“Aybim nima?..”

0
223
marta koʻrilgan.

Xonadan chiqqanimda soat tungi oʻn ikki edi. Taksiga oʻtirdim. Qattiq charchaganman chogʻi, mashinaga oʻtirishim bilan koʻzim ketibdi. Bir mahal qarasam, svetoforning qizil chirogʻida toʻxtab turgan ekanmiz. Shu payt bir ayol mashina oynasini chertdi. «Nima gapi bor ekan?» deb oynani tushirdim. Shundagina ayolning qoʻlidagi chaqaloqqa qoʻzim tushdi.

 – Akajon, qiynalib qoldim. Yordam bering, bolamning mazasi yoʻq, – dedi u.

Vaziyatni toʻgʻri tushunolmasdan (lahzalik uyquning karaxtligidan) goʻyo ayolni mazax qilgandek:

– Voy, bolangizning mazasi boʻlmasa, doʻxtirga olib boring. Koʻcha sovuq, – deb yuboribman. Birdan svetoforning yashil chirogʻi yondiyu, mashina qoʻzgʻaldi. Koʻchada havo sovuq, izgʻirin edi.

Bir chaqirimcha yoʻl yurganimizdan soʻng yoʻl chetida bir qora sharpa koʻrindi. Haydovchi:

– Uzr, ogʻayni, shoshmayotgan boʻlsangiz, yoʻl chetidagi ayoldan u-bu narsa olvosam, – deb qoldi.

Taxminimcha, qalin palto va kurtkalardan qavat-qavat qilib kiyib olgan, oyogʻida erkaklar etigi, yoshi ham elliklarni qoralab qolgan bu xotin kichkina stolchada saqich, pista kabilarni sotib, baqqollik qilib oʻtirardi.

Haydovchi undan sotib olgan narsalarini mashina magnitofoni yoniga tashlab qoʻydi. Hayron boʻldim.

– Xumori tutayotgan boʻlsa, bexijolat chekib ketavering, aka, – dedim.

– Men umuman chekmayman, – yoʻldan koʻz uzmay javob berdi haydovchi.

– Unda nega sotib oldingiz?

– Bu bechora ayol uyidagi bolalarini boqish uchun oʻz sogʻligʻidan kechib, tun yarmida ham koʻchada oʻtiribdi. Uni yaxshi taniyman. Mahallamizga kiraverishda turishadi. Yoshi katta boʻlgani bilan bolalari hali yosh. Eri oʻtgan yili qazo qildi. Yaxshi odam edi, rahmatli. Svetoforda duch kelgan juvonni esa… bilmadim. Har ne boʻlganda ham, farzand pul topish yoʻlida bunday vosita boʻlmasligi kerak.

Haydovchi haq edi.

Issiqqina beshikda uxlash oʻrniga qora qishning izgʻirinida pul topish uchun ayni vositaga aylangan bu norasidaning aybi nima? Ota-ona keksayib, kuchdan qolgach, ularga gʻamxoʻrlik qilish, issiq-sovugʻidan xabar olish, garchi buning imkoni boʻlmasa-da, “qarzlarining ozginasidan qutulish” har bir farzandning burchidir. Ammo bu farzand oʻsha burchni tugʻilganidan boshlab ado etishga mahkum qilingan. Endigina dunyoni taniyotgan bu goʻdakning koʻz oʻngida gavdalanayotgan hayot, tiriklik, insoniyat naqadar gʻarib.

Uyimga kelib, issiq oʻrinda yotibman-u, sovuqda qolgan boyagi goʻdak xayolimdan ketmadi. Tonggacha oʻylab chiqdim. Xayollarim chalkashib, koʻzimga uyqu inibdi. Tush ham koʻribman. Tushimda oʻsha goʻdak maʼyus koʻzlarini menga tikkancha, nuqul savol berarmish: “Mening aybim nima?..”

Javob topolmay qiynalaman. Balki yashab qolishing yo boʻlmasa, “Bolalar uyi”da ota-onasiz katta boʻlmasliging uchun shunday boʻlishi kerak boʻlgandir, bolajon…”, deyman pichirlab…

 

Islomjon QOʻChQOROV

 

“Oila davrasida”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.