Ayiqni yenggan polvon

0
208
marta koʻrilgan.

Koʻpni koʻrgan keksalar hamon gap-gashtaklarda, gurunglarda kurashdan soʻz ketgudek boʻlsa, asli Chiroqchining Qipchoqsaroy qishlogʻidan boʻlgan, yelkasi yer koʻrmagan mashhur Toʻlaboy polvonni (el-ulus Toʻla polvon deyishgan) eslashadi.

Tabiatan juda kuchli va epchil boʻlgan Toʻla polvonning bolalik va yoshlik davri mashaqqatli yillarga toʻgʻri kelgan. Otasi vafot etgach, qishloqning podasini boqib tirikchiligini oʻtkazar, baʼzan zerikmaslik uchun dalada har kuni buzoq, keyin hoʻkizlarni koʻtarib mashq qilar, quduqning qovgʻasi (teridan tikilgan katta chelak)ni bir oʻzi tortib, yuzga yaqin qoramolni sugʻorardi. Aslida zildek ogʻir qovgʻani quduqdan podachi va choʻponlar tuya yoki ot bilan tortishgan.

Yana bir kuni uch kishi katta qopdagi bugʻdoyni otga orta olmay, ovora boʻlib turganda, Toʻla polvon kelib qolib, qopni bir oʻzi dast koʻtarib, otga ortib bergan ekan.

Xullas, Toʻla polvonni koʻrgan, bilgan, u haqda eshitgan kishilar polvon bilan bogʻliq mana shunday koʻplab voqealarni aytib yurishadi.

Hamqishlogʻim Baxtiyor bobo (rahmatli) toʻy va kurashlarda koʻp yurgan emasmi, vohamizdan yetishib chiqqan mashhur polvonlar, chavandozlarning koʻpini bilardi. Ayniqsa, Toʻla polvon oʻsmirlik davrlarida maʼlum muddat Baxtiyor boboning togʻasi uyida yashagani bois, uni juda yaxshi tanigan. Toʻykurashlarga birga borib, sovrinni olib qaytgan. Shu bois Baxtiyor boboning Toʻla polvon haqidagi hikoyalari yanada maroqli edi.

– Oʻttizinchi yillarning oʻrtalarida oʻspirin bola edim, togʻam mulla Ibrohim tuman moliya idorasining boshligʻi boʻlib ishlardi, – deya hikoya qilib bergandi Baxtiyor bobo. – Togʻam bir kuni uyiga notanish yigitni otiga mingashtirib keldi va oila aʼzolariga Toʻla polvon deb tanishtirdi. Men uni ilk marta shunda koʻrganman. Toʻla polvon oʻrta boʻyli, keng yelkali, qoʻl-oyoqlari baquvvat, xushsurat yigit ekan.

Polvon togʻamning bogʻida ishlab, mol-holiga qarab yurdi. Baʼzan tengdosh joʻralarim bilan uning yoniga borib, polvonlik, chavandozlik haqidagi suhbatlarini miriqib tinglardik. Ana shunday damlarda uning koʻzlari chaqnab ketar, bizlarni kurash tushishga undar, turli usullarni erinmasdan oʻrgatar edi.

Toʻla polvon yaxshi chavandoz ham ekan. Sanchiqul qishlogʻida mulla Ibrohim, Mahmaroʻzi boy, Berdiyor chavandozlarning uloqchi otlari bilan koʻpkarilarda qatnashardi. Polvon oʻz nomi bilan polvon-da…

Oʻsha yillarda odamlar har yili erta koʻklamda Qoratepa arigʻida hayrov qilishib, suv yoʻlini tozalashar edi. Bir hayrovda Toʻla polvon ham ishtirok etdi. Mojor qishlogʻidan bir momo savob uchun hayrovchilarga bir paqir ugra osh olib keladi. Toʻla polvon momoning qoʻlidan chelakni olib, choʻkkalab oʻtirgancha bir koʻtarishda oshni ichib, uni boʻshatdi va momodan “Oshdan yana bormi?”, deb soʻradi. Momo polvonga hayratlanib qarabdi “Osh boru, senga emas, boshqalarga”, deydi.

Yana bir yili qish qattiq kelib, qalin qor yogʻdi. Kunlarning birida qorning ogʻirligini koʻtara olmay, togʻamning qoʻrasining yoʻgʻon ustuni bexosdan sinib ketadi va qoʻylar bostirma tagida qoladi. Qarsillagan tovushni eshitgan Toʻla polvon yugurib kelib togʻamni chaqiribdi. Soʻngra zildek yogʻochni yelkasiga olib, togʻam qoʻylarni haydab chiqquncha bostirmani koʻtarib turibdi. Shu voqeadan keyin togʻamning polvonga mehri yanada ortib ketadi. Qolaversa, besh-olti yoshli qizlari Hojarbibi va Ruyoboylar ham Toʻlaboyni xuddi tugʻishgan akalaridek yaxshi koʻrishar, u esa qizaloqlarni yelkasida koʻtarib, oʻynatib yurar, mening ularga havasim kelardi.

***

– Toʻla polvon 17-18 yoshlarida haqiqiy polvon sifatida el nazariga tushdi. Toʻy va sayillarda birinchi tovoqni olib, davralarni toʻxtatib koʻyadigan boʻldi.

Samarqandda yashaydigan Prisyan polvon (asli kavkazlik) Toʻla polvonning dovrugʻini eshitib, u bilan kurashish maqsadida Chiyali qishlogʻidagi katta toʻyga keladi. Birinchi tovoqni Toʻla polvon olgach, talab qilib maydonga chiqdi.

Oʻsha davrada men ham bor edim. Xuddi afsonalarda tasvirlangan devdek barzangi Prisyan polvonning qarshisida Toʻla polvon koʻzimga yosh boladek koʻrindi. Kuchiga ishongan arman polvoni hatto raqibiga nazar solishni ham oʻziga ep koʻrmadi. Toʻla polvon esa xotirjam davra aylandi. Soʻngra kurash boshlandi. Prisyan polvon qoʻllarini yozib keldi. Toʻla polvon bilaklarini oʻynatib unga yaqinlashdi. Birinchi qafasda polvonlar bir-birini sinab koʻrishgach, ikkinchi qoʻlda Toʻla polvon “Yo, pirim!” dediyu, mashhur armani polvoniga qoʻshpoycha soldi. Raqib butun gavdasi bilan gursillab maydon oʻrtasiga yiqildi. El “Halol!” deb hayqirdi. Magʻlub polvon uyalganidan yigʻlab davradan chiqib ketdi. Zotga berilgan toyni qishloqqa minib qaytarkanman, negadir qoʻshiq aytgim keldi, gʻolib Toʻla polvon emas, goʻyo oʻzim edim.

Ertasiga togʻam Toʻla polvonning sharafiga elga osh berdi.

Polvonning dovrugʻi ketdi.

***

– Oʻsha yili gʻalla moʻl boʻldi, toʻylar qizidi. Togʻli Gʻilon qishlogʻidan boʻlgan bir kishi ayiq bolasini boqib katta qilgan, uni kurash tushishga oʻrgatgan ekan. U qishloqma-qishloq yurib, ayiqni toʻylarga olib borar, lekin ayiq bilan olishishga hech kimning yuragi dov bermasdi.

Bir yili Chiroqchida oʻtadigan Ramazon hayiti sayliga togʻdan ayiq polvon kelarmish, u bilan kim kurashsa, zotiga tuya qoʻyilar emish, degan shov-shuv tarqaldi. Toʻla polvon bu gapni eshitib, sayilga bordi. Darhaqiqat, ayiq polvon kelgan ekan.

Katta kurash boshlandi. Avval yosh polvonlar, soʻngra atoqli polvonlar kuch sinashdi. Kurash oxirida bakovul davrani tartibga chaqirib, baland ovozda eʼlon qildi:

– Togʻdan ayiq polvon kelgan. Kimki unga chiqsa, zotiga nor tuya qoʻyiladi. Talabgoring, ayiq bilan kurashishga yuragi urganing oʻrtaga chiq!

Shu payt baland boʻyli bir kishi bahaybat kulrang ayiqni ergashtirib davraga chiqdi. Qurgʻur “Ayiqpolvon” beliga belbogʻ bogʻlagan, xuddi alplardek ikki oyoqda davra aylandi. Uning haybatiyu, shashtini koʻrgan zoʻrlar jim boʻlib, pisib qolishdi.

Bakovul yana tovush berdi:

– Eldoshlar, koʻngillaring oʻzlaringdan qolsin, yana bir chaqiraman, agar talabgor boʻlmasa, tuya “Ayiqpolvon”ga ketadi.

Davraning adogʻida oʻtirgan Toʻla polvon chiday olmadi, davraga otilib chiqdi. Togʻam uni qaytarmoqchi boʻldi, ammo xaloyiq: “Olish”, “Qaytma” deb unga dalda berdi. U avval keksalardan duo oldi. “Iloho, yigit piri qoʻllasin, Toʻlaboy. Lekin ayiqning quchogʻiga borma”, deyishdi ular. Ayiq polvon raqibini koʻrib, gʻalati boʻkirdi. Bu uning Toʻla polvonga: “Menga bekor chiqding, juvonmarg ketasan”, deganimidi?! Yo, boʻlmasa…

Toʻla polvon sherdek ohista davra aylanib, qulay fursatni kuta boshladi. Ayiqqa qaysi usulini qoʻllasa boʻladi? Uni quchoqlab, qoʻsh poychaga olib boʻlmaydi. Quchoqlasa, ayiq beliga shikast yetkazishi mumkin. Yaxshisi, uni yelkadan oshirib urish kerak.

Toʻla polvon ayiqqa tik borib, chap qoʻli bilan ayiqning koʻzini shamgʻalat qilib, bosqondek oʻng qoʻli bilan ayiqning chap bilagiga urib, jonsizlantirdi. Soʻng jonivorning oʻng qoʻlidan ushlab, davrani ikki marta aylantirib, boshidan oshirib tashladi. Ayiq uning yelkasidan xuddi somon toʻldirilgan qanordek oshib ketdi. Davradagilar qiyqirib yubordi. Toʻla polvon zudlik bilan davrani tark etdi. Gʻazablangan ayiq boʻkirgancha raqibini izlab qoldi. Oʻsha paytdagi Chiroqchi tuman militsiyasi boshligʻi Ahmad Rustamov Toʻla polvonning yelkasiga oʻzining choponini yopdi.

Biz tuyani yetaklab qishloqqa qaytdik.

Ertasiga Toʻla polvon oʻng yelkasi achishayotganini aytdi. Qarasak, ayiq panjasining izi ekan.

Oradan yillar oʻtdi. Togʻam Toʻla polvonni uylantirib, xizmatiga rozi boʻlib, yurtiga kuzatib qoʻydi.

***

Chiroqchilik atoqli polvon Abdurashid Mirzayev ham oʻzining “Kurashning qayta tugʻilishi” kitobida Toʻla polvonni xotirlaydi.

“Zoʻrlar olishganda maydon larzaga keladi. Ikki alp uzoq kurash tushdi. Kuchlar teng keldi. Davrani boshqarayotgan Norqora bobo muxlislarga ikki mashhur polvonning kuchlari teng keldi, endi ularni ajratib qoʻyaylik deb ruxsat soʻraydi. Xaloyiq baralla “Mayli shunday boʻlsin, Mavlon Mavlonda, Toʻla Toʻladan qolsin”, deb hayqirib rozilik berdi” deya yozadi muallif.

Abdurashid Mirzayev shuningdek, oʻsha yillarda el-ulus orasida Toʻla polvon va yana bir mashhur Mavlon polvon haqidagi bahslar, ularning qaysi biri zoʻrligi borasida tortishuvlar qanchalik qiziganini ham maroq bilan eslaydi. U bunga misol qilib qishloq odamlari kulishib aytib yuradigan bir voqeani keltiradi: “Bir maʼrakadan qaytayotgan ikki chol eshaklari ustida oʻtirishgancha tortishib borayotir. Chunki, ularning ikkovi ikki urugʻdan, biri Mavlon zoʻr desa, ikkinchisi yoʻq, Toʻla polvon zoʻr deydi. Oxiri eshakni niqtaydigan xalachoʻplar jangi boshlandi. Odamlarning “E, bu chollarga nima boʻlgan oʻzi” degan qarashlari ular uchun hozir yot edi.

Oxiri raqiblardan biri oʻziga kelib,”Eh, Mavloniyam, Toʻla polvoniyam qursin. Bu omon boʻlgurlar xoʻp ish qildi-yov, Abdusamatboy. Lekin bugun biz ulardan ham koʻproq ish qildik. Janjallashib uyimizdan ikki chaqirim nariga oʻtib ketibmiz-ku”, degan ekan…

Darhaqiqat, Toʻla polvon elning or-nomusi deb maydonga tushib, biror marta magʻlub boʻlmagan. Shu boisdan uning nomi yillar osha elning xotirasida yashab kelayapti. Toʻla polvon 1946 yilda vafot etgan va undan Mengir ismli oʻgʻli va bir qiz qolgan. Oʻgʻli dehqonchilik bilan shugʻullangan va uylanib ikki oʻgʻil va toʻqqiz qizli boʻldi. Bugun mashhur polvonning nabirasi Abdimurod Toʻlaboyev qishlogʻidagi 67-oʻrta maktabda direktor boʻlib faoliyat yuritmoqda.

Xalqimizning “Oqqan daryo yana oqadi” degan gapi bor. Ishonamizki, kuni kelib polvonning avlodlaridan xuddi bobosidek yengilmas kurashchilar yetishib chiqadi.

 

Oʻrolboy QOBIL,

Qamashi tumani

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.