Bashorat

0
141
marta koʻrilgan.

Ola qargʻa qagʻ etadi,

Oʻz vaqtini chogʻ etadi.

Maqol

 

Nikolay zamonida mayiz qimmat, koʻknor arzon edi, hozirgi zamonda mayiz arzon, koʻknor qahat. esizgina oʻsha vaqtda chala siqib tashlangan koʻknorlar!

Mulla Said Jalolxon shuni koʻnglidan oʻtkazib devorga suyandi va koʻzlarini yumdi; burniga qoʻngan pashshani qoʻlidagi roʻmolcha bilan qoʻrish malol keldi shekilli, ostki labini choʻzib “puf!” dedi. Pashsha koʻtarildi, ammo shu ovdayoq uning labiga qoʻndi. Said Jalolxon sekin labini qimtib pashshani oyogʻidan qisib oldi. Tuzoqqa tushgan bu dilozorni ushlab, ikki barmoq orasida aylantirib tashlash qasdida koʻtarilgan qoʻl to labiga kelguncha, laʼnati pashsha oyogʻini sugʻurib qochdi. Said Jalolxonning achchigʻi keldi: yoʻq yerdan koʻknor topib, kayf qilib oʻtirganda bu nimasi!

Insof yuzasidan aytganda, pashsha yaramas maxluq: quyib qoʻyilgan choyga tushib tarvayib yotadi, mayiz talashadi, pokiza qilib suzib qoʻyilgan koʻknordan qanoti chiqadi. Qanotini koʻknorga tashlab oʻzi qayoqqa ketadi deng!

Xayol kayfni oʻgʻirlagan pashshani qidirib ketdi.

Uyda gʻij-gʻij boʻlib yotgan bu pashshalarning qaysi biri oʻsha? Said Jalolxon darhol eshikni yopib, uzun supurgini qoʻliga oldi. U, supurgini koʻtarishi bilan hamma pashsha gʻingʻillashib, bir yerga toʻplandi va bir kirpi holiga keldi. Kirpi qanot chiqardi, katta bir pashshaga aylandi-da, oldingi oyoqlari uzra turib Said Jalolxonga qaradi va gʻingʻilladi:

– Shoshma, sening orqangda qancha moʻmin namoz oʻqiydi, xudoning maxluqiga ozor bergani nechuk hadding sigʻadi?

– Qandoq maxluqsan oʻzing? – dedi Said Jalolxon supurgini yelkasiga qoʻyib.

– Pashshalarning shohi boʻlaman.

– Shoh boʻlsang, sabab oʻgʻirlik qilgan fuqarolaringni tergamaysan?

– Sening soqolingga tekkan bir qatra shira mening barcha fuqarolarimga bir kunlik ovqat boʻladi, qandoq qilib sen shuni oʻgʻirlik deysan? Nimangni oʻgʻirladi?

– Kayfimni oʻgʻirladi! Ne mashaqqatlar bilan koʻknor topib kayf qilib oʻtirganimda burnimga va labimga qoʻndi. Shuning uchun sendan qasos olaman: qanotingni yulib tashlayman.

Pashshalar shohi yalindi, yolvordi. Said Jalolxon koʻnmadi. Oxiri ikkovi murosaga keldi: shoh unga qanot beradigan, u uchib yurib, gunohkor pashshani oʻzi topadigan boʻldi. Shoh keyingi oyoklari bilan qanotining ustini siladi, oldingi oyoqlarini bir-biriga ishqadi, keyin gʻingʻilladi. Said Jalolxon xuddi baland yerdan oʻzini tashlaganday, yuragi “shuv” etib, qanotchiqardi va uchdi; shu uchganicha necha zamonlar qidirib, gunohkor pashshani qir etagida oʻtlab yurgan bir eshakning yagʻiridan topdi. Pashsha jarohat atrofida oqsoqlanib yurar edi. Said Jalolxon bir qoʻl urib uni hovuchiga qamab oldi, soʻngra darrov oʻldirib qoʻymaslik uchun, ehtiyot qilib bir qanotidan ushladi. Pashsha gʻingʻilladi:

– Labing bilan qisib bir oyogʻimni uzganing yetmasmidi, yana nima deysan?

– Sen oʻgʻrisan! Odam boʻlganingda sharʼan qoʻlingni kesish lozim boʻlar edi. Qanotingni yulib tashlayman!

Pashsha yalindi-yolvordi – boʻlmadi. Oxiri ikkovi kelishdi.

Pashsha Said Jalolxonni ergashtirib bir biyobonga olib chiqdi. Biyobon somon, qum va toshbaqadan iborat edi. Pashshaning amri bilan Said Jalolxon bir toshbaqa va bir dona toshbaqaning tuxumidan oldi. Biyobonning allaqayeridan bir qozon topildi. Said Jalolxon pashshaning amri bilan tuxumni yerga qoʻyib, ustiga qozonni toʻntardi va toshbaqani qoʻyib yubordi. Pashsha bir somon parchani ushlab qozonning qoqtepasiga qoʻnib turdi. Toshbaqa qozon atrofida aylana berdi, aylana berdi. Oxiri qozon yorilib chilparchin boʻldi, ammo hech qanday tovush chiqmadi. Toshbaqa bilan tuxum koʻzdan gʻoyib boʻldi. Qozon yorilgan vaqtda allaqayoqqa borib tushgan pashsha, ushlab turgan somon parchasini keltirib Said Jalolxonga berdi va gʻingʻilladi:

– Mana shuni tering orasiga tiqsang, koʻzdan gʻoyib boʻlasan. Sen hammani koʻrasan, seni hech kim koʻrmaydi.

Qishloqda kimda qancha koʻknor boʻlsa hammasi seniki boʻladi.

Said Jalolxon darhol bir choʻp bilan bilagini tirmalab, somon parchani terisi orasiga joyladi va qanday koʻzdan gʻoyib boʻlayotganini koʻrib turdi: boshlab kavshining uchi, soʻngra birdaniga tizzasigacha oyogʻi koʻrinmay qoldi…

Tamom koʻzdan gʻoyib boʻlganidan soʻng Said Jalolxon tikka oʻzining ulfati mulla Shamsiddinning uyiga bordi. U eshik oldidagi supada, oldida bir gʻalvir mayiz, choʻpini terib oʻtirgan edi. Said Jalolxon tovush chiqarmay uning yoniga borib oʻtirdi. Mulla Shamsiddin uni koʻrmadi; gʻalvirga qoʻl solib bir changal mayiz oli – payqamadi.

Said Jalolxonga uning bir qadoqqa yaqin koʻknorisi borligi maʼlum edi, shu koʻknorini izlab uyga kirdi. Hujrada bir qadoq emas, bir lingcha koʻknor bor ekan. Said Jalolxon koʻknorining hammasini qoʻtarib joʻnadi; uni hujrasiga qoʻyib yana koʻp joylarga bordi, hatto yuk avtomobilining kapoti ustiga ayri minib shaharga ham tushib chiqdi. Hech qayerda bunday ulgurji gʻanimat uchramadi. Said Jalolxon yiqqan koʻknorini uyning oʻrtasiga toʻkib, qancha vaqtgacha yetishini moʻljallab koʻrdi – olti oyga yetar ekan. Bu atrofda koʻknor qolmadi-ku, olti oydan keyin nima boʻladi? Said Jalolxonni vahima bosdi.

Birdan uning esiga bir narsa tushdi: modomiki, uni hech kim koʻrmas ekan, kolxoz raisining oldiga borib “bu yil paxta atrofiga koʻknor ektirib berasan” desa nima qiladi? Said Jalolxonga bu fikr shuncha yoqdiki, aqli koʻpayib boshi kattaroq boʻlganini sezdi.

Said Jalolxon tikka kolxoz idorasiga bordi. Rais oʻzi yakka qatiq ichib oʻtirgan ekan. Said Jalolxon har holda avval oʻzini bir sinab koʻrmoqchi boʻldi: qani, rais koʻradimi, yoʻqmi?

– Assalomu alaykum! – dedi raisga roʻpara boʻlib.

Rais tovush qayoqdan kelganini bilmay alangladi, soʻngra qoʻrqib, rangi oʻchdi-da, moʻylovida qolgan qatiq yuqini yengi bilan artib, sekin oʻrnidan turdi.

– Qoʻrqma, qoʻrqma! – dedi Said Jalolxon dadillanib, – senga ham arz, ham farmon qilgali keldim: bu yil paxta atrofiga koʻknor ektirasan.

Rais hushi yoʻq, javob berdi:

– Majlis qilib oʻrtaga solish kerak…

– Majlis qilasanmi, maʼraka qilasanmi, ertaga ish boshlamasang, kechasi uyingga kafanlik kiraman. Men arvoh boʻlaman!..

Rais rozi boʻldi. Said Jalolxon raisning oldidagi qatiqni qoʻshqulogʻi bilan olib chiqib ariqqa tashladi.

Shunda uning boshiga yana bir fikr keldi va bu fikrdan boshini yana ham kattaroq boʻlgan his qildi: “Modomiki, paxta atrofiga ektirish qoʻlimdan kelar ekan, nima uchun hamma yerga koʻknor ektirmayman?”

Said Jalolxon qaytib kirdi, bor tovushi bilan baqirdi:

– Hamma yerlaringga koʻknor ektirasan!

Rais koʻndi. Said Jalolxon ketdi. Yoʻlda uning boshiga yana bir fikr keldi: “Raisga qilgan doʻqimni hukumatga qilsam, oʻzimni xon koʻtara olmaymanmi?”

Bu fikrdan uning kallasi yana ham kattaroq boʻlib, juda ogʻirlashib ketdi. “Aql kallani bunday katta qilsa va bunday ogʻir boʻlsa, – der edi u ichida, – Aflotunning oʻz ajali bilan oʻlganiga ishonmayman, uni albatta kallasi bosib oʻldirgan”.

U hujraga kirishi bilan birvarakayiga goʻyo qiyomat qoʻpdi. Koʻchada yugur-yugur, shovqin, itlar vangillagan, tovuqlar qiyqillab qochgan; gursillab devorlar yiqiladi, sharaqlab daraxtlar qulaydi… Qandaydir bir xotin qichqirdi:

– Kim ekan u, bizga koʻknor ektiradigan!..

Bu tovush hammayoqni larzaga keltirdi. Hujraning devorlaridan chang yogʻdi, tokchadagi mis lagan jangillab ketdi.

Said Jalolxon tezdan mulla Shamsiddinning oldiga bordi va oʻz terisi orasidagi somon parchasini sindirib yarmini unga berdi. Ikkovi dashtga chiqib baravariga naʼra tortdi. Koʻz ochib yumguncha necha ming piyoda va suvori kishilar paydo boʻddi. Bularning hammasi kuloh kiygan va tugʻ koʻtargan edi. Ming-ming toshbaqa ming-ming qozon atrofida aylanib, koʻzga koʻrinmaydigan necha yuz ming lashkar boʻldi. Bu yerning oʻzida unga “Said Jalolxoni sohibqiron” deb nom berildi va xon koʻtaribdi. Mulla Shamsiddin unga vazir boʻldi.

Musulmonobod yoʻlida gʻazotni boshlash uchun hamma narsa tayyor, faqat yarogʻ-aslaha yoʻq edi. Afgʻonistonga oʻtib ketgan koʻr Shermatga Said Jalolxoni sohibqiron nomidan darhol noma yozildi. Nomaga javob ham keldi. Javobda koʻr Shermat “necha ming sipohi bilan yoʻlga chiqdim, Sizga oʻz belimdagi shamshirimni yubordim”, debdi.

Shunday qilib, ish borgan sari katta boʻlar va ish kagta boʻlgan sayin Said Jalolxonning kallasi ogʻirlashar edi.

Xudo allaqaysi togʻning gʻorida “Qirarman”va “Yigʻarman” nomli ikki maxluqni Said Jalolxonning xon boʻlishiga atab boqib yurgan ekan; yarim odam, yarim maymun kiyofasidagi bu ikki jonivor kelib xonga salom berdi va har qaysisi oʻz hunarini aytdi. Kirarman – roʻpara kelgan kishining kallasini uzib tashlar, Yigʻarman – kallasiz tanalarni sarjinga oʻxshatib taxlar yekan. Said Jalolxon koʻp xursand boʻldi. U, qoʻzgʻalgan qishloqni qilichdan kechirgani bu jonivorlarning yoniga necha ming soʻfilardan qoʻshib berdi. Ular, dashtni changitib ketar ekan, orqalaridan Said Jalolxon qichqirib qoldi:

– Qiringiz! Quritingiz! ekindan koʻknor, jon egasidan toshbaqa bilan pashsha qolsa, bas!

Bular ketgandan keyin Said Jalolxon gayratiga chidolmay shamshir sugʻurdi va havoda oʻynatib, askarga farmon berdi:

– Ot qoʻyingiz! Gʻazot! Qishloqqa ot qoʻyingiz!

Oldinda xon, koʻrinmas askar quyunday borar edi. Banogoh Said Jalolxonning koʻzi qarshidan ot qoʻyib kelayotgan mulla Shamsiddinga tushdi. Mulla Shamsiddin kelib otdan tushdi, xonning oyogʻini oʻpdi.

– Qishlokda askarlar bor. Yaqiniga borishning sira iloji yoʻq, – dedi.

Qishloq tomonda yana chang koʻrindi. Yigʻarman kelar edi. U ham kelib otdan tushdi va xonning oyogʻini oʻpib, zoʻr musibatdan darak berdi:

– Qirarman shahid! – dedi.

Said Jalolxon ishongan togʻi xususidagi bu xabarni eshitib oh tortdi va otdan yiqildi; boshi bilan tushdi, kimdir uning boshini juda ham katta va haddan tashqari ogʻir latta bilan bogʻladi, shundan soʻng hushidan ketdi.

Xon talay vaqtdan keyin hushiga kelib koʻzini ochdi va oʻzini oʻz hujrasida koʻrdi. Yonida vaziri mulla Shamsiddin choʻkka tushib oʻtirar edi.

– Nima boʻldi? Qani shamshir, qani ot? – dedi xon boshini koʻtarib, ammo boshi shunday ogʻrir ediki: yana yostiqqa qoʻydi.

Mulla Shamsiddin roʻmolchasi bilan uni yelpib, yigʻlam-sirab dedi:

– Axir, mulla Said Jalolxon, nega kishini qoʻrqitasiz? Nima? Shamshir nimasi? Qanaqa ot?

Said Jalolxon mulla Shamsiddinning yigʻlamsirashidan qishloqqa ketgan boshqalarni ham shahid boʻltan gumon qildi.

– Hammasimi? Hech kim qolmadimi? Hozir xabar oldiring! Afgʻoniston yoʻliga kishi chiqaring!

Said Jalolxon oʻrnidan turgan edi, gandiraklab yiqildi. Mulla Shamsiddin kuyib-pishib hech qanday gʻazot, hech qanday askar yoʻqligini, uning ertalabdan beri shu yerda yotganini uqtira boshladi.

– Ahmoq, – dedi xon achchigʻi kelib, – axir, men otdan yiqildim… Boshimning ogʻrigʻi hali bosilgani yoʻq-ku! Nima uchun men seni koʻrib turibman! Poshimning katta boʻlganiga nima deysan?

– Boshingiz katta boʻlgani yoʻq, axir, – dedi mulla Shamsiddin jerkib, – men kelsam mana bu sabil moʻridan shamol toshkoʻmir tutunini qaytarib, butun uy tutunga toʻlgan ekan. Xudo koʻnglimga solib kelmasam, halok boʻlar edingiz!

Said Jalolxon hamon ishonmas edi. U, devorlarni ushlab, tashqari chikdi; ikki kadam bosishi bilan yana yiqildi. Mulla Shamsiddin xizmat qilib, bir necha soatdan keyin arang uni oʻziga keltirdi. Said Jalolxon butun boshdan kechir-ganlarini inqillay-inqillay hikoya qilib berdi.

– Men sizning koʻknoringizni olib kelgan edim, – dedi yana aynib.

– Qanaqa koʻknor?

Said Jalolxon yana oʻziga kelib uh tortdi.

– Bu bir bashorat, – dedi mulla Shamsiddin anchadan keyin.

Yertasiga ikki oʻrtoq musulmonobod qilish uchun toshbaqa izlab choʻlga chiqib ketishdi.

 

1936

 

Abdulla QAHHOR

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.