Bir siqim soʻz boshi

0
207
marta koʻrilgan.

…Ustoz hajvchilar yozishga xamirturush topolmay qolgan kezlarida, albatta, bozorga… oshiqisharkan.

Alloma adib Gʻafur Gʻulomni Beshyogʻoch bozorida bot-bot koʻrganlar, bu haqda yozilgan hikoyalar qanchadan-qancha.

Hajvchilar sardori Said Ahmad domla esa oʻz “qahramonlari”ni oldin bozorda, soʻng tushida koʻrib, alqissa, Doʻrmondagi bogʻida boqarkanlar.

Xalq yozuvchisi Neʼmat Aminni ayting. Necha bor unga xoliroq joyni “taklif” qilishdi. Ammo ul zot “Farhod bozori” dan nari ketishni istamaydi. Sababi soʻraldi: “Maʼnaviyat va maʼrifatni avvalo, bozordan boshlash durust…” deya lutf qiladi.

Yana bir ustoz Saʼdulla Siyoevni oling. “Dahriy”liklari tutib qolsa, yakkash “Bozor koʻrmagan yigit”… aslo, yigit emas deya oyoq tirab oladilar. Ayrim “gʻiybat”larga qaraganda Anvar Obidjonni ham bozorda “Bezgakshamol” chalib ketgandan buyon, el orasida mashhuri olam boʻlib qolibdi.

Shu tarzda aniq “fakt”lardan soʻng xulosa shulki, demak bozor davrida bozori chaqqon boʻlishni istagan qalamkashlar tez-tez bozorga tushib turishsa, nafaqat toʻrxaltalari, balki qoʻyin daftarlari ham qappayardi. Boisi, mol-matohlarni mijozlarga manzur qilishda bu manzilgohdagilardan har qancha oʻrgansak arziydi.

Shunday qilib, bozor darvozasi dahlizidamiz. Choʻchimay, ostona hatlayvering. Loaqal tishning oqini koʻrsatsangiz ham sizdan aslo “patta” olinmaydi. Kulolsangiz kulgisi sizga, savobi esa bizga.

 

Muhammad OCHIL

 

“Yoshlik”, 2014 yil 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.