Ayol

0
140
marta koʻrilgan.

Ayol fermerning yollanma ishchisi edi. Paxta, kartoshka, piyoz, kunjut oʻtogʻida kunlik toʻlov evaziga mehnat qilar, oila shu pul bilangina kun koʻrardi. Eri ishsiz.

Bu yil suv yaxshi boʻlib, ishlayman deganga yumush moʻl boʻldi. Shuning uchun ayol erta bahordan beri tinmas, dam bilmay ter toʻkardi. Ammo yoz tugamay, charchadi, holsizlandi, kuchi qaytdi. Mana, uch kunda oʻtab ulgursa boʻladigan piyozni hali ham tugatmadi. Avvallari shu maydoncha keladigan piyozzorni bemalol uch kunda begona oʻtlardan tozalab boʻlardi. Bugun toʻrtinchi kun. Aslida bugun dam olmoqchi edi. Ammo ishni tugatishi kerak. Tugatishi shart!

Hali quyosh qishloqqa salom berib, oʻynoqi teraklar mayin shabadaga tebranib shivirlamasdanoq, ayol oʻrnidan turib uydagi yumushlarini saranjomladi. Kir yuvdi, sigir sogʻdi, sut pishirdi, nonushta va tushlik uchun nimalardir tayyorladi. Keyin eski kiyimlarini kiydi-yu, kovushini sudragancha dala tomon oshiqdi.

Ancha vaqt bosh koʻtarmay ishladi. Ammo tushga borib ochqadi. Koʻngli aynib, holsizlandi. Quyosh hafsala bilan dalani qizitar, qilt etgan shamol yoʻq. Ayolning butun tanasi qora terga botib, nafas olishi qiyinlashdi. U faqat chanqaganda oʻrnidan turar, shundagina vujudiga shamol tegib, biroz yengil tortardi. Qotib, achishib ogʻriyotgan belini mashq qildirgan boʻlar, ogʻriq tugamasa, qoʻlini musht qilib yengilgina urib qoʻyyardi. Oʻrnidan turganida koʻzoldi qorongʻilashib, boshi aylandi. Yiqilib tushay dedi. Roʻmolini ariqdagi qandaydir qoʻlansa hid anqiyotgan suvga chayib, peshonasiga bosdi va biroz oʻziga kelganday boʻldi.

Yangigina bugʻdoy singari nishlab, begona oʻtlar bilan joy talashib oʻsayotgan piyozlar ham quyosh tigʻidan qoʻrqib, nozik boshlarini eggancha qilt etmay turar, ayol esa vaqtini behuda oʻtkazmaslikka intilardi.

Piyozpoya keraksiz oʻtga toʻla. Begonasi shunchalik koʻpki, qaysi biri oʻt, qaysisi piyoz ekanini tajribasiz ishchilar hadeganda bilolmasdi. Lekin bu narsa ayolga choʻt emas.

Ayol qorayib, yorilib ketgan qoʻllari bilan har bir niholni avaylab, ortiqcha oʻtlardan tozalardi. Mayda ish koʻp vaqtni talab qiladi. Fermer juvonga juda ishonar, vazifasini koʻngildagidek bajarishini bilib ortidan tekshirmasdi ham. Haq toʻlashda boshqalarga nisbatan unga biroz saxiylik qilardi.

Ayol ishni bitirganida hali kun botmagan, quyosh biroz ufqqa egilgan koʻyi kuni bilan tigʻlariga chidagan juvon koʻzlariga masxaromuz boqib turardi. Ayol boshi aylanib, oʻtirib qoldi, keyin uzoq yoʻtaldi. Ariqdan suv ichib, yuzini yuvgandagina oʻziga keldi. Chuqur nafas oldi. Quyoshga termildi.

Fermerning ish boshqaruvchisidan kelishilgan pulni olar ekan, qimtinibgina rahmat aytib qoʻydi. Har gal ish haqini olganda titrayotgani sezilib turadi. Halol mehnatning xuzurbaxsh titrogʻi shu boʻlsa kerak-da…

Fermerning keksa ish boshqaruvchisi esa, arzimagan pulga mamnun, kovushini sudragancha pildirab ketayotgan juvonning kundan-kunga choʻkib borayotgan qoqsuyak gavdasiga qarab achindi. Ichida kimnidir, nimanidir boʻralatib soʻkdi.

Ayol toʻgʻri borib qishloqning tunuka bilan oʻralgan doʻkoniga kirdi. U yerda turli-tuman noz-neʼmatlar koʻzni yashnatib turar, ularga nigohi tushgan sayin qoʻlidagi pulini mahkamroq gʻijimlab olardi.

– Kechirasiz, menga ikkita rangli suv va bir kilogramm guruch bering!

– Rangli suvning qaysisidan? – soʻradi beeʼtibor sotuvchi.

– Farqi yoʻq.

– Mengayam farqi yoʻq, – dediyu shundoq qoʻl uzatar joydagi sap-sariq suvning birini olib uzatdi.

– Guruchning qimmatidan boʻlsinmi, arzonidan?

– Qimmatidan… Suv koʻtaradigan boʻlsin…

– Yaxshi… Yana?

– Yarim kilogramm shokolad ham bering…

– Qanaqasidan?

– Oddiysidan.

– Oddiysi ham qimmat-da, yanga.

– Mayli…

– Bugun ziyofat boʻlyaptimi?

–…

Ayol qoʻlidagi pulga qarab, uni battarroq siqdi. Yutindi.

– Boʻldimi?

– Yoʻq! – Ayol biroz oʻylanib, dedi. – Haligi achchiq suvingizdan ham bering… anavi… oqidan…

– Nima, akamning mehmonlari bormi?

– Bering…

– Qimmat-da!

– Mayli…

– Shahrisabznikimi yo Toshkentniki?

– Farqi yoʻq…

– Pulingiz yetadimi?

– Yetadi.

Xijolat boʻlayotganini sezdirmaslik uchun u qoʻlidagi pulga qarab qoʻydi. Toʻrt kun ishlab topgan puli qop-qora qoʻllari orasida gʻijimlanib turardi.

Sotuvchi hisoblay boshladi. Ayol bir yelimxaltaga joylangan narsalarga, bir qoʻllarida gʻijimlanayotgan pulga qarab qoʻydi. Olgan narsasini qaytarib berish fikri vujudini bir soniya tirnab oʻtdi. Yutindi, yoʻtaldi, chuqur nafas oldi. Shu payt doʻkon ichiga qayerdandir shamol kirib, hamma joyni changitib yubordi. Ayolni qattiq yoʻtal tutdi. Sotuvchi esa beeʼtibor:

– Mana shuncha pul boʻlarkan, yanga… – deya hisobni koʻrsatdi. – Nimaga indamaysiz? Pulingiz kammi?

– Yoʻq! Olaman!..

Ayol toʻrt kun quyosh tigʻida qovrilib ishlab topgan pulining hammasini gʻijimlangan holda stol ustiga qoʻydi va yelimxaltasini koʻtarib doʻkondan ketishga taraddudlandi. Sotuvchi koʻzlarini katta-katta ochgancha pullarni tekislab, sanar ekan: “Hammasi toʻgʻri ekan, yanga!” – deb qoʻydi.

– Bugun qanday kun oʻzi? – dedi yana ayolning ortidan.

Ayol jim chiqib ketaverdi, sotuvchi yana javrashda davom etdi:

– Akamni ham ishlating-da… Quruqqa uyda yotqizib, semirtirib boqmasdan.

Ayol uyiga kelganida quyosh dalalar bagʻriga qizaribgina botardi. Erining endigina uyqudan turgani sezilib turar, ishkom ostidagi ariqqa oyogʻini tiqib, shu suvga uzum yuvib yer edi. U xotinini koʻrib ogʻzini katta ochgancha esnadi. Ayol esa, ostonada eriga qarab biroz turdi. Koʻngli agʻdarildi. Er esa, beeʼtibor ishkomdan yana uzum oldi-yu bu safar yuvmasdan ogʻziga soldi. Xotinining qoʻlidagi bozorliklarga nazar tashlab, kavshangancha:

– Nima koʻtarib yuribsan? – dedi.

Ayol bosh eggancha yelimxaltani koʻtarib oshxona tomon ketdi. Oshxonada tushlikdan boʻshagan idish-tovoqlar yoyilib yotar, ustini pashsha talab, atrofida qovogʻari gʻoʻngʻillab uchardi. Ayolning burni achishdi, koʻzlari ogʻrib ketganday boʻldi. Chuqur uf tortgancha oʻtirib qoldi. Roʻmolini sidirib olganida juvonning sochlari orasidagi oq tolalari ham ufqning qizgʻish nurlarida tovlanib ketdi.

Yigʻidan foyda yoʻq. Oʻzidan boshqa bu ishlarni qiladigan ham yoʻq. Hademay bolalari keladi. Kiyimlarini ham almashtirmasdan ishga tushib ketdi. Yigʻishtirdi, yuvdi, qozonga oʻt yoqib, yogʻ soldi. Buzoqchaning zorlanishiga rahmi kelib, oshning sabzisini solgach, sigirni ham sogʻib oldi.

Bu orada oʻgʻillari koʻchadan kelib qoldi. Kattasi oʻn ikki yoshda. Ammo u ham otasiga oʻxshab toʻlachadan kelgan, yalqov, gap olmas bola. Ikkinchisi sakkiz, uchinchisi toʻrt yoshda. Ayolning bor umidi oʻrtanchasidan. U mol boqar, oʻt yular, uy yumushlarida ham onasiga yordam berardi. Bugun ham shunday boʻldi.

Baribir osh pishguncha kech boʻlib qoldi. Ayol bu orada uy ichi-yu tashqarisini saranjom-sarishta qilgan, supaga suv sepib supurishga ham ulgurgandi. Atrofni nam tuproq va rayhonning nafis ifori tutib ketgandi. Oʻgʻillar supada osh suzilishiga intiq boʻlib oʻtirishardi. Er esa qornini qashlagancha kim bilandir telefonda gaplashar, har zamonda qattiq kekirib, supa ustidan rayhon tarafga tupurardi. Ayol oshni suzib kelganda bolalar onasiga yozgʻira boshladi:

– Shunaqa ham kech pishirasizmi? Hademay futbol boshlanadi-ku!

Eri esa, beparvo oshlaganni oʻziga oʻngʻay qilib toʻgʻriladi. Ayol bir dam bolalarining, erining ogʻziga jim tikilib turdi, koʻzlariga qaradi. Keyin shartta oʻrnidan turib, doʻkondan olib kelgan shokolad, shirin va achchiq suvni dasturxon ustiga qoʻydi. Bolalar xursandchilikdan chapak chalib yubordi. Er shishani koʻrib koʻzlari oʻynab ketdi. Keyin xotiniga:

– Tinchlikmi? – deya gap qotdi.

Ayol indamadi.

Bolalar sevinganidan qoʻllarida piyola ushlab, shirin suvni talasha boshladi. Ota barkashday qoʻllarini issiq oshga botirib yeya boshlagan ham ediki, xotinining harakatini koʻrib qotib qoldi. Bolalari ham shu zaylda onasidan koʻz uzmay qarab qolishdi. Ayol qoraygan qoʻllari bilan achchiq suv shishasining qopqogʻini ocholmay qiynalar, tishi bilan ochmoqchi boʻlardi. Negadir koʻzlari yoshlanar, lablari titrardi. Eri oshga botirilgan qoʻli kuyayotganini ham, bolalari esa ochiqqanini ham unutib, onaning holatini kuzatib turishardi. Ayol koʻzlaridan dona-dona yosh dumalab, qiynala-qiynala shishani ochdi. Qoʻllari titrar, junjikardi. Ayol piyolasiga toʻlatib achchiq oq suv quygach, hammaga bir-bir qarab qoʻydi-da, yigʻi aralash ovozda:

– Tugʻilgan kunim… tugʻilgan kunim… qutlugʻ boʻlsin! – deya oʻz ixtiyorini shayton izniga topshirdi…

 

Javlon JOVLIYEV

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.