Baland poshnalar

0
215
marta koʻrilgan.

Umar SAYFIDDIN

 

Hatija xonim juda vaqtli tul qolgan boy xonimafandi edi. Oʻn uch yoshlarda oltmish olti yoshli qariyaga tekkani uchun “erga tegish” degan narsadan nafratlangan edi. Oʻn yilga yaqindirki, erkak desa uning xayoliga revmatizm, balgʻam, paxta, banka, yod yigʻimlaridan iborat yurakni siquvchi oʻylar kelar edi.

– Yoshlar boshqachadir! – deganlarga esa:

– Voy, voy! Xudo saqlasin-yey, ular ham bir kun qarimaydimi? Keyin ularning dardini kim chekadi? – deb hayqirar edi.

Eng asosiy mashgʻuloti tozalik bilan halollik boʻlgan xonim Goʻztepadagi koʻshkini har kuni ertalab xizmatkori Eleni, boqindisi Gulter bilan birga tozalar, har kun oshpazi Mehmedning soch-soqolini kestirar, bechora Bolulik bolani boshdan-oyoq oppoq kiyishga majbur qilardi. Eleni ham, Gulter ham juda halol edilar. Ombor qulflanmas, pullar ham ochiq yerda turar edi. Ayniqsa Mehmedning halolligiga shubha boʻlishi mumkin emas edi. Birov bilan gaplashayotganda hech koʻziga tik qaramas edi. Hatija xonim uydan tashqariga chiqmagani uchun ishi xizmatkorlarini taftish qilishdan iborat edi. Toʻxtamay xonalarni aylanar, chordoqqa chiqar, oshxonaga tushardi. Derdiki:

– Menga oʻxshanglar. Men hech birov bilan koʻrishyapmanmi? Siz ham aslo qoʻshnilarning xizmatkorlari, yugurdaklari bilan gaplashmanglar. Begona kishilar insonni yoʻldan chiqaradi!

Hattoki Mehmed ham bu nasihatni qulogʻiga quyib olgan edi. Orqa hovlidagi oshxonasiga mehmon, hamshahari tugul hatto bir mushuk ham kira olmas edi. Hatija xonim kunda oshxonaga oʻn marta tushsa ham, uning qozon yonida yolgʻiz turganini koʻrar edi. Hatija xonimning tozalikka moyilligi bilan birgalikda baland poshnalarga ishqibozligi ham bor edi. Goʻzal, doʻmboqqina va nashʼali bir ayol edi. Faqat boʻyi pastroq boʻlgani uchun, uy ichida ham bir qarichga yaqin baland poshnali tufli kiyar edi. Goʻyo dorbozga aylangan edi.

Bu baland poshnalari bilan zinalardan taqir-tuqir qilib bir hamlada tushar, oyogʻini qayirmasdan bir pastga, bir tepaga yugurar edi. Nihoyat bir kun boshi aylana boshladi. Chaqirgan doktori unga dori bermadi.

– Xonim afandi, butun rohatsizliklaringizning sababi bu baland poshnalar. Ularni yeching. Jundan toʻqilgan, qulay, yumshoq bir shippak kiying. Koʻrmaganday boʻlib ketasiz.

Hatija xonim doktorning tavsiyasi bilan junli shippak oldirdi. Rostdanam juda qulay edi. Ikki kun ichida boshining aylanishi toʻxtadi. Tizzalarida, boldirida zirqirash qolmadi. Faqat vujudi huzurga qovushgan paytda ruhi bir azobni his etdi. Toʻqqiz yil unga xizmat qilgan odamlarining ikki kun ichida birdaniga axloqlari buzilgan edi. Elenini oʻzining tish choʻtkasi bilan tishini yuvayotganda, Gulterni omborda murabbo oshalayotganda koʻrib qoldi. Mehmedni goʻsht yeyiladigan kun boʻlmasligiga qaramay bir tovoq qovurmani paqqos tushirayotgan paytida ushlab oldi.

– Bularga nima boʻldi, yo Rabbim! Nima boʻldi, bularga? – derdi Hatija xonim.

Bir hafta ichida xonim odamlarini oʻn beshdan ortiq qingʻirliklari ustida ushladi. Ayniqsa, Mehmedning qoʻshni generalning uyini qoʻriqlayotgan askarlar bilan kattakon laganda palovni paqqos tushirayotganini koʻrganida jahli chiqqanidan nima qilishini bilmay qoldi. Shu kuni hamma tarafga qulf soldi.

– Mana endi koʻramiz, nimani oʻgʻirlashar ekan?

Rostdan ham oʻgʻirlanadigan hech narsa qolmagan edi. Ertasi kuni xonim uyqudan biroz kech turdi. Pastga tushdi. Eleni bilan Gulter koʻrinmas edi. Toʻppa-toʻgʻri oshxonaga qarab yoʻl oldi. Ochiq eshikka koʻzi tushishi bilan nafasi ichida tushdi. Mehmed oʻchoqning boshidagi kichkina kursida yoyilib oʻtirar, bir tizzasida Eleni, bir tizzasida Gulter. Hatija xonim bu manzaraning razolatini koʻrmaslik uchun darrov koʻzlarini yumdi. Faqat quloqlarining qopqogʻi boʻlmagani uchun ularning gaplarini eshitmay qolmasdi.

Mehmed: “Hey Gulter, sen koʻpdan beri shirinlik olib kelmayapsan-ku?” – dedi.

Gulter esa: “Hamma joy qulf, nima qilay?”, dedi.

Mehmed shapillagan ovozi balan Eleniga:

– Hey sen, kechasi nimaga kelmayapsan? Senga holva saqlayapsan! – dedi.

Eleni esa: “Voy, qoʻlga tushamiz. Keyin xonim bizni quvadi”, deb uning quchogʻida toʻlgʻonar edi. Oralarida noz-qarashmali dardlashuv boshlandi.

Hatija xonim koʻzlarini ochmas, yuragi hapqirib diqqat bilan tinglardi. Gulter:

– Voh bu shippaklar! – dedi. – Hamma ishimizni buzdi. Xonimning kelgani hech eshitilmaydi. Nima qilsak qoʻlga tushyapmiz. Oldin qanday yaxshi edi. Baland poshnalarining taqir-tuqiridan uyning eng tepa qavatdagi ovozini ham eshitardik.

Suhbat uzaygan sayin Hotija xonim koʻzi bilan koʻrolmagan boshqa razolatlarning mufassal hikoyalarini eshita boshladi. Chidayolmadi. Koʻzlarini ochdi.

– Hay olchoq, oʻgʻri, nomussizlar! Qani, uyimdan daf boʻlinglar! – deb hayqirdi.

Shu ondayoq toʻqqiz yillik sodiq xizmatchilarning kavushi toʻgʻrilandi.

Shundan soʻng qancha oshpaz, xizmatchi olgan boʻlsa hammasi orsiz, oʻgʻri, yuzsiz, nomussiz chiqardi. Ikki yil odamga oʻxshagan xizmatchiga yolchimadi. Mol-mulki ziyoda, hech bir dardi boʻlmasligiga qaramay xizmatchi dardidan ozib, sargʻayib soʻlar edi. Qaradi, boʻlmaydiganga oʻxshaydi! Yana baland poshnali tuflilarini kiya boshladi. Xizmatchilarining oʻgʻriliklarini, nomussizliklarini koʻrmaydigan boʻldi.

Yuziga qon yugurdi. Voqea yana boshdan takrorlanib, boshi aylana boshladi. Endi ovozi eshitilmaydigan poshnasiz shippak kiydirishini oʻylab doktorga murojaat qilmas, “hech boʻlmasa yuragim huzurli-ku”, der edi.

 

Turk tilidan Zamira HAMIDOVA tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.