“Bir insonning qandayligini bilmoqchi boʻlsang, unga koʻp pul yoki mansab berib koʻr”

0
94
marta koʻrilgan.

Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulugʻ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan. 

 

*****

TAVAKKUL VA ISHONCH

Dollar oshdi va narxlar qimmatladi. Lekin rizq Vohid, Qahhor boʻlgan Zotning zimmasida.

Salafi solihlarning birlariga: “Narxlar qimmatladi” deyildi. Shunda u kishi: “Uni istigʻfor bilan tushiringlar!” dedilar.

Bir aʼrobiyga: “Bir burda non bir dinor boʻlibdi” deyilganda, u: “Allohga qasamki, agar bugʻdoy doni bir dinor boʻlsa ham, bu meni tashvishga solmaydi. Men Allohga, U Zot menga buyurganidek ibodat qilaman. U Oʻzi vaʼda qilganidek menga rizq beradi” dedi.

Insonlar Salama ibn Dinorning oldiga borib, unga: “Ey Abu Hozim! Koʻrmaysizmi, narx-navo qimmatlabdi” deyishdi. Shunda u kishi: “Bundan nega tashvishlanyapsizlar?!! Narx-navo arzonligida bizga rizq bergan Zot narx-navo qimmatlaganda ham bizga rizq beradi” dedilar.

Xovatir roqiya jurnali

*****

Kuchli boʻlmoqchi boʻlsang, biror kishi seni yaxshi koʻrishini kutmasliging kerak.

Lev Tolstoy

*****

Kim mol-dunyo hamma narsani qila oladi deb ishonsa, oʻsha kimsaning oʻzi ham mol-dunyo uchun hamma ishni qiladi.

“Tarix muhrlagan soʻzlar”

*****

Mol-dunyo gapirayotganda, rostgoʻylik jim turadigan boʻlib qoldi.

 “Tarix muhrlagan soʻzlar”

*****

Boʻsh hamyonlar muvaffaqiyatga erishishdan toʻsolmaydi. Balk boʻsh aqllar va boʻsh qalblar toʻsadi.

“Tarix muhrlagan soʻzlar”

*****

Insonning hamma aʼzosiga ogʻriq, zulm yetishi mumkin, ammo tiliga emas.

“Tarix muhrlagan soʻzlar”

*****

Ilm qancha koʻp boʻlsa, “men” degan tushuncha kamayib boradi. Ilm qancha oz boʻlsa, “men” degan tushuncha koʻpayib boradi.

“Tarix muhrlagan soʻzlar”

*****

Inson har qancha yolgʻon gapirmasin, bir kun kelib hamma yolgʻonlari fosh boʻladi.

“Tarix muhrlagan soʻzlar”

*****

Yaxshilik uch narsa bilan chiroyli boʻladi:

  1. Soʻramasdan qilish bilan.
  2. Paysalga solmasdan, tez qilish bilan.
  3. Minnatsiz qilish bilan.

Mustafo Siboiy

Xovatir roqiya jurnali

*****

Boshqalarning doʻzaxga tushishini isbotlashdan koʻra, oʻzingni jannatga kiritishga urinib yashashing afzaldir.

Ali Shariatiy

*****

Koʻplab faqir odamlar umr boʻyi gʻamgin holda yashashadi. Bir marta kulganlarida esa hamma unlarni rasmga oladi-da, ostiga «Mol-dunyo baxtning paydo boʻlishiga sabab boʻlmaydi» deb yozib qoʻyishadi.

“Tarix muhrlagan soʻzlar”

*****

Baʼzi odamlarning «Vatan» deb jar solishi seni aldab qoʻymasin. Ayrimlar tashqaridan qaraganda vatanparvar boʻlib koʻrinsa-da, maxfiy ravishda poraxoʻrlik bilan shugʻullanuvchi va xalqning mulkini talon-taroj qiluvchi xoinlardir.

«Tarix muhrlagan soʻzlar»

*****

Hayotning hammasi feysbukdan iborat emas. Ota-onamiz yonimizda, bizning suhbatimizga mushtoq boʻlib oʻtirishibdi. Biz esa telefondan bosh koʻtarmayapmiz.

*****

Biror shaxsga boʻlgan ishonchning ketishi oʻsha shaxsning oʻzining ketishidan ham ogʻirroqdir.

Vilyam Shekspir

*****

Bir insonning qandayligini bilmoqchi boʻlsang, unga koʻp pul yoki mansab berib koʻr.

«Tarix muhrlagan soʻzlar»

*****

Johilning uchta alomati:

  1. Ujb (oʻzidan qoyil qolish);
  2. Befoyda gap gapirib, mahmadonalik qilish;
  3. Bir ishdan qaytarib turib, oʻsha ishni oʻzi qilish.

Abu Dardo roziyallohu anhu

Internet materiallaridan toʻplab, tarjima qiluvchi

Nozimjon Iminjonov

 

muslim.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.