Arbinjonlik allomalar

0
208
marta koʻrilgan.

Qadimgi Soʻgʻd hozirgi Zarafshon (Samarqand va Buxoro Soʻgʻdi) hamda Qashqadaryo (Janubiy Soʻgʻd) vohalarini qamrab olgan. Oʻrta asrlarda Buxoro Soʻgʻdi va Samarqand Soʻgʻdi bir-biridan ajralgan. Samarqand Soʻgʻdining gʻarbiy chegarasi Arbinjon (Rabinjon) va Karmana shaharlaridan boshlangan. Arab tarixchisi Ibn Havqalning yozishicha, oʻrta asrlarda Samarqand Soʻgʻdining gʻarbiy hududini Ishtixon, Kushaniya, Dabusiya va Arbinjon tumanlari tashkil etgan.

Arbinjon shahri Samarqanddan Xurosonga ketuvchi savdo yoʻli – Buyuk Ipak yoʻlining ustida joylashgan. Yozma manbalarda qayd etilishicha, Arbinjon shahri juda katta boʻlmasa-da, Samarqand Soʻgʻdida oʻziga yarasha hududga ega boʻlgan oʻrtacha shahar hisoblangan. Uning nomi turli davr va turli tillarda oʻziga xos ravishda “Arbinj”, “Arbinjon”, “Arabnajn” va “Rabinjon” deb atalgan. Yozma manbalarda bulardan “Arbinjon” va “Rabinjon” nomlari koʻproq qayd etilganligini koʻrish mumkin.

Arbinjon shahri XII asrda Xorazmshoh El Arslon tomonidan egallash chogʻida vayron etilganga qadar gullab-yashnagan. Bu shaharning hozirgi kundagi tarixiy yodgorligi Narpay tumani Qadim mahallasi hududidan oʻtuvchi Narpay kanalining qirgʻogʻida joylashgan.

Arbinjon arxeologik yodgorligida turli davrlarda tarixchi va arxeologlar tomonidan tadqiqot ishlari olib borilgan. Arbinjon mudofaa va iqtisodiy jihatdan qulay boʻlgan joyda joylashgan boʻlib, uning chap qismida hukmdor yashaydigan ark, aholiga moʻljallangan shahriston, hunarmandlar istiqomat qiladigan rabot joylashgan.

Arbinjon IX-XII asrlarda ilm-fan, madaniyat oʻchoqlaridan biri hisoblangan. Bu yerda ilm-fanning rivojlanishida undagi oʻziga xos hadis maktablarining oʻrni beqiyos boʻlgan. Buni oʻsha davrlarda Arbinjoniy yoki Rabinjoniy nisbasi bilan mashhur boʻlgan koʻplab hadis roviylari yetishib chiqqanligidan ham bilish mumkin.

Oʼmr Arbinjoniy shular jumlasidan boʻlib, uning toʻliq ismi Abu Muslim Oʼmr ibn Mukomil ibn Muhammad ibn Qutn ibn Usmon ibn Abdulloh ibn Osim ibn Xolid ibn Qurra ibn Mushrif Hamadoniy Arbinjoniydir.

Oʼmr Arbinjoniy boshlangʻich taʼlimni Arbinjonda bobosi Muhammad ibn Qutndan olgan. Muhammad ibn Qutn oʻz zamonasining ilmli, fozil va mashhur hadis roviylaridan hisoblangan. Oʼmr Arbinjoniy keyinchalik Abu Salama Yahyo ibn Mugʻira Maxzumiy, Hoshim ibn Qosim Haroniy, Horun ibn Muso Faravyi, Salama ibn Shubayb kabi mashhur allomalardan taʼlim olgan va ulardan hadislar rivoyat qilgan.

Oʼmr Arbinjoniyga zamondosh boʻlgan koʻplab allomalar u tomonidan keltirilgan rivoyatlarni ishonchli deb eʼtirof etishgan. U doimo eshitgan va bilganlarini yod olish bilan birga oʻzi ham yozib yurgan. Koʻplab shogirdlar tayyorlagan. Jumladan, Muhammad ibn Ahmad ibn Hoshim Zahabiy, Abdurahmon ibn Fath Siroj va Muhammad ibn Zakaryo ibn Husayn Nasafiy kabi mashhur va taniqli allomalar Oʼmr Arbinjoniydan taʼlim olgan va hadis rivoyat qilgan.

Abdulkarim Samoniyning “Ansob” kitobida qayd etilishicha, alloma Oʼmr Arbinjoniy taxminan 293/905-906 yillarda vafot etgan.

Arbinjoniy nisbasi bilan tanilgan allomalardan yana biri Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad ibn Muso ibn Rijoʼ ibn Hanash Arbinjoniydir. Ahmad Arbinjoniy boshlangʻich taʼlimni va hadis ilmining sir-asrorlarini tugʻilib oʻsgan qishlogʻi Arbinjonda otasi Muhammad ibn Musodan oʻrgangan. Shu bois Ahmad Arbinjoniy keltirgan hadislarining aksariyatini otasi – Muhammad ibn Musodan rivoyat qilgan. U yoshligidan ilm-fanga, ayniqsa, hadis oʻrganishga juda qiziquvchan boʻlgan. Yozma manbalarda qayd etilishicha, Ahmad Arbinjoniy oʻz davrining mashhur va ishonchli hadis roviylaridan boʻlganligi uchun ham Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad va Abulabbos Idris Arbinjoniy kabi mashhur allomalar undan taʼlim olgan va hadislar rivoyat qilgan.

Ahmad Arbinjoniy nafaqat mashhur hadis roviysi, balki fiqh ilmida ham chuqur bilim sohibi boʻlgan. U oʻz davrida hanafiy mazhabining taniqli faqihlaridan sanalgan. U umrining oxirgi yillarida Arbinjonda qozilik qilgan.

Abu Abdulloh Yoqut Hamaviyning mashhur “Muʼjamu-l-buldon” asarida qayd etilishicha, alloma Ahmad Arbinjoniy 315/927 yilda vafot etgan.

Rabinjoniy nisbasi bilan mashhur boʻlgan allomalardan biri Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh Rabinjoniy Sugʻdiydir. U Abdulloh ibn Abdurahmon Samarqandiy, Abu Tavba Saiyd ibn Hoshim Kogʻoziy va Ahmad ibn Ayyub Bazashiy kabi mashhur allomalardan hadis ilmining sir-asrorlarini oʻrgangan va ulardan hadislar rivoyat qilgan.

Arbinjoniy allomalar haqida soʻz ketganda X-XI asrlarda yashab oʻtgan Abulabbos Aʼto ibn Ahmad ibn Idris Arbinjoniy (vafoti 369/979 yil), Vahb ibn Jamil ibn Fazl Arbinjoniy, Abu Muso Horun ibn Sohib Arbinjoniy va Abu Saʼd Muhammad ibn Hishom ibn Isʼhoq Rabinjoniy kabi allomalarning nomlarini keltirib oʻtish lozim.

Arbinjon shahri tarixining bizga nomaʼlum boʻlgan jihatlari va undan yetishib chiqqan buyuk allomalar hayoti va ularning ilmiy meroslarini oʻrganish hali koʻplab ilmiy tadqiqot va izlanishlarni talab etadi.

 

Yoʻldoshxon ISAYEV,

Imom Buxoriy xalqaro markazi hadisshunoslik boʻlimi boshligʻi

 

zarnews.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.