Baqachorsuning goʻjasi

0
164
marta koʻrilgan.

Bundan ancha yil ilgari televideniyeda “Bahs” degan koʻrsatuv boʻlar edi. Non uvolidan qoʻrqish, oilani muqaddas sanash, baʼzi sohalardagi oshna-ogʻaynigarchilikka chek qoʻyish zaruratiga oid, maʼnaviy qadriyatlar haqidagi oshkora bahslar koʻpincha toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilar, shundan boʻlsa kerak, “Bahs”ning muxlislari koʻp, ayrim koʻrsatuvlarga minglab xatlar kelar edi.

Qish kunlarining birida “Bahs”da faol ishtirok etuvchilardan bir guruhini tomoshabinlar bilan uchrashuv oʻtkazish uchun Qoʻqonga taklif qilishdi. Ulfati chor boʻlib poyezdga oʻtirdik-da, “Qaydasan, Qoʻqon?!” deb joʻnadik. Yoshi ulugʻimiz – mashhur folklorshunos olim Malik Murodov.

Xalq ogʻzaki ijodining bebaho durdonalarini umr boʻyi toʻplagan atoqli olim Muzayana Alaviyaning shogirdi Malik Murodov oʻz sohasining chuqur bilimdoni, nihoyatda dilkash, bagʻrikeng inson edi. Malik aka bilan Qurama togʻlaridan tortib Muborak choʻllarigacha koʻp joylarda boʻlganmiz. Hamma yerda bu insonni samimiy hurmat bilan qarshi olishganini koʻrganman. Yana bir doʻstimiz – taniqli shoir Toʻlqin (Imomxoʻjayev) bilan universitetda ketma-ket oʻqiganmiz. Toʻlqin akaning oʻzi ham, sheʼriyati ham begʻubor, kamsuqum va tiniq isteʼdodi koʻrinib turar edi. Yana bir olim – Gʻaffor Moʻminovning Hamza Hakimzoda ijodiga bagʻishlangan ancha kitoblarini, Oybek, Mirtemir kabi ustozlar haqidagi maqolalarini oʻqigan boʻlsam-da, oʻzi bilan yaqindan tanish emasdim. “Odamni bilmoqchi boʻlsang, yo qoʻshni tur, yo safarga chiq”, deganlari toʻgʻri. Gʻaffor aka chehrasi yorugʻ, koʻzi kulib turadigan, kamtarin, muloyim tabiatli kishi ekan…

Xullas, toʻrtovlon hamroh boʻldik. Hazil-huzul, askiya avjiga chiqdi…

Poyezd Qoʻqonga saharlab kirib borarkan, shunda bir masalada xomlik qilganimizni angladik. Uchrashuv soat oʻn birga belgilangan. Biz esa poyezdda kelishimizni aytmaganmiz. Bu yoqda sovuq qaqshatib turibdi, u yoqda kechasi deyarli uyqu boʻlmagan. Shunda Malik Murodovdan joʻyali maslahat chiqdi: “Yuringlar, Baqachorsuga borib, goʻja oshi ichamiz! Qoʻqonda goʻjani boplashadi!”

Baqachorsu bozori unchalik uzoq emas ekan. Chindan ham saharmardondan bozor gavjum, shovqin-suron… “Goʻjani qayerda sotadi?” desak, hamma yelka qisadi. Shu payt oʻrta boʻyli, tiniq yuzli bir yigit roʻparamizdan chiqdi-yu, ming yillik qadrdondek hammamiz bilan quchoq ochib koʻrishdi. “Bir piyola choy ichib ketish”ga undadi. Malik aka imo qilgan edi, “dardimiz”ni tushuntirdim.

– Choy shart emas, ukajon, bir qoshiqdangina goʻja ichmoqchi edik…

– Bizda-da oʻsha sizlar soʻragan taom! – Yigit shunday dedi-da, yap-yangi “Jiguli” mashinasini roʻpara qildi. Toʻrtovimizni oʻtqazib oldi.

Aniq koʻz oʻngimda turibdi. Torgina, ammo nihoyatda ozoda, qorlari kurab bir tup azamat daraxti tagiga uyib qoʻyilgan hovliga, soʻng did bilan bezatilgan, isiriq hidi anqib turgan shinam xonaga kirdik. Mezbon bir zumda dasturxonni toʻldirib tashladi. Hech fursat oʻtmay issiqqina mastava ham keldi. Malik aka mastavani maqtab-maqtab icharkan, “Koʻrasizlar, Qoʻqonning goʻjasi bundan ham zoʻr boʻladi”, deydi…

Shunda mezbon meni sekin imladi. Yoʻlakka chiqqanimizda, soʻradi:

– Domla, goʻja deb nimani aytyapsizlar?

– Boʻldi, kerakmas, ukajon! – desam ham baribir unamadi. Shunda tushuntirdim:

– Oq joʻxorini tuyib qilinadigan taom bor-ku, oʻshani aytishyapti.

Mezbon samimiyat bilan qotib-qotib kuldi:

– “Koʻcha osh” demaysizmi, domla! Bizda uni “koʻcha osh” deydilar!

Eʼtiroz bildirishimizga qaramay, bir ozdan keyin xuddi oʻsha Malik aka maqtagan “goʻja” ham muhayyo boʻldi…

Mezbon qoʻyarda-qoʻymay oʻzining doʻkoniga olib kirdi. Oʻsha paytda udum boʻlgan sanoat mollari doʻkonida mudir boʻlib xizmat qilar ekan. Har birimizga bir kiyimlik atlas oʻrab berdi. Pulini bersak, “Qoʻqonliklardan toshkentlik yangalarga sovgʻa”, deb turib oldi… Undan ham qizigʻi – ismi sharifini soʻrasak, qatʼiyan bosh chayqab, aytmadi:

– Toshkentga borganda oʻzim sizlarni topib olaman. Xudo xohlasa, aka-uka boʻlib qolamiz.

Oradan ancha yillar oʻtgach, ustoz Ozod Sharafiddinov bilan Qoʻqon yaqinidagi Rapqon sihatgohida yoz pallasi oilaviy dam oldik. Shu bahona qoʻqonlik yana bir adabiyot muxlisi Oxunjon aka bilan qadrdon boʻlib ketdik. Bir gal Oxunjon akaga bizga shuncha himmat koʻrsatgan oʻsha yigit haqida soʻzlab berdim. Ikkalamiz uni izlab Baqachorsu bozorini aylandik. Bozor hamon gavjum, doʻkonlar yana koʻpaygan edi. Biroq eski birodarimizni topolmadik. Oxunjon aka baribir uni izlab topishga vaʼda berdi…

Yana talay fursat oʻtgach, xushxabar aytdi:

– Oʻsha yigitni topdim! Ismi Solijon ekan. Ishlari zoʻr! Hammangizga salom aytdi…

Isteʼdodli adib va kinorejissyor Uchqun Nazarov bir vaqtlar Qoʻqon teatrida bosh rejissyor boʻlib ishlagan va bu shaharning odamlari haqida shunday degan edi:

– Qoʻqonliklar oxirgi koʻylagini sotib boʻlsa ham mehmonning koʻnglini olmasdan qoʻymaydi! Dunyoda qoʻqonliklarday mehmonnavoz xalq yoʻq!

“Baqachorsu” hangomasi, notanish qadrdonimiz bu fikrni toʻliq tasdiqlaydi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.