Bahor ifori

0
353
marta koʻrilgan.

Navroʻz arafasi. Shu vaqtgacha kurtak chiqarib, gullashi kerak boʻlgan daraxtlar hamon sovuq urgandek qoramtir tusda. “Toʻqson, toʻqsoning ham bir kunimcha yoʻqsan”, deya oʻgʻillaridan qahrlangan Ayamajuz oʻzining oppoq etagini hamon borliqdan yigʻishtirgani yoʻq. Shigʻalab qor yogʻmoqda. Kechagina issiq paltolarni yechgan yosh-yalanglar bugun yana qalin kiyimlarda. Koʻchalarga tushayotgan qor onasining qaynoq bagʻrida birdan yuvosh tortib qolgan bezori boladay erib ketayotgan esa-da, yoʻlaklarda, uylar atrofida, oyoq izi tushmagan yerlarda qish janggohda qolgan yarador jangchiday hamon oʻzini namoyish etmoqda.

Elbek qosh qorayganda tor koʻchadan uyiga keldi-da, darvoza oldiga kelib, signal berdi. Hadeganda darvoza ochilavermagach, “Televizor koʻrishyaptimi, nima balo?” deya mashinadan tushib, darvoza eshigini itardi. Eshik ochilmadi, qulf.

– Yo tavba?! – Elbek gʻudranganicha oʻzidagi kalit bilan avval eshikni, soʻng darvozani ochdi va mashinani ichkari kiritdi. Qoʻlidagi kalitlarni oʻynatgancha uyga qarab yurarkan, allaqachon qorongʻu tushgan boʻlsa-da, uy chiroqlari yoqilmaganiga hayron boʻlib ovoz berdi. – Aziza! Ho, Aziza!

Ichkaridan sado boʻlmadi. Bu vaqtda avval qizi, izidan xotini yugurib chiqar va uni kutib olishardi. Elbek uyga kirib, avval dahliz, keyin barcha uy chiroqlarini yoqdi. Hatto oshxonaga borib, u yerni ham qaradi: uyda hech kim yoʻq! U xavotirga tusha boshladi va qoʻl telefonini olib, xotiniga qoʻngʻiroq qildi. Apparat oʻchirilgan. Bir lahzada Elbekning miyasiga ming xil oʻy keldi.

– Ishqilib tinchlik boʻlsin-da… – tahlikaga tushgan Elbek shunday deya qaynonasiga sim qoqdi, goʻshak koʻtarilmadi. Keyin qaynotasining uyi bilan bogʻlanishga harakat qildi. Apparat oʻchirilganmi, gudok ketadi-yu, javob boʻlmaydi. Birgina umid – qaynota. Elbek shosha-pisha unga qoʻngʻiroq qildi. “Abonent xizmat koʻrsatish doirasidan tashqarida”.

Miyasi qotgan Elbek hovli oʻrtasida u yoqdan bu yoqqa yurdi, keyin shartta mashinasiga oʻtirdi-da, qaynota uyiga yoʻl oldi. U yerga qanday yetib bordi, Xudo bilmasa, oʻzi bilmadi. Darvoza qoʻngʻirogʻini chalganda ichkaridan “Hozi-ir” degan ingichka ovoz eshitildi va zum oʻtmay eshik ochilib, semizligidan pildirab yuruvchi qaynonaning doʻmboq yuzi koʻrindi.

– Tinchlikmi, kuyov?

Har kallada har xayol. Elbekning yuragi “shigʻ” etdi. “Nahotki ular bu yerda ham boʻlmasa?”

– Nevaralaringiz shu yerdami? – Elbekning birinchi gapi shu boʻldi. Qaynona esa qosh chimirib, u kutmagan gapni aytdi.

– Ularni nima qilasiz? Yuravering-da maishatingizni qilib?!

– Tushunmadim? – Elbekning boshiga bolgʻa bilan urilgandek boʻldi. – Nimalar deyapsiz?

– Yoʻqoling-e, uyatsiz! – eshik qarsillab yopildi va “sharaq” etib zulflandi.

Elbek uzatgan qoʻli quruq qaytgan gadoday eshik ortida qoldi. Miyasi qizib, kallasi oʻziga ogʻirlik qilib ketdi. U bunday munosabatlar nima uchunligini, Aziza nega he yoʻq-be yoʻq bu yerga kelib olganini tushunolmayotgandi. U bir muddat darvoza ortida turib qoldi va yana qoʻngʻiroqni bosdi, ammo endi ichkaridan sas ham, sado ham boʻlmadi. U qoʻngʻiroqni qayta-qayta bosdi. Ana shunda yana eshik ochilib, qaynona yuz koʻrsatdi.

– Daydi itday uy aylanmang-da, keting!

Elbekning qoni qaynab ketdi, ammo kuyovlik hurmatini unutib, ogʻiz juftlaguncha eshik yana qarsillab yopildi.

“Menga nimaga bunaqa dedi?” – Elbek darvozaga suyanib qoldi. Atrofni qoplagan zulmat uning qalbini-da choʻlgʻadi. Havo sovuq, maydalab yogʻayotgan qor parchalari boʻyinlaridan kirib ketayotgan boʻlsa-da, u qizib ketdi. Yuragini kimdir ombur bilan qisgandek boʻldi.

U yana bir muddat shu kuyda darvoza tagida turdi-da, nima qilishini bilmay, iziga qaytdi. Mashinaga oʻtirishi bilan miyasiga chaqmoqdek bir fikr keldi-yu, peshonasiga mushtladi.

– Ahmoq! – dedi u oʻziga-oʻzi. – Endi bildim, ular mashinada Dilyani olib ketayotganimni koʻrishgan! Kim biladi, balki kecha uyiga borganimdan ham xabardordir?! – u boshini rul chambaragiga qoʻydi. – Attang, nimalar qilib qoʻydim-a?

Elbek endi bu yerda turishning hozircha foydasi yoʻqligini bildi va sekin mashinasini yurgʻizdi. Loyqalagan suv tingunicha vaqt kerak. Uyga borgisi kelmadi, biror restoranga kirib oʻtirishga hafsalasi boʻlmadi. Uy boshpana. Yigʻlagan ham, kulgan ham, quvongan ham, quvilgan ham uyiga keladi. Elbek ham xayol bilan qanday uyga kelib qolganini sezmay qoldi. Mashinani garajga qoʻygach, uyga kirdi-yu, battar oʻyga toldi.

“Dilya bilan mashinada ketayotganimni kim koʻrdi ekan-a? U ham mayli, Dilyaning uyiga borganimdan qanday xabar topishgan? Yo, tavba?..”

Boshi loʻqillab ogʻriyotgan Elbek oshxonaga oʻtdi-da, qahva damlab ichdi, boʻlmadi. Labiga sigareta qistirgancha yotoqxonasiga qaytdi, ammo yotgisi ham kelmadi. Divanda oʻtirib, sigareta cheka boshladi. Oʻtirishdan toliqdi, shekilli, yonboshlash uchun yostiqni oldi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, yostiq tagidan xat chiqdi. Elbek shartta qoʻlidagi sigaretani stolda turgan kuldonga tashladi-yu, maktubni oʻqishga tushdi.

Sizni nima deb atashni ham bilmayman. Bevafo! Siz xiyonat qildingiz… Sizni sevib, koʻzim sizdan boshqani koʻrmay, qulogʻim sizdan boshqani eshitmay toʻrt yil oʻqishingiz tugashini kutib, hatto ota-onamga qarshi chiqib, sizni desam-u, olgan mukofotimni qarang. Shunchalik past ketdingizmi? Meni qoʻying, mayli, uyga kelganingizda quchogʻingizni, qalbingizni toʻldirib turgan mana bu ikki bolangiz ham koʻzingizga koʻrinmadimi? Siz Olloh bergan shuncha quvonch, shuncha baxtni, mening gulzorimni payhon qilib, oʻzga bogʻdan shoʻr olma yedingiz… Yuzingiz burishmadimi? Siz mazaxoʻrak boʻlibsiz… Mayli, endi bilganingizni qiling. Sizga hech kim halal bermaydi, meni va bolalarni oʻylab ham oʻtirmang. Oʻlmagan qul bir kunini koʻradi. Siz baxtli boʻling… Sizning yuzingiz yorugʻ, qaddingiz baland boʻlishi uchun hamisha gung boʻldim, koʻzlarim koʻr boʻldi. Hamisha sizning baxtingizni oʻzimga saodat bildim. Mayli, yana siz baxtiyor boʻling, men har galgidek qurboningiz boʻlay…”

Xat mana shu yerda tugagan va maktub egasi yigʻlagan boʻlsa kerak, qogʻozning pastki qismidagi nam qurib, oʻquvchisining yuzidek burishib, pistoqi tusga kirib qolgan edi…

Elbekning boshidan qaynoq suv quyilgandek boʻldi. Maktubni qoʻlida tutib, boshini changallagancha turarkan, ich-ichidan bir narsa boʻgʻziga kelib tiqilayotganini sezdi. Goʻyo kimdir tomogʻidan boʻgʻayotgandek nafas olishi qiyinlashdi va yugurib uydan chiqib ketdi. Tashqarida hamon qor boʻralab yogʻar, barchasi vijdonga kelib taqalgandek, shamol uyut qilib, hovlidagi qorlarni eshik oldiga urardi. Elbek bir lahza shu izgʻirinda turib, goʻyo shu zulmat qaʼridan bir najot keladigandek olis-olislarga tikilib qoldi. Ana shu vaqt hovlidagi eski simyogʻochdan bir kuy taralayotganini sezdi. Simyogʻoch yoriqlari va elektr simlari shamoldan shunday bir tovush chiqarayotgan ediki, bu Elbekning quloqlariga haydalish kuyi boʻlib chalindi. Bu kuy shunchalar maʼyus, shunchalar hazin ediki, yurakni ezar, iymonni vijdon bilan yonma-yon qoʻyardi. Beixtiyor Elbekning koʻz oldidan hozirgina qaynota uyiga borgani va shu kungacha “Elbekjon”, deya tilidan bol tomib yurgan qaynonaning qanday qilib, eshikdan haydab solgani, yostiq tagidan maktub topilganda uni oʻqib, qay ahvolga tushgani oʻta boshladi. Uning endi yana qaynota eshigiga borishga yuzi, ayoli nafrat va gʻurbat urugʻlarini sochib ketgan uyga kirishga koʻngli yoʻq edi.

Elbek goʻyo zulmat qaʼridan nur axtarayotgandek nomaʼlum bir nuqtaga tikilgancha eshik oldidagi zinaga oʻtirib qoldi.

“ – Dadasi, nega sovuqda oʻtiribsiz?”

Elbek “yalt” etib, ortiga qaradi, ammo koʻzlari ochiq, gʻira-shira nur tushib turgan eshikdan boshqa narsani koʻrmadi. Azizaning ovozi qayerdan keldi, bilolmadi. Ana shundagina bu xayol ekanligi, u eshik oldida ancha vaqt oʻtirib qolgani, sovuqdan aʼzoi badani qaltirab ketayotganini his etdi.

– Yo, tavba… – Elbek shunday deya oʻrnidan turib, uyga kirdi va oʻzini bolalar xonasida koʻrdi. Xonaning ikki tomonidan qoʻyilgan ikki divanda qizi bilan oʻgʻlining kiyimlari sochilib yotar, uy esa ularsiz xaridorsiz bozorday huvillab turardi.

Elbek beixtiyor bolalari qayergadir chiqib ketgan-u, hozir chuvillashib kelib qoladigandek tuyulayotgan xonaga yana bir qur nigoh tashladi va qizining shkaf ustida turgan suratini oldi. Sochlari patila-patila qizining ikki yoshligida tushirilgan suratiga qarab turib, Elbek ularsiz bir kun ham yasholmasligini tushundi. Keyin oʻgʻlining suratini oldi. Bu oʻgʻlining bir yoshligida tushirilgan surati. Chaqaloq yangi kiyimlarda dunyodan bexabar kulib turibdi…

Elbek goh oʻgʻlining, goh qizining suratiga qarab, har birida oʻzining eng masʼud damlarini esladi. Esladi-yu, yuragida bir sanchiq turganini sezdi. Keyin suratlarni olib, yotoqxonaga oʻtdi. U yerdagi shkafda esa Aziza bilan tushgan suratlar bor. Toʻygacha, nikoh kunida, toʻy-hashamlarda, bolalari tugʻruqxonadan chiqqan kunda… Bu suratlarning har biri unga goʻzal turmushini eslatar, ammo bugungi vaziyat esa uydan yasanib tashqariga chiqishi bilan boshiga qush axlat tashlab ketgandek taʼbini tirriq qilardi.

Elbek shkafni ochib, barcha oilaviy suratlari jamlangan fotoalbomni olmoqchi boʻldi, ammo fikridan qaytdi.

– Rasm tomosha qilishdan foyda yoʻq, ularga qancha qarasam, shuncha yuragim ezilayapti. Undan koʻra, ertalab yana boraman, hammasini tushuntiraman.

Elbek shu xayollar bilan joyiga yotdi. Uyqu qayoqda. Yolgʻizlik – bedorlik. Yolgʻizlik – xayollar sayri. Uni Aziza bilan tanishganidan to bugungacha boʻlgan xayollar chirmovuqday oʻrab oldi…

Elbek azondan mashinaga oʻtirib, yana qaynota uyiga yoʻl oldi. Eshik qoʻngʻirogʻi qayta-qayta bosilgach, yana qaynonaning ingichka ovozi eshitildi.

– Ki-im?

Elbek ovoz bermadi, kutdi. Zum oʻtmay eshik ochildi va qaynona chiqdi.

– Assalomu alaykum… kechirasiz.

Salomga alik ham olinmadi, kechirilmadi ham – eshik yopildi. Elbek yana qoʻngʻiroqni bosdi, ammo javob boʻlmadi.

– Eshikni oching! – eshikni mushtladi u. – Avval nima boʻlganini biling, keyin meni ostonangizdan haydang!

Qaynona eshik ortida turgan ekan, birdan eshikni ochdi-da:

– Men shunchalar esi ketgan xotinga oʻxshaymanmi? – dedi. – Azizam atirgul edi, siz uni tikanga almashtirdingiz!

– Men…

– Aybdor odam oʻzini oqlamoqchi boʻladi, – qaynona uni gapirishga qoʻymadi. – Keting, Aziza itlangan odam bilan yashashni istamaydi!

Eshik yana yopildi. Kaltak etni, ortiqcha gap betni qotiradi.

– Gapingizga tushunmadim, ammo bilib qoʻying, men it emasman, lekin oilamga itday vafodor boʻlmaganimda ostonangizga kelmagan boʻlardim! – dedi Elbek ham yuzidan sharm pardasini koʻtarib.

Yopilgan eshik ochilmadi. Elbek bir muddat eshik ortida turdi-da, qaytib mashinasiga oʻtirdi, ammo qayoqqa borishini bilmay qoldi. Ortga yoʻl, oldinga yurishga koʻngil yoʻq. Qanday boʻlmasin, munosabatlarni tiklashi kerak. Bir kechada parishon tortib, chodirxayol boʻlib qolgan Elbek qoʻlini rul ustiga yostiq qilib, boshini qoʻyib oʻtirarkan kecha ishxonada gazetada oʻqib qolgan narsalari yodiga keldi. Gullar…

U toʻgʻri gul bozoriga yoʻl oldi va bir dona akatsiya guli xarid qildi. Soʻng darrov iziga qaytdi va gulni qaynotasining eshigi tutqichiga qistirdi-yu, yoʻlida davom etdi. U qancha bilimli va qancha romantik boʻlsa, shuncha sodda ham edi. U hozir eshik ochilib, qaynonasi (aslida kim boʻlsa ham) gulni koʻradi va hayajonlangancha Azizaga olib boradi. Aziza gulni olgach, buning ifodasini, ramzini tushunadi, deb oʻylayotgandi: “Meni kechir va aybsiz ekanligimni isbotlash uchun imkon ber. Seni sevaman!”

Elbek kun boʻyi shu xayolda ishladi va Azizaning qoʻngʻirogʻini kutdi, ammo na qoʻngʻiroq boʻldi, na bir ishora. “Balki, endi qilgan ishidan xijolat boʻlib, uyalayotgandir… – oʻyladi Elbek. – Oʻzimning borishimni kutayotgandir?”

U shunga ishondi. Ishdan qaytishda endi gul bozoridan bir dona qizil atirgul oldi. Ertalabki akatsiya gulini qanday toʻgʻri tushungan boʻlsa, buning ham ramzini toʻgʻri anglaydi: “Seni sevaman! Sensiz yasholmayman!”. Shu xayol, shu ishonch va umid bilan yana qaynota uyiga kelgan Elbek mashinadan tushishi bilan darvoza yonidagi ariqcha ichida yotgan akatsiya gulini koʻrdi-yu, yuragi orqasiga tortib ketdi. Maktubi yirtib tashlangan oshiqday xoʻrlandi. Bir muddat nima qilishini bilmay turdi-da, tavakkal qilib, hozir olib kelgan atirgulni eshik tutqichiga qistirib qoʻydi…

Oʻsha kech Elbek uyga ham sigʻmadi. Qayerga qaramasin, bolalarining narsalari, qaysi xonaga kirmasin, Azizaning xotirasi. U bir qoʻliga kuldonni olgancha xonalar boʻylab sigareta chekib yurdi. Soʻng yotoqxonaga kirdi-da, shkafdan albomlarni oldi. Elbek hamon masalaning mohiyatiga yetmasdan kimningdir gʻiybatiga ishonib, uydan ketib qolgan va onasini qalqon qilib olgan Azizaga tushunmayotgandi.

“Qoʻngʻiroq qilsam javob bermaysan, uylaringga borsam, itday qilib, ostonadan haydaysizlar? Sizlarga nima boʻlyapti oʻzi? Bir martagina oʻzing chiqib, hol soʻrashga madoring yoki qaroring yoʻqmi? – Elbekning savollari javobsiz edi. Qaynota uyiga bir qulf osilgan-u, uning kalitini topolmayotgandi. Bu ishlarni oʻzidan boshqa hech kim bilishini istamagan Elbekning negadir xoʻrligi keldi. – Oʻzim qurgan binoni oʻzim yiqitmayman!”

U albomdagi suratlarni koʻrarkan, beixtiyor eng baxtiyor lahzalar muhrlangan rasmlarni ajratib olayotganini sezib qoldi. Qarasa, anchagina boʻlibdi. U endi ajratilgan suratlarni eng koʻzga tashlanadigan joylarga – eshik va derazaga, shkaf va televizor ustiga qoʻyib, shkaf va koridordagi oynalarga ham yopishtirib chiqdi. Keyin oʻziga-oʻzi dedi:

– Ularsiz menga hayot yoʻq! To ular uyga qaytmaguncha bu suratlar meni gʻazab bilan nafratdan himoya qilib, umid bagʻishlab turadi…

Aziza bolalarni olib ketib qolgan boʻlsa-da, endi ular goʻyoki shu yerda edi. Elbek uy ichida mayda qadamlar tashlagancha bir-bir suratlarni tomosha qilib chiqarkan, yana xotiralarga berildi: Aziza bilan qanday tanishgani, ehtirosli muhabbati, qizi tugʻilgan, onasi vafot etgan kunlar, oʻgʻli tugʻilganda yigʻlaganlari, mashina sotib olganida “Shu kunlarni ota-onam koʻrolmadi…”, deya mehmonxonada osigʻliq turgan suratlarga qarab armon qilganlari, oʻshanda Aziza uning yelkalarini silab, “Dadasi, oʻkinmang, armonsiz odam bormi? Endi hayotimiz, aytgan soʻzimiz va qilgan ishlarimiz bilan ularning ruhlarini shod qilaylik…” deganida, yugurib tashqariga chiqib ketgani, oʻksib-oʻksib yigʻlaganlarini esladi…

– Aytganlaring bilan qilganlaring toʻgʻri kelmay qoldi-ku, Aziza? Nega menga ishonmayapsan?

Elbek xayollarga berilgancha divanda shiftga tikilib yotdi. Bir mahal usti ochiq uxlab qolibdi. Tush koʻribdi. Tushida xotini bilan bugʻdoyzor oralab ketayotgan emish. Uning qoʻlida bir dasta lola, ammo Aziza gulni olmasmish-u, yuzini yashirib, “piq-piq” kularmish. “Atrofimiz toʻla gul, uzib bermasangiz ham, bularning barchasi menga ekanligini bilaman!” dermish. “Bilsang nega yuzingni yashirasan?”

Elbek gapirinib uygʻonib ketdi. Qarasa, hech qanday bugʻdoyzor yoʻq, divanda yotibdi. Terlab ketibdi. Deraza tomonga nigoh tashladi, tong yorishyapti…

Elbek ertalab yana gul bozoriga bordi-da, endi bir dasta atirgul xarid qildi. Qaytib, qaynota uyiga kelsa, yana har galgidek eshiklar qulf, ammo atirgul yoʻq. Elbek mashinaga qaytdi-da, bloknotdan bir varaq yirtib oldi va yozdi. “Har kuni begunoh ekanligimni aytish uchun kelishim sizlarga aybimni yuvish uchun kelayotgandek tuyulayotganini bilmagan ekanman! Men bir gʻaribga yaxshilik qilib, oʻzimnikilardan yomonlik koʻrdim. Uyga kelganni it qopmas. Sizlar maqolimni ham yer bilan bitta qildinglar. Mayli, shuni maʼqul koʻribsizlar, sizlar aytgandek boʻla qolsin!”

Elbek qogʻozni buklab guldasta yoniga qistirdi-da, achchiq ustida devordan oshirib, ichkariga otib yubordi. Soʻng ishga ketdi.

Oradan uch kun oʻtdi. Yerdagi qorlar erib, zamin tani ancha isidi. Devorlarigacha yaxlab ketgan uylarga ham bir harorat ingandek boʻldi. Elbek bu kunlarda na qaynota uyiga bordi, na gul xarid qildi, ularning birortasiga qoʻngʻiroq ham qilmadi. Faqatgina ertalab ishga ketishdan oldin va ishdan kelganida uy ichida har qadamda, har soniyada hech bir narsa oilasi va farzandlaridan ustun emasligini eslatib turuvchi suratlarga qarab chiqar, koʻnglidan nelar oʻtayotganini oʻzidan boshqa birov bilmasdi…

Toʻrtinchi kuni kechqurun odatdagidek ishdan qaytishda koʻchadan ovqatlanib, uyga kelsa, chiroqlar yoniq. Mashinani garajga qoʻygach, ostonadan kirsa, boʻsagʻada bir qator oyoq kiyimlar. “Kelishibdi…”, beixtiyor sevinib ketdi u. Shu payt ichkari uy eshigi ochildi-yu, qizchasi yugurib chiqdi.

– Dadajo-on?!

Elbek qizini koʻtarib oldi, bagʻriga bosdi.

– Sizni sogʻindim… – bidirladi hech narsadan bexabar qizcha.

Elbek jigarbandini yanada qattiqroq quchdi, ammo uyga kirishni ham, kirmaslikni ham bilmay qoldi. Shu vaqt ichkaridan oʻgʻlini koʻtarib, Aziza chiqdi.

– Assalomu alaykum, dadasi… – ayol shunday dedi-yu, nigohlar toʻqnashishi bilan koʻzlarini olib qochdi. – Meni kechiring… Hamma ayb menda.

Elbekning qizini quchgan qoʻllari, aʼzoi badani qizib, ich-ichidan yongʻoqdek bir narsa kelib, boʻgʻziga tiqildi. Bir Azizaga, bir suratlar osilib turgan devorga qaradi.

– Kiring…

Elbek xuddi begona uyga kirayotgandek sekin qadam tashladi. Ichkari kirsa, uy oʻrtasida qaynonasi turibdi.

– Assalomu alaykum…

– Tilim qursin, kuyov, – dedi qaynona alik olishni ham unutib. – Bizni kechiring, hamma ayb menda. Qiziqqonlik qilibman. Surishtirib bildim, haqiqatdan sizning boʻlimingizda ishlaydigan oʻsha ayolni eri bir nogiron bolasi bilan tashlab ketgan ekan. Tez-tez tobi qochib turadigan bu bolaga ammasi qararkan. Hammasini bildim, oʻgʻlim. Meni kechiring.

Elbek hech narsa demadi, ammo ularning yonida oʻtirishga yuzi chidamadi. Endi kiyimlarini almashtirish bahonasida chiqib ketmoqchi edi, qaynona dedi:

– Elbekjon, men esi ketgan xotinni kechiring. Siz yuborgan gullardan ham maqsadingizni tushunmabman. Ularni Azizaga koʻrsatganim ham yoʻq. Ammo sadoqatingizga, sabringizga qoyil qoldim. Sizdan u dunyoyu bu dunyo roziman. Hammasi joyida ekanligidan boshim koʻkka yetdi. Endi men boray, bu yerda turishga holim yoʻq…

– E…

Qaynona kuyovni gapirishga ham qoʻymay eshikka chiqdi.

– Sizni olib borib qoʻyaman, – dedi Elbek.

– Yoʻq, taksi bilan ketaveraman.

– Qoʻysangiz-chi, oʻzim tashlab kelaman, – qaynonasining nega qolishni istamayotganini bilgan Elbek mashinani olib chiqdi.

Ular yoʻl-yoʻlakay bir ogʻiz ham gaplashmadilar. Faqat mashinadan tushayotganda qaynona dedi:

– Oʻtgan besh kun davomida koʻnglingizdan nimalar oʻtdi, bilmayman, ammo Azizaning ham yigʻlamagan kuni boʻlmadi. Ovqatini majburlab yedirdim. Oʻzlaringizga qaranglar, siz ham ozib ketibsiz…

Elbek hech narsa demadi, bosh chayqagancha iziga, uyiga qaytdi. Dimogʻiga ajib bir bahoriy ifor urildi.

 

Xoliyor SAFAROV

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 7–8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.