Bahorda − Iudeyada

0
133
marta koʻrilgan.

Ivan BUNIN

 

Meni bir umrga mayib, oqsoq qilib qoʻygan bu voqea ayni navqiron yigitlik chogʻimda, olis Iudeyada yuz bergan edi, − deb hikoyasini boshladi baland boʻyli, qomati kelishgan, yuzlari sargʻimtir, qoʻy koʻzlari yaltirab turadigan, jingalak kalta sochlari oqargan kishi. Chap tizzasi bukilmaganidan u doim qoʻltiqtayoqda yurar edi. − U paytda Oʻlik dengizning chap qirgʻogʻida − afsonaviy Sodom va Gomorrada ish olib borayotgan tadqiqot guruhiga aʼzo edim, Istanbulda ushlanib qolgan sheriklarimni kutib Quddusda yotardim va vaqti-vaqti bilan Ierixon yoʻlidagi badaviylar qoʻnalgʻasida yashovchi shayx Aidning oldiga borib turardim; safarga kerakli hamma narsani topib berish va yoʻlboshlovchilik qilishni zimmasiga olgan bu kishini menga qudduslik arxeologlar tavsiya qilishgandi. Birinchi kun bir kishi yoʻl koʻrsatib bordi, maslahatlashib, gapni pishitib qaytdim; ertasi kuni uning oʻzi Quddusga keldi; shundan soʻng manzilini yolgʻiz topib boradigan boʻldim, minishga kelgan chiroyli baytalini sotib oldim, keyin u tomonga kunda, kun ora qatnay boshladim…

Koʻklam fasli edi. Iudeya saxiy quyosh nurlariga gʻarq boʻlgan, “Qoʻshiklar qoʻshigʻi”da aytilganidek: “Qish oʻtib ketdi, zamin gulga toʻldi, qoʻshiq kuylash davri keldi, mayna soz chaladi, gullagan uzum novdalari muatgar boʻy taratadi”. Toshloq Iudeya sahrosidan oʻtadigan koʻhna Ierixon yoʻli har galgidek kimsasiz, tashlandiq boʻlib, garmsel va qum koʻz ochirmasdi. Ammo bu charogʻon bahor kunlarida men oʻzimni nihoyatda baxtiyor, shod-xurram his qilardim; Sharkqa birinchi marta kelishim, misli yoʻq yangi bir dunyoni oʻz koʻzlarim bilan koʻrmoqda edim, bu dunyoda yana bir moʻjiza − Aidning jiyani ham bor edi.

Urdun vodiysigacha choʻzilib ketgan Iudeya sahrosining oʻzi bir olam, unda-bunda tikanak butalar oʻsib, ilonlar va kakliklar makon qurgan chagʻir toshli, qumloq tepaliklar, yaydoq qirlar abadiy sukutga choʻmib yotadi. Iudeyada butun qish boʻyi yomgʻir yogʻib, muzdek shamollar esadi; bahor, yoz, kuzda yana bir xil manzara va qabriston jimligi hukmron, ammo hamma yerda jazirama issiq, mudroq sukunat.

Quduqlari bor kichik daralarda badaviylar manziliga xos izlar: gulxandan qolgan kul, chodirlarni tikish uchun doirasimon yoki toʻrtburchak qilib taxlangan qator toshlar koʻzga tashlanadi… Men boradigan shayx Aidning manzili ham tepaliklar orasidagi keng qumloq oʻtloqqa joylashgan, sariq qumlar qoʻynida nihoyatda xunuk koʻrinadigan qora namatdan yapaloq yoki toʻrtburchak shaklda qurilgan bir necha oʻtovdan iborat edi. Bu yerga kelganimda har gal chodirlar oldida tutab yotgan tezak uyumini koʻrar edim, chodirlar orasi tor: hamma yerda itlar, otlar, xachirlar, echkilar − ularni qayerda va qanday boqishadi − haligacha buni bilmayman, bir toʻda yalangʻoch, qora-qura, jingalak soch bolalar, baʼzilari loʻlini, boshqalari zanjini eslatadigan, ammo lablari yupqa xotinlar va erkaklar uymalashib yurishardi…

Ularning kiyimlari ham juda gʻalati: jazirama issiq boʻlishiga qaramay, erkaklar tizzagacha tushadigan qalin koʻylak, paxtali kamzul, uning ustidan esa ola-bula jundan − oq va qora rangda yoʻl-yoʻl qilib tikilgan, yelkalari keng, uzun va ogʻir qabo kiyishadi: boshlariga bir uchi yagʻriniga tashlangan, chekkalariga yana ola-bula enli jun ipak ip ikki marta aylantirib bogʻlab qoʻyilgan qizil hoshiyali yoʻl-yoʻl sariq roʻmol − kefiyya oʻrab olishadi. Ayollarning kiyimi ularnikiga tamomila qarama-qarshi: boshlariga kubsimon roʻmollar tashlab yurishadi, yuzi ochiq, egnida kubsimon uzun koʻylak, oʻtkir uchli yengi oz boʻlmasa yerga tegay deydi, erkaklarning oyogʻida nagʻal qoqilgan qoʻpol boshmoqlar; ayollar yalangoyoq yurishadi, boldirlari biram ajoyib. Erkaklar chilim chekishadi, ayollar ham…

Qoʻnalgʻaga ikkinchi marta yulboshlovchisiz yolgʻiz oʻzim kelganimda meni yaqin doʻstlaridek kutib olishdi. Aidning chodiri hammanikidan katta edi, men bu yerda − ichkariga kirish uchun etagi koʻtarib qoʻyilgan qora namat chodir yonida qator oʻtirgan bir toʻda keksa badaviylarga duch keldim. Aid istiqbolimga chiqdi, oʻng qoʻlini labi va peshonasiga tegizib, taʼzim qildi. Chodirga meni oʻzidan avval kirgizdi. Ichkari kirgach, chodir oʻrtasiga solingan gilamga oʻtirishini kutib turdim, soʻng men ham unga oʻxshab oʻng qoʻlimni labim va peshonamga tegizib oʻtirgan odamlarning hammasiga taʼzim qilib chiqdim, keyin Aidning yoniga oʻtirib yana shu harakatlarni takrorladim, albatta, menga ham shunday javob qaytarishdi. Faqat xoʻjayin ikkimiz qisqa va ohista gaplashib oʻtirdik, odat shuni taqozo etardi, bundan tashqari, hali men jonli arab tilini yaxshi bilmasdim, boshqalar chekar va sukut saqlashardi.

Chodirdan tashqarida menga va mehmonlarga ziyofat tayyorlashmoqda edi. Odatda badaviylar xibiz − zogʻora non va echki sutida pishirilgan bugʻdoy yormasi isteʼmol kilishadi… Mehmonni esa xaruf − qumda qazilgan va tezak yoqiladigan oʻchoqda pishirilgan qoʻy eti bilan siylashadi. Taomdan keyin har doim qand solinmagan qahva tortishadi. Hamma bemalol yeb-ichib oʻtirar, namat chodirdan tashqarida esa xuddi doʻzax alangasidek garmsel ufurib turar, chodirning keng ochib qoʻyilgan tirqishidan sahroga qarashning oʻzi meni dahshatga solardi: olisdagi yaltiroq qumlar odamning koʻziga xuddi suzib ketayotganga oʻxshab koʻrinardi. Shayx har bir soʻzidan keyin menga xoja − janob deb murojaat qilar, men ham uni muhtaram badaviy shayx, yaʼni sahro oʻgʻli deb atar edim. Darvoqe, Urdun arabchasiga qanday atalishini bilasizlarmi? Juda oddiy: Shariat − bor-yoʻgʻi suvloq joy degani.

Aid ellik yoshlarga borgan, past boʻyli, suyagi ingichka, ozgʻin boʻlsa-da, chayir; yuzi − pishirilgan gʻishtning oʻzi; kulrang tiniq koʻzlari oʻtkir, oqara boshlagan qattiq, kumush choʻqqi soqoli va moʻylovi yaxshilab kuzalgan, − badaviylar soqol-moʻylovga alohida eʼtibor berishadi, − boshqalar singari nagʻal qoqilgan katta boshmoq kiygan edi. Quddusda oldimga kelganida belbogʻiga xanjar taqib, uzun miltiq koʻtarib olgandi.

Jiyanini oʻsha “doʻst” boʻlib borgan kunimda koʻrdim, u boshidagi katta mis koʻzani oʻng qoʻli bilan ushlagancha, chodir yonidan qaddini tik tutib oʻtib ketgan edi. Necha yoshdaligini bilolmadim, chamasi, oʻn sakkizdan oshmagandi, bundan toʻrt yil oldin erga tekkani va shu yildayoq beva qolgani, bolasi yoʻqligini, togʻasining chodiriga gʻirt yetim va qashshoq holda qaytib kelganini keyinchalik bilib oldim. “Koʻzingga qara, Sulamif!” − deb oʻyladim men. (Axir Sulamif ham aynan shunga oʻxshagan edi. “Quddusning qizlari, men qora va chiroyliman”.)

U chodir yonidan oʻtayotib, boshini salgina burib, menga koʻz qirini tashlab qoʻydi: bu koʻzlar favqulodda qop-qora, sirli edi. Qoracha yuzlari, qalin binafsharang lablarini koʻrishim bilanok, maftunu lol boʻlib qoldim… Faqat shular deysizmi?! Butun qiyofasi meni mahliyo qilib qoʻydi: mis koʻzani qattiq ushlagan qoʻllari yelkasigacha yalangʻoch, uzun kubsimon koʻylak ostida oxista toʻlgʻanib ketayotgan xipcha qomati, koʻylagini koʻtarib turgan boʻliq koʻkraklari…

Bu xam yetmagandek, ikki-uch kundan keyin uni Quddusda − shundoqqina Yaff darvozasi yonida uchratib qolsam boʻladimi! U olomon orasida men tomonga yurib kelar, boshida qandaydir tugun koʻtarib olgan edi. Meni koʻrib, toʻxtadi. Darhol oldiga bordim.

− Meni taniyapsanmi?

U boʻsh turgan chap qoʻli bilan yelkamga salgina turtib qoʻyib, jilmaydi:

− Tanidim, hojam.

− Nima olib ketayapsan?

− Echki pishlogʻi…

− Kimga?

− Hammaga.

− Demak, sotar ekansan-da? Unda menikiga olib boraqol.

− Qayerga?

−Mana buyoqda, mehmonxonaga…

Men Yaff darvozasining shundoq yonidagi baland ensiz binoga joylashgan edim, u kichkina maydonning chap tomonidagi boshqa uylar bilan tutashib, zinapoyalarga toʻla qorongʻi, baʼzi joylari tim yoki koʻhna gumbazlar bilan yopilgan, qadimiy ustaxonalar va doʻkonlar qalashib ketgan “Shoh David koʻchasi”ga ulanib ketgan edi. U hech qanday qarshilik koʻrsatmasdan oldinga oʻtdi va egri-bugri, tor tosh zinapoyalardan xiyol oldinga engashgan koʻyi xipcha qomatini erkin tutib yurib ketdi, roʻmolchadagi pishloqni naridan beri nomigagina ushlab olgan oʻng qoʻli yalangʻoch boʻlib, yelkasiga tushib turgan qora sochlari koʻzni oʻynatar edi. Burilishdagi zinapoyalardan birida toʻxtadi: u tomonda, qoʻshni uylarning tutash toʻrtburchak devorlari ostida xuddi quduqdagi kabi koʻkimtir suv − ayni oʻsha suv − yalangʻoch badani bilan shoh Davidni asiru lol etgan Uriyaning xotini Virsafiya choʻmilgan koʻhna “Avliyo Iezikil shalolasi” yarqirab koʻrinib turar edi. U toʻxtar ekan, oynaga qaradi, soʻng oʻgirilib, maftunkor koʻzlari bilan menga shodon nazar tashladi.

Men oʻzimni tutib turolmadim, engashib boʻynidan oʻpdim, u menga hayratlanib bokdi − badaviylarda boʻsa olish odati yoʻq. Xonamga kirgandan keyin u tugunini stol ustiga qoʻydi va oʻng qoʻlini menga uzatdi. Men kaftiga bir necha mayda mis chaqa tashladim, soʻng, hayajondan qaltiragan holda bitta oltin funt chiqarib unga koʻrsatdim. U tushundi va kipriklarini yumdi, itoatkorona boshini egib, kaftlari bilan koʻzlarini berkitdi…

Yarim soatdan keyin uni zina oldida kuzatib qoʻyar ekanman:

− Yana qachon pishloq olib kelasan? − deb soʻradim.

U boshini ohista liqillatdi:

− Yaqin kunlarda kelolmayman.

Shunday deb besh barmogʻini koʻrsatdi: besh kundan keyin. Ikki hafta oʻtgach, Aidning oldidan qaytayotib, manzildan ancha uzoqlashganimda, orqamdan miltiq ovozi eshitildi va yonimdagi toshga oʻq kelib urildi, zarb shunday kuchli ediki, hatto toshdan tutun chiqib ketdi. Men egarga engashib, otga qamchi bosdim, ikkinchi marta miltiq qarsilladi, chap tizzamga nimadir qattiq tekkanini sezdim. Quddusga yetguncha otni toʻxtatmadim, bir vaqt engashib qarasam, etigimdan qon koʻpiklanib oqmokda edi… Aid qanday qilib ikki martada ham moʻljalga urolmaganiga hali-hali hayron qolaman. Yana jiyani menga pishloq sotayotganini qayerdan bilib olganiga hamon aqlim yetmaydi…

 

Ortiqboy ABDULLAYEV tarjimasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.