Biri kam dunyo

0
267
marta koʻrilgan.

Har payshanba atay qilgandek, “Radio Belgrano”da, yarim kechga dovur qolib ketardik. Bu hali holva, Lemosning xarxashalari bundan ham oshib tushardi; u qoʻyarda qoʻymay meni uyiga sudrar – rosa mehmon qilar, baʼzi-baʼzida kayfiyati chogʻ boʻlsa, qulfi dili ochilib chinzano quyib berardi. Yoqmaydigan tomoni – bunday saxovatga javoban uning adoqsiz oʻy-rejalarini churq etmay tinglashga majbur boʻlar, toza havoga – koʻchaga chiqib olsam shu radioteatr degan zormandani oʻla-oʻlgunimcha ogʻzimga olmayman, deb oʻz-oʻzimga soʻz berib oʻtirardim. Chidamay qayoqqa boraman, Lemos bozori chaqqon rejissyorlardan – gapi hamma yerda oʻtadi. Buning ustiga yaratgan barcha radiospektakllariga meni, albatta, taklif etar, otasiga rahmat, kattami-kichikmi ijro etgan salbiy rollarim uchun durustgina haq toʻlardi.

– Zap ovozing bor-da, – deya maqtab qoʻyardi Lemos koʻpincha, – toʻgʻrisini aytsam xiyonat qilishing yoki qadrdon doʻstingni zaharlab oʻtirishing shart emas, tovushingni eshitgan zahoti yarim Argentina goʻringga gʻisht qalay boshlaydi.

Ehtimol shundaydir, lekin ishonchim komilki, Lusiana goʻrimga gʻisht qalaydiganlar toifasiga mansub emas. Chunki aniq esimda, aynan oshiq qahramonlar rolining mashhur ijrochisi Xorxe Fuentes “Sharmisor gullar” radiopyesasining premyerasidan soʻng ikki savat ishqiy maktubi va tandiliyalik allaqanday shoirtabiat fermer hadya sifatida yuborgan barra qoʻzichoqni olgan kuni yugurdak Matssa Lusiananing binafsharang konvertga solingan ilk maktubini qoʻlimga tutqazgan edi.

Chuchmalgina maktublaru balandparvoz iqrornomalar koʻnglimga urgani uchunmi xatni ochib, hech kimga koʻrsatmay choʻntagimga solib qoʻydim-da, Xuares Solman va Olivye bilan (shov-shuvga sabab boʻlgan “Sharmisor gullar” tugab, “Boʻronda qolgan qush”ni boshlashimizga hali bir hafta bor – aytmoqchimanki, bu yogʻi dam – erkin qush edik) birgalikda qahvaxonaga yoʻl oldik. Ikkinchi martini ochilganda binafsharang konvert esimga tushdi-yu, oʻrtoqlarim oldida ochib oʻqigim kelmadi, chunki bilaman, boshim mazaxdan chiqmaydi – deyarli hammalari qitmir, bitta bahona boʻlsa bas, kulgi qilib enka-tinkangni quritishadi. Binafsharang konvert-ku ular uchun ayni muddao! Shu sabab xatni xayolimdan chiqardim, uyga borganda esa avval mushukka qaradim, unga sut quyib berdim, birpasgina erkalab, silab siypaladim, undan keyingina konvertni ochdim va shu tariqa dunyoda Lusiana degan ayol borligidan voqif boʻldim.

“Menga Sizning rasmingiz kerakmas, – deb yozardi Lusiana, – “Simfoniya” hamda “Antenna”ga oʻxshash jurnallar Miges va Xorxe Fuentes suratini qayta-qayta eʼlon qilaverishsin – menga zarracha qizigʻi yoʻq. Siznikini chiqarmay qoʻya qolishsin – sadqai sar, mening yuragimda bir narsa borki, oʻsha menga ham yupanch ham quvonch ato etadi, bilasizmi uning nimaligini – u Sizning ovozingiz! Meni undan hech kim mahrum qilolmaydi. Mayli, bedavo razilona ovoz deyisha qolsin, men ahamiyat ham bermayman. Sababi, bilamanki, Siz ijro etayotgan rollar tinglovchini chalgʻitadi. Ular asar qahramonlari qolib pirovardida sizni yomon koʻrib yurishadi. Nomingizni nafrat bilan tilga olishdan andisha qilishmaydi. Buni eshitib, bechora dili ogʻrirkan, deb oʻylamang yana. Aksincha, xursand boʻlaman, sababi xuddi shu narsa menchalik hech kim sizni tushunmaydi, deb ishonch bilan aytishimga izn beradi. Chindan ham Sizni menchalik tushunadigan tinglovchi topilmasa kerak. Siz manfur va razil kimsalar rolini ijro etayotganda, qiynalasiz, iztirob chekasiz va hatto mahobat qilyapti, demang-ku, yuragingiz qonga toʻladi. Men buni ich-ichimdan his qilaman. Bu yovuz qahramonlar aslida sizning mahoratingiz va isteʼdodingiz mahsulidir, zinhor-bazinhor qalbingiz va ilhomingiz samarasi emas. Siz Miges yoki Rakelita Bayli singari qahramonlaringiz bilan har jihatdan uygʻunlashib ketolmaysiz. Bunga intilish tugul istamaysiz ham. Shuning uchun yana va yana takrorlayman, “Sharmisor gullar”dagi toshbagʻir shahzodaga zarracha ham oʻxshamaysiz. Afsuski, tinglovchi degani yanglishib charchamaydigan toifa, ular hech narsaning farqiga bormaydi. Aks holda oʻsha zolim va toshbagʻir shahzoda qolib Sizni yomon koʻrib yurisharmidi. Men buni oʻtgan yili, Siz qonxoʻr qaroqchi Vassilis rolini ijro etganingizda Poli xolam bilan qoʻshnilarimizning gap-soʻzidan fahmlagan edim. Oʻshanda ularning tuturiqsiz mulohazalarini eshitib oʻzimni qoʻygani joy topolmay qolgan va hech kimga keragi yoʻq odamday yurak-bagʻrim ezilib, dunyo koʻzimga qorongʻi boʻlib ketgan edi. Koʻnglimdan kechgan barcha oʻy-xayolimni kimgadir toʻkib solgim yoki shu haqda yozib yuborgim kelgandi. Ehtimol, menga oʻxshab dilidagini izhor qilishni, Siz bilan aqalli xat orqali dardlashishni istovchilar bisyordir. Xudo haqqi, men shunday boʻlishini juda-juda xohlayman, faqat… faqat Siz uchun, chunki yolgʻiz emasligingizni, ming-minglab tinglovchilar orasida hamfikrlaringiz, Sizga xayrixoh va hamdard muxlislaringiz borligini bilishingiz lozim deb hisoblayman. Biroq yana istardimki, Sizni rollaringiz, ovozingiz orqali chin isteʼdod deya koʻproq biladigan va qadrlaydigan yengil-yelpi arzimas rollarni ijro etuvchi aktyorlardan ming karra ustun qoʻyadigan yagona muxlisangiz ham men boʻlib qolsam. Haqiqiy sanʼat bilan joʻn, arzon-garov ijroning farqiga bormaydigan odamlardan nimani kutish mumkin?! Shekspirni qoʻyishgani esingizdami… Men hech kimga aytmagandim oʻshanda Siz oʻynagan Yagoni Otellodan koʻra koʻproq yaxshi koʻrib qolganimni. Menga javob yozaman, deb oʻzingizni qiynamang, manzilimni har ehtimolga qarshi, birdan javob yozgingiz kelib qolsa, degan andishada yozib qoʻydim. Mabodo yozmasangiz zarracha oʻkinmayman. Asosiysi, dilimdagini toʻkib socholdim va baxtiyorman”.

Qosh qoraya boshlagandi, oralari ochiq, yirik harflar bilan yozilgan, binafsharang konvertni oʻynab charchagan baroq mushuk divandagi yostiqda tinchgina uxlardi. Bruno bizni tashlab ketgandan buyon uyda qozon qaynamas, mushuk ikkimiz asosan turli konservalar bilan qanoatlanardik. “Tarki odat – amri mahol deganlaridek, deyarli har kuni ozgina konyak ichib, chekardim. Uch-toʻrt kun bekor qolganimda (“Boʻronda qolgan qushlar” ustida ish boshlash arafasida) Lusiananing maktubini qayta oʻqib chiqdim. Ochigʻi javob yozish xayolimda ham yoʻq edi. Uch yilda bir marta xat olsa ham akang qaragʻayning sanʼatkor degan nomi bor axir. Lusiana xonim… qisqasi, juma kuni kechqurun film boshlanmasidan oldin qogʻoz-qalam olib xat yozishga kirishdim. Xatni “Hurmatli Lusiana, maktubingizni oʻqib chiqdim, iliq soʻzlaringiz behad toʻlqinlantirib yubordi, – deya boshladim. – Iltifot, xushomad, deb oʻylamang, iltimos”. Iltifotga balo bormi, men och jigarrang shalola sochli, musaffo koʻzlari maʼyus va oʻychan boquvchi nozikkina ayol sifatida tasavvur qilayotgan juvon goʻyo qarshimda oʻtiribdi-yu, uning maktubidan qanchalar mutaassir boʻlganimni oʻziga toʻlqinlanib aytib berayotgandek yozardim. Buyogʻi koʻngildagidek chiqmadi – eslashgayam arzimaydi, toʻgʻrisi, bor his-tuygʻularim shu birgina jumlaga jo boʻlganu bu yogʻiga oʻxshamayotgandek, davom ettira olmagandekman – nachora muxtasar qilib qoʻya qoldim, yana ikki-uch satr minnatdorlik izhori, soʻng “Mehr bilan doʻstingiz Tito Balkarsel”. Xat oxiriga lutfu marhamat yuzasidan bitta ibora qoʻshishga toʻgʻri keldi: “Manzilingizni berganingiz uchun cheksiz minnatdorman. Koʻnglimdagini yozib yuborolmaganimda toza diqqatim oshardi”.

Hech kimning tan olgisi kelmaydi-yu, lekin bekor qolgan odamning siqilmay iloji yoʻq, ayniqsa menga oʻxshaganlarning. Yoshligimda boʻsh qoldim, deguncha qizlarning orqasidan yugurardim. Bitta yarimtasini qarmoqqa tushiraman, degan niyatda deyarli har kuni “ov”ga chiqardim, koʻnglimga yoqib qolganini ilintirmay qoʻymasdim. Orada Brunoni uchratdim. Turmush qurdik, afsus, bor-yoʻgʻi toʻrt yil birga yashadik. Buenos-Ayresda yashayotgan yigit uchun esa oʻttiz besh yoshda hayot oʻz zavqini yoʻqota boshlaydi. Xususan, bitta-yu bitta mushugi bilan hech qayerga chiqmay kitob oʻqib yotishni ham, oqshomlari sayrga chiqishni ham birday hushlamaydigan menga oʻxshagan soʻqqaboshlar uchun. Oʻzimni qarib qolgandek his etayotganimdan emas, balki aksincha, boshqalar, shu jumladan, meni qurshagan buyumlar ham eskirib, tarovatini yoʻqotib borayotganidan. Shuning uchun kechqurunlari uyga qamalib, “Boʻronda qolgan qushlar” radiospektaklining matnini qayta-qayta oʻqib, rolimni Lemos tahlil qilib berganidek emas, oʻzim tushungandek, qolaversa arzimagan rol bergani uchun joʻrttaga personajning mashʼum qiyofasini boʻrttirib, esda qolarli darajada aks ettirish maqsadida joʻn, siyqa iboralarga sayqal berib, urgʻulab, shu tariqa mukammal obraz yaratish niyatida takrorlab oʻtirarman. Pirovard natijada, asarni magnit lentasiga yozish jarayoniga qadar nafrat va adovat sarhadlari aro sarson-sargardon kezgan qahramonning (radiotinglovchi huzurlanib tinglashi va haqiqatning roʻyobga chiqishiga boʻlgan ishonchini kuchaytirishga xizmat qiluvchi razil kimsa efir soʻnggida asfalasofilinga qulab tushishi bilan esda qolardi) ovozidagi ohang va urgʻular maromiga yetgan boʻlar va tabiiyki, rejissyor ham, ovoz operatorlari ham mening ijroimga tasannolar aytib oʻtirishar edi. Yana bitta martini quyish uchun oʻrnimdan turganimda birdan eski jurnallar orasidagi Lusiananing maktubi esimga tushib qoldi-yu, bekorchilikdan olib oʻqib chiqdim va beixtiyor koʻz oʻngimda yana Lusiana paydo boʻldi. Mening quvvai tasavvurim juda kuchli, nimaiki istasam, koʻz oldimga keltira olaman, ilk bor Lusiana nozikkina, men tengi va nigohlari sokin juvon tariqasida koʻringan edi, mana hozir, xatni ikkinchi bor oʻqiyotganimda ham u shu alfozda, har bitta jumla ustida chuqur mulohaza qilib qogʻozga tushirayotgan qiyofada namoyon boʻldi. Aytmoqchi, bir narsaga ishonchim komilki, Lusiana yetti marta oʻchirib-tuzatib, soʻng xat yuboradigan ayollar sirasiga mansub emas. Toʻgʻri, menga xat yuborishdan oldin yozaymi-yozmaymi deb ancha vaqtgacha ikkilanib yurgan boʻlishi mumkin, lekin “Isnod gullari”dagi rolimdan keyin oʻylab ham oʻtirmagan – soʻzlar oʻz-oʻzidan quyilib kelavergan. Xatning bir nafasda yozilgani sezilardi, shu bilan birga, binafsharang konvert tufaylimi – maktub shisha idishda uzoq saqlangan eski musallasdek taʼsir qilardi.

Men uning uyini ham hatto osongina tasavvur qilardim. – Koʻzimni yumsam bas, soyabonli patio yoki hech boʻlmaganda, ichkari devorlarini chirmovuqgul butunlay qoplagan salqingina oynavand ayvondan iborat uy. Lusiana, u doim oynavand ayvonda oʻtirgan holda koʻrinardi. Ayvon derazasining rangdor oynalaridan harir pardalar oralab tushayotgan yorugʻlik kulrang tus kasb etardi. Lusiana gavrondan toʻqib ishlangan oromkursida oʻtirgancha kaminaga xat yozyapti: “Siz “Isnod gullari”dagi bagʻritosh shahzodaga mutlaqo oʻxshamaysiz, – u bir zumgina nafasini rostlaydi-da, keyingi jumlani yozishdan avval, ruchkaning orqasini tishlab xayolga botadi, – lekin hech kim bunday deb oʻylamaydi. Xudo sizga shunday isteʼdod ato etgan va siz shunchalik mahorat bilan oʻynaysizki, odamlar beixtiyor sizni yomon koʻrib qolishadi. Bir zamonlar olingan fotosuratlardagiga oʻxshagan yorqin och-jigarrang sochlar, bu kulrang va shu bilan birga munis uygʻunlik, Siz ijro etgan rollar, ovozingiz zamiridagi pinhon maʼnolarni faqat men tushunsam, faqat men his qilsam…”

“Boʻronda qolgan qushlar” premyerasi arafasida Lemos hamda guruhimizdagi boshqa aktyorlar bilan birga tushlik qilishga toʻgʻri keldi. “Lemos zoʻr, aktyorlar gʻoʻr” qabilidagi epizodlardan birini yozishga tayyorlanayotgan edik. Asarning bu sahnasi xarakterlar toʻqnashuvi, sevgi mojarolariga boy edi. Rakelita Bayley esa men har doimgidek turli razilliklarni amalga oshirish uchun asta-sekin hiyla-nayrang va makkorlik bilan tuzoqqa tushiradigan Xosefina ismli takabbur qiz rolini qoyilmaqom qilib oʻynayotgandi. Bunaqa makr va hiyla, qabohat toʻla sahnalarni oʻylab topishda rejissyorlar orasida Lemosdan oʻtadigani yoʻq edi. Boshqalar ijro etgan rollar ham egasini topgan – hamma ilhom bilan berilib oʻynardi. Umuman olganda-ku, ushbu radiospektakl bilan shu paytgacha biz ishtirok etgan oʻn sakkizta asar oʻrtasida qilcha farq sezilmas – ikki tomchi suvdek bir-biriga oʻxshar edi. Birgalikdagi tushlik hamda repetitsiyani eslab qolganimning sababi, ayni shu kuni kichkintoy Matssa Lusiananing ikkinchi maktubini keltirib bergandi, bu safar ham paysalga solmay oʻqib chiqmoqchi boʻldim-da, Anxelita bilan Xorxe Fuenteslar “Ximnasiya va Estrima” sport saroyidagi raqs chogʻida “Oʻla-oʻlguncha sevaman”, deya bir-biriga soʻz beradigan lavhani yozishayotganidan foydalanib, tashqariga chiqib ketdim. Bunaqa sahnalar aksar tomoshabinlarga juda yoqar va qattiq taʼsir qilardi. Qolaversa, asar qahramonlarini oʻzlariga mengzash, oʻxshashlik topsa behad quvonib, bu haqda tanish-bilishlari bilan oʻrtoqlashib charchamaydigan tomoshabinlarga asardan kutilmagan xulosalar chiqarishlari uchun imkon yaratardi. Hech qursa, Lemos yoki Freyd nazariyasi boʻyicha shunday edi.

Men Lusiananing “Almagro koʻchasidagi qandolat doʻkoni yonida koʻrishsak”, degan sodda va begʻaraz taklifiga jon-jon deb rozi boʻldim. Lekin ketidan oʻzining atay qizil kiyib olishi menga esa “toʻrt buklangan gazeta koʻtarib oling, bir-birimizni topib olish oson boʻladi”, deb aql oʻrgatishi yoqmadi. Yosh bolamanmi, bunaqa xijjalamasa! Boshqa yoʻlini topolmagandir-da. Bu yogʻiga esa oʻsha men bilgan Lusiana – u yana oʻsha oynavand ayvonda oʻtirib menga maktub yozayapti. Xiyol narida, kim boʻldiykan, onasidir-da, ehtimol otasidir, oʻzi boshidanoq yonida keksa odam oʻtirgandek koʻrinardi, bir zamonlar katta oila yashagan, bugunga kelib boʻm-boʻsh huvillagan xonalarda bir gʻussa – yo umri bevaqt xazon boʻlgan, yo uydan butunlay bosh olib ketgan katta qizining dogʻida kuygan onaning unsiz faryodi kezib yuradi. Ha, ha, bu oila chindan ham azador boʻlsa kerak. “Mabodo borgingiz kelmasa yoki borolmasangiz hechqisi yoʻq, xafa boʻlmayman. Ayol boshim bilan taklif mendan chiqmasligi kerak edi, lekin bitta narsani bilamanki, – deb yozardi u komil ishonch bilan, Siz oqkoʻngil odamsiz, har xil yomon xayollarga bormaysiz”. Soʻng sira kutilmaganda meni hayajonlantirib yuboruvchi misralar bitardi: “Siz meni bor-yoʻgʻi shu ikkita maktubim orqali bilasiz, men esa uch yildirki sizning xayolingiz bilan yashayman, oʻynagan har bir rolingizni tinglab, oppoq tonglarni ottiraman, shu rollaringiz orqali sizning qanday inson ekaningizni tasavvur qilaman. Men sizni ijro etgan qahramonlaringiz bilan hech qachon aralashtirib yubormayman. Zero, men uchun hamisha birday – oʻzim tasavvur qilgan va qalbimdan joy olgan inson sifatida qolasiz” (bu ikkinchi xatni qayerga qoʻyganim esimda yoʻq. Lekin maʼnosi ham, soʻzlari ham shunday edi. Birinchi xatni esa, yanglishmasam, oʻsha kezlari oʻqiyotgan kitobim Alberto Moravianing romani ichiga solib qoʻygandim, xat haliyam javonda chang bosib yotgan oʻsha kitob sahifalari ichida boʻlsa kerak).

Shularni Lemosga aytib bersam bormi, uning koʻnglida oʻsha zahoti ayriliq va hijronlardan keyin oshiq-maʼshuqlarning topishuvi bilan yakunlanadigan syujet tugʻilar, binobarin, Lusiana yigit tasavvur qilgandek boʻlib chiqar va bu chin sevgi muhabbat tantanasi inson bolasini ertangi kun – kelajakni oldindan koʻra bilguvchi qilib qoʻyadi, degan gʻoyani ilgari surishga xizmat qilar – bunday ibratli asarlarning esa “Radio Belgrano” da bozori chaqqon edi.

Biroq Lusiana oʻttizdan oshgan va men tasavvur qilgan oynavand ayvonda oʻtirib maktub bitayotgan nozik ayolga (nima boʻlgan taqdirda ham u oʻta latofatli edi) oʻxshamasdi. Yoyilgan tim qora sochlari husniga husn qoʻshar, ayniqsa, bexosdan boshini silkitgan chogʻda shalola sochlari xiyolgina toʻzgʻib mavjlanar, koʻzi tushgan odamning yuragi orziqib ketardi. Negadir Lusiananing afti-angorini aniqroq tasavvur qilmagan ekanman: musaffo koʻzlari gʻamgin boʻlsa kerak, deb oʻylagandim, xolos. Holbuki, gʻam-gʻussadan asar ham yoʻq edi bu koʻzlarda, soch tutamlari ostidan yulduzdek charaqlagan koʻzlar kulib boqardi kishiga. Uning viski ichishga mayl bildirishi meni hayron qoldirdi. Chunki Lemos asarlarining qariyb hammasida sevishganlar ilk uchrashuv chogʻida faqat choy ichishardi (Bruno bilan men poyezdda sutli qahva ichgan edik) Lusiana ayol boshi bilan uchrashuvga taklif etganidan hijolat chekish tugul, yoʻliga boʻlsin uzr soʻrab qoʻyishni lozim topmadi. Shunaqa vaqtlarda men, hamisha oʻzimni bilmaganga olib, azbaroyi mazax qilib oʻtirishni xush koʻradigan mendek odam bu safar negadir oʻta samimiy, eski tanishini uchratib qolgan kishidek oʻzimni xushhol va erkin sezardim. Boz ustiga quling oʻrgilsin viski ham kayfiyatimni chogʻ qilib yuborgandi. Qisqasi, bundan ortigʻini orzu qilish noshukurlikdan boshqa narsa emas! Odatda, iliq munosabatlar mana shunaqa uchrashuvlardan boshlanadi: hech narsani yashirmaysan, biror nimadan umidvor boʻlib oʻtirmaysan, oʻz-oʻzidan suhbat mavzusi men haqimda, oʻynagan rollarim, ijroga tayyorlanishim va hokazolar haqida bordi. Har holda aktyor degan nomim bor. Lusiana kim boʻpti, atigi ikkita maktubi va ismi Lusiana ekanini bilaman, xolos. Shu bois maqtanchoq ekan, deb oʻylashi mumkinligidan choʻchimay turli radiospektakllardagi rollarim, dushmanlar tirnoqlarimni ombur bilan sugʻurib olishyotganlarida gʻiq etmay chidaganlarim, tiriklay koʻmilgan shaxtyorlar sahnasini yaratishdagi sabr-toqat, kuch, ilhom va mahoratim bularsiz jonli, taʼsirchan, haqqoniy asarga erishib boʻlmasligi haqida toʻlqinlanib hikoya qilayotganida ham gaplarini boʻlmay, tinglab oʻtiraverdim. Pirovard natijada, qiynalib boʻlsa ham, binafsharang konvertlarga solingan maktublar, oynavand ayvon va pishiq novdalardan toʻqilgan oromkursilar taʼqibidan qutilib, asta-sekin uning qiyofasi hamda ovoziga koʻnikib borardim. Uchrashuvimiz nihoyasida Lusiananing bir zamonlar – oʻttizinchi yillarda fortepyano chalib yurgan va hatto mashhur Pergaminodagi konsertlarda qatnashgan Poli xolasi bilan birinchi qavatdagi torgina kvartirada yashashi maʼlum boʻldi. Buyogʻiga kelsak, Lusiana ham oʻzicha toʻqib chiqargan odamining xayoliy siymosini hayotdagisi bilan taqqoslab oʻtirgan ekan. Pirovardida, meni baland boʻyli, sochlari jingalak, qoʻy koʻzli deb tasavvur qilganini boʻyniga oldi. Jingalak soch, deganini eshitib men yoqamni ushladim. Chunki bironta spektaklda bunaqa koʻrinishli yigit rolini ijro etmagandim. Qayerdan oldi buni xayronman, yana kim biladi, Lemos pyesalarni toʻldirib tashlagan bir xil qiyofalar, har qanday pastkashlik va razillikdan qaytmaydigan odamlarinng umumlashma timsoli sifatida xayolida vujudga kelgandir. Hazil tariqasida shu fikrimni unga aytgan edim, Lusiana barcha personajlarni rejissyor sifatida Lemos qanday qiyofada taqdim etgan boʻlsa, xuddi shunday tasavvur qilganman, deya eʼtiroz bildirdi. Lekin ayni chogʻda koʻp personajlarning hammasini bir chetga surib qoʻyib, men bilan, ovozim bilan qolar ekan, faqat nomaʼlum sabablarga koʻra, men baland boʻyli va sochlari jingalak yigit boʻlib tuyulganman.

Bruno meni tashlab ketmaganida Lusianaga koʻngil qoʻymasligim aniq edi. Oradan shuncha vaqt oʻtganiga qaramay uni hanuz unuta olmasdim. Na biron bir doʻstim bor, na mahramim – hech kimim yoʻq edi. Hayotimda paydo boʻlgan ana shu boʻshliqni Lusiana oʻzi bilmagan, ehtimol, xohlamagan holda toʻldira boshlagan edi. Mendan farqli oʻlaroq, u hayotida yuz bergan barcha oʻzlarishlarga juda tez koʻnikar ekan, shu vajdan mening ovozim tufayli, tasavvurida paydo boʻlgan novcha jingalak soch yigit oʻrniga hayotda roʻpara kelgan sochlari silliq, Lemosning devqomat qahramonlariga qaraganda unchalik koʻzga tashlanmaydigan Tito Balkarselga darrov oʻrgana qoldi. Bir oy kifoya qildi, xolos, bu evrilishga. Atigi ikki marta qahvaxonada uchrashdik, bir marta menikida. Lusiananing tarovati hamda atir hididan mushuk jonivor yotsiramadi, aksincha, uning tizzalariga chiqib yotishni odat qildi. Aloha oʻzining “ortiqcha” ekanini sezgan lahzalardan eʼtiboran biz birga oʻtirgan paytimizda yaqinlashmaydigan boʻldi. Poli xola Pergaminodagi singlisinikiga koʻchib ketdi, endi uning bu yerda qiladigan ishi qolmagandi. Oʻsha hafta ichida Lusiana koʻch-koʻroni bilan menikiga koʻchib keldi, men uning jihozlarini joylashtirishga koʻmaklashar ekanman, oynavand ayvon bilan kulrang koʻkimtir yogʻdu yetishmayotganini koʻrib, yuragimda ogʻriq turdi. Zero, endi bunday narsalarni koʻrish nasib etmasligiga aqlim yetardi. Shunga qaramay noumid boʻlgim kelmas ediyu, biroq bir narsasini yoʻqotgan odamday ichimga chiroq yoqsa yorishmasdi. Koʻchib ketayotgan kuni Poli xola gʻamguzorlik bilan Lusiananing yoshligi, Chikagodagi muzlatgichxonaga ishga kiritib qoʻyaman, deya uni laqillatib, birdan gʻoyib boʻlgan qalligʻi – Primera Xuntadagi mehmonxonaning xoʻjayiniga turmushga chiqib, baxti ochilmagani, besh yil yashab ajrashib ketganlari haqida hikoya qilib berdi. Bularning barini Lusianadan eshitgan edim, lekin u boshqacharoq – mening ogʻushlarim, likopchada mushukka sut berishlar, har kun kino koʻrishlar va erishilgan istaklardan iborat yangi hayotga qadam qoʻygan Lusiana haqida emas, balki allaqanday oʻzga bir ayolning hayoti haqida soʻzlab bergandek boʻluvdi.

Menimcha, “Qonli boshoqlar” radiospektaklini lentaga tushirish ishlari boshlangan edi, men Lusianadan sochini ochroq rangga boʻyab olishni iltimos qildim. Buni u avval aktyorlarning injiqligiga yoʻydi. Agar xohlasang yasama soch sotib olaman, dedi u kulib, soʻng gap qistirib oʻtdi: darvoqe, senga ham jingalak soch yarashardi-da. Bir necha kun oʻtgach shu xususida yana gap ochgan edim, senga yoqadimi shunaqasi, boʻpti, menga qora boʻladimi jigarrangmi farqi yoʻq, deya rozilik bildirdi. Lekin, toʻgʻrisini aytganda, Lusiana mening bu iltimosim aktyorlarning injiqligi bilan emas, balki butunlay boshqa sabablar: oynavand ayvon, novdalardan toʻqilgan oromkursi bilan bogʻliq ekanini axiyri fahmlagan edi… Bu xususda boshqa soʻramadim, gapimni yerda qoldirmaganidan koʻksim togʻdek koʻtarildi va buni yolgʻiz qolganlarimizda bagʻrimga bosib, sochlaridan toʻyib-toʻyib hidlayotgan, siynalarini silab, koʻzlaridan, yuzidan, dudoqlaridan toʻxtovsiz oʻpayotgan damlarda bot-bot unga eslatdim. Yanglishmasam ertasigayoq – yo ertalab, yo u bozar-oʻchar qilgani otlanayotganda men uning sochlarini ikkala qoʻlim bilan yigʻishtirib bir tutam qilib turmakladim-da, senga mana bunaqasi koʻproq yarashadi, dedim chiroyli yuziga yigitlik havasi bilan tikilib. U oʻzini koʻzguga solib qaradi-da indamadi, avzoyidan gapimga qoʻshilmagani yaqqol sezilib turardi. Buni tushunsa boʻlardi: Lusiana bu rusumdagi soch yarashadigan ayollar toifasiga kirmasdi. Unga yoyilgan qora soch koʻproq yarashardi, lekin bu fikrimni ochiq aytmadim, chunki uni boshqacha – ilk bor qandolatxona ostonasiga qadam qoʻygan kundagidan koʻra goʻzalroq koʻrishni xohlardim.

Men yozib olingan spektakllardagi ovozimni eshitib koʻrib hech qanoat hosil qilmaganman, ijro etdim – ish bitdimi tamom – nuqta. Oʻzlarini salkam aktyorlarning piri, deb hisoblaydigan hamkasblarim hayron boʻlishadi, qoʻyib bersang bir zamonlar oʻynagan rollarini har kuni eshitsa! Bu odatimni juda yaxshi bilishgani uchun Lemosdan “Sharmisorlik gullari”ni arxivdan olib ber, deb soʻraganimda koʻzlarini chaqchaytirib qaradi. U nima uchun kerak boʻlib qolganini bilgisi kelib soʻradi. Men talaffuzimdagi kamchiliklarni tuzatmoqchiman, deganga oʻxshash bir bahona aytdim. Bir dasta plastinka koʻtarib uyga kelsam Lusiana ham hayron, sababi u bilan ishim toʻgʻrisida bir marta ham gaplashmaganman. Har kuni qosh qoraydi, deguncha tizzasida mushuk, mening ovozimni eshitib oʻtiradi, buning ustiga har daqiqa olgan taassurotlarini aytib charchamaydi. Lemosga nima degan boʻlsam, unga ham shunday javob qildim, biroq keltirilgan plastinkalarni eshitish uchun patefonni katta xonaga olib chiqdim-da, Lusianaga: “Sen ham oʻtir shu yerda birga eshitamiz”, deb iltimos qildim, soʻng choy damlab keldim va qulayroq boʻlsin, deb torsherning joyini oʻzgartirdim. Nima keragi bor, ajablanib soʻradi Lusiana, turgan joyi yaxshi edi. Yaxshi edi, lekin chiroq yorugʻi Lusiana oʻtirgan divanga koʻproq tushar, koʻzni qamashtirar darajada oʻtkir va ortiq darajada ravshan edi. Holbuki, ayni lahzalarda deraza oynalaridan uning sochlariga, choy quyayotgan qoʻllariga toʻgʻridan-toʻgʻri tushayotgan kulrang-koʻkimtir oqshom yogʻdusiga nima yetsin?! Meni judayam taltaytirib yuboryapsan-da, dedi hijolat chekkan boʻlib Lusiana, shuyam ishmi, meni oromkursiga oʻtqazib, oʻzing bir burchakka borib olganingni qara.

Men “Sharmisor gullar”ning ayrim lavhalarini qoʻyib berdim xolos, boshidan oxirigacha eshitadigan bekorchi bormi?! Har xil sarguzashtlar, mojarolar va fitnalarni zoʻr diqqat bilan tinglayotgan Lusianani zimdan kuzatib oʻtirish huzur bagʻishlardi. Mening ovozim yangrab qolganda u boshini koʻtarib jilmayar, bu bilan Pradolar xonadoniga tegishli mol-dunyoni egallab olish niyatida har qanday ifloslikdan qaytmayotgan Karmensitaning ablah qaynogʻasi tubanliklari zarracha ham jahlimni chiqarmaydi, demoqchi boʻlardi. Holbuki, butun asar Lemosning gʻoyasi bilan sugʻorilgan, yaʼni sof muhabbat va adolat tantana qilardi. Men oʻtirgan joy oʻzimga maʼqul edi. (Lusiananing yonida bir piyola choy ichgach, oʻsha yerdan yaxshi eshitiladi, degan vaj bilan yana joyimga borib olgandim); shu daqiqalarda men anchadan beri yoʻqotgan halovatimni qayta topgandek boʻlardim. Bu damlar hech qachon tugamasligini, oynavand ayvonni eslatayotgan quyosh botar oldidagi yogʻdu bir umr derazadan yogʻilib turishini orzu qilar edim. Tabiiyki, buning iloji yoʻq; men patefonni oʻchirdim va biz peshayvonga chiqdik, lekin avval Lusiana torsherni oʻz joyiga koʻtarib eltib qoʻydi, chunki bu yer chindan ham uning joyi emasdi. Ozgina boʻlsa ham, foydasi tegdimi, deb soʻradi Lusiana kaftimni qoʻllari orasiga olib beozorgina siqarkan. Ha, albatta, dedim va nafasim qaytib ketmasligi uchun undosh harflarni talaffuz etish, soʻzdagi nozikliklar va yana bir balolar haqida tushuntirdim. U gaplarimni diqqat bilan tingladi. Faqat bitta narsani – mana shunday ajoyib daqiqalarda baxtimning toʻla-toʻkis boʻlmogʻi uchun menga toʻqima oromkursi-yu, xat yozayotgan odamning chehrasida, navbatdagi jumlani yozishdan oldin xayolga choʻmgan paytda zuhr etuvchi oʻychan-gʻamusor ifoda yetishmayotganini ochiq aytmadim, xolos.

“Qonli boshoqlar” spektakli tugashiga oz qoldi, 2-3 haftalardan soʻng men taʼtilga chiqardim. Radiodan horib-charchab kelganimda Lusiana yo kitob oʻqiyotgan yoki mushukni oʻynatayotgan boʻlardi. U doim tugʻilgan kunida sovgʻa qilganim gavrondan toʻqilgan kursida oʻtirgan boʻlardi. Bizning shart-sharoitimizga bular mos tushmaydi, degan edi oʻshanda Lusiana faromushxotirlik bilan. “Senga yoqibdimi bas, menga yoqqani shu, juda chiroyli muhimi qulay ekan. Sen bu oromkursida oʻtirsang mazza qilasan, ayniqsa bitta yarimtaga xat yozaman desang – rohatijon”, qoʻshimcha qildim suyunib. “Rostdanam, – gapimni maʼqullab bosh irgʻadi Lusiana, – Poli xolamga xol, ahvol soʻrab, xat yozaman deyman, biroq hech hafsala qilolmayapman”.

Qosh qoraya boshlagani sababli Lusiana kursi bilan stolni deraza yoniga qoʻyib (torsher lampochkasining oʻzgarib qolganini payqamasligi aniq) oʻsha yerda ish toʻqib yo jurnal varaqlab oʻtirardi.

Chamasi xuddi mana shunday ku hech qachon shu lahzalardagidek yaxshi koʻrmaganman, doim mana shunday koʻrishni istardim, dedim. U indamay menga qarab turdi-da, birdan sochlarimni toʻzgʻitib tashladi. Keyin boshini yelkamga qoʻydiyu, xayolchan kulimsiradi va jim boʻlib qoldi, shu lahzalarda u mening yonimda emas, uzoq-uzoqlarga ketib qolgandek edi goʻyo. Mana shunday sokin oqshom pallasida nimani ham kutish mumkin edi Lusianadan?! Zotan oʻzi ham binafsha konvertlarga solingan maktublardagi oddiy va begʻubor soʻzlarga monand edi hozir. Men bilan ilk bora qandolat doʻkoni yonida uchrashgan va bir qadar oʻngʻaysizlangan kabi koʻzlarini olib qochib salomlashgan chogʻda qora sochlarining oʻrami dikkaygan Lusianani koʻz oldimga keltirolmay qoldim. Shundan soʻng, harchand urinmay, oʻshandagi, oʻsha holatdagi bir tutam tikraygan, toʻzgʻib-mavjlanib ketgan qop-qora sochlarini koʻz oldimga keltirolmadim. Xotiramda ertalablari u yoqdan bu yoqqa yurishdan huzur qiladigan yoki mushuk bilan boladek oʻynashib charchamaydigan, kechki payt esa men ilohiylashtiradigan Lusianaga nisbatan yuragimda ishq oʻtini alangalatgan baland boʻyli, sogʻlom va baxtiyor ayolga oʻxshamaydigan toʻqima kursida oʻtirgan ayol timsoli naqshlanib qolgandi.

Ehtimol mana shular haqida unga aytib berishim lozim edi. Biroq sira bir qarorga kelolmay, ikkilanib yuraverdim. Nazarimda, yopigʻliq qozon yopigʻligʻicha qolgani yaxshi edi. Balkim men oʻzimni shunchalar masrur va nekbin his qilayotganim uchunmi, ilgari zarracha payqamagan sirli ravishda hol soʻrab qolishlar, faromushxotir yurishlar, baʼzan bir nima axtargandek yuz-koʻzimga uzoq tikilib qolishlardek yangi odatlariga ahamiyat ham bermasdim. Chunki, bu oʻsha, oynavand ayvonning gʻamgin ruhi va binafsharang xushboʻy konvertlar isining tajassumi edi, xolos. Ittifoqo yarim kechasi uygʻonib ketdim-da yonimda beozorgina uxlab yotgan Lusianaga qarab turib, unga erishmoq, uning muhabbatini qozonmoq uchun nechogʻliq qiynalganlarim, ne-ne hiyla va tasodiflarni oʻylab topganlarim haqida boshdan-oyoq aytib berish vaqti kelganini his qildim. Men bunday qilolmadim: chunki Lusiana uxlayotgandi, soʻng uygʻonib ketdi, seshanba kuni kinoga borishimiz kerak edi. Taʼtil davrida esa safarga chiqish niyatida sayohatbop mashina qidirishimiz kerak boʻldi, kunlar juda tez, hech qanday iz qoldirmas, yolgʻiz koʻkimtir kulrang yogʻdu, novdalardan toʻqilgan oromkursida oʻtirgan Lusiananing zebo qaddi-qomatini roʻyi-ravshan koʻrsatayotgan bir tutamgina oqshom chogʻi kino kadrlaridek sekin oʻtayotgan damlardagina bunga imkon tugʻilardi. Endi u men bilan kamdan-kam gaplashar, oʻshanda ham bir nimani izlayotgandek qayta-qayta yuz-koʻzimga tikilib qolar, mana shu qiligʻi toʻgʻrisini aytish, men uchun jigarrang sochlar va oynavand ayvonda toʻkilib yotgan kulrang yogʻdu nimani bildirajagini tushuntirish xohishini soʻndirar edi. Xullas, aytolmadim. Ittifoqo, ish tartibi oʻzgarib qoldi-yu, shu bahonada choshgohga yaqin shahar markaziga borishimga toʻgʻri keldi. Tasodifni qarangki, men Lusianani koʻrib qoldim. U mehmonxona eshigidan yonida bir yigit bilan chiqib kelardi. Rosti tanimabman, yonidagi norgʻul yigitni qoʻltiqlab olgani, yigit esa uning sinchalogʻidan erkalab oʻpib q oʻyishi uchun engashganida jingalak sochlari Lusiananing jigarrang sochlariga chirmashib ketayotganini koʻrib, hech narsani tushunmasamda, gap nimada ekanligini fahmladim.

 

Rus tilidan Olim OTAXON tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.