Armon

0
482
marta koʻrilgan.

“Bolaligim koʻchalarida” turkumidan

 

Qishlogʻimiz etagidan anhor oqadi. Chorjoʻy deb atashadi uni. Bahor, yozda ogʻiz-burnidan toʻlib, pishqirib yotadi-yu, erta kuzdayoq tiniqib, jildirab qoladi. Uning ikki tarafi ham paxtazor. Kolxozchilar anhor boʻyidagi tollar tagida choyxoʻrlik qilishadi, hordiq chiqarishadi. Biz bolalar dam olishni oʻylamaymiz. Tushlikka chiqdikmi – bas, hech kim tiyib qololmaydi bizni. Qirgʻoq boʻylab tirqirab ketib, bekinmachoq oʻynaymiz. Anhorga egilgan tollarga chiqib, suvga kalla otib choʻmilishning gashtini qoʻyavering!

Koʻpincha oʻynab yurib, xilvat qirgʻoqlarda oʻtirgan brigadamiz qizlarini koʻrib qolamiz. Qizlar oyoqlarini suvga osiltirgancha sirli pichirlashib, qiqir-qiqir kulishib, oʻsma qoʻyayotgan yoki soch oʻrib turishgan boʻladi. Baʼzi shumgʻiya bolalar ularni poylab, chinu yolgʻon gaplarni topib kelishadi. Mening jahlim chiqib, ular bilan gʻijillashib qolaman. Chunki qizlar orasida Dildor opam ham bor-da. Opamning yolgʻiz oʻzi bir chekkada kitob oʻqib yoki roʻmolchaga gul tikib oʻtirgan vaqtlari ham koʻp boʻladi. Shunday paytlarda baʼzan boʻtana anhorga termilgancha oʻy surib ketadi. Uning timqora mayda oʻrim sochlari orqa-oldini tutib, xayolchan oʻtirishlari biram chiroyliki…

…Suv qirgʻoqqa shalop-shalop urilib, qamishu yalpizlarni yulqilab, qaynab oqib boryapti. Opam oʻyga choʻmgan. Nazarimda anhor uning xayollarini allaqayoqlarga olib ketgan. Men sharpasizgina boramanu, uning yoniga choʻkaman. U sezmaydi.

Opam suvga tikiladi. Men unga…

Negadir oʻzicha jilmayadi. Men ham…

U hushyor tortib, menga oʻgiriladi:

– Ha, paxmoqvoy?!

“Hech nima”, deganday bosh irgʻab, mayin kulimsirab turaveraman. U mening qiligʻimdan zavqlanib ketadi-da, paxmoq boshimni bagʻriga bosadi.

“Oʻzimning shiringinam-yey”.

Allaqanday xushboʻy isdan, haroratdan entikaman, koʻzlarim tinib ketadi… “Opam yaxshi, hammadan ham yaxshi, hammadan chiroyli!” Uni qattiqroq quchoqlayman…

Shu kunlarda juda qiynalib yuribdi opam bechora. Dadam oʻqishga qoʻymadi. Buning ustiga kunora eshigimizda sovchi. Gapning ochigʻi, mening ham yuragim bezillab qoldi shu sovchi deganidan. Chunki ular kirib kelishi bilan opamning rangi oʻchaveradi. Maʼyuslanib, toʻmshayib uyga kirib oladi. Tuz ham totmaydi. Rahmim keladi unga. Yaxshiyam dadam sovchilarga roʻyxushlik bermayapti.

…Kechqurun daladan qaytib, yuz-qoʻlimni yuvayotuvdim, darvozamiz taqillab qoldi. Birov: “Odilxon!” deb tovush berdi. Bobir va Sobirjonni yuvintirayotgan opam negadir sarosimaga tushib:

– Nodir, ukalaringga qara, – dedi-yu oʻzini ichkariga oldi.

Dadam ikki qariyani boshlab kirdi. Men xavotirlanib, ularga qaradim. Qariyalar Oqil mirob (partadoshim Noʻmonning buvasi) bilan bir qoʻlli Hakim buva edi. Hayron qoldim: opam nega berkinib oldiykin? Keyin obdasta talashib shovqin solayotgan ukalarimni nari-beri yuvintirib, uyga yetaklab kirdim.

– Qizim, bir chimdim osh…

Orqamizdan kulimsirab kirib kelgan ayam gapini tugatmayoq, qizarib turgan opam yerga qaragancha bosh irgʻab, oshxonaga yoʻl oldi. Odatdagidek, men qozonga oʻt yoqib, koʻmaklashib turdim, u masalliq tayyorlay boshladi.

…Ayam choy damlayotib, shipshidi:

– Komiljondan kelishibdi…

Sabzi toʻgʻrayotgan opam boshini koʻtarmadi. Battar qizardi. Darrov fahmladim: “Ha, bular ham sovchilar”.

Opamga razm soldim: qiziq, bugun u xafamas. Qaytaga qandaydir… Oʻchoqda yonayotgan olovga termilib, jilmayib qoʻyadi.

Ayamning ham kayfiyati durust. Faqat soʻrida mehmonlar bilan oʻtirgan, qalin qora soqoliga yakkam-dukkam oq oralagan dadamning yuzidan esa biror nima anglash qiyin…

Sovchilar ketishdi. Ayam dadamni ham kuzatib (u kishi poliz qorovuli), keyin oshxonaga kirdi. Idish-tovoqlarni yuvayotgan opam unga bir qarab qoʻydi-da, nimadandir choʻchiganday ishida davom etdi. Sezib turibman: qulogʻi ayamda. Men ham gap poylayapman.

Ammo ayam: “Borib yot, ertalab barvaqt turasan”, deb qoldi menga. Noiloj hovliga chiqdim.

…Azonda opam ikkimiz gʻoʻza chopiqqa joʻnadik. U oʻychan, men bilan ishi ham yoʻq. Sababini soʻrashga botinolmayman. Soʻraganda ham aytarmidi… Uning koʻnglidan kechayotganlarni oʻzimcha topmoqchi boʻlaman. Kecha Oqil buvalar kirib kelishganda u qizarinqirab, allaqanday ochilib ketgandi. Ular joʻnashdiyu, oʻzgarib qoldi. Umuman, sal tushunganday boʻlyapman. Demak, opam Komil akani… lekin dadam…

Komil aka brigadamiz traktorchisi. Otasini urushda oʻlgan deyishadi. Onasi Halima xola oʻtgan yili vafot qilgandi. Shundan beri katta hovlida bir oʻzi yashaydi. Komil akani juda yoqtiraman. Nima sababdan – oʻzim ham bilmayman. Men ham u kishidek traktorchi boʻlmoqchiman. Niyatimni aytuvdim, bir-ikki yildan soʻng – oyogʻim pedalga yetadigan boʻlgach, haydashni oʻrgatishga soʻz berdilar.

Komil aka ham opamga sovchi qoʻyibdi, lekin u anovi “naynov”ga sira oʻxshamaydi. Opam haqida gapirib meni hecham ranjitmagan. Qoʻshni qishloqda Fozil ismli qarindoshimiz bor, “naynov” deganim oʻsha. Qiltiriq va novchaligi uchunmi, unga shunaqa nom qoʻyishgan. Shaharda oʻqiydi. Tunov kuni koʻchada toʻxtatib, juda quyuq soʻrashib ketdi men bilan. Oʻqishimni surishtirdi. Keyin “bizdan sovgʻa” deb qoʻlimga sariq qopqoqchali avtoruchka tutqazdi. Juda chiroyli. “Bolalarga koʻrsatib, bir maqtanadigan boʻldim-da”, deb suyunib turuvdim, bir mahal bitta shisha quticha ham uzatyapti. Ichida gardishi sariq kichkina soatcha.

“Shuni opayizga berib qoʻyasiz”, deydi. Angrayib qoldim. “Oʻzimam hayron boʻlib turgandim-a, nega sovgʻa beryapti deb, meni aldamoqchi boʻpti-da. Yoʻq, u oʻylagancha landovur emasman”. Feʼlim aynab, ruchkasini qoʻliga tutqazdim-da, joʻnab qoldim. “Jiyan, oʻ jiyan!” deb baqirib qoldi, qaramadim. Opamga aytgandim: “Boplabsan-ku, goʻrsoʻxtani”, deb erkalab, oʻpib qoʻydi.

Opam juda yaxshi-da. Ayamning oʻzginasi – mehnatkash, hammaga mehribon. Ayollar doim maqtashadi. Baʼzan meni ham maqtab, unga oʻxshatishadi. Men quvonaman: “Opamga oʻxshasam – chiroyli ekanman-da”. Xoh uyda boʻlsin, xoh dashtda – sira undan ajralgim kelmaydi.

…Opam ham, men ham jim… Oʻzimizcha oʻy surib, dalaga yetib bordik. Ishga tushlik. Men oldinroqda oʻtlarni yulaman. U orqamdan chopiq qiladi. Har zamonda anhorning naryogʻida tutuni buruqsib ishlayotgan “Universal” tomonga qarab qoʻyadi. “Universal”ni Komil aka haydayapti. Opamning siniq nigohi, maʼyus koʻzlariga qarab, achinib ketdim. Nazarimda iloj topsa, oʻsha yoqqa qarab uchsa. Lekin u yoqqa qanday borsin? Atrofimiz toʻla xotin-xalaj. Bir yogʻi mendan ham choʻchiydi, dadamga aytib qoʻyadi deb. Toʻgʻri, Fozilga oʻxshaganlar bilan gaplashishini sira istamayman. Lekin Komil aka boshqa gap.

Ikkimiz hammadan oldin egatimizni chopib chiqib, tutlarning soyasiga borib oʻtirdik… Shunda: “Opa, isib ketdim, choʻmilaman”, dedim.

– Mayli, boraqol, – dedi u maʼyusgina.

– Siz ham yuring, bir oʻzim qoʻrqaman. Bolalar kecha ilon koʻrishibdi.

Bu gapimdan opamning chehrasi xiyla ochilib, oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

– Yur, boʻlmasa.

Biz bahaybat keksa tollar ostidan jimillab oqib yotgan Chorjoʻy boʻyiga yetib keldik. Komil aka bizlarni koʻrib, traktorini oʻchirdi. Anhorga tashlangan yakkachoʻpdan oʻtib, yonimizga keldi. Avval men bilan, keyin opam bilan koʻrishib, soʻrashdi. U kishiga razm soldim. Uning ham qarashlari oʻychan. Opamga nimadir demoqchi-yu, mendan istihola qilyapti. Sal nariroqqa borib tez-tez yechindimu, suvga tushdim. Shu payt anhorning quyi tarafidan bolalarning qiyqirigʻi eshitilib qoldi.

– Opa, men ketdim!

Yerda yotgan kiyimlarimni oldim-da, ovoz kelgan tomonga yugurdim.

…Komil akadan yana bir necha bor sovchi keldi. Gapning rosti, men quvonib yurdim. Opamning Komil akaga toʻy boʻlishiga ishonardim-da. Oʻzi odat shunaqa. Ikki-uch marta sovchi kelgandan soʻng rozilik berishadi. Keyin bilsam, dadam unamaydigan. Achchiqlanib ketdim. “Nega unaqa qilasiz, dada?! Axir opam ham, ayam ham, men ham Komil akani yaxshi koʻramiz-ku?!” degim keladi-yu, uyalaman. Qoʻrqaman ham…

Bir kuni ishdan qaytsak, darvozamiz oldida yap-yangi “Pobeda”. Opamning rangi boʻzday oqarib, oʻzini qoʻshni hovliga urdi. Hayron qolib, shoshib ichkariga kirdim. Rayonda allaqanaqa idoraning boshligʻi boʻlib ishlaydigan Sattor amaki (“Naynov”ning dadasi), ikki qariya va dadam soʻrida chaqchaqlashib oʻtirishar, ayam oshxonada, qozonning tagida gurillab yonayotgan olovga termilgancha, chuqur oʻyga botib turardi.

Bechora Dildor opam oʻsha kechasi bilan piqillab yigʻlab chiqdi…

 

***

Avgustning oxirlari, opamning toʻyidan bir kun oldin Komil akani uyining oldida uchratdim. Tomorqasiga suv ochayotgan ekan. Opam unashtirilgandan buyon Komil akaga birinchi koʻrinishim edi. Negadir oʻzimni aybdorday sezardim. Yoniga borib: “Assalom”, dedim sekingina.

– Ie, Nodirjon, kel, juda kamnamo boʻlib ketding, – dedi Komil aka. Keyin loyli qoʻllarini yuvib, men bilan koʻrishdi. – Qani yur, ichkariga kiramiz.

Bu hovliga birinchi kirishim edi. Juda sarishtali ekan. Hovli yuziga quyuq soya solgan baland ishkomda husaynilar yaltiraydi. Tomorqaning oldi qip-qizil gulzor. Komil aka menga ishkom tagidagi chorpoyadan joy koʻrsatib, oldimga uzum, tarvuz qoʻydi. Keyin:

– Oʻtira tur, men hozir, – dedi-da, ketmon olib tomorqaga kirdi.

“Katta hovlida bir oʻzlari qoʻrqmaydilarmi-a? – deb oʻylanaman ekinlarga suv tarayotgan Komil akaga qarab. – Ovqatlarini kim pishirib beradi?..”

Ikkimiz ancha gaplashib oʻtirdik. Qaytayotib: “Ertaga toʻyga boring”, dedimu qizarib ketdim. U oʻzini sezmaganga oldi. Keyin yelkamga qoʻlini qoʻyib, negadir ancha ikkilanib turdi-da:

Nodirjon, sendan bitta iltimosim bor, bajarasanmi? – dedi.

– Mayli, – dedim darrov, hali nima ishligini bilmasam ham.

Bir konvert berdi.

– Opamgami?

U bosh irgʻadi. Xatni qoʻynimga tiqib, koʻchaga otildim. Juda xursand edim: har holda qandaydir yordamim tegadigan boʻldi-da, Komil akaga.

…Uyimizda odam gavjum ekan. Hamma toʻy tashvishida. Opamning xonasi toʻla qizlaru, negadir jimjit.

Xonaga kirolmay garangsib turgan edim, dadam chaqirib qoldi.

– Qayoqda yuribsan, sanqi?

Dadamning oldida qoʻlini choʻntagiga tiqib, Sodiq tirjayib turardi. U boʻlgʻusi pochcham Fozilning ukasi. Xushlamay koʻrishdim.

– Ovqatlanib olginu, chaylaga joʻna. Mana, Sodiqbek ham birga bormoqchi. Boxavar boʻlinglar, xoʻpmi!

Jahlim chiqdi. Sinfimizdagi eng yomon koʻrganim shu bola. Olifta, maqtanchoq, nuqul bir shumlikni qoʻzgʻab turadi-yu, jabrini boshqalar koʻradi. Hammani zir titratadigan sinf rahbarimiz negadir unga indamaydi. “Dadasidan qoʻrqadi-da”, deydi bolalar. Qiziq, nega qoʻrqarkin?.. Chaylaga ketayotib, yoʻlda Noʻmonni ham chaqirib oldik. Sodiq boʻlmaganda-ku, yana bir-ikki bolani yigʻib borib, rosa bekinmachoq oʻynardik-a. Sodiq qayerda boʻlsa ishni buzib turadi.

Noʻmon ikkimiz chaylaga chiqdik-da, yulduzlarga tikilib, suhbatlashib yotdik. Sodiq umrida qovun koʻrmaganday ikkita sapchani uzib chiqib, birini tilimladi.

– Vah, vah, zoʻr ekan-ku! Sanlar yemaysanmi? – deb bizni ham taklif qilgan boʻldi. Biz indamadik. U lagerda qilib kelgan “maishatini” oʻzicha maqtab-maqtab, pishillab qovunni yeyaverdi. Keyin sovuqdan diydirab, yonimizga suqildi. Jagʻi tinavermagandi, Noʻmon bir esnab olib: “Kelinglar, kim oldin uxlar oʻynaymiz”, deb, uni jim qildi. Men qoʻynimdagi xatni oʻylay boshladim, “opamga berolmadim, chakki boʻldi-da. Ha, ertalab berarman. Qiziq, nima yozilgan ekan-a?” Fonus yorugʻiga tutib, bir oʻqimoqchi ham boʻldimu, tagʻin bular sezib qolmasin, deb yana fikrimdan qaytdim. Xatni qoʻynimdan olib, yostigʻimning ostiga bostirib qoʻydim.

…Ertalab Noʻmon uygʻotdi.

– Tur, Nodir, rosa uxlappiz-ku!

Koʻzimni ochdim. Kun yoyilib qolibdi. Sodiq yoʻq. Oʻrnimdan turib, toʻshaklarni yigʻdim. “Ie, xat qani?” Koʻrpani qayta yoyib, qat-qatini koʻrib chiqdim. Noʻmonga aytdim, ikkimiz chaylaning osti-usti qolmadi, titib chiqdiq, yoʻq.

“Demak, Sodiq olgan, oʻqigan. Hozir olib borib akasiga beradi. Keyin boʻladi tomosha”.

Oʻzimni emas, opamni, Komil akani oʻylab qalt-qalt titray boshladim.

– Noʻmonjon, ayt, nima qilamiz, joʻra?

Sodiqni izlab ketdik. Uni topib, mushtlashib boʻlsa ham xatni tortib olmoqchi edik. Lekin kun boʻyi qidirib ovora boʻldik. Topolmadik. Keyin yuragimizni hovuchlab, nimanidir kuta boshladik. Biroq toʻy boshlandi hamki, hech narsa sodir boʻlmadi.

Kechqurun yana polizga, dadamning oʻrnida qoʻriqchilik qilayotgan kishiga toʻyning mayda-chuydasini olib bordim. Qaytayotganimda anhor boʻyida birov turardi. Qorongʻida tanimadim. Yaqinroq bordim: Komil aka! “Nima qilsamikin? Sezdirmay oʻtib ketsam-chi?” Biroq u koʻrib qolib, men tomon yurdi.

– Ha, Nodirjon, nima gap?

– Safar akaga ovqat opkeluvdim.

U sinchkov qarab turdi-yu, lekin hech nima demadi. Xatni soʻrasa: “Bergandim”, deb javob qilishni oʻylab qoʻygandim. Boshqa nima dey? Rostini aytsam, xafa boʻladi.

– Nega shoshmayapsan? Axir…

– Borgim kelmayapti.

Negadir uni yolgʻiz qoldirib ketishni istamasdim. Qishloqda qanaqa toʻy boʻlmasin, Komil aka aralashib, xizmat qilib yurar, oʻyinga tushib, davralarni qizdirardi. Bugun boʻlsa…

U qishloq tomonga qarab-qarab qoʻyib, ustma-ust chekardi.

Qishloqdan childirma, qiyqiriq qoʻshiq ovozlari eshitila boshladi. “Kuyovnavkarlar kelishdi”, oʻyladim men. Komil aka betoqatlanganday boʻlib oʻrnidan turdi. Paxtazor chekkasidagi yoʻlga chiqib, papiros chekkanicha ancha u yoqdan-bu yoqqa yurdi. Qaytib kelib, yonimga oʻtirar ekan:

– Nodirjon, bora qol endi, kech boʻldi, – dedi horgʻin. Boshqa gapirmadi. Men ham hech narsa soʻramay, unga oʻxshab suvga tikilib oʻtiraverdim. Ammo Komil akaning bu yerda nima qilib turganini, xatda nimalar yozilganini fahmlab, koʻnglimga gʻulgʻula tusha boshlagan edi.

Anchadan keyin qishloqdan “yor-yor” sadolari eshitila boshladi. “Opamni olib ketishyapti”. Komil aka bu paytda oy nurida jimirlab oqayotgan anhorga tikilib, chuqur oʻyga tolgan. Lekin boyagi holatiga nisbatan allanechuk osoyishta edi. Qudalar qisqa yoʻl qolib, dala yoʻlidan kelishayotgandi chamasi, “yor-yor” tobora balandroq, aniqroq eshitila boshladi.

Bir yostiqqa ikki bosh,

Yor-yor, yoron-ye!

Ikkovi ham qalamqosh,

Yor-yor, yoron-ye!

Komil aka nimadir dedi, anglamadim. Xatni soʻrayotgandir, degan xayolda:

– Ha, beruvdim, – dedim shosha-pisha, keyin qip-qizarib ketdim, yaxshiyam qorongʻi.

– Mayli, bora qol, – dedi u ovozi titrab va oʻrnidan turdi. Boshimni silab, bir muddat tikilib turdi-da, yana: – Bora qol, Nodirjon, – dedi, soʻng keta boshladi.

Shu payt paxtazor etagidagi yoʻlda opamni olib ketayotgan mashinalarning chiroqlari, chiroq yorugʻida oʻyin tushib, “yor-yor” aytib borayotganlarning qorasi koʻrindi.

Komil aka olislab borardi. Negadir: “Toʻxtang, Komil aka!” – deb baqirdim-da, uning orqasidan yugurdim. U meni biror nimadan qoʻrqdi, deb oʻyladi shekilli, darrov quchoqlab oldi.

– Nima gap? Nima boʻldi?

– Komil aka, men yolgʻon gapirdim, – deb hoʻngrab yubordim. – Siz birpas qarab turing, men hozir kelaman. – Uning quchogʻidan yulqinib chiqdim-da, chopib ketdim.

Boʻliq gʻoʻzalarga oʻralib, yiqilib, yana turib chopaverdim. Keyin es-hushimni yigʻib, yoʻlga chiqib oldim.

Men hech narsadan hayiqmay, opamni bu yot odamlardan tortib oladigan vajohatda yugurib kelayotgandim. Lekin olov mashʼala tagida mast-alast qiyqirib, oʻynab kelayotgan kuyovnavkarlarga yetib keldimu, yoʻl oʻrtasida gangib turib qoldim. Meni turtib, nuqib chekkaga chiqarib ketishdi. Orqada, chang-toʻzon ichida “Pobeda”, undan keyin esa ayollar tushgan yuk mashinasi kelayotgandi. Ayollar ham oʻzlaricha oʻlan aytishardi. Men “Pobeda” bilan baravar chopqillab borarkanman, nima qilishga aqlim yetmas, yuragim betoqat tipirchilardi.

Mashinada opamning yonida oʻtirgan Sobirga koʻzim tushdiyu, iloji topilganday quvonib ketdim. “Sobirjon, jon ukajon, pastga tush, men minay”, deb unga yalina boshladim. U boʻlsa indamay aftini burishtirar, yigʻlamoqchi boʻlardi. Bir mahal odamlar yurishdan toʻxtadi-da, gʻala-gʻovur boshlandi.

– Yoʻlni boylashibdimi, kim ekan u?

– Naim piyon-da, kim boʻlardi!

– Hov piyon, yoʻlni boʻshat, boʻlmasa hozir…

Naim piyon traktorini yoʻlga koʻndalang qoʻyib, oʻzi qoʻlini beliga tiraganicha oʻrtada turardi.

Bir yigit traktorga chaqqon chiqib, uni yurgizmoqchi boʻldi, uddasidan chiqolmadi. Naim piyon unga oʻshqirib ketdi.

– Hoʻv tirmizak, baqqa tush, tush-e, betamiz! Chigirtkaday sakraysan. Buni san tugul, avliyosi ham jildirolmaydi. Man haqqimni olaman, keyin katta koʻcha!

– Berivor tegishini, oʻlmadi, qutulmadik-da, shu piyondan.

Kimdir pul berdi. Biroq u yana toʻpolon qildi.

– Nima, man gadoymi, sadaqa berasizlar?! Oyday qizimizni opketyapsizlar. Qattiqlik ham evi bilan-da! Aqalli yarimtaga yarasha ber mundoq!.. A?! Nima deding?! Nimasi uyat ekan? Man zakonniy haqimni soʻrayapman, xoʻpmi?! Zakonda shu narsa burundan bormi? Bor! Yo Sattorvoyni davlati kamayib qoladi, deyapsanmi?! Ya-aq, qoʻrqma, yuz yilga yetadi yiqqani. San koʻp padxalimlik qilaverma, bilaman, hammang ham…

– E, berib yubor! – deb baqirdi birov betoqat.

Naim piyon tegishini olgach, traktoriga mindi. Soʻngra engashib, qanaqadir simni shoshmasdan bogʻladi. Keyin iljayib:

– Qani, azamatlar, bir itarib yuboringlar, ha, qani, ha, yeshyo vzyali!

Yoʻl ochilgach, birov yomon soʻkindi-da:

– Ha, Rahim hofiz, boshla, qani ketdik! – deb baqirdi.

Men bu orada Sobirni aldab tushirib, opamning yoniga oʻzim kirib olgan edim. Pakana, semiz Rahim hofiz oʻtkir, chiyildoq ovozda “yor-yor” boshladi:

Tomda tovuq yotadi,

Yor-yor, yoron-ye!

Odamlar gurillab unga joʻr boʻldi:

Oyogʻi sovqotadi,

Yor-yor, yoron-ye!

Xotini yoʻq yigitlar,

Yor-yor, yoron-ye!

Namozshomdan qotadi,

Yor-yor, yoron-ye!

Men boya mashinaga chiqqan zahoti opamning piqillab yigʻlayotganini sezgandim. Uning boshiga paranji yopilgan, yuzini koʻrib boʻlmasdi.

– Dildor! – dedim yonidagilarga eshittirmay. Opam koʻzlarini artib, menga oʻgirildi. Yuzlari shishib ketgandi.

– Komil aka Chorjoʻy boʻyida senga qarab turibdi, – deb shivirladim. Opamning koʻzlari katta ochilib ketdi. Unga qarayolmay, boshimni egdim. – Senga xat beruvdi, yoʻqotib qoʻydim. Yoʻq, Sodiq oʻgʻirladi, – deya yigʻlab yubordim.

Keyin: “Opa, ketamiz, ketamiz”, deb uning paranjisidan tortib, siltay boshladim. Ammo opam qimir etmay, menga tikilar, koʻz yoshlari yuzini yuvardi.

“Yor-yor”chilar “urra!” deb baqirib yuborishdi. Biz yetib kelgandik. Fozil naynovlarning uyi oldidagi gʻoʻzapoya uyumiga yoʻl boʻyi koʻtarib kelingan mashʼalani tashlashdi. Bir zumda katta gulxan lovilladi. “Pobeda” alangadan uzoqroqda toʻxtadi. Atrofimizni odamlar oʻrab oldi. Men qoʻrqib ketib, opamni quchoqladim. Odamlar chetga surilib, yoʻl ochildi-da, Sattor amaki bilan beqasam chopon kiyib olgan Fozil naynov mashina oldiga keldi. Birov eshikni ochdi.

– Qani, qudabachchamizning choponini keltiringlar, – dedi Sattor amaki. Keyin orqadan berishgan tugunchani olib, menga uzatdi.

– Mana, bu sizdiki, togʻocha, – dedi kulib.

Men opamga yopishgancha qoʻrquv bilan unga tikilib turardim.

– Ha, oling, togʻocha, bu sizdiki.

Jimlik choʻkdi. Orqadan kimdir “Tezroq boʻl!” deb baqirdi.

Sattor amaki imo qilgandi, birov unga doʻppi tutqazdi.

– Mana, jiyan, bunisi esdan chiqqanakan, bizdan oʻtibdi, benavatmiz… – u doʻppini tugunchakka qistirarkan, – pishiq ekanmi-a – deb qoʻydi. Yonidagilar kulishdi.

Tugunchani yana menga choʻzdi.

– Mana, qalpogʻi bilan, endi oling.

Men hamon qotib turardim. Uning tusi oʻzgarib:

– Bakir, baqa kel, nima balo, merovmi bu, – dedi-da, chekkaga chiqib ketdi. Bakir degani Sattor amakining ukasi – shopmoʻylov, yuzi ham, burni ham uzun, badbashara odam edi. U: “Tezroq olmaysanmi, quda bola?!” deb tugunchani tumshugʻimga keltirdi.

– Kerak emas! – dedim.

– Kerak emas? Nega? Kam degin, ha, mugʻambir-a!

U qaddini rostlab, qoʻlidagi yapaloq soatni hammaga koʻrsatib yechdi-da, menga uzatdi.

– Endi boʻlar-a! – dedi koʻzlari yonib. Shu payt uning yonida tirjayib turgan Sodiqning basharasi koʻrindi.

– Kerak emas! – dedim ovozimni balandlatib Sodiqqa oʻqraygancha.

– Nima balo, yana kammi?!

Gʻala-gʻovur kuchaydi.

– Biyaqqa torting, tirranchani, yalinib oʻtirasizmi, brigad bovo?!

– Odilxonni bolasi-ya, tavba?!

– Ja, ichidan pishgan ekan-ku, a?

– Nafchil-da, nafchil. Uyidagilar qulogʻini burab yuborgan!

– Fozilboy, koʻtarib tush ikkoviniyam, yigit!

Men endi sira qoʻrqmay qoʻydim. Oʻzimni xuddi ertakdagi pahlavonday his qila boshladim. Pahlavon devlar bilan olishib, bir goʻzal qizni asoratdan qutqaradi. Men ham Dildorni…

Bakir moʻylov otkalla boshini yana mashinaga tiqdi.

– Endi boʻldimi?! – qoʻlida anchagina bir soʻmlik titrab turardi. U endi rostakamiga gʻazablangan, moʻylovi dikkayib, koʻzlari olayib ketgandi.

– Kerak emas! Puling ham, soating ham kerak emas menga!

Mening chinqirigʻimdan choʻchib ketib, boshini allaqayerga urib oldi.

– Qip-qizil jinni bu, jinni…

“Ana, ikkinchi devni ham yengdim, hammasini yengaman. Dildorni qutqaraman…” “Devlar”ning jazavasi tuta boshladi.:

– Ololmaysan, hah! Ololmaysan hah!

Bir baquvvat qoʻl meni tortdi. Men opamga yopishdim. Opam ham jon-jahdi bilan meni quchoqladi.

Shu payt yuzimga tarsaki tushdi. Opamning: “Nodirjon!” deb baqirganini ilgʻab qoldim. Koʻzlarimdan olov sachrab ketdi.

– Ahmoq, kim oʻrgatdi senga loʻttibozlikni!

Oʻzimni birovning yelkasida koʻrdim. U meni siltab yerga tushirdi-yu: “Bor, joʻna!” deb turtib yubordi. Yana opam tomonga intildim. Ammo tomoshatalab olomonni oralab oʻtgunimcha: “Ololmaysan, hah!” deb baqirayotganlar “Ur-r-ra!” deb yuborishdi. Fozil naynov opamni koʻtarib, toʻdadan lapanglab chiqib borayotgandi.

Birdan boʻshashib, joyimda turib qoldim…

Qayoqqa borishni, nima qilishni bilmayman. Hamma narsani koʻryapman, eshityapman, biroq idrok qilolmayman. Atrofimda odamlar gʻimirlaydi. Ularga hushsiz tikilaman. Hammasining ogʻzi qulogʻida – xursand. Ular meni yengishdi. Dildorni tortib olishdi – shunga xursand…

Men yengildim… Men hech nima qilolmadim… men…

Yigʻlay boshladim…

 

Orziqul ERGASH

 

1977

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.