Bibi Salima

0
266
marta koʻrilgan.

Bibi Salima bir koʻkalamzor qishloqda yashaydi.

Qishloq katta emas, ammo har hovlisidagi manzara oʻxshash.

Koʻchalari tuproq, uylar oldidan ariqda suv oʻtgan. Ariq boʻyida qad koʻtargan zich oqterak yaproqlari shitirlab turadi. Baʼzilarining oldida yashil toʻfonday boʻlib supurgilar boʻy choʻzibdi. Aslida u burganning bir turi, xalq dastalab boylab, supurgi qilib ishlatadi.

Bibi Salimaning uyiga kirib borsangiz, chapda ayvonli chogʻroq imoratni koʻrasiz…

Etakroqda yangi qurilgan tandir. Yonida loyoʻchoq. Sal narida suvpaqir.

Qishloqlarda suvpaqirlar alohida boʻladi. Suv tashigan mahal chayqalib toʻkilmasligi uchun taxtadan qoʻshuv alomatiga oʻxshagan shakl yasab, betiga tashlab qoʻyiladi. Umuman, koʻp narsa bu yerda yogʻochdan yasaladi. Tandirqopqoq ham, qozon damtovogʻi ham taxtadan.

Tandir eskirib, tepa tarafi yorilib ketgani uchun tunov kuni yangisini qurishdi. Tandirchi ishini bitirib, Bibi Salimaga qarab, “Duo qiling”, dedi.

– Yoʻgʻ-e, erkak kishi turganida men duo qilamanmi? – dedi Bibi Salima, oʻngʻaysizlanib.

– Nonni siz yopasiz-ku, – dedi tandirchi. – Men qorgan loyimga, qilgan ishimga duo qilaman. Barakani esa siz soʻrang.

– Baribiram gʻalati-da.

Begona erkak oldida: “Hay, mayli, tinchlik-omonlik boʻlsin”, deb yuziga fotiha tortib qoʻyaqolgan Bibi Salima tandir oldiga kelib, qaytadan duo qildi.

– Seni topgan-tutganimiz bolalarimizga rizq boʻlsin deb qurdik, – dedi tandirga. – Ichingga oʻt yoqamiz, langʻillatib choʻgʻ uyamiz. Sening bagʻring kuyadi-yu, ammo biz uchun qip-qizarib nonlar pishadi. Iloyo, rizqimizni keng-moʻl qilib bergan boʻlsin, koʻp yillar roʻzgʻorimning xizmatini qilgin.

Bibi Salima tandir ogʻzini yopib, ekinlaridan xabar olgani tomorqaga oʻtdi.

Yerini yaxshi koʻradi Bibi Salima. Bir qarichiniyam boʻsh qoldirgisi kelmaydi. Tez oʻsuvchi qovoq va joʻxori, sekin oʻsuvchi mosh-loviya poyalarini qoʻllari bilan tiklaydi, gohida yerga choʻp suqib, pilta bilan boylab ham qoʻyadi. Yerdan rizq chiqarish oson boʻptimi, eh-he, qancha mehnati bor? Peshona tering chak-chak tommasa, hosil berarmidi? Qoʻling qavarib-qavarib, beling ogʻrib-ogʻrib mehnat qilmasang, rizq chiqarmidi?

Bolalik mahallari, sandal tegrasida yigʻilishib oʻtirisharkan, buvilaru momolar “Bir qozonda qirq xil ovqat” deganday ertaklarni aytib berishardi. Oʻylab koʻrsa, ertakdagi qozon – ekinzorning oʻzi ekan. “Bu qozonda qirq xil emas, yuz xil ovqat ham pishadi”, deb oʻyladi u. Qirq xili – odam yeydigan narsalar. Odamdan tashqari, qurtu qush, hasharot yeydigan yana qanchasi bor?

Toʻrt oʻgʻil toʻrt pahlavonday boʻlib yetilib kelmoqda. Kattalar bir kosa ovqat yeyishsa, bular ikki kosadan yeyishadi. Er-xotin asta-sekin qarib borishmoqda, bolalar esa oʻsishyapti. Yosh vujudning suyaklari qotib, paylari quvvatlanib, tomirlaridagi qon tobora shiddatlanib oqmoqda. Ular yanada oʻsishadi, yemishi baquvvat boʻlishi kerak-ku?

Mana shunday oʻylar bilan hayot kechiradi Bibi Salima.

* * *

Bibi Salima osmonga qarasayam, suvlarga qarasayam erta bahorda Xudoga aytgan gaplari esiga tushib, xijolatdan beti lov-lov yonib ketaveradi.

“Xotin kishiman-ku, har xil gaplarni gapiraveraman-da”, deydi oʻzini oqlab. Keyin sidqidildan yolvorib tavba qiladi:

“Shayton tilimga soldi-da. Boʻlmasa, u gaplarni aytarmidim? Senga-ya?

Hammasiga oʻzing shohidsan-ku, men boʻlsam, xuddi malomat qilganday gapiribman. Attang! Sidqidildan tavba qilyapman, ishqilib, oʻzing kechirgin…

Sababi – yoʻqchilik-da. Yoʻqchilik boʻlmasa unaqa dermidim?”

Shunday deydi-yu, erta bahordagi oʻsha tongni eslab, battar xijolat boʻladi.

Erta bahorda erining beli ogʻrib, yotib qoluvdi. Xudo roʻzgʻorning rizqini erkakdan berar ekan. Bir-ikki hafta oʻtib-oʻtmay, hamma narsaning tagi koʻrindi-qoldi. Un tugadi, sabzavot adoqlab, yogʻ oxirladi. Nima qilsam ekan, deb boshi qotdi Bibi Salimaning. Ota betob boʻlsa, bolalar ham dovdirab qolar ekan. Nazarida, uydan baraka koʻtarilib ketdi. Hatto ovqatlardan taʼm ketib qoldi. Koʻziga bolalari oʻksik koʻrina boshladi. Hafta oʻtdi, oy oʻtdi. Doʻxtir keldi, tabib keldi… dard sira ketay demasdi. Qoʻni-qoʻshnidan u-bu yordam soʻrab, roʻzgʻorini amallab turgan Bibi Salimaning koʻngli qoʻshnisi yogʻ bermaganida bir oʻksidi. “Endi nima qilsam ekan”, deb uyga qaytib kirganida, erining turolmay mungʻayib yotishiga qarab ikki oʻksidi.

Nimayam derdi, xalq shunaqa hayot kechirmoqda. Hech kimning ortib-bitib ketgan joyi yoʻq. Hammaning har narsasi hisob-kitobli.

Shularni oʻylab turib, Xudoga yolvordi:

“Shuncha yil birovning haqini yemasdan, dilini ogʻritmasdan, bolalarimga rizq boʻlsin deb egilib-bukilib, koʻzimning nurini, belimning quvvatini ketkizib mehnatlar qildim. Endi rosa xavotirlanib qoldim. Ignani uchiday keladigan maxluqlaringdan toshlarning tubidagilarigacha zoriqtirmasdan rizqini berayotgan boʻlsang. Roʻzgʻorimgayam bir toʻkinlik yetkazaqol? Axir, qudrating oldida men soʻraganlar nima boʻpti?

Ichimga shuncha mehrni solib qoʻygan oʻzing-ku? – dedi, sidqidildan. – Nima qilay, manovi joʻjiqlarning koʻziga qarolmayapman.

Mana, kattam, – dedi. – Peshanasiga, burniga boʻjamalar toshibdi. Barmoqlariga qarasam, yigʻlagim kelyapti. Oʻzimni barmoqlarim ham shunaqa, uzun-uzun edi, bunikiyam shunaqa, ammo tilinib-qavargani-chi? Bechora, boshini silaganimniyam bilmadi, charchabdi-da.

Yonidagi oʻrtancham. Buyam akasiday, boʻy-basti uzun, ammo bilaklari zaif. Hali ogʻirroq ishlarni qiladigan yoshga yetmadi. Gavdasini ingichkaliginiyam koʻr, novdaday bola-yu?

Keyingisi supraqoqdim. Bu – rosayam goʻdak. Otasi bilan ishga ketsa, kelgunicha menga ichikib qoladi. Buyam horibdi, boʻlmasa uyqusirab darrov bagʻrimga kirib ketardi…”

Shu tarz, ayvonda, tun qorongʻusida bolalarining boshida oʻtirib olib, munojot qilaverdi.

“Toshu tuproqdan hamma narsani paydo qiladigan oʻzingsan-ku? – dedi. – Qup-quruq yogʻochdan shaftoliyu behi chiqaradigan ham sensan. Ekinim orasidan keraksiz oʻtlar oʻsib chiqadi, deb javranaman, oʻshani yeb bandalarimga sutga aylantirib bersin, deb sigir ham yaratib qoʻyibsan.

Ey bori Xudoyo, erimga shifo ber, roʻzgʻorimga baraka ato et. Axir, hammasi oʻzingni ixtiyoringda-ku? Esimni taniganimdan beri seni tilimdan qoʻymayman, bir bechora bandangni shunaqa xor-zor qilib, bolalarini moʻltiratib qoʻyaverasanmi?..”

Nihoyat, xoʻrozlar uchinchi bor qichqirib, tong yorisha boshlaganida, hovliga tushdi. Sahar vaqti eshiklarni ochib qoʻyinglar, farishtalar kelib rizq berishadi deyishardi, rostmikan? Farishta uchadigan narsa boʻladi. Tavba, darvozani bekitganing bilan hovli usti ochiq-ku, tepadan tushib kelavermasmikan? Yoʻq, u nihoyatda pok xilqat, darvoza berkligini koʻrib, kirgani tortinsa kerak-da. Xijolat boʻlmasdan kiraverishsin deya darvozani ochib, yana ortiga qaytdi.

Qaytayotib, birdaniga aqli oʻziga kelganday boʻlib, choʻchinqirab: “E tavba, oʻzing kechirgin” dedi, – Soʻrashga-ku soʻradim, ammo aytgan gaplarim gunohga ketib qolmasmikin?

Yoʻgʻ-e… Xudo-yu? Boshqa kimdan ham soʻrardim?

Hamma narsani koʻrib-bilib turadi, ayb boʻlmas?

Keyin esa, men nodon, bitta oʻzimu bolalarim uchun soʻrayveribman-ku, dedi. Yoshi ulugʻlar har doim: “Xudodan bir nima soʻrasang, hammaga soʻragin” deyishardi. Men esa yolgʻiz oʻzimga soʻrabman. Xudodan-a? Yuzlab olamlarni beminnat yaratib, osmonda uchgan qushdan to daryo toshining tubidagi koʻzsiz maxluqlarigacha rizqini yetkazib turgan Egamdan-a?

E tavba, xalqqa soʻrasam, mulki kamayib qolarmidi?..”

Tong endigina yorishayotgan edi. Odamlar allaqachon uygʻonishib, yumushlariga urinishardi. Qaydadir paqir taraqlagani, mol boʻkirgani eshitildi. Ha, hamma roʻzgʻorim deya tirishmoqda. Hamma uchun deganda kimni nazarda tutish kerak? Albatta, qishloqdagilarni-da. Ammo tevarakda boshqa qishloqlar ham bor… Bibi Salimaning qalbi bundan ham taskin topmadi. Ha, qaylardadir, u bilmaydigan makonlarda u taniganu tanimagan qanchadan-qancha odam rizq-roʻz deb jonini jabborga berib hayot kechiryapti. Kimlardir u singari erta turgan boʻlsa ajabmas. Elning kuni tiriklik zahmati bilan oʻtmoqda.

“Xudoyo, tavba qildim, – dedi qalbi yorishib. – Nodonligimni qara. Qudratingdan aylanay, el uchun beraqol. Axir, har kimning bir kamchiligi, yetishmovchiligi bor. Oʻzing koʻrib turibsan, hamma mehnat bilan ovora. Kimdir nolisa, kimdir nolimaydi… Oʻrgilay qudratingdan, barakangni bir menga emas, butun elga yogʻdiraqol!”

Keyin esa tevarakka, uy-imoratga, terakning toʻq-yashil barglari orasida chirqillayotgan qushlarga qarab, yengil shabada olib kelayotgan turli-tuman saslarga quloq solib, “Soʻraganlarimni berishiga-ku ishonchim komil, ammo qanaqa qilib berarkan?”, deb oʻyladi hayron boʻlib.

* * *

Bir haftalar chamasi oʻtgach, er:

– Tuzalyapman, shekilli, – dedi xushhollik bilan. – Vujudimda yengillik bor. Madorim yoʻgʻu ammo qushday yengilman.

– Iloyo, shifo bergani rost boʻlsin, – dedi Bibi Salima ham suyunib.

Oʻsha kechasi shamol keldi.

Shamol bu makonlarda qibladan esadi. Olisdagi togʻlar orasida juda katta yoriq joy bor, oʻsha yerdan chiqadi deyishadi.

U avvalboshda paydar-pay esib turdi. Goh shiddat urdi, goh susaydi. Osmonda kulrang bulutlar suza boshladi, ular oʻtib ketgach, ortidan uyum-uyum qoramtirlari keldi. Bibi Salima bu hodisalarga qarab turib “Rosa kuchli esadiganga oʻxshaydi-yu”, deb oʻyladi.

Shamol tomorqa adogʻidagi teraklarning uchlarini egib-egib esdi. Hali yuksakda, pastga tushgani yoʻq. Keyin asta-sekin quvvatlanaverdi.

Chelakdagi suvning oʻynaganini koʻrsangiz. Ustidagi suvtaxtani rosa chayqatdi, qozon qopqogʻini agʻanatib-yumalatib, hovli etagiga olib borib qoʻydi. Xaslarni toʻplab-uchirib, suv ustiga sochib yubordi. Mosh-loviya palaklarini yulqiladi. Yam-yashil joʻxorilarni yoppasiga bir tomonga yotqizdi. Eski somonlarni uchirdi-da, hovli betiga sochib yubordi. Shundan keyin yanada shiddatlandi. Bitmagan uyning eshiklarini taraqlatib oʻynadi. Orqasiga tosh tirab qoʻyilgan darvoza tavaqasini tosh-poshi bilan surib ochib yubordi. Bitmagan imorat ichiga kirib, derazalarida boʻgʻiq hushtak chaldi.

Bir kechayu bir kunduz shunday esdi. Ortidan yomgʻiru jalalarni olib keladimi degan edi, yoʻq, oʻz-oʻzidan tindi. Yarim kun oʻtgach, orqaga qaytib esa boshladi. Endi shiddati susaygan, horgʻinligi bor edi.

Qishloq havosi almashib, nafas olish yengil boʻlib qoldi. Olcha yaprogʻining osti ustiga qaraganda ochroq tusda boʻladi, shamol oʻlgur barglarini teskari qilib oʻtibdi. Ana, toʻq yashil va och yashilning qorishimi boʻlib chayqalib turibdi. Koʻchalarda, hovlida, ekin yerlarida zarra chang qolmabdi, hammasini supurib-tozalab ketibdi.

…Ortidan boshqa shamol keldi. Bunisi avvalgisiday shiddatli va sarkash emas, ogʻir, zalvorli edi. Bir xilda, oʻqtin-oʻqtin shiddat urib, qora bulutlarni surib keldi. Kuppa-kunduzi ham bulutlar bagʻrida chaqmoqlar chaqnayotgani koʻrinib turardi.

Bulutlar osmonni enlaganida haybati yanada ortdi. Bagʻrini tikkasiga yorib yana chaqmoqlar chaqqanida tasir-tusir jala quydi. Darrov koʻlmaklar hosil boʻldi, ustida pufakchalar yorildi. Bu yovvoyi shiddat Bibi Salimaning qalbini joʻshtirib yubordi.

Loyqa, koʻpikli suv ekin oralariga toʻlib oqardi. Oʻtlar egilib-egilib qolibdi. Yomgʻir daraxtlarning tanalaridan oqib, shovullagan saslar hosil qildi. Rosa ajoyib kuy chiqdi: toʻnkarib qoʻyilgan chelakda boshqa, taxta soʻri ustida boshqa, uzum barglari orasida boshqa saslar bino boʻldi, ularning bari yomgʻir shovullashi bilan birlashib, bahaybat va joʻshqin ohang yaraldi.

– Tak-tak…

– Chak-chak…

– Tiq-tiq…

“Suronini qara-ya, – deb oʻyladi Bibi Salima. – Otam rahmatli, yomgʻirlar jannatdan yogʻadi der edi, rostmikan?”

Qaldirgʻochlar charx urib aylanib uchishardi. Boshqa qushlar bekinib olishibdi. Ayvonda turib, nigohi har tarafga tentirab, boʻgʻot ostida bolalarini qanoti ostiga olib oʻtirgan musichani koʻrib qoldi. “Bechora, sen ham enasan-da, – dedi koʻngli iyib, mehri ortib. – Bolamga yomgʻir tushmasin deb qanoting ostida olib oʻtirishingni qara!”. Bir hovuch arpa olib, ayvonga sepib qoʻydi. Musicha uchib kelmadi. “Yomgʻirdan hayiqdi, – deb oʻyladi u. – Tinsin, yemishni koʻrib, albatta, uchib keladi”.

Yomgʻir tevarakni yanada gurkiratdi. Daraxtlaru oʻtlar bir kechada oʻsib ketganiga hayron qolardingiz. Tuproq suvlarni shimib oldi, bagʻrida harakatga keltirdi, oʻt-oʻlanu dov-daraxt tanasidan tikkamasiga koʻtarildi, gullargacha yetib borib, mevalar ichiga sizib kirdi – jannatdan yoqqan zilol shunaqa moʻjizalar hosil qildi.

* * *

Oradan yana bir oz vaqt oʻtdi.

Bostirmadagi sigir boʻkirdi. Saharlab oldiga oʻt tashlagan edim-ku, suvsadimikin, deb oʻyladi Bibi Salima. Hamda molchelakni koʻtarib tomorqa etagidagi ariqqa suvga bordi.

U togʻu toshlardan keladigan oqish tusli suv edi. Yoz jaziramasida ham muzdayligi ketmaydi. Tegrasida barq urgan yalpizu kurmaklarni atay oʻrishmasdi. Yalpiz urugʻ solay deganida barglarini shoxchalari bilan uzib, quritib qoʻysa, qishda ovqatga solsa boʻladi. Quritilgan yalpizni dokaga oʻrab, ustunga osib qoʻygan yaxshi.

“Xudoyimning yana bir kuni oʻtdi”, deb oʻyladi Bibi Salima, suv olar ekan. Chelak toʻlib, suvi etagiga sachradi. Qaqroq yer uni darrov shimib oldi. Muzday suv oyogʻiga toʻkila-toʻkila, bostirmaga borib, chelakni sigir oldiga qoʻydi.

Bu sigir boʻgʻoz edi. Hozir issiqda qiynalayotgani ham bagʻrida bolasi borligidan. Ikki yonga qappaygan qornini koʻrib rahmi keldi. Sigir suvni qonib ichgach, boyloqdan boʻshatib soyaga oldi.

“Yana non yopishim kerak, – deb oʻyladi. – Ammo, un tugagan-ku? Qoʻshnidan soʻrasammikan, degan xayolga bordi. Aybmidi soʻrasam? Soʻrayman-da. Balki qop tagida uncha-muncha qolgandir, deb omborxonaga ketayotgan edi, teraklardan biridan gʻalati shovqin keldi.

Hayron boʻlib, oʻsha tomonga yoʻnaldi. Quyosh nuri koʻzimga tushmasin deb kaftini soyabon qilib qarasa – asalari! Son-sanoqsiz, terak shoxiga qoʻnib olishibdi. Bir oila qaydandir ajralib uchib kelibdi. Ayniqsa, bitta shoxda juda gʻujgʻon. Ona asalari oʻsha yerda boʻlsa kerak.

Bibi Salima shoshib qoldi.

Er xiyla tuzalgan, oʻgʻillarini boshqarib, roʻzgʻorga u-bu topay deb ishga chiqqan, hozir oʻgʻillari bilan ikki xonadon narida bir imorat tomini yopishmoqda edi. Oʻzim borsam ayb boʻlar, deb koʻchaga chiqdi. Molchelak oftobda qolib ketaverdi.

Koʻchada qoʻshnining bolalari oʻynab yurishgan ekan. “Nodirjon bolam, amakingizni chaqirib kelsangiz, qogʻozli qand beraman”, dedi.

Er kelgach, u ham suyunib ketdi.

Ustiga toʻn kiyib, yuz-koʻzini roʻmol bilan oʻrab, uyani olib tushdi. Lunjiga suv olib, uyaga purkadi.

Bibi Salima hayron qaragan edi, “Ustiga suv purkasang, asalarilar yomgʻir yogʻyapti deb oʻylab tek turaverishadi”, dedi kulimsirab.

Quti ichiga qoʻyishganida toʻsatdan havoda yana son-sanoqsiz asalarilar paydo boʻlishdi. Bari oʻsha uyaga intilar edi. Salimaning aqli shoshdi. Iya, moʻjiza roʻy beryapti-ku, dedi ichida.

Er shod edi. Bolalar ham.

– Birovniki boʻlsa-ya? – dedi eriga. – Odamlardan surishtiring-chi. Yana kimningdir haqini yeb qoʻymaylik.

Er “Xoʻp”, dedi.

Surishtirsa, odamlar: “Kim tutib olsa oʻshaniki” deyishibdi. Egasi esa chiqavermadi. Shuncha asalari qaydan kelganiga oʻziyam hayron edi. Bu tevarakda hech kimning uyidan asalari ajralib chiqmabdi.

– Xudo bergan boʻlsa-chi? – deb kuldi eri. – Bular bir yilda ikki marta ajralishadi. Agar yaxshilab qarasang, hash-pash deguncha uch quti asalaring boʻladi.

* * *

Yoz oʻrtaladi. Tomorqaga sepilgan bugʻdoy boʻliq-boʻliq boshoqladi.

Boshoq deganlari moʻjizaning naq oʻzi! Bitta dondan chiqadi-yu, uchida oʻzi unib chiqqan dondan katta, uzun boshoq paydo qilib qoʻyadi. Ingichka sariq poya uchida shuncha narsa qaydan kelganiga aql shoshadi. Sanab koʻrsa, bitta don qirq baravar koʻpayibdi. Yanayam gʻalatisi: donlar sanogʻining juft ekani edi. Bibi Salima bu boshoqda gʻalati hikmat koʻrdi. “Iya, – dedi hayratlanib. – Shularga qarab oʻzing fikr qilib olaver, deganimikan? Oʻzimizcha u-bu ishga urinib yuraveramiz-u, bir qarasang, bitta narsang qirqta boʻlib turibdi. Tuproq ichini ming kavlashtir, yegulik hech nima topmaysan. Xudoyimning yaratib qoʻygan shu narsalari tuproqqa ildizini tiqib, qoq yerdan nok, olma, gilos, oshqovoq, sabziyu piyoz chiqarganiga qara-ya. Na taʼmiyu lazzati, na shakli bir-biriga oʻxshaydi. Odam qiladigan ishlar ham shunaqamikan? Bir yaxshilik qilsang, qirq misli ortib oʻzingga qaytsa… Baribiram yaxshi niyat qilaverish kerak ekan-da”, degan toʻxtamga keldi u.

Bugʻdoyni oʻrib tugatishgan edi, sigir egiz tugʻdi.

Qoʻylar egiz tugʻishi koʻrilgan holat, ammo sigir egiz tugʻishi kam uchraydi. Bir sigiri uchta boʻldi, ikkalasiyam gʻunajin. Biri olib biri qoʻyib, oyoqlari mayisha-mayisha emgani talpindi.

Sigirning holiga qarab boʻlmasdi. Buzogʻi tumshugʻi bilan turtib emganida munkib-munkib ketardi, ammo koʻzlari… Hayvonda bunaqa mehr toʻla koʻzni birinchi marta koʻrdi Bibi Salima. Avvallari koʻrmagan ekanmi? Yoki koʻrgan-u, eʼtibor qilmaganmi?

Tavba, hayotda bir nima oʻzgardimi, deb oʻyladi u hayron qolib.

Buzoqlarning shoshib-yutoqib emishiga qarab “Sut shulardan ortarmikan?” dedi. Ular toʻygach, oʻzi sogʻishga oʻtirdi. Oʻh-hoʻ, hali yana ancha bor ekan. Chelak qariyb toʻldi. Usti sargʻish qaymoqli, mayda pufakchalari bijirlab turgan sut isi dimogʻiga yoqdi.

* * *

Nihoyat, kuz keldi.

Hosil shunaqa yetildi-ki!

Shaftolilar mevasi koʻpligidan sinib-sinib ketdi. Behiday qayishqoq daraxtning shoxlari ham yergacha egilib tushdi. Anorlar larzon meva tugdi. Loviya-yu mosh xoʻp yetildi. Makkajoʻxori ikkinchi hosilga kirdi. Sigir kuniga bir chelakdan sut beraverdi.

– Meva-sabzavotni toʻplab tugatolmadig-a, – dedi Bibi Salima. – Asalarilar chunon asal toʻplashdiki, toʻlib-toshib, yerlarga oqib ketdi. Tezda ajralganiga hayron qolasiz. Yana ajablanarlisi, ajralgani uchib ketadi-ku, toʻgʻrimi? Bular ketmagani-chi? Qutidan chiqib shundoq yonidagi shaftoliga qoʻnib olishaverdi. Bir qutidan uchta toʻda chiqsa-ya.

“Sigir ikkita tuqqaniga hayron edim, – dedi keyin. Nazarimda, yanagi yil yana egiz tugʻadiganday.

Oʻzi, bir sigirim uchta boʻluvdi. Tagʻin tugʻsa, naq beshta boʻladi-ku?

Obbo, toʻkis boʻpketamiz, shekilli?”

Shunday deb, shod kuldi Bibi Salima.

– Yil nihoyatda barakali keldimi? – deyishardi kishilar. – Taʼrif qilib boʻlmas hosil yetildi-ya?

Neki qadasangiz, oʻn misli boʻlaverdi. Meva-cheva, sabzavot juda arzonladi. Bu ketishda mol-qoʻyning ham narxi tushib ketadi-ku? Har roʻzgʻordagi sigir bexato egiz tugʻaversa, birga uch degani-ku bu?

“Xudoga shukr”, deyishardi odamlar. Xalq shod edi. Hamma koʻrgan kunidan mamnun, shukr qilardi.

Odamlar orasida mehr ortdi. Toʻkinlikda ortar ekan-da mehr. Hamma bir-biriga nimanidir ilingan, patir yopib qoʻshniga chiqargan, yaxshi gaplar bilan siylagan… Odamlar xushnud boʻlib qolishdi.

Xudo mehribon-da, bergan barakasiga qaranglar, deyishardi. Avval shamol esdi, keyin yomgʻir yogʻdi. Keyin asalarilar kelishdi, sut-qaymoq moʻl boʻldi.

Xullas, elga bir toʻkinlik yogʻildiki, asti qoʻyaverasiz…

Xudo bersa, shunaqa berar ekan-da…

* * *

Bor-yoʻgʻi bir mavsum ichida shuncha hodisa sodir boʻldi. Ularning baʼzilari odamlar ongiga nimalarnidir xitob qildi, baʼzilari esa avvalu oxir esadigan shamollar kabi, oʻz qonuniyatlari bilan bir maromda, vaqti soatidan ogʻishmasdan roʻy beraverdi.

Bibi Salima Xudodan rozi boʻldi. Moʻjiza deb oʻylaganlarini bolalariga gapirib berar ekan, ular bir ishonib, koʻzlarini katta-katta ochib eshitib oʻtirishsa, bir kulimsirab chekkaga qarashardi.

– Bolalarim, men Xudoyimdan mingdan-ming roziman, – dedi Bibi Salima. – Qarang-a, niyatni xolis qilaverish kerak ekan-da. Tavba, oʻshanda oʻzim uchun soʻraganimda-yu Xudoyim bir bizgagina berganida nima boʻlardi? Qoʻni-qoʻshnining koʻziga qanday qarardik?

* * *

Bibi Salima shu voqeani aytib berganida, balki tasodifan shunday boʻlib qolgandir, deb oʻyladim. Keyin, tiniq, ishonuvchan nigohiga, Xudoyi taolo falakdan ato etgan nur ila yoʻgʻrilgan soddayu samimiy chehrasiga qarab turib, toʻsatdan ichim yorishib ketdi.

Chunki, hammasi u aytganday yuz berganiga chippa-chin ishondim.

Ishonmaslikka biron-bir joʻyali sabab topa olmadim.

 

Isajon Sulton

 

“OʻzAS”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.