Bir oʻzbek oʻyi

0
193
marta koʻrilgan.

Bugun savdo oʻrjidi. Azon boʻgʻizlangan hoʻkizni Asqar qassob choshgohga yetib saranjomladi; somsaxonaga tarqatdi, polvon “qiz uzatdi”ga deb oldi. Keyin oʻzining chori qoʻchqorini boʻgʻizladi, uniyam oʻtkizdi. Elda maraka koʻp, goʻsht qolarmidi? Ayniqsa, hozir ilik uzdi mahali, goʻshtning bozori chaqqon.

Kech tushgach, Asqar qassob goʻshtxonani yopib, uyga ketishga chogʻlandi. Qumqayroq, pichoqlarni endi qonlattaga oʻrab boshlagan ham ediki, ayol chaqirigʻidan oʻnglanib, eshik tomonga bir-ikki odim tashladi.

– Bobosi, bir kilo goʻsht torting! – dedi Muqaddas yanga changakda osigʻliq charvi ortidan moʻralab.

– Kuni bilan qayoqda eding, kelmay? – dedi qassob uni koyigandek. – Suyagi qoldi.

– Yugur-yugurdan qoʻl tegarmidi? Ishi qurgʻurning oxiri yoʻq. Kovlasangiz chiqaveradi. Tugadi demang, hamma masalligʻini tayyorlab qoʻyganman.

– Shukurda ham goʻsht boridi?

– U yoqqa borib kelguncha…

Asqar qassob kuldi:

– Uchgan-tushgani bor, kelin! Yana qovurgʻa goʻsht! Bir kilo chiqmasa, xafa boʻlmaysan. Bilasan-ku, bizning boʻrdoqining suyagiyam goʻshtday gap. Shoʻrva qilsang, betidagi moyni koʻraver.

Muqaddas chechaning yuzi yorishdi.

– Baribir suyagi kamroq boʻlgani yaxshi.

– Ovqat suyak bilan shirin-da! Taʼm beradi.

Qassob qolgan qovurgʻani taroziga qoʻydi; ikki palla qimirlasa-da, tenglashmadi.

– Aytdim-ku, senga chiqmaydi, deb.

– Nega chiqmas ekan, ana! Sizga grammigacha tenglashmasa, behisob. Beravering! – dedi boʻynini choʻzib yanga. – Kech qolib ketmasin.

Bobo goʻshtni tezda salafanga solib, Muqaddas chechaga uzatdi.

– Temir daftaringizga yozib qoʻying! – dedi u kulib. – Ha, buncha qabogʻingizni uydingiz, koʻchib ketayapmizmi, beramiz.

Asqar bobo qoʻlini dokaga artdi.

“Obbo, sal kam boʻldi-da! Mehmonga boraman, dedimi? Yarim oqshom kimning koʻzidan uchib turibdi. Doim shu, kech tushgach keladi…”

 

***

Muqaddas checha shoshib ketarkan, xayolidan oʻtkazdi; “Ham oshga, ham koʻrgaliga kamlik qiladi-yov! Yuz gramm koʻproq boʻlganda, bola-chaqaning tiliga taʼm tegardi. Buni kimning ogʻzidan topaman, hayronman.”

U yoʻlda toʻxtab, Shukur qassobning goʻshtxonasi tomonga qadam tashladi-yu, tagʻin fikridan qaytdi.

Darvozadan ichkariga hatlaganida, toʻngʻichi Oydin qozon boshida timirskilanib yurar, oʻchoqqa oʻtin qalab, alanglab koʻchaga qarab qoʻyardi.

U onasiga koʻzi tushgach, sallonib chopib keldi-da, dedi:

– Siz ketgach, u yoqdayam bormi, yoʻqmi deb, dugonamnikiga chiquvdim, topildi. Oʻshani amallab pishirdim.

Muqaddas checha ajablangandek soʻradi:

– Qoqdek qotib ketmaganmi?

– Bobomnikidan bergan ekan…

– Ha, oʻtgan safar bizga beruvdi, bunisida dugonangga… Qishloqda nechi uy bor, oʻh-hoʻ, unga oʻnta qoʻchqor ham yetmaydi. Ha, baribir oʻzimiznikida. Qoʻrqqanidan emas, siylaganidan beradi, – dedi checha qiziga salafanni uzatarkan, toʻsatdan xayoliga kelgan fikrdan quvondi. – Qassobnikidan goʻsht uzilmaydi. Boshqa narsa tuxummi yo… ukangga ayt, xoʻrozni ushlasin!

Muqaddas checha yengini shimarib, kapgirni ushladi.

 

***

Qassobning xotini Oysuluv momo kun boʻyi mehmon kutdi, kuzatdi. Kelin-kuyovning chillasi chiqqan, keldi-ketdi koʻp. Endi karovatga koʻrpa toʻshab, yotmoqchi edi-yu, erining ovozi eshitildi:

– Darrov choʻzilib olibsan!

Momo uni qarshiladi.

– Kelin tushirib, bemalol oʻtiramanmi devdim, qayoqda!

– Tegirmon tosh yurgizdingmi, kundagi mehmonda! Koʻrdingmi, qoʻchqor semiz chiqdi. Qolganini koʻngiletarlarga tarqatdingmi? Muqaddas kelin goʻsht izlab, tintirab yuruvdi, bermagandirsan!

Momoning lablari uchdi.

– Tuyogʻigacha tarqatdim, bu safar…

Uning gapi tilida qoldi.

– Yaxshi qipsan, qoʻni-qoʻshni qoʻy soʻyibdi, deb eshitsa, tomogʻi tushadi.

– Gap soʻrab, oxirigacha eshitmaysiz. Muqaddas ovsin quruq qoldi.

Boboning peshonasi tirishdi. Karovatning burchagiga oʻtirdi.

– Obbo, avval goʻshtni boʻlib, keyin tarqatmaysanmi? Ayol zotiga soch moʻl berib, aqldan qisganda.

Momo toʻngʻilladi.

– Mehmon keluvdi, nima tishining kovagini soʻrib oʻtiradimi?

Asqar bobo belbogʻini yechib, xotiniga uzatdi.

– Rahmatga ayt, Shukurning goʻshtxonasi ochiq, borib kelsin.

– Hali daladan qaytmadi, uyam baribir charchagan. Koʻchama-koʻcha yarim oqshom goʻsht izlab yurmaydi-ku, endi!

– Sen nimani bilasan, mehmon kelsa uyalib oʻtirmaylik. Oʻzim borib kelaman.

Momoni oʻy tutdi.

Bobo charchagan esa-da, allaqanday gʻayrat bilan darvoza tomon yurdi.

– Choy qaynatsin, kelinga ayt.

Shu payt daricha gʻiyqillab, bir qora koʻrindi.

– Momosi oyoq uzatiib yotibdimi, deyman?

Muqaddas yanga karovat tomon kelaverdi; qoʻlida kastryul, lagan, ustma-ust qoʻyilgandi.

– Nima tashvish, kelin? – soʻradi bobo.

Muqaddas yanga momo bilan koʻrishdi.

– Toʻyga hormaga kelganim yoʻq edi, shunga?

Boboning negadir yuziga issiq qon yugurdi. U sekin iziga qaytib, pul tugulgan belbogʻni ochib, ip oʻralgan bir dasta besh yuz soʻmlikni oldi-da, koʻchaga oshiqdi.

– Tovuq shoʻrvadan ichib keting, bobosi! Issigʻida yaxshi-da!

– Bu ovqating sovusa yaxshi-da, kelin! Darrov qaytaman, ketmay tur!

Oysuluv momo Muqaddas yangani koʻrpaga undarkan, bobo tashqariladi.

U Shukur qassobning goʻshtxonasi tomonga odimladi: “Qutlugʻ, uydan quruq chiqadimi?! Har kuni qoʻchqor semirtayapmanmi? Nevaralar ham bobom qoʻchqor soʻygan ekan, deb oʻtirgandir”. Uning qadami tezlashdi. Uning vujudiga bobolik gʻururi inib, entika-entika yugurgiladi.

 

Olim Jumaboyev

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.