis safarga chorlayotganday kishiga oʻzgacha huzur bagʻishlardi.

Bahor kelishi bilan biz bolakaylar ham quvonchimiz ichimizga sigʻmay gʻimirlashib qolardik. Turli-tuman oʻyinlarni oʻynab, sevinchimizdan xandon urib kulishardik, darsdan soʻng esa maktabdan to ovulga qadar bir-birimizni quvlashib, shoʻx-shodon qiyqirishib borardik. Buni koʻrgan yangamning har gal jini qoʻzib, zahrini sochmaguncha koʻngli taskin topmasdi:

– Hoy, esi past, muncha irgʻishlamasang. Qiladigan ishing yoʻqmi, qari qiz boʻlib qolmoqchimisan? Sen tengi qizlar allaqachon turmush qurib, qarindosh-urugʻ boʻlib yashamoqda, sen-chi… Maktab bahona, tarallabedod qilib, vaqtni bekorga oʻtkazib yuribsan, maktabing boshingdan qolsin. Hali shoshmay tur, taʼziringni berib qoʻymasam seni…

Ochigʻini aytganda, yangamning doʻq-poʻpisalarini oʻzimga unchalik qattiq olmasdim: uning domu dashnomlariga koʻnikib ketgan edim. Oʻzim haqimda esa, aytish kerakki, qari qiz boʻlib qoldi, deyish mutlaqo adolatsizlik edi. Toʻgʻri, bu koʻklamda biroz boʻyga tortganimni aytmaganda, oʻsha-oʻsha qizaloqman…

– Sen sochi paxmoq malla qizsan, – deb kulardi Duyshen.

Uning soʻzlariga hech qachon ranjimasdim. Garchi sochlarim paxmoq boʻlsa-da, harqalay oʻzimni u darajada malla deb aytishga tilim bormasdi. Boʻyga yetganimda shunday koʻhlik qiz boʻlayki, ana oʻshanda goʻzalligimni koʻrib yangam hayratda qolsin. Duyshen, sening koʻzlaring yulduz kabi chaqnab, yuzlaringdan nur yogʻiladi, deb aytib yuradi-ku!

Bir mahal maktabdan yugurib kelsam, hovlimizda ikkita begona ot bogʻlogʻliq turibdi. Ularning egalari togʻdan kelgan koʻrinadi. Oldinlari ham ular bozordan yoki tegirmondan qaytayotganlarida, yoʻl-yoʻlakay kirib oʻtishardi.

Ostonaga yaqinlashar ekanman, yangamning allanechuk gʻayritabiiy xoxolab kulgan ovozi eshitildi:

– Ey, jiyancha, koʻpam qaygʻurma, kamib qolmaysan. Hali jazmaningga yetishganda, toʻgʻri aytgan ekan, deb eslarsan, meni. Hi-hi-hi!

Unga javoban boshqalarning ham yayrab kulishlari eshitilardi. Eshikdan kirib kelishim bilan esa hammalari suv sepgandek jimib qolishdi. Namat ustiga yozilgan dasturxon yonida yuzlari qizarib boʻrtib ketgan, goʻyo toʻnkani eslatuvchi besoʻnaqay odam oʻtirardi. U ter bosgan peshonasigacha bostirib kiyib olgan qozonday tulki telpagi ostidan menga koʻz qirini tashlab, yana tomoq qoqqancha yerga boqib oʻtirdi.

– E-e, keldingmi, kela qol, jon qizim! – Yangam meni shu zaylda dabdurustdan erkalab, tilyogʻlamalik qilib miyigʻida kulgancha kutib oldi.

Namatning bir chekkasida oʻtirgan amakim menga notanish bir kishi bilan qarta oʻynab, aroq ichishib, beshbarmoq yeb oʻtirishardi. Ikkalasi ham har gal qarta itqitganlarida allaqanday gʻalati harakatlar qilib, bosh irgʻab qoʻyishardi.

Kulrang mushugimiz dasturxonga yaqin kelgan edi, haligi qizil yuzli kimsa uni mushti bilan bir urgan edi, bechora mushuk jon talvasasida miyovlagancha lip etib oʻzini chetga otdi-da, burchakka borib biqinib turdi. Boyoqish shoʻrlikkinamning rosa joni ogʻrigandir! Bu yerdan qanday qilib chiqib ketishimni bilmay turgan edim, yangam mushkulimni oson qildi:

– Qizim, – dedi u, – qozonda ovqating turibdi, sovimasdan olib yeya qol.

Men ostona hatlab chiqdim. Biroq yangamning bunday til uchidagi munofiqona muomalasi menga mutlaqo yoqmadi, gʻashim kelib, koʻnglim beixtiyor hushyor torta boshladi.

Oradan ikki soatlar chamasi oʻtib, kelgan kishilar otlariga minishib toqqa joʻnab ketishdi. Yangam boʻlsa, xuddi shu zahotiyoq, odatdagidek, yana haqoratli qargʻishlarini yogʻdira boshladi. Men boʻlsam, haligi soʻzlari “Demak, mastlik ustida aytilgan gaplar ekan-da”, degan xayolda koʻnglim taskin topganday boʻldi. Shundan soʻng sal oʻtib, biznikiga qandaydir bir yumush bilan Sayqal kampir kelib qoldi. Men hovlida u-bu ishlar bilan mashgʻul boʻlib yurgan edim, uning aytgan soʻzlarini eshitib qoldim:

– Qoʻy, bolam, Xudo xayringni bersin, uni juvonmarg qilma, uvoliga qolasan!

Yangam bilan Sayqal nima haqdadir bir-birlariga soʻz bermay bobillashgancha bahslashib qolishdi, soʻngra kampir uydan gʻazablangan holda chiqib, menga zarda qilganday, ayni chogʻda achinganday bir oʻqrayib qaradi-da, hech narsa demay chiqib ketdi. U menga nega bunday qaradi, yana qaysi qiligʻim unga yoqmay qoldi? – deya koʻnglim gʻash tortib yurdi.

Ertasi kuni maktabda Duyshenning ruhi tushib, nimadandir tashvishlanayotganini, ammo bizlarga sir boy bermaslikka harakat qilayotganini, ayni chogʻda u negadir men tomonga qaramayotganini ham darhol sezib qoldim. Darsdan soʻng biz galalashib maktabdan chiqqanimizda, Duyshen meni chaqirib qoldi:

– Toʻxta, Oltinoy, – muallim yonimga yaqin kelib, diqqat bilan koʻzimga tikildi-da, yelkamga qoʻlini qoʻyib, – sen uyga bormagin. Tushundingmi? – dedi.

Qoʻrquvdan dong qotib qoldim. Faqat shundan keyingina yangam mening ustimdan nimalar qilmoqchi ekanini fahmladim.

– Sening uchun men oʻzim javob beraman, – dedi Duyshen. – Hozircha esa biznikida yashab turasan. Mendan uzoqlashmagin, xoʻpmi?

Rangim oʻchib ketgan boʻlsa kerak, Duyshen iyagimni koʻtarib, oʻziga qaratdi-da, koʻzimga tik boqib, mehribonlik bilan jilmayib qoʻydi.

– Qoʻrqma, Oltinoy, – dedi u, odatdagidek, jaydari kulib qoʻydi. – Men yoningda ekanman, hech nimani xayolingga keltirmay avvalgidek emin-erkin oʻqishingni oʻqib yuraver. Axir, sening qoʻrqoq ekanligingni oʻzim ham bilar edim-ku… Ha, aytgancha, koʻpdan beri senga bir narsani aytmoqchi boʻlib yurgan edim. – Aftidan, allaqanday gʻalati bir narsani eslab yana qah-qah urib kulib yubordi.

– Yodingdami, anovi kuni Qartanboy aka erta saharlab turib, qayergadir gʻoyib boʻlgan edi. Bir mahal qarasam, bilasanmi kimni – senga dam solib qoʻysin deb, Jaynoqning haligi jodugar emchi kampirini boshlab kelyapti. “Nega”, deb soʻrasam, labini qimtigancha, “Oltinoyning yuragi qoʻrquv sabab qinidan chiqqan koʻrinadi, bir emlab qoʻysin”, deydi. Men boʻlsam: “U jodugarni bu yerdan tezroq yoʻqoting, aks holda, u bitta qoʻydan kamiga rozi boʻlmaydi. Bizning esa unga beradigan qoʻyimiz yoʻq, nochor yashaymiz, birgina otimiz ham boʻrilarga yem boʻlgan”, deb uni haydab yubordim. Sen bu mahal hali uyquda eding. Qarake boʻlsa, “Sen meni keksaygan chogʻimda uyatga qoldirding”, deb bir haftagacha gaplashmay xafa boʻlib yurdi. Har qalay, nima boʻlganda ham, ular mehr-oqibatli, ajoyib qariyalar-ku. Qani, endi ketdik, – deya Duyshen meni oʻzi bilan birga uyiga boshlab ketdi…

Muallimning dilini bekorga ranjitmayin deb, oʻzimni qoʻlga olishga har qancha harakat qilmayin, baribir, tashvishli fikrlar menga tinchlik bermasdi. Axir, istagan mahalda yangam bu yerga bostirib kelib, meni kuch bilan olib ketishi mumkin edi. U yerda esa yovuz niyatli kimsalar mening ustimdan xohlaganlarini qilishardi. Ovulda esa ularni hech kim tergay olmasdi, men boʻlsam, musibatni kutib, tun boʻyi mijja qoqmay chiqdim.

Duyshen qay ahvolda ekanligimni yaxshi tushunardi, albatta. Shuning uchun ham boʻlsa kerak, u ertasi kuni koʻnglimni koʻtarmoq uchun maktabga ikkita nihol koʻchat olib keldi. Oʻqish tugashi bilan u mening qoʻlimdan yetaklab nariga eltdi-da:

– Hozir, ikkalamiz bir ish qilamiz, Oltinoy, – dedi u oʻzicha sevinganday menga kulib qarab. – Mana bu koʻchatlarni senga atab olib keldim. Ikkalamiz bularni ekamiz. Ular oʻsib, kuchga toʻlib voyaga yetguncha, sen ham havas qilsa arziydigan ajoyib qiz boʻlib yetishasan. Sen qalbi pok, zehni oʻtkir qizsan. Sen hali, nazarimda, oʻqib, kamol topib, katta olima boʻlib tanilasan. Ha, bunga ishonchim komil. Hali aytdi dersan, bu menga xuddi peshonangga bitib qoʻyilgandek koʻnglimdan oʻtib turibdi. Sen hozir yoshgina qizsan, xuddi mana shu koʻchatlar singari navniholsan. Qani, kel, Oltinoy, bu koʻchatlarni yaxshi niyatda oʻz qoʻlimiz bilan oʻtkazaylik. Ilohim, oʻqishdan baxting ochilsin, chaqnagan yulduzcham.

Boʻyim barobar nihollar koʻkimtir terakchalar edi. Maktabimiz yaqiniga tepalikka ekib qoʻyilgan bu terakchalarning ilk bor marjondek tizilishib oʻsib kelayotgan yaproqchalariga qirdan esayotgan yengil shabada goʻyo birinchi bor jon ato etayotganday tuyulardi. Terakchalar tebranib, yaproqchalar shivirlashardi…

– Koʻryapsanmi ularning koʻrkamligini! – dedi Duyshen, – ortga tisarilgancha ularga razm solar ekan. – Endi bu yerga ana u buloqdan ariq qazib, suv keltiramiz. Ular tepalikdan xuddi ikki aka-ukalardek salobatli koʻrinib turishadi va ularni koʻrgan kishilarning bahri dili ochilib, koʻzlari yashnaydi. Ana unda hayot ham oʻzgaradi, Oltinoy. Hamma ezgu niyatlar hali oldinda…

Duyshenning oliyhimmatligidan behad taʼsirlanganimdan es-hushimni yoʻqotib, unga tikilganimcha turaveribman. Buni hozir ham soʻz bilan ifodalashga ojizman. Men uning yuz-koʻzidan yogʻilib turgan rahmdilligu mehribonligini, qalblarga huzur baxsh etuvchi begʻubor, jozibali tabassumiyu kuchli va chapdast qoʻllarini goʻyo birinchi bor koʻrib turganday his qilardim. Allaqanday yangi, notanish, ehtirosli his-tuygʻular toʻlqini qalbimni qamrab olib gʻujgʻon urardi va men: “Muallim, siz shunday odam boʻlib yaratilganingiz uchun rahmat… Sizni quchib oʻpgim kelyapti!” demoqchi boʻldim-u, uyalganimdan bu soʻzlarni aytishga yuragim betlay olmadi. Balki, aytish kerakmidi… Oʻshanda esa biz tepalikda, ochiq osmon ostida yashil rangga chulgʻangan bahorgi qir-adirlar qoʻynida har birimiz oʻz orzu-niyatlarimiz bilan band edik va oʻsha daqiqalarda koʻnglimni gʻash qilib turgan xavf-xatarni butunlay unutib, ertangi kun meni nimalar kutayotganini ham, negadir, ikki kundan beri yangam meni izlab kelmayotganini ham butunlay oʻylamay qoʻygan edim. Ular meni unutishdimi yoki oʻz ixtiyoriga qoʻyib turaylik degan fikrga kelishdimi, bilmadim. Ammo Duyshen bu haqda oʻzicha oʻylayotgan ekan.

– Sen koʻpam qaygʻuraverma, Oltinoy, ilojini topamiz, – dedi u ovulga qaytayotganimizda. – Ertadan keyin boʻlisga borib, sening haqingda ham gaplashib kelaman. Seni shaharga yuborib oʻqitish niyatidaman, balki buning imkoniyatini toparman. Sen buni istaysanmi?

– Siz nima desangiz, shu boʻladi, muallim, – dedim men.

Garchi, shahar qanday boʻlishi haqida tasavvurga ega boʻlmasam-da, Duyshenning soʻzlaridan keyin menda u yoqqa borib oʻqish orzusi tinchlik bermadi. Goh men uchun begona boʻlgan yurtda holim ne kechar ekan, goh yana yoʻlga hozirlik koʻrsammikan, degan vahimali oʻy-xayollar butun vujdimni chulgʻab olgan edi.

Ertasiga maktabda ham nuqul shu haqda oʻylab yurdim: shaharda kimnikida turib, qanday yashayman. Agar birorta oila boshpana bersa, buyurganini qilaman – oʻtin yoraman, suv tashiyman, kir-chirini yuvaman, nimani amr etsa, hammasini uddalayman. Darsda oʻtirib shular haqida oʻylar ekanman, omonatgina turgan maktabimizning devorlari ortidan ot tuyoqlarining dupur-dupuri eshitilib qoldi. Bu toʻsatdan yuz berib, otlar yeldek uchib kelardiki, mana hozir maktabimizni yakson qiladigandek tuyulardi. Biz hammamiz qoʻrquvdan qotib qoldik.

– Chalgʻimasdan, darsingizni davom ettiravering, – dedi Duyshen shoshilinch ravishda.

Ammo shu payt eshik sharaqlab ochildiyu ostonada yangam paydo boʻldi. U ichi qoralik bilan surbetlarcha tirjayib turardi. Duyshen eshik tomon yaqin keldi-da, sekin ovozda:

– Xoʻsh, siz nima yumush bilan keldingiz? – dedi.

– Nima yumush bilan kelganimning senga daxli yoʻq. Qizimni uzatmoqchiman. Hoy, soʻqqabosh! – Yangam jon-jahdi bilan menga tashlandi, biroq Duyshen uning yoʻlini toʻsib qoldi.

– Bu yerdagilar – oʻquvchi qizlar, turmushga uzatiladigan qizimiz yoʻq, – dedi Duyshen qatʼiy va bamaylixotirlik bilan.

– Nima deyapsan, hali uning bor-yoʻqligini senga koʻrsatib qoʻyamiz. Qani, yigitlar, ushlanglar u qanjiqni, qoʻl-oyogʻidan tortib sudranglar!

Yangam otliqlardan birini imlab chaqirdi. Bu oʻsha tulki telpakli qizil yuzli kishi edi. Undan soʻng qoʻllarida soʻyil ushlagan yana ikki kishi otdan tushib kelishdi.

Duyshen eshik oldida qoʻzgʻalmay turaverdi.

– Nima, sen daydi it, birovning qizini oʻz xotiningdek tasarrufingga olmoqchimisan, yoʻqol, bu yerdan!

Qizil yuzli kishi ayiq singari Duyshen tomon vajohatli yoʻnaldi.

– Bu yoqqa kirishga haqingiz yoʻq, bu maktab! – dedi Duyshen eshik kesakisiga mahkam yopishib olgancha.

– Aytmovdimmi! Jazmani bu qanjiqni koʻpdan beri yoʻldan urib tuzogʻiga ilintirib yuribdi deb, – jazavasi tutib chinqirdi yangam.

– Maktabing bilan qoʻshmozor boʻl! – qizil yuzli odam qamchisini koʻtarib boʻkirib yubordi. Ammo Duyshen uning qorniga chapdastlik bilan tepgan edi, u oh degancha qulab tushdi. Shu zahotiyoq soʻyil ushlab turgan ikki kishi muallimga tashlandi. Bolalar qiy-chuv koʻtarishib oldimga yugurib kelishdi. Mushtlashish zarbidan yogʻoch eshikning tit-piti chiqib ketdi. Qoʻrquvdan menga yopishib olishgan bolalarni ham oʻzim bilan birga boshlab mushtlashayotganlar tomon yugurib bordik.

– Muallimni qoʻyib yuboringlar! Uni urmanglar! Mana, meni uringlar. Muallimni tinch qoʻyinglar!

Duyshen menga oʻgirilib qaradi. Uning hamma yogʻi qonga belanib, yuzlari dahshat va gʻazabga toʻlgan edi. Yerda yotgan taxta parchasini olib qattiq qulochkashlab silkitib qichqirardi:

– Bolalar, qochinglar! Ovulga qochinglar! Qoch, Oltinoy!

U shunchalik baqirib gapirganidan ovozi boʻgʻilib qolgandi. Shu asnoda Duyshen singan qoʻlini koʻksiga bosgancha ortga chekinishga majbur boʻldi. Raqiblar boʻlsa, quturgan buqalardek himoyasiz oʻljasiga tashlanib, uni yana doʻpposlay ketdilar:

– Ur! Ur uni! Boshiga sol! Oʻldir!

Quturib ketgan yangam qizil yuzli kishi bilan sapchigancha yonimga kelib, sochimni boʻynimga oʻrab, eshikka sudrab chiqishdi. Men boʻlsam, jon-jahdim bilan sirgʻalib chiqishga urinar ekanman, qoʻrquvdan dong qotib qolgan bolalarning dod-faryodi aralash devor yonida qonga belanib yotgan Duyshenga koʻzim tushib qoldi.

– Muallim!

Biroq Duyshen menga yordam beradigan holatda emas edi. U mushtumzoʻrlarning kaltagi zarbidan xuddi mast odamday kalovlanib arang oyoqda turishga harakat qilar, ular boʻlsa, hadeb uni doʻpposlashardi. Meni esa yerga yiqitib, ikki qoʻlimni chilvir bilan orqamga bogʻlayotganlarida Duyshen yerda yuztuban agʻanab yotardi.

– Muallim! – deb qichqirganimni bilaman, ular ogʻzimni yopib, otga oʻngarishdi.

Otda oʻtirgan qizil yuzli kishi meni zilday qoʻllariyu besoʻnaqay gavdaci bilan bosib turardi. Duyshenni doʻpposlagan haligi ikki kishi ham otlariga sakrab mingancha birgalikda juftakni rostlab qolishdi. Yangam ham meni savalagancha otliqlar bilan yonma-yon yugurib borarkan:

– Qalay, muddaongga yetdingmi! Itdek haydab chiqarayotirman sen yaramasni. Qilmish-qidirmish deydilar, qilmishingga yarasha boʻldi. Ishongan mualliming ham sob boʻldi…

Biroq bu hali oxiri emas… Toʻsatdan orqa tomondan:

– Oltin-oy! – deb baqirgan faryod eshitildi. Otda osilib qolgan boshimni arang koʻtarib qarasam, ortimdan chalajon qilib qonga belangan Duyshen qoʻlida kattakon tosh ushlagancha yugurib kelyapti. Uning orqasidan esa dod-faryod koʻtargancha sinfimiz bolalari chopishardi. “Toʻxtanglar, hayvonlar! Toʻxtanglar! Qoʻyib yuboringlar uni! Oltinoy!” – deb baqirardi u jon talvasasida, bizga yaqinlashib kelar ekan.

Zoʻravonlar toʻxtab qolishdi, u ikkalasi esa Duyshenning atrofida otda gir aylanishardi. Duyshen singan qoʻli xalal bermasin uchun yengini tishlab olib, yovuzlarni koʻzlab tosh otdi, lekin tosh moʻljalga borib tegmadi. Shu payt haligi ikki kishi Duyshenni soʻyil bilan urib koʻlobga yiqitishgan edi, koʻz oʻngim xiralashib ketdi, faqat bolalarimizning yerda yotgan muallimning tepasiga yugurib kelishib, dong qotgancha turib qolganlarini arang koʻrishga ulgurdim.

 

* * *

Ular meni qayoqqa va qanday olib kelganlarini eslay olmayman. Hushimga kelib, mundoq qarasam, oʻtovda yotibman. Oʻtovning ochiq turgan tuynugidan esa yuz bergan voqeadan bexabar, osoyishta tonggi yulduzlar moʻralab turishardi. Allaqayerda, yonginamizda daryoning shovullab oqishiyu qoʻychivonlarning gʻudullashgan ovozlari eshitilib turardi. Olovi oʻchib qolgan oʻchoq boshida badqovoq, qora yuzi unniqib, choʻp-ustixon boʻlib ketgan bir keksa ayol oʻtiribdi. Men boshimni oʻgirib boshqa tomonga qaradim… O, qani endi, qoʻlimdan kelsayu, bir nigoh bilan uni asfalasofilinga joʻnatsam!

– Hoy, qorachoʻri, uni oʻrnidan turgʻiz, – deb buyurdi qizil yuzli kishi.

Qora xotin yonimga keldi-da, dagʻal, tayoqdek qoʻllari bilan yelkamdan silkib tortdi.

– Egachingni nima boʻlsa-da, koʻndir. Aks holda, baribir, holi voy boʻladi!..

U oʻtovdan chiqib ketdi. Qora xotin boʻlsa, hatto oʻrnidan ham qoʻzgʻalmadi, lom-mim deb ogʻiz ham ochmadi. Balki, u soqovdir? Uning sovib qolgan kulni eslatuvchi nursiz koʻzlari, kaltak yegan itning dumi qisiq keladi, deganlaridek, hali kichkinaligidanoq nokas kishilarning hadeb urib-haydayverganlaridan bezib qolgan va bunga asta-sekin koʻnikib qolgan itning termilib turishini eslatardi. Men boʻlsam, xuddi qorongʻi goʻr tubiga tushib ketganday oʻlik yoki tirik ekanligimni bilmay, oʻtirgan joyimda soʻppayib oʻtiraverdim. Biroq uning oʻta sovuq va zulmatni eslatuvchi qaygʻuli qarashlaridan dahshatli manzarani uqib olish mumkin edi. Qora xotinning soʻniq koʻzlariga yana nazar tashlar ekanman, men oʻzimni hayotdan koʻz yumib, qabrda yotgan kishidek his etdim. Agar soydan oqqan suvning shovullagan ovozini eshitmaganimda, men bunga ishongan boʻlardim. Suv shovullab, qiyalikdan aks sado bergancha erkin oqib kelardi…

Ming laʼnat, senday toshbagʻir yangaga! Ilohim, umr boʻyi oqqan koʻzyoshlarimu toʻkilgan qonlarimning uvoli tutsin seni!.. Bu kecha oʻn besh yoshimda meni zoʻrlab badnom qildilar. Bu baloga giriftor etgan yirtqichning bolalaridan ham yosh ekanman…

Oradan ikki kun oʻtib, uchinchi tunga oʻtar kechasi es-hushimni yigʻib olib, yoʻlu choʻlda adashib ketsam, orqamdan quvlab borib ushlab olsalar ham, baribir, nima boʻlganda ham, qochib ketib, muallimim Duyshen singari soʻnggi nafasim qolguncha kurashib oʻlganim yaxshi, degan qarorga keldim.

Qorongʻida asta-sekin eshik sari borib paypaslab koʻrsam, qil arqon bilan mustahkam bogʻlab qoʻyishibdi. Ustomonlik bilan tangʻib qoʻyilgan arqon tugunlarini esa qorongʻida yechishning iloji yoʻq edi. Shu bois oʻtov devori ostidan bir amallab sirgʻalib chiqib ketishga urinib koʻrdim. Biroq qanchalik urinmayin, harakatlarim zoye ketdi – oʻtov sirtqi tomondan ham arqon bilan yerga mahkam bogʻlab qoʻyilgan ekan.

Faqat qandaydir bir oʻtkir narsa topib, eshik arqonlarini kesishdan boshqa ilojim qolmadi. Qorongʻida, naridan-beri, atrofni titkilay boshladim, qoʻlimga yogʻoch qoziqdan boshqa hech nima ilinmadi. Noiloj, shu qoziq bilan oʻtov ostini kovlay boshladim. Bu urinishlarim ham, albatta, behuda ketishiga koʻzim yetib turgan boʻlsa-da, noumid shayton deganlaridek, umidsizlikka tushmadim. Miyamda faqat birgina fikr charx urardi – yo oʻlish, yo qolish – bu zulmat qafasidan qochib qutulsam-u, ana u toʻngʻizning pishillashiyu xurillashini eshitmasam, erk uchun taslim boʻlishdan koʻra kurashib oʻlmoq afzal! – degan tushuncha butun vujudimni qamrab olgan edi.

Toʻqol – ikkinchi xotin! Eh, oting oʻchgur bu soʻzni jinimdan battar yomon koʻraman! Uni kim, qaysi zamonda oʻylab topgan ekan-a?! Ham jismi, ham qalbi menchalik qullikka giriftor etilgan odam zoti bormikin bu olamda? Tur, gʻaflatdan, baxti qaro gʻofil bandalar, insoniy haq-huquqlardan mahrum etilgan jafokash ayollar. Zulmat dunyosini larzaga keltir! Buni men, orangizdan ushbu taqdirni soʻnggi bor hatlab oʻtayotgan ayol aytyapti!

Bu soʻzlarni oʻsha mashʼum tunda nima uchun aytganimni oʻzim ham bilmayman. Ortiq darajada asabiylashib ketganimdan jon-jahdim bilan oʻtov ostini tirnab qaziyverdim. Biroq toshloq yer ekan, qoʻllarim shilinib, barmoqlarim qonab ketdi. Endigina qoʻl sigʻadigan teshik ochganimda tong otib, ovul uygʻonganday itlarning vovillashiyu odamlarning gangir-gungur ovozlari eshitila boshladi. Shu asnoda dupurlashib, yilqi uyurlariyu qoʻy suruvlari gʻizillagancha suvlik sari oʻtib ketishdi. Shundan soʻng kimdir – birov oʻtovga yaqinlashib, uning sirtdan chandib bogʻlangan arqonlarni yechib, kigizlarni tushira boshladi. Bu oʻsha indamas qora xotin edi.

Demak, ovul koʻchishga hozirlik koʻrmoqda. Darvoqe, kecha kechqurun dovon oshib yangi manzilga koʻchib ketib, yoz boʻyi oʻsha yerda qoʻnim topish haqida gaplashayotganlari qulogʻimga chalingan edi. Qochib qutulishim oʻn chandon mushkullashar ekan-da, degan oʻy-xayol yana koʻnglimni behuzur qildi. Oʻtov ostini kovlagan yerimda jilmay oʻtiraverdim. Nima ham qila olardim? Baribir, oʻtovning tagi kovlanganini qora xotin koʻrgan boʻlsa ham, hech nima demasdan oʻz yumushini davom ettiraverdi. U oʻzini dunyo ishlaridan mutlaqo xoli, olamni suv bossa toʻpigʻidan kelmaydigan hissiz bir kimsadek tutardi. U hatto poʻstini bilan boshini koʻrpaga burkab ayiq singari xurrak otib yotgan erini, hoy, tursangiz-chi, yoʻlga otlanyapmiz, yordam bering, deb uygʻotishga ham jurʼat etmadi.

Hamma kigizlar yigʻishtirib olinib, oʻtov yap-yalangʻoch boʻlib qolgan edi, men boʻlsam, hamon qafasdagi qushdek, qimirlamay gʻujanak boʻlib oʻtirardim. Soyning narigi tomonidan odamlar hoʻkizlaru otlarga koʻch-koʻronlarni ortmoqda. Shu mahal allaqayoqdan uch otliq paydo boʻldi-da, haligi odamlardan nimanidir surishtirgach, biz tomon kela boshladi. Dastlab bular koʻchirishga kelishgan boʻlsa kerak, deb oʻyladim, keyin razm solib qaradimu sarosimaga tushib qoldim. Ularning biri Duyshen, qolgan ikkitasi – qizil yoqali militsionerlar edi.

Oʻligimni ham, tirigimni ham bilmay majolsiz oʻtiraveribman. Hatto baqiray desam, ovozim chiqmaydi. Nogahon muallimimizning tirik ekanligini koʻrib, quvonchim ichimga sigʻmay ketdi! Biroq ayni damda tahqirlanib, badnom etilganimni eslaganimda qalbim ozurda boʻlib faryod chekardi…

Duyshenning boshi bint bilan tangʻib bogʻlangan boʻlib, shikastlangan qoʻli boʻyniga osib qoʻyilgandi. U otdan sakrab tushib, eshikni zarb bilan tepdi-da, oʻtovga yugurib kirib, qizil yuzli kishining ustidagi koʻrpasini itqitib tashladi.

– Tur, oʻrningdan! – dedi u gʻazabnok ovozda.

U kutilmaganda boshini koʻtarib, koʻzini ishqalagancha Duyshenga tashlanmoqchi boʻlgan edi, toʻpponcha oʻqtalib kelayotgan militsionerlarni koʻrib, turgan joyida serrayib qoldi. Duyshen uni yoqasidan ushlab, oʻziga siltab tortdi.

– Yaramas! – dedi u qoni qochgan lablari bilan pichirlab. – Endi boradigan yeringga borasan!

U itoatkorona nari surildi. Biroq Duyshen uni yana yelkasidan ushlab shartta oʻziga siltab tortdi-da, titroq ovozda yuziga tik boqib:

– Sen uni hali oʻn gulidan bir guli ochilmasdanoq payhon etdim, deb oʻylayapsanmi? Bilib qoʻy, endi sening ham kuning bitdi hisob!.. – dedi.

Qizil yuzli kishini etigini kiygizib, ikki qoʻlini orqasiga bogʻlab, otga oʻngargancha militsionerlarning biri tizgindan ushlab yetaklab, ikkinchisi uning ortidan haydab olib ketishdi. Men Duyshenning otida, u esa yonimda piyoda borar edik.

Endi yoʻlga chiqqanimizda, ortimizdan allaqanday faryodli chinqiriq ovozi eshitildi. Mundoq qarasam, ortimizdan oʻsha qora xotin yugurib kelayapti. U xuddi aqldan ozgan kishidek, eri tomon yulqinib chiqdi-da, uning tulki telpagiga tosh bilan tushira boshladi.

– Qonimni zulukdek soʻrib, umrimni xazon qilding, odamxoʻr! Sen qoʻlimdan tiriklayin qutula olmaysan! – deya zor qaqshab baqirardi u. Qirq yildan buyon qalbida yigʻilib qolgan sabr-bardoshu dard-alamlar endi tugʻyon ura boshlagandi. Uning quloqni qomatga keltiruvchi chinqiriq ovozi dara qoyalariga urilib, aks sado berardi. U goh u tomon, goh bu tomon yelib-yugurar, qoʻrquvdan hadiksirab bukchayib qolgan erining ustiga goʻng, tuproq sochib, tosh, kesak, xullas, qoʻliga ilingan narsani uloqtirib, dod-faryod koʻtargancha laʼnatlardi.

– Bosgan yeringda oʻtlar unmasin! Ilohim, suyaklaring dala-dashtlarda chirib, koʻzlaringni qargʻa-quzgʻunlar choʻqisin, boshimga ne kunlar solmading, Xudo ursin seni, yoʻqol koʻzimdan, yoʻqol, odam qiyofasidagi maxluq, turq-atvoringni boshqa koʻrmayin, yoʻqol! – deya qiyqirdiyu birdan jimib qoldi, soʻng u yana shamolda toʻzib ketgan sochlaridan choʻchiganday qichqirgancha narigi tomonga yugurib ketdi.

Shu voqea ustidan chiqib qolgan qoʻni-qoʻshnilar unga yetib olmoq uchun ot choptirib quvlab ketishdi.

Yomon tush koʻrib bosinqiraganday boshim guvullardi. Ruhan ezilib adoyi tamom boʻlgan men bechora otda, jilovni tutgan Duyshen sal oldinda borardik. U bint bilan oʻrab bogʻlagan boshini quyi solgancha sukut saqlardi. Oradan ancha vaqt oʻtib mashʼum dara ortda qolib ketdi. Militsionerlar ham ilgarilab ketgan edi. Duyshen otni toʻxtatdi-da, horgʻin koʻzlari bilan birinchi bor menga nazar tashladi.

– Oltinoy, meni kechir, seni bu balolardan saqlay olmadim, – dedi u. Soʻng qoʻlimni olib, yuziga bosdi-da: – Sen meni kechirgan taqdirda ham, men oʻzimni bir umrga kechira olmagan boʻlardim…

Men uvvos tortib yigʻlagancha otning yoliga yopishib oldim. Duyshen boʻlsa, yigʻlab koʻnglimni boʻshatib olguncha, yonimda sochlarimni silab, sukut saqlab turdi-da:

– Tinchlan, qani ketdik, – dedi u nihoyat. – Gapimga quloq sol. Uch kun avval boʻlisda boʻldim. Seni shaharga yuborib oʻqitamiz. Eshityapsanmi?

Quyosh nurida tovlanib sharaqlab oqayotgan zilol suv boʻyiga yetib kelganimizda:

– Qani, endi otdan tush, Oltinoy, – dedi Duyshen. Keyin kissasidan bir boʻlak sovun olib uzatar ekan: – Istasang, men u yoqqa borib otni oʻtlatib turay, sen esa boʻlib oʻtgan voqealarning hammasini xayolingdan chiqar! Ol, Oltinoy, yengil tortasan. Maʼqulmi?

Men xoʻp, deganday bosh irgʻadim va Duyshen nari ketgandan soʻng yechinib, asta-sekin suvga tushdim. Yarqirab oqayotgan suv ostidagi oq, koʻk, yashil, qizgʻish rangdagi toshchalar kamalak yangligʻ jilvalanib menga boqishardi. Shitob bilan oqayotgan moviy suv oqimi toʻpigʻimga kelib urilib, nimalarnidir bijirlardi. Men undan hovuchlab olib koʻkragimga sepdim. Muzdek suv tanimga yugurib, huzur baxsh etdi. Men shu kunlarda birinchi bor quvonganimdan beixtiyor kulib yubordim. Kulishga nima yetsin! Yana, yana ustimga suv sepdim-da, keyin oʻzimni oqimning chuqur joyiga otdim. Shiddatli oqim meni yana sayozlikka chiqarib qoʻyar, men esa oʻrnimdan turib, yana oʻzimni sharillagancha koʻpiklanib oqayotgan oqimga otardim.

– Eh, hayotbaxsh suv, senga ming qatla shukurlar boʻlsin, bu qaro kunlarning barcha najaslariyu razolatlarini oqizib ket! Meni ham oʻzing kabi toza, musaffo et! – deya pichirlab kulardim va nima uchun kulayotganimni oʻzim ham bilmasdim…

Qani endi odamlarning bosgan izlari esdalik belgisi sifatida oʻchmasdan umrbod saqlanib qolsa! Agar men hozir Duyshen bilan togʻdan tushib kelayotgan oʻsha yolgʻizoyoq yoʻlni topolsam, yerga tiz choʻkib, muallim bosgan izlarni oʻpgan boʻlardim. Bu soʻqmoq men uchun hamma yoʻllardan ham ardoqlidir. Xudoning marhamati bilan meni yangi hayotga, yangi ishonch, yangi orzu-niyatlarga chorlagan oʻsha kun, oʻsha soʻqmoq yoʻl xayrli va nurafshon boʻlsin… Oʻsha kungi porlagan quyoshga, saxovatli yeru zaminga tasanno!..

* * *

Ikki kundan keyin Duyshen meni kichik temir yoʻl stansiyasiga olib bordi. Boʻlib oʻtgan koʻngilsiz voqealardan soʻng ovulda qolishni oʻzimga ep koʻrmadim. Yangi hayotni yangi manzilda boshlamoq zarur edi. Ovuldoshlar ham mening qarorimni maʼqullashdi. Sayqal buvi bilan Qartanboy ota bezovta boʻlishib, yosh bolalardek yigʻlab-siqtagancha menga atalgan xaltayu tugunchalarni koʻtarishib yoʻlga kuzatib qoʻyishdi. Men bilan xayrlashgani boshqa qoʻni-qoʻshnilar, hatto janjalkash Sotimqul ham paydo boʻlgan edi.

– Xudoyim oʻz panohida saqlasin seni, – dedi u, – Duyshenning pand-nasihatlaridan chiqma, shunda hayotda qoqilmaysan. Bizlar ham ancha-muncha narsalarni tushunadigan boʻlib qoldik. Jurʼatli, jasoratli boʻl. Yoʻling charogʻon boʻlsin, bolam!

Maktabimiz oʻquvchilari anchagacha qoʻllarini silkitib, arava orqasidan yugurib borishdi. Meni Toshkentga, yetim bolalar uyiga borayotgan bir nechta bolalarga qoʻshib kuzatishdi. Stansiyada bizni charm kurtkali bir rus ayoli kutayotgan edi.

Keyinchalik men togʻ daralari orasida, teraklar bilan qoplangan ushbu kichik temir yoʻl stansiyamiz oldidan necha bor toʻxtamay oʻtib ketdim. Goʻyo yuragimning yarmini abadiy oʻsha yerda qoldirib ketganday boʻldim.

Och binafsha rangdagi bahor oqshomi xayrlashayotganimni xuddi sezib turganday xomush tortib, allaqanday yurakni zirqiratardi. Duyshen ozor chekib, dili vayron etilganini pinhon tutishga qanchalik harakat qilmasin – uni yashira olmadi. Muallimning yurak dardini ich-ichimdan sezib turardim; bunday ogʻriq mening ham tomogʻimga tiqilganday edi. Duyshen menga razm solib, mehribonlarcha yuz-koʻzlarimni, sochlarimu hatto koʻylagim tugmachalarini silab oʻtirardi.

– Oltinoy, menga qolsa, seni, bir zumga boʻlsa-da, oʻz bagʻrimdan chiqarmagan boʻlardim, – dedi u. – Lekin oʻqishingga xalal berishga haqim yoʻq. Axir, oʻzim ham unchalik savodli emasman-ku… Sen oʻqishga borsang, albatta yaxshi boʻladi. Ehtimol, haqiqiy oʻqituvchi boʻlib, bolalarga saboq berarsan, oʻshanda qadrdon maktabimizni eslab rosa kularsan ham… Aytilgan orzu-niyatlarim ilohim roʻyobga chiqsin…

Bu orada olisdan darani yangratib kelayotgan parovoz koʻrinib, odamlar yuklarini koʻtargancha gʻimirlashib qolishdi.

– Mana, hozir joʻnab ketasan, – dedi Duyshen titroq ovozda, qoʻlimni siqib. – Baxtli boʻl, Oltinoy. Eng muhimi – oʻqish va yana oʻqish, buni unutma…

Men boʻlsam, biron nima deyishga majolim kelmay, lol boʻlib qolgan edim. Duyshen:

– Yigʻlama, Oltinoy, – deya koʻzyoshlarimni artayotib, ittifoqo, allanarsa esiga tushib qoldi: – Ana u sen bilan birga ekkan terakchalarni oʻzim parvarish qilaman. Sen komil inson boʻlib qaytib kelganingda ular ham boʻy choʻzib, qanchalik chiroy ochganini koʻrib, quvonchga toʻlasan hali.

Shu mahal poyezd kelib, vagonlar sharaq-shuruq etib toʻxtadi.

– Qani, endi xayr-xoʻshlashamiz! – Duyshen meni qattiq quchib olgancha peshonamdan oʻpa boshladi. – Sogʻ-salomat boʻl, safaring bexatar boʻlsin, xayr, oq yoʻl senga… Choʻchima, jigarim, hamisha jurʼatli, jasoratli boʻl!

Men vagon zinapoyasiga sakrab chiqdim-da, orqamga oʻgirilib qaradim. Duyshenning singan qoʻlini boʻyniga osib, xiralashib qolgan koʻzlarini uzmay men tomon talpinayotgani sira-sira koʻz oʻngimdan ketmaydi. Shu mahal poyezd oʻrnidan qoʻzgʻala boshladi.

– Xayr, Oltinoy! Xayr, qarogʻim! – qichqirdi u.

– Xayr, qadrdon ustoz! Xayr, mehri daryo muallim!

Duyshen vagon bilan yonma-yon yugurib boraverdi, keyin ortda qolib ketdi. Soʻng yana olgʻa tashlandi-da:

– Oltin-oy! – deb oʻkirib yubordi.

Menga u xuddi esiga tushib qolgan allaqanday muhim bir gapni, garchi kech boʻlsa-da, ayta olmaganidan oʻkinib baqirgandek tuyuldi.

Poyezd tunneldan oʻtib, toʻgʻri yoʻlga chiqib olgandan soʻng, tezlikni oshira borib, meni qozoq dashtlari orqali yangi hayot sari eltardi…

Xayr, muallim, xayr, mening birinchi maktabim, xayr, bolalik chogʻlarim, xayr, mening hech kimga izhor etmagan birinchi muhabbatim…

Ha, men Duyshen orzu qilgan katta shaharda, derazalari katta-katta, charogʻon maktablarda oʻqidim. Soʻng rabfakni tugatgach, meni Moskvaga institutga yuborishdi.

Uzoq yillik oʻqish davomida ilm-fan sir-asrorlarini egallashda qanchadan-qancha qiyinchiligu sinovlarni boshimdan kechirib, necha bor tushkunlikka tushgan eng ogʻir damlarda, har gal, xayolan birinchi muallimimga murojaat etardim, u esa meni hamisha chekinmaslikka, olgʻa intilishga daʼvat qilardi. Odamlar bir oʻqishdayoq oʻzlashtiradigan narsalarini men katta mashaqqatlar evaziga oʻqib oʻzlashtirdim. Chunki oʻtilgan darslarning barchasini ibtidosidan boshlashga toʻgʻri kelgan edi.

 

* * *

Rabfakda oʻqib yurgan kezlarimda muallimga sevishimni oshkora izhor etib, maktub yoʻlladim, biroq, afsuski, u xatimga javob qaytarmadi. Shu bilan oʻzaro yozishmalarimiz toʻxtab qoldi. Chamamda, muallimim oʻqishimga xalal bergisi kelmadi va buni oʻziga ham xush koʻrmadi. Balki, u toʻgʻri qilgandir… Ehtimol, qandaydir yana boshqa sababi bordir? Oʻshanda men turli oʻy-xayollarga borib, ozmuncha azob-uqubatlar chekmadimmi…

Birinchi dissertatsiyamni Moskvada yoqladim. Men uchun bu katta va jiddiy gʻalaba edi, albatta.

Shu yillar mobaynida oʻqish bilan band boʻlib, ovulimizga borishga imkon topolmadim. Bu orada urush boshlanib qoldi. Kech kuz payti, Moskvadan Frunzega evakuatsiya qilinar ekanman, muallim kuzatib qoʻygan oʻsha stansiyada tushib qoldim. Omadim kelib, nogahon, ovulimiz orqali sovxozga ketayotgan brichka-arava yoʻliqdi.

Oh, jonajon vatanim, biz uchun ogʻir urush yillarida, seni yoʻqlamoq nasib etdi menga. Yangidan-yangi ovullar paydo boʻlib, yangidan-yangi yoʻllaru koʻpriklar bunyod etilib, butun atrof yangi qiyofaga kirganini koʻrib qanchalik koʻzim quvonmasin, lekin, baribir, urushni oʻylab, dilimga qil sigʻmasdi.

Ovulga yaqinlashganimiz sari, meni hayajon bosardi. Uzoqdan yangi, notanish koʻchalarga, yangi uy va bogʻ-rogʻlarga yoʻl-yoʻlakay nazar tashlab kelardim. Soʻng oʻsha tepalikda turgan maktabimizni koʻrishim bilan nafasim ichimga tushib ketdi – tepalikda ikki ulkan terak shamolda salobatli tebranib turardi. Shu mahal butun umrim boʻyi “muallim” deb atab kelgan kishimni, oddiygina, oʻz ismi bilan:

– Duyshen! – deb pichirlab aytdim. – Menga qilgan barcha yaxshiliklaring uchun rahmat! Demak, yodingda ekanman, esdan chiqarmabsan… tasanno. Bu naqadar senga xos xislat-fazilat!

Koʻzyoshlarimni koʻrgan aravakash yigitcha bezovtalanib:

– Nima boʻldi sizga? – deb soʻradi.

– Oʻzim, shunchaki. Bu ovulda biron kishini taniysizmi?

– Albatta. Bu yerdagilarning hammasi oʻzimizning odamlar.

– A, Duyshen degani-chi, muallim boʻlar edi-ku?

– Duyshennimi? U, axir, urushga ketgan-ku. Uni oʻzim mana shu aravada voyenkomatga olib borib qoʻygan edim.

Ovulga kirishda men yigitchadan toʻxtashni iltimos qildim va aravadan tushib, nima qilishimni bilmay, oʻylanib qoldim. Shu tashvishli kunlarda uyma-uy yurib, tanish-bilishlarimni izlab, meni taniyapsizlarmi, men sizlarning hamqishloqlaringizman, deb aytishga yuragim betlamadi. Duyshen boʻlsa, allaqachon urushga joʻnab ketgan ekan. Qolaversa, yangam bilan amakim yashaydigan manzilga hech qachon qadam bosmaslikka ont ichgandim. Odamlarning koʻp gunohlarini kechirish mumkin, biroq bunday yovuzlikni, oʻylashimcha, hech kim, hech qachon kechirmaydi. Hatto yangam bilan amakimning ovulga kelishimdan xabar topishini ham zinhor istamasdim. Yoʻldan burilganimcha tepalikka – qoʻsh teraklar tomon odimlab ketdim.

– Eh, teraklar, qadrdon teraklar!

Hali sizlarni yosh navnihol ekanlaringizda ekib, voyaga yetkazgan odamning aytganlariyu qilgan barcha orzu-niyatlari erta bir kun roʻyobga chiqdi! Sizlar esa nega xomush koʻrinib, mungli shovullaysiz! Yoki qish yaqinlashib, shamol yaproqlarimizni uzib tashlaydi, deb noliyapsizlarmi? Yoki xalq dard-alamlari tanimizni zirqiratayapti, deb qaygʻurayapsizlarmi?

Ha, hali qish keladi, qahraton sovuqlaru qor boʻronlari boʻladi, lekin bahor ham keladi…

Kuzgi yaproqlarning guvullashiga uzoq muddat quloq solib turdim, ular oʻz tilida roz aytishib shuvullashardi. Teraklar yonidan oʻtgan ariq-atroflarini kimdir yaqindagina sarishta qilib qoʻyibdi: hatto hali ketmon izlari ham ketgani yoʻq. Ariq toʻla toʻlqin urib oqayotgan zilol suv teraklarning sargʻimtir yaproqlarini qalqitib borardi.

Tepalikdan menga yangi maktabning boʻyalgan tunuka tomi koʻrinib turardi. Eski maktabimizdan esa asar ham qolmabdi.

Keyin tepalikdan tushib, yoʻlimiz bir boʻlgan hamroh bilan brichka-aravada stansiya sari ketdim.

* * *

Urush tugab, gʻalaba kunlariga ham yetib keldik. Xalq bu orada qanchadan-qancha mudhish kunlarni boshidan kechirmadi, deysiz: bolakaylar otalarining sumkalarini koʻtarishib, maktabga yugurishar, xizmatdan qaytib kelgan erkaklar yana mehnat bilan mashgʻul boʻlar, beva qolgan ayollar taqdirga tan berib, sukut saqlagancha koʻzyoshi toʻkishardi. Axir, xizmatga ketganlarning hammasi ham hali qaytmagan edi-da. Men ham shular qatori, Duyshenning holi ne kechganini bilmasdim. Shaharga kelgan hamqishloqlarimning aytishicha, u bedarak yoʻqolgan emish, qishloq kengashiga shunday qogʻoz kelgan emish.

– Kim bilsin, balki halok boʻlgandir, – deb taxmin ham qilishdi ular. Vaqt oʻtib boryapti, undan esa hamon darak yoʻq.

“Demak, muallimim qaytib kelmas ekan-da, – deb oʻylardim oʻzimcha dam-badam. – Stansiyada xayrlashgan oʻsha unutilmas kundan boshlab boshqa uchrashish nasib qilmadi bizga…”

Gohida oʻtmishimni eslar ekanman, qalbimda qanchadan-qancha dardu alamlar toʻplanib qolganligini xayolimga keltirmabman.

Qirq oltinchi yilning kech kuz payti. Tomsk universitetiga ilmiy komandirovkaga bordim. Sibir yerlari boʻylab birinchi yurishim edi. Sibir oʻsha qish oldi kezlarida qandaydir mungli va qahrli koʻrinardi. Deraza ortidan asriy oʻrmonlar qorongʻi devor yangligʻ oʻtib borar, kichik oʻrmon orasida joylashgan qishloqchalardagi qora tomli uylarning moʻrilaridan buruqsab chiqqan oq tutun miltillab koʻzga tashlanib turardi. Ayozli dalalarga birinchi qor tushgandi. Tepada esa hurpaygan qargʻalar uchib yurardi. Osmonning avzoyi buzuq edi.

Ammo poyezdda vaqtim chogʻ, emin-erkin borardim. Kupedagi qoʻshnilarimizdan biri – sobiq jangchi, qoʻltiqtayoqli nogiron qiziqchi yigit harbiy hayotga doir voqea-hodisalaru latifalar aytib, bizlarni kuldirgani kuldirgan edi. Men uning oʻylab topgan bitmas-tuganmas uydirmalarining, bir qarashda, oddiyligi va begʻarazligi ostida chin haqiqat yotganligini his etib, hayratlanardim. Vagondagilarning barchasi uni juda yoqtirib qolishgandi.

Poyezd oʻrnidan qoʻzgʻalib, yurishini tezlashtirdi-da, stansiya bekatiga qarashli yolgʻiz uy derazasi oldidan suzib oʻtdi, strelkaga yetganda ortimga tisarilib derazaga qaradim va yana oynaga yopishib oldim. U yerda Duyshen turganini koʻrib qoldim! U budka yonida qoʻlida yoʻl bayroqchasini ushlab turardi. Shunda nima boʻlganini ham bilmay gangib qoldim.

– Toʻxtanglar! – dedim butun vagonni boshimga koʻtargancha, nima qilishimni bilmay, vagon eshigi tomon yugurib ketdim. Shu lahzada koʻzim stop kraniga tushib qoldi-da, uning plombasini kuch bilan shartta uzib oldim.

Vagonlar bir-biriga urilib, zarb bilan toʻxtadi va yana xuddi shunday keskin orqaga tisarilib toʻxtadi. Polkalardagi yuklar agʻanab, idish-tovoqlar sharaqlab yumalab ketdi, bolalaru xotin-qizlarning qiy-chuvi, kimningdir:

– Poyezd odamni bosib ketibdi! – deya hayqirgan boʻgʻiq ovozi eshitildi.

Men esa vagon zinapoyasiga kelib, jahannamga tashlanganday, oʻzimni yerga otdim, hech nimani koʻrmasdan, payqamasdan es-hushimni yoʻqotib, garangsiganday strelkachi budkasi tomon, Duyshen sari yugurib borardim. Ortimdan konduktorning hushtagi yangradi. Passajir-qatnovchilar ham vagonlardan sakrab tushib, ular ham orqamdan yugurishar edi. Poyezd bilan yonma-yon chopib, bir zumda uning narigi boshiga yetib bordim. Duyshen ham peshvoz yugurib kelardi.

– Duyshen, mehribonim, muallimim, – deya qichqirardim, oʻzimni uning quchogʻiga otgancha.

Strelkachi hayron boʻlib toʻxtab qoldi-da, menga yuzlandi. Bu oʻsha, yuz-koʻzlari quyib qoʻyganday Duyshenning oʻzginasi, lekin ilgarilari moʻylab qoʻyib yurmasdi, ancha-muncha keksayib ham qolibdi.

– Sizga nima boʻldi, singlim, tinchlikmi? – dedi u, hamdardlik bilan, qozoq tilida. – Siz meni birovga oʻxshatdingiz, hoynahoy, men yoʻl strelkachisi Jongʻazin boʻlaman, ismim Beynev.

– Beynevmisiz?

Qaygʻu-alamdan, or-nomusdan ovozim boricha dod-voy solib yubormaslik uchun qanday qilib jimib qolganimga oʻzim ham hayronman. Nima ish qilib qoʻydim? Qoʻllarim bilan yuzimni berkitib, boshimni quyi soldim. Qaniydi, yer yorilsayu, yerga kirsam. Strelkachidan uzr soʻrab, xaloyiqdan kechirim soʻrashim kerak edi, men boʻlsam, damimni ichimga yutib, tosh qotib turardim. Yugurib kelgan yoʻlovchilar ham, negadir, churq etishmasdi. Oʻzim esa ular hoziroq baqirishib, soʻkishib, rosa taʼzirimni berishsa kerak, deb kutib turardim. Mana shu mudhish sukunatda allaqanday bir ayol xoʻrsinib yigʻlagancha:

– Boyoqish, eriga yoki akasiga oʻxshatgan boʻlsa kerak, bechora, yanglishibdi, – deyishi bilan odamlar harakatga kela boshladi.

– Shunaqasi ham boʻlar ekan-da, – deya luqma tashladi kimdir.

– Urushda nimalar boʻlmaydi, deysiz, – javob qaytardi bir ayol, gapni shartta boʻlib.

Strelkachi qoʻllarimni yuzimdan olib, dedi:

– Yuring, sovuqda turmang, sizni vagonga kuzatib qoʻyaman.

U meni qoʻltigʻimdan ushlab oldi, ikkinchi qoʻlimdan qandaydir ofitser tutgan edi.

– Yuravering, grajdanka, hammasini tushunamiz, – dedi u.

Odamlar yoʻl berishdi. Goʻyo meni dafn marosimiga kuzatishayotgandek edi. Biz oldinda sekin odimlab borardik, boshqalar ham xuddi shu zaylda borishardi. Biz tomon kelayotgan yoʻlovchilar ham churq etmasdan toʻdaga qoʻshilishardi. Kimdir tivit roʻmolini yelkamga tashladi. Kupedagi qoʻltiqtayoqli hamrohim yonimizda edi. U oqsoqlagancha ilgari oʻtib oldi-da, birdan yuzimga qaradi. Xushchaqchaq, hazilkash, mehribon va dovyurak bu yigit negadir yigʻlayotgandek koʻrinardi. Uni koʻrib men ham yigʻladim. Vagonlar boʻylab saf tortgancha borar ekanmiz, tepamizda telegraf simlarining shamoldan hushtak chalib guvullashi menga motam marshidek eshitildi. “Yoʻq, men uni endi hech qachon koʻrmas ekanman-da”.

Vagonimiz yonida bizni poyezd boshligʻi toʻxtatdi. U menga barmogʻini bigiz qilib baqirardi. Sud javobgarligiyu jarima haqida nimalarnidir aytib poʻpisa qilardi. Biroq men lom-mim demasdan turaverdim. Endi menga baribir edi. U menga qogʻoz uzatib, imzo qoʻyishimni soʻradi, mening esa qoʻlimga qalam olishga majolim yoʻq edi.

Shu payt haligi men bilan kupeda kelayotgan qoʻshnim qoʻltiqtayogʻi bilan unga yaqin borib, qoʻlidan qogʻozni tortib oldi-da:

– Uni tinch qoʻy! Men imzo chekaman, stop-kranni men uzganman. Oʻzim javob beraman! – deb qichqirdi.

Sibir kengliklaridan kechikib kelayotgan poyezd yelib borardi. Qoʻshnimning gitarasi esa tun bagʻrini tilib, gʻamgin sas taratardi. Beva qolgan rus ayollarining dahshatli urushdan esdalik boʻlib qolgan motamsaro choʻziq ashula sadolarini oʻzim bilan birga olib ketayotganday his etardim.

 

* * *

Yillar oʻtdi. Hammasi ortda qoldi. Turmush yana izga tushib, yangi joʻshqin hayotning katta va kichik tashvishlari abadiy yuz koʻrsatib, hamisha kelajak sari chorlardi. Yoshim ulgʻayib, bir yerga yetganda turmushga chiqdim. Umr yoʻldoshim oqkoʻngil inson, bolalarimiz, oilamiz bor, inoq yashayapmiz. Mana, endi falsafa fanlari doktoriman. Tez-tez safarga chiqishga toʻgʻri keladi. Koʻpgina mamlakatlarda boʻldim. Ovulimizga esa boshqa kelolmadim. Buning koʻpgina sabablari bor, albatta. Biroq bu bilan oʻzimni oqlamoqchi ham emasman. Vatandoshlarimdan uzilib qolishim yaxshi emas – buni kechirib boʻlmasdi. Na qilay, taqdirimda yozilgani shu boʻlsa. Men oʻtmishni unutib yuborganim yoʻq, unuta olmasdim ham, faqat undan, qandaydir, uzoqlashgan edim, xolos.

Togʻlarda shunday buloqlar boʻladiki, yangi yoʻl tushishi bilan bu chashmalarga eltadigan soʻqmoq yoʻllarni asta-sekin yalpiz yoki maymunjonlar bosib, unutilib ketadi. Shu yoʻsinda yoʻldan burilib, saratonning jaziramasida chanqoqni qondirish uchun chashmani eslab borayotgan yoʻlovchilarning safi ham tobora siyraklashib qoladi. Kimdir unutilgan oʻsha joyni izlab topib, butalar orasidan uni avaylab ochadi-da, taassufdan sekin uh tortib yuboradi: koʻpdan beri hech kim tomonidan loyqalatilmagan muzdekkina buloq suvining tiniqligiyu chuqurligini koʻrib hayratda qoladi. U buloq koʻzgusida oʻzini ham, quyoshni ham, osmonu falakni ham koʻradi… Koʻradiyu bunday joylarni bilmaslik gunoh, boshqa oshna-ogʻaynilarni ham bundan xabardor qilish kerak, degan fikrga keladi. Oʻylaydiyu oʻzi ham yana bu tomon yoʻli tushmaguncha uni unutib yuboradi.

Hayotda ham baʼzan shunday boʻladi. Hayot deganlari shu boʻlsa kerak…

Men yaqinda ovulga borib kelganimdan soʻnggina koʻzi berkilib borayotgan bunday buloqlar esimga tushib qoldi.

Siz, albatta, oʻshanda mening Gurkurovdan birdan joʻnab qolganimga taajjublangan boʻlsangiz kerak.

Men sizga hozirgi gapirib berganlarimni oʻsha paytda, oʻsha yerning oʻzida odamlarga ayta qolsam boʻlmasmidi? Yoʻq, albatta. Oʻshanda koʻnglimga qil ham sigʻmasdi, uyatga qolgan edim, oʻzimdan oʻzim nomus qilardim, shu bois darhol joʻnab ketishga qaror qilgandim. Duyshen bilan uchrasha olmaganligimni, uning yuziga botinib qaray olmasligimni tushunardim. Shuning uchun ham aytmoqchi boʻlgan barcha fikr-mulohazalarimni bir joyga jamlab, ularni ovuldoshlarimizgagina emas, balki boshqa koʻpchilikka ham yetkazish uchun oʻzimni tinchlantirib, xotirjam boʻlib olishim kerak edi.

Qolaversa, oʻzimni aybdor sanashimning yana bir sababi shundaki, yangi maktabning ochilish marosimida barcha izzat-ikromlar menga emas, balki boshqa bir tabarruk insonga qaratilishi va faxrli oʻringa meni emas, balki uni oʻtkazish kerak edi, deb oʻylayman. Bunga avvalo, ovulimizning birinchi muallimi – qariya Duyshen sazovor edi. Vaholanki, aksincha boʻlib chiqdi. Biz bayram dasturxoni atrofida oʻtiribmiz. Bu ajoyib inson esa, maktabni tamomlab ketgan sobiq talabalarning tabrik telegrammalarini tantanali marosimga yetkazishga oshiqardi. Bu birinchi marotaba sodir boʻlayotgani yoʻq, albatta. Bunday voqealarni necha bor kuzatganman. Shu boisdan ham oʻz-oʻzimga savol beraman: biz oddiy kishilarni izzat-hurmat qilish odatini qachondan beri unutib qoʻyganmiz?..

Yoshlar Duyshenning oʻz davrida qanday muallim boʻlganini bilishmaydi. Katta avlod vakillaridan koʻpchiligi esa endi yoʻq. Duyshenning shogirdlaridan koʻpchiligi urushda halok boʻlgan, ular chinakam jangchilar boʻlganlar. Muallimimiz toʻgʻrisida yoshlarga soʻzlab berishga burchli edim. Mening oʻrnimda boshqa odam ham shunday qilgan boʻlardi. Lekin uzoq muddat ovulda boʻlolmaganligim va Duyshen haqida yetarli maʼlumotga ega boʻlmaganligim sababli uning siymosi, vaqti kelib, men uchun sokin muzeyxonalarda saqlanadigan qimmatbaho yodgorlikday boʻlib qolgan edi.

Men hali muallimim huzuriga borib, hammasiga javob berib, undan kechirim soʻrayman.

Moskvadan qaytib kelgach, Gurkurovga borish niyatim bor. Ovuldoshlardan yangi internat-maktabni “Duyshenning maktabi” deb atashlarini soʻramoqchiman. Ha, xuddi ana shu oddiy xoʻjalik aʼzosi, hozirgi pochtachining nomiga qoʻyishlarini taklif qilmoqchiman. Ishonamanki, taklifimni qoʻllab-quvvatlaysizlar. Sizlarga shuni aytmoqchi edim.

Hozir yarim tun, soat ikki.

Mehmonxonaning balkonida turib, azim shaharning charaqlab turgan sonsiz-sanoqsiz chiroqlariga nazar tashlar ekanman, oʻzimcha ovulga kelgan zahotiyoq, muallim bilan uchrashib, uning oppoq soqollaridan oʻpaman, deya xayol surardim…

 

* * *

Derazani lang ochib qoʻyaman, xonaga musaffo havo oqimi yopirilib kiradi. Tong yorishishi bilan boshlab qoʻygan suratlarimning xomaki nusxalarini diqqat bilan koʻzdan kechiraman. Men bu suratlarni har safar qayta-qayta koʻrib, necha bor qayta ishlaganman. Biroq hali ular haqida biron fikr aytish erta. Hali bosh gʻoyani toʻla-toʻkis gavdalantira olganimcha yoʻq. Subhidam sokinligida u yoqdan bu yoqqa yurib, oʻylaganim oʻylagan, uning intihosiga yetolmasdim va hamisha shu takrorlanardi. Har gal ham chizgan suratim hali tugallanmaganiga va har gal ham u koʻnglimga tugib qoʻygan bir niyat ekanligiga oʻzimni ishontirmoqchi boʻlardim. Shunday boʻlsa-da, baribir, sizlar bilan maslahatlashib olmoqchiman. Mening bu yumushim ovulimizning birinchi muallimi Duyshen oqsoqolga bagʻishlanishini oʻzingiz ham payqab turgandirsiz, albatta.

Biroq men kurashlarga toʻla, xilma-xil taqdirlaru insoniy ehtiroslarga toʻla murakkab hayotni boʻyoqlar vositasida ifoda qila olishimni hamon tasavvur eta olmasdim.

Niyatim – ushbu limmo-lim qadahni chayqatib, toʻkib yubormaslik. Boshqacha aytganda, uni nafaqat siz zamondoshlarimizga yetkazish, balki hammamizning haqiqiy ijod namunamiz sifatida el-ulusga tortiq qilishim uchun nima qilishim kerak, degan savol na turganimda, na oʻtirganimda menga halovat beradi. Uni chizmaslikka haqim yoʻq! Gohida oʻzimni bu ishning uddasidan chiqa olmayotganday sezib, qayoqdan ham taqdir qoʻlimga moʻyqalam tutqazib, bunchalik azob-uqubatlarga qoʻymasa, deb oʻyga tolaman. Gohida esa oʻzimni togʻni ursa, talqon qila oladigan pahlavonlardek his etaman. Shunday paytlarda koʻrish, oʻrganish va sarasini tanlab olish uchun oʻyga choʻmardim. Bolalik chogʻlaringda, garchi ularni esdan chiqargan boʻlsang-da, senga olam-olam quvonch bagʻishlagan oʻsha Duyshen bilan Oltinoy ekkan qoʻsh teraklarning suratini chiz. Oftobda qorayib ketgan yalangoyoq bolakaylarning rasmini chiz. Ularning azamat teraklarning shoxlariga chiqib olib, yuksaklikdan bepoyon dalalarga hayratomuz boqishlarini chiz.

Yoki Duyshenning suratini chizib, ostiga “Birinchi muallim” deb yozib qoʻy. Unda Duyshenning bolalarni qoʻlda koʻtarib, suv kechib, soydan oʻtkazayotgan paytiyu boshlariga qizgʻish tulki telpak kiyib olgan oʻsha beshafqat zoʻravonlarning, “bizni koʻrib qoʻyinglar”, deganday masxara qilib, semiz asov otlarini oʻynoqlatgancha yonimizdan oʻtib ketayotganlari aks etsin… Yoki boʻlmasa, muallimning Oltinoyni shaharga kuzatayotgan paytini chiz. Uning gʻam-alam oʻtida yonib, soʻnggi bor qichqirgani yodingdami? Shunday bir surat chizginki, u xuddi Duyshenning tubsiz nidosi Oltinoy qulogʻi ostida hanuz yangrab turgandek, har bir kishining yuragida aks-sado berib tursin.

Men bu gaplarni oʻzimga aytyapman. Allanimalar haqida oʻzimga-oʻzim koʻp gapiraman-u, hamma vaqt ham ularning uddasidan chiqavermayman. Mana, hozir ham chizgan suratim qanaqa chiqishi menga dargumon. Ammo bir narsaga ishonchim komilki, u ham boʻlsa – muttasil izlanish…

 

Asil RASHIDOV tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2014–3

 


[1] Qirgʻizlar qashshoqlikdan oʻtroq boʻlib qolgan oilalarni “yotoqchi” deyishardi (tarj.).

[2] Quvray – bir xil xashaki oʻt.

[3] Chiy – choʻl-adirlarda oʻsadigan baland, boshoqli oʻsimlik.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.